Bog‘lovchisiz qo‘shma gaplar
Maxsus bog‘lovchi vositalarsiz, asosan ohang yordamida birikkan sodda gaplardan tuzilgan qo‘shma gaplar bog‘lovchisiz qo‘shma gaplar deyiladi. Bunday qo‘shma gap qismlari ohangdan tashqari ayrim so‘zlarning takrorlanishi, gap qurilishi, umumiy bo‘laklar vositasida birikadi: Kech kirdi, tevarak-atrofga qorong‘ulik tusha boshladi. Bu qo‘shma gapdagi sodda gaplar o‘zaro faqat ohang yordamida bog‘langan, ularning o‘rnini almashtirib bo‘lmaydi.
Bog‘lovchisiz qo‘shma gaplar quyidagi turlarga bo‘linadi:
Bog‘lovchisiz qo‘shma gaplar quyidagi turlarga bo‘linadi:
Bog‘langan qo‘shma gapga sinonim bo‘lgan bog‘lovchisiz qo‘shma gap: Tig’ yarasi tuzaladi, til yarasi tuzalmaydi.
Ergashgan qo‘shma gapga sinonim bo‘lgan bog‘lovchisiz qo‘shma gap: Qor yog‘di – don yog‘di. (O‘xshatish)
Bog‘lovchili qo‘shma gapga sinonim bo‘lmagan bog‘lovchisiz qo‘shma gap: Xushxabar olib keldim: garnizon yanchildi. (Sh.)
Bog‘lovchisiz qo‘shma gaplar tarkibida tinish belgilari quyidagicha qo‘llanadi:
Agar bog‘lovchisiz qo‘shma gap qismlari bir paytda yoki ketma-ket yuz bergan voqea-hodisalarni ifodalasa, ular orasiga vergul qo‘yiladi: Arava g‘ijirlab borar, aravakash xirgoyisini bir zumga ham to‘xtatmas edi.
Agar bog‘lovchisiz qo‘shma gap qismlari o‘zaro mazmunan bir-biridan ancha uzoq bo‘lsa, ular orasiga nuqtali vergul qo‘yiladi: Yomg‘ir chelakdan quyganday sharillab yog‘ardi; uning hayoli uzoq yoshlik paytlarida kezar edi. Politsmeyster zinada to‘xtadi; uning basharasi yovuz va quturgan edi. (O.)
Bog‘lovchisiz qo‘shma gapning ikkinchi qismi birinchi qismining sababini bildirsa, izohlasa, to‘ldirsa, ular orasiga ikki nuqta qo‘yiladi: Gap shu: Ertaga men bilan yo‘lga chiqasiz.
Agar bog‘lovchisiz qo‘shma gap qismlari o‘zaro zidlik, o‘xshashlik yoki shart munosabatiga kirishgan bo‘lsa, ular orasiga tire qo‘yiladi: Qor yog‘di – don yog‘di. Yoshim yetmish ikkida –o‘zim yigitman.
Do'stlaringiz bilan baham: |