1. Tabiatda suv va uning ahamiyati, O‘zbekiston Respublikasida umumiy suv resurslari


Download 55.53 Kb.
bet3/8
Sana13.11.2023
Hajmi55.53 Kb.
#1771765
1   2   3   4   5   6   7   8
Bog'liq
10-ma`ruza

2. Gidrosfera ifloslanishi


Suv (H2O) - vodorod oksidi 11,9% vodorod va 88,81% kisloroddan tashkil topgan sayyoramizdagi bebaho sodda kimyoviy moddalardan biridir. Suv rangsiz, hidsiz qalin qatlamda zangori rangli, molekular og‘irligi 18,01 ga teng. Yerning geologik tuzilishi, tarixi va unda hayotning paydo bo‘lishi, ob-havoning shakllanishida yerdagi fizikaviy, kimyoviy va biokimyoviy jarayonlar juda muhim bo‘lib, suvsiz birorta ham tirik organizm bo‘lishi mumkin emas. Tabiiy sharoitda tarkibi turli xil erigan tuzlardan iborat. Shu xususiyatiga ko‘ra ularning inson uchun shifobaxshlik bahosi belgilanadi.
Suvning yana bir ulug‘ligi shundaki, yer va atmosfera havosi o‘rtasida to‘xtovsiz aylanib yurish hodisasi va quyosh issiqligi ta’sirida bir xilda o‘rtacha okeanlardan 450-460 ming km3, quruqlik yuzasidan 70-74 ming km3 bug‘lanadi. Bu bug‘langan suvlar yerning tortishish va og‘irlik kuchi ta’sirida okean va quruqliklarda yomg‘ir, qor yoki jala, do‘l shaklida qaytib tushadi. Suvning okeanlardan bug‘lanib quruqlikka yog‘ishi va yana okeanga qaytib kelishi suvning katta aylanishi, okeanlardan bug‘lanib quruqlikka yog‘ishi kichik aylanishi yoki mahalliy aylanish deyiladi.
Ma’lum ma’noda suvning ushbu xususiyati uning tabiiy va antropogen ifloslanishiga ham sabab bo‘ladi.
Suvni tabiiy ifloslovchi manbalar ‒ suvni tabiiy ifloslovchi manbalarga suv toshqini (sellar), kuchli shamol va bo‘ronlar, suvning tabiatda katta va kichik aylanishi, suvda yashovchi hayvon va o‘simliklarning ma’lum bir hududda haddan tashqari ko‘payib ketishi sabab bo‘ladi. Shuningdek, ommaviy kasalliklar tarqalishi, suvda doimiy yashovchi hayvonlarning qirilib ketishi, daryolarning inson yoki atrof muhit uchun zararli bo‘lgan turli xil tabiiy zaharli moddalarni o‘zi bilan oqizib kelishi, suvning gullashi, suv biomassasining ko‘payishi, suvning normal (ma’lum suv havzasining sasib ketishi) ifloslanishi, vulqonlar, dengiz yoki okean ostidan turli xil neft yoki shunga o‘xshash qazilma boyliklarining chiqishi, tabiatda yuz beradigan fizikaviy, kimyoviy, biokimyoviy jarayonlar va hokazolar tufayli ham tabiiy ifloslanishi mumkin.
Suvning sellar (suv toshqini) tufayli tabiiy ifloslanishi. Suv toshqini turli sabablar bilan daryo, ko‘l yoki dengiz suv sathining ko‘tarilishi natijasida quruqlikni suv bosib, yo‘lida to‘g‘ri kelgan tuproq, ma’dan o‘simlik, hayvon va inshootlarni butona (loyqa) shaklida oqizib, yaqin atrofdagi barcha toza ichimlik suv havzalarini yaroqsiz holatga keltiradi, ya’ni ifloslaydi. Shu bilan birgalikda xalq xo‘jaligi va qishloq xo‘jaligiga juda katta zarar yetkazadi. Tuproqning yuza unumdor qatlamini yuvib ketadi, suv, maishiy xizmat, yo‘l va binolarni yaroqsiz holatga keltiradi. Shu sababli ham suv tanqis bo‘lgan hududlar, avvalambor, toza ichimlik suviga zarurat sezadi.
Suvning “gullashi” tufayli ifloslanishi. Ba’zi mikroskopik suv o‘tlarining ko‘payib ketishidan suvning yashil, qo‘ng‘ir yoki qizil tusga kirishi ayni hududdagi suv havzalarining ifloslanganligidan dalolat beradi. Suvning gullashi ko‘proq bahor va yoz oylarida yuz beradi. Bunga sabab bahorda diatom va oltinsimon, yozda esa pirofit suv o‘tlarining keskin ko‘payishidan suv o‘ta ifloslanib uni iste’mol qilgan inson yoki hayvonlar zaharlanadi. Suvda yashovchi ayrim jonivorlarning keskin ko‘payib ketishi ham suvning ifloslanishiga sabab bo‘lishi mumkin. Shuningdek, suvda turli xil organik qoldiqlarning ko‘payib ketishi tufayli anaerobiozis bakteriyalar uchun qulay sharoit paydo bo‘ladi, sfagnum mohlarning keskin ko‘payishi bilan kislorod yetishmasligidan anaerob mikroblar o‘z hayot faoliyatini davom ettiradi va organik qoldiqlarni oksidlash uchun suv tarkibidagi temir (III)-oksidi (Fe2O3) hamda marganes (III)-oksididan (Mn2O3) kislorodni oladi. Natijada, bu birikmalar to‘liq oksidlanmagan temir (II)-(FeO) va marganes (II)-oksidiga aylanadi. Temir (II)-oksidining Fe(HCO3)2 shakldagi birikmasi suvda juda yaxshi eruvchi zaharli modda bo‘lganligi sababli suvni zaharlab suvda yashovchi o‘simlik va jonivorlarning qirilib ketishiga sabab bo‘ladi.
Suvning tabiiy radioaktiv ifloslanishi-Tabiatda suv toshqinlari, shamollar, bo‘ronlar yoki daryo suvlarining aylanma harakati oqibatida turli xil (40K, 222Ra, 226Ra, 238U, 90Sr, 137Ss) radioaktiv modda yoki elementlarining oqar suvlarga qo‘shilishi suvning radioaktiv ifloslanishiga sabab bo‘ladi. Mamlakatimizda Navoiy viloyatidagi qoldiqlar saqlanadigan joy ham ekologik jihatdan xavfli ifloslantirish o‘chog‘i hisoblanib, bu yerdagi radioaktiv qumni shamol uchirib suv havzalari, tuproq va aholi turar joylarini tabiiy radioaktiv ifloslanishiga sabab bo‘ladi.
Suvning sun’iy (antropogen) ifloslanishi.
Suvning sun’iy (antropogen) ifloslanishi ‒ fan texnika inqilobi, sanoat ishlab chiqarish, inson demografiyasi va urbanizatsiyasi bilan bevosita bog‘liqdir. Bugun suv havzalarini ifloslovchi manbalarni sanab oxiriga yetish juda ham mushkul bo‘lib qoldi. Shulardan ayrimlari quyidagilardan iborat:
1. Sanoat korxonalari;
2. Maishiy xizmat ko‘rsatish tarmoqlari;
3. Rudali va rudasiz qazilma boyliklari korxonalari;
4. Shaxta, neft-kon tarmoqlari;
5. Shaharlar;
6. Qishloq xo‘jaligi;
7. Kimyo sanoati;
8. Yog‘och tayyorlash yoki yog‘och oqizish xo‘jaliklari;
9. Chorvachilik, parrandachilik, cho‘chqachilik komplekslari;
10. Elektr stansiyalar;
11. Avtomobillar, suv transportlari va hokazolar.
Suvning ifloslanishi deganda uning tarkibi (sifati)ning turli xil tashqi ifloslovchi kimyoviy modda va elementlar ya’ni mineral, organik, bakterial va biologik ifloslovchilar yordamida buzilishi tushuniladi. Asosan, bu kabi ifloslovchi moddalar oqova suvlar bilan ariq va daryolarga yoki yer ostigacha singib iste’mol uchun yaroqli bo‘lgan toza chuchuk suvlarni ifloslaydi.
Ba’zi holatlarda oqarsuvlarni (su’niy yoki tabiiy) radioaktiv modda yoki elementlar, chiqindilar ham ifloslaydi. Bu hol o‘ta xavfli holat hisoblanadi. Masalan, Mintaqamizdagi Moylisuv (Qirg‘iziston) daryosining qirg‘oqlarida (1944-1964) yillarda uran rudasini qayta ishlash chiqindilari ko‘milgan bo‘lib, 23 ta nuqta aniqlangan. Bu holat har qanday sel yoki boshqa hodisalar tufayli Markaziy Osiyo uchun o‘ta qimmatli bo‘lgan Sirdaryo suvining radioaktiv ifloslanishiga sabab bo‘lishi mumkin. Qozog‘iston hududidagi Boyqo‘ng‘ir (Boykonur) kosmodromidan chiqqan radioaktiv chiqindilar ham yaqin yillarda O‘rta Osiyo va Qozog‘iston uchun ko‘plab ekologik muammolarni olib kelishi ehtimoldan xoli emas. (Orol fojiasini ancha kech anglaganimiz kabi bu masalada ham e’tiborsiz bo‘lmasligimiz lozim). Shuni ochiq e’tirof etish kerakki, deyarli barcha mamlakatlarda daryolar ochiq oqova suv tashlaydigan (kanalizatsiya) quvurlarga aylanib qolgan desak hech ham xato qilmaymiz.
Suv havzalarining biogen moddalar bilan ifloslanishi (evtrofikatsiya). (Biogen ifloslovchilar ‒ maishiy oqova suvlar tarkibidagi zararli bakteriyalar, kimyoviy modda va elementlar).
Baliqni, go‘shtni va boshqa oziq-ovqat mahsulotlarini qayta ishlash, maishiy xo‘jalik, yog‘ochni qayta ishlash, qand lavlagi zavodlaridan chiqqan oqova chiqindi suvlarni oqar suvlarga qo‘shilishi natijasida zaharli va zararli moddalarning suvda ko‘plab to‘planishi suv havzalarida-gidrokimyoviy va gidrobiologik rejimining buzilishiga sabab bo‘ladi. Insonning xo‘jalik mahsuloti bo‘lgan biogen moddalarning (azot, fosfor, kaliy, magniy, temir va turli xil zararli bakteriyalar) daryo va suv omborlarning suv almashishi sekinlashgan qismlarida to‘planishi natijasida suvning ifloslanish hodisasi kuzatiladi. Shuningdek, suv tarkibidagi kislorodning keskin kamayishi oqibatida, suvda yashovchi jonivorlar turli darajada jabrlanadi va suv iste’mol uchun mutlaqo yaroqsiz holatga kelib qoladi. Ya’ni suvda biomassa ko‘paysa, kislorod keskin kamayadi, chunki uni bakteriyalar organik qoldiqni parchalash uchun sarflaydi (organik qoldiq-o‘simlik, hayvon qoldiqlari, inson chiqindilari).
Masalan, dunyoda eng ekologik toza mamlakat deb e’tirof etiladigan Shvesiyada so‘nggi 60 yil mobaynida shaharlardan chiqqan maishiy oqova suvlar tarkibidagi fosfor birikmalarining miqdori 80 barobar, azot birikmalar miqdori 40 barobar, biogen moddalar miqdori 126 barobar ko‘paygan. Ayni texnika va sanoat rivojlangan, urbanizatsiya eng so‘nggi cho‘qqiga yetgan davrga kelib Venera ko‘liga har yili 4500 tonna fosfor va boshqa turli birikmalar tashlanayotgan bo‘lsa, Amerikadagi Michigan va Eri ko‘llari kislorod yo‘qligi tufayli o‘lik ko‘lga aylanib ulgurgan, O‘rta Osiyodagi Orol ko‘llari hayot bilan vidolashuv arafasida turibdilar. Shuni ham ochiq aytish kerakki, ushbu suv havzalarining bunday nochor ahvolga tushishiga birgina evtrofikatsiya hodisasi emas, balki barcha antropogen omillar kompleksi o‘zining salbiy ta’sirini ko‘rsatmoqda.
Suv havzalarining kimyo va neftni qayta ishlash sanoati chiqindilari bilan ifloslanishi. Kimyo sanoatidagi chiqindilardan qanday foydalanilmoqda? Hozirgi kunda kimyo sanoatida hosil bo‘lgan 1200 dan ortiq turdagi chiqindilardan faqat 400 turdagisi qisman yoki butunlay qayta ishlatilmoqda, qolgani esa, atrof-muhitga salbiy ta’sirini ko‘rsatmoqda: tuproqqa aralashmoqda, deyarli teng yarmi turli xil holatda (yomg‘ir, qor, qishloq xo‘jaligidan chiqqan oqova suvlar bilan qo‘shilib, daryo, ko‘l va Dunyo okeanlarini) ifloslamoqda. Chiqindilarning suv havzalariga oqizilishi natijasida falokatlar ro‘y bermoqda. Markaziy Yevropa mamlakatlaridan o‘tadigan Reyn (toza) daryosi bir yilda 50 mln. tonnadan ortiq turli xil zararli chiqindilarni dengizga olib kelib qo‘ymoqda.
Kimyo sanoati eng ko‘p chiqaradigan chiqindilar oltingugurt (IV) oksidi va sulfat kislota bug‘lari bo‘lgan gaz qoldiqlari, azot oksidlari NO3, ortafosfat kislotasi va uning tuzlari, metal va nometal birikmalari, fosfat va boshqa xil qishloq xo‘jaligida qo‘llaniladigan pestitsidlar, marganes, alyuminiy, temir, kaliy va boshqa turli xil kimyoviy birikmalardan iborat. Masalan, kontakt usulida 20-25 tonna sulfat kislota ishlab chiqarilganda 10-13 tonnagacha oltingugurt oksidi atrof-muhitga tarqalib bir qismi havodagi suv bug‘i bilan kislotali yomg‘irlar hosil qilsa, yana bir qismi tuproqqa singib yer osti suvlarini ifloslaydi.
Shuningdek, kimyo sanoatida sintetik usullar bilan ishlab chiqariladigan bo‘yoqlar, portlovchi moddalar, turli xil dori-darmonlar, kauchuk, sun’iy tola va boshqalar toza suvni ko‘plab talab qilishi bilan birgalikda, ularni tozalashdan chiqqan chiqindi suvlar yana qaytarib to‘g‘ridan to‘g‘ri daryo va ko‘llarga oqizib yuborilmoqda.
Qora va rangli metallurgiya, kimyo sellyuloza-qog‘oz, ko‘mir olishda, shaxtalarda to‘plangan suvlar ham turli usullar (nasoslar yordamida) bilan suv havzalariga chiqarib tashlanmoqda. Ushbu chiqindi suvlari yer osti, yer usti toza ichimlik suvlarini kimyoviy zararli moddalar bilan ifloslash bilan bir qatorda turli xil yuqumli kasalliklar, bakteriyalarni tarqatuvchi bo‘lib qolmoqda. Shifokorlar tadqiqotlariga ko‘ra, dizenteriya, terlama, vabo, leptospiroz, brusellyoz, poliomieslit, sariq va sil kasallik mikroblari, aksariyat holatlarda, insonga suv orqali yuqmoqda. Bunga asosiy sabab shaharlar xonadonlaridan chiqqan chiqitning zararsizlantirilmasdan suvga tashlab yuborilishidadir.
Dengiz va okaeanda harakatlanuvchi suv transport vositalarining hojatxonalari to‘g‘ridan-to‘g‘ri suvga ochib qo‘yilganligiga nima deysiz?
Neft chiqaruvchi va uni qayta ishlovchi sanoatlarning chiqindi suvlari yana qaytarib yer osti quduqlarga yoki yer usti suv havzalariga tashlanmoqda. Buning oqibatida suv havzalari keskin ifloslanmoqda.



Download 55.53 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   2   3   4   5   6   7   8




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling