Tushuncha mazmuni
Ikkinchi savolni yoritishda, tushunchaning muayyan hajm va mazmunga ega bo‘lishi to‘g‘risida talabalarga konkret misollar asosida tushuntirib berish lozim.
Tushuncha muayyan hajm va mazmunga ega bo‘ladi. Tushunchaning hajmi deb tushunchada aks etgan buyumlar yig‘indisiga aytiladi. Chunonchi, yuqoridagi «ona» tushunchasining hajmiga barcha onalar, dunyo xalqlari orasida farzand ko‘rib, uni tarbiyalab, voyaga yetkazgan va yetkazayotgan ayollar kiradi.
Tushunchaning mazmuni deb ishtirok etayotgan buyumlardagi belgilarga aytiladi. Chunonchi, «ona» tushunchasidan muhim belgilar go‘dakka volidalik qilish (go‘dakni tug‘ish), boqish, mehribonlik va muruvvat qilish kabi eng asosiy belgilar tushunchaning mazmunini shakllantiradi.
Tushunchaning hajmi va mazmuni o‘rtasida o‘zaro bog‘liqlik bo‘lib, u shakl va mazmun o‘rtasidagi o‘zaro teskari munosabat qonuni deb ataladi.
Buning ma’nosi shuki, maboda hajm ortaversa, mazmun aniqlashadi, ya’ni boyib boradi. Demak, mazmun boyisa, hajm qisqaradi. Binobarin, tushunchada ifodalangan fikr oydinlashadi. Masalan, «jinoyat» tushunchasini olib ko‘radigan bo‘lsak, u holda mazkur tushuncha juda keng hajmli bo‘lib, uning mazmuni anchayin mavhumdir. Ya’ni, qaysi jinoyat ustida aniq fikr yuritilayotganini anglay olmaymiz. Maboda «o‘g‘rilik» tushunchasini olib ko‘rsak, mazkur tushunchaning hajmi nisbatan siqiq bo‘lib, undagi mazmun esa, boydir. Darhaqiqat, «o‘g‘rilik» tushunchasining mazmunan boyligi, uning jinoyat turining qaysi bir sohasiga aniq taalluuqliligi, aytaylik, jamoa, davlat, shirkat, shaxsiy mulkni pinhona, yohud oshkora o‘zlashtirishdan iborat ijtimoiy xavfli xatti-harakat ekanligidadir. Fan tushunchalarining mazmunini ochish bilan ular ifodalangan narsalarning mohiyatini ta’riflab beradi.
Bunday hollarda hajm va mazmun o‘rtasidagi mutanosiblik buzilmasligi uchun tushunchalardagi ana shu xususiyatlarni inobatga olish lozim.
Do'stlaringiz bilan baham: |