Zamburug‘lar va atrof-muhit. Ma’lumki, mikroorganizmlarning hayot faoliyati tashqi muhit bilan chambarchas bog‘liqdir. Tashqi muhit faktorlari turli-tuman bo‘lib, ularni uch guruhga ajratish mumkin:
1. Kimyoviy faktorlar: muhitning рН-i, oksidlanish va qayta-rilish sharoiti, turli kimyoviy moddalarning ta’siri.
2. Fizik faktorlar: temperatura, namlik, yorug‘lik, eritmalar konsentratsiyasi va boshqalar.
3. Biologik faktorlar: mikroorganizmlar orasidagi antagonizm, simbioz, metabioz, antibiotiklariing ta’siri, vitaminlar, faglar va boshqa faktorlar.
Materiallardan ajratilgan zamburug‘larning metabolik faolligi ular nafas olishi intensivligi, zararlangan joyda fermentlarining faolligi va boshqa metodlar vositasida aniqlanadi.
Kislorod. Zamburug‘larning kislorod miqdori har xil bo‘lgan muhitlarda o‘sish qobiliyatini o‘rganish sanoat va oqava suvlarini tozalashda hamda organik substratlarni zararlanishidan asrashga qaratilgan sharoit yaratishda muhim ahamiyat kasb etadi, chunki zamburug‘larning kislorodga ehtiyoji organik moddalarni oksidlash bilan bog‘liqdir.
Zamburug‘larning ko‘pchiligi fakultativ aeroblar, ammo ba’zilari (achitqi zamburug‘lari – drojjalar) fakultativ anaeroblardir.
Har xil zamburug‘larning kislorod yetishmasligiga sezgirligi har xil. Misol uchun kislorodsiz sharoitda Fusarium oxysporum 13 hafta hayotchanligini yo‘qotmaydi, ammo Fusarium eumartii faqat 21 kun chiday oladi. Kislorod yetishmasligiga taxta-yog‘och yemiruvchi zamburug‘larga nisbatan deyteromitsetlar ko‘proq chidamli. Serpula lacrymans uchun kislorodning minimal bosimi simob ustunining 100 mm iga (13,3 kPa) teng. Substratda kislorod yetishmasligi (masalan, yuqori namlik sharoitida) zamburug‘ o‘sishdan to‘xtashining asosiy sababidir. Bir manzildan boshqasiga suvda oqizib olib borilgan daraxtlar tanasidagi taxta-yog‘och yemiruvchi va taxta-yog‘ochga rang beruvchi zamburug‘lar tez halok bo‘lishi ushbu sharoitda ularga kislorod yetishmasligi bilan bog‘liqdir. Taxta-yog‘ochni chirishdan asrash uchun ularga sun’iy yomg‘ir yog‘dirish usuli ham xuddi shu qoidaga asoslangan.
Do'stlaringiz bilan baham: |