11-mavzu: O’zbekistonda sovet davlatining amalga oshirgan ijtimoiy, iqtisodiy va madaniy siyosati va uning oqibatlari


II Paxta yakkahokimligining oqibatlari, ekologik holatning buzilishi. Agrar siyosatdagi nomutanosiblik


Download 120.5 Kb.
bet2/3
Sana13.05.2020
Hajmi120.5 Kb.
#105561
1   2   3
Bog'liq
Ozbekiston tarixi 11-mavzu material


II

Paxta yakkahokimligining oqibatlari, ekologik holatning buzilishi. Agrar siyosatdagi nomutanosiblik.

Paxta xom-ashyosi yetishtirish 1946-1985 yillarda 5,5 barovar ko‘paydi, paxta ekiladigan maydonlar 1 mln. ga. dan ortdi. 1966-1986 yillar maboynida O‘zbekiston qishloq xo‘jaligiga 45 mlrd. so‘m mablag‘ ajratilgan bo‘lib, shundan 17,1 mlrd. so‘mi sug‘orish tarmoqlariga sarflandi. Shu davrda 1,5 mln. ga. yer o‘zlashtirildi. O‘zlashtirilgan yerlarda yangi 160 ta sovxozlar tashkil etilgan bo‘lib, 20 yil davomida bu yerlarda 10,4 mln tonna paxta xom ashyosi yetishtirildi.

Qishloq xo‘jaligining ekstensiv yo‘ldan rivojlantirilishi, totalitar rejimning sug‘orish texnologiyasiga qo‘pol aralashuvi og‘ir ekologik va boshqa turli noxush ijtimoiy oqibatlarni keltirib chiqardi.

1985 yilga keliboq respublikada 900 ta sug‘orish tarmog‘i 92 ming gidrotexnik qurilmalar, 10 mlrd m3 hajmda suv to‘playdigan 23 ta suv omborlari mavjud edi. 70-80 yillarda suvning tabiiy muvozanatini buzilishi yer, suv, hattoki havoning zaharlanishiga olib keldi.



Orol fojiasi. Mavjud suv zahirasi imkoniyatlaridan ortiq yerlarning o‘zlashtirilishi, tog‘ yon bag‘irlariga ekin ekilishi, o‘rmonlarni shafqatsizlik bilan kesilishi, daryo va ko‘l suvlarining ifloslanishi hayvonot olamida halokatli o‘zgarishlarni yuzaga keltirdi. Orol dengizi yaqin o‘tmishda dunyodagi eng katta ko‘llardan hisoblanib, baliqchilik, ovchilik, transport sohasi yaxshi yo‘lga qo‘yilgan edi. Biroq bir avlod umri davomida bir dengiz quridi. Bir mustabid tuzum rahbariyatining respublikadagi paxta yakka hokimligi siyosati, ma’muriy buyruqbozlikka asoslangan iqtisodiyot, Orol atrofida favqulodda halokatli ekologik xatarni keltirib chiqardi.

Orol dengizining qurishi 1960-70 yillarda yiliga-18 sm, 1971-1980 yillarda-53 sm, 1981-1985 yillarda-78 sm, 1985 yilga kelib esa-87 sm.ga yetdi. 1961 yildan 1991 yilgacha dengiz haji 3 baravar qisqardi, dengiz o‘z qirg‘og‘ida 75-80, ba’zi joylarda 100 km.ga chekindi. 1980 yillarning boshida Orol dengiziga suv kelishi deyarli butunlay to‘xtab, nodir suv makoni quriy boshladi. Bu yerlarda 2 mln. ga tuz va qumdan iborat maydon ochilib qoldi.

Sanoat va qishloq xo‘jaligida yuzaki islohotlar xalqning turmush ahvolida deyarli o‘zgarish yasamadi. Ayniqsa, sobiq ittifoqdagina emas, balki mehnat sharoiti eng og‘ir bo‘lgan o‘zbek paxtakorlarining turmush darajasi ayniqsa achinarli ahvolda bo‘ldi.

O‘zbekistonda oziq-ovqat mahsulotlari “sotsializm uzil-kesil g‘alaba qilgan” davrda aholining jon boshiga hisoblaganda quyidagicha edi: go‘sht 29 kg, sut 150 litr, tuxum 78 dona, qand-shakar 21,2 kg, kartoshka 28, sabzavot va poliz mahsulotlari 66 kilogramdan to‘g‘ri keldi. Bu miqdor umumittifoq darajasidan ancha past edi. Qishloq aholisining iste’mol darajasi bu o‘rta hisobdan ko‘ra yana ham achinarli edi.

Paxta yakkahokimligining kuchayishi qishloq xo‘jaligini boshqa sohalarini qoloqlikka olib keldi, g‘alla, chorvachilik mahsulotlari, sabzavot-mevaga aholining talabi qondirilmadi. Buning ustiga tomorqaga nisbatan noto‘g‘ri siyosat olib borildi. 50-yillarning boshlarida respublika rahbarlarining tashabbusi bilan sug‘oriladigan yerlarda tomorqa hajmi 25 sotihdan 13 sotihga tushirildi. Bu ko‘rsatkich joylardagi rahbarlarning o‘zboshimchaligi bilan 10 sotihgacha, Farg‘ona, Toshkent viloyatlarida esa, hatto 6-8 sotihgacha kamayib ketdi. Bu holat respublika qishloq aholisining turmush darajasini g‘oyat og‘ir qilib qo‘ydi.

III

«Qayta qurish» kontsеptsiyasi va uning chеklanganligi. Qayta qurish yillarida O`zbеkistonda ijtimoiy-siyosiy hayot.

XX asrning 70-80 yillarida SSSRda iqtisodiyotning rivojlanish sura’ti tobora pasayib, sarf-xarajatlari ortib bordi. Mavjud imkoniyatlarni hisobga olmasdan ishlab chiqilgan ijtimoiy, oziq-ovqat, agrar, energetika, ekologiya va boshqa sohalardagi dasturlar samara bermadi, iqtisodiy ziddiyatlarni chuqurlashtirib yubordi. Jahonning taraqqiy topgan mamlakatlarida XX asr ikkinchi yarmida sodir bo’lgan ilmiy-texnika inqilobidan samarali foydalanildi. Mashina-fabrika ishlab chiqarishidan avtomatlashtirilgan kompleks ishlab chiqarishga o’tib borildi. Ishlab chiqarishga hisob-kitoblar, echimlar, nazorat va boshqarish vazifalarini bajaradigan elektron-hisoblash apparatlari, axborot texnikasi, robotlar kirib keldi va keng qo’llanila boshlandi. Odamlar bajarib kelgan oddiy texnik, mexanik, og’ir jismoniy ishlarni texnika vositalari bajaradigan bo’ldi. Fan ishlab chiqarish kuchiga aylandi. Natijada ilg’or mamlakatlarda ishlab chiqarish intensive taraqqiyot yo’liga kirdi. Moddiy ishlab chiqarishda ishlovchilar soni qisqarib, xizmat ko’rsatish sohasida, tibbiyot, ta’lim, ilmiy faoliyatda band bo’lganlar soni oshib bordi. Axborot texnikasi tibbiyot, fan, ta’lim va boshqa xizmat ko’rsatish sohalarida keng qo’llanila bordi. Inson texnik, mexanik va og’ir jismoniy ishlarni bajarishdan ozod bo’lib, o’zini mazmunli, ijodiy ishlarga bag’ishladi. Pirovardida turmush saviyasi tobora yaxshilanib bordi.

Sovet davlatida esa ilmiy-texnika inqilobidan foydalanish etarli darajada yo’lga qo’yilmadi. Iqtisodiyot ekstensiv yo’lda, tobora ko’p qo’shimcha mehnat va moddiy resurslarni ishlab chiqarishga jalb etish yo’lida debsinayotgan edi. Mamlakat katta tabiiy resurslarga ega bo’lsada, xo’jaliklar ularning etishmovchiligiga duch keldi. Ko’pgina mamlakatlar fan-texnika inqilobi tufayli xalq turmushida jiddiy ijobiy burilishga erishgan bir paytda SSSR bu jarayondan orqada qolib ketdi. Ishlab chiqarish texnologiyasi eskirgan, mahsulotlarning sifati past, ular sotilmasdan omborlarda to’planib qolayotgan edi. Ma’muriy-buyruqbozlik tizimi, iqtisodiyotga partiyaviy rahbarlik va uning mafkuralashtirilishi iqtisodiyotni isloh qilish yo’lidagi urinishlarni yo’qqa chiqarar edi. Ijtimoiy ehtiyojlarga mablag’ ajratishda qoldiq printsipi va taqsimotda tekischilik hukmron edi. Bular aholining mehnatga qiziqishi va faolligini susaytirdi, boqimandalik, tayyoriga ayyorlik, ichkilikbozlik, giyohvandlik, chayqovchilik, poraxo’rlik kabi yaramas illatlarni keltirib chiqardi. Buyruqbozlik boshqaruv usuli, mamlakatda keng tarqalgan sansolarlik, qog’ozbozlik, majlisbozlik illatlari iqtisodiyotning o’z qonunlari va vositalari asosida rivojlanishiga to’sqinlik qilmoqda edi. Odamlar mulkdan begonalashtirilgan, shu tufayli loqayd, sust, beparvo edilar, «xo’p-xo’p», «bajaramiz» deyishga o’rgangan oddiy ishtirokchilarga aylantirilgan edi. Huquq va qonuniylik puturdan ketgan edi.

Xo’jalikni boshqarishda 200 mingtacha turli buyruqlar, yo’l-yo’riq va ko’rsatmalar beruvchi qonunsimon hujjatlar hukmron bo’lib, ular xo’jalik xodimlarining har bir qadamini nazorat qilib, tashabbuskorlikni bo’g’ar edi. Oddiy korxonadan tumangacha, viloyatdan respublikagacha, respublikadan markazgacha haqiqiy ahvolni bo’yab ko’rsatish, barcha darajadagi rahbarlarni maqtash, ular nomiga hamdu-sanolar o’qish rasm bo’lib qolgan edi. Oqibatda dunyoda eng kuchli ikki davlatdan biri, deb hisoblanib kelingan sobiq SSSR turg’unlik holatiga uchradi. KPSS Markaziy Qo’mitasining 1985 yil aprelda bo’lgan Plenumi noxush tendentsiyalar yig’ilib, SSSR inqiroz oldi vaziyatga tushib qolganligini ilk bor etirof etdi. Mazkur Plenum jamiyatni «qayta qurish» orqali iqtisodiyotni ko’tarish, xalqning turmushini yaxshilash siyosatini belgiladi. 1985 –1986 yillarda Markazdagi rahbariyat tomonidan jiddiy o’zgarishlar qilish zarurligi anglandi. Biroq ahvolning nihoyatda murakkabligi hali to’la idrok etilmagan edi. Markazdagi rahbarlar hamon sotsializm «afzallik»laridan foydalanib, jamiyatni «qayta qurish»ga, sotsializmni yaxshilashga umid bog’lar edi. Ammo ular mamlakatni sotsializmning o’zi, u yaratgan totalitar siyosiy, iqtisodiy tuzum inqirozga olib kelganligini payqamagan edi. 1987 yildagi mavjud siyosiy tuzumni va iqtisodiyotga partiyaviy rahbarlikni saqlab qolgan holda xo’jalik mexanizmini isloh qilish yo’lidagi urinish ham samara bermadi. Iqtisodiy islohotlar tez orada qotib qolgan ijtimoiy -siyosiy tizimga urilib barbod bo’ldi, hech qanday samara bermadi. 1980 yillarning oxirlarida siyosiy tizimni isloh qilishga, birinchi navbatda

KPSSning siyosiy va mafkuraviy hukmronligini cheklashga, davlat va xo’jalik organlarini kompartiya hukmronligidan chiqarishga, xalq deputatlari sovetining to’la hokimiyatini ta’minlashga urinish bo’ldi. Ammo bu sa’y-harakatlar ham behuda ketdi. To’g’ri, jamiyatni demokratlashtirish, oshkoralik, turli xil fikrlar bildirishga imkon berish tomon ijobiy qadamlar qo’yildi. Matbuotda, radio va televidenieda turli xil fikr-mulohazalar erkin yoziladigan, gapiriladigan bo’ldi.

«Qayta qurish» siyosati va uning barbod bo’lishi «Qayta qurish» siyosati davrida iqtisodiyotda juda kuchli buzilishlar ro’y berdi. Markaz «qayta qurish»ning ilmiy va nazariy jihatdan puxta va aniqravshan dasturini ishlab chiqolmadi. Iqtisodiy siyosat puxta o’ylab ko’rilmagan sinov va eksprimentlarga asoslangan edi. Mamlakat sinovlar va xatolar bilan siljib bordi. Mamlakat imkoniyatlarini hisobga olmasdan xalq xo’jaligining barcha sohalarini bir vaqtning o’zida rivojlantirishdan iborat noto’g’ri yo’l tutildi. «Bu hol,-deb yozadi I.Karimov o’zining «O’zbekiston – bozor munosabatlariga o’tishning o’ziga xos yo’li» asarida, -pirovard natijada,cheklangan mablag’larning parokanda bo’lib ketishiga, moliya va ta’minot tizimining batamom izdan chiqishiga olib keldi, inqirozni chuqurlashtirdi». Sobiq sovet rahbariyati mamlakatni tanglikdan, inqirozdan chiqarish uchun ma’muriy-buyruqbozlik tizimidan, hamma resurslarni markazlashtirilgan tarzda rejalashtirish asosida boshqarish va taqsimlash yo’lidan tartibga solinadigan bozor iqtisodiyotiga o’tish kerakligini o’z vaqtida payqamadi, juda kech tushundi. 1990 yilga kelganda bozor iqtisodiyotiga o’tish zaruriyati anglandi, dasturlar tuzildi, qarorlar qabul qilindi. Biroq vaqt boy berilgan edi. Iqtisodiyot batamom barbod bo’lgan, moliyaviy va narx-navo tizimi izdan chiqqan, boshqaruv mexanizmi falaj bo’lib qolgan edi. Sobiq SSSR ich-ichidan zil ketib bordi.

«Paxta ishi», «O`zbеklar ishi” va ularning salbiy oqibatlari.

1983-yildan boshlab sobiq KPSS Markaziy qo‘mitasi rahbarligida O‘zbekistonda navbatdagi oshkora qatag‘onga yo‘l ochildi. “Paxta ishi”, “O‘zbeklar ishi”, “Sharqiy front” deb atalgan mash’um siyosat niqobi ostida minglab begunoh kishilar jinoiy javobgarlikka tortildi. Moskva yuborgan generallar, prokurorlar, tergovchilar istagan odamlarni hibsga olishardi.

Ma’shum nomlar bilan atalgan kompaniyavozlik davrida yo‘l qo‘yilgan xatolar, poraxo‘rlik qo‘shib yozish, mansabni suiste’mol qilish kabi illatlar ochib tashlandi. Biroq bu nuqsonlar sobiq Ittifoqqa, mavjud chirigan tuzumga qolaversa Markazga ham tegishli edi.

Markaziy matbuotning ba’zi bir mualliflari Kavkaz, O‘rta Osiyo va Qozog‘iston xalqlarining yuziga qora chaplashga harakat qila boshladilar. Bu hududlarda yashagan millatlar o‘z vaqtida mavjud jinoiy guruhlar faoliyatiga qarshi kurashganlar. Ular sotsialistik qonunchilikni buzilayotgani haqida Moskvaga arz qilishgan, biroq ularning o‘zlari, ya’ni “suvni loyqalatuvchilar” quvg‘inga uchraganlar!

1983-yilning oxirida respublikada juda og‘ir vaziyat vujudga kelgan edi. Birinchidan, jinoyatchilikka qarshi kurashish niqobi ostida sobiq markazdan ketma-ket turli tergov guruhlari tashlandi. Respublikamizdagi rahbarlik lavozimlariga sobiq Ittifoqning har xil joylaridan kadrlar kela boshladi. O‘zbekiston Kompartiyasi Markaziy Komitetining ikkinchi kotibligiga Anishchev, Ministrlar Soveti Raisining birinchi o‘rinbosari Ogarok, Oliy Kengash Prezidiumi rayisining o‘rinbosari etib Romanovskiylar tayinlandi, Toshkent shahrining taqdiri Satinga topshirildi.

Respublika prokurori etib Buturlin, uning o‘rinbosarligiga Gaydanov, tergov boshliqligiga Laptev, Ichki ishlar vazirligiga Didorenko tayinlandi. Barcha viloyatlarda ham ahvol shunday bo‘lib, ular respublikadagi hukmronlikni to‘la qo‘lga olgan edilar.

“Paxta ishi” va “o‘zbeklar ishi” deb yuzsizlarcha nomlangan tergovlar boshlanib ketdi. Gdlyan guruhi o‘zbekistonliklarga nisbatan qonunsiz, beshafqat ishlarni boshlab yubordi. Ularning zo‘ravonligi oqibatida sudlar adolatsiz hukmlar chiqara boshladi.

1989 yilgacha bu ishlar bo‘yicha 4,5 mingdan ko‘proq kishi sudlandi. O‘sha paytda respublikadagi qamoqxonalarda joy qolmagani uchun sudlanganlarning mingdan ortig‘i jazoni o‘tash uchun Sibir qamoqxonalariga jo‘natildi.

Gdlyan guruhi O‘zbekiston hududida cheklanmagan vakolatlarga ega bo‘ldi. Aybsiz odamlarni, ularning oila a’zolarini qamoqqa olish, jismoniy va ruhiy qiynoqqa solish avj oldi. Hibsga olinganlar tergov usullariga dosh berolmay o‘z jonlariga qasd qilishgacha borib yetdilar.

O‘zbekistonda inson huquqlari behad toptalayotganligi haqida Moskvaga minglab xatlar jo‘natildi. Afsuski, bu xatlar tekshirilmasdan, hatto javob yozishga ep ko‘rilmadi. Aksincha Gdlyan va uning gumashtalariga ketma-ket unvonlar berildi.

1989-yil 23-iyun kuni respublika rahbarligiga Islom Karimov saylandi. Yangi rahbarning faoliyati O‘zbekiston fuqarolarining huquqlarini himoya qilish, toptalgan huquqlarini tiklash kabi oliyjanob va xayrli ishdan boshlandi.

“Paxta ishlari”ni ko‘rib chiqish uchun maxsus komissiya tuzildi. Komissiya ish faoliyatiga 40 ming tomdan iborat ishni ko‘rib chiqish topshirildi. 1990-yilning iyun oyiga kelib, komissiya eng muhim bir xulosaga keldi. 1990-yil 13-iyun kuni Moskva shahriga SSSR Bosh prokurori, SSSR Oliy sudining rayisi va SSSR Adliya vaziri nomiga yozilgan xatda komissiya xulosalari batafsil ko‘rsatildi. Bu xatda “Paxta ishlari” chuqur tahlil qilinib, sudlanganlarni oqlash masalasi qo‘yilgan edi. Biroq yuqoridagi tashkilotlar ko‘mak o‘rniga tayziqni kuchaytirdilar.

Respublika rahbarining qat’iyatli harakati bilan nohaqlik barham topdi. Komissiya ikki yildan ko‘proq vaqt orasida 40 ming tomlik ishni ko‘rib chiqdi. 3,5 mingdan ko‘proq kishi oqlandi. Qolganlarning jazo muddatlari kamaytirilib, bir qismi Prezidentimiz tomonidan avf etildi.

Paxta komissiyasi faoliyatining eng muhim tomonlaridan biri shundan iboratki, paxta ishlari bo‘yicha sudlanganlarning ko‘pchiligi hayotligida oqlandi, yuzlari yorug‘ bo‘ldi, toptalgan huquqlari tiklandi, o‘z ish joylariga qaytishdi, musodara qilingan mulki qaytarilib, boshqa yetkazilgan moddiy zararlar qoplandi.

O‘zbekisiston Respublikasi mustaqillikka erishgach, xususan, respublika rahbariyatining qat’iyatli harakati bilan nohaqlik barham topdi. Minglab begunoh fuqorolarning nomlari oqlandi.

Iqtisodiyotni isloh qilish yo`lidagi urinishlar, uning barbod bo`lishi, sabablari. Farg`ona fojеasi. Shu davrga kelib respublika qishloq xo‘jaligida ko‘plab muammolar to‘planib qoldi. Sovet tuzumining navbatdagi islohoti ham yo‘l qo‘yilgan xatolar tufayli barbod bo‘ldi.

Ushbu muammolardan xalq e’tiborini chalg‘itish uchun ko‘p yillar davomida yig‘ilib qolgan milliy noroziliklardan foydalanildi. Kommunistik mafkura o‘z hukmronligini saqlab qolish uchun hatto ayrim respublikalarda millatlararo nizolarni uyushtira boshladi. 1989 yilda Toshkent, Farg‘ona, Andijonda ro‘y bergan millatlararo mojarolar, Kavkazdagi qurolli to‘qnashuvlar, quvg‘in qilingan xalqlarni noroziliklaridan razilona manfaat yo‘lida, respublikalarda, shu jumladan O‘zbekistonda paydo bo‘layotgan hurlik ovozini bo‘g‘ish uchun foydalandilar.

Ikkinchi jahon urushi yillarida mustabid tuzum tomonidan deportatsiya qilingan bir qator xalqlar qatorida mesxeti turklari ham bo‘lib, ular asosan aholi zich yashaydigan Farg‘ona viloyatiga, bir qismi Andijon, Namangan va Toshkent viloyatlariga joylashtirilgan bo‘lib, buning oqibatida ijtimoiy-iqtisodiy va millatlararo munosabatlarda qo‘shimcha muammolarni yuzaga keltirgan edi. Bu muammoga sovet davlati o‘z vaqtida e’tibor bermadi. 1989 yil 24 mayda Quvasoy shahrida yoshlar o‘rtasida (R. Nishonov ta’rificha, “bir banka qulpunoy uchun” ) bo‘lgan bezorilik millatlararo (mahalliy yoshlar bilan mesxeti turklar o‘rtasida) to‘qnashuvni keltirib chiqardi va bu mojaro Farg‘ona vodiysida ommaviy tus oldi. Respublikaning siyosiy rahbariyati yuzaga kelgan bu murakkab vaziyatni to‘g‘ri baholay olmagani uchun, yoshlarning ommaviy chiqishlari, millatlararo to‘qnashuvlar sodir bo‘ldi.

Bunday ommaviy chiqishlarga, kommunistik mafkura tartibiga qarshi borishlariga “ko‘nikmagan” mustabid tuzum siyosiy rahbariyati namoyishchilarga qarshi harbiy qism tashladi. 1989 yil 8 iyunda Qo‘qonda tinch namoyishchilar ana shu harbiy qism askarlari tomonidan o‘qqa tutildi. Natijada, 50 dan ziyod namoyishda qatnashgan aholi halok bo‘ldi (ularning ko‘pchiligi yoshlar edi), 200 dan ortig‘i esa yarador qilindi. Umuman 3-12 iyun kunlari Farg‘ona viloyatida bo‘lgan millatlararo to‘qnashuvlar va ularni harbiylar tomonidan o‘qqa tutilishi oqibatida 103 kishi halok bo‘lgan. 1009 kishi yarador bo‘lgan va 650 xonadonga o‘t qo‘yilib, vayron qilingan.

Farg‘ona fojealariga taalluqli ma’lumotlarning (lekin ma’lumotlar yo‘q darajada) tahlili shuni ko‘rsatadiki, mesxeti turklari uchun bu mojaro mustabid tuzum aybi bilan urush davrida majburan tashlab chiqilgan ona vatanlariga qaytib borishlari uchun bahona sifatida kerak bo‘lgan. Mahalliy aholi esa bu mojaroga tabiiy ravishda qo‘shilib ketgan. Chunki joylarda aholining ijtimoiy-iqtisodiy muammolariga e’tibor berilmagan, mahalliy yoshlar o‘rtasida ishsizlik ko‘payib, aholining turmush darajasi pasayib borgan, aholi uy-joylar bilan ta’minlanmagan, uy qurish uchun uchastkalar ajratilmagan, paxta yakkahokimligi, ekologiya, muammolari hal qilinmagan, poraxo‘rlik, ko‘zbo‘yamachilik, qonunbuzarlik avj olgan.

Mudhish voqealardan keyin berilgan rasmiy bayonotlarga ko‘ra, respublikada vujudga kelgan ijtimoiy-iqtisodiy keskinlikdan ommaviy tartibsizliklarni, millatlar o‘rtasida nifoq va to‘qnashuvlarni keltirib chiqarishga uringan ekstremistik kuchlar turgan. Bu ataylab uyushtirilgan siyosiy ig‘vogarlik edi. Farg‘onadagi mudhish voqea Sumgayit, Boku, Tog‘li Qorabog‘, O‘sh-O‘zgan va boshqa mintaqalarda xuddi shunday tarzda uyushtirilgan ig‘vogarlik bilan bir qatorda turar edi. Farg‘ona voqealaridan keyin O‘zbekistonning I.Karimov boshliq siyosiy rahbariyati bu masalada prinsipial mavqeini egalladi. Respublika ziyolilari va siyosiy kuchlari ana shu tahlikali kunlarda siyosiy va ma’naviy jihatdan yuksak mavqeda turdi. Fojeaning asl sabablarini ochib tashlash, o‘z xalqining shon-shuhrati va qadr-qimmatini himoya qilish yo‘lidagi o‘zlarining mashaqqatli urinishlarida ular respublikaning eng keskin muammolarini birinchi bor oshkora ravishda muhokamaga qo‘ya boshladilar.



O’zbekiston Kompartiyasi MQning 1989 yil 23 iyunda bo’lgan XIV Plenumida Farg’ona fojiasi bilan bog’liq masalalarni o’rganish uchun maxsus komissiyasi tuzildi. Komissiyaning O’zbekiston kompartiyasi MQning 1989 yil 29 iyulda bo’lgan XV Plenumi tomonidan ma’qullangan axborotida fojiani keltirib chiqargan sabablar ochib berildi.

  • Farg’ona viloyati, shahar, tuman partiya va sovet tashkilotlarining, huquqni himoya qilish organlarining tashkilotchilik, siyosiy ishidagi jiddiy xatolar fojiali voqealarga sabab bo’ldi. Ular viloyatdagi keskin ijtimoiy, siyosiy vaziyatni kuchayishi xavfini o’z vaqtida anglab etmadilar, millatlararo adovatni keltirib chiqarishga uringan ekstrimistlarga, poraga sotilganlarga o’z vaqtida zarba berolmadilar.

  • Farg’ona viloyatida o’n yillar davomida ijtimoiy-iqtisodiy keskinlik ortib bordi. Xo’jalik strukturasi buzilgan, tarmoqlar xomashyo etishtirish, yarim fabrikatlar ishlab chiqarishga moslashib qolgan edi, ishsizlar soni tobora oshib borar, odamlarni, yoshlarni ish bilan ta’minlash tadbirlari ko’rilmasdi.

  • Kadrlarni tanlash, joy-joyiga qo’yish ishlari buzilgan, poraxo’rlik, xizmat mavqeini suiste’mol qilish avj olgan edi.

  • Ana shunday keskinlikdan, respublikada ijtimoiy-siyosiy beqarorlikni keltirib chiqarishdan manfaatdor siyosiy kuchlar allaqachon ishlab chiqilgan, puxta tayyorgarlik ko’rgan reja asosida ig’vogarona harakat qildilar, olomonga oldindan tayyorlangan varaqalar tarqatdilar.

Farg’onada sodir bo’lgan siyosiy ig’vogarlik Tbilisi, Tog’li Qorabog’, Bokuda tashkil etilgan ig’vogarliklardan biri edi. Keyinchalik 1990 yil fevral-mart oylarida Bo’ka va Parkent, 1990 yil iyunda O’sh va O’zganda ham shunday urinishlar bo’ldi. Yovuz kuchlar o’z maqsadiga erisha olmadilar. O’zbekistonning yangi rahbariyati tomonidan ko’rilgan chora-tadbirlar natijasida keskinlik bartaraf qilindi.

«Paxta ishi»ning qayta ko`rilishi va tarixiy adolatning tiklanishi. »O’zbekistonliklar jamiyatni qayta qurish, islohotlar yo’lini katta umid bilan kutib oldilar. Jamiyatni yangilashdan najot kutayotgan edilar. Biroq tez orada aholining hafsalasi «pir» bo’ldi. O’zbekistonda ijtimoiy-siyosiy hayot yanada murakkablashib bordi. Bu o’z xalqining or-nomusi va qadrqimmatini himoya qilishga qodir bo’lmagan, siyosiy irodasi bo’sh kishilarning respublika rahbariyatiga kelib qolishi bilan bog’liq edi. Ularning ojizligi natijasida Respublika partiya va davlat rahbarlik lavozimlariga Markaz tomonidan ko’plab kadrlar yuborildi. «Kadrlar to’dasi» deb nom olgan 400 ga yaqin kelgindilar O’zbekistonni o’z bilganlaricha boshqara boshladilar. O’zbekiston Kompartiyasi va Respublika Ministrlar Soveti amalda ular tomonidan boshqarildi. Birinchi lavozimda o’tirgan mahalliy kadrlar ularning qo’lida qo’g’irchoq bo’lib qoldi. O’zbekiston Kompartiyasi Markazqo’mida Moskva vakillari -Mogilnichenko, Bessarabov, Ponomaryov uya qurib olgan edi. O’sha yillarda tez-tez bo’lib turadigan plenumlar va yig’ilishlarda qilingan barcha ma’ruzalarni Ponomaryov va O’zbekistonda doimiy ishlash uchun yuborilgan «kadrlar desanti»ning boshliqlari- Anishev, Ogarek, Satin va ularning hamtovoqlari tahrir qilardilar. O’zbekiston Kompartiyasi MQning birinchi kotibi I.Usmonxo’jaev esa minbarga chiqib tayyor narsalarni o’qir edi. Minbardan bilib-bilmay aytilgan gaplar qanchadan-qancha kommunistlar va rahbarlarning sha’ni, qadr-qiymatini oyoq osti qilardi, hayotini buzardi. O’zKP Markaziy Qo’mitasida «pinxona kabinet» tashkil topdi. Ushbu «kabinet» kuch ishlatish, tuhmatlar uyushtirish yo’li bilan xodimlarni badnom qilish, Respublikaga mutlaqo aloqasi bo’lmagan avantyuristik qarorlarni tiqishtirish bilan shug’ullandi. O’zbekistonda faoliyat ko’rsatayotgan «pinxona kabinet» va «kadrlar desanti»ning tashkilotchisi KPSS MQning kotibi E.K.Ligachyov edi. Qo’g’irchoqqa aylantirilgan mahalliy rahbarlar «kadrlar to’dasi» tomonidan tayyorlangan qarorlarga imzo chekishardi, xolos. Ularning sovet hokimiyatining ko’zbo’yamachilik, «ulug’» millatchilik, shovinistik siyosati va uni amalga oshiruvchilar oldidagi ojizligi, itoatkorligi xalqqa qimmatga tushdi. «Paxta ishi» O’zbekistonda «o’zbeklar ishi», «paxta ishi» deb atalgan jinoiy ishlar to’qib chiqarildi. Moskvadan yuborilgan Gdlyan va Ivanov guruhi O’zbekistonning boshiga tushgan kulfat bo’ldi. Guruh a’zolari hech kim bilan hisoblashib o’tirmay odamlarni qamash bilan shug’ullandi. Oddiy dehqondan tortib O’zbekiston Kompartiyasi MQ sekretarlari va hukumat a’zolarigacha bo’lgan xodimlarni qamash uchun birovlarni zo’rlab yozdirib olgan bir parcha qog’oz kifoya edi. O’zbekistonda qonunchilik buzildi, o’zboshimchalik va qatag’onchilikning yangi davri avj oldi. Ming-minglab iqtidorli, rahbarlik mahoratini puxta egallagan rahbar kadrlar, paxtakorlar, ter to’kib mehnat qilgan halol kishilar qamoqqa olindi. Hibsga olingan Respublika partiya va davlat organlarining rahbarlari esa Moskva qamoqxonalariga tashlandi. Tergov xodimlari 30-yillarda ishlatilgan yaramas usullardan foydalanib, hibsga olinganlarni qiynab, boshqalar ustidan to’qilgan aybnomalarni ularning qo’li bilan qaytadan yozdirib olardi va bu «aybnoma» tobora ko’p begunoh odamlarni qamashga asos bo’lib qolardi. 25 mingga yaqin kishi qiynoq ostiga olinib, so’roq qilindi. 4,5 mingdan ko’proq kishi sud qilinib, turli muddatlarga ozodlikdan mahrum etildi. O’sha yillarda O’zbekiston Kompartiyasi MQning birinchi kotibi bo’lib uzoq yillar ishlagan, o’zbek xalqining baxt-saodati yo’lda samarali faoliyat ko’rsatgan Sh. R. Rashidovning nomi ham badnom qilindi. Vafot etib ketgan partiya va davlat arbobining ruhini bezovta qilish nima uchun kerak bo’lib qoldi? O’zbekistonning, o’zbek xalqining sha’ni-shavkati va qadr-qiymatini oyoq osti qilish uchun kerak bo’lgan edi. Buni anglamagan, ayrim mahalliy rahbar xodimlar o’zboshimcha qonunbuzarlarga yordamlashdilar. Ommaviy axborot vositalari xalqni dalil-isbotsiz tahqir qilish, halol mehnatkashlarni ma’naviy ezishga yo’naltirilgan ko’plab xabarlar, maqolalar berar edilar. Natijada butun bir mamlakat va millat badnom qilindi, poraxo’r, olib-sotar sifatida «sharmanda» qilindi. Butun SSSRda bo’lganidek, O’zbekistonda ham kamchiliklar, qo’shib yozishlar, poraxo’rlik illatlari va boshqa jinoyatchiliklar bor edi, albatta. Lekin bu illatlarni o’zbek xalqi emas, balki sovet hokimiyatining ijtimoiy-siyosiy tuzumi keltirib chiqargan edi. O’zbekiston fuqarolari o’z xaq-huquqlarini himoya qilishlarini so’rab tuman, viloyat va respublika partiya va sovet organlariga murojaat qildilar. 1986-87 yillarda faqat O’zbekiston Kompartiyasi MQga fuqarolardan 50 mingdan ortiq xat va shikoyatlar tushdi. 20 mingdan ortiq kishi Markazqo’m kotiblari va bo’lim boshliqlari qabulida bo’lib, o’zlarining arz-dodlarini bildirdilar. Poytaxtga yetolmagan 100 minglab fuqarolar mahalliy hokimiyat organlariga o’z xaqhuquqlari, qonuniy manfaatlarining buzilganligidan shikoyat qilib koridormakoridor, eshikma-eshik turtinib yurdilar.

Norozilik ayniqsa xotin-qizlar orasida ko’paydi. 1986-87 yillarda respublikada 270 ayol o’zini-o’zi yondirib yubordi. Bu holat ularning sha’ni, qadr-qiymatining toptalashi, haq-huquqlarining buzilishiga nisbatan ko’rsatilgan norozilik edi. Haqiqat, adolat keyinroq Islov Karimov O’zbekiston rahbari bo’lgach ro’yobga chiqdi. Islom Karimov tashabbusi bilan «Paxta ishi»ni ko’rib chiqish uchun maxsus komissiya tuzildi. Pirovardida 3,5 mingdan ko’proq kishi oqlandi, qolganlari avf etildi.



Download 120.5 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   2   3




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling