11-mavzu: Sadriddin Ayniy – jadid adabiyoti vakili
Download 15.58 Kb.
|
Ayniy
11-mavzu: Sadriddin Ayniy – jadid adabiyoti vakili Sadriddin Ayniy nomi shoir, yozuvchi, pedagog, olim, tarixchi, shu bilan birga tanqidchi va matnshunos sifatida ko'pchilik adabiyot va san'at ixlosmandlari hamda mutaxassislarga tanish. Ijodkorning badiiy merosi, shubhasiz, serqirra va mazmundor. Ayniy (taxallusi; asl ismi Sadriddin Saidmurodzoda) (1878.15.4, Buxoro viloyati, G'ijduvon tumani — 1954.15.6, Dushanba) — yozuvchi, olim, jamoat arbobi. O'zbek va tojik tilida yozgan. Tojikiston Fanlar Akademiyasi akademigi va birinchi prezidenti (1951—54), O'zbekiston Fanlar Akademiyasi faxriy a'zosi (1943), Tojikistonda xizmat ko'rsatgan fan arbobi (1940), filologiya fanlari doktori (1948), professor (1950). Ayniy avval eski maktabda (1884—87), keyin madrasalar: Mir Arab (1890—91), Olimxon (1892—93), Badalbek (1894—96), Hoji Zohid (1896-99), Ko'kaldosh (1899-1900)da tahsil olgan. Ahmad Donish va ozarbayjon yozuvchisi Hoja Marog'iyning hamda jadid ma'rifatparvarlarining asarlari uning dunyoqarashiga sezilarli ta'sir ko'rsatadi. Ayniy Buxoroda yangi usuldagi maktablar ochadi, ular uchun o'quv qo'llanmalar, ommani ilm-ma'rifatga chaqiruvchi she'r va hikoyalardan iborat «Yoshlar tarbiyasi» (1909) darsligini tuzadi. «Yosh buxoroliklar» harakatida faol qatnashadi. 1918—21-yillarda tojikcha, o'zbekcha marsh, qo'shiq va she'rlar yaratadi. Ayniy o'z ijodini Buxoroda madrasada o'qib yurgan kezlaridayoq kichik-kichik she'rlar yozishdan boshlagan. Avval u “Sifliy”, “Muhtojiy”, “Jununiy” taxalluslari bilan, 1996-yil, ya'ni 18 yoshidan boshlab Ayniy so'zini o'ziga taxallus qilib olgan. Yozuvchi o'zining tarjimai holida ta'kidlashicha, 48 ta ma'nosi bo'lgan ko'p ma'noli Ayniy so'zini taxallus qilib olishni ma'qul qilgan. Shoirning dastlabki she'rlari tojik va o'zbek shoirlariga ergashib, ular ta'sirida yozilgan bo'lib, ishqiy, lirik xarakterdagi she'rlardir. Keyinchalik u hayot, madaniy qurilish, baxtli yoshlik, do'stlik, maktab-maorif mavzulari haqidagi she'rlar ijod qildi. Jumladan, “Maktab marshi”, “Dorulmuallimin marshi” she'rlari maktab-maorif masalasiga bag'ishlangan bo'lsa, “O'lim fashist ko'ppaklarga”, “Ona-Vatan”, “G'alaba qo'shig'i” kabi she'rlari ikkinchi jahon urushi davrida yaratilgan edi. Shuningdek, Ayniy ijodida hajviy mavzu ham yetakchilik qiladi. Yigirmanchi yillarda e'lon qilingan qator hajviy asarlari, «Yana bu qaysi go'rdan chiqdi», «Puling halol bo'lsa, tuy qil» (1924), «Mashrab bobo», «Ye, to'nim» (1925), «Bilganim yo'q», «Kengash» (1926) kabi o'zbekcha feletonlari, hajviy she'r va maqolalari, ayniqsa, «Sudxo'rning o'limi» (1939) hajviy povesti yozuvchining mohir satirik ekanligini ko'rsatdi. Muqanna va Temurmalik boshchiligidagi xalq qo'zg'olonini aks ettiruvchi adabiy-tarixiy ocherklar yozdi. Adib qissanavis sifatida ham e'tiborni tortadi. «Buxoro jallodlari» (1922) povesti, «Buxoro mangit amirligining tarixi» (1921) asarida Buxoroning ijtimoiy-siyosiy hayoti ifodalangan. «Odina», «Qiz bola yoki Xolida» (1924), «Tojik adabiyotidan namunalar» (1926), «Qul bobo yoki ikki ozod» (1928) kabi qissa, hikoya, ocherklari muhim ahamiyatga ega. Ayniyning «Eski maktab» (1935) asarida eski maktabdagi o'qish va o'qitish haqida hikoya qilinadi. Ijodkor qissalari orasida “Buxoro jallodlari” asarida 1918-yil mart oyida Buxoroda yuz bergan xalq namoyishidan so'ng amirlikda kuchayib ketgan zulm tasviri asosiy o'rinni egallaydi. Ijodkor bu asarida amir va uning amaldorlari nopokligi, qabihligi va jallodlarining vahshiyligini ro'yrost ko'rsatadi. Asar jallodlarning o'zaro suhbati, o'z boshidan kechirgan voqealarni hikoya qilishi asosiga qurilgan. “Odina” qissasida esa o'zbek va tojik mehnatkash xalqining o'tmishdagi og'ir ahvoli, boy va amaldorlar zulmiga qarshi noroziligi badiiy ifoda etiladi. Yoshligidan ota-onadan yetim qolgan kambag'al yigit Odinaning boy xonadonida ko'rgan qiyinchiliklari tasvirga olinadi. Adibning “Eski maktab” qissasi ham avtobiografik xarakterdadir. Unda Ayniy o'zining bolalik chog'larini, eski maktabda o'qigan yillarini xotirga oladi. “Sudxo'rning o'limi” Ayniyning qissanavislikdagi mahorati yuksak darajaga ko'tarilganligidan dalolat beradi. Adabiyotshunos N.Rahimovning yozishicha, adib “Sudxo`rning o`limi” qissasini, dastlab tojik tilida yozgan. Lekin unga asos bo’lgan “Bir eshonning hiylasi” nomli maqolani 1920-yilda o’zbek tilida yozib, 1921-yilda “Mehnatkashlar tovushi” gazetasida e’lon qilgan. Publitsistik xarakterdagi bu asarda xalq, davlat mulkini yemiruvchi bir mumsik va xasis eshon haqida so’z boradi. Jirkanch shayxning taqdiri ham jirkanch: o’z qornini o’zi yorib yuboradi. Bu maqola “Sudxo’rning o’limi” qissasi uchun adabiy ijodiy tomizg’i bo’ldi”. Ayniyning «Doxunda», «Qullar», «Sudxo'rning o'limi» va «Esdaliklar» asarlari xorijiy tillarga tarjima qilingan. O'zbekiston va Tojikiston Respublikalaridagi bir qator shahar, tumanlar, qishloqlar, ko'chalar, maktablar, kutubxonalar, san'at va madaniyat muassasalari Ayniy nomiga qo'yilgan. Samarqandda Ayniy yodgorlik uy-muzeyi ochilgan (1967). Download 15.58 Kb. Do'stlaringiz bilan baham: |
ma'muriyatiga murojaat qiling