13. "O‘zbekiston Respublikasi ta’lim muassasalarida ikkinchi va undan keyingi ta’limni olish tartibi to‘g‘risidagi nizom" 5-ilovaga muvofiq tasdiqlansin
Download 25.06 Kb.
|
1844 21.08.2008
[OKOZ: 1.13.00.00.00 Ta’lim. Fan. Madaniyat / 13.01.00.00 Ta’lim / 13.01.10.00 O‘rta-maxsus kasb-hunar ta’limi (litseylar, kolledjlar); 2.13.00.00.00 Ta’lim. Fan. Madaniyat / 13.01.00.00 Ta’lim / 13.01.11.00 Oliy ta’lim (bakalavriat va magistratura)] [TSZ: 1.Ijtimoiy-madaniy masalalar / Ta’lim] O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI TA’LIM MUASSASALARIGA QABUL QILISh BO‘YIChA DAVLAT KOMISSIYASINING BAYoNI O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI TA’LIM MUASSASALARIDA IKKINChI VA UNDAN KEYINGI TA’LIMNI OLISh TARTIBI TO‘G‘RISIDAGI NIZOMNI TASDIQLASh HAQIDA [O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2008-yil 21-avgustda 1844-son bilan davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi] [Ko‘chirma] 13. “O‘zbekiston Respublikasi ta’lim muassasalarida ikkinchi va undan keyingi ta’limni olish tartibi to‘g‘risidagi nizom” 5-ilovaga muvofiq tasdiqlansin. Adliya vazirligi mazkur Nizomni belgilangan tartibda davlat ro‘yxatidan o‘tkazsin.”. Ta’lim muassasalariga qabul qilish bo‘yicha Davlat komissiyasi raisi R. QOSIMOV Toshkent sh., 2008-yil 13-avgust, 15-son O‘zbekiston Respublikasi ta’lim muassasalariga qabul qilish bo‘yicha Davlat komissiyasi tomonidan 2008-yil 13-avgustdagi 15-son bayon bilan TASDIQLANGAN O‘zbekiston Respublikasi ta’lim muassasalarida ikkinchi va undan keyingi ta’limni olish tartibi to‘g‘risida NIZOM Ushbu Nizom O‘zbekiston Respublikasining “Ta’lim to‘g‘risida” (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 1997-y., 9-son, 225-modda) va “Kadrlar tayyorlash milliy dasturi to‘g‘risida”gi (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 1997-y., 11-12-son, 295-modda) qonunlariga muvofiq, barcha oliy va o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi muassasalariga tegishlidir. I. Umumiy qoidalar 1. O‘zbekiston Respublikasining “Ta’lim to‘g‘risida”gi Qonuniga (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 1997-y., 9-son, 225-modda) muvofiq, oliy (o‘rta maxsus, kasb-hunar) ma’lumotga ega bo‘lgan shaxslar mazkur Nizomning 2-bandida belgilangan tartibda ikkinchi va undan keyingi oliy (o‘rta maxsus, kasb-hunar) ma’lumotni olish huquqiga ega. Ikkinchi va undan keyingi oliy (o‘rta maxsus, kasb-hunar) ma’lumot bo‘yicha o‘qitish to‘lov-kontrakt (shartnoma) asosida amalga oshiriladi. To‘lov-kontrakt asosida o‘qish uchun kontrakt (shartnoma)ni tuzish tartibi va shartlari “O‘zbekiston Respublikasi ta’lim muassasalarida o‘qitishning to‘lov-kontrakt shakli va tushgan mablag‘larni taqsimlash tartibi to‘g‘risida”gi Nizom (ro‘yxat raqami 795, 1999-yil 6-avgust) bilan belgilanadi. 2. Oliy (o‘rta maxsus, kasb-hunar) ma’lumotga ega bo‘lgan shaxslar quyidagi ikkinchi va undan keyingi oliy (o‘rta maxsus, kasb-hunar) ma’lumotni olishlari mumkin: o‘rta maxsus, kasb-hunar ma’lumotli mutaxassis darajasiga ega bo‘lgan shaxslar — o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha; bakalavr va diplomli mutaxassis darajasiga ega bo‘lgan shaxslar — bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha; magistr darajasiga ega bo‘lgan shaxslar — bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari va turdosh magistratura mutaxassisliklari bo‘yicha. Ikkinchi va undan keyingi oliy ma’lumot olish mumkin bo‘lgan turdosh magistratura mutaxassisliklari ro‘yxati O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi tomonidan belgilanadi. 3. Ikkinchi va undan keyingi oliy (o‘rta maxsus, kasb-hunar) ma’lumot olish bo‘yicha kadrlar tayyorlash huquqiga ega ta’lim muassasalari ro‘yxati hamda oliy ta’lim muassasalarida ularning bakalavriat va magistraturasiga qabul ko‘rsatkichlari real iqtisodiyot tarmoqlari va sohalari uchun malakali kadrlarga bo‘lgan talab-ehtiyojga hamda ta’lim muassasasining ilmiy-pedagogik salohiyati va moddiy-texnik bazasini hisobga olgan holda O‘zbekiston Respublikasi ta’lim muassasalariga qabul qilish bo‘yicha Davlat komissiyasi tomonidan belgilanadi. Ikkinchi va undan keyingi oliy (o‘rta maxsus, kasb-hunar) ma’lumot olish uchun abituriyentlar qabulini ta’lim muassasasi qabul komissiyasi amalga oshiradi. Ikkinchi va undan keyingi oliy ta’lim bo‘yicha qabul ko‘rsatkichlari ta’lim muassasasi uchun muayyan ta’lim yo‘nalishlari (mutaxassisliklar) bo‘yicha o‘rnatilgan qabul rejasidan (muvofiq ravishda bakalavriat va magistratura bo‘yicha) ortiq bo‘lishi mumkin emas. 4. Ikkinchi va undan keyingi oliy (o‘rta maxsus, kasb-hunar) ma’lumot olmoqchi bo‘lgan shaxslar ta’lim muassasasining qabul komissiyasiga quyidagi hujjatlarni taqdim etadilar: ta’lim muassasasi rektori (direktori) nomiga ariza; oliy (o‘rta maxsus, kasb-hunar) ma’lumot to‘g‘risida davlat namunasidagi diplom (asl nusxasi) ilovasi bilan (xorijiy davlatlar ta’lim muassasalarining 1992-yil 1-yanvardan keyin berilgan diplomlari o‘rnatilgan tartibda nostrifikatsiyadan o‘tkazilgan bo‘lishi lozim); 3,5 x 4,5 sm hajmdagi 6 dona fotosurat; № 086-U shakl bo‘yicha tibbiy ma’lumotnoma; pasport va harbiy xizmatga aloqadorligi haqidagi hujjat nusxasi. Pasport hamda harbiy xizmatga aloqadorligi haqidagi hujjat shaxsan ko‘rsatiladi. 5. Ikkinchi va undan keyingi oliy (o‘rta maxsus, kasb-hunar) ma’lumot olish uchun hujjatlar 20-iyuldan 20-avgustgacha qabul qilinadi. 6. Ta’lim muassasasining qabul komissiyasi kiruvchilarning bilim darajasini baholash maqsadida shakli va tartibi O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi bilan kelishiladigan sinovlar o‘tkazish huquqiga ega. 7. Ta’lim muassasasi quyidagilarni mustaqil hal qiladi: hujjatlar qabul qilish; hujjatlarni qabul qilishda va ularning haqiqiyligini aniqlashda qabul komissiyasi mas’uliyatini oshirish; ikkinchi va undan keyingi oliy (o‘rta maxsus, kasb-hunar) ma’lumot olish bo‘yicha kiruvchining birinchi ma’lumoti bilan taqqoslangan holda, o‘quv rejalari va dasturlaridagi farqlarni aniqlash; o‘quv rejalari va dasturlaridagi aniqlangan farqlar asosida ta’lim muassasasida o‘qitish kursini belgilash (birinchi yoki ikkinchi kursdan yuqori bo‘lishi mumkin emas); kiruvchining tegishli kursda o‘qish uchun o‘quv rejalari va dasturlaridagi aniqlangan farqlarni topshirish tartibi va muddatlarini belgilash. 8. Ikkinchi va undan keyingi oliy (o‘rta maxsus, kasb-hunar) ma’lumot bo‘yicha o‘qishga kiruvchilarni talabalar safiga qabul qilish ta’lim muassasasining qabul komissiyasi qaroriga asosan o‘qish uchun kontraktda belgilangan mablag‘ miqdori belgilangan tartibda o‘tkazilgandan so‘ng, 15-sentabrdan kechiktirilmay ta’lim muassasasining rektori (direktori) buyrug‘i bilan rasmiylashtiriladi. 9. Ikkinchi oliy ma’lumot olish bo‘yicha o‘quv jarayoni mazkur ta’lim muassasasida amalda kadrlar tayyorlanayotgan ta’lim yo‘nalishlari (mutaxassisliklari) va ta’lim shakli bo‘yicha, shuningdek, talaba qabul qilingan kursga oid amaldagi normativ-uslubiy hujjatlar va O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi tomonidan belgilangan qoidalar asosida tashkil etiladi. 10. Ikkinchi va undan keyingi oliy (o‘rta maxsus, kasb-hunar) ma’lumot bo‘yicha talabalar safiga qabul qilingan shaxslar o‘zlashtirishi ularning bilimini nazorat qilishning reyting tizimiga asosan baholanadi. 11. Ikkinchi va undan keyingi oliy (o‘rta maxsus, kasb-hunar) ma’lumotini olgan shaxslarga, davlat attestatsiyasi yakunlari bo‘yicha, davlat namunasidagi hujjat (diplom, ilova bilan) beriladi. 12. Ikkinchi va undan keyingi oliy (o‘rta maxsus, kasb-hunar) ma’lumotini olish bo‘yicha qabulni tashkil etish va amalga oshirish mas’uliyati ta’lim muassasasining rektori (direktori) zimmasiga yuklatiladi. II. Yakuniy qoidalar 13. Mazkur Nizom O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, Xalq ta’limi vazirligi, Moliya vazirligi va Davlat test markazi bilan kelishilgan. Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vaziri A. PARPIYEV Toshkent sh., 2008-yil 19-iyul Xalq ta’limi vaziri G. ShOUMAROV Toshkent sh., 2008-yil 19-iyul Moliya vaziri R. AZIMOV Toshkent sh., 2008-yil 20-iyul Davlat test markazi direktori B. ISMOILOV Toshkent sh., 2008-yil 19-iyul (O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari to‘plami, 2008-y., 34-son, 341-modda) Download 25.06 Kb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling