13-Mavzu: Yangi O’zbekiston-yangicha dunyoqarash: Uchinchi Renessans konsepsiyasi Reja


Download 123.04 Kb.
bet1/2
Sana06.02.2023
Hajmi123.04 Kb.
#1169819
  1   2
Bog'liq
14


13-Mavzu: Yangi O’zbekiston-yangicha dunyoqarash: Uchinchi Renessans konsepsiyasi
Reja:
1. Oʻzbekistonda yangi uygʻonish – Uchinchi Renessans
2. Oʻzbekistonda yangi bir uygʻonish – Uchinchi Renessans davriga poydevor yaratilishi
3. Uchinchi Renessans vakillari Yangi Oʻzbekiston farzandlari
4. Uchinchi Renessans milliy gʻoyaga aylanishi zarur
“Renessans” lugʻaviy fransuzcha “qayta tugʻilish” degan maʼnoni anglatadi. Atama sifatida uning mazmuni ancha keng: madaniyatda, ilm-fanda, sanʼatda, taʼlim-tarbiyada, umuman, jamiyat hayotida uzoq muddatli turgʻunlikdan keyin qayta jonlanib, tez rivojlanishni, ijtimoiy ong va qadriyatlar tizimi yangi sifat bosqichiga chiqishini bildiradi. Ilk bor atama Yevropada oʻrta asrlar mutaassibligidan keyin 15-16 asrlardagi rivojlanish davriga nisbatan qoʻllanilgan. Renessans atalmish mazkur ijtimoiy hodisa oʻzbek tiliga Uygʻonish davri deb oʻgirilgan.
Avstriyalik atoqli sharqshunos Adam Mesning 1909-yilda “Musulmon Renessansi” nomli fundamental asari chop etilgan. Shundan buyon Renessans faqat Yevropaga oid hodisa emasligi, uni Sharq xalqlari yevropaliklarga nisbatan avvalroq boshdan kechirgani toʻgʻrisidagi qarashlar va tadqiqotlar paydo boʻla boshladi. Rossiyalik buyuk sharqshunos akademik N. N. Konrad Renessans VII — VIII asrlarda Xitoyda boshlanib, VIII asrda Hindistonda davom etgani, undan IX-XII asrlarda islom mamlakatlari estafetani qabul qilgani, moʻgʻul istilosi tufayli ancha pasayib qolgan yuksalish Amir Temur va temuriylar davrida yana qayta gurkurab oʻsganini taʼkidlaydi. U Oʻrta Sharq Uygʻonish davrini Alisher Navoiy zamonasigacha choʻzadi. Javoharlal Neru Boburni ham Renessansning tipik vakili, deb baholagan edi.
XV asrdan Renessans Yevropaga siljidi. Bu paytga kelib Yevropa 300 —350-yil davomida islom olimlari, jumladan, bizning buyuk ajdodlarimiz asarlarini, ayniqsa, Xorazmiy, Fargʻoniy va Ibn Sino asarlarini lotinchaga oʻgirib, chuqur oʻzlashtirib olgan edi. Yevropa Uygʻonishiga juda kuchli taʼsir koʻrsatganlardan biri Ibn Rushddir. Yevropa falsafasi va ilmiy tafakkurida XVI asr oʻrtalarigacha averroizm (Ibn Rushd taʼlimotiga asoslangan oqim) mavqeini saqlab turdi.
Afsuski, XVI asrning 30 — 40 yillarida bizda anʼanaviy jamiyat uzil-kesil qaror topdi. Ilmiy, badiiy izlanishlarga ijtimoiy ehtiyoj pasayib ketdi. Oʻtmish yutuqlari oldida qulluq qilish, ularni ideallashtirish va faqat takrorlashga urinish, yangiliklarga salbiy munosabat shakllandi. Asta-sekin chuqur turgʻunlik va inqiroz boshlandi. Ular noxush ijtimoiy-iqtisodiy, siyosiy, diniy-mafkuraviy, regional nizolar va ayirmachilik kabi sabablar bilan qoʻshilib qoloq boʻlib qolishimizga, XIX asr ikkinchi yarmida milliy mustaqilligimizni yoʻqotishga olib keldi. Oʻtmishdan birinchi boʻlib teran tarixiy xulosa chiqargan — jadid bobolarimiz edi. Ular taklif qilgan islohotlar millatni qayta uygʻotish, taraqqiyot tomon burishni koʻzladi. Ammo mustabid hokimiyat jadidlar harakatini avj olmasdan boʻgʻib qoʻydi.
Mustaqillikka erishgandan keyin dastlab chorak asr davomida milliy tiklanish bilan shugʻullanishga toʻgʻri keldi. Endilikda milliy tiklanishdan milliy yuksalishga oʻtganimizdan keyin, uchinchi Renessansga erishishni davlat rahbari strategik vazifa etib qoʻydi. Haqiqatan tarixan olganda biz ikki Renessansni boshdan kechirdik: birinchisi IX — XII asrlar, ikkinchisi XIV asr oxirgi choragi — XVI asr birinchi choragi. Birinchi Renessansda yurtimizdan Fargʻoniy, Xorazmiy, Forobiy, Beruniy, Ibn Sino, Yusuf Xos Hojib, Mahmud Qoshgʻariy, Mahmud Zamaxshariy kabi buyuk daholar, buyuk muhaddislar — Buxoriy, Termiziy, mutakallimlar — Moturidiy va Abul Muin Nasafiy hamda boshqa atoqli dunyoviy va diniy allomalar shuuri olamni yoritdi.
Ikkinchi Renessansda — Ulugʻbek, Gʻiyosiddin Jamshid Koshiy, Qozizoda Rumiy, Ali Qushchi, Lutfiy, Jomiy, Navoiy, Behzod, buyuk meʼmorlar, bastakorlar, musavvirlar, tarixchilar chiqib, bugun ham dunyoni lol qoldirayotgan asarlar yaratdilar.
Har ikki Renessans davrida biz dunyoning ilgʻor, mutaraqqiy xalqlari qatorida edik. Agar yana shunday darajaga erishmoqchi boʻlsak, Uchinchi Renessansni amalga oshirmogʻimiz zarur.
Oʻzbekiston xalqining koʻp asrlik boy tarixiga nazar tashlar ekanmiz, unda taraqqiyot choʻqqilarini zabt etishning mashaqqatli bosqichlarini koʻrish mumkin. Bu bosqichlarda davlatchiligimizning shakllanishi, jamiyatda ilmu fan, sanʼat va madaniyatning yuksalishi, buyuk siymolarning oʻz ijodida erishgan yutuqlari jahon tamaddunining rivojiga hissa qoʻshishdek iftixorli jarayonlar gavdalanadi.
Oʻzbekiston tarixining birinchi Renessansi - Somoniylar davriga toʻgʻri kelib, ushbu davrda buyuk ajdodlarimizning yaratgan ilmiy-falsafiy asarlari va olamshumul kashfiyotlari islom sivilizatsiyasiga tamal toshi boʻldi. Ijtimoiy sohaning har tomonlama rivojlanishi, jamiyatdagi munosabatlarning muayyan tartib-tamoyillar asosida qurilishi, shaharu viloyatlarning iqtisodiy-madaniy rivojlanishi, ilmu maʼrifatning markazlashuvi singari muhim jarayonlar oʻrta asrlarda yurtimizda davlatchilikning oʻziga xosligini belgilovchi tamoyillardir.
Ikkinchi Renessans – Amir Temur va Temuriylar davriga toʻgʻri kelib, nafaqat Movaraunnahr, balki butun Markaziy Osiyo oʻlkalari oʻz taraqqiyotining yangi pogʻonasiga koʻtariladi. Bu davrda davlatchilik asoslari takomillashib, shaharsozlik va meʼmorchilik avj oldi, xalqaro savdo va diplomatik aloqalar jadallashdi. Shuningdek, bu davrda fan, madaniyat va sanʼat sohalarining rivojlanishi hamda tafakkur doirasining yuksalishi namoyon boʻladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Mustaqilligining 29 yillik tantanalarida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining: “Xalqimizning ulugʻvor qudrati joʻsh urgan hozirgi zamonda Oʻzbekistonda yangi bir uygʻonish – Uchinchi Renessans davriga poydevor yaratilmoqda”, - degan soʻzi yangragan edi, bugun shu tarixiy voqiyeaga ham bir yil to`ldi. Bu yil yuksak tantanalar bilan Mustaqilligimizning 30 yilligini nishonladik va shu o`tgan shonli mustaqilligimiz tarixini sarhisob etdik.
Darhaqiqat, shiddat bilan rivojlanayotgan hayotimizda roʻy berayotgan yuksalish jarayonlari oʻzini barcha sohalarda namoyon etmoqda. Binobarin, mustaqillikka erishgan yillarimizning ilk davrida biz oʻzimizning milliy oʻzligimizni anglash, boy tarixiy-maʼnaviy hamda ilmiy merosimizning asl mazmun-mohiyati magʻzini chaqish va uni roʻyobga chiqarishga intilgan boʻlsak, endilikda xalqimiz jipslanib “milliy tiklanishdan – milliy yuksalish” gʻoyasini sobit qadamlik bilan amalga oshirishga kirishdi. Bu davrda jamiyatimizda ijtimoiy tafakkurning yuksalish tendensiyasi qaror topishi, unga xos ham milliy, ham umuminsoniy qadriyatlarning mujassamligi eʼtirof etilmoqda. Milliy ruh va umuminsoniy qadriyatlar uygʻun boʻlgan ijtimoiy tafakkur – mamlakatimiz barqaror rivojlanishining oʻzan mezon va mustahkam poydevoriga aylanmoqda. Yurtimizda ijtimoiy tafakkur darajasining tobora oʻsishi bois, sanoat, qishloq xoʻjaligi va boshqa jabhalarda mehnat va sohaga yondashuv madaniyati hamda masʼuliyati oʻzgardi. Ayniqsa, fan sohasiga qaratilayotgan alohida eʼtiborning zamirida chuqur maʼno bor. Fan – bu tafakkur boʻlib, qaysiki, jamiyatdagi barqarorlikni taʼminlab beruvchi ustuvor omillardan biridir. Fan rivojlanar ekan, nafaqat iqtisodiyot, balki ijtimoiy-madaniy soha ham taraqqiy etadi. Fanga boʻlgan eʼtibor inson tafakkurini oʻstirish va ulgʻaytirishga xizmat qiladi. Jamiyat tafakkuri oʻssa, madaniyat va sanʼat sohasi ham mana shu talablarga hamohang ravishda oʻsadi va taraqqiy etadi.
Jahon ilmiy hamjamiyatining eʼtirof etilishicha, Oʻzbekiston qadimdan madaniyat va sivilizatsiya barpo etuvchi zamindir. Darhaqiqat, oʻrta asrlarda Oʻzbekiston hududida vujudga kelgan ilmiy-maʼnaviy yutuqlar Yevropadagi ilmu fanga asos boʻldi. Muhammad al-Xorazmiy, Abu Ali ibn Sino, Abu Rayhon Beruniy, Abu Nasr Forobiy kabi ulugʻ mutafakkirlarimizning beqiyos ilmiy-falsafiy risolalari dunyoviy bilimlarni rivojlantirish va tizimlashtirish bilan bir qatorda, nafaqat oʻz zamonasi, balki keyingi yuz yilliklarga tegishli umumjahon tamaddunining yuksalishiga asos soldi.
Davlatimiz rahbari hozirgi davrni milliy tiklanishdan milliy yuksalish tomon deb eʼlon qilganligining zamirida qatʼiy ishonch va chuqur hikmat mujassam. Negaki, keyingi 10 yilligimiz asl yuksalish va taraqqiyot davri boʻlishi muqarrar. Zero oxirgi yillarda qabul qilingan va albatta qilinajak qonunlar, farmon va qarorlar, amalga oshirilayotgan keng koʻlamli islohotlar taraqqiyotning yangi ufqlariga asos boʻladi.
“Haq berilmas, haq olinur!” deb, millat ozodligi yoʻlida jonini fido qilgan ulugʻ ajdodlarimizning buyuk maqsadi ham shu edi. Biz qanday tahlikali va suronli davrlarni boshimizdan kechirmaylik, qanday yutuq va natijalarga erishgan boʻlmaylik, mustaqillik gʻoyasi, istiqlol ruhi bizga doimo togʻdek tayanch boʻlmoqda.
Bugun cheksiz iftixor bilan ayta olamizki, donishmand xalqimizning uzoqni koʻra olishi, birdamligi va fidoyi mehnati bilan barcha sinovlardan munosib oʻtib kelmoqdamiz. Shu nuqtayi nazardan, bizning insoniy qadr-qimmatimizni, gʻurur va shaʼnimizni, dinu diyonatimizni, milliy davlatchiligimizni tiklab bergan Mustaqillik kuni Vatanimizning shonli tarixida hamisha eng yorqin sahifa boʻlib qoladi.
Bugun jahon miqyosida yurtimiz haqida soʻz ketganda “Yangi Oʻzbekiston” iborasi tilga olinmoqda. Bu keyingi yillarda taraqqiyotning mutlaqo yangi bosqichiga qadam qoʻyganimiz, erishayotgan zalvorli yutuqlarimizning eʼtirofidir.
Xalqimizning ulugʻvor qudrati joʻsh urgan hozirgi zamonda Oʻzbekistonda yangi bir uygʻonish – Uchinchi Renessans davriga poydevor yaratilmoqda, desak, ayni haqiqat boʻladi. Chunki bugungi Oʻzbekiston – kechagi Oʻzbekiston emas. Bugungi xalqimiz ham kechagi xalq emas», dedi davlat rahbari.
Milliy gʻoya aslida muayyan xalqning oliy istiqbol maqsadini bir necha soʻzlarda yoki iborada mujassam ifodalovchi tushunchalar yoki shior, iboradir. U xalqni oʻsha maqsad yoʻlida birlashtiradi, safarbar etadi. Xalq barcha saʼy-harakatlarini, intilishlarini, bunyodkorlik faoliyatini unga muvofiqlashtiradi. Zarur boʻlsa, iqtisodiy, ijtimoiy munosabatlarini, mamlakatning huquqiy, siyosiy, mafkuraviy asoslarini, taʼlim-tarbiya tizimini chuqur isloh qiladi. Milliy gʻoyaning asosiy vazifalaridan biri, avvalo, xalqning jipsligini, birligini, mamlakatning hududiy yaxlitligini saqlash va mustahkamlashdir. Ikkinchidan, millatning oliy maqsadini, rivojlanish marralarini, moʻljallarini umumiy tarzda aniqlaydi. Milliy gʻoya turli iboralarda ifodalanishi mumkin. Lekin ifoda shaklidan qatʼi nazar, xalqqa istiqbolni, ijtimoiy moʻljalni koʻrsatishi shart.
Istiqlolga erishganimizdan keyin dastlabki yillarda “Oʻzbekiston — kelajagi buyuk davlat” shiori olgʻa surildi. U amalda milliy gʻoya vazifasini oʻtadi va xalqni birlashtirishda, safarbar etishda katta rol oʻynadi. Mazkur jozibali shiorda urgʻu jamiyatga emas, davlatga berilgandi. Keyinchalik milliy gʻoya shaklan takomillashtirilganda “Ozod va obod Vatan, erkin va farovon hayot” iborasi olgʻa surildi. Unda urgʻu siyosiy tashkilotga (davlatga) emas, balki har kishi uchun, siyosiy, mafkuraviy qarashlaridan qatʼi nazar, birdek aziz Vatanga hamda shaxs va jamiyat hech qachon befarq boʻlmaydigan erkinlikka va farovonlikka qoʻyildi. Milliy gʻoyaning bunday tushunchaviy ifodasi ancha mukammallik kasb etdi.
Ammo uning mazmunini, uni amalga oshirish vazifalarini ochib berishga yetarlicha masʼuliyat bilan yondashilmadi. Ayniqsa, u islohotlarning yoʻnalishlari, sohalari, turli bosqichlari, amaldagi va ehtimoldagi muammolari bilan bogʻlanmadi. Natijada u mafkuraviy chaqiriq, quruq shior darajasida qolib ketdi. Aniq muammolar va vazifalardan yiroqligi uchun odamlarga taʼsiri asta-sekin susaya boshladi.
Katta qiziqish va xayrixohlik bilan kutib olingan “Ozod va obod Vatan, erkin va farovon hayot” bugun iqtisodiy, ijtimoiy-siyosiy, maʼnaviy hayotimizga real taʼsir koʻrsatayotirmi, degan savolga aniq javob berish ancha mushkul. Milliy gʻoyani jonlantirish uchun uni Uchinchi Renessans gʻoyasi bilan boyitish zarur. Faqat Uchinchi Renessansni amalga oshirib, biz ozod va obod Vatanda erkin va farovon hayotni barpo eta olamiz. Yoki, yana qulayrogʻi, Uchinchi Renessansga erishishni milliy gʻoyaning yangi ifodasi, deb eʼlon qilish maqsadga muvofiq.
Milliy gʻoya joriy vazifalarni emas, balki strategik oliy maqsadni ifodalaydi. Shu maʼnoda Uchinchi Renessans gʻoyasi istiqbolga intilishga juda mos keladi. Mazkur gʻoyaning safarbarlik kuchi, umuman, mafkuraviy salohiyati juda yuqori. Ayni chogʻda oʻtmish tariximizning shonli sahifalari, buyuk ajdodlarimizning bunyodkorlik va ijodkorlik salohiyati bilan bogʻlanadi. Bizga mazkur tushuncha kimlarning vorislari ekanimizni eslatib turadi. Yangi Renessans yoʻlida xalqimiz turli mayda, vaqtinchalik masalalarga, guruhbozlik, mahalliychilik, ayirmachilik, mafkuraviy mutaassiblikning har xil koʻrinishlariga chalgʻimasligi kerak. Tarix saboqlarini unutishga haqqimiz yoʻq.
Uchinchi Renessans gʻoyasi milliy ruhiyatimizga, xalqimiz armon-orzusiga yaqin. Zotan, xalq ilgari oqqan daryosi yana oqishini astoydil istaydi.
Holva degan bilan ogʻiz chuchimaganidek, Renessans degan bilan u sodir boʻlib qolmaydi. Buning uchun har tomonlama puxta oʻylangan siyosat olib borilishi, xalqda ruhiy koʻtarilish, qatʼiy irodali intilish yuz bermogʻi zarur.
Avvalo, tushuncha mazmunini aniq ochib berish, aholining barcha qatlamlari, avvalo, yoshlar ongiga yetkazish kerak. Oʻtmish renessanslari davrida ajdodlarimiz nimalarga erishganini, jahon sivilizatsiyasiga qoʻshgan hissasini, boshqa xalqlar, mintaqalar yutuqlari bilan taqqoslab, jahonning yetakchi madaniyatlaridan, ilm-fani, sanʼati va adabiyotlaridan birini, ilgʻor ijtimoiy fikru qarashlarini yaratganini qisqa, loʻnda, dabdabali jumlalarsiz yoritish zarur.
Shuningdek, ularning inqiroz sabablari xolis tahlil etilmogʻi lozim. Buyuk geografik kashfiyotlar tufayli Buyuk Ipak yoʻlining toʻxtab qolgani obyektiv sabablardan biri boʻlsa-da, ichki va tashqi nizolar, taxt talashlar, ayirmachilik va uch davlatga boʻlinib ketish, inson komilligi faqat insonning ichki dunyosiga qaratilib, jamiyatning ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyotiga yetarlicha eʼtibor bermaslik kabi subyektiv omillar inqirozni keltirib chiqargan asosiy sabablar edi. Tarixdan saboq olish, tegishli xulosa chiqarish uchun bular yoshlar, aholi ongiga yetkazilishi kerak. Biz koʻproq avvalgi uygʻonish davrlarimizning yutuqlarini faxr bilan eʼtirof etib, negadir ularning inqirozi sabablari haqida gapirishni unchalik xushlamaymiz.
Birinchi va ikkinchi renessanslarning tarixiy sharoiti va davri talablari, imkoniyatlarini haqqoniy baholab, Yangi Renessansning tarixiy sharoitlari va talablari mutlaqo oʻzgacha ekanini asoslash, dalillash maqsadga muvofiq.
Uchinchi Renessans toʻrtinchi sanoat inqilobi bilan muvoziy, bir vaqtda kechadi. Shu sababdan u, avvalo, texnologik inqilobni, yuksak rivojlangan raqamli smart (aqlli) iqtisodiyotni taqozo qiladi. Oʻz navbatida, raqamli, smart iqtisodiyotga oʻtish uchun ishlab chiqarishni bosqichma-bosqich modernizatsiya qilish, avtomatlashtirish, robotlashtirish talab etiladi. Mazkur jarayon Oʻzbekistonda qanday bosqichlarda amalga oshirilishi, uning moddiy-moliyaviy, insoniy, ilmiy va ilmiy-texnologik taʼminoti boʻyicha istiqbolli aniq kompleks dasturlar yangi Renessans gʻoyasi bilan mafkuraviy jihatdan bogʻlanishi shart. Ilmiy, ilmiy-texnologik taʼminot taqozosidan kelib chiqib, taʼlim-tarbiya sohasining barcha boʻgʻinlari uzluksiz isloh etib borilishi kerak.
Avvalgi ikkala Renessans mustahkam maʼnaviy-mafkuraviy negizda, birinchi galda yuksak axloqiylik, adolat, ilmga tashnalik va bagʻrikenglik asosida yuz bergan. Islom halollik va toʻgʻrilikni, insof va adolatni, ilm va amaliy faollikni hamma narsadan ustun qoʻygan. “Ilm izlab Chinga boʻlsa-da, bor”, “Sendan harakat — mendan barakat”, “Bir soatlik adolat barcha insu jinslarning qirq kunlik ibodatidan ustun” va koʻplab shu kabi hadislar, naqllar ajdodlarimizning ijtimoiy moʻljaliga aylangan edi.
“Baytul hikma”da 40 dan ortiq tarjimonlar qadimgi yunon tilidan, 14 nafar tarjimon sanskrit tilidan, 4 nafar tarjimon Xitoy tilidan ilmiy, tibbiy va falsafiy asarlarni arabchaga oʻgirgan. Bundan tashqari, lotin, suryoniy, ibroniy tillardan tarjimonlar boʻlgan. Ilmiy haqiqat diniy mansublikdan ustun qoʻyilgan. Bu asar maʼjusiylarniki, bunisi kofirlarniki deb inkor qilinmagan. Ajdodlarimiz til oʻrganib, ilm ortidan dunyoni kezgan. Mahdudlik qobigʻiga oʻralib qolmagan, turgʻunlik, mahalliychilik ularga yot boʻlgan.
“Baytul hikma”, Xorazm Maʼmun Akademiyasi, umuman, islom olami olimlari faoliyati oʻsha davrdagi xalqaro ilmiy integratsiyaning eng yorqin namunasidir. Birinchi va ikkinchi renessanslarning maʼnaviy asoslarini va sabablarini hamda keyingi inqirozini chuqur oʻrganmasdan, biz Uchinchi Renessansni muvaffaqiyatli amalga oshira olmaymiz. Bugun ham bizga gʻoyaviy va ilmiy tolerantlik (bagʻrikenglik), ilmga, haqiqatga tashnalik, milliy mahdudlikni, gʻoyaviy mutaassiblikni tamomila inkor etish xos boʻlmogʻi lozim.
Yuqoridagilardan ayonlashmoqdaki, Uchinchi Renessans bizdan xalqaro hamjamiyatga ilm-fan, texnologiyalar, axborot, madaniyat va iqtisodiyot sohalarida yana-da chuqurroq integratsiya boʻlishini talab etadi. Ammo oʻzligimizni, tilimizni, milliy xususiyatlarimizni, maʼnaviyatimizni saqlab qolishimiz shart. Bu esa taʼlim-tarbiya tizimiga jiddiy eʼtibor qaratishni bildiradi.



Prezident har bir xalq faqat erkin va ozod boʻlgan taqdirdagina, oʻz hayoti va kelajagini mustaqil barpo etish huquqiga ega boʻlishini taʼkidlagan.
“Haq berilmas, haq olinur!” deb, millat ozodligi yoʻlida jonini fido qilgan ulugʻ ajdodlarimizning buyuk maqsadi ham shu edi. Biz qanday tahlikali va suronli davrlarni boshimizdan kechirmaylik, qanday yutuq va natijalarga erishgan boʻlmaylik, mustaqillik gʻoyasi, istiqlol ruhi bizga doimo togʻdek tayanch boʻlmoqda.
Bugun cheksiz iftixor bilan ayta olamizki, donishmand xalqimizning uzoqni koʻra olishi, birdamligi va fidoyi mehnati bilan barcha sinovlardan munosib oʻtib kelmoqdamiz. Shu nuqtayi nazardan, bizning insoniy qadr-qimmatimizni, gʻurur va shaʼnimizni, dinu diyonatimizni, milliy davlatchiligimizni tiklab bergan Mustaqillik kuni Vatanimizning shonli tarixida hamisha eng yorqin sahifa boʻlib qoladi.
Bugun jahon miqyosida yurtimiz haqida soʻz ketganda “Yangi Oʻzbekiston” iborasi tilga olinmoqda. Bu keyingi yillarda taraqqiyotning mutlaqo yangi bosqichiga qadam qoʻyganimiz, erishayotgan zalvorli yutuqlarimizning eʼtirofidir.
Xalqimizning ulugʻvor qudrati joʻsh urgan hozirgi zamonda Oʻzbekistonda yangi bir uygʻonish – Uchinchi Renessans davriga poydevor yaratilmoqda, desak, ayni haqiqat boʻladi. Chunki bugungi Oʻzbekiston – kechagi Oʻzbekiston emas. Bugungi xalqimiz ham kechagi xalq emas», dedi davlat rahbari.
Biz yashab turgan shu muqaddas zaminda Uygʻonish – Renessans boshlangan paytlar Yevropa hali gʻaflat uyqusida ekanini koʻpchilik yaxshi biladi. Bu tarixiy haqiqatni Yevropaning yetuk olimlari tan olgani ham sir emas. Harqalay, atoqli nemis sharqshunosi Adam Mesning “Musulmon Renessansi”, akademik Nikolay Konradning “Sharq Renessansi” konsepsiyasi osmondan tushgan emas. Agar “Die Renaissance des Islams” kitobini ushbu mavzudagi bosh manba, deb hisoblaydigan boʻlsak, Adam Mesdek buyuk olim fundamental tadqiqotini yaratishda ulugʻ vatandoshimiz Beruniyning ilmiy merosiga tayanganidan faxrlanmay boʻladimi!
Mashhur Maʼmun akademiyasida kamolga yetgan Ibn Sino, Muso al-Xorazmiy, Abu Rayhon Beruniy kabi allomalar Sharq uygʻonish davrining birinchi bosqichiga, Temuriylar davri tamaddunining yorqin vakillari – Mirzo Ulugʻbek, Alisher Navoiy, Zahiriddin Muhammad Bobur kabi olimlar ikkinchi yuksalish bosqichiga hissa qoʻshgani qiyos qilinsa, Uchinchi Renessans vakillari bugungi islohotlarning mevalaridan bahra olgan Yangi Oʻzbekiston farzandlari orasidan yetishib chiqsa, ne ajab!
Oʻz navbatida, yoshlar ham shaxsiy rivojlanishi uchun motivatsiya manbalarini oʻzi topa bilishi kerak –u xoh kitob, xoh kinoasar, xoh sport yoki sayohat boʻlsin. Imkoniyat yaratilsa oʻqiyman, deydigan emas, har qanday vaziyatda ham bilim olish va rivojlanishga harakat qilaman, deydigan yigit-qizlarimiz safi kengayishi uchun hammamiz birgalikda harakat qilishimiz kerak.
Har bir jamiyat oʻziga zarur shaxsni tarbiyalaydi. Unga oʻz taraqqiyoti darajasi va tendensiyalaridan kelib chiqib axloqiy, eʼtiqodiy, kasbiy-professional, huquqiy va boshqa qator talablar qoʻyadi. Jamiyat taraqqiyotining pirovard maqsadi ham inson, uning farovon, erkin va xavfsiz turmush kechirishidir. Jamiyat talabiga toʻliq javob beradigan kishi turli davrlarda har xil atalgan. Yusuf Xos Hojib uni “tugal er”, Forobiy “fozil kishi”, tasavvuf namoyandalari “komil inson” deb ataganlar. “Har tomonlama rivojlangan shaxs”, “uygʻun rivojlangan shaxs” atamalari ham qoʻllanilgan.
Mustaqillikdan keyin biz shaxsga nisbatan “komil inson”, yosh avlodga nisbatan “barkamol avlod” atamalarini qoʻllay boshladik. Gap atamada emas. Qanday sifatni qoʻllamaylik, kelajak insonini tarbiyalashda biz, avvalo, jamiyat taraqqiyoti tendensiyalarini va ayni paytda milliy maʼnaviyatimiz xususiyatlarini hisobga olmogʻimiz lozim. Binobarin, sunʼiy intellekt va yuksak texnologiyalarga tayanadigan “toʻrtinchi sanoat inqilobi” insonga qoʻyadigan talablarini oldindan modellashtirishimiz va taʼlim-tarbiya tizimini ularga moslashtirishiz kerak.
Xuddi shunday milliy identligimizni saqlab qolish uchun ona tilimizni, tariximizni, adabiyotimiz va sanʼatimizni yetarlicha oʻrgatishning optimal yoʻllarini topmogʻimiz lozim. Urf-odatlarimiz ham takomillashtirilishi va zamonaviylashtirilishi juda zarur. Ijtimoiy ongda, odamlarning xatti-harakatlarida burilish yuz berishi, yangi ideallar va qadriyatlar qaror topmogʻi darkor.
Uchinchi Renessans gʻoyasini oʻqitish va keng jamoatchilik ongiga yetkazishda nihoyatda ehtiyotkor boʻlish, meʼyordan oshirib yubormaslik talab etiladi. Mafkuraviy ishlarda sovet davridan qolgan bir illat bor: har qanday gʻoya targʻibotini kampaniyabozlikka aylantiramiz.
Bilganni ham, bilmaganni ham ertayu kech tinimsiz gapirtiramiz, odamlarning meʼdasiga tegib qolganini sezmaymiz. Gʻoyaning mazmunini asta-sekin joʻnlashtiramiz, baʼzi jihatlarini esa beixtiyor soxtalashtirib qoʻyamiz.
Dialektika qonuniga binoan meʼyor buzilsa, har qanday jarayon oʻzining inkoriga aylanadi. Oddiy tilda bu “qosh qoʻyaman deb, koʻz chiqarish” deyiladi. 2000-yilda eʼlon qilingan milliy gʻoya ana shunday munosabatga uchradi. Shoshib uni taʼlimning barcha boʻgʻinlariga joriy qildik, lekin gʻoyaning ilmiy tadqiqotiga va asoslanishiga deyarli eʼtibor bermadik. Islohotlarning aniq vazifalari va sohalarning xususiyatlari bilan bogʻlab, jonli mazmun bagʻishlash xayolimizga kelmadi. Natijada u mafkurabozlik domiga tushib qoldi.
Uchinchi Renessans gʻoyasining oraliq bosqich vazifalari aniqlanishi kerak. Masalan, 2030-yilda, 2040 — 2050-yillarda biz aholi jon boshiga taxminan qancha yalpi ichki mahsulot ishlab chiqaramiz, jahon reytingida taxminan qanday oʻrinlarga koʻtarilamiz. Taʼlim, madaniyat, ilm-fan sohalarida qanday koʻrsatkichlarni, marralarni zabt etamiz. Ular boʻyicha moʻljallar belgilanishi lozim. Shunda mazkur gʻoyaning safarbarlik taʼsiri konkret va kuchli boʻladi. Ammo moʻljallar havoyi boʻlmasligi, konkret raqamlardan tashkil topmasligi kerak. Yangi AKT, nanotexnologiyalar, biotexnologiyalar, sunʼiy intellekt yaratish va shu kabi yoʻnalishlardagi vazifalar ham eʼtibordan chetda qolmasligi zarur.
Har qanday buyuk rejalar, buyuk gʻoyalar inson ehtiyojlari, turmushi yaxshilanishi, erkinligi ortishi va maʼnaviy kamoloti bilan bevosita bogʻlansagina, hayotiylik va reallik kasb etadi. Aks holda u havoyi orzu havasligicha qolib ketadi.

Download 123.04 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:
  1   2




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling