5 маъруза JISMONIY SHAXSLAR DAROMADLARIDAN OLINADIGAN SOLIQ
Reja:
1. Jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘ining mohiyati, soliq to‘lovchilar, soliq ob‘ekti va bazasi.
2. Jismoniy shaxslarning jami yillik daromadlari tarkibi.
3. Jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i stavkalari.
4. Jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i bo‘yicha imtiyozlar.
5. Chet ellik jismoniy shaxslarning daromadiga soliq solishning xususiyatlari.
6. Soliqni hisoblab chiqarish tartibi.
7. Hisob-kitoblarni taqdim etish va soliqni to‘lash tartibi.
8. Jismoniy shaxslar daromad solig'ini hisoblash uslubiyatini takomillashtirishda ilg'or xorij tajribalaridan foydalanish yo'llari.
Tayanch so`z va iboralar:
Jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘ining mohiyati, soliq to‘lovchilar, soliq ob‘ekti va bazasi, Soliqni hisoblab chiqarish tartibi.
Jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘ining mohiyati, soliq to‘lovchilar, soliq ob‘ekti va bazasi.
Ma‘lumki, soliq qonunchiligida soliqqa tortish maqsadida soliq to‘lovchilar ikkiga bo‘lingan, ya‘ni yuridik va jismoniy shaxslarga. Jismoniy shaxslarga – yuridik shaxs maqomini olmagan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari, ajnabiy fuqarolar va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar kiradi.
Jismoniy shaxslar to‘layotgan soliqlar ichida budjet tushumlaridan salmoqli o‘rinni egallaydigan soliq bu – jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘idir. Jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i – davlat budjeti daromad manbalaridan biri bo‘lib, u umumdavlat soliqlari tarkibiga kiradi. Uning o‘ziga xos xususiyati shundaki, soliq jismoniy shaxslarning bevosita daromadlaridan olinadi. Bugungi kunda jismoniy shaxslar to‘layotgan soliqlar va yig‘imlar budjet daromadlarining qariyib 15-20 foizini tashkil etmoqda. Jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i 1991 yilda budjet tushumlarining 6,7 foizini tashkil etgan bo‘lsa, 2009 yilda 13,1 foizni tashkil etgan. 2017 yilgi davlat budjeti parametrlari bo‘yicha ushbu soliq davlat budjeti daromadlarining 10,1 foizini, to‘g‘ri soliqlar ichida esa 42 foizini tashkil etishi rejalashtirilgan.
Bu ko‘rsatkichlar jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘ini budjet daromadlari tarkibida ahamiyatli ekanligidan darak beradi. Soliq kodeksiga ko‘ra moliya yilida soliq solinadigan daromadga ega bo‘lgan jismoniy shaxslar jismoniy shaxslar daromadiga solinadigan soliqni to‘lovchilar hisoblanadi. Soliq solish maqsadida jismoniy shaxslar rezidentlar va norezidentlarga bo‘linadi. O‘zbekiston Respublikasida doimiy yashab turgan yoki moliya yilida boshlanadigan yoxud tugaydigan o‘n ikki oygacha bo‘lgan istalgan davr mobaynida 183 kun yoki undan ko‘proq muddatda O‘zbekistonda turgan jismoniy shaxs O‘zbekiston Respublikasining rezidenti deb qaraladi.
O‘zbekiston Respublikasining rezidenti bo‘lgan jismoniy shaxslarga ularning O‘zbekiston Respublikasidagi, shuningdek undan tashqaridagi faoliyati manbalaridan olingan daromadlari bo‘yicha soliq solinadi.
O‘zbekiston Respublikasining rezidenti bo‘lmagan jismoniy shaxslarga O‘zbekiston Respublikasi hududidagi manbalardan olingan daromadlar bo‘yicha soliq solinadi.
Jismoniy shaxslarning jami yillik daromadi soliq solish ob‘ekti hisoblanadi. Soliqqa tortiladigan baza bo‘lib, jismoniy shaxslarning jami daromadidan soliq qonunchiligiga ko‘ra belgilangan chegirmalarni ayirib tashlagandan keyingi qoldiq summa hisoblanadi.
O‘zbekiston Respublikasidan tashqarida to‘langan, O‘zbekiston Respublikasining rezidentlari bo‘lgan jismoniy shaxslarning daromad solig‘i summalari O‘zbekiston Respublikasida soliqni to‘lashda O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalariga muvofiq hisobga olinadi.
Hisobga olinadigan summalarning miqdori jismoniy shaxslarning O‘zbekiston Respublikasida amal qilayotgan stavkalar bo‘yicha hisoblab chiqarilgan daromad solig‘i summasidan oshmasligi lozim.
Do'stlaringiz bilan baham: |