1-Mavzu. Kirish. Moddiy, madaniy, arxeologik meros obyektlarini muhofaza qilish va turizm fanining mohiyati. Reja: Madaniy meros obyektlarini muhofaza qilish va ulardan foydalanishda yunesko bilan hamkorlik
Oʻzbekistonda madaniy meros obyektlarini muhofaza qilish va ulardan foydalanishning yangi bosqichga koʻtarilishi
Download 26.07 Kb.
|
1-mavzu (3)
2. Oʻzbekistonda madaniy meros obyektlarini muhofaza qilish va ulardan foydalanishning yangi bosqichga koʻtarilishi.
Oʻzbekiston Respublikasining amaldagi "Madaniy meros obyektlarini muhofaza qilish va ulardan foydalanish toʻgʻrisida"gi qonuniga binoan respublikamiz hududida 2006-yilning 1-yanvar holatida davlat hisobida 7734 nomlanishdagi madaniy meros obyektlari (madaniyat va yodgorliklari boʻlib 1526 ta obyekt respublika ahamiyatiga, 6208 nomlanishdagi obyekt mahalliy) ahamiyatidagi madaniy meros obyektlaridir. Respublika ahamiyatiga molik davlat muhofazasidagi olingan madaniy meros obyektlari quyidagilardan iboratdir: 776 ta arxeologiya yodgorliklari; 579 ta arxitektura yodgorliklari; 19 ta me’morchilik va tarix yodgorliklari; 152 ta monumental san’at va haykaltaroshlik asarlari; Mahalliy ahamiyatga molik muhofazasiga olingan madaniy meros obyektlari quyidagilardan iboratdir: 171 ta me’morchilik va tarix yodgorliklari; 876 ta monumental san’at va haykaltaroshlik asarlari; 3371 ta arxeologiya yodgorliklari; 1790 ta arxitektura yodgorliklari. Arxeologik yodgorliklar tariximizning qadimgi va eng qadimgi davri haqida ma’lumot beruvchi deyarli asosiy manba hisoblanadi. Zero, hozirgi vaqtda yurtimizdagi Madaniyat vazirligi tarkibidagi aksariyat tarix va oʻlkashunoslikka ixtisoslashtirilgan muzeylarning eksponatlarini asosiy qismini aynan arxeologik yodgorliklarda aniqlangan osori atiqalar tashkil etishi fikrimiz dalilidir. Xalqmizning oʻtmish tarixini oʻzida jamlagan arxeologik yodgorliklar bizning kunlarda oddiy tepaliklar sifatida saqlangan boʻlib, ular xalq orasida Oqtepa, Sariqtepa, Koʻktepa kabi nomlar bilan atalib kelinadi. Hozirgi kunda yurtimizda saqlangan arxeologik yodgorliklar 8 mingdan ziyod boʻlib, ular shaharlar, qishloqlar, qoʻrgʻonlar, saroylar, koʻshklar, eng qadimgi odamlar yashagan manzilgohlar, turli xil inshoot qoldiqlari (koriz, sardoba, koʻprik va h.k.) xarobalari hisoblanadi. Shu bilan birga ajdodlarimiz qoldirgan qadimgi san’at namunalari – petrogliflar, qadimgi mozor qoʻrgʻonlar ham arxeologik yodgorlik sirasiga kiradi. Arxeologik yodgorliklar tariximiz, madaniyat va ma’naviyatimiz hamda qadriyatlarimiz timsoli sifatida baholanar ekan, uni saqlash avaylash va kelajak avlodga yetkazish dolzarb vazifadir. Afsuski, oʻtgan asrning 60-80 yillarida yurtimizdagi koʻpgina yodgorliklar qisman yoki toʻliq buzilgan boʻlib, bu holat koʻplab arxeologik yodgorliklarni paxta ekin maydonlarini kengaytirish, tepalik tuprogʻini ekinzorlarga oʻgʻit sifatida solinishi natijasida yuzaga kelgan. Shu bilan birga 2009-yil 13-oktyabrda qabul qilingan “Arxeologik meros obyektlarini muhofaza qilish va ulardan foydalanish toʻgʻrisida”gi qonun arxeologik yodgorlik va uni muhofaza qilish hamda undan foydalanishning huquqiy asoslarini qayd etdi. Yuqorida qayd qilinganidek, arxeologik yodgorliklar tarixning moddiy namunasi boʻlib, uning qisman yoki toʻliq buzilishi tariximizning qaysidir qismini butunlay yoʻq boʻlib ketishiga olib kelishi mumkin. Hozirgi vaqtda arxeologik yodgorliklarni qisman yoki toʻliq buzilishi ikki omil – tabiiy tabiat jarayonlari va inson omillari bilan bogʻliq. Arxeologik yodgorliklarini tabiiy tabiat jarayonlari natijasida buzilishi, bu birinchi navbatda daryo, soylarning qirgʻoqlarini tabiiy eroziyasi, yogʻingarchilik natijasida yodgorliklar chekkalarini qoʻporilib tushishi hisoblanadi. Ma’lumki, yurtimizdagi aksariyat qadimiy shahar, qishloq, manzilgohlar xarobalarining katta qismi suv manbaiga yaqin joylashgan boʻlib, daryolarning qirgʻoqlarini yemirilishi, oʻzanlarning oʻzgarishi, toshqin va sellar kabi tashqi tasirlar natijasida yodgorliklarni daryoga yaqin qismlarining yemirilishiga va qoʻporilib tushishiga olib kelmoqda. Bunday yodgorliklar sirasiga Dabusiya, Kofirqala, Axsiket kabi qadimiy shahar xarobalarini kiritish mumkin. Albatta, bunday jarayonni oldini olish juda qiyin boʻlib, ayrim holatlarda buning iloji yoʻq. Shu bois yemirilishi mumkin boʻlgan hududlarni arxeologik jihatdan oʻrganish hamda imkoni boʻlsa, daryo qirgʻoqlarini mustahkamlash uchun kompleks chora tadbirlarni koʻrish samarali natija beradi. Yodgorliklarning holatiga tabiiy omil bilan birga inson omili ham ma’lum darajada ta’sir koʻrsatadi. Ma’lumki, mustaqillik yillarida yurtimizda keng koʻlamli qurilish va obodonchilik ishlari olib borilmoqda. Koʻplab turarjoylar, ishlab chiqarish korxonalari, kommunikatsiya inshootlari (yoʻllar, elektr tarmoqlari, aloqa liniyalari va h.k.) bunyod etilmoqda. Bu borada yodgorliklarni muhofaza qilish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi tomonidan moddiy madaniy meros obyektlari muhofaza tegralari loyihalarining shaharsozlik va loyihalash hujjatlariga, shuningdek moʻljallanayotgan yer qazish, yer tuzish, qurilish, meliotrasiya, xoʻjalik ishlari va boshqa ishlarning moddiy madaniy meros obyektlarini asrash talablariga muvofiqligini aniqlash maqsadida madaniy meros obyektlarining tarixiy-madaniy ekspertizasi tashkil etiladi va amalga oshiriladi. Shu bilan birga Samarqand, Buxoro, Toshkent, Shahrisabz, Xiva kabi qadimiy shaharlarda olib borilayotgan qurilish ishlarida qonunchilikda belgilangan tartibda arxeologik kuzatuv ishlarini olib borish, moddiy madaniy meros obyektlar atrofida bosh rejaga asosan loyihalash, qayta qurish, qurilish va obodonlashtirish ishlarini rejalashtirishni Madaniy meros obyektlarini muhofaza qilish va ulardan foydalanish Davlat inspeksiyasi bilan kelishilgan holda amalga oshirish ham muhim katta ahamiyat kasb yetadi. OʻzR FA Arxeologik instituti va Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi Madaniy meros obyektlarini muhofaza qilish va ulardan foydalanish Davlat inspeksiyasi bilan birgalikda arxeologik yodgorliklarni roʻyxatga olish va katalogini yaratish borasida amalga oshirilayotgan tadqiqotlar jarayonida qariyb 30 foiz yodgorliklar qabriston sifatida foydalanilayotganligi ma’lum boʻldi. Xususan, birgina Shahrisabz tumanida bu koʻrsatkich 23 foizni tashkil etmoqda. Zero, sobiq shoʻrolar davrida amalga oshirilgan ushbu amaliyot natijasida yodgorliklarni qariyb 2 metrlik madaniy qatlamni buzilishiga olib kelgan. Ayni vaqtda yodgorliklar notoʻgʻri, noqonuniy ravishda olib borilgan qazishmalar, yodgorliklar yoki uning atrofidan tuproq olinishi kabi jarayonlar ham arxeologik yodgorliklarning buzilishiga sabab boʻlishi mumkin. Yuqoridagi qayd qilingan omillarni tahlil qilgan holda yodgorliklarni saqlash va muhofaza qilishda quyidagi kompleks chora tadbirlarni amalga oshirish samarali natija beradi. Birinchidan Respublikadagi arxeologik yodgorliklar katalogini yaratish va yagona GIS sistemasiga kiritish hamda yodgorliklarni muhofaza tegralarini belgilash. Hozirgi vaqtda Samarqand, Fargʻona, Namangan, Andijon viloyatlarida ushbu ishlar deyarli oʻz yakuniga yetgan boʻlsa, qolgan viloyatlarda bu borada keng koʻlamli ishlar amalga oshirilmoqda. Ikkinchidan, yodgorliklar muhofaza qilishda keng aholi qatlamini jalb etish va ularda oʻz tarixiga, qadriyatiga boʻlgan qiziqishni kuchaytirish va bu borada ommaviy axborot vositalaridan keng foydalanish. Zero, har bir fuqaro oʻzining shahri, qishlogʻi, mahallasida joylashgan arxeologik yodgorlik haqida toʻliq tasavvurga ega boʻlib, uning ahamiyatini anglab yetsagina xalqimizning tarixiy, ma’naviy va madaniy merosini avaylab asrashni oʻz burchi deb biladi. Ayni vaqtda Afrosiyob, Axsikent, Qanqa, Dobusiya, Kofirqala, Sopollitepa, Jarqoʻton kabi yirik arxeologik yodgorliklarga mahalliy va xorijiy turistik marshrutlar uyushtirish ham aholi orasida arxeologik yodgorliklar ahamiyatini yanada oshishiga imkon yaratadi. Uchinchidan, yodgorliklarni saqlash borasidagi qonunlarning ijrosi davlat nazoratini kuchaytirish va bu borada keng jamoatchilik institutlari – ya’ni mahallalar nazoratini yoʻlga qoʻyish ham muhim ahamiyat kasb yetadi. Download 26.07 Kb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling