1. Moliyaviy rejalashtirish va bashoratlash Moliyaviy rejalashtirish asosida ijtimoiy iqtisodiy jarayonlarni moliyaviy tartibga solish


Download 28.31 Kb.
bet1/2
Sana30.01.2023
Hajmi28.31 Kb.
#1141576
  1   2
Bog'liq
26.10.2022


6-mavzu: Moliyaviy rejalashtirish va bashoratlashtirish


Reja:
1. Moliyaviy rejalashtirish va bashoratlash
2.Moliyaviy rejalashtirish asosida ijtimoiy iqtisodiy jarayonlarni moliyaviy tartibga solish

1.Moliyaviy rejalashtirish va bashoratlash har qanday sotsial-iqtisodiy jarayonlarni boshqarish tizimining asosiy bosqichlaridan biri rejalashtirishdir. Iqtisodiy adabiyotlarda, eng umumiy shaklda, rejalashtirish istiqbolga yo‘naltirilgan qarorlarni qabul qilish bo‘yicha faoliyat deb talqin qilinadi.


“Rejalashtirish” tushunchasining ma’no-mazmunini yanada umumiyroq bo‘lgan va xo‘jalik yurituvchi sub’ektlar faoliyatini muvofiqlashtirishning ob’ektiv zarurligi va imkoniyatini anglatuvchi “rejalilik” orqali aniqlash mumkin. Haqiqatdan ham rejalashtirish amaliyotda rejalilikni amalga oshirishni, ya’ni balanslilik (muvozanat) va proporsionallilikka (mutanosiblikka) erishish bo‘yicha ongli faoliyatni bildiradi. Shu ma’noda, moliyaviy resurslarning balansliligini (muvozanatini) va prorporsionalliligini (mutanosibligini) ta’minlashga qaratilgan faoliyatga moliyaviy rejalashtirish deyiladi.
Bunda balanslilik (muvozanat) davlatning ixtiyorida bo‘lgan moliyaviy resurslar va xo‘jalik yurituvchi sub’ektlarning ixtiyorida (qo‘lida) qolgan daromadlar o‘rtasidagi optimal nisbatni bildiradi. Proporsionallik (mutanosiblik) esa korxonalar, xo‘jalik tarmoqlari, mintaqalar va davlat sub’ektlari bo‘yicha daromadlarning soliq to‘languncha va soliq to‘langandan keyingi o‘lchamlari (miqdorlari) o‘rtasidagi oqilona nisbatdan iborat. Ana shu nisbatni ko‘paytirish yoki kamaytirish orqali davlat ularning rivojlanishini rag‘batlantirish yoki cheklab qo‘yishi mumkin.
Umumiy va oddiy ko‘rinishda, moliyaviy rejalashtirish deyilganda moliyaviy rejalarni tuzish va amalga oshirish jarayoni nazarda tutiladi. Moliyaviy rejani, xuddi uni ishlab chiqish, yaratish yoki tuzish jarayoni kabi moliyaviy ko‘rsatkichlarni ijodiy tahlil qilish, umumlashtirish va o‘zaro bog‘lash tizimi sifatida qarash kerak. Amaliyotda tez-tez foydalaniladigan rejalashtirish ma’lumotlarini, masalan, korxona faoliyatining shakliy modelini ishlab chiqish va shu asosda moliyaviy ko‘rsatkichlarning rejali tizimini aniqlashni, moliyaviy rejalashtirishning ishchi sxemasi sifatida qarash mumkin. Shuni nazarda tutish kerakki, moliyaviy rejalashtirish jarayonida u yoki bu sub’ekt faoliyat ko‘rsatishi moliyaviy ta’minlanishining hayotiychanligini oshiruvchi noshakliy omillar inobatga olinishi kerak.
“Moliyaviy rejalashtirish” tushunchasi o‘z ichiga quyidagilarni oladi:
• taraqqiyotning asosiy tendensiyalarini aniqlash va moliyaviy tahlil qilish;
• jalb qilingan mablag‘lar va vaqtincha bo‘sh turgan mablag‘larni joylashtirish menejmenti;
• firma ichidagi moliyaviy natijalar va pullarni rejalashtirish, hisobga olish va nazorat qilish texnologiyasi;
• investitsion menejment;
• kapitallar menejmenti;
• faoliyatning boshqa ko‘rinishlari (trast, faktoring, lizing va boshqalar).
Quyidagilar moliyaviy rejalashtirishning asosiy vazifalari hisoblanadi:
• ishlab chiqarish, investitsion va moliyaviy faoliyatlarni kerakli bo‘lgan moliyaviy resurslar bilan ta’minlash;
• pul mablag‘laridan iqtisod qilib, tejab-tergab foydalanish hisobidan korxonaning foydasini oshirish bo‘yicha ichki rezervlarni qidirib topish;
• kapitalni samarali joylashtirish yo‘llarini aniqlash, undan oqilona va samarali foydalanishni baholash;
• kontragentlar bilan optimal moliyaviy munosabatlarni o‘rnatish;
• korxonaning moliyaviy ahvoli, to‘lovga qobilligi va kreditga layoqatliligi ustidan nazorat o‘rnatish.
Bozor munosabatlariga o‘tilganiga qadar moliyaviy rejalashtirishning mazmuni korxonalarda sof operativ vazifalarni – markazlashtirilgan iqtisodiyot amal qilganligi uchun yetarli darajada formal bo‘lgan korxonalarning besh yillik moliyaviy rejalaridagi ko‘rsatkichlarni ishlab chiqish, istiqbolga mo‘ljallangan rejalarning loyihasini baholash, korxonaning yillik moliyaviy rejalarini tuzish kabilarni hal etishga qaratilgan edi. Bunday amaliyotning hukm surganligi korxona moliyaviy xizmatlarining obro‘yiga obro‘ qo‘shmas, chunki ularga hech narsa bog‘liq emas edi. Bozor iqtisodiyotida moliyaviy xizmatlarning roli tubdan o‘zgaradi. Ular korxona rivojlanishini faol va ta’sirchan boshqaradi va bir vaqtning o‘zida, shu rivojlanishning yo‘nalishi va sifatini nazorat qiladi.
Hozirgi sharoitdagi moliyaviy rejalashtirish barcha zaruriy harakatlarni oldindan ko‘zda tutishgina (ko‘ra bilishgina) emas. Bu tegishli ishlarni amalga oshirish jarayonida yuzaga chiqishi mumkin bo‘lganhar qanday kutilmagan holatlarni ko‘ra olish qobiliyati hamdir. Albatta, xo‘jalik yurituvchi sub’ekt o‘z faoliyatidagi barcha risklarga barham beraolmaydi. Lekin u ana shu risklarni samarali oldindan ko‘ra bilish yordamida boshqarish imkoniyatiga ega.
Moliyaviy rejalashtirish amaliyotida quyidagi asosiy metodlardan foydalanish mumkin:
• iqtisodiy tahlil metodi;
• normativ metod;
• balansli hisob-kitoblar va pul oqimlari metodi;
• ko‘p variantlilik metodi;
• iqtisodiy-matematik modellashtirish metodi va boshqa metodlar.
Moliyaviy rejalashtirish jarayonining quyidagi asosiy bosqichlarini ajratib ko‘rsatish mumkin:
• xo‘jalik yurituvchi sub’ektlar faoliyatining moliyaviy natijalarini t
dqiq etish;
• operativ rejalarning o‘zgarishi asosida moliyaviy hisobotlarning bashorat variantlarini ishlab chiqish;
• o‘z reja topshiriqlarining bajarilishini ta’minlash uchun xo‘jalik yurituvchi sub’ektning moliyaviy resurslarga bo‘lgan konkret ehtiyojlarini aniqlash;
• moliyalashtirish manbalari (shu jumladan, o‘z va tashqi manbalarning) va ularning tarkibiy tuzilishini bashoratlash;
• xo‘jalik yurituvchi sub’ektlar moliyasini boshqarishning tizimini yaratish va uni ushlab turish (qo‘llab-quvvatlash);
• shakllantirilgan rejalarni operativ o‘zgartirish tartibini (protsedurasini) ishlab chiqish.
Moliyaviy rejalashtirishning ikki turi bo‘lishi mumkin:
• strategik moliyaviy rejalashtirish;
• joriy moliyaviy rejalashtirish.
Strategik moliyaviy rejalashtirish o‘z ifodasini strategik moliyaviy rejalarda topadiki, u tashqi va ichki muhitda o‘zgarayotgan xo‘jalik yuritish sub’ekti moliyaviy taraqqiyotining ko‘p variantli bashoratidan iboratdir.
Strategik moliyaviy reja, hech bo‘lmaganda, quyidagi savollarga aniq javob bermog‘i lozim:
• xo‘jalik yurituvchi sub’ekt uchun talab qilinadigan kapitalning o‘lchami qanday, u qaysi manbalar hisobidan va qanday muddatlarda jalb qilinadi?
• bu kapitaldan qanday qilib foydalaniladi?
• o‘z kuchiga ishongan holda xo‘jalik yurituvchi sub’ekt rivojlanishi mumkinmi? Agar yo‘q bo‘lsa, moliyaviy resurslarni jalb qilishning manbalari qanday?
• xo‘jalik yurituvchi sub’ekt pul mablag‘lari tushumi, ishlab chiqarishning rentabelligi va investitsiyalar daromadligining qanday darajalariga chiqishi mumkin va qay muddatlarda?
O‘z navbatida, joriy moliyaviy rejalashtirishning asosiy funksiyalari quyidagilardan iborat:
• ishlab chiqarish, investitsion, marketing, ilmiy-loyihaviy va qidiruv faoliyatlarini hamda sotsial loyihalarni amalga oshirish uchun zarur bo‘lgan moliyaviy resurslarning hajmi va ularning manbalarini aniqlash;
• mahsulotni (ishni, xizmatni) ishlab chiqarish va realizatsiya qilish tannarxini rejalashtirish;
• pul oqimlarini rejalashtirish;
• butun xo‘jalik yurituvchi sub’ekt doirasida foydani rejalashtirish (bashoratlash);
• investitsiyalarning daromadliligini rejalashtirish.
Moliyaviy rejalashtirish mamlakat milliy xo‘jaligini rejalashtirishning tarkibiy qismi bo‘lib, sotsial-iqtisodiy rivojlanish rejasining ko‘rsatkichlariga tayanadi, moliya tizimi barcha organlarining faoliyatlarini muvofiqlashtirishga (koordinatsiya qilishga) yo‘naltiriladi. Moliya tizimi alohida bo‘g‘inlarining nisbiy mustaqilligi quyidagilarni o‘zida aks ettiruvchi moliyaviy rejalarning ishlab chiqilishi zarurligini belgilab beradi:
• pul fondlarini shakllantirish va ulardan foydalanish shakllari va metodlarining o‘ziga xosligi;
• moliyaviy resurslarni tarmoqlar va hududlar bo‘yicha qayta taqsimlash.
Moliyaviy rejalashtirishning bosh ob’ekti rejada o‘zining miqdoriy ifodasini oladigan moliyaning bo‘g‘inlari (moliyaviy munosabatlar) hisoblanadi.
Konkret pul fondlari mablag‘larining harakati yagona tizimga birlashtirilgan tegishli moliyaviy rejalarda ifodalanadi va mustahkamlanadi.
Moliyaviy rejalar tizimining markazini budjet rejasi egallaydiki, unda budjet fondining harakati, daromadlar va xarajatlarni shakllantirish va ulardan foydalanishning shakllari va metodlari, daromad va xarajatlarning tarkibiy tuzilishi va tuzilmasi o‘zining miqdoriy ifodasini topadi.
Nobudjet fondlarning harakati, mos ravishda, Pensiya fondi, Sotsial sug‘urta fondi, Majburiy tibbiyot sug‘urtasi fondi, Yo‘l fondi, Aholi bandligi davlat fondi kabilarning moliyaviy rejalarida (smetalarida), ularning daromadlari va xarajatlarida o‘z aks ettiriladi. Ularning daromadlar qismida yuridik va jismoniy shaxslarning majburiy va ixtiyoriy badallari ifodalanadi. Sug‘urta badallarining miqdori mehnat haqiga nisbatan foizlarda o‘rnatiladi. Nobudjet fondlarga qisman budjet mablag‘lari tushishi, mablag‘lar yetishmaganda nobudjet fondlari bir-birlaridan qarzga mablag‘lar olishi mumkin. Shunday qilib, nobudjet fondlari bir-biri va budjet fondi bilan chambarchas bog‘liqdir.
Sug‘urta fondi butun jamiyat, alohida mintaqalar, hududlar va fuqarolar masshtabidagi yo‘qotmalarni tiklash uchun kerak bo‘ladi. Barcha ho‘jalik yurituvchi sub’ektlarning ehtiyojlarini hisobga olish uchun sug‘urta fondi ham rejali tarzda shakllantiriladi va undan foydalaniladi. Bu yerdagi moliyaviy rejaning daromadlar qismida korxona, tashkilot va alohida fuqarolarning badallari, boshqa fondlardan (budjet yo‘nalishidagi) mablag‘larning tushishi, xarajatlar qismida esa tabiiy ofatlardan ko‘rilgan zararlarni qoplash, sug‘urtalanganlarga sug‘urta to‘lanmalari summasini to‘lash kabilar aks ettiriladi. Sug‘urta fondini shakllantirish va undan foydalanishning rejasi mablag‘larning yanada samaraliroq foylanilishiga imkon beradi.
Moliyaviy rejalashtirishning umumdavlat va hududiy darajalariga istiqboldagi (istiqbol uchun mo‘ljallangan) moliyaviy rejalar, moliyaviy balanslar va shuningdek, aholi daromadlari va xarajatlari harakatining balansini ishlab chiqish va amalga oshirishlar kiradi.
Istiqboldagi (istiqbol uchun mo‘ljallangan) moliyaviy rejalashtirish iqtisodiy va sotsial taraqqiyot hamda moliyaviy siyosatni muvofiqlashtirishni (koordinatsiya qilishni) ta’minlash, shuningdek ishlab chiqiladigan islohotlar, dasturlar va qonunlarning moliyaviy oqibatlarini kompleks tarzda bashoratlash, uzoq muddatli salbiy tendensiyalarni kuzatish va ularga nisbatan tegishli choralarni o‘z vaqtida qabul qilish maqsadlarida amalga oshiriladi.
Odatda, istiqboldagi (istiqbol uchun mo‘ljallangan) moliyaviy rejalar navbatdagi uch yil uchun ishlab chiqilib, uning birinchi yili uchun budjet tuziladi, navbatdagi ikki yil reja davri hisoblanib, ular davomida e’lon qilingan iqtisodiy siyosatning haqiqiy natijalari kuzatiladi. Istiqboldagi (istiqbol uchun mo‘ljallangan) moliyaviy rejalar mamlakat, uning ma’muriy-hududiy tuzilmalari sotsial-iqtisodiy rivojlani-shining aniqlashtirilgan o‘rta muddatli bashoratining ko‘rsatkichlarini hisobga olgan holda har yili o‘zgartirilishi (korrektirovka qilinishi) mumkin. Reja davri esa, bunda yana bir yil oldinga suriladi.
Ijtimoiy takror ishlab chiqarishning proporsionalligi va balansliligini ta’minlashda, pul muomalasini tartibga solishda davlatning yig‘ma moliyaviy balansi (moliyaviy resurslar balansi) va har bir ma’muriy-hududiy tuzilmalarning daromadlar va xarajatlar balansi muhim o‘rinni egallaydi. Davlatning yig‘ma moliyaviy balansi (moliyaviy resurslar balansi) mamlakat, uning sub’ektlari, mahalliy-hududiy tuzilmalari va ma’lum hududda faoliyat ko‘rsatayotgan barcha xo‘jalik yurituvchi sub’ektlarning barcha daromadlari va xarajatlarining jamidan iboratdir. U o‘tgan yilgi davlatning hisobot yig‘ma moliyaviy balansi ( hisobot moliyaviy resurslar balansi) asosida va mamlakat sotsial-iqtisodiy taraqqiyotining bashorat ko‘rsatkichlariga muvofiq ravishda tuziladi hamda ular budjet loyihalarini ishlab chiqishda asos bo‘lib xizmat qiladi. Bu moliyaviy rejalar (hujjatlar) Moliya vazirligi va moliya tizimining boshqa bo‘linmalari faol ishtirokida Iqtisodiyot vazirligi tomonidan ishlab chiqiladi. Balansda budjet fondi, nobudjet fondlar, sug‘urta fondi, kredit fondi, korxona va tashkilotlarning pul fondlari va nihoyat, fuqarolarning pul mablag‘lari tarkibida rejalashtirilayotgan resurslarning shakllanishi va ulardan foydalanish aks ettiriladi. Moliyaviy rejalashtirishning balans metodi mamlakat, uning ma’muriy-hududiy tuzilmalari va mahalliy ma’muriyatlari masshtabida moliyaviy resurslar defitsitini aniqlashga, barcha xo‘jalik yurituvchi sub’ektlar o‘rtasida mablag‘larni samarali va asosli qayta taqsimlashga imkon beradi. Davlatning yig‘ma moliyaviy balansi (moliyaviy resurslar balansi) mavjud barcha moliyaviy rejalarni yagona tizimga birlashtiradi. Uning ko‘rsatkichlari budjet va kredit rejalarini, shuningdek boshqa moliyaviy rejalarni tuzishda asos sifatida qabul qilinadi. Boshqa bir sintetik balans – aholi daromadlari va xarajatlarining balansi - davlatning yig‘ma moliyaviy balansi (moliyaviy resurslar balansi) bevosita bog‘langandir. Unda naqd pulli va naqd pulsiz shakllardagi aholi pul resurslarining harakati o‘z ifodasini topadi.

Download 28.31 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:
  1   2




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling