13. “O‘zmetkombinat” AJ (R.Pirmatov), “Olmaliq KMK” AJ (A.Xursanov), “Navoiy KMK” AJ (Q.Sanaqulov) va “O‘zbekneftgaz” AJ (B.Sidiqov)larning futbolni rivojlantirishga homiylik xayriya yordamini ko‘rsatish to‘g‘risidagi taklifiga rozilik berilsin.
Vazirlar Mahkamasi (A.N. Aripov):
bir oy muddatda futbol bo‘yicha O‘zbekiston Superligasi va Proligasining professional futbol klublarini homiy tashkilotlarga biriktirsin;
O‘zbekiston olimpiya terma jamoasining 2024 yil Parij shahri (Fransiya) va 2028 yil Los-Andjeles shahri (AQSh)da bo‘lib o‘tadigan yozgi Olimpiya o‘yinlarida ishtirok etishini ta’minlash maqsadida O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasi huzuridagi “OLYMPIC Professional futbol klubi”ni qo‘shimcha moliyaviy qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha zarur chora-tadbirlarni belgilab borsin.
Bunda, O‘zbekiston futbol assosiasiyasi, uning hududiy bo‘linmalari, O‘zbekiston Professional futbol ligasi va professional futbol klublarining faoliyatini moliyalashtirishga yuridik shaxslar tomonidan yo‘naltiriladigan homiylik va xayriya yordami shaklidagi mablag‘lar summasi foyda solig‘ini hisoblashda soliq solinadigan foydadan chegirib tashlanadi.
14. O‘zbekiston futbol assosiasiyasi (A.Azizov) Yoshlar siyosati va sport vazirligi (A.Ikramov), Iqtisodiyot va moliya vazirligi (SH.Kudbiyev), Davlat aktivlarini boshqarish agentligi (A.Ortiqov) bilan birgalikda uch oy muddatda O‘zbekiston Superligasi va Proligasining professional futbol klublariga homiylik va xayriya ko‘rsatgan, shuningdek, ommaviy savdolarga qo‘yilgan futbol klublarini sotib olgan investorlarni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash hamda ularga qo‘shimcha yengilliklar yaratish yuzasidan takliflarni kiritsin.
15. 2026 yil 1 aprelga qadar O‘zbekiston futbol assosiasiyasi, uning hududiy bo‘linmalari, O‘zbekiston Professional futbol ligasi, O‘zbekiston futbol hakamlari markazi, professional futbol klublari va akademiyalari belgilangan tartibda shakllantiriladigan ro‘yxatga asosan futbol bo‘yicha sport ob’ektlarining moddiy-texnika bazasini mustahkamlash uchun zarur bo‘lgan, O‘zbekiston Respublikasida ishlab chiqarilmaydigan sport asbob-uskunalari va texnologiyalari, inventarlari, translyasiya qilish bilan bog‘liq barcha asbob-uskunalar va texnikalar, farmakologiya mahsulotlari, sport ozuqalari, futbol (futzal) maydonlari uchun sun’iy o‘tlar, shokpad, granulalar, maxsus yelim va maxsus professional sport kiyimlari, maxsus texnika va transport vositalarini olib kirganlik uchun bojxona bojini to‘lashdan ozod qilinsin.
Do'stlaringiz bilan baham: |