Exinokokk (Echinococcus granulosus). Mahsuldor hayvonlarga va odamlarga juda katta zarar keltiradigan tasmasimon chuvalchanglardan yana biri exinokokk (Echinococcus granulosus) hisoblanadi. Voyaga yetgan exinokokkning shakli tasmasimon bo'lib, uzunligi 2-6 mm atrofida, tanasi skoleks va 3-4 bo'g'imdan iborat. Skoleksida 4 ta so'rg'ichi va xartumi bor. Xartumi ikki qator joylashgan, 28 tacha xitinli ilmoqchalar bilan qurollangan. Skoleksdan keymgi birinchi va ikkinchi bo'g'imlari germafrodit bo'lib, unda 50 ga yaqin urug'don, urug' tashuvchi naycha, jinsiy bursa, tuxumdon, melis tanachasi va qin joylashgan. Oxirgi yetilgan bo'g'imi 400-800 ta tuxum bilan to'lgan bo'ladi (42-rasm).
Voyaga yetgan tasmasimon exinokokk it va boshqa go'shtxo'r yirtqich hayvonlarning ichagida 6 oy, ba'zan 1 yilgacha yashashi mumkin. Exinokokkning yetilgan oxirgi bo'g'imlari asosiy xo'jayini axlati bilan tashqariga chiqariladi va bu bo'g'imlar faol harakat qilib, 5-25 sm gacha bo'lgan masofam bosib o'tib, yem-xashak hamda boshqa narsalarga o'z tuxumlarini sochadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |