1-Mavzu: Markaziy osiyo insoniyat sivilizatsiyasining qadimgi o’choqlaridan biri
-Mavzu: IX-XII asrlarda o‘zbek davlatchiligi. Siyosiy, ijtimoiy-iqtisodiy hayot Tohiriylar va Somoniylar davrida Movaraunnahr
Download 302 Kb.
|
1-5 мавзулар НАЪМУНА
4-Mavzu: IX-XII asrlarda o‘zbek davlatchiligi. Siyosiy, ijtimoiy-iqtisodiy hayot Tohiriylar va Somoniylar davrida MovaraunnahrReja: 1. IX-XII asrlarda o‘zbek davlatchiligi. 2. Tohiriylar sulolasi davrida ijtimoiy- iqtisodiy, siyosiy hayot. 3. Somomiylar sulolasi davrida ijtimoiy –iqtisodiy , siyosiy hayot. IX asrga kelib O‘rta Osiyo, xususan Movaraunnahrda arab xalifaligiga qarshi olib borilgan kurashlar natijasida mahalliy sulola vakillarining mustaqillikka bo‘lgan intilishlari kuchayib ketdi. Chunonchi, xalifalikning ichki hududlarida ham ziddiyatlar keskinlashib borayotgan edi. Xalifa Xorun ar-Rashid vafotidan keyin uning o‘g‘illari Ma’mun va Amin o‘rtasida o‘zaro kurash boshlanib ketdi. Mahalliy sulola vakillari bu kurashlarga aralasha boshladilar. Hirot viloyatining Bushang shahridan bo‘lgan Tohir ibn Husayn o‘z nomidagi sulolaga asos soldi. Bu davrda Xorun ar-Rashidning kichik o‘g‘li Ma’mun (asli ismi Abdulla bo‘lgan) Xurosonning noibi edi. Amin va Ma’mun o‘rtasida hokimiyat uchun bo‘lgan kurashda Tohir ibn Husayn Ma’mun tomonidan turib Aminga qarshi kurashdi. Ayrim manbalarning guvohlik berishicha, 813-yilda Ma’mun xalifalik markazi Bog‘dodni egallaydi hamda bir necha yil mobaynida Tohir ibn Husayn xalifa saroyida yuqori lavozimlarda xizmat qiladi. 821-yilda esa Tohir ibn-Husayn Xurosonga noib etib tayinlanadi (o‘sha davrda Movaraunnahr ham Xuroson tarkibiga kirar edi). Tohir ibn-Husayn Nishopur shahrini o‘zining qarorgohi etib tanladi. U o‘zi noiblik qilayotgan viloyatlarni xalifalikdan mustaqil boshqarishni orzu qilar edi. Natijada Tohir xalifalikdan mustaqil siyosat yurgizishga harakat qildi. Noiblikka o‘tirgandan so‘ng oradan ko‘p o‘tmay Tohir xutba nomozidan xalifaning nomini chiqarib tashlaydi. Bu esa uning xalifa Ma’munga qarshi ochiqdan ochiq isyoni belgisi edi. Ba’zi manbalarda qayd etilishicha, 822-yilda Tohir ibn Husayn Ma’mun odamlari tomonidan o‘ldirildi. Uning o‘rniga Talxa ibn Tohir (822-830-y.) noib etib tayinlandi. Buning sababi shunda ediki, xalifalik aynan mahalliy hukmdorlarning kuchidan arablarga qarshi qo‘zg‘olonlarni bostirishda foydalanar edi. Xuroson noibining muhim vazifalaridan biri esa o‘ziga qarashli hududlarda viloyat hokimlarini saylash bo‘lgan. Xususan, Tohir dastlabki somoniylar vakillarini Samarqand, Ustrishona, Farg‘ona va Shoshga hokim qilib tayinlagan. Talxadan keyin taxtga o‘tirgan Abdulloh ibn Tohir o‘zigacha bo‘lgan noiblar siyosatini davom ettirdi. Bu davrda Xuroson noibligiga Movarounnahr, Xorazm, Seyiston, Ko‘histon, Tabariston va Jurjon hududlari kirgan. Har bir viloyat bir necha ma’muriy birliklarga bo‘lingan. Bu birliklar katta va kichik tumanlardan iborat bo‘lgan. Abdulloh o‘z hokimiyatini mustahkamlash maqsadida ayrim harbiy islohotlar o‘tkazgan edi. Bundan tashqari Tohiriylar yuritgan siyosatning xususiyatlaridan yana biri, ularning islomlashtirish siyosati edi. Ayrim ma’lumotlarga ko‘ra, Tohiriylar davrida O‘rta Osiyoning barcha hududlarida islom dini tarqaladi. Tohiriylar davlat boshqaruvida turli toifa va qatlamlar mavjud edi. Shunga alohida e’tibor berish kerakki, Tohiriylar qishloq xo‘jaligini rivojlantirish maqsadida yer-suv masalalariga alohida e’tibor qaratdilar. Shu soha bilan shug‘ullanuvchi qonunshunoslar “Kitob alkuniy” nomli qonunlar to‘plamini tuzdilar. Bu to‘plam yerdan unumli foydalanish va sug‘orish tizimi masalalariga qaratilgan edi. IX asrning 60-70-yillaridan e’tiboran tohiriy hukmdorlarga qarshi xalq harakatlari kuchaydi. Bu harakatga G‘oziylar boshchilik qildilar. (“G‘oziylar” asosan ko‘chmanchi qabilalar hujumini bartaraf qilish maqsadida kambag‘al hunarmandlar va yersiz ziroatchilardan tashkil topgan qurolli qo‘shin). G‘oziylar harakatini aka-uka Yoqub va Amir binni Lays boshqardilar. Ular dastlab Seyistonda hokimiyatni qo‘lga olgach, 873 yilda tohiriylarning qo‘shinlariga katta zarba berib, Xuroson poytaxti Nishopurni egalladilar. Shu davrdan e’tiboran tohiriylar sulolasi barham topdi va Xurosonda hokimiyat Safforiylar (misgarlar, Yoqub va Amir asli hunarmand-misgar-”saffor” edilar.) qo‘liga o‘tib ketdi. Rasmiy jihatdan Xuroson va Movaraunnahr ustidan hukmronlik qilib turgan tohiriylar sulolasining inqirozga uchraganligi Movaraunnahrdagi mahalliy hokimlarning o‘lkani to‘la mustaqilligini ta’minlash sari harakatlari uchun qulay imkoniyatlar yaratib berdi. Endi bu davrda somoniylar siyosiy maydondagi kurashda erkin harakat qila boshladilar va ular Movaraunnahrda markazlashgan bir butun davlat barpo qilishga kirishdilar. Birlashtirish g‘oyasini shaharliklar ham, dehqonlar ham qo‘llab quvvatladilar. Chunki birlashgan va markazlashgan yagona va qudratli davlatgina ko‘chmanchi qabilalarning hujumini daf qila olishi mumkinligini ular yaxshi bilar edilar. Markazlashgan yagona hamda qudratli davlat kuchli harbiy kuch yaratish imkoniyatini berardi. Somoniylar davlatiga Somon qishlog‘i (Balx yaqinida, ba’zi manbalarda esa, - Termiz yaqinida) oqsoqoli Somonxudotning avlodlari asos solgan. Xalifa Ma’munga bo‘lgan sadoqatlari evaziga 819-820-yillarda Somonxudotning nabiralari Nuh Samarqandga, Ahmad Farg‘onaga, Yahyo Choch va Ustrushonaga, Ilyos Hirotga hokim etib tayinlandilar. 839-840-yillarda Nuh ibn Asad Isfijob viloyatini bosib oldi va uni mustahkamladi. U So‘g‘dning bir qismi va Farg‘onaga hokim bo‘lib oldi. Lekin somoniylar davlatini bunyod etishda Ahmadning hissasi ko‘proq bo‘ldi. Uning Nasr, Ya’qub, Yahyo, Asad, Ismoil, Is’hoq va Homid ismli o‘g‘illari bor edi. Nuh ibn Asad 842 yili vafot etgach, Samarqandni ukalari Ahmad va Yahyo boshqardi; keyin hokimlik Nasr (865-892) qo‘liga o‘tdi. 859-yilda Yahyo ibn Asad vafot etgach, Choch va Ustrushona Ahmadning ikkinchi o‘g‘li Ya’qubga nasib etdi. Keyin tashabbus Ismoil ibn Ahmad qo‘liga o‘tdi. Buxoroda tohiriylar mavqei sust edi. 874 yilda Husayn ibn Tohir Xorazm shaharlarini talayotgan bir paytda Buxoro zodagonlari iltimosi bilan Nasr Buxoroga Ismoil ibn Ahmad (849-892)ni hokim qilib jo‘natadi. Nasr Movaraunnahrda markazlashgan davlat tuzishga kirishdi. Xalq bu ishda unga xayrxoh edi. 875-yilda u Shovga (Turkiston yaqinida)ni qo‘lga kiritdi. Xalifa Mu’tamiddan Movaraunnahrni boshqarish uchun yorliq olishga muvaffaq bo‘ldi. Bu paytda Buxoroda kuchayib ketgan Ismoil akasiga tobe’ bo‘lishni istamadi. 888-yili ikki o‘rtadagi jangda Nasr yengildi. 892-yilda Nasr vafot etgach, Ismoil Movaraunnahrning yagona hukmdori bo‘lib qoldi (892-907). 893 yilda u Tarozni, so‘ng Ustrushonani qo‘lga kiritdi. Mustahkamlanib borayotgan Somoniylar davlatini zaiflashtirish maqsadida Arab xalifasi 898 yilda Movarounnahr hokimligidan Ismoilni tushirib uning o‘rniga safforiylar sulolasidan Amr ibn Laysni hokim etib tayinlash haqida yorliq jo‘natadi. Ismoil 899 va 900 yillardagi harbiy to‘qnashuvlarda Amr ibn Lays boshliq safforiylar qo‘shinlarini tor-mor keltirdi. Xalifa Ismoil ibn Ahmadni hokim sifatida tan olishga majbur bo‘ldi. Shunday qilib, Xorazm, Isfijob, Chag‘oniyon va Xuttalondan tashqari (ularning hokimlari somoniylarga tobe’ edilar), ulkan hudud (Movarounnahr va Xuroson) somoniylar tomonidan bo‘ysundirilgan edi. Ular bu yerda 100 yilcha hukmronlik qildilar. 992-yili Qoraxoniylar xoni Bug‘roxon Buxoroni egalladi. Xurosonda Abu Ali Simjuriy va Balxda Foyiq amirga qarshi isyon ko‘tardi. Nuh II yordam so‘rab G‘azna hokimi Sabukteginga murojaat etadi. Sabuktegin 20.000 nafarli qo‘shin bilan kelib, Simjo‘riy va Foyiq kuchlarini tor-mor keltiradi. Sabuktegin bu xizmati uchun xalifadan “Nasir-ud-din va ad-davla” (dinu davlat homiysi), uning o‘g‘li Mansur esa “Sayf- ud-davla (davlat shamshiri)” laqabini oladi. 997 yili Nuh II ham, Sabuktegin ham vafot etadi. Nuh II ning o‘g‘li Mansur ibn Nuh (997-999)ga qarshi Nishopur hokimlari Bektuzin va Foyiq isyon ko‘tardilar. Amirning Mansurga e’tiqodi zo‘rligini nazarda tutib, isyonchilar amirning ko‘ziga mil tortadilar. Mansur ibn Nuh vafotidan so‘ng uning ukasi Abdulmalik II ibn Nuh Buxoro taxtiga o‘ltirdi. Mahmud intiqom bahonasida Bektuzin va Foyiqqa qarshi qo‘shin tortib butun Xurosonni bosib oldi. Abdulmalik ibn Nuh qo‘lida faqat Movaraunnahr qoldi. Ko‘p o‘tmay qoraxoniylar xoni Nasr Iloqxon Buxoroni zabt etdi. Amir xonadoni asirga olindi. Somoniylar davlati tugatildi. Somoniylar Movaraunnahr va Xurosonda mustaqil davlat tuzish uchun avvalambor, kuchli markazlashgan hokimiyat tuzish kerakligini yaxshi tushunishgan. Bu ayniqsa Ismoil Somoniy hukmronligi davrida kunning dolzarb masalasiga aylandi. Chunki Ismoil Somoniy Movaraunnahr va Xurosonni birlashtirishga va yagona markazlashgan davlat tuzishga muvaffaq bo‘ldi. Endi bu davlatni idora qilish lozim edi. Shuning uchun Ismoil bir qancha islohotlar o‘tkazdi. Mana shunday islohotlardan biri davlatni boshqarish ma’muriyatini joriy qilish bo‘ldi. Bu islohotga binoan davlatni idora qilish saroyi (dargoh) va 10 ta devon (harbiy -fuqaro mahkamalari) tashkil etildi. Ismoil Somoniy davlatning majmuini tashkil etishda Sosoniylar Eron va Arab xalifaligida qabul qilingan tajribalardan foydalandi va uni zamon talabiga qarab mukammallashtirdi. Hokimiyatning eng yuqori pog‘onasida somoniylar turib, ular amir unvoni bilan davlatni idora qilganlar. Davlat majmuini mustahkamlashda, Nasr II Somoniyning ma’rifatli vazirlari Abuabdullo Muhammad Jayhoniy va Abufazl Muhammad Balamiylarning xizmatlar katta bo‘lgan. Umuman, Somoniylar hukmdorligi davrida vazirlik mansabiga asosan shu ikki sulola vakillari tayinlangan. Davlat majmuini dargoh va devonlarga bo‘linishi ma’lum darajada rasmiy bo‘lgan. Chunki saroyning nufuzli kishilari ko‘p xollarda devonlarning ishlariga aralashib turganlar. Saroyda siyosiy hokimiyat “Sohibi xoras” qo‘li ostida bo‘lgan. Sohibi Xoras Amirning farmonlari bajarilishini nazorat qilgan. Saroyda Sharbatdorlar, Dasturxonchilar, Tashtadorlar, Otboqarlar, xo‘jalik beklari kabi turli xizmatchilar bo‘lgan. Saroydagi hamma xo‘jalik ishlarini “vakil” boshqargan. Vakil saroydagi e’tiborli kishilardan biri hisoblangan. Narshaxiyning yozishicha, Nasr II Somoniy hukmronligi davrida o‘n devonga Buxoro registonida o‘nta maxsus bino qurilgan. Devonlar orasida vazir yoki “xo‘ja buzurg” devoni alohida o‘rin tutgan. Bu devonga boshqa hamma devonlar bo‘ysungan. U hamma ma’muriy, siyosiy va xo‘jalik mahkamalarini nazorat qilgan. Davlatni idora etishda “mustaufiy devon” ham muhim ahamiyatga ega bo‘lgan. Bu devon davlatning butun moliya ishlarini boshqargan va nazorat qilgan. Devon xazinador tomonidan boshqarilgan. “Devon Amir-al-mulk” yoki “al-rasayi” davlat ahamiyatiga molik bo‘lgan rasmiy hujjatlarni tuzish bilan shug‘ullangan. Bundan tashqari bu devon chet davlatlar bilan bo‘ladigan munosabatlarni ham boshqargan. “Sohib ash-shurat” devoni davlatning butun harbiy ishlarini, shu jumladan amirning shaxsiy qo‘shinini boshqargan. “Sohib ash-shurat”ning maxsus yordamchisi-Aris bo‘lgan. U mahkama va uning boshlig‘i amir qo‘shini xazinasi bilan shug‘ullangan. Qo‘shimcha bir yilda to‘rt marta maosh to‘lagan. Davlatni idora etishda “sohib al-borid” devonining ahamiyati ham juda katta bo‘lgan. Bu devon davlat ahamiyatiga molik bo‘lgan hujjatlarni va xabarlarni yetkazish bilan shug‘ullangan. Devonning hamma shahar va viloyatlarda mahalliy mahkamalari bo‘lgan. “Muxtasiba” devoni bozorlarni, sotuvchilarni, qadoqboshlarning og‘irligi, bozordagi mollarning narxini, sifatini nazorat qilgan. Davlat xazinasining daromadlarini va xarajatlarini “mushrif” devoni nazorat qilgan. Bundan tashqari “qozi az-ziya” va “vaqf“ devonlari bo‘lgan. “Qozi az ziya” devoni davlat yerlarini, “vaqf” devoni hadya etilgan yerlarni va musulmon ruhoniylarining boshqa mol-mulklarini nazorat qilishgan. Devonlarning aytarli hammasini viloyatlarda boshqarmalari bo‘lgan. Devonlarning viloyatlardagi boshqarmalari bir tomondan o‘z devonlariga, ikkinchi tomondan viloyat hokimiga bo‘ysunishgan. Bundan faqat “Sohib al-borid” devonining amaldorlari mustasno bo‘lgan. Viloyat va tumanlar amir tomonidan tayinlangan hokimlar tomonidan idora qilingan. Odatda bunday lavozimga mahalliy boy zodagonlar tavsiya etilgan. Somoniylar davlatida musulmon ruhoniylarning ta’siri nihoyatda kuchli bo‘lgan. Ular markaziy hokimiyat ishlarida ham faol ishtirok etganlar. Somoniylar davlatining diniy hayotida hanifiylar mazhabligiga mansub ruhoniylar hamma diniy lavozimlarni o‘z qo‘llariga olishgan. Ruhoniylarning boshlig‘i “ustod”, keyinchalik “Shayx ul-islom” deb atalgan. “Ustod” dan so‘ng o‘z lavozimi bo‘yicha ruhoniylar orasida “xatib” turgan. U jome’ masjidlarida juma namozida xutba o‘qish huquqiga ega bo‘lgan. Bu davrda Buxoro Sharqdagi islom olamining eng nufuzli markazlaridan biriga aylanadi. Movarounnahrdagi dastlabki madrasalarning bu yerda barpo etilishi ham bejiz emas. Yer egaligining quyidagi shakllari mavjud bo‘lgan: Mulki sultoniy - shaxsan amirga tegishli yer-suv, tegirmon, do‘konlar. Bu mulkni qishloq chorikorlari ijaraga olganlar. Yana yer egaligining toma (umrbod berilgan yer), iqto (merosiy) turlari bo‘lgan. Xususiy shaxslarga tegishli mulk: hukmdor tabaqa xonadoni, dehqon-zodagonlarga, sayyidlar, sipohsolor, badavlat savdogarlarga tegishli mulklar hisoblangan. Shartli yer egaligi ham bo‘lgan. Vaqf mulklari: diniy muassasalar va madrasalarga tegishli mulk. Bu mulkni muassasa mutavallisi boshqargan. Jamoa mulki: yaylov, tog‘ yonbag‘irlaridagi lalmi yerlar. Xiroj hajmi shariat va davlat qonunlari asosida belgilangan. Somoniylarning birgina Buxoro va Karmana viloyatlari xirojidan tushgan daromadi 116866 dirxamni tashkil qilgan. Somoniylar davrida yerlar qaytadan taqsim qilindi. Yer egalarining yangi guruhi tashkil topdi. Ularning ko‘pi sipohiylardan chiqqan edi. Masalan, Alpteginning Xurosonda va Movarounnahrda 500 qishlog‘i bo‘lib, biror shahar yo‘q ediki, unda uning qasri yo bog‘i, yoxud karvonsaroyi bo‘lmasa. Uning tasaruffida minglab otlar va chorva mollari bo‘lgan. Somoniylar davrida qudratli markazlashgan davlatning vujudga kelishi natijasida Movaraunnahr va Xurosonda ma’lum barqarorlik qaror topdi. Bu holat mamlakat iqtisodiy hayotiga katta ta’sir ko‘rsatdi. Dehqonchilik, hunarmandchilik va savdo tez sur’atlar bilan rivojlana boshladi. Movaraunnahr va Xuroson bu vaqtda Sharqning iqtisodiy jihatdan eng rivojlangan o‘lkalaridan hisoblangan. Tarixchilar va geograflar bu borada juda yaxshi ta’riflar yozib qoldirganlar. Ular, bu yerlar juda serhosil, tabiiy boyliklarga boy, unda ko‘plab qishloq va shaharlar borligini, aholi uchun kerakli hamma narsalar mavjudligini zo‘r ehtiros bilan bitganlar. Xuroson va ayniqsa, Movaraunnahr dehqonchilik o‘lkalari qatoriga kirgan. Bu yerlarda dehqonchilik asosan sun’iy sug‘orishga asoslangan. Ko‘plab soy va daryolardan chiqarilgan katta-kichik kanallar mavjud bo‘lgan. Buxoro vohasida Shopurkon, Shohrud, Karmana, Poykand, Samarqand vohasida Barj (Darg‘om), Barmsish, Buzmadisoy, Ishtixon kabi kanallar shahar va qishloqlarni suv bilan ta’minlagan. Bundan tashqari bunday kanallar Xorazm, Qashqadaryo, Farg‘ona va Shoshda ham bo‘lgan. Manbalarga qaraganda Shosh aholisi xalifa Mutasimga (833-842) murojaat qilib vohada suv yetishmasligi tufayli kanal qurilishiga yordam so‘ragan. Sun’iy sug‘orishga asoslangan dehqonchilikdan tashqari lalmikor dehqonchilik ham yaxshi yo‘lga qo‘yilgan. Dalalarda bug‘doyning turli navlari, arpa, sholi va boshqa boshoqli ekinlar ekilgan. Qishloq xo‘jaligida paxta yetishtirishga alohida ahamiyat berilgan. Paxta, ayniqsa, Zarafshon, Qashqadaryo va Marv vohasida ko‘p ekilgan. Bog‘dorchilik ham yaxshi rivojlangan. Bog‘larda olma, shaftoli, nok, behi, anor, anjir, yong‘oq kabi turli mevalar yetishtirilgan. Uzum yetishtirish yaxshi yo‘lga qo‘yilgan. Ayniqsa, Samarqand, Marv, Hirotda yetishtirilgan uzumlar juda qadrlangan. Umuman Xuroson va Movaraunnahrning mevalari o‘zining turli navlari va yuqori sifatliligi bilan butun Sharqda dong taratgan. Juda ko‘p quruq mevalar Yevropaning turli shaharlariga jo‘natilgan. Umuman, Somoniylar davrida Xuroson va Movaraunnahr qishloq xo‘jaligining turli tarmoqlari xususan, dehqonchilik yaxshi rivojlangan. Somoniylar davrida dehqonchilik bilan bir qatorda hunarmandchilik ham keng sur’atlar bilan tarqalgan. Shahar aholisining ko‘p qismi hunarmandchilikning turli sohalari bilan mashhur bo‘lishgan. Manbalarda qayd qilinishicha, Movaraunnahrda, ayniqsa to‘qimachilik yaxshi taraqqiy qilgan. Bu yerlarda ipak va jundan tayyorlangan turli-tuman gazlamalar o‘zining yuqori sifatliligi, bejirim va nafis naqshlari bilan ajralib turgan. Buxoroning Zandana, Samarqanddagi Vedar va Surxondaryodagi Darzangi to‘qimachilarining mahsulotlari faqatgina Movaraunnahr va Xurosondagina emas, balki Iroq, Еron va Hindistonda ham ma’lum bo‘lgan. Xususan, Narshahiyning yozishicha, Zandanada tayyorlangan gazlamalarga Sharq bozorida ehtiyoj juda katta bo‘lgan. Ibn Xavqal va Muqaddasiyning qayd etishicha, Vedarda tayyorlangan yuqori sifatli gazlamalar aholining yuqori tabaqalari orasida juda qadrlangan. Bu gazlamalardan asosan amirlar, vazirlar, turli amaldorlar, qozilar o‘zlariga liboslar tiktirganlar. Vedar gazlamasi hatto Xuroson parchasi ham deb atalgan. Gazlamalarning turli navlari bundan tashqari Keshda, Nasafda, Dabusiyada va ko‘pgina boshqa shaharlarda ham tayyorlangan. Kulolchilik ham Somoniylar davrida o‘z taraqqiyotining eng yuqori bosqichlariga ko‘tarilgan. Kulolchilik charxini yanada mukammallanishi natijasida idishlarni bezashda sirlardan foydalanishni kashf etilishi bu borada katta yutuq bo‘ldi. Natijada idishlarni turlari ham, shakllari ham ko‘paydi. Ularning sifati keskin darajada oshdi. Idishlar turli rangdagi sirlar bilan bezatila boshlandi. Manbalarda qayd qilinishicha, ayniqsa, Samarqand, Binket va Marv kulollari tayyorlagan idishlar o‘zining bejirim shakli, yuqori sifati, ajoyib va nafis naqshlari bilan ajralib turgan. Еpigrafik naqsh bilan bezatilgan turli-tuman idishlar ayniqsa, diqqatga molikdir. Shu davrga oid shaharlarda olib borilgan arxeologik izlanishlarga qaraganda, kulollar shaharlarda mahalla-mahalla bo‘lib yashaganlar. Mana shunday mahallalar Samarqandda, Marvda, Aхsikatda, Termizda ochib o‘rganilgan. Bu davrda shishasozlik ham keng rivojlangan. O‘rta Osiyo shishasozlari turli shakldagi katta-kichik shisha idishlarni tayyorlaganlar. Idishlar asosan ko‘kimtir va shaffof rangdagi shishalardan tayyorlangan. Ularning ma’lum qismi naqshlar bilan bezatilgan. Shishasozlarning ustaxonalari Niso, Marv, Termiz, Poykant kabi shaharlarda ochib o‘rganilagan. O‘rta Osiyo shishasozlarining mahsulotiga boshqa o‘lkalardan ehtiyoj katta bo‘lgan. Somoniylar davrida metallurgiya sohasida ham katta yutuqlar qo‘lga kiritilgan. Yozma manbalar va olib borilgan arxeologik qazish ishlarga qaraganda bu davrda kon sanoati taraqqiyotida katta o‘zgarishlar ro‘y bergan. Bu davrda Badaxshonda kumush, oltin, billur, lojuvard kabi qimmatbaho metall va toshlar qazib olish davom etgan. Ustrushonaning Mink tumanida katta miqdorda temir rudasi, Buttamda oltin, kumush, mis va boshqa metallar, Tuzkon ko‘lida tuz, Farg‘onadagi Nokad degan joydan oltin, kumush, Isfara yaqinida toshko‘mir qazib olingan. Farg‘onada neft ham borligi yozma manbalarda qayd qilingan. O‘rta Osiyoda somoniylar davrida qog‘oz ishlab chiqarish ham yaxshi rivojlangan. Qog‘oz ishlab chiqarish bo‘yicha eng yirik markaz Samarqand bo‘lib, undagi qog‘ozlarning mahsuloti faqat О‘rta Osiyo yoki Sharqda emas, balki Yevropada ham mashhur bo‘lgan. Samarqand qog‘ozining olti navi manbalarda qayd qilingan. Yuqorida qayd qilingan hunarmandchilik turlaridan tashqari somoniylar davrida O‘rta Osiyoda toshtaroshlik, zargarlik, duradgorlik kabi sohalar ancha rivoj topgan. Somoniylar davrida kuchli va mustaqil davlatnig paydo bo‘lishi dehqonchilik, hunarmandchilikning rivojlanishi, shaharlarning taraqqiyoti o‘z navbatida ichki va tashqi savdoni yanada uzviylashuviga va taraqqiyotiga olib keldi. Avvalo, shahar va qishloqlar o‘rtasidagi savdo kengaydi. Ikkinchi tomondan shahar va qishloqlarni qo‘shni ko‘chmanchi xalqlar va boshqa davlatlar bilan aloqasi rivojlandi. Yozma manbalarda qayd qilinishicha, bozorlar katta-kichik shaharlarda va hatto qishloqlarda bo‘lgan. Ayniqsa, karvon yo‘llari bo‘ylab joylashgan, shaharlarda bir nechtadan bozorlar bo‘lgan. Buxoro, Xo‘jand, Nasaf, Kesh, Termiz, Hirot, Marv, Nishopur shaharlaridagi bozorlar katta va juda gavjum bo‘lgan. Istahriyning yozishicha, Samarqandda Movarounnahrning bosh bozorlari joylashgan. Bu yerga hamma yerdan savdogarlar kelgan. Movarounnahrda tayyorlangan mahsulotlarning katta qismi Samarqandga keltirilgan va undan keyin boshqa o‘lkalarga tarqalgan. Ichki va tashqi savdoda ayrim kichik shaharlarning ham o‘rni katta bo‘lgan. Bu borada Poykand shahri muhim ahamiyat kasb etadi. Manbalarda yozishlishicha bu shaharda somoniylardan oldin ham savdogarlar Xorazm, Kaspiy bo‘yidagi o‘lkalar va Xitoy bilan oldi-sotti ishlari olib borishgan. Shahar hokimlari savdogarlar uchun hamma shart-sharoitlarni tug‘dirib berishga harakat qilganlar. Shaharda o‘nlab karvon saroylar mavjud bo‘lgan, ular bozorga yaqin joylarda joylashgan. Savdo rastalari karvonsaroyning o‘zida ham bo‘lgan. Karvon saroylar yo‘llarda ham qurilgan. Bozorlarda sotiladigan mollar avvalo mahalliy aholining ehtiyojini qondirishga qaratilgan. Hunarmandlar o‘z mollarini sotib oziq-ovqat mollarini xarid qilishgan, o‘z navbatida dehqonlar hunarmandchilik mollarini xarid qilishgan.IX-X asrlarda O‘rta Osiyoning iqtisodiy hayotida savdo-sotiq katta ahamiyatga ega edi. Bu borada ko‘chmanchilar bilan chegaradosh bo‘lgan shaharlarning ahamiyati katta bo‘lgan. Ko‘chmanchilar shaharlarga kelib, dehqonchilik va hunarmandchilik mahsulotlarini xarid qilganlar, teri va boshqa chorvachilik mahsulotlarini sotganlar. O‘rta Osiyolik savdogarlar o‘z mollarini arab xalifaligi tarkibiga kirgan davlatlarga, Kavkazga, Xazar va Bulg‘oriyaga, Xitoy va Hindistonga olib borib sotganlar. O‘rta Osiyodan Xitoy bilan O‘rta Yer dengizini birlashtiruvchi va Janubi-Sharqiy Yevropaga olib boruvchi karvon yo‘llari o‘tgan. Ayniqsa, O‘rta Yer dengizi bilan bog‘lovchi karvon yo‘li ancha gavjum bo‘lgan. Bu yo‘l Bag‘dod, Hamadon, Nishopur, Marv, Amul, Buxoro, Nasaf, Kesh, Samarqand, Ustrushona, Choch, Bolasog‘un orqali Xitoyga olib borgan. Xitoyga O‘rta Osiyodan otlar va shisha buyumlar olib borilgan. Xitoydan esa turli-tuman ipak gazlamalar keltirilgan. Xazar, Bulg‘or va Rus yerlariga O‘rta Osiyodan quruq mevalar, turli-tuman gazlamalar, guruch va kumush chiqarilgan. O‘z navbatida janubi-sharqiy Yevropadan O‘rta Osiyoga mo‘yna, mis, teri, qoramol, qullar keltirilgan. Janubi-sharqiy Yevropa bilan bo‘lgan savdo aloqalarida xorazmlik savdogarlarning o‘rni katta bo‘lgan. Download 302 Kb. Do'stlaringiz bilan baham: |
ma'muriyatiga murojaat qiling