I. Isbotlanayotgan tezisga aloqador xatoliklar:
1.
Tezisni almashtirish. Tezis isbotlash yoki rad etish davomida o‘zgarmasligi shart,
degan qoidaning buzilishi tezisning almashtirilishiga sabab bo‘ladi. Tezis ataylab yoki bilmasdan
boshqa tezis bilan almashtiriladi va bunda yangi tezis isbotlanadi yoki rad etiladi. Tezis
mazmunining torayishi yoki kengayishi ham bahs jarayonida tezisning o‘zgarishiga olib keladi.
Masalan, inson ma’naviy kamoloti uchun uning falsafiy dunyoqarashini rivojlantirishda mantiq
ilmining ahamiyati to‘g‘risidagi tezisni isbotlash davomida umuman insonga falsafiy tafakkur
qilish kerakmi yoki yo‘qmi, degan masalani isbot etishga harakat qilinsa, unda tezisning
mazmuni kengayib ketadi va tezis almashinadi.
2.
Insonning shaxsiy sifatini bahona qilib tezisni almashtirish. Bahs jarayonida
mavzudan chetga chiqib, opponentning shaxsiy, ijtimoiy hayoti, yaxshi fazilatlari yoki
kamchiliklari xususida fikr yuritib, shu asosda tezisni isbotlangan yoki rad etilgan, deb ta’kidlash
tezisning almashinishiga sabab bo‘ladi. Bunday xatoga ataylab yo‘l qo‘yiladi. Tinglovchilarning
his-tuyg‘ulariga ta’sir qilish orqali isbotlanmagan tezisning chin deb qabul qilinishiga urinish
ham tezisni almashtirish hisoblanadi.
3.
Ortiqcha yoki kam isbotlashga urinish natijasida tezisning almashinishi. Fikr
ortiqcha isbotlansa, berilgan tezis o‘rniga undan kuchliroq tezisni isbotlashga harakat qilinadi.
Agar A hodisadan V kelib chiqsa, lekin V hodisadan A kelib chiqmasa, unda A hodisani
ifodalovchi tezis V hodisani ifodalovchi tezisdan kuchliroq bo‘ladi. Masalan, «A shaxs birinchi
bo‘lib janjalni boshlamagan» degan tezis (V) o‘rniga, «A shaxs umuman janjal bo‘lgan yerda
yo‘q edi» degan tezisni (A) isbotlashga harakat qilinadi. Ikkinchi tezisni isbotlab bo‘lmaydi,
chunki A shaxsning janjalda qatnashganligini ko‘rgan guvohlar bor.
Do'stlaringiz bilan baham: |