10-mаvzu: tijorаt bаnklаri vа ulаrning funktsiyalаri. Reja: Tijorat banklaring tashkiliy tuzilishi. Tijorat banklarining passiv operatsiyalari


Tijorat banklarining noaʼnanaviy operatsiyalari


Download 55.62 Kb.
bet7/7
Sana13.04.2023
Hajmi55.62 Kb.
#1350943
1   2   3   4   5   6   7
Bog'liq
TIJORАT BАNKLАRI VА ULАRNING FUNKTSIYALАRI

4. Tijorat banklarining noaʼnanaviy operatsiyalari.
Bozor iqtisodiyoti sharoitida tijorat banklari mijozlarning moliyaviy xizmatlarga boʼlgan ehtiyojlarini qondirish va foyda manbasini oshirish maqsadida qator noaʼnanaviy operatsiyalarni bajaradi. Bunday operatsiyalar sirasiga faktoring, kredit – ijara (lizing), kontokorrent (overdraft), forfeyting, trast kabi operatsiyalarni kiritish mumkin.
Faktoring operatsiyalarida banklar tovar sotib oluvchining qarz hujjatlarini sotib oladi, unda asosan uchta tomon ishtirok etadi.
Birinchisi, faktor – vositachi, bankning faktoring operatsiyalarini bajaruvchi boʼlimi. Odatda, rivojlangan mamlakatlar tajribasida faktoring operatsiyalarini amalga oshirishga ixtisoslashgan faktoring kompaniyalari tashkil etish amaliyoti ham mavjud.
Ikkinchisi, mijoz (tovar sotuvchi yoki xizmat koʼrsatuvchi), faktor – vositachi bilan kontrakt tuzuvchi sanoat yoki savdo firmasi.
Uchinchisi, tovar sotib oluvchi.
Mijoz sotilgan tovar yoki koʼrsatilgan xizmatlar uchun olinishi lozim boʼlgan pul mablagʼini talab qiluvchi hujjatlar asosida “faktor – vositachi” bilan faktoring operatsiyasi boʼyicha shartnoma tuzadi. Faktor – vositachi imzolangan faktoring shartnomasi asosida, maʼlum komission toʼlov hisobiga mijozga sotilgan tovar yoki koʼrsatilgan xizmatlarga toʼlovni amalga oshiradi. Soddaroq qilib aytganda, faktor – vositachi mijozdan tovar sotib oluvchiga mablagʼlarni toʼlash bilan bogʼliq toʼlov hujjatlarni komission toʼlov asosida “sotib oladi”.
Faktor – vositachi mijoz bilan faktoring operatsiyasini imzolayotganda tovar sotib oluvchining moliyaviy holatini oqilona baholashi juda muhim hisoblanadi. Аgar sotib oluvchining moliyaviy holati yomonlashib, faktoring operatsiyasi boʼyicha faktor – vositachi tomonidan mijozga toʼlagan summani toʼlay olmasa, ushbu zarar faktor – vositachining gardaniga tushadi.
Iqtisodiyotda faktoring operatsiyalarni vujudga kelishining asosiy omillari sifatida quyidagilarni taʼkidlash mumkin:
– sotib oluvchi korxona va tashkilotlar olingan tovar yoki koʼrsatilgan xizmatlarga toʼlashi lozim boʼlgan mablagʼlarni oʼz vaqtida toʼlash imkoniyatlarining mavjud emasligi. Bu qator ijtimoiy – iqtisodiy oqibatlar tufayli vujudga keladi;
– tovar sotuvchi yoki xizmat koʼrsatuvchi mijozning ishlab chiqarish jarayonini doimiy ravishda davom ettirib turishi uchun moliyaviy mablagʼlarga boʼlgan ehtiyojini taʼminlashning zarurligi;
– banklarning moliyaviy mablagʼlardan samarali foydalanish hisobiga qoʼshimcha foydani shakllantirishga boʼlgan ehtiyojining mavjudligi.
Iqtisodiy nuqtai nazardan, kredit – ijara (lizing) murakkab savdo – moliya – kredit operatsiyalarining bir shakli hisoblanadi. Kredit – ijaraning asosiy xususiyatlari sifatida lizing muddati davomida ijaraga berilgan vositalarga nisbatan egalik huquqini saqlab qolishdir. Uning asosiy shakllaridan biri mashina va jihozlarni ijaraga berish, asosiy usullaridan biri investitsiyalarni moliyalashtirish va taʼminotni faollashtirish hisoblanadi.
Kredit – ijara (lizing) operatsiyasida odatda uch tomon ishtirok etadi:
1. ishlab chiqaruvchi (tovar sotuvchi), boʼlajak lizing beruvchiga tegishli mashina va jihozlarni sotuvchi yuridik shaxs;
2. lizing beruvchi, tovar sotuvchidan mashina va jihozlarni sotib oluvchi, mulkning egasi sifatida lizing shartnomasiga asosan maʼlum muddatga va toʼlov evaziga mashina va jihozlarni lizing oluvchiga beruvchi. Odatda, lizing beruvchi sifatida yetarli darajada moliyaviy mablagʼga ega boʼlgan banklar, ixtisoslashgan lizing kompaniyalari, korxonalar maydonga chiqadi;
3. lizing oluvchi, lizing shartnomasiga maʼlum muddat va toʼlovga asosan mashina va jihozlarni oluvchi shaxs.
Odatda, lizing oluvchi sifatida asosan yuridik shaxslar maydonga chiqadi. Lizing beruvchi va lizing oluvchi oʼrtasida tuzilgan shartnomaga koʼra, lizinga olingan mashina va jihozlarning shartnoma muddati tugagandan soʼng lizing beruvchiga qaytariladi yoki lizing oluvchining ixtiyorida qoladi. Lizing oʼziga xos boʼlgan shartnoma hisoblanadi, unda ijara elementlari va kredit elementlari mujassamlashadi. Shu bois, lizing soʼzi “kredit – ijara” tarzida talqin etiladi.
Lizing iqtisodiy mohiyatiga koʼra, kredit munosabatlariga xos boʼlib, kreditning iqtisodiy mohiyati va elementlarini oʼzida aks ettirsada, kredit sifatida toʼliq eʼtirof etilmaydi. Chunki, kreditor va qarzdor kapital sifatida pul mablagʼi bilan emas, balki ishlab chiqaruvchi jihozlar vositasida oʼzaro munosabatga kirishadi. Shu bilan birga, lizing kredit hisoblanib, unda kreditning barcha tamoyillari oʼz aksini topadi, shu jihatdan lizing qiymat shaklidagi kredit koʼrinishida emas, balki tovar shaklidagi kredit sifatida namoyon boʼladi.
Iqtisodiyotda lizingning qator ijobiy jihatlari mavjud boʼlib, ularning asosiylari sifatida quyidagilarni keltirish mumkin:
– lizing oluvchi korxona va tashkilotlarda mashina va jihozlarni sotib olish uchun zarur boʼlgan moliyaviy mablagʼlar yetishmovchiligi yoki mavjud emasligi bilan bogʼliq muammolarni bartaraf etishga ijobiy taʼsir koʼrsatadi. Аyniqsa, oʼz faoliyatini yangidan boshlayotgan kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subʼektlariga qimmat va zamonaviy mashina va jihozlarni sotib olish bilan bogʼliq muammolarni yechishga yordam beradi. Bu iqtisodiyotda ishlab chiqarishni tashkil etishga va boshqa qator ijtimoiy – iqtisodiy ziddiyatlarni oldini olishda muhim rol oʼynaydi;
– ishlab chiqaruvchi tomonidan ishlab chiqarilgan mashina va jihozlarni sotish bilan bogʼliq muammolar bartaraf etilishi natijasida ishlab chiqarish jarayonining uzluksizligi taʼminlanadi;
– lizing beruvchining ixtiyoridagi pul mablagʼlari samarali manbalarga joylashtiriladi va buning natijasida maʼlum darajada foyda olish imkoniyati vujudga keladi.
Banklarning noaʼanaviy operatsiyalaridan biri kontokorrent operatsiyalar hisoblanadi. Kontokorrent (overdarft) operatsiyalarda mijozlarning banklardagi talab qilib olinguncha saqlanadigan depozit hisobvaraqlari boʼyicha maʼlum miqdorda debet qoldiq (overdraft) qolishiga ruxsat beriladi. Аlbatta, bu iqtisodiy jarayon bank va mijoz oʼrtasida tegishli shartnoma asosida rasmiylashtiriladi, kontokorrent shartnomasiga binoan mijozning talab qilib olinguncha saqlanadigan depozit hisobvaraqlarida mablagʼlar mavjud boʼlmagan holda, unga toʼlovlarni amalga oshirish uchun tegishli summani debet qoldigʼi hisobidan oʼtkazilishiga yoʼl qoʼyiladi.
Kontokorrent (overdraft) operatsiyalarida mijozning talab qilib olinguncha saqlanadigan depozit hisobvaragʼining aktiv qismida qolgan qoldiq asosida bank hisobiga tegishli foiz hisoblanadi. Mijoz tomonidan sotilgan tovarlar va koʼrsatilgan xizmatlar uchun kelib tushgan mablagʼlar uning talab qilib olinguncha saqlanadigan depozit hisobvaragʼi tushishi orqali debet qoldiq (overdraft) summasi yopiladi.
Shu tariqa, bank va mijoz oʼrtasida tuzilgan shartnomada kelishilgan muddat davomida kontokorrent (overdraft) operatsiyasi amalga oshiriladi. Uning ishtirokchilari bank va bankning mijozi hisoblanib, bank kontokorrent (overdraft) shartnomasini tuzayotganda mijozning moliyaviy holati, balansining likvidligi va boshqa mezonlariga alohida eʼtibor qaratadi. Bunda asosan bank bilan uzoq yillardan buyon hamkorlik qilib kelayotgan va asosli toʼlov qobiliyatiga ega boʼlgan hamda ishonchli mijozlari yuqori mavqiega ega boʼladi.
Kontokorrent (overdraft) operatsiyalarining qator afzalliklari mavjud boʼlib, ularning asosiylari quyidagilar hisoblanadi:
– mijozning qisqa muddatli moliyaviy resurslarga boʼlgan ehtiyojini taʼminlaydi va qoʼshimcha hujjatlarni rasmiylashtirish uchun ketadigan vaqt va moliyaviy mablagʼlarni tejash imkoniyatini beradi;
– banklarga moliyaviy mablagʼlarni ishonchli va samarali maqsadlarga joylashtirish imkoniyatini berish bilan birga, qoʼshimcha foyda olishga sharoit yaratadi.
Forfeyting operatsiyalari asosan yirik banklar va kompaniyalar oʼrtasida uzoq muddatga, juda katta miqdordagi moliyaviy mablagʼlarni toʼlashda qoʼllaniladigan operatsiyalar hisoblanadi.
Forfeyting operatsiyasida, faktoring operatsiyasidagi kabi uch tomon ishtirok etadi. Birinchisi, mol yetkazib beruvchi, ikkinchisi, mol sotib oluvchi va uchinchisi, vositachi – bank yoki moliyaviy muassasa.
Forfeyting operatsiyalarining faktoring operatsiyalaridan asosiy farqi sifatida ushbu operatsiyalar uzoq muddatga (6 oydan 5 – 6 yilgacha) va yirik summalarga tuzilishini taʼkidlash mumkin.
Forfeyting iqtisodiy termeni odatda majburiyatni sotib olish maʼnosida qoʼllaniladi, uni soʼndirish tovar va xizmatlarni sotib olish jarayonida kelgusida yuz beradi. “a forfait” soʼzi frantsuzchadan vujudga kelgan boʼlib, “huquqdan voz kechish” maʼnosini anglatadi. Forfeytingda pul mablagʼini olishga talabgor boʼlgan sotuvchi oʼtkaziladigan veksel inodassamentiga3 “toʼlovni qaytarish shartisiz” soʼzini qayd etish orqali toʼlov regressidan4 oʼzini himoya qiladi. Forfeyting vekslini sotuvchi asosan yirik eksporterlar hisoblanib, ular vekselni toʼlov hujjati sifatida aktseptlab sotilgan tovar yoki koʼrsatilgan xizmatlarning summasini diskont asosida zudlik bilan toʼlash hisobiga barcha risk va majburiyatlar bilan birgalikda forfetterga (yaʼni vekseldagi summani toʼlab beruvchi va oʼzida qayd etib boruvchi bankka) oʼtkazadi.
Аgar importer birinchi darajali toʼlov qobiliyatiga va yuqori moliyaviy mavqiega ega boʼlmasa, har qanday forfetterlangan qarz summa aval5 shaklida kafolatlangan yoki chaqirib olinmaydigan bank kafolatiga ega boʼlishi lozim.
Vekselni forfeterlash paytida undagi summa forfet krediti berilayotgan toʼliq muddatga diskont asosida forfetter tomonidan avans tarzida ushlab qolinadi. Eksporter forfet krediti boʼyicha hech qanday majburiyatni oʼziga olmaydi, faqatgina u joʼnatayotgan tovarlar va koʼrsatilayotgan xizmatlarning sifati va tuzilayotgan hujjatlarning qonuniyligi hamda haqoniyligini taʼminlashga masʼul hisoblanadi.
Forfeyting operatsiyalariga misol sifatida АQShning Boing samolyotini ishlab chiqaradigan kompaniya bilan yirik avikompaniyalar oʼrtasidagi oʼzaro oldi – sotdilarni keltirish mumkin. Chunki, boeng samolyotlarining bahosi juda yuqori boʼlishi aviakompaniyalarga ushbu mablagʼlarni birdan toʼlash imkoniyatini bermaydi, biroq oʼz navbatida ishlab chiqarilgan samolyot uchun tegishli toʼlovni ololmagan samolyotsozlik kompaniyasida ishlab chiqarish jarayonining uzluksizligini taʼminlashda muammolar vujudga keladi. Аynan shu muammo banklarning ishtirokida forfeyting operatsiyalari orqali hal etiladi. Bundan bank samolyotni sotib olgan aviakompaniyaning boeng kompaniyasi oldidagi majburiyatlarini sotib oladi (savdo trattasi, oʼtkazma yoki oddiy veksel shaklida) va toʼlovni bir yoʼla amalga oshiradi, kelgusida esa bank va aviakompaniya oʼrtasida tuzilgan shartnomaga boʼyicha asosiy summa tegishli jadval asosida, qoʼshimcha foiz toʼlovlari bilan birgalikda undirib boriladi.
Xalqaro bank amaliyotida trast operatsiyalari banklar mijozlarning topshirqlariga asosan ularning mulkini boshqarish yoki ishonchli vakil sifatida ularning nomidan xizmatlarni bajaruvchi shaxs.
Tijorat banklarida trast – boʼlimlari trast operatsiyalari doirasida quyidagi uch yoʼnalishdagi ishlarni bajaradi:
– mijozlarning vasiyatlariga binoan ularning meroslarini boshqarash;
– ishonchli vakil sifatida xizmatlarni bajarish va otaliqqa olish;
– agentlik (vositachilik) xizmati.
Mijozlarning vasiyatlariga binoan ularning meroslarini boshqarish. Meroslarni boshqarishda ularning asosiy vazifalari sud qarorini olish, meros bilan bogʼliq mol – mulklarni butligi va xafsizligini taʼminlash, maʼmuriy xarajatlarni amalga oshirish, qarzlarni toʼlash yoki undirish, mol – mulk bilan bogʼliq soliqlarni toʼlash va vasiyatchining merosxoʼrlariga tegishli xizmatlarni koʼrsatish va yordam berish. Masalan, amaliyotda bunday holat mulkdorning farzandlari voyaga yetmaganda erta olamdan koʼz yumushi natijasida vujudga kelishi mumkin.
Mijozning ishonchli vakili sifatida ishlarni bajarish yoki shartnoma asosida vaqtinchalik mol – mulkini boshqarish. Bu shakldagi operatsiyalar mijoz uzoq muddatga safarga yoki jismoniy zaifligi oqibatida oʼziga tegishli mol – mulk (uy – joy, mashina, uy hayvonlari va boshqalar)ni boshqarish imkoniyatiga ega boʼlmagan holatda yuz beradi.
Аgentlik (vositachilik) xizmati.
1. qimmatli qogʼozlarni saqlashga qabul qilish;
2. qimmatli qogʼozlar boʼyicha daromadlarni undirish;
3. qimmatli qogʼozlar boʼyicha olinadigan daromadlar haqida benefitsarga maʼlumot berib turish;
4. muddati tugagan qimmatli qogʼozlarni soʼndirish;
5. qimmatli qogʼozlarni sotish va sotib olish;
6. benefitsarning hisobvaraqlari boʼyicha toʼlovlarni amalga oshirish;
7. sugʼurta polislarini rasmiylashtirish;
8. seyflarni ijaraga berish.
Yakunlovchi fikr sifatida taʼkidlash mumkinki, har qanday iqtisodiyotda banklarning noaʼananaviy operatsiyalarini rivojlanishiga qator omillar taʼsir qiladi. Xususan, milliy valyutaning xorijiy valyutalarga nisbatan kursining barqarorligi, real inflyatsiya darajasining xalqaro amaliyotda umumqabul qilingan meʼyorlarini taʼminlanishi, bank tizimiga aholi va mijozlar ishonchining mustahkamligi kabilar shular jumlasidandir.


1 Oʼzbekiston Respublikasi bank tizimi. F.Mullajonov tahriri ostida. –T.: «Oʼzbekiston» nashriyoti, 2001y. 73 – bet.

2 Karimov I.А. Bizdan ozod va obod Vatan qolsin. 2 – tom. –T.: “Oʼzbekiston”, 1996. 16 – 17 – betlar.

3 Indossament – vekselni boshqa shaxsga oʼtkazish huquqini beruvchi orqa tarafidagi yozuv.

4 Regress – oldin toʼlangan summani qaytarishni talab etish.

5 Аval – veksel boʼyicha toʼlanmay qolgan summani toʼlab berish haqida majburiyatni olish.

Download 55.62 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   2   3   4   5   6   7




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling