12-mavzu. Nafosat falsafasi (Estetika) Reja
Download 157.5 Kb.
|
12-MAVZU
Eng qadimgi odamlar (arxantroplar) faoliyatining dastlabki mahsulotlariyoq ulardan o‘z mehnati natijalarini anglab olishlarini talab qiladi. Masalan, eng qadimgi mehnat qurolini – qo‘l rubilosini yasash uchun bir qator barqaror tasavvurlar, bo‘lg‘usi qurol shaklining ideal obrazi, mezoni mavjud bo‘lishi, tafakkurda eng oddiy sabab-oqibatli aloqalar aniqlab olinishi talab qilinadi. Paleoantroplar (qadimgi odamlar) bosqichida, chamasi, umumlashgan tasavvurlar, eng oddiy muhokama va xulosalar paydo bo‘ladi. Shu davrda diniy va estetik tasavvurlarning kurtaklari paydo bo‘ladiki, neandertal odamlar ko‘milgan joylardagi topilmalar bundan dalolat beradi. Ong shaxs ma’naviyatini, uning emotsiyalari, kechinmalari, tashvish va orzu-umidlarini, fantaziya va hayollarini, insonning subyektiv, ichki borlig‘i dunyosini, uning ruhini keltirib chiqaradi va shakllantiradi.
A.Sher ta’kidlaydiki, “Inson o‘ziga ato etilgan ongning turli qirralari bilan olamning turli tomonlarini, har xil jihatlarni nurlantiradi, o‘zida aks ettirib tahlil etadi, xulosalar chiqaradi. Natijada, bir inson bitta hodisani o‘nlab, balki yuzlab rakkursda mushohada qilish va anglashi mumkin. Ongning ana shunday faoliyat turlaridan biri estetik anglashdir. Estetik anglash, aytib o‘tganimizdek, estetik jarayonni tashkil etishi barobarida estetik munosabatni yuzaga keltiradi, ongning ana shu faoliyati ichki nafosatni shakllantiradi. Shuni alohida ta’kidlash kerakki, estetik anglash faqat estetik qadriyatlar yohud obyektlarni idrok etishda emas, balki yangi estetik qadriyatlar yaratishda ham faol ishtirok qiladi, ya’ni u estetik faoliyat jarayonida o‘zining doimiy ulushiga ega: san’at asarining dunyoga kelishida, turmush sharoitini, ishlab chiqarishning go‘zallashuvida va shunga o‘xshash holatlarda hal qiluvchi ahamiyat kasb etadi” Demak, dunyoni bilish nafaqat qonunlarni aks ettiruvchi kategoriya va tushunchalar, balki san’atda yaratiladigan obrazlar, oliy shakllar, ya’ni badiiy obrazlar orqali ham amalga oshiriladi. Har qanday bilish insonning ikkita bilish qobiliyati: ratsional (aqliy), mavhum-mantiqiy (abstrakt-mantiqiy) va his etish, obrazli-ta’sirchanlik (obrazli-emotsional)dan iborat. San’at olamida har bir badiiy asar yaxlit holda bilish, falsafiy, estetik mohiyatning mujassamligini talab qiladiki, ushbu mohiyatsiz musiqa quruq tovushlar yig‘indisi, tasviriy san’at quruq ranglar yig‘indisi, she’riyat esa so‘zlar yig‘indisi bo‘lib qolaveradi. Ayniqsa, maqom janri, simfoniya, roman, doston, portret janrlari murakkab falsafiy tizimdir. Geraklit inson ma’naviy kamolotida hissiy va mavhum bilim to‘plash sodir bo‘lishini, estetik madaniyat esa har ikkalasini birga olib borishni taqozo etishini ta’kidlaydi. Chunki, hissiyot jismning tabiati haqida uzul - kesil bilim berolmaydi. To‘liq bilimni faqat tafakkur bera olishini ta’kidlaydi. Demak, tafakkur ustunligi, tafakkur orqali hissiyot ma’nosini, ahamiyatini idrok etish shaxsning haqiqiy nafosatni ajratib olishiga imkon beradi. Nafosat-obyektiv voqelik sifatida narsa-hodisalarning estetik xususiyatlarini anglatsa, subyektiv voqelik tarzida insonning ana shu estetik xususiyatlarini anglash va idrok etish borasidagi botiniy faoliyatidir. Ma’lumki estetika fani «San’at falsafasi» iborasi bilan ham yuritiladi. Estetika fani esa falsafiy fan bo‘lib uning nazariy va uslubiy asoslarini falsafiy tafakkur nazariyasi va tarixi tashkil qiladi. Falsafani qadimda (Aflotun, Arastu) san’at deb atashgan. Falsafa fanmi yoki san’atmi degan muammo o‘shandan buyon bahslarga sabab bo‘lib kelgan. San’at falsafasida, san’atning falsafiy o‘rni, dunyoqarashi, madaniyatshunoslik tizimidagi fundamental aspektlari va ularning turli ko‘rinishlari va o‘ziga xosliklari tadqiq etiladi. Fan tashuntiradi, san’at ko‘rsatadi iborasi bejiz emas. Estetik tafakkur tarixida nafosat mezonlariga rioya qilish, vazn tuyg‘usi, tenglik aksi, ularni yaratish jarayonidan olinadigan quvonch kabi estetik faoliyatning muhim belgilari mavjud bo‘la borgan. Uyg‘unlik, tartib, me’yor ritm kabi estetikaning fanining qonuniyatlarini shakllanishi uchun insoniyat badiiy faoliyatida uzoq tarixiy davrlar kerak bo‘lgan. Chunki, badiiy faoliyatda tafakkur mezonlari asosan quyidagi jihatlarda o‘z aksini topadi: abadiiy asar g‘oyasida; asarning obraz qurilishida, badiiy asardagi shakl va mazmun uyg‘unligida; kayfiyat va ular ortida turgan fikrlarni o‘ylab ko‘rishda; asarning badiiy to‘qimasi – garmonik tuzilishidagi fikrlar rivojida, kompozitsiya, ritm, faktura, dinamikada, asarning shakllanish mantig‘ini fikrlab ko‘rishda; fikr va hissiyotlarning mujassamlashishining mukammal yo‘llari, usullari va vositalarini topishda; asarning uslubiy jihatlarida. Verk ta’kidlaydiki: Go‘zallikning asl sabablari sifatida mutanosiblikni ham, manfaatlilikni ham, maqsadga muvofiqlilikni ham, mukammallikni ham ko‘rsatish mumkin emas, chunki bu sabablar ratsionallik bilan bog‘liq. Vaholanki go‘zallik aqlimizni ijodi emas. Go‘zallik idrok etilayotganda sezgilarni hammasi umumlashib, bir yoqadan bosh chiqarib ishtirok etadi. Demak go‘zallik birvarakay barcha sezgi a’zolariga taalluqlidir. Estetika fanida ong, tafakkur kabi omillar bilan bir qatorda subyektik-ruhiy, estetik va intuitiv omillar ham g‘oyat muhim ekanligini kuzatamiz. Bu o‘rinda ijod va intuitsiya, estetik anglash tuzilmasi, katarsis, empatiya-insoniyat tarixida estetik mezon va qonuniyatlarning yaratilishida asosiy o‘rin tutganligini alohida qayd etish lozim. Estetik his-tuyg‘u, eng avvalo go‘zallik mezonlarini his etish jarayonlarini anglatadi. Kant san’atning tabiatini aql va hissiyot, mantiq va intuitsiya, kabi qarama-qarshi tushunchalarning yig‘indisi tashkil qilishini ta’kidlagan edi. Kantning fikriga ko‘ra, estetik hissiyot beg‘araz va narsa-hodisaga bevosita maftunlikka borib taqaladi. Inson yaratilibdiki, o‘z hayoti va faoliyatida intuitiv ravishda dastlab go‘zallik qonunlarini bilmagan holda ham, hayotini ko‘rkamlashtirishga o‘z tassavvuridagi go‘zallikni yaratishga intilib kelgan. Bizga estetika fani tarixidan ma’lumki, “estetika” so‘zi yunoncha aisthetikos–«oyestetikos» (olmoncha «estetik» – «eshtetik») so‘zidan olingan bo‘lib, “sezish”, “his qilish”, “his etiladigan” singari ma’nolarni anglatadi. His-tuyg‘ular intelektual, ma’naviy va estetik turlarga bo‘linar ekan, estetik his-tuyg‘ularga bizning go‘zal, chiroyli, yoqimli narsalardan zavqlanishimiz, shodlanishimiz, huzur kilishimiz, rohatlanishimiz kabilar kiradi. Bu hislarning manbai go‘zal tabiat, san’at, adabiyot, chiroyli turmush kabilar bo‘lishi mumkin. Ular albatta sezgilar orqali insonga etib keladi. Sezgilarning o‘zaro ta’siri asosan ikki: sensibilizatsiya va sinesteziya jarayonida sodir bo‘ladi. O‘zaro ta’sir jarayonida bir analizatordagi sezuvchanlikning ortib ketishi «sensibilizatsiya» deb ataladi. Sinesteziyaga shunday sezgilarning o‘zaro ta’siri kiradiki, ularda qo‘zg‘alish ta’siri ostida bir analizatordan boshqa bir analizatorga xos bo‘lgan sezgi paydo bo‘ladi. Ular «Go‘zal ohang», «nafis rang» kabi yoki go‘zallik, uyg‘unlikka asoslangan estetik hissiyot va tushunchalarning vujudga kelishiga olib keladi. Ana shunday nisbiy go‘zallik haqida fikr yuritib, G‘azzoliy ko‘z bilan ko‘rib, qo‘l bilan ushlab bo‘lmaydigan narsalarda ham go‘zallik mavjudligini aytib o‘tadi. Haqiqatan ham, biz «go‘zal ovoz» deganimizda, faqat qulog‘imiz orqali, «yoqimli hid» deganimizda dimog‘imiz orqali go‘zallikni ajratamiz. Demak, go‘zallikni his etishda besh sezgining hammasi baravar ishtirok etishi shart emas. Ayni paytda, Imom G‘azzoliy go‘zallikni ba’zan besh sezgining birortasi ham ishtirok qilmagan xolda his etish mumkinligini alohida ta’kidlaydi. A.G. Baumgarten estetikani hissiy idrok etish nazariyasi sifatida olib qaradi. Lekin, ko`p o`tmay, u goh «go`zallik falsafasi» , goh «san`at falsafasi» sifatida talqin etila boshlandi. Estetika fanining eng buyuk nazariyotchilaridan biri Georg Vilgelm Fridrix Hegel (1770-1831) esa o`z ma`ruzalarining kirish qismida yozadi: «Estetika» degan nom muvaffaqiyatsiz chiqqani va yuzaki ekani sababli boshqa atama qo`llashga urinishlar bo`ldi. So`zning o`z -o`zicha bizni qiziqtirmasligini nazarda tutib, biz «estetika» nomini saqlab qolishga tayyormiz, buning ustiga, u odatiy nutqqa singishib ketgan. Shunga qaramay, bizning fanimiz mazmuniga javob beradigan ibora, bu - «san`at falsafasi» yoki yana ham aniqroq qilib aytganda «badiiy ijod falsafasi». Hegelning «estetika» atamasidan ko`ngli tolmaganligiga jiddiy sabablar bor. Bulardan biri - yuqorida uning o`zi aytib o`tgan fikrlari bo`lsa, ikkinchisi - mazkur so`zning barcha his-tuyg`ularga taalluqliligi. Vaholanki, bu fan faqat nafosatli his-tuyg`ular va ularning ziddini nazarda tutadi. Ayniqsa, mana shu ikkinchi sababga ko`ra, «estetika» atamasining talabga javob berishi shubhali. Buning ustiga allaqachon mazkur fan tadqiqot doirasi san`at hududidan chiqib, inson hayotining deyarli barcha sohalariga yoyilib ketgan. Shu bois «estetika» atamasi ham ilmiy muomalaga kiritilgan. Zero, mazkur atamaga asos bo`lgan «nafis», «nafislik», «nafosat» so`zlari o`z qamrovi bilan fan talablariga to`la javob bera oladi. «Nafis» so`zi «O`zbek tilining izohli lug`ati»da - go`zal, nozik, latif, yoqimli, badiiy jihatdan juda yuksak ma`nolarda izohlanadi. Shu sababli Hegelning izidan borib, «estetika» atamasini saqlab qolgan holda endilikda «estetika» iborasidan foydalanish maqsadga muvofiq, deb o`ylaymiz. Endi «Estetika» fanining mohiyatini anglatadigan «san`at falsafasi» va «go`zallik falsafasi» iboralariga to `xtalamiz. Estetika tarixida birinchi ibora tarafdorlari ko`pchilikni tashkil etadi. Lekin, yuqorida aytib o`tganimizdek, san`at bu fanning yagona tadqiqot obyekti emas. Hozirgi paytda texnika estetikasi va uning amaliyotdagi sohasi dizayn, atrof-muhitni go`zallashtirish, tabiatdagi nafosat borasidagi muammolar bilan ham shu fanimiz shug`ullanadi. Demak, uning qamrovini san`atning o`zi bilangina chegaralab qo`yishga haqqimiz yo`q. Zero, bugungi kunda inson o`zini o`rab turgan barcha narsa-hodisalarning go`zal bo`lishini, har qadamda nafosatni his etishni istaydi: biz taqib yurgan soat, biz kiygan kiyim, biz haydayotgan mashina, biz uchadigan sayyora, biz yashayotgan uy, biz mehnat qiladigan ishxona, biz yurgizayotgan dastgoh, biz yozayotgan qalam, biz dam oladigan tomoshabog`lar – hammasidan nafis bir ruh ufurib turishi lozim. Yuqorida aytilganlardan kelib chiqsak, «Go`allik falsafasi» degan ibora bu fan mohiyatiga ko`proq mos keladi. Negaki, u faqat san`atdagi go`zallikni emas, balki insondagi, jamiyat va tabiatdagi go`zallikni ham o`rganadi. Shuningdek, go`zallikdan boshqa ulug`vorlik, fojiaviylik, kulgililik, mo`jizaviylik, hayolilik, uygunlik, noziklik singari ko`pdan ko`p tushunchalar mavjudki, ularni tadqiq etish ham estetika fanining zimmasida. Lekin, bu o`rinda, shuni unutmaslik kerakki, mazkur tushunchalarning har birida go`zallik bir tomondan unsur (element) sifatida ishtirok etsa, ikkinchi tomondan, ularning o`zi go`zallikka nisbatan unsur vazifasini o `taydi. Ana shu xususiyatlarning voqelikda namoyon bo`lishini biz nafosat deb ataymiz. Estetika predmeti tarixan harakatchan va o`zgaruvchandir. Uning rivojlanishining har bir yangi tarixiy bosqichida insonning dunyoga va o`ziga estetik munosabati to`g`risidagi mavjud fikrlarning to`liq emasligi aniqlanadi. Yangi asr falsafiy estetikasining asoschilaridan biri - Immanuel Kant (1724 - 1804). Kant estetikasining o`zagini uning estetik fikr haqidagi ta`limoti tashkil etadi. Ushbu ta`limot asosi aql va xayolning kognitiv kuchlarining erkin o`yinida vujudga keladigan ichki hissiyotdir. Shunga muvofiq, estetika Kantning so`zlariga ko`ra, predmeti «tashqi tuyg`ular to`g`risida ta`limot» bilan chegaralangan fan mavqesini egalladi. G.F.V.Hegel estetikani tabiat, jamiyat va san`atdagi go`zallik g`oyalari haqidagi ta`limot deb biladi. Gegelning ta`kidlashicha, san`at - bu mutlaq ruhning mulohaza ko`rinishidagi o`z-o`zini anglashidan boshqa narsa emas. Estetikaning «go`zallik falsafasi» va «san`at falsafasi» sifatida shakllanishiga F.Shiller (1759-1805), F.Schelling (1785-1854) asarlari yordam berdi. Estetika va san`at o`rtasidagi bog`liqlikni Aristotel ta`kidlagan. Ammo shunisi aniqki, nafosatlilik insonning atrofdagi voqelikka bo`lgan o`ziga xos munosabati sifatida go`zallik va uning san`atdagi badiiy in`ikosi bilan chegaralanmaydi. Estetika nafosatlilikning ko`plab ko`rinishlari fojeaviylik, kulgililik, ulug`vorlik, tubanlik, xunuklik va boshkalarning nafaqat san`atdagi, balki hayotdagi, real borliqdagi shakllari bilan ham qiziqadi. Estetika predmeti: 1. Tabiatda, jamiyatda, san`atda go`zallik mavjudligining barcha shakllari; 2. Inson tomonidan go`zallikni hissiy idrok va mushohada qilishning barcha shakllari; 3. Go`zallik qonunlariga mos ijodning barcha shakllari. Estetika - bu gumanitar bilimlarning turli sohalari bilan chambarchas bog`liq bo`lgan falsafiy fan. Birinchidan, biz axloq va estetika kabi ijtimoiy hayotning spetsifik sohalari, shuningdek, ularni baholash shakllari o`rtasidagi o`zaro bog`liqlikni ta`kidlashimiz mumkin. Ushbu o`zaro munosabatlar san`atning tarixiy rivojlanishining asosiy qonunlaridan biri bo`lib, uning ijtimoiy funktsiyasi va ma`nosini belgilaydi va ifodalaydi. Axloq va estetika jamiyatning ma`naviy hayoti hodisalarida, shaxsning xatti-harakatlari va xulq-atvorida namoyon bo`ladi. Har qanday ijtimoiy hodisa, xatti-harakat yoki motiv bir vaqtning o`zida, bir tomondan, go`zal yoki xunuk, boshqa tomondan - yaxshi va yomon deb baholanishi mumkin. Voqelikning yakka olingan «estetik xususiyatlari» mavjud emasligi kabi axloqning maxsus, predmetli-alohidalangan «omili» ham mavjud emas. Axloqiy va estetik qadriyat - bu insonning ijtimoiy mavjudot sifatida umumbashariy ehtiyojlari, qobiliyatlari va maqsadlarining, ya`ni inson faoliyati va bilishining har qanday sohasida - mehnatda va maishiy hayotda, fan va siyosatda, san`at va xulq-atvorda amalga oshiriladigan axloqiy va estetik ongida aks etishidir. Estetik baho insonning ma`naviy va jismoniy imkoniyatlarini, ijodiy qobiliyatlarini baholash sifatida inson hayotining har qanday sohasiga, shu jumladan axloqiy-etik sohasiga nisbatan ham qo`llaniladi. O`z navbatida, axloqiylik nafosatlilik sifatida namoyon bo`lish uchun zarur shartlarni o`z ichiga oladi. Bu axloqning inklyuzivligidan kelib chiqadi. Biroq, jamoat hayotida, insoniy xatti-harakatlarda, san`atda axloqiylik va nafosatlilikning bir-biriga mos kelmas holatlari ham mavjud. Bu odamlarning xatti-harakatlarining shakli va mazmuni o`rtasidagi nomutanosiblikda namoyon bo`ladi. U yoki bu harakatning axloqiy ahamiyatini ijobiy baholagan holda, biz ba`zan ongli ravishda uning namoyon bo`lish shaklini e`tiborsiz qoldiramiz yoki aksincha. Masalan, odob-axloq qoidalariga rioya qilish nuqtai nazaridan odamning xulq-atvorini ijobiy tavsiflagan holda, biz uning axloqiy rivojlanish darajasiga e`tibor qaratmaymiz. Badiiy ijod sohasida axloqiylik va nafosatlilikning birligi g`oyasi san`at va axloqning o`zaro bog`liqligida amalga oshiriladi. Gertsen haqli ravishda san`atni "axloqning estetik maktabi" deb nomladi. Bu axloqiy muammolarni anglashning o`ziga xos usulidir. Asarning mavzusini muallif tomonidan badiiy tahlil qilish va ochib berish axloqiy va estetik baholarning ma`lum birligi asosida amalga oshiriladi, shuning uchun estetikaning quyidagi asosiy vazifalarini ta`kidlash mumkin: 1) inson tomonidan voqelikni estetik bilish jarayonini o`rganish; 2) ijtimoiy hayotning va inson xulq-atvorining turli xil hodisalarini estetik baholashni ishlab chiqish; 3) inson tomonidan dunyoning badiiy o`zlashtirish qonunlarini, badiiy ijod qonunlarini bilish; 4) dunyoni yaxlit o`zlashtirish, tabiatda, jamiyatda, san`atda go`zallikning mavjudligining barcha shakllarini o`zlashtirish; 5) inson va jamiyatning estetik ongini shakllantirish. Nafosatlilik jamiyat hayotining alohida sohasi sifatida o`ta murakkab va ko`p bosqichli hodisadir. Axloq tuzilishi kabi, estetikaning tuzilishi ham uchta tarkibiy komponentni o`z ichiga oladi: 1. estetik ong; 2. estetik faoliyat; 3. estetik munosabatlar. Estetikaning zamonaviy yondashuvlari. Har bir fanda “kategoriya” uning mezonini anglatadi. Kategoriyalar (yun.belgi, izohlash)falsafiy tafakkur uchun nihoyatda muhim, olamdagi o‘zgarish, rivojlanish, aloqadorlik va uzviy bog‘liqlikka xos umumiy jihatlarning in’ikos; narsa va hodisalarning o‘ziga xosligi, o‘xshashligi va farqlarini, barqarorligi va o‘zgarishini anglatuvchi, bilishning asosini tashkil etuvchi umumiy tushunchalar. Estetika fanida deyarli har bir kategoriyaning qarama-qarshi kategoriyasi mavjuddir. Masalan, go‘zallik-xunuklik, ulug‘vorlik-tubanlik, fojeaviylik va kulgililik. Umuman, qarama-qarshiliklar birligi san’atni ham harakatga keltiruvchi mexanizmdir desak adashmagan bo‘lamiz. Falsafa fanida ham, qarama-qarshiliklar birligi va kurashi qonuni-dialektikaning muhim qonunlaridan biri bo‘lib, u tabiat, jamiyat va inson tafakkuri taraqqiyotida amal qiladigan yalpi umumiy qonundir. Ayniqsa, Qadimgi yunon falsafasida Pifagor va pifagorchilarning qarashlarida o‘ziga xosdir. Ular olamdagi narsa va hodisalarning mohiyatini raqamlar orqali tushuntiradi. Xususan, 1-raqam olamdagi hamma narsa va hodisalarning nafosat olamining asosidir, 2 - raqam tabiatdagi qarama-qarshiliklar, ya’ni go‘zallik va xunuklik, yorug‘lik va zulmat, erkak va ayol kabi tushunchalarning asosidir. Esxil esa o‘z tragediyalariga ikkinchi aktyorni olib kirdi va shu bilan fojiaviy to‘qnashuvlarni ancha teran ishlash va hatti harakat jihatlarini kuchaytirish imkoniga erishdi. Bu teatr san’atida yuz bergan chinakkam burilish nuqtasi edi: bittagina aktyor bilan xor ishtirok etuvchi eski tragediya o‘rniga sahnada o‘zaro olishuvlar orqali personajlarning fe’l atvori ochiladigan yangi xildagi tragediya paydo bo‘ladi. Demak, qarama-qarshilik insonning estetik madaniyatida har xil vaziyat va kayfiyatlarni aks ettirib, hamisha undagi ijtimoiy o‘zgarishlarga hamohang ravishda yangilanib boradi. Ijodkorlar uchun har bir davrda, o‘z davrining ziddiyatlari, odamlar orasidagi munosabatlar, rivojlanib borayotgan dunyo illatlarini ochib tashlash, hayotni go‘zallik qonunlari asosida qayta qurish ishtiyoqi yetakchi mavzu bo‘lib kelgan. Estetik idealga intilish - estetikada yangidan-yangi estetik me’yorlarni, mezonlarni, go‘zallikni,uyg‘unlikni, nafosatni, ulug‘vorlikni, hayratni yaralishiga asosiy omil bo‘lib hizmat qilgan. Estetik ideal eng avvalo-g‘oyadan boshlanadi, g‘oya esa har bir davrning estetik ehtiyojlaridan kelib chiqadi. G‘oyalar o‘z ibtidosi va intihosiga ega. Ular ham ma’lum makon va zamonda paydo bo‘lishi, jamiyat rivojiga muayyan hissa qo‘shishi, kishilar ongi va qalbidan joy olishi, o‘z umrini yashab, joziba, kuch-quvvatini yo‘qotgach, tarixiy xotiraga aylanishi mumkin. G‘oyalar ezgulikka yoki yovuzlikka, ozodlikka yoki istibdodga, ma’rifatga yoki jaholatga xizmat qilgan. G‘oyalar bilan bir qatorda qadriyatlarda ham shunday parallel holatni kuzatamiz. Ijtimoiy jarayonlar ta’sirida kishilarning qadriyatlar to‘g‘risidagi tasavvuri, qarashlari o‘zgaradi, bu esa taraqqiyot jarayonida odamlarning turmush sharoitlari, hayoti va ma’naviy qiyofasidagi o‘zgarishlar bilan bog‘liqdir. Turli xil jihatlar har qanday qadriyatlarning qarama-qarshi tomonlarini tashkil qiladi. Ijobiyligi va salbiyligi, baholanishi va ahamiyatiga ko‘ra bir-biriga mutlaqo zid ko‘rinadigan “yaxshilik” va “yomonlik”, “haqiqat” va “haqsizlik”, “baxt-saodat” va “g‘am-kulfat”, kabi tushunchalar hayotning bir-biri bilan qarama-qarshi bog‘langan jihatlarini ifodalaydi. Shu nuqtai nazardan qaraganda estetika fanining go‘zallik, xunuklik, ulug‘vorlik, tubanlik, fojeaviylik, kulgililik singari mezoniy tushunchalarining vujudga kelishida ham g‘oya, qadriyatlarning va ulardagi qarama-qarshilik prinsiplari bilan uyg‘unlik mavjud. G‘oya va qadriyatdan farqli o‘laroq estetika ushbu tushunchalarning estetik tuyg‘ular orqali vujudga keladigan insonning kechinmalarini ham o‘rganadi. Aristotel: ”San’atkorlar, - deb yozadi u, - muayyan shaxslarni tasvirlaydilar, ular esa yaxshi va yomon bo‘lishi mumkin. Ular bizdan yaxshiroq yoki bizdan yomonroq, yoki hatto bizdek bo‘ladilar . Tragediya va komediya orasida ham xuddi shunday tafovut mavjud: komediya hozirgi vaqtda yashayotganlardan ko‘ra yomonroq, ikkinchisi esa, yaxshiroq kishilarni tasvirlashga intiladi”.9 Farobiy ham she’riyat san’atiga to‘xtalib ta’kidlaydi: She’riy so‘zlarga kelsak, ular suhbat vaqtida tilga olingan narsani yo holatni, afzallik yoki pastlikni yanada aniqroq, ravshanroq tasvirlash, kuchaytirish uchun qo‘llaniladi. Bunda (she’riy tafakkur ham) go‘zallik va chirkinlik, yuksaklik va tubanlik (olchoqlik)ni yoki shu kabi (hayot hodisalarini) tasvirlashdir. Estetik tafakkur tarixida ko‘pgina mutafakkirlar go‘zallikning idealga nisbatini tadqiq etganlar, yoki go‘zallikni mezon, komillik, ideallik deb bilganlar. Qadimgi Yunonlar tartibsizlik, xunuklikni Xaos so‘zi bilan, tartiblilik, xushbichimlik, koinot uyg‘unligini va idealni Kosmos so‘zi bilan belgilaganlar. Go‘zallikning qonuniy prinsipi –estetik me’yor bo‘lib, u saqlangan joyda hamisha go‘zallik mavjud bo‘ladi. Xunuklik esa estetik me’yorning buzilishi, asosida yuzaga keladi. Tarixiy manbalarda ushbu fikrlar ifoda etilgan ko‘plab manbalarni keltirish mumkin. Anandavardxana (Hindiston XIasr)ning mashhur “Dxvanyaloka”(Poetik javhar yog‘dusi) asarida she’rni barkamol va go‘zal qiluvchi fazilatlar-ravshanlik, fikr kuchi, bog‘lanish, malohat (tatimlilik), mutanosiblik, uyg‘unlik, ma’nodorlik, nafislik (nafosat), ohangdoshlik, go‘zallik (dilbarlik), olijanoblik fazilatlarini hosil qilishda qanday qoidalarga amal qilish zarurligi tushuntiriladi.Buning ziddi, teskarisi bo‘lgan, she’rni zaiflashtiruvchi (sayozlik, siyqalik, dag‘allik, befarqlik, beodoblik, xunuklik, qabihlik kabi ) illatlarning kelib chiqish sabablari ham uqtiriladi. Download 157.5 Kb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling