18 – Mavzu: Estetikaning zamonaviy muammolari. Ma'ruza rejasi
Download 31.06 Kb.
|
18- MAVZU
- Bu sahifa navigatsiya:
- Takrorlash uchun savollar
2 – savol bayoni: Endi ikki og‘iz so‘z estetikaning global muammosiga aylanib borayotgan “ommaviy madaniyat” haqida. Uning kelib chiqishi, ta'siri, tahdidi borasida mazkur anjuman ishtirokchilarining barchasi habardor, desam yanglishmagan bo‘laman. Lekin, bir narsaga g‘oyatda tahdidli, u ham bo‘lsa, ommaviy madaniyat insonni “qiyofasiz” oqimning bir qismiga aylantirib qo‘yishidadir. Bu illat aksariyat xollarda haqiqat, go‘zallik, ezgulik singari muqaddas tushunchalarni umumiste'molchilik ehtiyoji bilan bog‘lab, iste'mol va tovar sifatida haridorgir bo‘lishiga qaratilgan maqsadni targ‘ib qiladi. Bu esa pirovardida “bozor adabiyoti”, “bozor san'ati” degan ma'naviyatga tahdid soluvchi hodisalarning “gullab-yashnashi” uchun imkon yaratadi. Bugun turli arzonbaho ishqiy yoki detektiv sarguzashtlarning bozori chaqqon. Didsiz, saviyasiz, “millati”ning tayini yo‘q “badiiy” filmlar ham ko‘payib ketgan. “Bozor san'ati” deganda, birinchi navbatda, anashunaqa filmlar va bayram sahnalarida qarsillatib aytiladigan yangroq ashulalar esga tushadi.
Xo‘sh “ommaviy madaniyat”ning illat sifatida qanday namoyon bo‘lishi mumkin? “Ommaviy madaniyat” namoyondalarining amallari o‘zlari uchun har taraflama manfaatdorlikka asoslangan: ular “noyob san'at” namunalari-g‘oyalarini nafaqat targ‘ib qiladi, balki pullaydi ham. Faqat bugunni, yana ham aniqrog‘i hozirni ko‘radi va tan oladi. Umuminsoniy madaniyatni bo‘ysindirish va o‘z ta'sir doirasiga tortish kabi tuban maqsadlarni amalga oshirishga harakat qiladi. U odamzodning fikrlashiga tish-tirnog‘i bilan qarshi. Andozalashgan axborot-u mahsulotlar qurshovida qolgan odamlarning o‘zi ham bora-bora bir o‘lchamga tushadi: hammaning yurish-turishi, o‘y-kechinmasi, fikrlash tarzi, bari bir xil. Shaxsning ijtimoiylashuviga imkon bermaydi. U voqea jarayonlarga loqayd, befarq avlodni shakllantiradi. “Ommaviy madaniyat” o‘z navbatida mafkuraviy, informatsion, iqtisodiy qadriyatlardan foydalangan xolda “ma'rifatparast”lik g‘oyalari asosida o‘ziga xos muomala va muloqot madaniyatini ham targ‘ib qiladi. Buni biz bugungi kunda yoshlar orasida ko‘rishishdagi “boshni boshga suqishtirish”, imo-ishora, o‘zaro muloqotning “kurakda turmaydigan so‘zlar”ga tayanilishi orqali ko‘rib guvohi bo‘lmoqdamiz. SHuning uchun “ommaviy madaniyat” namunalari badiiy-estetik qimmatga ega emas. Sport estetikasi sport sohasidagi estetik qonuniyatlarni o‘rganadi, sportning estetik mazmunini, uning jamiyat madaniyatidagi o‘rnini, sport bilan san'atning o‘zaro aloqadorligini tadqiq etadi, inson jismoniy kamolotining ma'naviy-estetik jihatlarini tahlildan o‘tkazadi. Ma'lumki, sport va jismoniy tarbiya deyarli doimo yonma-yon tilga olinsa-da, ular bir-biridan jiddiy farq qiladi. Jismoniy tarbiya asosan inson salomatligini ta'minlashga qaratilgan jamiyatning turli yoshdagi barcha tabaqalari ixtiyoriy tarzda “o‘zi uchun” shug‘ullanadigan, ommaviylik tabiatiga ega mashqlar yoki mashq majmularidan iborat. Sport esa, uning qaysi sohasida bo‘lmasin, mutaxassis ustozlar nazorati ostida maxsus tayyorgarlik ko‘rgan odamlarning, asosan yoshlarning yakkama-yakka yoki jamoaviy tarzda bellashuvini o‘z ichiga oladi. Jismoniy tarbiya qay ko‘rinishda bo‘lmasin, (individualmi, jamoaviymi), bellashuvni rad etadi va insonga turli mashq shakllaridan xohlaganini tashlash imkonini beradi. Sportda esa musobaqa birinchi o‘rinda turadi va unda muayyan mashqlar majburiy tarzda bajariladi. Lekin bu majburiylik sportning ma'lum bir turi doirasida sportchiga erkin harakat qilish imkonini beradi, ya'ni sportda ijodiy yondashuv taqiqlanmaydi, balki qo‘llab-quvvatlanadi. Masalan, badiiy gimnastika musobaqalarida har bir sportchi o‘zi tanlagan mashqni, o‘zi tanlagan kuy jo‘rligida bajaradi, lekin sportning ushbu turiga doir qonun-qoidalardan chetga chiqolmaydi. SHunday qilib, jismoniy tarbiyani sportga qo‘shib yuborish yoki ularni aynanlashtirish mumkin emas. Sportning boshqa ko‘pchilik turlarida esa barcha sportchilar bir xil mashqni bajaradilar, lekin ularni bir-biridan farqlantirib turadigan, musobaqa ruhini saqlab, uni so‘ndirmaydigan narsa, bu – har bir sportchining bir xildagi mashq ijrosiga ijodiy, o‘ziga xos yondashuvdir. Bunda sportchining o‘z a'zoi badani ustidan hukmronlik qilishi shu hukmronlikni egiluvchan go‘zallik, epchillik, ulug‘vor xatti-harakatlar shaklida tomoshabinga taqdim etishini taqozo qiladi, xullas, sport inson tanasi go‘zalligining namoyishi sifatida diqqatga sazovor. Sportga qadimgi yunonlar, bundan bir necha ming yillar avval ana shunday nuqtai nazardan yondashganlar. Lekin, afsuski, keyinchalik musobaqa omili go‘zallikni chetga surib, uni g‘oliblik va mag‘lublik bilan baholanadigan ehtirosni o‘yinga, qimorning o‘ziga xos turiga aylantirib qo‘ydi (qadimgi Rumodagi gladiatorlar bahsi, keyinchalik ot poygasiga pul tikishlar v.h.). Hozirgi paytda sport jahon bo‘ylab juda keng yoyilgan madaniy soha sifatida tan olinadi. Ayniqsa, buni O‘zbekiston misolida yaqqol ko‘rish mumkin. Bizda mustaqillik sharofati bilan sportga milliy madaniyatning uzviy qismi sifatida qarash shakllandi, uning hamma turi bo‘yicha musobaqalar o‘tkazish odat tusiga kirdi, o‘zbek kurashi esa umumbashariy sport turi maqomini oldi, maxsus Jismoniy tarbiya va sport ishlari vazirligi tashkil etildi. Bularning deyarli barchasi respublikamiz Prezidenti SHavkat Mirziyoev tashabbusi va nazorati ostida amalga oshirildi. SHu tufayli bugun O‘zbekiston sport diyoriga, inson jismoniy go‘zalligini jahonga namoyish etayotgan mamlakatlardan biriga aylandi. Sport estetikasidagi eng muhim muammo, bu uning san'at bilan o‘xshashligida. SHundan kelib chiqib, zamonaviy sportni (juda bo‘lmaganda, uning ba'zi turlarini) o‘ziga xos san'at sifatida talqin qilish keng yoyilgan. Rene Mehyu, Morin Kovich, Benjamin Lou singari g‘arb olimlari va ko‘plab mashhur sportchilar sportni san'at sifatida qabul qilish mumkin degan fikrni o‘rtaga tashlaydilar. Lekin haqiqatan ham sport san'atmi, ularni aynanlashtirish mumkinmi? Bu savolga to‘g‘ridan-to‘g‘ri javob berish qiyin. SHu bois sportning kelib chiqishi va mohiyatiga e'tibor qilib ko‘raylik. Ma'lumki, o‘yinni Qadimgi yunon faylasuflari estetik tabiatga ega ekanini ta'kidlab, uni san'at bilan tenglashtirganlar, SHiller esa, ko‘rib o‘tganimizdek, badiiy faoliyatni o‘yinning eng yuksak shakli deb hisoblaydi. Sport esa, eng avvalo o‘yin. Undan inson ikki tomonlama estetik zavq oladi: o‘yinchi-sportchi va tomoshabin-tarafkash sifatida. bunda tomoshabin san'atni idrok etayotgandek sportchi bilan uyg‘unlashib, uning xatti-harakatlariga qo‘shilib ketadi, ayni paytda o‘zi sportchi emasligini, ya'ni estetik masofani his qilib turadi. Bu borada B.Lou o‘zining “Sport go‘zalligi” degan kitobida F.Kinonning quyidagi fikrlarini keltiradi: “Teatr, – deb yozadi F.Kinon, – tomoshabinga suyanib rivojlanadigan san'at turi... Sport musobaqalarida tomoshabinlar o‘zlarini xuddi spektakl tomoshosidagidek tutadilar: ular yuksak mahorat egalariga qarsak chaladilar va yomon o‘yin ko‘rsatganga nisbatan salbiy munosabatlarini yashirmaydilar. Sportda ham, teatrda ham biz “o‘yin” haqida gapiramiz”1. Boshqa bir o‘rinda B.Lou H.SlyuSherning “Sport va ekzistensiya” kitobidagi quyidagi satrlarga e'tibrni qaratadi: “Sport – toki haqiqiy sport ekan, u estetik fazilat va nafislikka erisha oladi. U sportchi uchun chuqur ma'noga boy holat... sport botiniy yaxlitlikni va yuksak darajadagi hissiy ko‘tarinkilikni talab qiladi, – deb yozadi H.SlyuSher sportchi his etadigan estetik zavq haqida2. San'at bilan sportning yana bir o‘xshash tomoni shundaki, har ikkalasi ham biror bir moddiy ehtiyojni qondirmaydi, bevosita maqsad emas, maqsadga muvofiqlik tarzida voqe bo‘ladi, ularning asosiy xususiyati, mavjudligini oqlaydigan narsa, bu – odamlarga estetik zavq berish xususiyati. Ayni paytda san'atda ham sportda ham o‘yin ijtimoiylik kasb etmasligi mumkin emas, sportchi san'atkor kabi g‘oyaviy-mafkuraviy maylparastlik tabiatiga ega. San'atkor vatanparvarlik, millatparvarlik g‘oyalarini bilvosita – badiiy asari orqali ilgari sursa, sportchi o‘z jismoniy xatti-harakatlari bilan musobaqalarda vatan bayrog‘ini ko‘tarishga, “millatni uyaltirib qo‘ymaslikka” intiladi, ya'ni bevosita va tabiiy ravishda mafkuraviylikni amalga oshiradi. Demak, san'at ham, sport ham shunchaki zavq berish va o‘z iste'dodidan zavqlanish bilangina chegaralanib qolmaydigan ijtimoiy-ma'naviy hodisalardir. Biroq ana shu mafkuraviylik mafkurabozlikka aylansa, ya'ni ijodkor mafkura uchun axloqiylikdan chekinsa, san'atda haqiqiy badiiy asar yaratishning iloji bo‘lmaganidek, sport musobaqasida ham g‘irromlik yo‘li bilan, “bir amallab” yutib chiqib, haqiqiy g‘alabaga erishishi mumkin emas, zero haqiqiy g‘alaba tomoshabinning bahosi bilan belgilanadi. Masalan, futbol maydonida raqibi yiqilib, o‘rnidan tura olmayotganini ko‘rgan futbolchi o‘zi qulay vaziyatda bo‘lsa ham, to‘pni maydon tashqarisiga chiqarib yuboradi, raqib o‘rnidan turib, hakam to‘pni o‘yinga kiritishga ruhsat berganida yiqilgan raqibning o‘zi yoki komandadoshi uni yana maydon tashqarisiga chiqarib, to‘p egallash navbatini ixtiyoriy tarzda raqib komandaga beradi. Bu – har ikkala komanda o‘yinchilarining jo‘mardligini “haqiqiy yigitlar” ekanini, ularning faqat jismoniy emas, balki axloqiy jihatdan ham etukligini ko‘rsatadi, tomoshabin hech qachon ularning birortasini to‘pni raqibiga berib qo‘ydi deb ayblamaydi, afsus chekmaydi, aksincha xursand bo‘ladi, namoyish qilingan mardlikdan zavqlanadi. Takrorlash uchun savollar: Estetik tarbiyaning mohiyatini tushuntirib bering? Estetik tarbiyaning asosiy vazifalari nimadan iborat? Estetik tarbiyaga nisbatan bugungi kundagi tahdidlar qanday ko‘rinishda namoyon bo‘lmoqda? “Ommaviy madaniyat”ning yoshlar estetik tarbiyasiga ta'sirini nimalarda ko‘rish mumkin? 1 Лоу Б. Красота спорта. М., Радуга, 1984. С.92. 2 Ўша манба. С. 177. Download 31.06 Kb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling