2-amaliy savol va topshiriqlar
Download 67.5 Kb.
|
XOI
2-AMALIY SAVOL VA TOPSHIRIQLARSavol va topshiriqlar: 1. Folklor haqida nimalarni bilasiz? 2. Xalq ijodi qanday turlarga bo`linadi? 3. Xalq og`zaki ijodi qanday xususiyatlarga ega? 4. Xalq og'zaki ijodini о ‘rganishning bolalar tarbiyasiga ta’sirini sharhlab bering. Folklor – millatning boqiy tarixi 1. – Folklor barcha sanʼatning boshlanishi, sarchashmasi, shu sababli ham boshqa koʻpgina sanʼatlar bilan uygʻunlikka ega, shuning bilan birga hech biriga oʻxshamagan oʻziga xosligi bilan ajralib turuvchi alohida sanʼat turidir. Bu soha oʻz ichiga musiqa, raqs, hunarmandchilik, tasviriy, badiiy va boshqa sanʼatlar bilan bogʻliq tasavvurlarni qamrab oladi. Boshqacha aytsak, ogʻzaki ijod xalqning oʻtmishi, buguni va kelajagini oʻzida ifoda etuvchi, uning taqdiri bilan chambarchas bogʻliq ijodiy jarayondir. Shuning uchun ham allomalarimiz uni el adabiyoti deb atagan. Biror bir xalqning qanday xalq ekanligini bilish uchun dastavval uning folkloriga nazar solish lozim boʻladi. Xalq ijodi bu chinakam maʼnodagi doimiy oʻzgarish, doimiy harakatdagi sanʼatdir. Yaʼni, xalq ijodi namunalari har galgi ijroda anʼanalarning davomiyligini saqlagan holda muttasil yangilanib, oʻzgarib, mukammallashib boraveradi. Shuning uchun ham xalq ijodi namunalari koʻplab variantlilikka ega. Ana shu variantlilik xalq ogʻzaki ijodining oʻziga xosligini taʼminlab beruvchi eng muhim jihatlardan biridir. Xalq ogʻzaki ijodi namunasi bor-yoʻgʻi ogʻzaki ijro etilgani uchungina emas, balki ogʻzaki oʻzlashtirilib, ogʻzaki ijro etilib, ogʻzaki tarzda meros qoldirilishi, boshqacha aytganda, har galgi ijro jarayonida qayta yaralishi bilan farqlanib turadi. Folklorshunos olimlar taʼkidlaganidek folklorda qoʻshiq yoʻq, balki qoʻshiqning ijro holati, ijro jarayoni mavjud. Bu fikrni xalq ijodining boshqa janrlariga ham tadbiq etish mumkin. Gʻurur bilan aytishimiz mumkinki, bizda dunyo folklori namunalari bilan bemalol bellasha oladigan doston, ertak, maqol-matal, qoʻshiq, afsona va rivoyatlarimiz bor. Bugungi kungacha yozib olingan dostonlar sonining oʻzi 400 tadan oshib ketadi. Boshqa janr namunalari variantlari esa koʻplab jildlarni tashkil etadi. Bu rostakamiga chinakam ulkan xazinadir. Bunday bebaho meros hamma xalqqa ham nasib etgan emas. Shunday ulkan ogʻzaki merosga ega xalqning yozma adabiyoti qanday boʻlishini tasavvur qilavering. Har qanday sanʼatning boshi folklorda degan gap bugun paydo boʻlgan emas. U uzoq yillik hayotiy kuzatish, ilmiy tajribaning hosilasi. Haqiqatdan ham tasviriy, hunarmandchilik, musiqa, raqs, badiiy va hokazo sanʼatlarning avvali-boshi, yuzaga kelishi bevosita xalq ogʻzaki ijodiga, xalqning ilk tasavvur va ishonchlariga borib taqaladi. Folklorning yozma adabiyotga taʼsiri masalalari Alisher Navoiy zamonida qanday dolzarb ahamiyatga ega boʻlsa, bugun ham xuddi shunday. Alisher Navoiyning barcha asarlarida biz folklorga ijodiy yondoshuvni, milliylikka suyanib, umumbashariy qadriyatlar ulugʻlanganini kuzatamiz. Bu anʼana Navoiy, Bobur zamonidan soʻng Abdulla Qodiriydan to bugungi kunda ijod etayotgan adiblarimizgacha, Choʻlpondan to zamonamiz shoirlarining izlanishlarida ham u yoki bu darajada davom etayapti. Faqat bizda emas, dunyo adabiyotida ham shu hol kuzatilmoqda. Aytish mumkinki, soʻnggi yuz yillikda adabiyotda folklorga qayta yuzlanish davri boshlandi. Joys, Borxes, Markes, Kafka, Kavabata kabi adiblar ijodi buning misolidir. XXI asrda dunyo miflariga qaytadan murojaat, yangicha talqin qilish davri, neomifologizm davri boshlandi. Folklor har bir ijodkorga oʻz yoʻli, uslubi, oʻzligini, oʻq tomir ildizini topishga yordam beradi. Lotin Amerikalik ulugʻ adiblardan biri Xorxe Luis Borxes: “Adabiyot mif bilan boshlanib, mif bilan tugaydi”, – deydi. Buni boshqacharoq qilib aytadigan boʻlsak, har qanday sanʼat, jumladan, badiiy soʻz sanʼati ham folklor bilan boshlanib, folklor bilan birga taraqqiy etadi. – Bilasizmi, men folklorning muazzam janri boʻlmish eposni millat tarixining zerikarli raqamlardan xoli boʻlgan, qiziqarli va zavqli tarixiga oʻxshataman. Baʼzi holatlarda epos millat adabiyoti uchun oʻq ildizlik vazifasini bajaradi. Homerning “Iliada”si, Firdavsiyning “Shohnoma”si, Shota Rustavelining “Yoʻlbars terisini yopingan pahlavon”i, hindlarning “Maxabxorat” hamda “Ramayana” eposlarini shu toifaga mansub, deyish mumkin. Bu muazzam asarlar oʻzi mansub millatning tarixidan tortib kelajak orzularigacha qamrab olgan. Ayting-chi, davrimizning muhim mavzularidan boʻlgan milliy qadriyatlarni asrash borasida eposga qanchalik suyanish mumkin?
Birgina “Alpomish” dostonini olib qaraylik. Mazkur doston nafaqat oʻzbek, balki dunyo dostonchiligida alohida mavqega ega, tarixiy asoslari qadimiy, badiiy jihatdan yuksak epik ijod namunasi hisoblanadi. Bu doston koʻp va xoʻp oʻrganildi. Biroq hali bu dostonning jahon folklorshunosligidagi oʻrni, mifologik asoslari, badiiy qatlamlari takror va takror oʻrganilishni talab etadi. Dostonning boshlamasidagi ilk jumlaga eʼtibor beraylik. Doston: “Burungi oʻtgan zamonda, oʻn olti urugʻ Qoʻngʻirot elida Dobonbiy degan oʻtdi. Dobonbiydan Alpinbiy degan oʻgʻil farzand paydo boʻldi. Alpinbiydan tagʻi ikki oʻgʻil paydo boʻldi: kattakonining otini Boyboʻri qoʻydi, kichkinasining otini Boysari qoʻydi. Boyboʻri bilan Boysari – ikkovi katta boʻldi. Boysari boy edi, Boyboʻri esa shoy edi, bul ikkovi ham farzandsiz boʻldi”. – deb boshlanadi. “Burungi oʻtgan zamon” bu mifologik tushunchaga koʻra ibtidoning boshlanishi, xaosning kosmosga aylanishidir. Shuning uchun ertaklarimiz ham “Bir bor ekan, bir yoʻq ekan, burun oʻtgan zamonda”, deb boshlanadi. Siz aytganday, bu har qanday millatning raqamlardan xoli, sof, badiiy tarixidir. Gap bu yerda noreallik, hayotiy asosga ega boʻlmagan badiiy toʻqima haqida ketmayapti. Balki yarmi afsona, yarmi haqiqat, mifologik qobiqqa oʻralgan oʻtmish, tarix haqida hikoya qilayapti. Ertakdan farqli oʻlaroq dostonni ijro etuvchi baxshi ham, tinglovchi ham undagi voqealar chin haqiqat ekaniga ishonadi. Qolaversa, doston ajdodlarning muqaddas xotirasi, shonli tarixi haqida. Bu shonli voqealar bir necha avlodlar tomonidan kuylanib kelingan, avlodlarga yetkazilgan va ijro etilayotgan zamonda ham davom etmoqda. “Oʻn olti urugʻ Qoʻngʻirot eli” yuqoridagi oʻtmish tarixiga yanada hayotiylik bagʻishlaydi. Bu tarix maʼlum bir urugʻ, ayni bir paytda butun boshli elat oʻtmishi bilan aloqador ekanini urgʻulamoqda. “Dobonbiy” soʻzi dovon, yuksaklik maʼnosida keladi. Bu ism shunchaki tanlanmagan. Hayotda katta ishlarni amalga oshirgan, yuksak marralarga erishgan qahramonning ramziy timsoliy obrazidir. Dostonda bu obraz chizgilari goʻyo mukammal emasdek, doston boshlamasida eslanib, keyin unutilib ketadigan ismdek tuyuladi. Biroq, bu obrazga keyingi jumlalar, keyingi voqealar oydinlik kiritadi. Alpinbiydek Alpning dunyoga kelishi oʻz-oʻzidan boʻlmagan. Unga Dobonbiy chekkan zahmat, erishgan donishmandlik sabab boʻlgan. Boyboʻri bilan Boysari ismlaridagi “Boy” old qoʻshimchasi ularning shajarasi kimlardan ekanini koʻrsatib turibdi. Biroq eʼtibor qilsak, Dobonbiy, Alpinbiy sanalib, keyin ikki juft ism sanalayapti. Bu bejizgami? Folklorda egizaklar tushunchasi mavjud. Har ikkala ism ana shu egizaklar haqidagi tushunchaning maʼlum darajadagi badiiy talqinidir. Odatda egizaklar haqidagi mifologik tasavvurda egizaklarning biri katta, ikkinchisi kichik boʻladi. Ona urugʻchilik bilan bogʻliq tasavvurlar ustivor qonuniyat kashf etilayotgan davrda urgʻu koʻproq kenjaga berilib, koʻp holatlarda bevosita ona bilan bogʻlanadi. “Kenja botir”, “Uchinchi oʻgʻil” kabi ertaklar, “Alibek bilan Bolibek” dostonlari buning yorqin misolidir. Faqat bu yerda urgʻu Boysariga emas, aksincha Boyboʻriga qaratilgan. Alpomishning ham Boyboʻrining farzandi ekani bejizga emas. Demak, bu dostonda ota urugʻchilik bilan bogʻliq tasavvurlar boʻy koʻrsata boshlaganidan dalolat beradi. Biroq dostonning boshqa, jumladan, Barchin, Qaldirgʻoch, Surxayil kampir, Tovka oyim obrazlari talqini shuni koʻrsatadiki, dostonda ona urugʻchiligi bilan bogʻliq tasavvurlar ham hali barqaror turibdi. Alp – qahramon tugʻilishidan oldin ota-onasining farzandsizligi aslida ramziy maʼnoga ega boʻlib, gap bu yerda saltanatni mustahkamlaydigan, parokanda elni yana birlashtiradigan yangi avlod – Alpning tugʻilishi haqidadir. “Alpomish” dostonida millatning boʻlinishi, parokandaligi Boysarining qalmoq eliga koʻchishi orqali ifodalanadi. Zero, turkiy xalqlar tarixning maʼlum bir davrlarida ulkan saltanat, hokimiyat va cheksiz hukmronlikka ega boʻlgan. Oʻzaro boʻlinishlar, urushlar va boshqa sabablar tufayli bu buyuk saltanatga putur yetgan. Soʻngra xalqni, millatni birlashtira olgan Alpomishga oʻxshash yangi avlod – Alplar tugʻilib, turkiy xalqlarning tarix sahnasidagi oldingi yuksak mavqeyi yana qoʻlga kiritilgan. Xuddi shu voqealarning badiiy ifodasi “Alpomish”ning asl mohiyatini tashkil etadi. Eʼtibor qilsak, “Alpomish”da Alpinbiydan qolgan, koʻlda zang bosib yotgan kamonni faqat Hakimbek ota oladi. Alplik kamonining koʻlda zang bosib yotishi undan oldingi avlod oʻz vazifasini oxirigacha bajara olmaganidan dalolat beradi. Bunday vazifani yangi avlod – Alplargina oxiriga yetkazadi. Epik ijoddagi alplik tizimiga turlicha yondoshuv mavjud. Xorijlik olimlar Lord Raglen, Karl Rayxl, Ojal Oʻgʻzular oʻz tadqiqotlarida “Qahramonlik qolipi”, oʻzbek folklorshunoslari esa “alplik tizimi” degan atamani ishlatadi. Yaʼni folklordagi qahramon shunchaki qahramon emas, balki uning jasorati, mardligi, qahramonligini boʻrttirib turadigan jihatlar mavjud. Bu jihatlar dostonlarda epik qolip shaklida keladi. Yaʼni qahramonlar maʼlum bir tizimga amal qilishadi. Bunday misollarni yana koʻplab keltirish mumkin. Dostonning ilk jumlasidayoq ajdodlarimizning shonli oʻtmishi bilan bogʻliq tasavvurlar mustahkam oʻrin olgan. Demak, mazkur holat dostonning mifologik qatlami, yuzaga kelish davriga ham maʼlum darajada aniqliklar kiritadi. Boshqacha aytadigan boʻlsak, xalqning koʻp ming yillik tarixi, tafakkur tarzi haqida juda boy va qimmatli maʼlumotlar beradi. Savolning ikkinchi qismiga kelsak, biz bugun milliy qadriyatlarimizni, anʼanalarimizni xalq ogʻzaki ijodisiz tasavvur eta olmaymiz. Folklor milliy anʼanalarimizning oʻzagini tashkil etadi. Bu anʼana va qadriyatlar birinchi navbatda ogʻzaki ijodda kuylanib, ulugʻlanib kelingan. Faktlarga murojaat qilaylik: hech bir eposda xalqimizning maishiy hayoti, milliy qadriyat va urf-odatlari “Alpomish” dostonichalik keng koʻlamda oʻzining badiiy ifodasini topmagan. Farzandning tugʻilishidan oldin ovga chiqmoq, suyunchi olmoq, farzandning tugʻilishi, farzandga ism qoʻymoq, etagiga solmoq, beshik toʻy, toʻy maslahati, jarchi qoʻymoq, chufurron toʻy, toʻyona bermoq, atashtirib beshikkerti qilmoq, ikkinchi ism qoʻymoq, atashtirib roʻmol oʻramoq, qalliqqa bormoq, sovchi qoʻymoq, shartlashish (kurash, koʻpkari, poyga) kuyov navkar, toʻqqiz tovoq, kuyov tovoq, oʻtni aylanmoq, qiz yashirdi, vakil ota, vakilini bermoq, chimildiq tutmoq, it irillar, oyna koʻrsatar, soch siypatar, qoʻl ushlatar, kuyov uloq, yuz ochdi, baqan tashlamoq, solim bermoq, oʻlan aytmoq, yor-yor, kelin salom kabi turli xil odat va marosimlarning “Alpomish” eposidan joy olishi muhim ahamiyatga ega. Bu mavzu alohida tadqiqotni talab etadi. Shuni aytib oʻtish kerakki, eposda marosim hech qachon batafsil tasvirlanmaydi, balki uning muhim nuqtalari oʻz aksini topgan boʻladi. Eng eʼtiborli jihati, marosim epos tizimida syujetni yuzaga keltirib, epik xarakter kasb etadi. “Alpomish” dostonidagi Hakimbekka ikkinchi ism berilishi bilan bogʻliq halqa olib tashlansa, doston mazmuniga jiddiy putur yetadi. Demak, marosim, milliy qadriyat va urf-odatlar maʼlum maʼnoda epos syujet halqasining yuzaga kelishiga zamin boʻlishi bilan birga bevosita estetik funksiya bajarib keladi. Jeyms Joys yarmi hazil, yarmi chin aralash mabodo Dublin shahri yer yuzidan yoʻqolib ketsa, mening “Uliss” romanimga qarab uni qayta tiklash mumkin, degan gapni aytgan. Xuddi shunday bizda qadimiy urf-odat va aʼanalarimizning unutilgan uzvlarini “Alpomish”ga oʻxshash epos matniga qarab tiklab olish imkoniyati mavjud. Bunday misollarni yana koʻplab keltirishimiz mumkin. Navroʻz bayrami xalqimiz hayotida nechogʻlik muhim oʻrin tutishini oʻzingiz yaxshi bilasiz. Mamlakatimiz mustaqillikka erishgandan keyin bu bayram tamomila yangicha mazmun va mohiyat kasb etdi. Har gal uni nishonlaganimizda qadimda unut boʻlgan qaysidir uzvi qayta tiklanib, yangicha talqin etilganiga guvoh boʻlamiz. Ana shu uzvlarning qayta tiklanishiga xalq ijodi namunalari – doston, ertak, qoʻshiq, maqol-matallar, xalq oʻyinlari asos boʻlayotganligi hech kimga sir emas. – Xalq dostonlari bir qarashda insonning insonga muhabbatidan oʻsib chiqqandek tuyulsa-da, uning zamirida daho ijodkorning oʻz xalqiga yoki xalqning oʻz qadriyatlariga boʻlgan sadoqati, hurmati mujassam. Zamon evrilishlari, insonlarning fikrlash tarzidagi oʻzgarishlar xalq dostonlariga taʼsir koʻrsatishi mumkinmi? – Toʻgʻri aytasiz, xalq dostonlari eng avvalo oila totuvligi, ishq-muhabbat, yorga sadoqat, shaxs tarbiyasi, yurtga muhabbat haqidadir. Dostonlarda ishq-muhabbat, insoniy munosabatlar, oila mavzui muhim oʻrin tutadi. “Alpomish” dostonida bir oila tarixi asosida butun bir urugʻning, millatning tarixi hikoya qilinadi. Turli xil sabablar tufayli parchalanib ketgan millat ogʻir sinovlardan soʻng yana qayta birlashishi, oila baxti, millatning, yurtning or-nomusi, shonu shavkati uchun kurash qahramonlik eposining bosh gʻoyasini tashkil etadi. Maʼlumki, shoʻro tuzumi davrida bizga Sharqda hamisha ayollarni tutqunlikda saqlab kelishgan, ularning oilada ham, jamiyatda ham hech qanday oʻrni boʻlmagan va hokazo deya uqtirib kelishdi. Arxeologik topilmalar, qadimgi bitiklar, xalq dostonlari esa buning aksini urgʻulaydi. Yevropada etrusklar madaniyati ustida ish olib borgan olimlar qiziq bir faktga duch kelishadi. Hali Gʻarbda demokratiya degan tushuncha boʻlmagan, ayollar hech qanday huquqqa ega boʻlmay, uyda erlarining quli boʻlib turgan bir paytda, gʻarbliklar nazdida Yevropaga begona va yovvoyi xalq deb hisoblangan etrusklarning saroylaridagi koʻplab qadimiy devorlarda yuksak mavqega ega boʻlgan ayol suratlari tasvirlangan. Bu suratlarni tahlil qilgan arxeolog va tarixchilar etrusk madaniyatida ayolning oʻrni oilada ham, jamiyatda ham erkaklar bilan baravar boʻlgan, koʻpgina davlat ishlarini bevosita ayollar boshqargan degan xulosaga kelishgan. Garchand bahsli boʻlsada, etrusklarning kelib chiqishini, Yevropaga borib qolishini turkiy xalqlar tarixi bilan bogʻlashadi. Yurtimizda topilgan arxeologik topilmalarda ham aynan ayol tasvirlangan sanamlar koʻplab uchraydi. Xalqimizning kuy-qoʻshigʻi, maqol-matali, alqovida ayol nechogʻlik ulugʻlanganini kim bilmaydi deysiz? “Alpomish” dostonining bir oʻrnida Barchin: – Xotin boʻlmasmikan erning vaziri, – deydi. Bir qarashda baxshining shunchaki badihagoʻyligidek koʻringan ushbu bir misra, xalqimizning tafakkuridagi evrilishlarga oydinlik kiritadi. Qadimgi bitiklarda ham “xotun” soʻziga alohida urgʻu beriladi, hurmat va izzat bilan tilga olinadi: “Otam Hoqon oʻlganda, inim Kultegin yetti yoshida Umayday onam xotun baxtiga, inim Kultegin er degan nom topdi” yoxud “Otam Eltarish hoqonni, onam El bilga xotunni Tangri oʻz martabasida tutib, yuqori koʻtargan ekan”, deyiladi Kultegin bitigida. Eʼtibor qilsak, bitikda ham, dostonlarimizda ham ona (ayol) va xotun soʻzlari yonma-yon qoʻllaniladi. Xotun soʻzi turkiy xalqlar eposida bir titul, bir unvon maʼnosida keladiki, shuning uchun u hamisha “alp”, “bek”, “xon”, “toʻra” kabi soʻzlar bilan baravar qoʻllaniladi. Bu esa “xotun” oddiy bir kalima emas, yuksak bir unvon, ulkan martabani ifodalashidan darak beradi. Xalq dostonlari asrlar davomida avloddan-avlodlarga meros qolib kelayotgan sanʼat. Uning qat-qatida ibtidoiy davrlar bilan bir qatorda, animistik, shomonlik, islom madaniyati va shuning bilan bir qatorda doston ijro etilayotgan davrdagi tasavvurlar ham qorishiq holda kelishini kuzatamiz. Dostonlarimiz shu darajada serqatlamki, unda tarixning istagan bir davriga oid u yoki bu maʼlumotlarga duch kelasiz. Siz aytganingizday zamon evrilishlari, xalqimizning tafakkur tarzidagi oʻzgarishlar bosqichma-bosqich, betakror metafora va timsollarda oʻzining badiiy ifodasini topganligini koʻrishimiz mumkin. Download 67.5 Kb. Do'stlaringiz bilan baham: |
ma'muriyatiga murojaat qiling