1-mavzu: O’zbekiston tarixi predmeti, uni o’rganishning metodologik tamoyillari, manbalari va ahamiyati Reja


Download 5.05 Kb.
Pdf ko'rish
bet22/39
Sana24.11.2017
Hajmi5.05 Kb.
#20824
1   ...   18   19   20   21   22   23   24   25   ...   39

Texnikaviy  ta’minot.  O’zbekistonda  dehqon  xo’jaliklarini  ommaviy  tarzda 
jamoalashtirish ishlari ayni chog’da yangi xo’jaliklarga moddiy-texnik baza bo’lib xizmat 
qiladigan  mashina-traktor  stantsiyalari  (MTS)  ni  tashkil  etish  bilan  uzviy  bog’liq  holda 
olib  borildi.  O’zbekistonda  dastlabki  mashina-traktor  stantsiyasi  1929-yilda  Andijon 
viloyatining Asaka tumanida tashkil etilib, u yangidan tuzilgan jamoa xo’jaliklariga texnik 
yordam ko’rsatgan edi. Asta-sekin ularning soni ortib bordi. 1931-yilga kelib MTSlar 48 
ta qishloq tumanlarida tashkil etilib, qishloq ahlining dala yumushlariga xizmat ko’rsatdi. 
MTSlarning  yirik  dehqon  xo’jaliklariga  nafi  katta  bo’lganligidan,  ularning  safi 
respublikada  to’xtovsiz  ortib  bordi.  Jumladan,  1937-yilda  ularning  soni  163  taga,  1941-
yilga  kelganda  esa  189  taga  yetdi.  Garchand  yirik  jamoa  yerlarini  ishlab  berish,  qo’l 
mehnatini  engillashtirish,  qishloqqa  texnika  olib  kirish,  texnika  ilmidan  qishloq 
mehnatchilarini  xabardor  qilish,  ma’lumotini  oshirishda  MTSlar  muhim  rol  o’ynagan 
bo’lsada,  biroq  bu  narsa  jamoa  xo’jaliklarining  davlatga  tobeligini  yanada  kuchaytirdi. 
Buning  asosiy  sabablaridan  biri  shundaki,  yirik  ishlab chiqarish  vositalari  MTSlar orqali 
tobora  davlat  qo’lida  to’plana  bordi.  MTSlar  jamoa  yerlarini  natural  haq  evaziga  ishlab 
berar, bu haqning miqdori esa yuqoridan, davlat organlari tomonidan belgilanardi. 
Irrigatsiya  va  melioratsiya  ishlari.  O’zbekiston  qishloq  xo’jaligi  va  ayniqsa  uning 
yetakchi  tarmog’i  -  paxtachilik  sohasining  tezkor  rivojlanishidan  manfaatdor  bo’lgan 

sovet hukumati avval boshdan respublikada irrigatsiya va melioratsiya tizimini yaxshilash 
va takomillashtirishga jiddiy e’tibor berib bordi. 
Shu maqsadda 1922-yildayoq respublikada irrigatsiya tizimini qayta tiklash va yanada 
rivojlantirishning  asosiy  vazifalari  belgilab  berildi.  Xususan,  O’zbekiston  hukumati 
tarkibida  suv  va  qishloq  xo’jalagi  Xalq  Komissarligi,  uning  huzurida  esa  suv  xo’jaligi 
bosh boshqarmasi, joylarda viloyat, tuman, uchastka suv qo’mitalari tashkil etildi. Ularga 
davlat  yordami  ko’rsatib  borildi.  Jumladan,  1922-yilda  irrigatsiya  ishlariga  6  mln.  oltin 
rubl hisobida mablag’ ajratildi. Bundan ko’zlangan asosiy maqsad sug’oriladigan yerlarni 
2-yil ichida 2 mln. desyatinaga yetkazish edi. Joylarda suv inshootlari qurilishi avj oldirib 
yuborildi.  Yangi  kanallar,  ariqlar  qurildi.  Ko’plab  yangi  yerlar  o’zlashtirildi.  Natijada 
1924-yilga kelib sug’oriladigan yerlar miqdori 2,4 mln. desyatinaga, shu jumladan, paxta 
ekiladigan-maydon esa 500 ming desyatinaga yetkazildi. 
Bu  ishlar  O’zbekiston  SSR  tuzilgach,  yanada  avj  oldi.  Urushgacha  bo’lgan  davrda 
respublikada  Darg’om,  Norpoy,  Sovoy,  Dalvarzin,  Log’an,  Katta  Farg’ona  kanallari, 
Kattaqo’rg’on  suv  ombori  kabi  ko’plab  suv  inshootlari  qurildi.  Dalvarzin,  Sovoy, 
Uchqo’rg’on, Mirzacho’l, Chirchiq-Ohangaron vodiylarida, Zarafshon daryosi havzasida, 
shuningdek,  Qashqadaryo  va  Surxondaryoda  irrigatsiya  tarmoqlari  ancha  yaxshilandi. 
1929-1933-yillarda bu sohaga 234,9 mln. rubl sarflandi. 
1939-yilda  O’zbekiston  KP(b)  Markaziy  Qo’mitasi  va  respublika  hukumati  xashar 
yo’li bilan Katta Farg’ona kanalini qurish to’g’risida qaror qabul qildi. O’sha yilning 1-
avgustidan 160  ming kolxozchi kanal qurilishini boshlab yubordi. Uzunligi 270 kilometr 
bo’lgan bu kanal asosan qo’l mehnati bilan 45 kun ichida qurildi. 
Katta Farg’ona kanali Farg’ona vodiysining asosiy qon tomiri bo’lib qoldi. Vodiyda 
60  ming  gektar  cho’lli  yerlar  o’zlashtirilib,  500  ming  gektar  yerni  suv  bilan  ta’minlash 
imkoniyati  yaratildi.  Shuningdek,  ikkinchi  jahon  urushidan  oldingi  yillarda  Shimoliy  va 
Janubiy  Farg’ona  kanallari,  Toshkent  kanali,  Kampirrovot  suv  to’g’oni, 
Qoraqalpog’istonda Qizketgan kanali, sig’imi 1 mln kub. metr bo’lgan Kattaqo’rg’on suv 
ombori  va  ko’plab  boshqa  suv  inshootlari  barpo  etildi.  Buning  natijasida  1937-1940-
yillarda  respublikada  sug’oriladigan  yer-maydonlari  qo’shimcha  200  ming  gektarga 
ko’paydi. 
Shunday qilib, Sovet hokimiyati qishloqda kollektivlashtirish siyosatini olib borishda 
qishloq  ahliga  nisbatan  nechog’lik  zug’um  o’tkazmasin  hamda  ne-ne  og’ir  sinov-
sinoatlarga  duchor  etmasin,  biroq  ular  xalq  irodasini,  uning  azmu  qororini  so’ndira 
olmadi. O’zbek xalqi fidoyilik bilan mehnat qilishda davom etdi. 
 
XX asrning 20-30-yillarida O’zbekistonning ma’naviy-madaniy va ma’rifiy 
hayoti, unga hukmron kommunistik mafkura ta’siri 
 
XX  asrning  20-30-yillarida  madaniy-ma’naviy  soha  ham  o’ziga  xos  murakkablik, 
qiyinchilik bilan kechdi. 
Xalq  ta’limi.  20-yillar  boshlariga  kelib  O’zbekiston  hududida  madaniy  qurilishning 
eng  dolzarb  vazifalaridan  sanalgan  sovet  ta’lim  tizimini  shakllantirish  ishlari  boshlab 
yuborildi. Sovetlar O’zbekistonda yangi ta’lim tizimini yaratishga yo’l tutar ekan, bundan 
ko’zlagan  asosiy  maqsadlari  o’lkada  xalq  ta’limi  bo’g’inlarini  ravnaq  toptirish,  xalq 
savodxonligiga  erishish,  ilm-ma’rifatdan  bahramand  etish  orqali  yurt  farzandlari  ongi, 

shuuriga kommunistik g’oyalar va ideallarni chuqur singdirish va shu yo’l bilan o’zlariga 
jo’n xizmat qiladigan avlodni tarbiyalab voyaga yetkazish edi. 
Sovetlar  avval  boshda  O’zbekistondagi  murakkab  vaziyatni,  mahalliy  xalq  kayfiyati 
va ruhiyatini, uning o’ziga xos milliy an’analari, islomiy qadriyatlarini bir qadar hisobga 
olib, bu yerda eski va jadid usulidagi maktablar, madrasalarning ham faoliyat yuritishiga 
monelik  ko’rsatmadi.  Buning  orqasida  bu  o’quv  dargohlari  navqiron  avlodga  ta’lim 
berish,  ulug’  bobokalonlar  merosi  va  sharqona  odob,  axloq  ruhida  tarbiyalashda  o’z 
ulushini qo’shib bordi. Lekin sovetlarning bu vaqtinchalik taktikasi uzoqqa bormadi. Ular 
o’lka  hayotiga  moslashib  olgach,  20-yillar  o’rtalaridan  e’tiboran  o’zbek  xalqi  ma’naviy 
hayotining  ko’p  zamonlar  uzviy  qismi  bo’lib  kelgan  eski  maktab  va  madrasa  ta’lim-
tarbiya  tizimini  barham  toptirdi.  Uning  ko’p  sonli  ziyolilar  faoliyati  to’xtatib  qo’yildi. 
Ularning taqdir-qismati og’ir sinovlarga duchor etildi. Bu ham sovetlarning tili boshqa-yu, 
dili boshqa ekanligidan, ularning madaniy siyosati zamirida qanday makkorona maqsadlar 
yashirinligidan yaqqol dalolatdir. 
1920-yil  17-sentabrda  Turkiston  ASSR  hukumati  o’lkada  8  yoshdan  40  yoshgacha 
bo’lgan  kishilarni  o’qitish  va  savodxon  qilish  to’g’risida  dekret  qabul  qildi.  Bundan 
ko’zda  tutilgan  maqsad  mahalliy  xalqni  tobora  sovetlar  siyosati  va  mafkurasi  ta’siriga 
olish  edi.  Shularni  hisobga  olib  respublikaning  turli  hududlarida  ko’plab  savodsizlikni 
tugatish  kurslari  tashkil  etildi.  Ularga  turli  yoshdagi  kishilar  jalb  qilinib,  savodlarini 
chiqardilar.  Jumladan,  1-besh  yillik  (1928-1932-y.y.)da  O’zbekistonda  jami  700  ming 
nafar kishi savodsizlik kurslarini tugatgan bo’lsa, bu ko’rsatkich 2 besh yillik (1933-1937-
y.y.) davrida 1 mln.400 ming nafar kishini tashkil qildi. 
Respublikada  boshlang’ich
 
ta’lim  tizimining  joriy  etilishi,  keyinroq  esa  7-yillik 
ta’limga  o’tilishi  ham  xalq  ta’limi  sohasida  muhim  o’zgarishlardan  bo’ldi.  Maktab 
qurilishi, uning malakali o’qituvchi kadrlar bilan ta’minlanishi, o’quvchilar soni yil sayin 
o’sib bordi. Ma’lumotlarga ko’ra, agar 1924-25 o’quv yilida O’zbekistonda 160 ta sovet 
tipidagi maktablar tashkil qilinib, ularda 17209 nafar o’quvchi ta’lim olgan bo’lsa, 1941-
yilga kelib bunday maktablar soni 5504 taga va ularda ta’lim olayotgan o’quvchilar soni 
esa 1 mln. 315 ming nafarga yetgan. 
Sovet  hukumati  ta’lim  tizimini,  yangi  avlod  tarbiyasini  to’liq  ravishda  o’z  izmiga 
bo’ysundirish  maqsadida  arab  alfavitiga  asoslangan  eski  o’zbek  yozuvini  ham  isloh 
qilishga  kirishdi.  Shu  maqsadda  1928-yilda  arab  alifbosidan  lotin  alifbosiga  o’tildi. 
Birgina  eski  o’zbek  yozuvini  o’zgartirishda  qo’llanilgan  shoshma-shosharlik  respublika 
xalq ta’limining keyingi taqdiri uchun salbiy oqibatlar keltirib chiqardi. 
Yangi tashkil etilgan ta’lim maskanlarining moddiy bazasi, zaif bo’lib, zarur jihozlar 
bilan  ta’minlanmadi.  Milliy  respublikalardagi  ta’lim  jarayoni  Moskvadan  tayyorlab 
yuboriladigan  dasturlar,  darsliklaru  o’quv  qo’llanmalari  asosida  olib  boriladigan  bo’lib 
qoldi.  Bu  esa  xalq  ta’limining  milliy  mazmuni,  xarakteriga  sezilarli  ta’sir  ko’rsatdi.  30-
yillarga  kelib  respublikaning  maktab  ta’limiga  mafkuraviy  tazyiq  o’tkazish,  muallimlar 
tarkibini elak-elak qilish atayin kuchaytirildi. 
Oliy va o’rta maxsus ta’lim. Sovetlarning xalq ta’limi sohasida yuritgan siyosatinin 
muhim yo’nalishlaridan biri, bu oliy va o’rta maxsus ta’lim tizimini shakllantirish hamda 
rivojlantirish  edi.  Har  qanday  tuzumda  bo’lgani  singari,  sovet  hokimiyati  ham  yangi 
tuzum  g’oyalari  va  ideallari  ruhida  tarbiyalangan,  unga  sadoqat  bilan  xizmat  qiladigan 
ko’plab yuqori malakali, o’qimishli kadrlarga o’tkir ehtiyoj sezardi, albatta. 

Shu  o’rinda  ta’kidlash  joizki,  Turkistonda  oliy  ta’limni  tashkil  etish  g’oyasini, 
dastavval, o’lkaning ilg’or jadid namoyadalari ilgari surganlar. Xususan, ular tashabbusi 
bilan  1918-yil  mayida  Toshkentda  ilk  bor  milliy  universitet  ochilib,  u  ilmga  chanqoq 
ko’plab mahalliy yoshlarni o’z bag’riga olgan edi. Biroq har narsada o’zini ko’rsatishga 
intilgan sovetlar yurtparvar jadidlar tashabbusini bo’g’ib, 1920-yil sentabrida Toshkentda 
Turkiston  Davlat  Universitetini  tashkil  etdilar.  Keyinchalik  O’rta  Osiyo  Universiteti 
maqomini olgan bu oliygoh o’lkada oliy ta’limni rivojlantirish, yuqori mutaxassis kadrlar 
tayyorlash  o’chog’i  bo’ldi.  Biroq  bu  o’quv  dargohi  professor-o’qituvchilarining  mutloq 
tarkibi  yevropalik  millat  vakillaridan  iborat  edi.  Shu  bois  unda  o’qitish  rus  tilida  olib 
borilardi. Bu esa mahalliy millat yoshlari uchun jiddiy qiyinchiliklar tug’dirardi. Shuning 
uchun  ham  universitet  talabalari  safida  ularning  salmog’i  juda  ozchilikni  tashkil  etardi. 
Keyinroq 30-yillarda  bu bosh  oliy  o’quv yurti  negizida ko’plab  turli xil  yo’nalishlardagi 
Oliy  o’quv  yurtlari,  jumladan,  politexnika,  moliya-iqtisod,  tibbiyot,  qishloq  xo’jalik, 
to’qimachilik  institutlari,  Samarqand  davlat  universiteti  va  boshqalar  tashkil  etildi. 
Shuningdek,  bu  davrda  yuqori  malakali  pedagogik  kadrlarga  talab  o’sib  borganligidan, 
Buxoro,  Samarqand,  Toshkent,  Nukus,  Xiva,  Urganch,  Farg’ona  va  Namangan  singari 
shaharlarda  pedagogika  va  o’qituvchilar  tayyorlash  institutlari  tashkil  etildi.  Natijada 
1932-yilga  kelib  respublikadagi  jami  oliy  o’quv  yurtlari  soni  31  taga  yetdi.  Ulardagi 
talabalar soni 12,2 ming nafarni tashkil etardi. Talabalarning soni 1937-yilda 15,5 mingga, 
1941-yilda esa 18 mingtaga yetdi. 
O’zbekistonning  bu  davrdagi  ta’lim  tizimida  o’rta  maxsus  ta’lim  o’quv  yurtlari 
faoliyati  ham  alohida  o’rin  egallaydi.  20-yillarda  Respublikada  6  ta  qishloq  xo’jalik 
texnikumi,  1  ta  tibbiyot  texnikumi,  16  ta  hunar-texnika  maktabi  tashkil  qilindi.  Ularda 
6800  nafar  yoshlar  o’qidi.  Shuningdek,  shu  vaqtda  5  ta  pedagogika  texnikumi,  2  ta 
pedagogika  bilim  yurti,  bitta  xotin-qizlar  bilim  yurti  mavjud  bo’lib,  ular  orqali  ko’plab 
bilimli,  malakali  pedagog  kadrlar  tayyorlandi.  XX  asr  40-yillari  boshlariga  kelib 
O’zbekistonda  maxsus  bilim  yurtlari soni  92 taga  yetgan bo’lib,  ularda  12,6  ming nafar 
yoshlar ta’lim olmoqda edi. 
F  a  n.  Respublikada  ilm-fanning  ravnaq  topishi  ham  tabiiy  holdir.  Yurtning  ko’plab 
iqtidorli, zakovatli yoshlari o’zlarini ilm-fanga bag’ishlab, asta-sekin uning cho’qqilariga 
ko’tarilib  bordilar.  30-yillarga  kelib  o’zbek  fanining  turli  yo’nalishlarida  o’z  yuksak 
salohiyatini  namoyon  etib, o’z  ilmiy  maktabiga  asos  solgan  Qori  Niyoziy,  Abdurahmon 
Sa’diy, Abdulla Avloniy, Yah’yo G’ulomov, Po’lat Soliev, Toshmuhammad Sarimsoqov, 
Halil Rahmatullin, Habib Abdullayev, Sobir Yunusov singari fan olimlari yetishib chiqdi. 
Ayni  zamonda  respublikada  ko’plab  ilmiy-tadqiqot  institutlari,  markazlari  tashkil  etilib, 
fanning  turli  dolzarb  muammolari  ustida  izlanishlar  olib  bordilar.  Bular  jumlasiga 
Butunittifoq  paxtachilik  ilmiy-tadqiqot  instituti  (SoyuzNIXI),  Madaniy  qurilish,  Huquq-
tadqiqot  insitutlari,  Gidrometrologiya  instituti,  Geliotexnika  labaratoriyasi,  Astronomiya 
observatoriyasi  va  boshqalarni  misol  keltirish  mumkin.  Mazkur  institutlar  va  ilmiy 
markazlarga  jalb  etilgan  ilmiy  kuchlar,  fan  fidoyilari  ittifoq  va  respublika  ahamiyatiga 
molik qanchalab hayotiy muammolar, masalalarning yechimini topishda jiddiy tadqiqotlar 
olib  bordilar.  Ayniqsa  paxtachilik,  uning  tez  pishar,  sifatli  navlarini  yaratish  sohasida 
muhim  yangiliklar  qilindi.  Geolog  olimlar  sa’y-harakatlari  bilan  yangi  konlar,  turli  xil 
ma’dan  topilmalari  kashf  qilindi.  1927-yilda  Farg’ona  vodiysida  Sho’rsuv  neft  koni 
ochildi.  Sement  ishlab  chiqarish  uchun  xomashyo  qidirib  topildi.  Qator  mis,  oltin, 

kumush, qalay, marmar konlari topilib, ishga tushirildi. 
Respublikada ijtimoiy fanlar, shu jumladan, tarix va arxeologiya sohalarida ham ancha 
ilmiy-tadqiqot  ishlari  ko’zga  tashlandi.  Yirik  arxeolog  olimlar:  Ya.G’ulomov,  S.Tolstov 
Xorazmda,  M.E.Masson  Samarqandda,  VA.Shishkin,  O.Nabiev,  A.T.Okladnikovlar 
Ohangaron  vodiysi  va  Termiz  atrofida  katta  hajmdagi  qazilma  ishlarini  olib  bordilar. 
Boysunda  eng  qadimgi  ajdodlarimiz  nasliga  oid  neandertal  odami  qoldiqlari,  madaniy 
izlari topilishi fanda muhim yangilik bo’ldi. O’zbekiston fani markaz olimlari tomonidan 
ham e’tirof etildi. 
1939-yil 9-yanvarda O’zbekiston XKS (hukumati) huzuridagi Fan qo’mitasi negizida 
SSSR FAning O’zbekiston filiali ta’sis etildi. O’sha kezlarda uning tarkibida 75 ta ilmiy-
tadqiqot  institutlari  va  muassasalari  mavjud  edi.  Ular  3024  nafar  ilmiy  xodimlarni  o’z 
safiga  birlashtirgandi.  Bularning  109  nafari  fan  doktorlari,  510  nafari  fan  nomzodlari 
edilar.  1943-yil  4-noyabrda  O’zbekiston  Fanlar  akademiyasi  ochildi,  uning  birinchi 
prezidenti etib taniqli olim T.N.Qoriniyoziy saylandi. 
«Hujum» harakati. XX asrning 20-yillarida o’z mohiyati bilan o’zbek xotin-qizlarini 
tutqinlikdan ozod qilishga qaratilgan harakat boshlanadi. 
Ma’lumki,  Turkiston  xotin-qizlari  hayoti  asrlar  davomida  musulmonchilik  qonun-
qoidalari va an’analari asosida kechgan va o’ziga xos xususiyatlarga ega bo’lgan. 
Jumladan,  ular  aksariyat  hollarda  uy-ro’zg’or  ishlari  va  farzand  tarbiyasi  bilan 
shug’ullanishgan.  Sovet  hukumati  esa  bunday  turmush  tarziga  diniy  xurofot  sifatida 
qaradi.  Shu  bilan  birlikda  ayollarning  erkaklar  bilan  teng  huquqliligi,  ularning  tor  oila 
muhitidan ozod bo’lib, keng ijtimoiy-siyosiy hayotga tortilishi g’oyasi ilgari surildi. 
Shu  narsa  haqiqatki,  jamiyat  rivojlanib  borar  ekan,  odamlarning  ongi  ham  o’zgarib 
boradi. Turmush tarzi yangilanadi, u zamonga moslashadi. Shu ma’noda o’zbek ayollarini 
paranjidan ozod qilish yangi tuzum oldidagi muhim vazifalardan ekanligi tabiiydir. Biroq 
bu  masalani  eng  avvalo  jamiyat  fuqarolari  orasida  keng  ko’lamli  tushuntirish,  ma’rifiy 
yo’llar orqali hal qilish mumkin edi. Jadidlar rahbarlari M.Behbudiy, F.Xo’jayev, A.Fitrat, 
A.Cho’lpon, A.Avloniylar ham bu masalani hal etishni o’z oldilariga muhim vazifa qilib 
qo’ygan  edilar.  Shu  maqsadda  tashkil  etilgan  respublika,  viloyat,  tuman,  shahar  sovet 
tashkilotlari  qoshidagi  xotin-qizlar  bo’limlarida  dastlab  umuman  to’g’ri  ish  olib 
borilgandi. 
Buning  natijasida  xotin-qizlar  ijtimoiy  foydali  mehnatga,  jamoatchilik  ishlariga  faol 
tortila boshlagandi. Uni o’zbek xotin-qizlari xursandchilik bilan kutib oldi. Chunki ochiq 
yurish, yorug’ olamni ko’rish, ilm olish, erkaklar bilan teng huquqli bo’lish ularning ham 
asriy orzusi edi. 
Biroq  VKP(b)  MQ  O’rta  Osiyo  byurosining  1926-yil  sentabrdagi  maxsus  qarori 
asosida  bu  harakatni  sun’iy  ravishda  tezlashtirishga  kirishildi.  Oqibatda  bu  majburiy 
harakat  «Hujum»  nomini  oldi.  Biroq  bu  harakat  afsuski,  shoshma-shosharlik, 
ma’muriyatchilik  yo’li  bilan  mahalliy  shart-sharoitlarni,  xalq  udumlari,  urf-odatlarini 
e’tiborga olmasdan  jadallashtirildi. Bunga  hattoki  erkak kommunistlar ham  tayyor  emas 
edilar. 
Xotin-qizlarni  ijtimoiy  hayotga  jalb  qilish  harakati  dastlab  ancha  sezilarli  yutuqlarga 
erishib  bordi.  1927-yil  bahoriga  kelib  100  ming  ayol  paranji  tashladi.  Ming-minglab 
ayollar  korxonalarga,  turli  yumushlarga  tortildilar.  Ular  orasidan  ko’plab  traktorchilar, 
brigadirlar,  kolxoz  raislari,  klub  va  kutubxona  mudirlari  tayyorlandi.  Jumladan,  1927-

1929-yillarda  sudlarning  xalq  maslahatchilari  orasida  o’zbek  ayollari  563  kishiga  yetdi. 
1926-yilda  birgina  Toshkent  va  Farg’ona  viloyatlari  «Qo’shchi»  uyushmalarining  4900 
ayol  a’zolari  bor  edi.  1927-yil  davomida  7169  ayol  kasaba  uyushmalariga  a’zo  bo’lib 
kirdi.  5916  ayol  matlubot  kooperatsiyalariga  a’zo  bo’ldi.  2343  xotin-qizlar  davlat 
organlariga saylandi. 
1927-1928-yillarda  «Hujum»  harakati  yanada  keng  quloch  yozdi.  Paranji  tashlagan 
ayollar  uchun  32  ta  savodsizlikni  tugatish  maktablari  tashkil  qilindi.  1927-yilda  birgina 
Qo’qon  okrugida  bunday  maktablar  soni  75  taga  yetkazildi.  Toshkentning  eski  shahar 
qismida 1409 o’quvchini qamrab olgan 35 ta ayollar maktabi faoliyat ko’rsatdi. 
Biroq  bu  borada  qo’llanilgan  zo’rlash,  majburlash  yo’li  va  usullari  o’zining  salbiy 
natijalarini  bermasdan  qolmadi.  Joylarda  xotin-qizlarni  o’ldirish  hollari  ruy  berdi. 
Masalan,  Oltiariq  tumani  Poloson  qishloqlik  dehqon  Abduqodir  Hojimatov  o’z  xotinini 
osib  o’ldirdi.  Andijon  viloyatida  faol  ishchi  ayollardan  sanalgan  Xadicha  Eshboboyeva 
qora  kuchlar  tomonidan  o’ldirildi.  Umuman,  1927-1928-yillarda  2,5  mingdan  ortiq  faol 
ayollar yovuz kuchlar qurboni bo’ldi. 
Ammo  «Hujum»  harakati  qiyinchiliklar,  chekinishlar  bilan  bo’lsada,  hayotga  tadbiq 
etib  borildi.  Buning  natijasida  o’zbek  ayoli  ijtimoiy  ishlab  chiqarishga,  hatto  eng  og’ir 
mehnat talab qiladigan ishlarga ham tortildi. 
«Hujum» harakatining o’sib borishi davomida 1937-yilga kelib 273637 nafar o’zbek 
xotin-qizlari  savodsizlikni  tugatish  kurslarini  muvaffaqiyatli  bitirdilar.  Ayol  ishchilar  va 
xizmatchilar  soni  1940-yilda  232  ming  kishiga  etdi.  Bu  esa  butun  respublikadagi 
ishchilarning  40,7  foiziga  teng  edi.  Ular  tikuvchilikda  82,3  qandolatchilikda  65,5, 
to’qimachilikda 88 foizni tashkil etardi. 
Shu bilan birlikda bu  mavsumiy harakat ko’pgina salbiy oqibatlarning yuz berishiga 
ham  sabab  bo’ldi.  «Hujum»  harakatida  faol  ishtirok  etib,  butun  ongli  hayoti,  faoliyatini 
sotsializm ishiga, uning soxta g’oyalari chinligiga ishongan qanchalab ilg’or xotin-qizlar 
keyinchalik  qatag’onlik  qurboni  bo’ldilar.  Bunga  o’zbek  xotin-qizlari  ozodligi 
kurashining  taniqli  namoyandalari  -  Tojixon  Shodieva,  Sobira  Xoldorova,  Xosiyat 
Tillaxonova,  Maryam  Sultonmurodova,  Xayriniso  Majidxonova  singarilarning  fojiali 
hayoti to’la misol bo’la oladi. 
Ma’naviy-madaniy  hayot.  Bu  yillarda  o’zbek  xalqining  olis  asrlarga  borib 
qadaluvchi  moddiy  va  ma’naviy  madaniyati  durdonalari,  osori  atiqalari,  masjidu 
madrasalar,  maqbaralar  ko’rinishidagi  noyob  me’moriy  obidalariga  zo’r  berib  xujum 
uyushtirildi.  Binobarin,  bu  maskanlarning  bora-bora  qarovsiz,  xarob  ahvolga 
keltirilganligi  tasodifiy  emasdir.  Ayniqsa  bunda  xalqimizning  dilidan  chuqur  joy  olgan 
uning  uzoq  asrlik  islomiy  qadriyatlari  zavol  topdirilganligi  achinarlidir.  Hatto  bu  razil 
maqsadga erishishda joylarda «Xudosizlar jamiyatlari» tuzilib, diniy tasavvurlarga, uning 
peshvolariga qarshi hujumdor ateistik kurash avj oldirildi. Buning oqibatida yurt ziyolilari 
sanalgan  qanchalab  ruhoniylar,  ulamoyu  fuzalolar  ayovsiz  ta’qibu  quvg’inlarga  duchor 
etildi yoxud qirg’in qilindi. 
Shunga qaramay o’zbek xalqining ko’plab yurtparvar ziyolilari fidoyilik namunalarini 
ko’rsatib,  barcha  qiyinchiliklarga  dosh  berib  respublika  madaniy  hayotida  faol 
qatnashdilar. 
1929-yilda  o’zbek  musiqali  teatriga  asos  solindi.  1933-yilga  kelib  Xamza  nomli 
akademik  drama  teatri  ish  boshladi.  Har  qanday  mafkuraviy  tazyiqlarga  qaramasdan 

milliy ruh ustivor bo’lib qolaverdi. Xalqimiz orasidan Xoji Abdulaziz Abdurasulov, Ota 
G’iyos  Abdug’aniyev,  Madrahim  Sheroziy,  Domla  Halim  Ibodov,  Abror  Hidoyatov, 
Mulla  To’ychi  Toshmuhamedov,  Shorahim  Shoumarov,  Soraxonim,  Tamaraxonim, 
Lutfixonim, Mukarramaxonim singari nomdor san’atkorlar yetishib chiqdi. 
1936-yilda  Toshkent  konservatoriyasining  ochilishi  madaniy  hayotda  katta  voqea 
bo’ldi.  O’zbek  musiqa  madaniyatining  zabardast  vakillari  -  Yunus  Rajabiy,  Muxtor 
Ashrafiy,  Tolibjon  Sodiqov,  To’xtasin  Jalilov  singari  san’atkorlar  ijodi  xalq  dilidan 
chuqur joy oldi. 
1937-yilda  Moskvada  o’tkazilgan  birinchi  o’zbek  san’ati  va  adabiyoti  dekadasida 
«Gulsara», «Layli va Majnun» operalari, «Farhod va Shirin» musiqali dramasi va boshqa 
sahna asarlari katta mahorat bilan namoyish etildi. 
30-yillarda  O’zbekistonda  kino  san’ati  shakllandi.  Uning  yorqin  ifodasi  sifatida  shu 
davrda yaratilib ekranlarga chiqarilgan «Asal», «Qasam», «Ravot qashqirlari», «Azamat» 
singari filmlarni tilga olib o’tish joizdir. 
Ularni  yaratishda  Komil  Yormatov,  Nabi  G’aniev,  Sulaymon  Xo’jayev,  Yo’ldosh 
A’zamov, Rahim Pirmuhamedov singari ajoyib o’zbek kino ustalari xizmatlari benazirdir. 
20-30-yillarda  respublikada  ko’plab  madaniy  inshootlar  qurildi.  1932-yilda 
respublikada 707 ta kutubxona, 3087 ta klub, 409 ta kino qurilma, 32 ta teatr, 13 ta muzey 
mavjud edi. 
1937-1940-yillarda O’zbekiston shahar va qishloqlari radiolashtirildi. Yangidan 264 ta 
ko’chma  va  doimiy  kino  qurilmalari  o’rnatilib,  ularning  soni  797  taga  yetkazildi.  1941-
yilda  kitob nashr qilish 4375 nomga  yetkazildi va 48  mln. nusxani tashkil  etdi. 40-yillar 
boshlariga kelib kutubxona, klub, badiiy havaskorlik jamoalari soni 2 baravarga ko’paydi. 
Download 5.05 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   ...   18   19   20   21   22   23   24   25   ...   39




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling