Yo’g’otepa — Samarqand viloyat Ishtixon tumanidagi qishloq. Toshkent yaqinida ham Yo’g’ontepa degan joy bor (yo’g’on — katta, semiz, ulkan demakdir; ingichka nomli joylar ham bor). Yo’g’ontepa — katta tepa degan ma’noni anglatadi.
Kavsar — Samarqand viloyati Ishtixon tumanidagi qishloq nomi. Aslida biron-bir suv — buloq yoki ko’l nomi bo’lsa kerak. Qishloq suvi shirin bo’lganligi sababli «jannat suvi» — «jannat bulog’i» degan nom olgan.
Gumbaz — Samarqand viloyati Pastdarg’om tumanidagi qishloq nomi. Qubbali bino gumbaz deyilgan, shu bilan birga toza suv saqlanadigan sardobalar ham usti pishgan g’ishtdan gumbazli qilib ishlanganligi sababli qishagina gumbaz deb atalgan. Qishloq nomi ham o’sha so’zdan olingan. Zarafshon vohasida yashaydigan qora qipchoqlarning bir urug’i gumbaz deb yuritilgan va qadimdan Pastdarg’om tumanida yashab kelgan.
Go’rxokasoy — Samarqand viloyati Nurota tumanidagi soy. Go’rxona mozor, qabriston degan ma’noni anglatadi; qabristonga o’xshagan joydan o’tganligi sababli soyga ham Go’rxonasoy deb nom berilgan.
Davlatobod — Samarqand viloyati Samarqand tumanidagi qishloq nomi. Temurning Samarqand shahridagi bog’laridan biri Davlatobod nomi bilan atalgan. Buning o’rnida tashkil topgan qishloq ham o’sha Temur bog’ining nomi bilan Davlatobod deb nomlangan.
Dahbed — Samarqand viloyati Oqdaryo tumanidagi qishloq. Tojikcha — dah — o’n, bed — tol, ya’ni o’ntol degan ma’noni anglatadi. Qishloq ham shu nom bilan yuritiladi.
Deybaland — Samarqand viloyati Nurota tumanidagi qishloq nomi. Tojikcha Dehibaland baland joydagi qishloq, ya’ni baland qishloq degan ma’noni bildiradi. Qishloq shu nom bilan ataladi.
Dukchilik — Samarqand tumanidagi qishloq. Bu yerda dukchilik (yikchilik), bo’z to’qish uchun duk (yik) yasash kasbi bilan shug’ullanishgan. Shu sababdan kishlok shu nomni olgan.
Jaylov — Samarqand viloyati Xatirchi tumanidagi qishloq nomi. Jaylov — yaylov so’zining shevada talaffuz etilishi. YAylov asli yozda mol-qo’y boqiladigan joy demakdir. Qishloq nomi o’sha so’zdan olingan.
Do'stlaringiz bilan baham: |