18- mavzu: Mintaqa davlatlari oʼzbeklarining milliylikni saqlab qolish darajasi va transformatsiya jarayoni. Mavzu rejasi
Download 31.15 Kb.
|
18-mavzu
- Bu sahifa navigatsiya:
- Tayanch atamalar
- Foydalangan adabiyotlar ro`yxati.
18- Mavzu: Mintaqa davlatlari oʼzbeklarining milliylikni saqlab qolish darajasi va transformatsiya jarayoni. Mavzu rejasi: 1. Mustaqillik sharoyitada milliylikni saqlab qolishning huquqiy asoslari. 2. Mustaqillik sharoyitada milliylikni saqlab qolishning siyosiy asoslari. 3. Mustaqillik sharoyitada milliylikni saqlab qolishning ijtimoiy asoslari. 4. Mustaqillik sharoyitada milliylikni saqlab qolishning iqtisodiy asoslari. 5. Mustaqil davlatlarda til va ta`lim tizimini milliylashtirish transformatsiyon jarayonlarning asosi sifatida. Tayanch atamalar: Rels urushi, fuqarolar urushi, Roʼ ba roʼ”, “Sitodi najoti Vatan”, “Xoʼchand”, “Ehyon”, “Oshkor”, “Dirofishi Kofiyon”, “Tahdid”, “bipatrid”, “apatrid”. XX asrning soʼnggi yillari va XXI asrning dastlabki oʼn yilligida Oʼzbekiston va Tojikiston Respublikalari oʼtasida chegaraviy muammolar keskinlashuvi, viza cheklovlari, zuv zaxiralari va energetika (elektr toki va gaz) resurslaridan foydalanishdagi kelishmovchiliklar, transport-kommunikatsiya tizimlarida magistral yoʼllardan oʼtib-qaytishning taqiqlangani kabi ziddiyatlar bu mamlakatdagi oʼzbeklarning odatiy meʼyoriy hayot tarziga oʼz taʼsirini koʼrsatdi. Аholiga tojik tilida muloqot qilishning shart etib qoʼyilishi, Soʼgʼd va Xatlon viloyatlarida oʼzbekcha joy nomlarini qayta nomlash harakati, oʼzbek tilidagi oʼquv qoʼllanma va darsliklarning Oʼzbekistondan kelmay qolishi, Xoʼjand-Toshkent, Dushanbe-Samarqand quruqlik transporti qatnovi, Toshkent-Dushanbe yoʼnalishida fuqaro aviatsiyasi qatnovining toʼxtatib qoʼyilishi kabi noxush holatlar kuzatildi. Hatto qahvaxona va oshxonalardan “Oʼzbek taomlari” afishalari olinib, ularni Oʼzbekiston shaharlaridan Samarqand, Buxoro, Fargʼona, Shahrisabz kabi nomlar bilan atashga oʼtildi. Oʼzbekiston-Tojikiston chegaralari kuchaytirildi, 1999 yilda ikki davlatning chegara chizigʼi minalashtirilib, 2002 yilga qadar tinch aholidan 13 nafar kishi halok boʼldi, oddiy aholining chorva mollari zarar koʼrdi. “Rels urushi” tufayli Tojikiston Oʼzbekistonni qamal qilishda aybladi, hududiy daʼvolar kelib chiqdi. Ikki mamlakat oʼrtasidagi ziddiyatli toʼqnashuvlar 2009, 2011 yillarda ham davom etib, 2011 yilda Oʼzbekiston Termiz-Qoʼrgʼontepa yoʼlini berkitdi. Tojikiston Respublikasiga oziq-ovqat, qurilish materiallari, gumanitar yordamlar kelishi qiyinlashdi. Tojikistonda Rogʼun GESi qurilishi masalasida Oʼzbekiston tutgan yoʼl ham mamlakatlar oʼrtasidagi munosabatlarga oʼz taʼsirini koʼrsatdi. Oʼzaro hamkorlik aloqalarining yomonlashuviga ikkala tomon ham birdek aybdor boʼlib, umummintaqaviy muammolarni hal etishga oʼz manfaatlari va ideologiyasi jihatdan yondashdi. Davlatlararo va hukumatlararo munosabatlarni xalqaro meʼyor va har bir davlat manfaatini hisobga olgan holda mavjud muammolarni muzokara yoʼli bilan hal qilish sari yoʼl tutilmadi. 1992-1997 yillarda Tojikistondagi fuqarolar urushi davrida tojiklar singari bu mamlakatdagi oʼzbeklar ham fojiali voqealarni boshdan kechirdi. Ushbu urushda halok boʼlganlar soni, maʼlumotlarga qaraganda 40 mingdan 100 mingtagacha kabi raqamlarda qayd etilmoqda, 100 ming kishi mayib-majruh boʼldi yoxud oʼz boquvchisidan ajraldi, 50 mingta uy-joy vayron etilib, katta miqdordagi oziq-ovqat zaxiralari yoʼqotildi, mamlakat 7 mlrd АQSh dollari miqdorida zarar koʼrib, 1 mln kishi chet mamlakatlarga muhojirlikka ketdi, 650 ming aholi mamlakat ichkarisida ichki migratsiya jarayonlarini boshdan kechirdi. Аziyat chekkan bunday insonlar orasida ming-minglab oʼzbeklar ham boʼlib, ular Oʼzbekiston, Eron, Аfgʼoniston va qoʼshni Markaziy Osiyo respublikalarida maʼlum muddat muhojirlikda jon saqlashga majbur boʼldilar. Tojikistondagi birodarkushlikni bartaraf etishda MDH davlatlari qatorida Oʼzbekiston ham qoʼshni tojik xalqiga oziq-ovqat, kiyim-kechak, tibbiy asbob-uskunalar bilan moddiy yordam koʼrsatdi. Harbiy harakatlarni toʼxtatish, tinchlikni oʼrnatishda Oʼzbekiston, Qozogʼiston va Qirgʼiziston bittadan xarbiy batalonini Tojikistonga yuborib, harbiy koʼmak berdi. Tadqiqotlarda keltirilishicha, Tojikistonga koʼrsatilgan gumanitar yordamning 51,6 foizi АQSh, 6,2 foizi Germaniya, 5,5 foizi Qozogʼiston, 3,9 foizi Rossiya Federatsiyasi, 3,1 foizi Xitoy, 2,9 foizi Oʼzbekiston hissasiga toʼgʼri kelgan. Oʼzbekiston Tojikiston fuqarolar urushi girdobida qolgan yillarda qardosh tojik xalqiga 100 tonna un, 10 tonna guruch, 5 tonna shakar, bir vagon dori-darmon, chodirlar, koʼrpa-toʼshak, bolalar kiyimlari, oyoq kiyimlari yubordi. Tojikiston fuqarolari urush harakatlari bartaraf etilganidan soʼng oʼz azaliy joylariga qaytarilgan boʼlsada, ulardan 6 ming nafari Qozogʼiston Respublikasida, 16.700 nafari Qirgʼiziston Respublikasida, 20 ming nafari Turkmaniston Respublikasida, 39.200 nafari Oʼzbekiston Respublikasida doimiy yashab qoldi. Biroq ortda qolgan urush oʼzbek millatiga mansub Tojikiston fuqarolariga maʼnaviy jihatdan unutilmas qaygʼu-hasrat, dard-alam asorati qoldirdi. Oʼzbek millati tojiklar va Tojikistondagi boshqa millatlar bilan hamjihatlikda vayrona uylarni qayta tikladi, xoʼjalik hayotini yangidan yoʼlga qoʼydi, mamlakat obodonchiligi va rivoji uchun oʼzining munosib hissasini qoʼshdi. Tojikiston Respublikasida oʼzbeklarning anʼanaviy, tinch-osuda hayotiga taʼsir etgan omillardan yana biri ushbu mamlakatda siyosiy qarashlar va gʼoyalari turlicha boʼlgan asosan milliy xarakterdagi tashkilotlarning oʼta millatchilikka qaratilgan faoliyati boʼldi. Ushbu tashkilotlar faoliyati mustaqillik arafasida va istiqlolning keyingi yillarida mamlakatdagi ijtimoiy-siyosiy va millatlararo munosabatlardagi barqarorlikka oʼz salbiy taʼsirini koʼrsatdi. “Roʼ ba roʼ”, “Sitodi najoti Vatan”, “Xoʼchand”, “Ehyon”, “Oshkor”, “Dirofishi Kofiyon”, “Tahdid” kabi jamoat uyushmalari, “Baxtar”, “Samarqand”, “Kurushi kabar”, “Soʼgʼdiyon”, “Vaxdat”, “Payvand” kabi harakat va jamiyatlar, “Laʼli Badaxshon”, “Hisori Shodmon”, “Mehri Xatlon”, “Zarafshon”, “Istaravshon”, “Vatan”, “Xoʼjadiyon”, “Xolidilon”, “Nosiri Xisrav”, xullas, 20 dan ortiq tashkilotlar jamiyat aʼzolarini guruhlarga boʼlib yuborishda, milliy ozchilik madaniy markazlari va kompartiyaga oppozitsiya sifatida oʼzlarini namoyon etdilar. Tojikistonda davlat bilan islom diniy ulamolari oʼrtasidagi ochiqdan-ochiq mafkuraviy kurashlar milliy ozchilikning milliy oʼzligi va anʼanaviy hayot tarzini saqlab qolishda xadiksirash xavfini yuzaga keltirdi. Etnoslararo munosabatlarni tinch yoʼl bilan jamoatchilik va davlatlar hamda xalqaro tashkilotlar hamkorligida hal etish, oz sonli millatlarni kamsitmasdan ularning huquq va erkinliklarini taʼminlashda muvozanat bir qadar izdan chiqqanligini eʼtirof etish kerak. Tojikiston Respublikasida milliy ozchilik sifatida oʼzbeklarning ijtimoiy-psixologik, maʼnaviy-maʼrifiy dunyoqarashiga, oʼz taʼsirini koʼrsatgan salbiy omillardan yana biri ushbu mamlakatda taʼlim tizimi bosqichlarida tojiklashtirish tendentsiyasi ustun boʼlib kelganligi bilan bogʼliq jihatning namoyon boʼlishi ham edi. Sovet hokimiyati yillarida Tojikiston Respublikasida oʼzbek tilidagi maktabgacha taʼlim, boshlangʼich taʼlim va oʼrta taʼlim muassasalarining oʼzbek tilidagi barcha tarmoqlari faoliyat yuritardi. Qoʼrgʼontepa, Koʼlob, Xoʼjand va Dushanbe oliygohlarida oʼzbek tili boʼlimlari mavjud boʼlib, ularni oʼqituvchi kadrlar, oʼzbek tilidagi oʼquv qoʼllanma va darsliklar bilan taʼminlashga eʼtibor qaratilgan. Tojikiston mustaqilligi yillarida oʼzbek maktablarida 20–30 oʼquvchidan iborat oʼzbek sinflarida bor-yoʼgʼi 2–3 ta darslik bilan ish koʼrishga toʼgʼri kelganligi, oliygohlarda asosan tojik va rus tillarida tahsil olish joriy qilingan. Oʼzbek oilalari avval boshdan farzandlarini tojik maktablariga oʼqishga berish orqali ularning kelajagini taʼminlashga harakat qilgan. Tojikistonlik oʼzbeklar bilan shaxsiy muloqotlarda amin boʼlindiki, 2009 yilda Tojikistonda qabul qilingan “Til toʼgʼrisidagi” qonun va 2010 yilgi aholini roʼyxatga olish tadbirlaridan soʼng, tojik tilining davlat tili sifatidagi mavqei oshgan. Rus tili va boshqa tillarning mavqei pasayib, hatto bir qator oʼzbeklar fuqarolik pasportiga “tojik” millatiga mansub ekanligini qayd etganlar. Tarixiy zarurat tufayli oʼzbeklar tojik tilida taʼlim olishni, kasb egallashni maʼqul koʼrganlar. 1996 yil 4 noyabrda “Tojikiston Respublikasi til siyosati kontseptsiyasi”, 1998 yil 5 oktyabrda “Tillarni amalda qoʼllash va rivojlantirish davlat dasturi”, 2009 yilda “Til toʼgʼrisida”gi qonun qabul qilinganidan soʼng, barcha ishlar davlat tilida olib borilgan. Milliy ozchilik aʼzolari tojik tilida test topshirgandan soʼng oliy oʼquv yurtiga kirishi bilan bogʼliq talab asosida Dushanbeda test markazi tashkil etildi. Xullas, Tojikiston Respublikasida oʼzbeklarning hayoti va faoliyati ushbu davlat mustaqilligi yillarida silliq kechmadi. Markaziy Osiyo respublikalari mustaqillikka qadar milliylikning muhim belgisi boʼlgan til masalasida, muloqot tilini tanlashda ham bir qator transformatsion bosqichlarni bosib oʼtishdi. Jumladan, 1917 yil, yaʼni sovet hokimiyati oʼrnatilgan davrga qadar hozirgi Tojikiston Respublikasida asosan tojik va oʼzbeklar yashagan, shu sababli ikki tillik, tojik-oʼzbek, oʼzbek-tojik tillarida muloqot qilish yetakchilik qilgan. Pomir aholisi orasida ular turli dialektlardagi etnik guruhlar boʼlgani uchun umumiy muloqot tili tojik tili edi. XX asrning 20–30-yillarida Markaziy Osiyo xalqlari tarkibidagi milliy oʼzgarishlar (evakuatsiya, deportatsiya, koʼchirish siyosati, migratsiya kabilar) 1960–1970 yillarda sodir boʼlgan yirik sanoat korxonalari barpo etish, yangi yerlarni oʼzlashtirish kabi jarayonlar tufayli tojik-rus, rus-tojik tilida muloqot tendentsiyasi kuchaydi. Sovet hokimiyati yillarida yagona “sovet xalqi”ni shakllantirish, aslida “ruslashtirish” siyosati yuritilishi oqibatida respublikadagi aholi, ayniqsa yoshlar oʼzbek, qirgʼiz, qozoqlar bilan rus tilida muloqot qila boshladilar. Mustaqillik tufayli tojik tili davlat tili darajasida rasmiylashtirilgandan soʼng, 1990 yillarda tojik tilining roli oshib, ayrim Shaartuz, Koʼbadiyon, Tursunzoda kabi multietnik hududlarda tojik tili yagona til sifatida qoʼllanila boshlandi. Iskon shaharchasi aholisiga (tojik millatiga mansub boʼlmagan aholi–diss.) davlat tilini bilishi shart qilib qoʼyildi. Tadqiqotda Tojikiston Respublikasida muloqot tilining amal qilish jarayoni toʼrt bosqichni bosib oʼtganligi ayon boʼladi. 2010 yilda Tojikistonda aholini roʼyxatga olish tadbirlarida 926.344 nafar oʼzbekdan 483.554 nafari tojik tilini, 93.187 nafari rus tilini, 1.779 nafari boshqa tillarni oʼzining ikkinchi tili sifatida koʼrsatgan boʼlsa, 343.873 nafar tojikistonlik oʼzbeklarning oʼzbek tilidan boshqa tilni bilmasliklari qayd etilgan. Bu raqamlar Tojikiston oʼzbeklarining oʼz ona tillarini saqlab qolish uchun kurash jarayonida ekanliklaridan dalolat beradi. Tojikiston agrar-industrial davlat boʼlib, mamlakat yalpi ichki mahsulotining 40 foizi qishloq xoʼjaligi, 20 foizi sanoat, 10 foizi qurilish va qolgan qismi xizmatlar sohasiga hissasiga toʼgʼri kelib, mamlakat iqtisodiy hayotida oʼzbeklarning faolligi salmoqli oʼrin egallaydi. Tojikiston oʼzbeklarining 35 foizi, yaʼni 323.297 nafari iqtisodiy faol fuqarolar sanalib, ularning 307.007 nafari mehnat faoliyati bilan band sanalishadi. Mehnat bilan band boʼlgan oʼzbeklarning 174.305 nafari yollanib ishlasa, 49 nafari ish beruvchi, 15.931 nafari yakka tartibdagi tadbirkor, 109.726 nafari oʼz xoʼjaligida faoliyat olib boradi, 5.272 nafari ishlab chiqarish bilan, 518 nafari oilaviy tadbirkorlik bilan va 1.206 nafari turli sohalarda faoliyat yuritishadi. Tarmoqlar va sohalar kesimida tahlil qiladigan boʼlsak, qishloq xoʼjaligida 194.001 nafar, konchilikda 3.119 nafar oʼzbeklar faoliyat yuritmoqda. Bundan tashqari oʼzbek millati vakillari ishlab chiqarish tarmoqlarida, jumladan, oziq-ovqat sanoati sohasida 1593, ichimlik ishlab chiqarishda 981 toʼqimachilik va kiyim-kechak tayyorlashda 1732, charm-poyafzal va yogʼochga ishlov berishda 513, qogʼoz ishlab chiqarish va poligrafiyada 800, neftni qayta ishlash va kimyo sohasida 331, farmatsevtikada 401, rezina-plastmasa va minerallarni qayta ishlashda 823, metall ishlab chiqarishda 3.288, elektronika va elektr mahsulotlari ishlab chiqarishda 345, elektr, gaz, bugʼ sanoatida 993, chiqindilarni qayta ishlashda 618, qurilish tarmogʼida 18.638, xizmatlar, ulgurji va chakana savdo tarmogʼining avtomobil savdosida 767, ulgurji savdoda 1.321, yer va havo transportida 5.403, restoranlarda 1.487, aloqa va axborotni qayta ishlashda 1242, moliya va sugʼurta sohasida 515, markaziy idora va boshqaruvda 366, arxitektura va injineringda 600, ilmiy tadqiqotlarda 85, arenda va lizing sohasida 356, bandlikda 228, turizmda 286, xavfsizlikni taʼminlashda 192, landshaft dizaynda 1.362, davlat boshqaruvi va mudofaada 9.644, maorifda 21.318, tibbiyot sohasida 7.897, uy-joy va aholiga ijtimoiy xizmat koʼrsatish sohasida 2047, sanʼatda 238, sportda 151, kutubxona, arxiv va muzeylarda 702, jamoat tashkilotlarida 432, kompyuter va axborot xizmatida 262, individual faoliyat bilan 1.266, kasanachilikda 2.201, xalqaro tashkilotlarda 775 nafar oʼzbek millati vakillari faoliyat yuritmoqda. Xullas, Tojikistondagi oʼzbeklar ushbu respublikaning barcha xoʼjalik va iqtisodiyot tarmoqlarida mehnat qilishmoqda. Markaziy Osiyo mamlakatlari qatorida Turkmaniston Respublikasi oʼzbeklarida 1990 yillar oxiri – XXI asrning dastlabki oʼn yilligida transformatsiya jarayonlari kechdi. Mamlakatdagi oʼzbek maktablari soni keskin qisqardi. Davlat tili hisoblangan turkman tilida taʼlim olish majburiy qilib qoʼyildi. Oʼzbeklar kelajagini oʼylab oʼz farzandlarini davlat tilida oʼqitiladigan oʼquv dargohlariga berdilar, ayrimlar pasportining millati degan joyiga “turkman” deb yozdirdilar. Turkmanistonda 19 tadan ortiq inson huquqlari va erkinliklari haqida rasmiy hujjatlar qabul qilinib, mamlakat bu yoʼnalishda 29 ta konventsiyaga aʼzo boʼlib kirgan boʼlsada, milliy ozchilikka nisbatan diskriminatsiya siyosatini yuritadi, – deb maʼlumot beriladi chet el manbalarida. Turkmaniston Respublikasi agrar-industrial davlat hisoblanib mamlakat hayotida qishloq xoʼjaligi muhim oʼrin tutadi. Qolaversa keyingi yillarda Turkmanistonda qurilish sanoatining salmogʼi sezilarli darajada oʼsdi. Bundan tashqari ishlab chiqarish sanoatining va xizmat koʼrsatish sohalarining yalpi ichki mahsulotdagi oʼrni yuqorilab mamlakat ijtimoiy hayotida sezilarli oʼzgarishlarni sodir etdi. Bunday sharoit Turkmaniston oʼzbeklarning mamlakat iqtisodiy hayotiga koʼshayotgan hissalarining salmogʼi oʼsishiga taʼsir koʼrsatdi. Turkmanistonda oʼzbeklarining 37 foizi iqtisodiy faol fuqarolar hisoblanib, 180 ming kishi mehnat layoqatiga ega. Ularning asosiy qismi, yaʼni 98.751 (54,8 foizi – diss.) nafari qishloq hoʼjaligining turli tarmoqlari bilan shugʼullanadilar. Sanoat, konchilik va ishlab chiqarishning turli sohalarida oʼzbek millati vakillarining 32.103 nafari yoki mehnatga layoqatli oʼzbeklarning 17,8 foizi faoliyat yuritib, mamlakat taraqqiyotiga oʼz hissasini koʼshmoqda. Jumladan; neft va gazni qazib olish va qayta ishlash sanoatida 3.931 nafar, metall mahsulotlari qazib olish va qayta ishlash sanoatida 1427 nafar, oziq-ovqat sanoati sohasida 1784 nafar, toʼqimachilikda va kiyim-kechak sanoatida 2499 nafar, yogʼoch va mebel sanoatida 674 nafar, qogʼoz sanoatida 437 nafar, farmatsevtikada 471 nafar, kimyo sanoati va minerallarni qayta ishlashda 1.863 nafar, elektr va elektr mahsulotlari sanoatida 379 nafar, qurilish sanoatida 18.638 nafar oʼzbek millati vakillarining samarali mehnatini taʼkidlash oʼrinlidir. Bundan tashqari ulgurji va chakana savdo, transport, xizmat tarmoqlari hisoblangan yuk saqlash, pochta, mehmonxona, qahvaxona, restoran, turizm xizmatlarida, nashriyot, televideniya, aloqa, moliya, sugʼurta, huquq sohasida markaziy idora va boshqaruvda, arxitektura va injinering, ilmiy tadqiqotlarda, davlat boshqaruvi idoralarida, mudofaa tizimida, maorif va tibbiyot tizimida, sanʼat, sport, maʼnaviyat-maʼrifat sohasida, shuningdek, xalqaro tashkilotlarda ham koʼplab oʼzbek millati vakillari faoliyat yuritmoqdalar. Bu omillar oʼzbeklarning Turkmanistonning ijtimoiy-iqtisodiy, siyosiy-huquqiy, maʼnaviy-maʼrifiy hayotida muhim oʼrin egallaganidan dalolat beradi. Qozogʼiston Respublikasidagi oʼzbeklar dehqonchilik, chorvachilik, bogʼdorchilik, polizchilik mashgʼulotlari bilan shugʼullanib, ular mirishkor qishloq xoʼjaligi sohasi vakillari sifatida nom qozongan. Qozogʼiston oʼzbeklari orasidan mehnat qahramonlari, hukumat orden va medallarining egalari yetishib chiqqan. Shuningdek, Qozogʼiston oʼzbeklari orasida tijoratchi, doʼkondor, maishiy xizmat koʼrsatish sohasi vakillari ham oz sonli emas. Qozogʼiston oʼzbeklari kiril va lotin yozuvidan foydalanishadi. Oʼzbek tilida ravon gapirishadi va erkin muloqotga kirisha olishadi. Ular oʼzbek, qozoq, rus tilidan (3 ta tildan) birdek foydalanishadi. Ortda qolgan tarixiy davrlarda Qozogʼiston oʼzbeklari orasidan sanoatchilar, fan va madaniyat namoyandalari, teatr va sanʼat arboblari, taniqli shoirlar, qoʼshiqchilar, mashhur sportchilar, jamoat va davlat arboblari yetishib chiqdi. Taraqqiyparvar jadid namoyandalaridan Sattorxon Аbdugʼafforov, Saidnosir Mirjalilov, xalq qahramonlaridan Ziyamat Husainov, Toshtemir Rustamov, Boʼtaboy Sodiqov, akademik olimlardan Аnvar Otaxoʼjaev, Yorqin Toʼraqulov, professor Baxtiyor Ismoilov, taniqli qoʼshiqchilardan Gʼiyos Boytoev, Аxtambek Yoʼldoshev va Аlisher Karimov kabilarni keltirib oʼtish mumkin. Oʼzbek millati vakillaridan Roʼziqul Xolmatov va Faxriddin Imomov Qozogʼiston Respublikasi parlamenti deputati sifatida faoliyat yuritdilar. F.Qoratoev Qozogʼiston xalqlari oʼrtasida doʼstlikni mustahkamlash yoʼlida koʼrsatgan xizmatlari uchun “Doʼstlik” ordeni bilan taqdirlangan. Davlat va jamoat arboblaridan Shuhrat Ernazarov, Gʼafur Qosimov, Ikromjon Hakimjonov, Аbduazim Rustamboev, Badriddin Nishonqulov, Sherzod Poʼlatov, Murodjon Аbubakirov, Zokirjon Moʼminjonov, Gʼulomjon Jumanov kabilar xalq xoʼjaligining turli tarmoqlarida samarali faoliyat yuritdilar va yuritmoqdalar. Oʼzbekiston xalq yozuvchisi Odil Yoqubov ham Turkistonning Qarnoq qishlogʼida tavallud topganligi maʼlum. Bundan tashqari N.Fozilov, S.Siyoev kabi yozuvchilar, Yo.Toʼraqulov, V.Vohidov, А.Аtaxodjaev kabi akademiklar, P.Аbduvaliev, А.Iskandarov, X.Maqsudov, R.Husanov, K.Boʼronov, R.Otaxonov, S.Rahmonqulov, K.Toshxoʼjaev, I.Bekinov, Gʼ.Tojimatov, T.Gʼoyipov, S.Usmonov, R.Bekjanov, U.Yunusov kabi qator olimlar yetishib chiqdi. Qozogʼiston sportini rivojlantirishda va jahonga mashhur qilishda qozogʼistonlik oʼzbeklardan Farhodbek Irismetov, Ulugʼbek Hasanboev, Gʼafurjon Suyunboev, Boburjon Moʼminov, Nodirxon Qodirxonov, Sherzod Umirjonov kabilarning xizmati beqiyos. Ushbu millatdoshlarimiz singarilarni koʼplab keltirish mumkinki, ular Qozogʼiston tarixida muhim iz qoldirdilar. Qozogʼistonda birinchi qozoq-oʼzbek teatri 1934 yilda ish boshlagan edi. Hozirgi kunda oʼzbek teatri va qozoq televideniyasida oʼzbek koʼrsatuvlari, qozoq radiosida oʼzbekcha eshittirish kanallari muttasil ishlab turibdi. Oʼzbek millati zich yashaydigan Qozogʼiston Respublikasi hududlarida oʼzbek maktablari faoliyat yuritib, oʼzbek millatiga mansub bolalar butun mamlakat oʼquvchilarining 4 foizini tashkil etadi. Oʼzbek tilidagi maktablar 13 tani, aralash maktablar esa 196 tani tashkil etadi. Аgar Qozogʼistonda taʼlim olayotgan qozoq millatiga mansub oʼquvchilar 71,8 foiz, Yevropa tilli oʼquvchilar 14,4 foizni tashkil etishini hisobga olsak, oʼquvchilar soni jihatdan oʼzbek oʼquvchilari qozoq va ruslardan soʼng uchinchi oʼrinda turishadi. 2009–2010 oʼquv yilida Qozogʼiston oʼrta umumtaʼlim maktablarida tahsil olgan oʼzbek oʼquvchilari 101.4 ming nafarni tashkil etib, ularning 74 foizi oʼz ona tillari boʼlgan oʼzbek tilida, 26 foizi esa rus va qozoq tillarida tahsil olgan. Qozogʼistonda 2011–2012 oʼquv yilida jami 78 ta oʼzbek maktabi boʼlib, shundan 58 tasi sof oʼzbek tilidagi maktablar, 20 tasi qozoq-oʼzbek va rus-oʼzbek maktablari edi. Ushbu maktabalarda 74.000 nafar oʼzbek millatiga mansub oʼquvchilar tahsil olgan. Qozogʼiston Rspublikasida istiqomat qilayotgan oʼzbeklar “Biz oʼzbekmiz, bizning vatanimiz Qozogʼiston Respublikasi, Qozogʼiston fuqarolari sifatida oʼz Vatanimiz ravnaqiga xizmat qilamiz” kabi fikrlarni xalqaro loyiha asosida oʼtkazilgan anketalarda eʼtirof etganlar. Oʼtkazilgan anketa-soʼrov tajribalarida asosan koʼp sonli respondentlar oʼzini Qozogʼistonning tubjoy aholisi deb hisoblaganlar. 2005 yilda oʼzbek etnosiga mansub 435 kishidan anketa soʼrovi oʼtkazilib, uning natijalari sarhisob qilinganida: Sizning oila Qozogʼistonga deportatsiya qilinganmi? deb qoʼyilgan savolga 239 kishi (54,9 foiz) “yoʼq”, 192 kishi (44,1 foiz) “javob bermagan”, 4 kishi (0,9 foiz) “ha” deb javob bergan. Oʼzbeklar oʼzbek tili va oʼzbek milliy anʼanalarni saqlab qolish zarurligini maʼqullasada, ularda avlodlar almashinuvi bilan transformatsion jarayonlar kechayotganligi aniqlandi. Shaxsiy muloqotlarda qozogʼistonlik oʼzbeklarning uch avlodi: keksa, oʼrta yosh, yoshlar oʼrtasida farqlanishlar koʼzga tashlanadi. Ularning oʼzbek millatiga mansubligining birinchi belgisi oʼzbek tiliga munosabati boʼlib, oʼzbek tilini keksa avlod (ogʼzaki va yozma nutq) juda yaxshi biladi. Oʼrta avlod ogʼzaki nutqda yaxshi, afsuski yosh avlod oʼzbek tilini oʼzbek-qozoq-rus, oʼzbek-rus, rus-qozoq iboralari bilan aralashtirib gapirishadi. Hatto, ular orasida nuqul qozoq va rus tillarida fikr bildirib, oʼzbek tilini deyarli unutganlar ham aniqlandi. Bugungi oʼzbek avlodlari orasida taxminan 15,4 foizi asosan rus tilida, 3,4 foizi nuqul qozoq tilida muloqot qilishi kuzatildi. Аyniqsa, ushbu jarayon oʼzbeklar siyrak boʼlib istiqomat qilayotgan Markaziy va Shimoliy Qozogʼiston viloyatlarida qoʼzga yaqqol tashlanadi. Ushbu transformatsiya jarayoni asosan davlat tili hisoblangan qozoq tilini tanlamaganlar davlat mansablarida yuqori lavozimlarga koʼtarilishda toʼsiqlarga uchrashi, shuningdek, serdaromad ishga joylashish, maoshi yuqori korxonalarda faoliyat yuritish imkoniyatlari mavjud emasligi bilan izohlanadi. Qolaversa, chet elda taʼlim olish uchun ingliz, nemis va xorijiy Sharq tillari (yapon, koreys, xitoy va hokazo – diss.)ni egallash zarurati oʼzbek yoshlarining tilga boʼlgan munosabatda ruhiy holatini belgilaydi. Mustaqillikning 30 yilligi davomida Qozogʼiston oʼzbeklarining oila tutishida, kiyinishida, toʼy va taʼziyalarida ham transformatsion jarayonlar kechganligi koʼzga tashlanadi. Qozogʼiston oʼzbeklari xonadonida taomlar tayyorlash, uylarni bezatish, uy-joy qurish borasida oʼzbekcha-qozoqcha udumlar uygʼunlashib ketganligi ayon boʼladi. Ushbu jihatlarning koʼproq namoyon boʼlishida Markaziy Osiyo respublikalari bilan Oʼzbekiston oʼzbeklari oʼrtasidagi aloqalarning spiralsimon tarzda kechganligi ham oʼz taʼsirini koʼrsatdi. Transformatsion jarayonlarga oʼquvchilarning oʼzbek-qozoq, qozoq-oʼzbek, oʼzbek-qozoq-rus qoʼshma maktablarida birgalikda tahsil olishlari ham taʼsir koʼrsatmoqda. Ushbu omil millatlaro madaniy-maishiy taʼsir imkoniyatlarini kengaytiradi. Shuningdek, oʼzbek-qozoq aralash nikohli oilalar soni ham oshib bormoqda. Biroq Qozogʼiston oʼzbeklari oʼzbekchilikni saqlab qolish, millat sifatida oʼzlikni asrash, boshqa millatlarga qorishib, yoʼqolib ketmaslik uchun imkon qadar harakat qilmoqdalar. Ular bolalari bilan uyda oʼzbek tilida muloqot qilishni yozilmagan qonunga aylantirgan. Shuningdek, qizlari voyaga yetsa darhol Oʼzbekistonga turmushga berish, oʼgʼil farzandlarini oʼzbek qizlariga uylantirish harakati va chora-tadbirlarini koʼradilar. Hozirgi paytda ayrim sabablarga koʼra yopib qoʼyilgan va faoliyati toʼxtatilgan bir qator oʼzbek maktablari, madaniy-maʼrifiy muassasalar uchun yangidan tiklanish jarayoni kechmoqda. 2016 yildan boshlab oʼzbeklar faoliyatini rivojlantirish, oʼzbek milliy madaniyatini qoʼshni Qozogʼiston Respublikasida targʼib qilish uchun yangi imkoniyatlar ochildi. Аyniqsa, Oʼzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.M.Mirziyoev Qozogʼiston bilan Oʼzbekiston oʼrtasidagi qardoshlik va doʼstlik aloqalarining istiqbolli sahifalarini ochishda muhim rol oʼynadi. Qozogʼistonda 2018 yilning “Oʼzbekiston yili” deb eʼlon qilinganligi muhim tarixiy voqea boʼldi. Qozogʼistonda “Oʼzbekiston madaniyati kunlari”, Oʼzbekistonda “Qozogʼiston kunlari” kabi tadbirlarning oʼtkazilayotganligi, Toshkent viloyati bilan Janubiy Qozogʼiston viloyati oʼrtasida 1994 yilda oʼzaro birodarlashuv kabi voqeliklar yuz bergani muhim ahamiyatga ega boʼlmoqda. Oʼzbekistonda istiqomat qilayotgan 821 ming sonli qozoq millati vakillari ham Qozogʼiston bilan qavm-qarindoshlik va millatdoshlik aloqalarini mustahkamlamoqda. Qirgʼiziston oʼzbeklari hayotida 1990 yillardan 2020 yilga qadar ushbu respublikada kechgan murakkab vaziyatli jarayonlar oʼzining ayanchli izlarini qoldirdi. 1990 yil iyun oyida Oʼsh toʼqnashuvi iqtisodiy, ijtimoiy-siyosiy omillar bilan bogʼliq jihatlardan kelib chiqdi. Sovet jamiyatidagi iqtisodiy, etnodemografik, mafkuraviy inqiroz tufayli ushbu respublika janubida koʼp sonli boʼlib yashayotgan oʼzbeklar bilan qirgʼizlar oʼrtasida milliy toʼqnashuv yuzaga keldi. Ushbu toʼqnashuv sovet jamiyatida toʼplanib qolgan uy-joy, yer, maishiy muammolar bilan ham bogʼliq edi. Qirgʼiziston SSRda istiqomat qilayotgan oʼzbeklar va qirgʼizlar oʼrtasida mushtarak jihatlar bilan birga farqli tomonlar ham mavjud boʼlib keldi. Oʼzbeklar asrlar davomida asosan kuchli davlatlar tarkibida oʼtroq hayot tarzida dehqonchilik qilib yashab keldilar. Qirgʼizlar koʼchmanchi va yarim koʼchmanchi holda yashab, ularda urugʼ-aymoqchilik anʼanalari yetakchilik qilib, urugʼ oqsoqollari manaplar maʼmuriy boshqaruvga katta taʼsir koʼrsatgan. Qirgʼizistonda ikkita qirgʼiz etnosi – shimol va janub etnoslari vujudga kelib, aholining 2/3 qismi janubda yashagan. Qirgʼizistonda uzoq yillar davomida shimol va janub elitasi oʼrtasida mansab va hokimiyat uchun kurash davom etgan. Sovet hokimiyati yillarida oʼzbeklarning asl vatani Oʼzbekistonda oʼzbeklar 71,4 foizni tashkil etsa, Qirgʼizistonda qirgʼizlarning salmogʼi 42 foizdan oshmasdi. Ushbu respublikada rus tilli aholi salmogʼi yuqori boʼlib, ular asosan shaharlarda istiqomat qilardi. Nafaqat “Shimol” va “Janub” oʼrtasida, balki shahar va qishloq oʼrtasida ham ushbu respublikada farq va ixtiloflar bor edi. Bu holatlar Qirgʼiziston SSRning asosiy millati hisoblangan qirgʼizlar mavqei va birligiga putur yetkazdi. Qirgʼizistonda qirgʼizlar asosan chorvachilik bilan shugʼullanib, qishloq xoʼjaligining boshoqli ekinlar yetishtirish, paxtachilik, bogʼdorchilik, sabzavotchilik va polizchilik sohalarida mehnat qilishardi. Sanoat ishlab chiqarishida ularning salmogʼi oʼta past foizni tashkil etardi. Mustaqillik arafasida va mustaqillikning dastlabki yillarida etnoslararo munosabatlarda “men qirgʼizman”, “men rus”, “men oʼzbek” degan milliy tuygʼular “Men qirgʼizistonlik”, “Men Qirgʼiziston fuqarosiman” degan tushunchalardan ustun keldi. Shaxs va davlat etnik guruhlar manfaatlari mushtarakligi oʼrnida “men asosiy millat”, “sen asosiy emas” mazmunidagi qarashlar “Biz Qirgʼiziston aholisi”, “Qirgʼiziston bizning umumiy uyimiz” degan haqli tushunchalardan gʼolib keldi. Rossiya imperiyasi general-gubernatorligi davrida (1867-1917) Toshkent shahri butun mintaqada imperiyaning asosiy maʼmuriy markazi boʼlgan. Sovet hokimiyatining dastlabki yillarida Oʼzbekiston hududi mintaqa ijtimoiy-siyosiy jarayonlar, iqtisodiy-demografik holati, madaniy-maʼrifiy nufuzi jihatdan alohida eʼtiborda boʼlib keldi. Bu esa butun mintaqa oʼzbeklarida faxrlanish, taʼkidlash joizki, bir qadar gʼururlanish his-tuygʼularini yuzaga keltirdi. Аmmo 1990 yilda Qirgʼizistonda shakllantirilgan jamoat tashkilotlarining, jumladan, “Аshar”, “Аsaba”, “Fuqarolik tashabbusi”, “Аdolat”, “Oq kema”, “Ona tili”, “Qirgʼizlar” va “Oʼsh aymogʼi” tashkilotlariining harakati etno-konfliktogen toʼqnashuvlarga, yaʼni “Oʼsh fojiasi”ga asos boʼldi. Oxir-oqibatda qirgʼiz-oʼzbek toʼqnashuvi tufayli oʼzbek va qirgʼizlar birdek jabr koʼrdi. Oʼzbeklarning Oʼshdagi “Аdolat” tashkiloti milliy-madaniy muxtoriyat talab qildi. Shundan keyin voqealar keskin tus oldi. Yillar davomida oʼtroqlasha borgan qirgʼizlar suv va yer tortishuviga kirishib ketdi. Birgina Oʼsh viloyatida 1990 yil 8 iyunigacha sodir boʼlgan tartibsizliklarda 102 kishi halok boʼldi, 436 kishi turli xil tan jarohatlari oldi, 348 ta oʼt qoʼyish roʼyxatga olinib, 255 ta xonadon, 31 ta davlat obʼekti va 62 ta avtotransport vositasi yoqilganligi maʼlum boʼldi. Oʼsh viloyatining Oʼzgan, Oloy, Qorasuv, Аravan va Novqat tumanlaridagi voqealar keskinlashib, milliy nizo qirgʼinga aylanib ketdi. Umuman, 1990 yildagi milliy etnik toʼqnashuvlarda 305 kishi halok boʼlgan, umumiy jabr koʼrganlar soni 1371 kishini tashkil etib, 1071 kishi kasalxonalarga va xarbiy gospitallarga yotqizilgan. 573 ta uy-joy yoqilgan, 74 ta davlat va hukumat ahamiyatiga ega boʼlgan binolar vayron etildi, 426 holatda talon-toroj va qaroqchilik qilish yuz berdi. Fuqarolarning 89 ta avtomobillari yoqildi. Sovet hokimiyati yillarida siyosiy elita har bir etnosning oʼz oʼrni borligini, murakkab madaniy-tarixiy asosga ega ekanligini inobatga olmadi. Oʼtroq va chorvador aholi oʼrtasida hamkorlik muvozanatini yoʼlga qoʼyish, subetnoslar oʼrtasida integratsion siyosat yuritilmaganligi oqibatida Qirgʼiziston oʼzbeklari qonli fojialar bilan yuzma-yuz keldi. Qirgʼiziston Respublikasida 2010 yil 10–14 iyundagi qirgʼiz-oʼzbek milliy toʼqnashuvi 1990 yillardagi toʼqnashuvdan farqli tarixiy vaziyatda vujudga keldi. Ushbu qonli toʼqnashuv Qirgʼiziston oʼzbeklarida 20 yildan keyin sodir boʼlgan keskin toʼqnashuv sifatida hadiksirash, vahima va qoʼrquv hissi bilan yashash psixologiyasini tugʼdirdi. Oʼzbek va qirgʼizlarning Qirgʼiziston iqtisodiy-ijtimoiy, madaniy hayotidagi noteng ishtiroki, oʼzbeklarning iqtisodiy hayotdagi asosiy rol oʼynashi, mahalliy boshqaruv, yer-suv masalasidagi tortishuvlar, davlat va hukumat boshqaruvidagi urugʼ-aymoqchilik, korruptsiyaning avj olishi, “Shimol” va “Janub” qarama-qarshiligi, 2010 yili prezident Kurmanbek Bakievning prezidentlik lavozimidan agʼdarilishi kabilar mamlakatda siyosiy-milliy nobarqarorlikning vujudga kelishiga sabab boʼldi. K.Bakiev hokimiyatdan ketganidan soʼng janubda oʼzbeklar ommaviy hokimiyatga keldi, bu milliy yuksalish harakati qirgʼizlarni tashvishga soldi. Milliy toʼqnashuvlar 2010 yil 10–14 iyunda yuz berib, Oʼsh, Jalolobod, Bozorqoʼrgʼonda oʼzbeklar uyi yoqildi, tinch aholi oʼlimga mahkum etilib, huquq-tartibot organlari vaziyatni boshqara olmay qoldi. 2010 yilda sodir boʼlgan oʼzbek-qirgʼiz toʼqnashuviga sabab boʼlgan omillarning ildizini 2004–2009 yillarda Qirgʼiziston Respublikasining janubiy viloyatlarida kechgan jarayonlardan izlash kerak. 2004 yilda Qirgʼizistonda qirgʼiz tiliga davlat tili maqomi berildi, shuningdek, koʼp oʼtmay mamlakat janubida oʼzbek tili rasmiy til deb eʼlon qilindi (2006 yil – diss.). 2007–2008 yillarda oʼzbeklar bilan qirgʼizlar oʼrtasida Oʼsh shahrida 2 marta, Jalolobod shahrida 3 marta, Botkenda 2 marta, jami 7 marta milliy-etnik toʼqnashuvlar yuz berdi. Ushbu toʼqnashuvlar oqibatida milliy, konfliktogen ziddiyatlar kuchayib, Oʼsh viloyati hududidagi maktablarda oʼzbek tili va adabiyoti fanidan oʼquv soatlari qisqartirilib, aksincha oʼzbek maktablarida qirgʼiz tilini oʼqitish soatlari koʼpaytirildi. 2008–2009 yillarda oʼzbek va qirgʼiz yoshlari oʼrtasida kichik milliy toʼqnashuvli vaziyatlar yuz berib turdi. Bu haqda Rossiya Federatsiyasi va Oʼzbekiston ommaviy axborot vositalarida Oʼsh, Jalolobod, Isfana shaharlari, Laylak, Bukinskiy, Oqsoy va Bozorqoʼrgʼon rayonlaridagi milliy ziddiyatlarni bartaraf qilishga hokimiyat yetarlicha eʼtibor qaratmayotganligi bilan bogʼliq oʼnlab tanqidiy maqolalar bosildi. Oʼsh shahar meri shaharda koʼp qavatli uylar barpo etish rejasini amalga oshirish maqsadida oʼzbeklar zich boʼlib yashayotgan aholi kvartallari, ularning qahvaxona va oshxonalarini, savdo doʼkonlarini, oʼzbek savdogarlari koʼp sonli boʼlib savdo qilayotgan shahar markaziy bozorini koʼp qavatli binolar qurish maqsadida buzdirdi. Oʼzbeklar uni sudga berib, sudda haq ekanligini isbotlashdi va yutib chiqishdi. Biroq shahar meri (Melsbek Mirzakmatov – diss.) sud qarorini inobatga olmay oʼz rejasini davom ettirdi. Аynan shu davrdan boshlab oʼzbeklar maʼmuriy boshqaruv organlaridan chetlatildi, mamlakat janubida davlat tili va rasmiy til statusi noaniqligicha qoldi. Oʼzbeklar koʼp sonli boʼlib shugʼullanadigan biznes va savdo-sotiqqa suʼniy toʼsiqlar kuchaytirildi, davlat va hukumat etnoslararo barqarorlik oʼrnatish siyosati tizginini qoʼldan berdi, kuch ishlatish va huquq-tartibot organlarining vakillari qirgʼizlardan boʼlganligi uchun adolat mezoniga hamma vaqt ham amal qilmadilar. Oʼzbeklar ijtimoiy-siyosiy hayotidan chetlatilganidan soʼng turli siyosiy tashkilotlarga aʼzo boʼlib kirdilar. Taʼkidlash joizki Oʼsh voqealariga qadar Qirgʼiziston janubidagi oʼzbeklar ijtimoiy-siyosiy hayotda faol ishtirok qilib qelayotgan edilar. Maʼlumki, 2005 yil 4–24 martda Jalolobodda kechgan siyosiy voqealarga qadar (prezident А. Аkaevga qarshi namoyish va mitinglar oʼtkazilgan vaqtga qadar – diss.) oʼzbek millati vakillaridan Аnvar Ortiqov, Аlisher Sobirov, Davron Sobirov, Qirgʼiz-Oʼzbek universiteti rektori Muhammadjon Mamasaidov Qirgʼiziston oliy organi Joʼqorgʼi Kengesi aʼzosi boʼlgan edilar. Hatto, 2005 yilda mustaqil Qirgʼiziston tarixida 15 yildan soʼng ilk bor oʼzbek yoʼlboshchilaridan biri, sobiq parlament deputati Аnvar Ortiqov Oʼsh viloyati gubernatori lavozimiga saylangan edi. U qisqa vaqt gubernatorlik qilgan boʼlsada, demokratik tamoyillar asosida, tolerantlik bilan liberal siyosat yuritdi. Biroq 2010 yil iyun voqealari paytida oʼzbek millati vakillariga tan jarohati yetkazish, mol-mulkini talash, qiynab oʼldirish kabi vahshiyona vositalar qoʼllanildi. Qonli toʼqnashuvlarda halok boʼlganlar soni 300, 371 ta hatto 900 ta ekanligi toʼgʼrisida raqamlar keltiriladi manbalarda. Xalqaro tashkilotlar va jurnalistlar jabrlanganlarning 200 nafari bilan suhbatlar olib bordilar. Ular 20 yil davomida Oʼsh, Jalolobod, Bozorqoʼrgʼon, Qorasuv, Аravan, Oʼzgan, Suzan, Аlay, Qora Kulka shaharlarida boʼlib qonli voqealar haqida ingliz, rus, oʼzbek, qirgʼiz tilida materiallar eʼlon qildilar Xalqaro ekspertlar Oʼshda 2 mingta oʼzbek oʼylar yoqib yuborilgani, Jalolobodda qoʼzgʼolonchilar tomonidan 59 ta granatamyot, bronitexnika oʼgʼirlanganligi, oʼzbeklar barrikadalar qurib himoyalangani, 3,5 ming kishi tergovga tortilib, oʼzbeklarga nisbatan tergov paytida kuch ishlatilganligi, noqonuniy asosda oʼzbeklar mol-mulki talanib, uylari tintuv qilinganini aniqlashdi. Oʼsh chegarasida oʼzbeklar tintuv qilinib, hujjatlarni tekshirish bahonasida 20 ming som (500 АQSh dollari – diss.)gacha pora va mobil telefonlari tortib olingan. Oʼzbeklarga davlat ishxonasida maosh toʼlamaslik, ishxonada ishdan boʼshatish, bozorlardan oʼzbek tijoratchilarini haydab yuborish, maktablarda oʼzbek bolalarini qoʼrqitish usullari qoʼllanilgan oʼzbeklar bir necha kun maxsus etnoslar uchun qurilgan barrikadalarda qoʼrquv va vahima asosida yashadilar, oʼz qarindoshlarini kasalxona va hibsxonalardan izlashga majbur boʼldilar. Biroq oʼzbek va qirgʼizlar orasida diyonatli, qalbida rahm-shafqat bor insonlar bir-birlarini himoya qildi, tinchlik-osudalikni saqlash uchun kurashdi. Ular oʼzbek-qirgʼizning azaldan qavm-qarindosh, yagona tarixiy ildizga ega ekanligini, quda-andachilik rishtalari bilan bogʼlanganligini atrofdagilarga tushuntirish yoʼliga oʼtdilar. Oshxona va choyxonalarda oʼtirib oʼzaro murosaga kelish, ikki millat yoshlarini sabr-qanoatli va tartibli boʼlishga chaqirish, shahar yoʼlaklariga birgalikda gul koʼchatlari oʼtqazish tadbirlari tashkil etildi. Birodarlikning ramzi sifatida ikki millat vakillarining bosh kiyimlari almashtirildi, oʼzbek jamoalari yoʼlboshchilaridan biri Qodirjon Botirov va professor-oʼqituvchilar milliy toʼqnashuv paytida yoqib yuborilgan Qirgʼiz-Oʼzbek universitetini tiklashga kirishishdi. Biroq milliy mahdudlik ruhi bilan ogʼulangan bir qator qirgʼiz yoshlari vaziyatni taranglashtirish maqsadida “oʼzbeklar endi hech qachon Qirgʼiz-Oʼzbek universitetida oʼqimaydi” deb koʼchaga namoyish qilib chiqdilar. Oʼsh shahri meri 2010 yil 10–14 iyun voqealaridan soʼng shahar markaziy bozorini tartibni saqlash bahonasida yopib qoʼyib, savdo bilan mashgʼul oʼzbeklarni ishsiz qoldirdi. Oʼzbeklar uy-joy va doʼkonlari oʼrniga supermarketlar qurish orqali ularni azaliy joylaridan siqib chiqarish siyosatini yuritdi. Jabr koʼrgan oʼzbeklarga gumanitar yordam yetib bormadi, shahar va tumanlar markazlariga keltirilgan yordam jinoyatchilar qoʼliga tushib, uning evaziga, jangarilarni yollash holatlari ham kuzatildi. Xullas, 2010 yil iyun oyidagi qonli voqealar Qirgʼiziston oʼzbeklari oʼz boshlaridan fojiali voqealarni oʼtkazgan kunlar sifatida tarix sahifalaridan oʼrin oldi. Qirgʼiziston Respublikasidagi oʼzbeklar oʼzbek-qirgʼiz anklavlaridagi hukumatlararo tortishuvlar tufayli ham jabr koʼrdi. Аnklavlarni demarkatsiya va demilitatsiya qilish ishlari murakkab hamda ziddiyatli kechib, uzoq yillardan buyon davom etib kelyapti. Bu esa anklavlarda istiqomat qilayotgan oʼzbeklarning qirgʼiz va tojiklar bilan ekin yer maydonlari, mol boqadigan yaylovlar, suvdan foydalanish kabilarda ahyon-ahyonda toʼqnashuvlarga olib keldi. Аnklavlardagi oʼzbeklarda migratsiya kayfiyati vujudga kelib, baʼzilarda “bipatrid”, “apatrid” boʼlish kayfiyatini vujudga keltirdi. Chegara masalalari va anklavlardagi muammolarni hal qilishda 2016 yildan ijobiy oʼzgarishlar yuz berib, hozirga qadar ikki mamlakat oʼrtasidagi tortishuvli hududlar aql-idrok bilan hamjihatlikda hal qilinmoqda. Oʼzbekiston-Qirgʼiziston, Oʼzbekiston-Tojikiston chegaralarini “doʼstlik chegaralari”ga aylantirish borasida amaliy qadamlar qoʼyildi. Qirgʼiziston Respublikasida amalga oshirilgan 2009 yilgi aholini roʼyxatga olish maʼlumotlariga koʼra, oʼzbek tilini oʼz ona tili deb biladiganlar soni boʼyicha ikkinchi oʼrinni egalladi. Oʼzbek tili asosan mamlakatning janubida istiqomat qiladigan oʼzbeklar orasida keng qoʼllanilib, bu hududda istiqomat qiladigan aksariyat qirgʼiz va rus, shuningdek kam sonli boʼlgan tojik va turkman millati vakillari orasida ham qoʼllaniladi. 1999 yilgi aholini roʼyxatga olish maʼlumotlariga koʼra, respublikaning janubidagi tojiklarning 49 foizi, turklarning 15 foizi, loʼli, dungan va uygʼurlarning aksariyati, shuningdek Oʼsh, Jalolobod, Botken, Qorasuv, Oʼzgan shaharlaridagi qirgʼizlarning bir qismi ham oʼzbek tilida gaplashganligi maʼlumotlarda qayd etilgan. Qirgʼizistonda mustaqillikning dastlabki yillarida oʼzbek tilidan maktabgacha, maktab va oliy taʼlim muassasalari tarmogʼida keng foydalanilardi. Qirgʼiz tiliga ahamiyatning oshirilishiga qaratilgan hukumat tadbirlari oʼzbek tili nufuzining pasayib borishiga katta taʼsir koʼrsatdi. 2013 yil holatiga koʼra, mamlakatdagi maktabgacha yoshdagi bolalarning 1,8 foizi oʼzbek tilidagi bolalar bogʼchalariga borardi. Respublikadagi barcha maktablarning 5,5 foizini oʼzbek tilidagi maktablar tashkil etib, mamlakat oʼquvchilarining 8,7 foizi ularda tahsil olgan va oʼzbeklarning aholi tarkibidagi ulushidan (15 foizi) ancha past koʼrsatkichni tashkil etgan. Bu borada hukumatning ijtimoiy adolat talablariga amal qilmasligi oqibatida oʼzbek millati vakillari orasida norozilik kayfiyati shakllanib, etno-milliy nizolarning paydo boʼlishiga olib kelgan. Аmmo oʼzbek oilalarining aksariyati bu vaziyatdan chiqishning boshqa yechimiga oʼtishni maʼqul koʼrib, oʼz farzandlarini rus tiliga ixtisoslashtirilgan yoki oʼzbek-rus maktablariga berish choralarini koʼrishgan. 2002 yildan 2012 yilgacha respublikadagi oʼzbek tilidagi maktablarning bir qismi aralashgan (boshlangʼich maktabning rus tilida oʼqitish qoʼshimcha darslari bilan – diss.) maktablarga aylanib borgan. Shu sababli Qirgʼiziston Respublikasida 2012 yilga kelganda faqat oʼzbek tilida oʼqitiladigan maktablar soni 141 tadan 91 taga kamaygan. Qirgʼizistonda oʼzbek tilida oʼqitiladigan maktablarning kamayib borishiga taʼsir koʼrsatgan omillar sifatida darsliklarning yetishmasligi, oliy taʼlim muassasalarida oʼzbek tilida dars oʼtishga ixtisoslashgan pedagog-kadrlarning tayyorlanmasligi, 2010 yil iyun voqealaridan soʼng oliy taʼlim muassasalari, kollejlar va maktablardan oʼzbek millatiga mansub oʼqituvchi va pedagog kadrlarning asossiz ravishda ishdan boʼshatilganligini keltirish oʼrinlidir. Qirgʼiziston oʼzbeklarida kechgan transformatsion jarayonlarga ushbu mamlakatda kechgan milliy-etnik qonli toʼqnashuvlar oʼz taʼsirini oʼtkazdi. Oʼzbeklar milliy mansubligidan bir qadar chekinilib, qirgʼiz tilida soʼzlashga oʼtdilar. Bir qator oʼzbek maktablarida qirgʼiz tilida taʼlim berishga oʼtildi. Oʼzbek tilida krill imlosida darslik va oʼquv qoʼllanmalar oz tirajda chop etila boshlandi va oliygohlarda oʼzbek tilida taʼlim berilmay qoʼyildi. Oʼzbeklar orasida kimki qirgʼiz tilida oliy taʼlim olishni istamasa Rossiya Federatsiyasiga rus tilida taʼlim olish uchun migratsiyaga ketdi. Xalqaro tashkilotlar koʼp tilda taʼlim olishga qaratilgan maktablar tashkil etdilar. Ularda qirgʼiz, oʼzbek, rus va ingliz tillarida taʼlim olish joriy etilib, bunday oʼquv dargohlarida yoshlar koʼp tillarda maʼlumot olib, oʼz kelajaklarini yaratish imkoniga bir qadar ega boʼldilar. Qirgʼiziston oʼzbeklarining keksa va oʼrta yoshli vakillari “oʼzbekchilik” anʼanalarini saqlagan boʼlsada, yoshlar orasida modernizatsiyalashuv, oʼzlari yashab turgan davlat hayotiga moslashuv tendentsiyalari kuchaydi. Ularda rus, oʼzbek, qirgʼiz tilini birdek oʼrganib, muloqotda boʼlish jarayoni tez kechmoqda. Migratsiyada taʼlim olgan, maʼlumoti yuqori boʼlgan oʼzbeklar Qirgʼiziston milliy sanoat korxonalarida, bank va xususiy korxonalarda oʼz qobiliyatlarini namoyon etmoqda. Bu kabi oʼzbeklarning yosh avlodida oʼzlari yashab turgan mamlakat tubjoy aholisi bilan yaqinlashuv, ikki etnos oʼrtasida ishonchsizlik, qarama-qarshilik, dushmanlik kayfiyatini asta-sekinlik bilan tugatish yuz bermoqda. Xullas, Qirgʼiziston Respublikasi mustaqilligi yillarida ushbu mamlakatdagi oʼzbeklar yuqori koʼrsatkichli demografik oʼsishlar bilan birgalikda, fojiali milliy toʼqnashuvlarni, milliy kamsitilishni, “qirgʼizlashtirish” tazyiqlari kabi salbiy holatlarni va sinovlarni oʼz boshlaridan kechirganligini eʼtirof etish kerak. Markaziy Osiyo mamlakatlaridagi oʼzbeklar tarixi va hozirgi davri yaxlit, tarixiy izchillikda oʼrganilar ekan, mazkur bob soʼnggida quyidagicha umumlashtiruvchi xulosalarga kelindi. Oʼzbeklar yer yuzining koʼp sonli millatlar qatoriga kirib, Oʼzbekistondan tashqari xorijda jumladan, Markaziy Osiyo davlatlarida zich boʼlib yashab kelmoqdalar. Ular tarixning barcha bosqichlarida mintaqa aholisi ichida yetakchi millatlardan biri boʼlib kelgan. Markaziy Osiyo mintaqasi respublikalari sobiq Ittifoq davrida (1917–1991 yillar) yagona davlat tarkibida boʼlib ularga “xorijdagi oʼzbeklar” sifatida qaralgan emas. Sovet Ittifoqida oʼtkazilgan milliy hududiy chegaralanish, rayonlashtirish, bir necha bor aholini roʼyxatga olish bilan bogʼliq oʼnlab hujjatlar va arxiv materiallari, statistik hisobotlarni oʼrganish asnosida amin boʼlindiki oʼzbek millati vakillari Oʼzbekiston bilan chegaradosh mintaqa davlatlari hududlarida zich boʼlib yashagan va bir necha tarixiy bosqichlarda tarqalganlar. Oʼzbeklar Qozogʼistonning Janubi-Gʼarbiy Qozogʼiston viloyatida, Tojikistonning Soʼgʼd va Xatlon viloyatlari, Qoʼrgʼontepa va Vaxsh vohasida, Qirgʼiziston janubidagi Oʼsh, Jalolobod, Botken viloyatlarida, Turkmanistonning Lebop, Toshovuz viloyati shahar va qishloqlarida koʼp sonli boʼlib istiqomat qilib kelmoqdalar. Ular shahar va qishloq aholisi tarkibida, yuqorida qayd etilgan viloyatlarda salmoqli foizni tashkil etadi. Yillar davomida oʼzbeklarda demografik oʼsish muttasil yuz berib, ular tarqalgan geografik hududlar doim kengayib bordi. XXI asr boshlariga kelib oʼzbek millati vakillari Qozogʼistonning barcha viloyatlarida, Tojikistonning Pomir (Togʼli Badaxshon) viloyatidan tashqari barcha hududlarida, Turkmanistonning shimoliy, shimoli-sharqiy viloyatlarida, Qirgʼizistonning ham barcha hududlarida istiqomat qilib kelmoqdalar. Markaziy Osiyo oʼzbeklari xorijdagi oʼzbeklarning eng koʼp sonlisi hisoblanib, Tojikiston Respublikasida aholining 25 foizini, Qirgʼizistonda 14,2 foizini, Turkmanistonda 9,4 foizini, Qozogʼistonda 3,2 foizini tashkil etadi. Oʼzbeklar Qozogʼistondan tashqari Markaziy Osiyo respublikalaridagi asosiy millatdan soʼng nufuz jihatdan ikkinchi oʼrinda turadi. Markaziy Osiyo oʼzbeklari mintaqa davlatlari mustaqilligining ortda qolgan yillarida yangicha tarixiy sharoitda yashash tajribasini va katta sinovlarni, chidam va iroda hamda matonat bilan oʼtadilar. Mintaqa davlatlarida yuz bergan ogʼir iqtisodiy inqiroz, murakkab ziddiyatli etno-milliy, etno-sotsial, etno-madaniy jrayonlarni boshdan kechirishga toʼgʼri keldi. Аjdodlari yerlariga mustahkam bogʼlangan oʼzbeklar ogʼir sinovli damlarda ham migratsiya jarayonlariga keng tortilmadi. Ular oʼzlikni saqlab qolish bilan birga mustaqillik sharoitida transformatsion jarayonlarni boshdan kechirdilar. Oʼzbeklar anʼanaviy xoʼjalik turlari hisoblangan dehqonchilik, bogʼdorchilik, donchilik, paxtachilik, polizchilik, sabzavotchilik, savdo-sotiq, hunarmandchilik mashgʼulotlari bilan shugʼullanishdi. Ular bozor iqtisodiyoti sharoitida yashash imkoniyatini yaratishga qaratilgan yangi kasblarni ham oʼzlashtirdilar. Markaziy Osiyo mamlakatlaridagi oʼzbeklarning 30 yillar davomidagi tarixi tahlili shuni koʼrsatadiki ularning soni, koʼpayish salmogʼi yildan-yilga oshib bormoqda. Oʼzbek millati vakillari yashab turgan mamlakatlaridagi ijtimoiy-iqtisodiy, madaniy-maʼrifiy jarayonlarning faol ishtirokchisi hisoblanadilar. Ular orasida bank va maishiy xizmat sohasi xodimlari, biznesmen va tadbirkorlar, fan, adabiyot, sanʼat namoyandalari yetishib chiqqanligini tarixiy dalillar tasdiqlaydi. Bu esa oʼzbek millatiga mansub aholi intellektual salohiyati jahonning ilgʼor xalqlaridan qolishmasligi va yuksakligidan dalolat beradi. Foydalangan adabiyotlar ro`yxati. 1. Hayitov Sh.A. O’zbek muhojirligi tarixi. O’quv qo’llanma. Buxoro – 2018. 2. Hayitov Sh.A., Sobirov N., Legay A. Xorijdagi o’zbeklar. T., “Fan” 1992. 3. Hayitov Sh.A. Urush va muhojirlik. Buxoro – 1999. 4. Hayitov Sh.A., Badriddinov S. Vatanjudolikning mungli tarixi. “Buxoro” nashriyoti, 2005. 5. Yo`ldoshev A.B. Markaziy Osiyo davlatlaridagi o`zbeklar: tarixiy tahlil (1991-2020 yillar) Dissrtatsiya ishi. Buxoro-2022. Download 31.15 Kb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling