1. Tutun va shamollatish sanoat quvurlarini ishlatishda xavfsizlik qoidalari
§2. Xavfsizlikning umumiy talablari
Download 74.54 Kb.
|
mo\'rilar
§2. Xavfsizlikning umumiy talablari 8. Quvurlar bo‘yoq bilan markalanishi va chiroqli to‘siqlarga ega bo‘lishi kerak. Quvurlarni kunduzgi markasi va chiroqli to‘siqlari ularning mavjudligidan xabar berib ular mahalliy hudud fonidan yaqqol ajralib turishi, har tarafdan ko‘rinishi va bir-biridan keskin farqlanuvchi qizil (zarg‘aldoq) va oq markalovchi ranglari bilan ajralib turishi kerak. 9. Tutun quvurlarida yuqoridagi chiroqlar quvur cho‘qqisidan 1,5 — 3,0 m pastroqqa joylashtiriladi. Har bir yarusda to‘siq chiroqlarining soni va joylashishi shunday bo‘lishi kerakki, istalgan yo‘nalishdagi uchishda (azimutning istalgan burchagida) kamida ikkita to‘siq chiroqlari ko‘rinib turishi kerak. Chiroqli to‘siqlar sutkaning qorong‘i vaqtlarida (quyosh botishidan to tonggacha), shuningdek sust va qiyin ko‘rinish hollarida (tuman, tutun, qor, yomg‘ir yog‘ishida va h. k.) sutkaning yorug‘ vaqtlarida ham ishga tushirilishi shart. Quvurni tepa nuqtalariga ikkitadan chiroq o‘rnatiladi (asosiy va zaxira). Ular bir vaqtning o‘zida ikkalasi yoki asosiy chiroqni ishdan chiqishida zaxiradagisi avtomatik tarzda yonishi uchun qurilma mavjud bo‘lganida bittasi ishlaydi. Yoritish armaturasi sozligini kuzatish ishlari har kuni chiroqlar yoqilgan vaqtda amalga oshiriladi. 10. Quvurlarni ishlatish va texnik xizmat ko‘rsatish tartibi me’yoriy hujjatlar, hamda mazkur Qoidalarni inkor etmagan holda, ishlab chiqarishni alohida sharoitlarini ko‘zda tutishga imkon beruvchi amaldagi tizim normativ hujjatlarining talablariga javob berishi shart. 11. Qurilish va montaj ishlarini bajarishda qurilish me’yorlari va qoidalari, hamda qurilishda texnika xavfsizligi talablariga rioya etilishi shart. 12. Quvurlarning qurilishi, bexatar ishlatishi va bartaraf etilishida ishlatilayotgan mexanizmlar, yuk ko‘taruvchi mashinalar, qurilmalar va asboblar mehnat xavfsizligining amaldagi standartlari, “Sanoatkontexnazorat” davlat inspeksiyasi qoidalari va ishlab chiqaruvchi zavod yo‘riqnomalariga muvofiq sinovdan o‘tkazilishi va ishlatilishi shart. 13. Quvurlarni ishlatishda foydalanilayotgan shaxsiy himoya vositalari davlat standartlari, hamda himoya vositalaridan foydalanish va sinashga doir amaldagi qoidalar talablarini qondirishi kerak. 14. Quvurlarning qurilishi, ishlatilishi va bartaraf etilishida ish bajarayotgan xodimlar mehnatini muhofaza qilish bo‘yicha yo‘riqnoma mazkur Qoida talablarini inobatga olishi shart. II. Texnik holatni asrash va uni nazorat qilish 1-§. Umumiy qoidalar 15. Quvurdan foydalanuvchi tashkilot (keyinchalik ishlatuvchi korxona) rahbari ishlatish xavfsizligiga, quvurning o‘z vaqtida tekshirilishi va ta’mirlanishiga sharoit yaratib berishi shart. 16. Quvurlarni ishlatuvchi har bir korxonada quvurlarga xizmat ko‘rsatish, ishlatish xavfsizligi va o‘z vaqtida ta’mirlanishi uchun texnik nazorat xizmati tashkil etilishi kerak. Korxona bo‘yicha buyruq bilan sex, ishlab chiqarish rahbarlaridan yoki boshqa tegishli tayyorgarlikka ega bo‘lgan mutaxassislar orasidan texnologik agregatlar quvurlarining texnik holatiga va ishlatish xavfsizligini nazorat qilish bo‘yicha mas’ul xodimlar tayinlangan bo‘lishi kerak. 17. Ishlatuvchi korxonaning malakali mutaxassislari bo‘lmasa va quvurlarga texnik xizmat ko‘rsatish, bexatar foydalanish va o‘z vaqtida ta’mirlash ustidan shaxsiy nazorat xizmatiga egalik qilish imkoniyati yo‘q hollarda nazorat tegishli vakolatga ega ixtisoslashgan tashkilotlar kuchi bilan amalga oshirilishi shart. 18. Quvurni ishlatuvchi har bir korxonada mazkur Qoidalar talablariga muvofiq davriy ko‘zdan kechirish, tekshirish, quvur tanasining tikligini va poydevorining cho‘kish hollarini ko‘rikdan o‘tkazish jadvali ishlab chiqilgan bo‘lib, texnik rahbar tomonidan tasdiqlangan bo‘lishi kerak. 19. Har bir quvur uchun uning texnik tavsifi, ishlatishga kiritilgan sanasi, tutun gazlarining tavsifi, ta’mirlash va barcha ko‘rinishdagi konstruktiv o‘zgartirishlarda tekshiruvlar natijasi bo‘yicha texnik holati kabi ma’lumotlarni mujassamlashtirgan texnik pasport tuzilgan bo‘lishi kerak (mazkur Qoidalarga 1-ilova*). * 1-ilova berilmaydi. 20. Ishlatuvchi korxona har bir quvur uchun quyidagi texnik hujjatlarni saqlashi shart: a) qurib bitirilgan sanoat quvurini ishlatishga qabul qilish dalolatnomasi, unga quyidagilar ilova qilinadi: quvurning ishchi chizmalari to‘plami, bunda bajarilgan ishlar shu chizmalarga muvofiq ekanligini tasdig‘i yoki loyiha avtori bilan kelishilgan holda, chizmalarga kiritilgan o‘zgartirishlar ko‘rsatiladi. Aytib o‘tilgan ishchi chizmalarning komplekti ekspluatatsiya hujjatlari deb hisoblanadi; qurilish-montaj ishlarini bajarishda qo‘llanilgan materiallar, konstruksiyalar va detallarning sifatini belgilovchi sertifikatlar, texnik pasportlar va boshqa hujjatlar; yashirin ishlarning qabul qilinganligi dalolatnomalari; ishlarni bajarish jurnallari. b) qurilish, konservatsiyadan chiqarish yoki ta’mirlash ishlari tugaganidan so‘ng quvurni ishlatishga kiritishdan oldin quritish va qizdirish ishlarini bajarish dalolatnomalari; v) haqiqiy ish rejimi haqdagi ma’lumot (chiqarilayotgan gazlarning harorati, hajmi va tarkibi), ko‘zdan kechirish, bajarilgan ta’mirlash dalolatnomalari va ixtisoslashgan tashkilot tomonidan bajarilgan tekshiruv natijalari bo‘yicha xulosalar bilan quvurni ishlatish jurnali; g) olingan tasvir sxemalari bilan qurilish jarayonida quvurdagi og‘ishlar va cho‘kishlarni nazorat qilish jurnali. 21. Quvur bo‘yicha ekspluatatsiya hujjatlarining mavjudligi va yuritilishi yuzasidan ishlatuvchi korxona javobgardir. 2-§. Ishlatish talablari 22. Ishlatuvchi korxona quvurlarni ishlatish davrida loyihada belgilangan harorat-namgarchilik sharoitlariga rioya etilishini ta’minlashi kerak. Bunday vaziyatlarda quyidagilar ta’minlanadi: a) issiqlik agregatlarida (uskunalarda) yoqilg‘ining to‘liq yonishi; b) saqlagich klapanlar hamda tutun nasoslari va yo‘laklaridagi qurilmalarning soz holati; v) quvurda gazlarning yonish holatlarini to‘liq va so‘zsiz mustasno etilishi; g) shiber, gaz yo‘laklari va ularning ulanish joylaridagi nozichliklardan havo so‘rish oqibatlarining bartaraf etilishi; d) quvurga loyihada belgilangan qiymatlardan yuqori namgarchilik, yuqori yoki past haroratli kimyoviy agressiv gazlarning kirib kelish hollarining mustasno etilishi. 23. Texnologik agregatlarning (uskunalarning) ishlashida ishlatuvchi korxonalar tarafidan ketuvchi gazlarning kimyoviy tarkibi va haroratining muntazam ravishdagi nazorati ta’minlanishi, quvur ishining loyihaviy rejimlarini tiklash bo‘yicha choralar o‘z vaqtida ko‘rilishi kerak. Yoqilg‘i turi o‘zgarganida, ketuvchi gazlarning harorati, hajmi yoki kimyoviy tarkibini loyihaviy qiymatlari oralig‘ida tutib turish imkoniyati bo‘lmaganida, texnologik agregatlarni (uskunalarni) issiqlik texnikasi to‘liq sozlanishi yoki inshootning keyingi ishlatilishi bo‘yicha tegishli tavsiyalar olish uchun ixtisoslashgan tashkilotga murojaat qilinishi kerak. 24. Katta miqdordagi kul zarralarining chiqib ketishi bilan ifodalanuvchi tutun gazlari olib ketilgani, kulxonalar, hamda tutun quvurlari kallaklari, ularga o‘tirib qolgan kullardan vaqti-vaqti bilan tozalanishi zarur. Tozalash ishlari texnologik agregatlar ta’mirlanishi uchun to‘xtatilgan vaqtda amalga oshirilishi kerak. 25. Quvur poydevori ostida negizining notekis cho‘kishini oldini olish uchun quyidagilar zarur: a) qurilish davrida quvur poydevori uchun qazilgan chuqurlar poydevor qurib bitirilishi bilanoq zudlik bilan tuproq bilan to‘ldirilishi va zichlanishi; b) quvur perimetri bo‘yicha qiya ariqlar va yer usti suvlarining oqishi uchun sel kanalizatsiyalarining soz holati kuzatib borilishi; v) quvur poydevoridan 100 m uzoqlikkacha joylashgan suv quvuri va kanalizatsiya tizimlarining soz holati kuzatib borilishi va zarur hollarda ularning suv o‘tkazmaydigan yer osti yo‘laklariga joylashtirilishi; g) quvurdan 40 m gacha oraliqda joylashgan temir yo‘llarda poyezd va boshqa mexanizmlarning harakatlanish tezligi cheklatilishi (5 km/h gacha); d) temir yo‘l sostavining harakatlanishi yoki portlatish ishlari oqibatida seysmik ta’sirlar, hamda quvur yaqinida mashina va mexanizmlarning yerni bir maromda tebrantirib ishlashi, shuningdek tebranishni uzatmaydigan bo‘shoq materiallar bilan to‘ldirilgan poydevor asosigacha chuqurlikda qazilgan xandak maxsus so‘ndiruvchi qurilmalar loyihada hisoblab chiqilishi; e) quvur yaqinida yangi inshootlar qurilganida quvur poydevori osti negizini tutib turish qobiliyatining buzilishiga yoki notekis cho‘kishiga yo‘l qo‘ymaslik uchun tegishli choralar ko‘rilishi. Yondosh poydevorlar bir biriga tutashgan joylarda va bu poydevorlar chuqurlarining ta’sirlanish doirasida (hisoblab topiladi) chuqurlarning tubi quvur poydevori tubi bilan bir sathda joylashtiriladigan bo‘lsa, u holda avval quvur poydevori tubi sathidan 0,4 — 1,0 m chuqurlikda shpun qatori qoqiladi. 26. Quvurga gaz yo‘laklarining ulanish joylarida quvur tanasini (poydevorini) gaz yo‘lagidan ajratuvchi deformatsion choklar sifati, hamda germetikligini nazorat qilish zarur. 27. Yer osti suvlarining sathi kulxona tubi nishonidan yuqorilab ketgan hollarda, shuningdek poydevor materialiga nisbatan agressiv yer osti suvlari mavjudligi hollari, uning tashqi yuzasi suvning maksimal sathidan 0,5 m balandlikda gidroizolatsiyalanishi kerak. 28. Quyidagilar taqiqlanadi: a) loyiha tashkiloti bilan kelishilmagan holda quvurlarga qo‘shimcha issiqlik agregatlarini yoki shamollatuvchi kanallarni ulash, shuningdek ishlatishning harorat- namgarchilik sharoitlarini o‘zgartirish, tanani ustiga qurish, quvurning poydevori va qobig‘ini qo‘shimcha teshish va o‘yish, quvurlarga reklama, antenna va boshqa qurilmalarni o‘rnatish; b) svetofor, kuzatish maydonchalari va quvur narvonlarida begona jismlar to‘planishiga yo‘l qo‘yish; v) quvurning tsokol qismida va unga yaqin joylarda yonuvchi, portlovchi moddalar va materiallarni saqlash, quvur yaqiniga materiallar omborxonasini joylashtirish va axlatlar to‘planishiga yo‘l qo‘yish; g) quvurdan 30 m dan kam oraliqda kislota, ishqor va boshqa poydevor materiallariga nisbatan agressiv mahsulotlar omborini joylashtirish; d) quvurga yaqin hududlarga ishlab bo‘lingan suv va bug‘larni chiqarib tashlash, hamda yomg‘ir suvi oqimiga e’tibor berilmasligiga yo‘l qo‘yish; e) quvurga yaqin joyda uzoq muddatga chuqur va xandaklarni ochiq qoldirish; j) quvur poydevori tubidan pastda yer osti suvlarini so‘rib chiqarish maqsadida quduqlarni kavlash; z) maxsus tayyorgarlikdan o‘tmagan va balandlikda ishlashga ruxsatnomasi bo‘lmagan odamlarni tutun quvuriga ko‘tarilishi qat’iyan man etiladi. 29. Texnologik agregatlar (uskunalar) 6 oydan ziyod muddatga to‘xtatilganida, ularga xizmat ko‘rsatayotgan quvurlarni saqlashga tayyorlash bo‘yicha ishlar bajarilishi kerak. 3-§. Quvur konstruksiyasi elementlaridagi nuqsonlar va shikastlanishlar 30. Quvurdagi nuqsonlar — bu konstruksiyalar, ularning elementlari va materiallari sifati, shakli va haqiqiy o‘lchamlarini me’yoriy hujjatlarda yoki loyihada belgilangan talablardan og‘ishi bo‘lib, ular loyihalashtirish, tayyorlash, qurish yoki o‘rnatish jarayonida hosil bo‘ladi. Konstruksiyalar va materiallarni tayyorlash va tashish vaqtida hosil bo‘lgan nuqsonlar ularni ishlatishdan oldin, qurish va o‘rnatishdagi nuqsonlar esa — inshootni ishlatishga qabul qilishdan oldin aniqlanishi va bartaraf etilishi kerak. 31. Quvurdagi shikastlanishlar — bu konstruksiyalarni ishlatish mobaynida, ularning sifati, shakli va haqiqiy o‘lchamlarini normativ hujjatlarda yoki loyihada belgilangan talablarga to‘g‘ri kelganligi. Quvur konstruksiyasidagi shikastlanishlar mexanik (kuchlanish, harorat-namgarchilik), kimyoviy va murakkab ta’sirlar natijasida vujudga keladi. 32. Kuchlanish ta’siridagi shikastlanishlar konstruksiyaning haqiqiy ishlash sharoiti hisoblangan ishlash sharoitiga muvofiq emasligi tufayli vujudga keladi va mahalliy buzilishlar sifatida (uzilishlar, yoriqlar, g‘isht siniqlari, beton armaturasini bo‘ylama qavariqlanishi va boshqalar), shuningdek inshoot elementlarining haddan tashqari deformatsiyalanishi (tananing qiyshayishi, poydevorning og‘ishi va cho‘kishi, tana, metall konstruksiyasining devori va futerovkasi qavariqlanishi va qiyshayishi va boshqalar) shaklida ko‘zga tashlanadi. 33. Harorat-namgarchilik ta’siridagi shikastlanishlar tik va yuza yoriqlar tizimining hosil bo‘lishi, g‘isht va betonning qatlamlarga ajralishi, quvurning tashqi yuzasiga chiqqan holda kondensatning hosil bo‘lishi, qish mavsumida yaxlash bilan ko‘zga tashlanadi. 34. Kimyoviy ta’sirdan shikastlanish agressiv muhit ta’siridan vujudga keladi, betonning, qorishmaning, metallning kimyoviy va elektr kimyoviy korroziyasi, himoya qatlamlarining buzilishi bilan ko‘zga tashlanadi va katta buzilishlarga olib keluvchi sifatida juda xavfli hisoblanadi. 35. Ko‘zdan kechirish dalolatnomalarida va tekshiruv natijalari bo‘yicha xulosalarda quvur konstruksiyasidagi nuqson yoki buzilishlarning quyidagi alomatlari yuzasidan o‘rnatiladigan xavflilik darajasi ko‘rsatilgan bo‘lishi kerak: “A” — quvurlarning asosiy tutib turuvchi konstruksiyalarining buzilishiga bevosita xavf tug‘diruvchi nuqson va shikastlanishlar, tananing me’yorlarda ruxsat etilmagan egilishi va bukilishi, aylana bo‘ylab 1 m dan ziyod hududlarda tik armatura o‘zagining bukilishi bilan betonning himoya qatlamining o‘yilishi va qatlamlarga ajralishi, g‘isht bilan terilgan tananing 20 mm dan ziyod chuqurlikka, qorishmaning — 40 mm dan ziyod chuqurlikka buzilishi (qatlamlarga ajralishi), futerovka hududlarining 1 m2dan ziyod ko‘chishi, metall quvurlarini me’yoriy chegaralardan chiquvchi mahalliy egilishlari, taygalarning birikkan joylaridagi boltlarning kesilishi va boshqalar); “B” — quvurning asosiy tutib turuvchi konstruksiyalarining bevosita buzilish xavfini tug‘durmaydigan, lekin keyinchalik boshqa element va tugunlarning shikastlanishiga olib keladigan yoki shikastlanishlar rivojlanib “A” toifasiga o‘tib ketish hollarini keltirib chiqaradigan nuqsonlar va buzilishlar; “V” — mahalliy xarakterdagi nuqsonlar va shikastlanishlar. Ularning keyingi rivojlanishi quvurlarning asosiy tutib turuvchi konstruksiyalariga ta’sir etmaydi (yurish narvonlar, svetofor maydonchalari, to‘siqlar va boshqalarning shikastlanishi). 36. Ko‘zdan kechirish dalolatnomalarida va tekshiruv natijalari bo‘yicha xulosalarda quvurning quyidagicha sinflanuvchi texnik holati haqida xulosa chiqarilishi kerak. a) soz holati — quvurning barcha elementlari amaldagi normativ va loyiha hujjatlari talablarini qondiradi; b) ishga yaroqli — ishlab chiqarish jarayonini ta’minlash va quvurning keyingi bexatar foydalanish talablari qoniqtiriladi, lekin amaldagi standartlar va loyiha hujjatlaridan sezilarsiz darajada chetlashishlar mavjud; v) cheklangan holda ishga yaroqli — ma’lum bir cheklanishlarni ko‘llab, konstruksiyalar holati, texnologik jarayon o‘lchamlari, yuklamalar va ta’sirlar yuzasidan nazorat qilish, shuningdek aniqlangan nuqsonlar va shikastlanishlarni belgilangan muddatlarda bartaraf etish bo‘yicha tadbirlarni ishlab chiqqan holda, quvurning keyingi ishlatilishi mumkin; g) ishga yaroqsiz (halokatli) — keyingi ishlatishni mustasno qiluvchi asosiy element yoki umuman inshootning tutib turish qobiliyati yo‘qolishi mumkin. 37. Quvurlardagi “V” toifali nuqson va shikastlanishlarni va sezilarsiz rivojlangan “B” toifasidagi ayrim shikastlanishlarni ishlatuvchi korxonalarning loyiha-konstruktorlik bo‘limlari tomonidan ishlab chiqilgan texnik hujjatlar bo‘yicha bartaraf etishga ruxsat etiladi. “A” toifasidagi nuqson va shikastlanishlar va tez rivojlanib “A” toifasiga o‘tishga moyil bo‘lgan “B” toifasidagi shikastlanishlar qat’iy ravishda ushbu ko‘rinishdagi faoliyati litsenziyalangan, ixtisoslashgan tashkilot tomonidan ishlab chiqilgan texnik hujjatlarga muvofiq bartaraf etilishi shart. 4-§. Holatini texnik nazorat qilish va ko‘zdan kechirish 38. Quvurlarning tashqi va ichki konstruksiyalarini muntazam kuzatish, davriy va navbatdan tashqari ko‘zdan kechirish va ularni kompleks tekshirish tizim yo‘riqnomalariga muvofiq bajariladi. 39. Muntazam ravishda kuzatish texnologik agregatlar (uskunalar) quvurlarining texnik holatini nazorat qilish bo‘yicha javobgarlar tomonidan amalga oshiriladi. 40. Quvurlarning davriy tashqi tarafidan ko‘rikdan o‘tkazish ishlarini tegishli bo‘linma rahbari tomonidan tayinlangan hay’at, ishlatuvchi korxonaning texnik rahbari tasdiqlagan jadval bo‘yicha, ammo kamida bir yilda bir marta (bahorda) amalga oshiradi. Quvurlarning davriy ichki tarafidan ko‘rikdan o‘tkazish ishlari ular ishlatishga kiritilgan vaqtdan 5 yildan so‘ng, keyinchalik esa faqat zarur bo‘lganida, gazlarni quvurga chiqaruvchi texnologik agregatlar o‘chirilishida, ammo 5 yildan kechiktirmasdan amalga oshiriladi. G‘isht va monolit futerovkali quvurlarni ichki tarafidan ko‘rikdan o‘tkazish ishlari infraqizil texnikasi yordamida teplovizor tekshiruvi bilan almashtirilishi mumkin. Bunday vaziyatlarda tekshirish chastotasi 5 yilda kamida 1-marta bo‘ladi. 41. Seysmik xavfli zonalarda, ishlar olib borilayotgan hududlarda, cho‘kuvchi yer va negizlarga joylashtirilgan quvurlar, shuningdek ular yuqori namlik, ketuvchi gazlarning ortiqcha bosimi sharoitida va boshqa noxush omillar mavjudligida ishlatilganida, obdon sinchiklab ko‘rikdan o‘tkazilishi kerak. 42. Quvurlarning navbatdan tashqari tashqi, ayrim hollarda esa — ichki konstruksiyalarini ham ko‘rikdan o‘tkazish ishlari tabiiy ofatlar (to‘fon, yer silkinishi, yong‘in va shu kabi), gumburlashlar, inshootni ishlatish sharoitiga ta’sir etuvchi texnologik agregatlardagi jarayonlar tartibining keskin o‘zgarishidan so‘ng zudlik bilan, shuningdek nazorat organlari talablari yoki ekspert tashkilotning xulosasi bo‘yicha amalga oshiriladi. Har bir halokat (insident) dalolatnoma tuzgan holda, tekshirib chiqilishi kerak. 43. Quvur holatini texnik nazorat qilish natijalari ishlatish jurnalida qayd etilishi lozim. Jurnalda muntazam ravishda kuzatish, davriy va navbatdan tashqari ko‘rikdan o‘tkazish, aniqlangan buzilishlar va nuqsonlar haqida barcha ma’lumotlar, ularni bartaraf etish choralari, ta’mirlash ishlarini tashkillashtirilishiga va bajarilishiga mas’ul xodimlarni ko‘rsatgan holda, bajarish muddatlari kiritiladi. 44. Barcha ko‘rinishdagi ko‘zdan kechirishlar dalolatnoma tarzida rasmiylashtirilishi kerak. Topilgan shikastlanishlar, ularning o‘lchamlari ko‘rsatilgan holda, tutib turuvchi tananing tashqi yoki ichki yuzasi yoki gazni olib ketuvchi quvur tanalarining yoyib ko‘rsatilgan sxemalarida ko‘rsatilishi kerak. Eng katta hosiyatli va xavfli shikastlanishlar ularning rivojlanish dinamikasini kuzatish maqsadida foto yoki video suratga olish bilan qayd qilib qo‘yilishi lozim. 45. Ko‘zdan kechirish jarayonida quvurdagi topilgan nuqson va shikastlanishlarni bartaraf etish bo‘yicha choralar ko‘rish yuzasidan javobgarlik ishlatuvchi korxona rahbariga yuklanadi. 46. Quvur tanasi tashqi yuzasini ko‘zdan kechirish ishlari dastlab optik qurilmalar yordamida ko‘rikdan o‘tkazilgan yuruvchi narvon, svetofor maydonchalaridan turib, shuningdek ko‘taruvchi moslama yoki bino va inshootga qo‘shni joylashgan konstruksiyalardan turib binokllar, yuqori aniqlikdagi videokameralar va boshqa optik texnikalar yordamida amalga oshiriladi. 47. Quvur tanasini tashqi tarafdan ko‘zdan kechirishda tutib turuvchi konstruksiyalarning holati: g‘isht terilishi, beton, betonning armatura bilan jipslashish zichligi, undagi mavjud ochilib qolishlar va bukilishlar, tik yoriqlarning mavjudligi va kengligi, betonning himoya qatlamini qatlamlarga ajralishi, betonning sust zichlangan hududlarini mavjudligi va kattaligi, konstruksiyalar holati, metallning korroziyalanish darajasini baholash, lak bo‘yoq qoplamasining holati, payvandlash choklari, parchinmix va bolt birikmalarining butligi, yurish narvonlarining quvur tanasiga mahkamlangan joylaridagi shikastlanishlari, vint tutqichlari, ularning mahkamlanish tugunlari holati va boshqa ko‘rish bilan ajratib bo‘ladigan va baholanadigan nuqsonlar aniqlanadi. 48. Futerovkani va gazni olib ketuvchi quvur tanasini ichkari tarafidan ko‘zdan kechirish ishlari maxsus ruxsat bo‘yicha, xizmat ko‘rsatilayotgan agregatlar to‘xtatilib, ulardan quvur ajratilganidan so‘ng amalga oshiriladi. Futerovkani va gazni olib ketuvchi quvur tanasini ichkari tarafidan ko‘zdan kechirish ishlari ko‘taruvchi moslamalar yordamida, optik texnikalardan foydalangan holda, amalga oshiriladi. 49. Futerovkaning ko‘chish belgilari yoki quvur negizidagi mavjud qo‘porilishlar, kimyoviy yemirilish natijasida vujudga kelgan futerovkadagi g‘isht va qorishmalarning buzilishi, g‘isht ko‘chkilari, suvoqning qatlamlarga ajralishi, kesimlarga ajratgichdagi futerovka yoki ajratuvchi devorining ko‘rinuvchi abraziv eyilishlar topilgan holatlarda, quvurning ichki yuzasi butun uzunligi bo‘yicha ixtisoslashgan tashkilot tomonidan ko‘taruvchi moslama yordamida asliy ko‘zdan kechirilishi kerak. Bunda, futerovkaning ko‘chish alomatlari bo‘lmasa — “pastdan tepaga” sxemasi bo‘yicha, ko‘chishlar mavjud bo‘lganida faqat “tepadan pastga” sxemasi bo‘yicha ko‘zdan kechirish ishlarining bajarilishiga ruxsat beriladi. Pastga tomon yo‘nalishda futerovkani osilib turgan hududlari, qatlamlarga ajralgan suvoqlar va garnisajlar quvur ichkarisiga tashlanadi. 50. Futerovkani ko‘zdan kechirish ishlarini ichki video suratga olish uchun maxsus apparaturadan foydalanilgan holda, xizmat ko‘rsatilayotgan agregatni to‘xtatmasdan turib, amalga oshirilishiga ruxsat etiladi. 51. “Quvurdagi quvur” turidagi quvurlarning oralig‘i ko‘zdan kechirilishi ichki yurish narvonlari va to‘siqlaridan turib, bajarilishi kerak. Bunday vaziyatlarda: a) temir beton tanasining ichki yuzasi, betonlashdagi ishchi choklar, kremniy — betonli, metall, g‘ishtli gazni olib ketuvchi konstruktiv elementlar yoki kompozitli gazni olib ketuvchi tanalarning holati tekshiriladi; b) birikma va kompensatorlar, payvand choklari, issiqlik qoplamasi, tortqi va osmalar mahkamligi, to‘siqlar, ko‘zdan kechirish maydonchalari va narvonlarining metall konstruksiyalari, yurish skobalar holati aniqlanadi; v) materiallarning yemirilish darajasi baholanadi. 52. Metall quvurlarni ko‘zdan kechirishda quyidagilar tekshirilishi kerak: a) yemirilishga qarshi qatlam, shikastlanishlar mavjudligi hollari — metallning korroziyalanish chuqurligi; b) metall g‘ilofini, payvand choklarini, boltli va parchinmixli birikmalarning butligi; v) vint tutqichlari holati va ularning tugunlarini quvur g‘ilofiga va anker qurilmasiga mahkamlanish sozligi; g) quvur osti kursilari va quvurni poydevorga anker bilan mahkamlanish holati. 53. Quvurlarni ko‘zdan kechirishda, ularda loyihada ko‘rsatilganidek nazorat o‘lchash asboblari, yashindan himoyalovchi moslamalarning mavjudligi va sozligi tekshiriladi. 54. Quvurlarning yashindan himoyalovchi moslamasi loyiha bo‘yicha bajarilishi kerak. Yerga tutashtirish konturi har yili tekshirilishi kerak. Konturning qarshiligi 50 Ω dan oshmasligi kerak. Har yili chaqmoqlar mavsumi boshlanishidan oldin yashindan himoyalovchi moslama yashinni tutuvchidan to yerga tutashish konturigacha soz holatda ekanligi tekshirilishi kerak. 55. Quvur tanasini yoki quvurlar oralig‘ini ko‘zdan kechirish bilan bir vaqtda, albatta tutun traktini, uning issiqlik muhofazasi holatini belgilovchi nozichliklar va havo so‘rish hollari mavjudligini aniqlash uchun ko‘zdan kechirish zarur. 56. Quvurlar og‘ishi va poydevor cho‘kishi ustidan bajariluvchi geodezik usuldagi kuzatuv ishlatishning birinchi yilida 3 marotaba, ikkinchi yilida 2 marotaba, keyinchalik yiliga bir marotaba amalga oshirilishi kerak. Cho‘kishlar barqarorlashganidan keyin (yiliga 1 mm dan oshmagani hollarda) o‘lchashlar besh yilda bir marotaba bajariladi. Quvur tepasining eng katta og‘ishi ushbu qoidalarning 2-ilovasida*keltirilgan qiymatlardan oshmasligi kerak. * 2-ilova berilmaydi. 57. Quvur og‘ishini o‘lchash natijalari (sanasi ko‘rsatilgan holda), suratga olish sxemalari va inshootdagi o‘lchangan deformatsiyalarning normalar talablariga muvofiqligi to‘g‘risida xulosalar bevosita o‘lchash ishlarini amalga oshirgan shaxslar yoki ularning rahbarlari tomonidan imzolanadi va quvur texnik pasporti bilan umumlashtiriladi. O‘lchash ishlari amalga oshirilgan nuqtalar qayd qilingan bo‘lishi kerak. 58. Quvur og‘ishini aniqlashda quyoshning quvur tanasini bir taraflama qizdirishi ta’sirini mustasno etish maqsadida quyoshsiz kunda yoki erta tongda amalga oshirilishi kerak. 59. Quvurlarning og‘ishi va cho‘kishini navbatdan tashqari o‘lchash ishlari inshootlardagi deformatsiyalar ko‘payishi alomatlari yaqqol yoki bilvosita kuzatilganida (quvur tanasidagi yaqqol ko‘rinib turgan og‘ish yoki egilishlar, tananing tashqi tarafidagi yuzasida gorizontal yoriqlarning yoki gaz yo‘lagini quvur qobig‘i bilan tutashuv choklari, qiya ariqlarni birikish joylaridagi yoriqlarning kengayishi va boshqalar), hamda tabiiy ofatlar va halokatlardan keyin amalga oshirilishi kerak. Yuqorida tilga olingan alomatlarga ko‘ra quvurlardagi og‘ish va cho‘kishlar zudlik bilan navbatdan tashqari o‘lchanishi kerak. 60. Quvurning og‘ishi ruxsat etilgan qiymatlaridan oshib ketganida undan keyingi foydalanishga yaroqliligi haqidagi qarorni ishlatuvchi korxona chiqaradi. Qaror ixtisoslashgan korxonaning, u bajargan har tomonlama tekshiruvi va inshoot konstruksiyasining haqiqiy ishini hisobga olgan holda, tekshirish hisob-kitoblari natijalari bo‘yicha bergan xulosasiga asoslangan bo‘ladi. 5-§. Tekshirish ishlarini bajarish 61. Sanoat quvurlarini tekshirish ishlari quyidagilardan iborat bo‘lishi kerak: a) quvurning tashqi yuzasini ko‘rikdan o‘tkazish; b) gazni olib ketuvchi tana yoki futerovkaning ichki ko‘rigini o‘tkazish; v) “quvurdagi quvur” turidagi quvurlar orasini ko‘rikdan o‘tkazish; g) shikast yetkazmagan holda, nazorat uslublarini qo‘llash bilan materiallarning mustahkamligi va holatini aniqlash, namunalarni tanlash va laboratoriya sinovlarini bajarish; d) negiz va gidrogeologik tuproqlar tavsiflarining o‘zgarishini, mavjud bo‘lsa agressiv ta’sirni tadqiqot qilish; e) quvurning og‘ishi, qiyshayishi va cho‘kishini aniqlash; j) harorat-namgarchilik, gaz va aerodinamik rejimlarni o‘lchash; z) topilgan nuqsonlar va shikastlanishlarni e’tiborga olgan holda, tana va konstruksiyalarni tutib turish qobiliyatini hisoblash; i) shikastlanishlarning ehtimoliy sabablarini aniqlash; k) xulosalarni rasmiylashtirish. 62. Tutib turuvchi tana, futerovka yoki gazni olib ketuvchi tanalardan sinash uchun materiallar zaruriy bo‘lganida, chuqur shikastlangan joylardan olinadi. Gazni olib ketuvchi metall tanalaridan sinashga materiallarni olish uchun elektr yoyli yoki gaz alangasi bilan kesishdan foydalanish taqiqlanadi. 63. Harorat-namgarchilik, gaz va aerodinamik rejimlarni o‘lchash ishlatuvchi korxona tomonidan amalga oshiriladi. Bunda issiqlik texnikasi agregatidan to quvurgacha bo‘lgan gaz trakti, quvur tanasi, tana va futerovka orasidagi tirqish yoki quvurlar oralig‘i bo‘yicha rejim xaritalari tuziladi. O‘lchashlar loyihada belgilangan maxsus joylarda, bunday joylar mavjud bo‘lmagani hollarda gaz yo‘laklariga kirish joylarida va sinashga materiallar olingan nishonlarda amalga oshiriladi. 64. Quvur tanasi yuzasidagi mahalliy harorat anomaliyasini, ya’ni betonlashdagi sifatsiz choklar, tutib turuvchi tanadagi yoriqlar, tana materialini gaz singishga bo‘lgan qarshiligining kamayishi, tana yoki futerovkaning buzilgan joylari, issiqlik qoplamasining shikastlanishi yoki mavjud emasligi va h.k.ni hosil qiluvchi infraqizil texnikasi (teplovizor tekshiruv) yordamida aniqlash ishlari asl tekshiruvlar o‘rnini bosmaydi, lekin asl tekshiruvlardan avval amalga oshirilishi tavsiya etiladi. 65. Quvurlarning rejadagi tekshiruvi quvur ishlatishga kiritilishi bilan bir yildan so‘ng amalga oshiriladi, keyinchalik: a) g‘ishtli va aerodinamik quvurlardagi o‘tuvchi gazlar noagressiv yoki kuchsiz agressiv bo‘lsa — 20 yildan so‘ng, gazlar agressiv va namgarchiligi yuqori bo‘lsa (kondensat hosil qilish bilan) — 15 yildan so‘ng; b) temir beton monolitli quvur 15 yildan so‘ng, yig‘ma quvurli 10 yildan so‘ng; v) metall quvurlar 10 yildan so‘ng, kompozit materiallardan quvurlar 5 yildan so‘ng. Keyingi tekshiruvlar har besh yilda amalga oshiriladi. 66. Quvurlarni tekshirish muddatlari xizmat ko‘rsatiluvchi texnologik agregatlar (uskunalar)ning rejadagi ta’mirlash muddatlari bilan moslashtirilishi kerak. Tekshiruvlar inshootni barcha konstruktiv elementlarini qamrashi kerak. 67. Quvurlarning texnik holatini va qoldiq resursini aniqlash bo‘yicha navbatdan tashqari tekshiruvi quyidagi hollarda amalga oshiriladi: a) “A” va “B” toifadagi shikastlanishga olib kelgan tabiiy ofatlardan (to‘fon, yer silkinishi, yong‘in va shu kabilar) keyin; b) “A” va “B” toifadagi shikastlanishga olib kelgan “gumburlash”lardan keyin; v) quvurning og‘ishi ruxsat etilgan qiymatlardan ortib ketsa; g) g‘isht yoki temir beton tana devorining qisman buzilishi aniqlansa, metall quvur qoplamasida kuyindilar hosil bo‘lsa, yuza va tik yoriqlar paydo bo‘lsa, aylana bo‘ylab 1 m dan ziyod hududlarda betonning himoya qatlamida o‘yimlar va qatlamlarga ajralish hollari oqibatida vertikal armatura sterjenlari qiyshayib chiqib qolsa; d) futerovka hududlarining ko‘chishida, ajratuvchi devorlar qulab tushishida, ichki tanani teshib o‘tish bilan shikastlanishida, g‘ishtli kallaklar va boshqa tutib turuvchi elementlar buzilishida; e) quvur tanasining nam va bug‘dan muhofazasi yoki futerovkaning bug‘dan izolatsiyasi buzilishida; j) tananing g‘isht terimlarini 20 mm dan ziyod, qorishmalarni 40 mm dan ziyod chuqurlikkacha buzilishida (qatlamlarga ajralish); z) temir-beton tana yuzasining muntazam ivishi yoki yaxlashidan keyin; i) tekshiruv yoki ishlatishning me’yoriy muddatlari tugaganida; k) kapital ta’mirlash yoki tiklash zaruriyatini aniqlash maqsadida; l) quvur tiklangandan so‘ng yana ishga tushirilishida; m) nazorat organlarining buyrug‘i bilan. 68. “A” toifasidagi nuqson yoki shikastlanish topilgan hollarda tekshiruvni bajarish muddatlari bir oydan, agar topilgan nuqson yoki shikastlanishlar “B” toifasida bo‘lsa, bir yildan kechiktirmagan tarzda amalga oshiriladi. 69. Tekshirish ishlari tegishli vakolatga ega tashkilotlar tomonidan amalga oshirilishi kerak. Quvurlar tekshiruvini amalga oshirayotgan tashkilot ixtisoslashgan bo‘linmaga ega bo‘lishi kerak. Bo‘linma shahodat sinovidan o‘tgan, tibbiy hay’ati tomonidan balandlikda ishlashga ruxsat etilgan va amaliy ishlarda tajribaga ega malakali ishchilar bilan jamlanadi. 70. Futerovkani tekshirishda quvur tanasi bilan futerovka orasidagi qatlamning issiqlik muhofazasi holati, hamda tananing korroziyaga qarshi himoyasi tekshirilishi kerak. 71. Tekshiruvlar jarayonida xavfli deformatsiyalar, nuqsonlar, shikastlanishlar yoki inshootning buzilishi mumkin bo‘lgan boshqa alomatlar kuzatilsa, bunday hollarda tekshiruv ishlarini amalga oshirayotgan tashkilot rahbari zudlik bilan bu haqida ishlatuvchi korxona rahbariga yozma ravishda xabar berishi va xabarnoma nusxasini “Sanoatkontexnazorat” davlat inspeksiyasining hududiy organlariga taqdim etishi shart. 72. Ixtisoslashgan tashkilot rahbari bilan kelishilgan quvurning texnik holatini baholash bo‘yicha tekshiruvni amalga oshirish texnik vazifasi (3-ilova*), ishlatuvchi korxona rahbari tomonidan tasdiqlanadi. * 3-ilova berilmaydi. 73. Ishlatuvchi korxona tekshiruv ishlarining bajaruvchisiga quyidagi texnik hujjatlarni taqdim etadi: a) tekshirilayotgan sanoat quvurining texnik pasporti; b) ishlarni bajarishda amalga oshirilgan barcha o‘zgartirishlarni va bu o‘zgartirishlar loyihani ishlab chiqqan loyihalashtirish tashkiloti bilan kelishilganligi haqida belgilarni aks ettiruvchi chizmalar to‘plami; v) inshootni ishlatish bo‘yicha texnik jurnal; g) geodezik tasvir materiallari; d) ko‘zdan kechirish natijalarining dalolatnomalari; e) halokatlarni va inshootni ishlatish sharoitiga ta’sir etuvchi texnologik o‘lchamlarning og‘ishini tekshirish dalolatnomalari; j) ilgari bajarilgan tekshiruvlarga ixtisoslashgan tashkilot xulosalari; z) bajarilgan ta’mirlash ishlari haqida hujjatlar; i) ketuvchi gazlarning haqiqiy ko‘rsatgichlarini tasvirlovchi hujjatlar; k) tekshiriluvchi quvur joylashgan hududning muhandis-geologik sharoiti bo‘yicha hisobotlar. Oldingi tahrirga qarang. 74. Texnik hujjatlar va texnik vazifalar asosida tegishli vakolatga ega korxona tomonidan quvurni tekshirish dasturi tuzilishi va tasdiqlanishi, ishlatuvchi korxona rahbari bo‘lishi kerak (mazkur qoidalarga 4-ilova*). (74-band O‘zbekiston Respublikasi Sanoat xavfsizligi davlat qo‘mitasining 2020-yil 4-noyabrdagi 20/YuB-67-sonli qarori tahririda) * 4-ilova berilmaydi. 75. Tekshiruvni amalga oshirish bo‘yicha ishlar naryad-ijozat bilan bajariladi. 76. Ixtisoslashgan tashkilot tomonidan tekshiruv natijalari xulosa ko‘rinishida rasmiylashtiriladi. Xulosalarda quvurning konstruktiv elementidagi kuzatilgan asosiy nuqsonlar va shikastlanishlar tavsifi, ularning hosil bo‘lishi sabablari ko‘rsatiladi, keyingi xavfsiz ishlatilishi mumkinligi (yoki mumkin emasligi) ko‘rsatiladi va xavfsizlikni ta’minlovchi tavsiyalar beriladi. Tekshiruvlar natijalari bo‘yicha texnik hujjatlarga nuqsonlar sxemalari, quvur tanasining butunligicha yoki uchastkalari bo‘yicha foto-, video tasviri, konstruksiyaning juda xavfli shikastlanish va nuqsonlarini tushuntiruvchi suratlar ilova qilinishi kerak. Xulosalarning asosiy holatlari quvur tanasini va konstruksiyalarini, ulardagi mavjud shikastlanish va nuqsonlarni e’tiborga olgan holda tutib turish qobiliyatini baholash qismida tegishli hisob-kitoblar bilan asoslangan bo‘lishi kerak. 77. Bajarilgan tekshiruvlarning barcha materiallari tegishli quvur texnik pasportiga ilova qilinadi. Topilgan nuqsonlar haqidagi ma’lumotlar ularni bartaraf etish muddatlarini belgilagan holda, inshootning texnik holati jurnaliga kiritiladi. 6-§. Quvurlarni ko‘zdan kechirish va tekshirish ishlarini amalga oshirishda xavfsizlik talablari 78. Quvur va gaz yo‘lakchalarini tashqari tarafdan ko‘zdan kechirishda kamida 2 odam, ichki tarafdan esa — kamida 3 odam ishtirok etishi kerak. 79. Gaz yo‘laklaridagi va tutun quvurlaridagi ishlar qat’iy ravishda bu hududlarni obdon shamollatib va ishlab turgan qozonlar (agregatlar) tarafidan tutun gazlarini kirib kelish sabablari oldi olinganidan so‘ng, shuningdek bug‘ni puflovchi liniyalarni o‘chirish bilan (tiqinlarni joylab) amalga oshirilishi kerak. 80. Quvurlarni ko‘zdan kechirish va tekshirish ishlari majburiy ravishda shaxsiy himoya vositalaridan (kaska, ko‘zoynak, himoya kamarlari, respirator), shuningdek ishlarni tashkillashtirish loyihasida ko‘rsatilgan boshqa vositalardan foydalangan holda bajariladi. 81. Quvur ichida ko‘tarish va tushirishlar uchun yurish narvonining shaxtasi butun uzunligicha va ishchi maydonchasi sathidan 2,5 m balandlikda 4 tarafidan to‘r bilan himoyalangan bo‘lishi kerak. 82. Rigellar, kashaklar yoki ko‘targich sim arqonlari bo‘yicha ko‘tarish va tushirishlar, shuningdek bir vaqtning o‘zida bir necha odamning quvurdan skobalar yoki tashqi yurish narvonlari bo‘yicha ko‘tarilishi yoki tushirilishi taqiqlanadi. 83. Ishlar 1,3 m va undan katta balandlikda bajarilishida amaldagi standartlar, qurilish me’yorlari va qoidalari talablariga binoan havoza va kajavalar o‘rnatilishi kerak. Havoza va kajava buyumlariga ularni ishlab chiqaruvchi tomondan berilgan texnik pasportlari bo‘lishi kerak. Mustahkamligi va bardoshliligi hisoblangan havozadan foydalanuvchi tashkilotning xavfsizlik texnikasiga mas’ul xodimi bilan kelishilgan, alohida loyihalar bo‘yicha havozalarning o‘rnatilishiga ruxsat etiladi. 84. 4 m dan ziyod balandlikda bo‘lgan havozalar faqat hayat tomonidan qabul qilinib, dalolatnoma rasmiylashtirilganidan so‘ng foydalanishga kiritiladi. Komissiya havozadan foydalanuvchi tashkilot rahbarining buyrug‘i bilan tayinlanadi. 85. Ishlar 1,3 m va undan ziyod balandlikda, himoya to‘siqlarisiz bajarilishida xavfsizlik kamarlaridan foydalanish zarur. Kamarlarda navbatma-navbat tutilishi uchun karabinlari bilan ikki zanjir bo‘lishi kerak. Yurish narvonlaridan himoya kamarisiz foydalanish taqiqlanadi. 86. Osma moslamalar yordamida ko‘zdan kechirish jarayonida quvur atrofidagi xavfli hudud quvur balandligining tsokoldan o‘lchangan 0,1 masofasida to‘silishi va to‘silgan hududga kirishni taqiqlovchi belgilar osilishi kerak. 87. Quvurni ishlatuvchi har bir korxonada quvurlardan xavfsiz foydalanish bo‘yicha mahalliy yo‘riqnomalar ishlab chiqilishi va texnik rahbariyat tasdiqlanishi kerak. Yo‘riqnomalar ishlab chiqarish spetsifikasini, tizimning xavfsizlik normalari va ushbu Qoidalar talablarini hisobga olishi kerak. III. Ta’mirlash ishlarini bajarish 1-§. Ta’mirlash ishlarini bajarish qoidalari 88. Ishlatuvchi korxona bino va inshootlarning rejaviy-ogohlantiruvchi ta’mirlash jadvallari quvurlarning joriy va kapital ta’mirlash ishlari bajarilishini ko‘zda tutishi va ular inshootning rejaviy va rejadan tashqari texnik ko‘riklari va tekshirishlar natijalariga qarab, o‘z vaqtida to‘g‘rilanishi kerak. 89. Joriy ta’mirlashda profilaktik ishlar yoki quvur konstruksiyasining keyinchalik buzilishi hollarini oldini olish maqsadida “V” toifasidagi shikastlanishlarni bartaraf etish ishlari bajariladi. 90. Quvurlarning joriy ta’mirida ishlar hajmi va ularni bajarish muddatlari ko‘rik natijalari va texnik holatini nazorat qilish bo‘yicha mas’ul xodimlar talabnomalari asosida belgilanadi. Talabnomalar ishlatuvchi korxonaning texnik nazorat xizmati bilan, bunday xizmat bo‘lmagan hollarda jalb etilgan tashkilotlar bilan kelishiladi (21-band). 91. Joriy ta’mirlash ishlari quvurni ishlatuvchi korxona tomonidan yoki tegishli vakolatga ega korxona tomonidan bajarilishi mumkin. 92. Quvurlarni kapital ta’mirlash jarayonida kuchaytirish yoki eyilgan, shikastlangan konstruksiyalarni yoki ularning ayrim qismlarini almashtirish ishlari (quvur tanasini kuchaytirish yoki uzaytirish, futerovkani, yurish narvonlari qismlarini, svetoforli maydonchalar konstruksiyalarini almashtirish, quvur poydevori va tanasini ta’mirlash va boshqalar) bajariladi. 93. Kapital ta’mirlashda ishlar hajmi ixtisoslashgan tashkilot tomonidan ishlab chiqilgan hujjatlar bo‘yicha quvurning texnik holatini tekshirish xulosalari asosida belgilanadi. Kapital ta’mirlash ishlarini bajarish uchun ishlatayotgan korxona tomonidan tegishli buyruq chiqariladi. 94. Quvurlarni kapital ta’mirlash bo‘yicha ishlar tegishli vakolatga ega korxona yoki ishlatayotgan korxonaning bo‘linmasi tomonidan bajarilishi kerak. 95. Quvurni tashqi tarafidan (kallak qismidan tashqari) joriy va mukammal ta’mirlash ishlarini xizmat ko‘rsatilayotgan texnologik agregatlarni (uskunalarni) o‘chirmasdan turib, amalga oshirishga ruxsat beriladi. 96. Tekshirish ishlarini amalga oshirgan ixtisoslashgan tashkilot tarafidan quvur konstruksiyalarining keyingi ta’mirlashlar oralig‘idagi davrda halokatsiz ishlatilishi mumkunligi haqida xulosasi mavjud bo‘lsa, xizmat ko‘rsatilayotgan agregatlarning (qurilmalarning) ta’mirlanishi bilan bir vaqtga keltirilgan mukammal ta’mirlash ishlarining bir necha bosqichda bajarilishiga ruxsat beriladi. 2-§. Ta’mirlash ishlari bajarilganida asosiy xavfsizlik talablari 97. Quvurni ta’mirlash bo‘yicha barcha ko‘rinishdagi ishlar maxsus tayyorlangan xodimlar tomonidan ishlarning bajarilishi bo‘yicha ishlab chiqilgan loyihaga muvofiq bajarilishi kerak. 98. Tananing tashqi yuzasini ta’mirlash bo‘yicha ishlar svetoforli maydonchalardan, perimetr bo‘yicha joylashgan osma havozalardan, kronshteynlarga o‘rnatilgan osma kajava yoki reshtovkalardan turib, bajarilishi kerak. Barcha moslamalar ishlarni bajarish loyihasi talablariga muvofiq tayyorlangan va sinovdan o‘tkazilgan bo‘lishi kerak. Ularning quvurni mavjud elementlariga yoki maxsus o‘rnatilgan konstruksiyalarga ishonchli mahkamlanishiga alohida e’tibor berilishi kerak. 99. Yuzani tozalash, g‘isht terimlaridagi yoriqlarga, tana betoni va armaturasidagi yemirilish qatlamlarini olish, tortuvchi halqalar holatini tekshirish ishlari tepadan pastga qaratib, nuqsonli hududlarni tiklash, yoriqlarni yamash, halqalarni tortib qo‘yish, torkretirlash va tanani temir beton halqalarini joylash usuli bilan kuchaytirish ishlari esa — pastdan tepaga qaratib amalga oshirilishi kerak. 100. Materiallarni ko‘tarish va qurilish axlatlarini pastga tushirish, ularning hajmiga qarab yoki quvur tanasiga mahkamlangan shaxta yuk ko‘targichi yordamida yoxud tana va chig‘ir stansiyasining tepa qirqimiga joylashtirilgan blok tizimlariga ega po‘lat balka yordamida amalga oshiriladi. 101. Quvurlarning ichkari tarafini ta’mirlash ishlari ular kul va boshqa cho‘kindilardan tozalanib, shamollatilishi yetarliligi va havoda tutun gazlari, zararli va portlovchi moddalarning yo‘qligi tekshirilganidan keyin amalga oshiriladi. 102. Quvurlarning ichki tarafida bir vaqtning o‘zida bir nechta yaruslarda ishlashda ularning har biri yuqoridagisidan yaxlit himoya to‘shagi bilan ajratilgan bo‘lishi kerak. Bir vaqtning o‘zida ikki va undan ko‘p yaruslardan turib, futerovkani qismlarga ajratish taqiqlanadi. 103. Quvurlarning ichki tarafidagi ta’mirlash ishlari yoritish va aloqa vositalari bilan jihozlangan, kajava stansiyasi bilan harakatga keltiriluvchi, qat’iy ravishda ehtiyot kanatlarni qo‘llash orqali shaxta yuk ko‘targichlari yoki osma maydonchalardan foydalanib, amalga oshirilishi kerak. 104. Quvur futerovkasini qismlarga ajratish tepadan pastga tomon amalga oshiriladi. Yuqoridagi futerovkaning o‘z-o‘zidan qo‘porilishiga yo‘l qo‘ymaslik uchun pastki qatorlardagi futerovkani ko‘chirishga ruxsat berilmaydi. Tanlama ravishdagi ta’mirlashda futerofkaning ayrim hududlarini chiqarish ishlari uning qolgan qismi bardoshliligini ta’minlagan holda, amalga oshirilishi kerak. 105. Ajratuvchi devorni ta’mirlash ishlariga quvur futerovkasi obdon tekshirilib uning elementlarini bexosdan tushib ketishini mustasno qiluvchi choralar ko‘rilganidan so‘ng kirishishga ruxsat beriladi. 106. Sanoat quvurining og‘ishlari yoki bo‘ylama o‘qining qiyshayishlarini aniqlash bilan bog‘liq ishlar tegishli vakolatga ega korxona tomonidan tananing tikligini doimiy kuzatib turgan holda ishlab chiqilgan maxsus loyiha bo‘yicha bajariladi. 107. Quvurning konstruktiv elementlari ishlatish xususiyatlarini to‘la hajmda tiklamasdan turib, uni ishlatish mumkin bo‘lmasa, maxsus loyiha bo‘yicha quriladigan vaqtinchalik metall quvurlaridan foydalanish yo‘li bilan texnologik agregatlarning (uskunalarning) ishlashini ta’minlashga ruxsat etiladi. Agregatlarni (uskunalarni) vaqtinchalik quvurga ulash ishlari ular to‘xtatilgan vaqtda amalga oshirilishi kerak. Bunday vaziyatlarda asosiy quvurga keluvchi gaz yo‘lagida vaqtinchalik quvurni doimiy quvurdan ajratuvchi mustahkam devor quriladi. 108. Ta’mirlash ishlari boshlanishidan oldin quvur hududi to‘silib, ta’mirlovchilarning ko‘tarilish joyida g‘isht, beton parchalari va boshqa elementlarning tushishini mustasno qiluvchi choralar ko‘rilgan bo‘lishi kerak. 109. Ta’mirlash ishlari tugatilganidan so‘ng ishlar rahbari barcha ta’mirlash xodimlarining chiqarilganligiga ishonch hosil qilishi, shuningdek quvur ichida moslamalar, materiallar va asboblar yo‘qligini tekshirishi kerak. 3-§. Ishlatishga qabul qilib olish 110. Quvurni mukammal ta’mirlash bo‘yicha bajarilgan ishlar tegishli vakolatga ega ta’mirlagan korxona tomonidan qabulga taqdim etiladi. Ishlarni qabul qilish hay’ati korxona rahbarining buyrug‘i bilan tayinlanadi va komissiya tarkibiga quvurni ishlatuvchi bo‘lim rahbari, quvurning texnik holatini nazorat qilish bo‘yicha mas’ul xodim va “Sanoatkontexnazorat” davlat inspeksiyasi inspektori albatta kiritiladi. 111. Kapital ta’mirlashdan o‘tgan quvurni ishlatishga qabul qilib olish qabul hay’ati tomonidan dalolatnomani rasmiylashtirgan holda, amalga oshirilishi kerak. Dalolatnomaga quyidagilar ilova qilinishi kerak: a) kiritilgan o‘zgartirishlar va ularni tasdiqlovchi hujjatlar bilan ishchi chizmalarining to‘liq to‘plami; b) yashirin ishlarni bajarish uchun dalolatnomalar; v) qo‘llanilgan materiallar, buyumlar, konstruksiyalarning pasportlari va sertifikatlari; g) beton nazorat namunalarini sinash dalolatnomalari; d) korroziyaga qarshi, issiqlik izolatsiyasi va futerovkalash ishlarini bajarish dalolatnomalari; e) ishlarni bajarish, panellarni, osmalarni va metall konstruksiyalarni tayyorlash jurnallari; j) quvur elementlarini tugunma-tugun qabul qilish dalolatnomalari. 112. Bajarilgan ishlar (shu jumladan yashirin ishlar) sifatini ko‘zdan kechirish va asbob-diagnostika nazoratining natijalari topshirish-qabul qilish hujjatlari bilan umumlashtiriladigan dalolatnoma bilan rasmiylashtirilgan bo‘lishi kerak. 4-§. Ishlatishdan chiqarish 113. Quvurlarni ishlatishdan chiqarish quyidagi hollarda amalga oshiriladi: a) tekshirish ishlarini bajargan tashkilot tomonidan halokat holatidagi quvurni kuchaytirish yoki ta’mirlash imkoniyati yo‘qligi haqida xulosa berilgan bo‘lsa; b) sanoat obyektining umumiy tiklanishi natijasida quvurdan foydalanish zaruriyati qolmasa yoki yangi quvurni o‘rnatish talab etilsa; v) quvurni saqlashga tayyorlash bo‘yicha ishlar bajarilishini talab etuvchi xizmat ko‘rsatilayotgan agregatlar (uskunalar) to‘xtatilsa; 114. Ishlatishdan chiqarilgan quvurlar vaqtincha saqlashga tayyorlanishi yoki bartaraf etilishi kerak. G‘ishtli va temir beton quvurlarni qismlarga ajratish ishlari odamlar va atrofdagi bino va inshootlar xavfsizligini ta’minlovchi maxsus ishlab chiqilgan loyiha bo‘yicha ixtisoslashgan tashkilot tomonidan amalga oshirilishi kerak. 115. Quvurlarning maxsus loyiha bo‘yicha va buning uchun bo‘sh maydonchalar mavjud bo‘lgani taqdirda, kesib ajratish yoki nishonga olib portlatish usuli bilan bartaraf etilishiga (olib tashlanishiga) ruxsat beriladi. Taxmin qilinayotgan ag‘darilish tarafida sektor radiusi quvur balandligining 1,5 baravaridan, quvurning qarama-qarshi tarafida esa — 15 m dan kam bo‘lmasligi kerak. Ag‘darish hududidagi maydoncha o‘ralgan bo‘lishi va postlar bilan qo‘riqlanishi kerak. IV. Yakuniy qoida 116. Mazkur Tutun va shamollatish sanoat quvurlarini ishlatishda xavfsizlik qoidalari O‘zbekiston Respublikasi Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligi, O‘zbekiston Kasaba uyushmalari Federatsiyasi Kengashi va “O‘zbekenergo” Davlat-aksiyadorlik kompaniyasi bilan kelishilgan. O‘zbekiston Respublikasi Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vaziri v.b. A. XAITOV O‘zbekiston Kasaba uyushma Federatsiyasi Kengashi raisi D. JAHONGIROVA “O‘zbekenergo” Davlat-aksiyadorlik kompaniyasi boshqaruv raisi B.M. TEShABOYEV Download 74.54 Kb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling