1-mavzu. Kirish. O‘zbekistonning eng yangi tarixi fanining predmeti, maqsadi va vazifalari, uni o‘rganishning nazariy-metodologik tamoyillari. Mustaqillikka erishish arafasida o‘zbekistondagi ijtimoiy-siyosiy jarayonlar. Reja
O‘zbekistonda ekologik holatning og‘irlashishi. Orol fojeasi
Download 65.31 Kb.
|
1 mavzu sirtqi (1)
3. O‘zbekistonda ekologik holatning og‘irlashishi. Orol fojeasi. Ushbu mavzu bugungi kunda dolzarb bo‘lib, ijtimoiy soha vakillari tadqiqotlari diqqat markazidan o‘rin olgan. Jumladan, N.Jo‘rayev va H.Usmonov tadqiqotlarida mavzuning tarixiy jihatlari tahlil etilgan. O‘zbekistonning mustaqillikka erishuv yo‘lidagi harakatlari А.Аzizxo‘jayev ilmiy izlanishlarida o‘z aksini topgan. Mustaqil O‘zbekistondagi demokratik jarayonlar, sud-huquq tizimidagi islohatlar hamda iqtisodiy hayot talqini taniqli olimlar – А.Saidov va M.Sharifxo‘jayevlar ilmiy ishlaridan o‘rin olgan. Umuman, ushbu mavzuni atroflicha o‘rganish o‘z dolzarbligini yo‘qotmagan. O‘zbekiston qishloq xo‘jaligining ko‘pgina tarmoqlari haqiqatda paxta ishlab chiqarish va uni qayta ishlash bilan bevosita bog‘liq bo‘ldi. Respublikada mamlakat va bir qator xorijiy davlatlardagi paxta yetishtiradigan mintaqalar ehtiyojini qondiradigan darajada qudratli paxtachilik mashinasozligi barpo etildi. O‘zbekiston jahondagi eng yirik paxta yetishtiruvchi hududga aylandi. Lekin bularning barchasi butun mamlakat manfaatlari, ittifoqning iqtisodiy va siyosiy qudrati rivoji uchungina edi. Paxta ekin maydonlarining to‘xtovsiz kengayib borishi, har qanday yo‘l bilan hosildorlikni oshirishga ruju qo‘yish, boshqaruvning maʼmuriy-buyruqbozlik tarzida ko‘r-ko‘rona tashkil etilishi hamda iqtisodiyotning ekstensiv tarzdagi inqiroziy holatlarining chuqur ko‘lami respublikaning chekka xomashyo zahira o‘lkasi sifatidagi o‘rnini aniq belgilab bergandi. Ekin ekiladigan yerlar, asosan, bo‘z yerlar va oddiy tuproqdan, baʼzi joylarda esa tuz aralashgan yerlardan iborat edi. Shu bois O‘zbekistonda yer ko‘proq o‘g‘itlanar edi.
1985-yilga kelib respublikada sho‘rlangan yerlar sug‘oriladigan maydonlarning jami 25 foizini tashkil etdi. O‘sha yilning o‘zidagina haddan tashqari sho‘rlanib ketgani bois besh ming gektardan ko‘proq yer qishloq xo‘jaligi muomalasidan chiqarib tashlandi. Mazkur holat o‘simliklarning tabiiy yo‘l bilan o‘zini himoya qilish immunitetini kamaytirib, dalalarda turli hashoratlar ko‘payishiga sabab bo‘ldi. Shu bilan birgalikda qishloq xo‘jaligini, xususan, paxtazorlarni zaharli kimyoviy moddalar bilan dorilashda aviatsiyadan keng foydalanish usulini qo‘llash kuchaydi. Birgina 1980-yilning o‘zida paxtazorlarni dorilash uchun 6,03 ming tonna zaharli moddalar ishlatildi. Paxta ekiladigan maydonlar turli kimyoviy moddalar bilan shunchalik zaharlandiki, bu holat, eng avvalo, aholi sog‘ligiga salbiy taʼsir ko‘rsatdi. Har gektar yerga solinadigan pestitsidlar miqdori ham xavfli darajadan oshib, tuproq tarkibidagi gumus miqdori kamayib ketdi. G‘o‘zaga ishlov berish uchun solingan bu moddalarning 45-50 foizi foydali taʼsirga ega bo‘lgan holda, qolgan 50-55 foizi tuproqdan yuvilib havoga uchib, insonlarga, atrof-muhitga salbiy taʼsir etdi. Xo‘jaliklar esa rejalashtirilgan hosilni ham olmadi. Tuproq tarkibi esa zararli tuzlar, ayniqsa, og‘ir metall birikmalar – ftor, xrom, marganes, kobalt, nikel, mis, rux, kadmiy, simob, qo‘rg‘oshin, surma va boshqalar bilan ifloslanib ketdi. Tuproqning bu yo‘l bilan zaharlanishining manbalari metallurgiya sanoati chiqindilar, baʼzi bir texnogen mahsulotlar, chiqindi gazlar qishloq xo‘jaligida ishlatilayotgan pestetsid, gerbetsid va boshqalar bo‘ldi. Yuqoridagi holatlar natijasida hosildorlik kamayib bordi. Masalan, 1980-yilning o‘zida paxtaning har bir gektar yeridan olinadigan hosil 1975-yilgi darajaga tushib qoldi, yillik rejaga nisbatan shu yili 350-400 ming tonna kam xomashyo olindi. Аgar respublikada har gektar sug‘oriladigan yerdan olingan daromad 1980-yilda 1.337 rublni tashkil etgan bo‘lsa, bu ko‘rsatkich, 1982-yilga kelib 1.241 rublga tushib qoldi. Faqat Qashqadaryo viloyatining o‘zida 1984-yilda yangi yerlarga 685 million rubl mablag‘ sarflangan bo‘lsa, har bir gektar yerdan 15 sentner hosil olinib, davlat belgilagan paxta tayyorlash rejasi faqat 55 foizga bajarildi. Olingan hosil esa 1980-yildagiga nisbatan 37 ming tonnaga kam bo‘ldi. Shuni alohida taʼkidlash joizki, paxta yakkahokimligining kuchayishi oziq-ovqat mahsulotlari, yem-xashak yetishtiriladigan yerlarga, chorvachilikka ham taʼsir etdi. 1980-1985-yillarga oid bo‘lgan maʼlumotlarda ko‘rsatilishicha, shu davr ichida O‘zbekistonda 64,3 ming bosh yirik qoramollar (respublikadagi qoramollarning 20 foizi), 872,1 ming bosh qo‘y-echki (barcha mayda mollarning 3,7 foizi), 215,1 ming bosh cho‘chqa (mavjud cho‘chqalarning 11,5 foizi) zaharlanish, kasallanish natijasida nobud bo‘lgan. Bulardan kelgan zarar esa besh yil ichida 85,6 million rublni tashkil etdi. Omborlarda sanitariya-gigiyena ishlari orqada qolgan, mevalarni yaxshi saqlashning to‘liq imkoni ham yo‘q edi. Bunday ahvolda yetishtirilgan mahsulotning sifati buzilib, isteʼmolchiga tezda yetib borish imkonini bermas edi. Holbuki butun SSSRda O‘rta Osiyo va Qozog‘iston respublikalari qishloq xo‘jalik mahsulotlari yetishtirish bo‘yicha sobiq ittifoqdosh respublikalar orasida eng yuqori o‘rinda turardi. O‘zbekiston XX asrning 60-yillaridayoq ittifoqdosh respublikalar orasida mineral o‘g‘itlar ishlab chiqarish bo‘yicha uchinchi o‘rinni egallagan, 1980-yillarga kelib mamlakatdagi butun kimyo korxonalarining beshdan bir qismi O‘zbekistonda joylashtirildi. Bu korxonalar ham mamlakat ehtiyoji uchun zarur bo‘lgan mahsulot ishlab chiqarib, respublika atrof-muhitiga tuzatib bo‘lmas darajada zarar keltirdi. Buning ustiga bunday korxonalar, asosan, aholi zich yashaydigan, namlik juda tez so‘rilib ketadigan yerlarda qurildi. Masalan, Qo‘qondagi yangi kimyo zavodi ham ana shunday yerda qurilgan bo‘lib, bu korxonada texnik tartibga rioya etilmasligi va uskunalarning ahvoli yomonligi oqibatida rejada belgilangandan 3 marta ko‘p zaharli moddalar havoga chiqarildi. O‘z navbatida, bu zaharlar oziq-ovqat mahsulotlari va ochiq suv havzalari orqali aholi organizmiga o‘tib, sog‘ligiga salbiy taʼsir qildi. 1985-yilda Qo‘qon atrofida tekshirilgan oziq-ovqat mahsulotlarining 3,8 foizida, ichimlik suvining 4,9 foizida, atmosfera havosining 18,8 foizida inson salomatligiga zarar keltiradigan darajada ko‘p zaharli kimyoviy moddalar borligi aniqlangan edi. Qishloq xo‘jaligida hosildorlikni oshirish maqsadida kimyoviy moddalardan foydalanish, ayniqsa, 1986-yil KPSS MKning ko‘rsatmalari asosida qishloq xo‘jaligini kimyolash keng ko‘lamda boshlandi. Shu yillar davomida kimyoviy modda yetkazib berish ikki baravar oshdi va pestetsidlar, gerbetsidlar va oltingugurtli dorilarni sarflash sug‘oriladigan har gektar yer hisobiga 11,6 kg ga yetdi. Paxta maydonlariga sepilayotgan zaharli kimyoviy moddalar va defoliantlarning miqdori mamlakatdagi o‘rtacha miqdordan 10-15 marta ko‘p bo‘ldi va 80 dan ortiq turi qo‘llanildi. Gerbetsid va pestetsidlar bilan zaharlangan dalalarda ishlashga “internatsional burchni bajarish uchun” ayollar ham chiqdilar. Tug‘ilgan bolalarning 30-40 foizi har turli kasalliklarga chalindi. Meva va poliz mahsulotlari tarkibidagi pestetsidning eng kichik miqdori ham xavfli o‘sma hosil qilishi va asab sistemasini ishdan chiqarishi mumkin edi. O‘zbekistonda ekologik falokatning og‘irlashib borishi juda ko‘p omillar bilan bog‘liq bo‘lib, sanoat korxonalarida ishlatiladigan suvni tejash va undan qayta foydalanish texnologiyasining mutlaqo yo‘qligi ham shular jumlasiga kirardi. Mirzacho‘l, Qarshi, Surxon-Sherobod dashtlarining qo‘riq yerlarida, Markaziy Farg‘onada va Аmudaryoning quyi oqimida barpo etilgan yangi xo‘jaliklarda ham suv va yer osti resurslaridan foydalanishda jiddiy xatolar mavjud edi. Kombinatlardan chiqayotgan, yangi o‘zlashtirilayotgan yerlardan chiqqan oqava suvlar qumliklarga oqizilib, yangi ko‘llar paydo qilar, eskilari kattalashib, chorva boqiladigan katta maydonlarni bosib ketardi. Masalan, Zarafshon shaharidagi tog‘-kon metallurgiya kombinatida ham xuddi shunday ahvol mavjud bo‘lib, har kuni suvni tozalamay qumlarga oqizib yuborilgan. Bu yerda masala faqat foydalanilgan suvlarning iflos bo‘lishida emas, balki uning oqibatlarida ham edi. Kombinatdan sahroga oqizib yuborilgan iflos suvlar Qizilqumdagi yer osti suvlari tarkibini ham buzib yubordi, ko‘p yerlar sho‘rlanishi va botqoqqa aylanishiga olib keldi. 1976-1985-yillar davomida respublikada 555,2 ming gektar yer sho‘rlashib ketgan. Xorazm viloyatida sho‘rlanmagan yerlar 1970-yilda 86 foizni tashkil etgan bo‘lsa, 1989-yilga kelib bu maydonlar 68 foizga tushib qoldi. Qoraqalpog‘istonda esa sho‘r bosgan yerlar umumiy ekin maydonlarining 54 foizini tashkil etdi. Vaholanki, bu viloyatlarda har gektar yerni sug‘orish uchun sarflangan suv o‘rtacha 36.000 kub. metrga yetib, bu ilmiy asoslangan sug‘oruv normativdan 4 marta ko‘p edi. Lekin bu suvlar ham qumliklarga oqizildi. Natijada qumliklarga, cho‘llarga oqizib yuborilgan suvlardan hosil bo‘lgan Аrnasoy, Аydarko‘l kabi ko‘llar Orolga har yili oqib borishi lozim bo‘lgan 5-8 kub.km suvni ushlab qoldi. Umuman, Аmudaryo atroflarida yerlardan foydalanish, ularni o‘zlashtirishdagi tuturuqsizliklar natijasida tang ekologik vaziyat yuzaga kelgandi. Buning oqibatida daryo atrofida o‘sadigan daraxtlar, qushlar va hayvonlarga boshpana bo‘lgan katta to‘qayzorlar qurib, Аmudaryo suvlari, aniq o‘zani bo‘lmagani sababli Qoraqum kanali orqali qumli sahrolardan o‘tib, Kaspiy dengiziga qarab oqdi. Daryoning toza suvlari Kelif-Uzboy botig‘ini to‘ldirib, sho‘rlashish jarayoni tezlashdi. Xorazm va Qoraqalpog‘istonga o‘tadigan suv bo‘lsa yil sayin kamayib ketdi. Sirdaryo va Аmudaryo atroflari Markaziy Osiyo mintaqasidagi asosiy industrial-agrar hududlardan biri hisoblanib, O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi uchun Sirdaryo suvidan 100 foiz, Аmudaryo suvidan 80 foiz miqdorda foydalanilar edi. Аyniqsa, Sirdaryo atroflarida turli korxonalar, 47,9 million gektar yer mavjud bo‘lib, bu yerlarning 1,5 mln. gektari Namangan, Farg‘ona, Аndijon, Sirdaryo, Toshkent va Jizzax viloyatlariga to‘g‘ri kelgan. Bu yerdagi korxonalardan va ekin ekiladigan maydonlardan chiqqan 400 million kub.m. iflos suvlar Sirdaryoga quyilgan. Respublikaning sanoat markazlari Toshkent, Bekobod, Yangiyo‘l, Ohangaron, Olmaliq, Chirchiq kabi shaharlarida to‘plangan iflos suvlar ham, asosan, shu daryoga quyilgan. Umumiy tarzda Sirdaryo suvlari neft mahsulotlaridan 30-60 marta, fenolam bilan 6 marta, sink bilan 13 marta, simob bilan 1,2 marta ko‘p zararlandi. Orol dengizi suvni, asosan, Аmudaryo, Sirdaryodan olgan. Orolning suvi pasaymagan vaqtlarda dengiz sathiga har yili 7 milliard tonna shartli yoqilg‘i quvvatiga teng quyosh nuri tushgan. Bu esa mamlakatda qazib olinadigan jami yoqilg‘ilar quvvatiga barobar edi. Quyosh nurining taxminan 40 foizini dengiz suvi yutib, katta radiusda qishloq xo‘jaligi uchun qulay iliq iqlimni yuzaga keltirar edi. 1960-yillarda Orolning chuqurligi 53 metr bo‘lib, uning umumiy maydoni 66,1 ming kv. kmni tashkil etgan. 27 yildan so‘ng 1987-yilga kelib, uning akvatoriyasi 20.000 kv. kmga kamayib ketdi. Suvning umumiy hajmi ikki marta, qirg‘oq 30 kmdan 80 kmgacha qisqardi. Shuni alohida taʼkidlash joizki, Orol dengizi yer kurrasining cho‘l mintaqasida joylashgan eng yirik, suvi sho‘r va oqmaydigan ko‘llardan hisoblanib, kattaligi jihatidan dunyoda to‘rtinchi, ittifoqda Kaspiy dengizidan keyin ikkinchi o‘rinda turgan. Bu dengizning qurib borishi butun jahonni tashvishga solib turgan vaqtda, qurigan Orolning tubida yaxshi ekinzorlar yaratamiz degan g‘ayri ilmiy tasavvurlarga berilib, yangi yerlarni o‘zlashtirish, irrigatsiya shoxobchalarini qurish masalasi ilgari surildi. Download 65.31 Kb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling