1. Qadimgi Yunon-Rim falsafasi


Download 93.84 Kb.
bet5/7
Sana31.01.2024
Hajmi93.84 Kb.
#1831124
1   2   3   4   5   6   7
Bog'liq
Falsafiy tafakkur taraqqiyoti bosqichlari - g’arb falsafasi

Tomas Gobbs (1588-1679 yy.) Bekon materializmini bir tizimga solib, uning ta’limotini rivojlantirgan mexanistik usulga asoslanuvchi faylasufdir. Materiyani birlamchi, ongni esa ikkilamchi, deb hisoblagan Gobbs faqatgina bor jismlar mavjud, qolganlari esa to’qib chiqarilgan tasavvurlardir, deb hisoblaydi. U
«Tafakkurni fikr qiluvchi materiyadan ajratish mumkin emas» degan g’oyat muhim fikrni ilgari suradi.
Materiya abadiy, ayrim jismlar esa vaqtinchalik ko’rinishga ega, ular vujudga keladi va yo’q bo’ladi. Gobbsning fikricha, olam mexanik harakat qonunlariga bo’ysundirilgan jismlar majmuidir. Gobbs din insonlarga ta’sir etishning alohida uslubidir, deb hisoblaydi. U matematik edi, shuning uchun ham har qanday to’g’ri chiziq nuqtalardan iborat deb, materiyaning rang-barangligini hisobga olmay, tabiatdagi barcha narsalarni geometriya fani nuqtai-nazaridan tushuntirar edi.
Bilim to’g’risidagi ta’limotida Gobbs Dekartning «tug’ma g’oyalar» nazariyasini tanqid ostiga olib, barcha bilimlarni sezgilardan keltirib chiqaradi. «Kishi aqlida bironta tushuncha yo’qki, dastavval u sezgi a’zolarimizda qisman yoki to’la vujudga kelgan bo’lmasin», deydi Gobbs.
Gobbs jamiyat hayotini tahlil qilishga urinib, davlatning kelib chiqishi va uning mohiyatini tushuntirishga harakat qiladi. Uning fikricha, davlat paydo bo’lishining asosiy sababi xususiy mulkchilikning kelib chiqishi oqibatida kishilar o’rtasidagi kurashning keskinlashib ketishidadir. Jamiyat kishilar bir-birini o’ldirib yubormasliklari, talamasliklari uchun ijtimoiy shartnoma asosida davlatni barpo etadi va o’z huquqlarini himoya qilish uchun unga o’tkazib beradi. Gobbs mutlaq monarxiyani davlatning eng yaxshi shakli deb hisoblaydi.
XVII asrning eng yirik mutafakkirlaridan yana biri fransiyalik Rene Dekart (1596-1650 yy.) edi. Dekart ikki xil substantsiya: materiya va ruh o’zaro yonmayon ravishda mavjud bo’lib, ular xudoga bo’ysunadilar, deb tushuntirgan holda dualistik nuqtai nazarda turdi. U cheksiz va abadiy bo’lgan tabiat inson tafakkuriga bog’liq bo’lmagan holda rivojlanadi va mavjud, deb hisoblaydi.
Dekart o’zining “Usul haqida mulohazalar” nomli asarida matematika, mexanika va geometriyaga asoslanib bilishning deduktiv usulini ishlab chiqishga harakat qildi. U ratsionalizm usulining asoschisi hisoblanadi. Uningcha, bizning sezgi a’zolarimiz hamma narsaga shubha qilishi mumkin, biroq mening fikr qilayotganimga shubha qilish mumkin emas, deb hisoblab, “Men fikr qilayapman, demak men mavjudman”, deb xulosa chiqaradi. Dekart tomonidan yaratilgan deduktiv usulning talablari quyidagilardan iborat:
1.Bilish aniq, shubhaga o’rin qoldirmaydigan darajada bo’lishi kerak.
2.Tekshiriladigan muammolarni imkoni boricha mayda qismlarga bo’lib o’rganish lozim. 3. Fikr yuritganda eng oldin oddiy narsadan boshlab so’ng murakkabiga o’tishi kerak. 4.Bilish jarayonida tadqiqotlarning sharhini to’la olib borish kerak, hech narsani qoldirish mumkin emas.
Dekartning bu fikrlari fanni sxolastikadan tozalash davrida ijobiy rol o’ynadi.
Dekart fikricha, tashqi olamdan ajralgan tug’ma g’oyalar bor (xudo, ruhiy va jismiy g’oyalar). Ular orqali umumiy qoidalar, qarashlar kashf etiladi, deb o’ylar edi. Uning bu qarashlari Gobbs, Lokk va Spinoza kabi mutafakkirlar tomonidan qattiq tanqid ostiga olindi.
Dekartning falsafiy qarashlari uning materialistik kosmologiyasi va fizikasi bilan bog’liqdir. Matematikada u analitik geometriyani yaratuvchilardan biridir. Mexanikada u harakat va osoyishtalikning nisbiyligini ko’rsatadi va boshqa kashfiyotlar qildi. Kosmologiyada u fan uchun yangilik bo’lgan Quyosh sistemasining tabiiy rivojlanishi g’oyasini olg’a surgan.
Uningcha, koinot eng avvalo materiyaning olovsimon, havosimon va tuproqsimon elementlarining qo’shilmasidan paydo bo’lgan. Sekin asta birinchi elementdan Quyosh, ikkinchisidan Havo va uchinchisidan — Yer va Quyosh sistemasining boshqa elementlari vujudga kelgan.
Gollandiyalik Benedikt Spinoza (1631-1677 yy.) o’z falsafasining mazmuni va qonun-qoidalarini geometrik aksioma va teoremalar shaklida bayon qilgan. Uning dunyoqarashida substantsiya haqidagi ta’limot asosiy o’rin egallaydi. Substantsiya, tabiat bitta bo’lib, u o’zining ajralmas xususiyatlari orqali namoyon bo’ladi. Substantsiya, moduslar (o’tkinchi narsalar)ga ega bo’lib, moduslar tabiatning, substantsiyaning holatini tavsiflaydigan, paydo bo’lib va yo’q bo’lib ketadigan narsalarning xossa va xususiyatlaridan iborat.
Spinozaning fikricha, tabiat o’z-o’zining sababchisidir (sausasui) boshqa kuchga muhtoj emas. Olam abadiy bo’lib, hech narsaga bo’ysunmaydi. Dekartning
«tug’ma g’oyalari»ni tanqid qilib, Spinoza substantsiya, tabiat bittadir, ikki substantsiyaning bo’lishi mumkin emas deydi. U substantsiyani tabiat yoki Xudo deb atadi.
Spinoza falsafasi metafizik usulga asoslangan edi. Uningcha, substantsiya harakat qilmaydi va rivojlanmaydi.
Spinoza materiya va ongning munosabatini tahlil qilar ekan, tafakkur butun materiyaning xususiyati, u materiyadan tashqarida unga bog’liq bo’lmagan holda yashashi mumkin emas deydi. Inson olamni faqatgina tafakkur orqali, aql orqali bilishi mumkin, deb hisoblaydi. Spinoza Dekart singari bilishda sezgilarning o’rniga yetarli baho bera olmaydi. Uningcha “Haqiqiy bilish”, o’rganish tafakkur orqali, aql orqali vujudga keladi. Spinoza barcha hodisalar tabiiy sabablarga ega, deb hisoblab, erkinlik — bilib olingan zaruriyat ekanligini birinchi bor aytgan edi. Uning fikricha, olamda tasodifiy narsalar yo’q, barcha narsa va hodisalar zaruriyatdan kelib chiqadi va rivojlanadi, boshqasiga aylanadi.
Spinoza o’z asarlarida dinni keskin tanqid qilib, uning mohiyatini ilmiy asoslashga urindi.
Spinoza dinning vujudga kelishi asosiy sababini odamlarning nodonligi deb hisoblar edi va ma’rifat tarqalishi bilan din barham topadi deb bildi, ammo dinning gnoseologik va ijtimoiy ildizlarini tushuna olmadi. Ingliz olimi Jon Lokk (16321704 yy.) ham kishilar bilimining asosiy manbai tajribadir, deb hisoblaydi. Tajriba, uning fikricha, ikkiga bo’linadi: ichki va tashqi tajriba. Tashqi tajriba o’z mazmuniga ko’ra, mavjud xususiyatlarga ega bo’lsa, ichki tajriba esa bizning ruhiy kechinmalarimizdan iborat. Lokk kishi ruhiy kechinmasini mustaqil deb e’lon qiladi.
Lokk 1690 yilda yozgan “Inson aqli haqida tajriba” nomli asarida Dekartga qarshi chiqib, hech qanday “tug’ma g’oyalar” yo’q, deb hisoblaydi. Uning ta’limotiga ko’ra, bilish inson bilan tabiat orasidagi munosabat jarayonidan iborat bo’lib, kishi g’oyalarining, tushunchalarining moddiy olam predmetiga mos kelishi haqiqatdir. Lokk birlamchi va ikkilamchi sifatlar mavjud, deb tushuntiradi. Birlamchi sifatlar predmetlarning hajmi, shakli, holati, harakati kabilardir. Rang, hid, ta’m kabilar ikkilamchi sifatlardir. U birlamchi sifatlar insonga, uning xohishiga bog’liq emas, ikkilamchi sifatlar esa insonning sub’ektiv kechinmalariga bog’liq deb noto’g’ri fikr yuritadi.
Lokk o’zining ijtimoiy-siyosiy qarashlarida tabiiy holatdan fuqarolik holatiga va davlatni boshqarish shakllariga o’tish g’oyalarini rivojlantiradi. Lokkning fikricha, davlatning maqsadi - erkinlikni hamda mehnat vositasi bilan orttirilgan mulkni saqlashdir. Shuning uchun ham davlat hokimiyati o’zboshimcha bo’lishi mumkin emas. Bu hokimiyat Lokkning fikricha: 1. Qonun chiqaruvchi; 2. Ijro etuvchi; 3. Ittifoq Federativ hokimiyatiga bo’linadi. Lokkning mazkur g’oyalari o’z ahamiyatini hanuzgacha yo’qotgani yo’q.
Lokkning, agar mavjud ijtimoiy tartib sharoitida shaxs lozim darajada tarbiya va kamolotga ega bo’la olmasa, u vaqtda kishilarning o’zlari mavjud tartibni o’zgartirishlari kerak, degan g’oyalari katta ahamiyatga ega edi.
Nemis faylasufi Gotfrid Vilgelm Leybnits (1646-1716 yy.) Spinozaning fikriga qarshi chiqib, materiya substantsiya bo’la olmaydi, chunki materiya ko’lamlidir va shu sababli bo’linuvchidir, substantsiya esa muloqot vositasi bo’lmog’i lozim. Uning fikricha, dunyoning asosini monodalar — bo’linmas ruhiy substantsiyalar tashkil qiladi, butun koinot ana shulardan tarkib topgan.
Monodalar soni cheksizdir, ulardan har biri idrok va intilishga egadir, bu esa, Leybnitsning fikricha, substantsiyaning harakatchanligini, faol harakatini ta’minlaydi. Uning ta’limotining dialektikasi ana shundan iboratdir, bu idealistik dialektika edi. Chunki uning fikricha, monodalar bir-biri bilan jismoniy suratda o’zaro ta’sir ko’rsatishmaydi, lekin bu bilan birga ular yagona rivojlanuvchi va harakatlanuvchi olamni tashkil etadi va bu olam oliy monodaga (mutlaqqa, Xudoga) bog’liq bo’lgan oldindan belgilangan uyg’unlik bilan tartibga solinadi.
Bilish nazariyasida Leybnits Lokkning materialistik sensualizmiga qarshi chiqib, o’zining “Inson aqli to’g’risida yangi tajribalar”, degan asarida bilimning yakkayu-yagona manbasini hissiyot emas, faqat aql tashkil etadi, deb da’vo qiladi.
Haqiqatga erishish uchun Leybnitsning fikricha, mantiq qoidalariga amal qilinsa bas. Uning ilmiy merosida mantiqqa oid asarlar katta o’rin tutadi. U matematika, geologiya, biologiya va boshqa fanlarning rivojiga katta hissa qo’shgan.
Sub’ektiv idealizmning yirik vakili Jorj Berkli (1685-1753 yy.) Lokkning ikkilamchi sifatlar haqidagi ta’limotidan o’zining idealistik qarashlarini asoslashda foydalanadi. U o’zining «Kishi bilishining asoslari haqida risola» asarida sub’ektni birlamchi deb hisoblab, barcha narsalar ongining holatidan, sezgilar majmuidan iborat deb ta’lim beradi. Berkli materiyani, ob’ektiv reallikni butunlay tan olmas edi. U olamda “Men” va mening sezgilarimdan boshqa hech narsa yo’q, olamdagi narsalar mening sezgilarimdagina mavjud, agar men sezmasam, ularning mavjudligi haqida gap bo’lishi mumkin emas, deb hisoblaydi.
Berkli solipsizmdan qochishga, urinib, ruhiy substantsiyalarning ko’pligi hamda “nihoyasiz ruhning”, xudoning mavjudligini e’tirof etadi.
Berkli materiyani, ob’ektiv reallikni butunlay tan olmay, men qabul etadigan butun hissiy tasavvurlarni menda moddiy predmetlar emas, balki ruh paydo qiladi, shu ruh esa Xudolar degan edi. U materiya tushunchasini ichki tomondan ziddiyatli va bilish uchun befoyda deb tanqid qiladi.
Berkli Lokkning birlamchi va ikkilamchi sifatlar to’g’risidagi g’oyasini rad qilib, barcha sifatlarni sub’ektiv deb e’lon qiladi. U fanning dunyoqarashidagi ahamiyatini inkor qilib, olamning vazifasi «hamma narsani, faqatgina jismoniy sabablar bilan izohlashni da’vo qilmasdan, balki yaratuvchining tilini o’rganib olishdan iborat», deb hisoblardi.
Sub’ektiv idealizmning yana bir yirik vakili David Yum (1711-1776 yy.)dir. U ob’ektiv reallikning mavjudligiga shubha bilan qarovchi skeptitsizmning asoschilaridan biri bo’lib hisoblanadi. Uning nuqtai-nazaricha, dunyo qonunlari sub’ektiv xususiyatga ega bo’lib, bizning odatlarimizga bog’liq, sababiyat va zaruriyat sezgilarimizning tartibidan, ketma-ketlikdan boshqa narsa emas. Shunday qilib, Yum skeptitsizmni agnostitsizmning turlaridan biri sifatida moddiy dunyo qonunlarini bilishni inkor qiladi va fan taraqqiyotini cheklashga harakat qiladi.
Yum ob’ektiv olamning mavjudligi yoki mavjud emasligi degan masalani hal qilinmaydigan masala, deb hisoblardi. Bilimning vazifasini Yum borliqni payqashda deb emas, balki amaliy hayot uchun qo’llanma bo’lish qobiliyatida deb bilardi. Uning fikricha, ishonchli bilimning yagona predmeti matematika ob’ektlaridir; tadqiqotning boshqa hamma predmetlari mantiqiy jihatdan isbotlab bo’lmaydigan asoslarga taalluqlidir, ular faqat tajribadan xulosa qilib chiqariladi, ammo Yum tajribani idealistlarcha tushunib, voqelik faqat “tasavvurlar” oqimidir, ularning sabablari noma’lum va ularni payqab bo’lmaydi,- der edi.
Etika masalasida Yum utilitarizm nazariyasini rivojlantirdi, foydalilikni aqlodob mezoni deb e’lon qildi. Din falsafasida u, koinotdagi tartibot sabablarining aql bilan bir qadar o’xshashligi bor degan faraz bilan cheklandi, lekin shu bilan birga xudo haqidagi har qanday diniy va falsafiy ta’limotni rad qildi, u tarixiy tajribaga asoslanib, dinning axloq-odobga va fuqarolik hayotiga ta’sirini zararli deb e’tirof qildi.
XVII asr materializmi o’rtaga qo’ygan barcha falsafiy fikrlar XVIII asr fransuz mutafakkirlari tomonidan yanada rivojlantirildi. Lametri (1709-1751 yy.), Gelvetsiy (1715-1771yy.), Didro (1713-1784 yy.), Golbax (1723-1784 yy.) va Robine (1735-1820 yy.) hamma ijodiy jismlar o’zgarmaydigan va bo’linmaydigan atomlardan (Golbax) yoki molekulalardan (Didro) tashkil topgan, deb hisoblaydilar. Ularning ayrimlari, masalan, Golbax materiyani ob’ektiv reallik sifatida falsafiy izohlashga harakat qiladi.
Golbaxning fikricha, “materiya bizning hislarimizga biror tarzda ta’sir ko’rsatadigan narsalarning hammasidir”. Materiya o’zgarmas va bo’linmas atomlardan iborat bo’lib, bu atomlarning asosiy xossalari ko’lamlilik, og’irlik, shakl, o’tkazmaslikdir.
Fransuz mutafakkirlari materiya haqidagi falsafiy ta’limotni rivojlantirishga qo’shgan hissalari shu bo’ladiki, ular materiyani harakatsiz, harakatni esa materiyasiz mavjud bo’lishi mumkin emas, deb hisoblaydilar. Ularning ta’limotiga ko’ra, harakat materiyaning mavjudlik usulidir, materiya harakati abadiy va mutlaq. Fransuz olimlarining materiyaning ichki faolligi haqidagi ta’limoti XVII asr materialistlarining materiya va harakat haqidagi qarashlariga nisbatan olg’a qo’yilgan yirik qadam edi. Ammo ular harakat shakllarining turli-tuman ekanligini va sifat jihatdan bir-biridan farq qilishini tushuna olmadilar. Ular harakatni jismlarning fazoda oddiy o’rin almashishi ko’rinishida tasavvur qilib, harakatning sababini tashqi ta’sirlardan qidirgan edilar. Shu sababli ular harakatning faqat bitta shakli — mexanik harakatni tan olar edilar.
Shu bilan birga, fransuz olimlari ba’zi evolyutsion g’oyalarni ham olg’a surganlar, ular organik dunyo noorganik dunyodan, yuqori organizmlar quyi organizmlardan kelib chiqqan degan fikrlarni aytganlar.
Dunyoni bilish masalasida fransuz faylasuflari sensualist edilar. Ular barcha bilimlarning manbaini moddiy predmetlarning sezgi a’zolariga ta’siri natijasida hosil bo’ladigan sezgilardan iborat deb bildilar. Sezgisiz bilish jarayoni bo’lmaydi, deb hisoblar edi Golbax. Sezgi, uning fikricha, miyada sodir bo’ladigan farq qiluvchi o’zgarishlardir, ong esa bu o’zgarishlarni idrok qilishdir.
Gelvetsiy o’zining “Aql haqida” asarida aql bizning sezgilarimizning yig’indisi deb ta’kidlaydi.
Fransuz materialistlari haqiqat va uning mezoni masalasi bilan ham alohida shug’ullanganlar. Haqiqat, ularning ta’limotiga ko’ra, fikrlar, g’oyalarning predmetlari va ular orasidagi bog’lanishlarga doimiy mos kelishidan iborat. Ular haqiqatning mutlaq va nisbiy tomonlarini hisobga olmadilar.
Inson fikri va g’oyalarining manbai tashqi dunyo ekanligi nuqtai nazaridan turib, fransuz faylasuflari Dekartning “tug’ma g’oyalar” nazariyasini har tomonlama tanqid qildilar. Ular kishilarda hech qanday «tug’ma g’oyalarning» bo’lishi mumkin emas, chunki har qanday fikr va g’oya tashqi dunyoning inson miyasiga ta’siridan keyingina hosil bo’ladi, deb hisoblar edilar.
Fransuz mutafakkirlari izchil determinist edilar, ularcha, olamda birorta sababsiz voqea, hodisa mavjud emas. Ular ob’ektiv olamda faqat zaruriyat mavjud deb tasodifni butunlay rad etdilar. P.Golbaxning fikricha, tabiatda hech narsa tasodifiy yuz bermaydi, undagi hamma hodisa ma’lum bir qonunga amal qiladi, bu qonun ma’lum oqibatining sababiy va zaruriy bog’lanishidan iborat. Tabiatdagi butun voqea, hodisalar oldindan belgilangan, boshqacha tarzda bo’lishi mumkin emas, inson zaruriyatning qulidir, u hayotda bir daqiqa ham erkin emas. Ularning bu fikrlari taqdirga tan berishga olib keladi.
Fransuz materialistlari o’zlarining ko’pgina asarlarida dinga qarshi chiqib, uning mohiyati, jamiyatda tutgan o’rni haqida bir qancha fikrlarni bayon etadilar. Ularning fikricha, din odamlarga tabiat, jamiyat haqida to’g’ri tasavvur hosil qilishga, ijtimoiy adolatsizliklarning haqiqiy mohiyati, sababini anglashga, uni bartaraf etish yo’llarini bilib olishga yo’l qo’ymaydi. Shu bilan birga, din mehnatkashlarni qullikka va och-yalang’ochlikka mahkum etadigan podsho hokimiyatini qo’llab-quvvatlaydi. Ular din peshvolarini tanqid qilib, kishilarning qo’l-oyog’ini kishanlab qo’ygan din zanjirlarini parchalab, insoniy, ijodiy qobiliyatga keng yo’l ochish lozim, deb hisoblaydilar. Golbax ta’kidlaganidek, «kishilar manfaati xuddi shu diniy fikrlarning yo’q qilinishini talab etmoqda va sog’lom falsafa o’zini shu diniy chalg’itishlarning yo’q etilishiga butunlay bag’ishlashi lozim».
Fransuz olimlarining fikricha, kishi ijtimoiy muhitning mahsuli, ijtimoiy muhit qanday bo’lsa, kishi ham shunday bo’ladi. Demak, jamiyat hayotini yaxshilash uchun mavjud muhitni, sharoitlarni o’zgartirish kerak. Bu vazifani ularcha, faqat ma’rifatning rivoji orqaligina amalga oshirish mumkin. Ularning fikricha, har bir inson erkin tug’iladi, shuning uchun hamma baxtga, ozodlikka, adolatga bab-baravar haqlidir. Bu ularning tabiiy, tug’ma huquqidir. Shuning uchun bo’lajak jamiyatning asosiy vazifasi - hamma kishilarni adolatli ravishda baxt huquqi bilan ta’minlashdir. Ammo ular ijtimoiy muhit ma’nosida mavjud siyosiy tuzumni, uning qonunlarini, ustqurmasinigina tushunar edilar. Natijada fikr jamiyatni boshqaradi, kishilarning fikri, ongi qanday bo’lsa, jamiyat ham, ijtimoiy muhit va uning tuzilishi ham shunday bo’ladi degan idealistik xulosa kelib chiqadi.

Download 93.84 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   2   3   4   5   6   7




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling