Grammatik va leksik ma’no munosabati. Bolalar qiziqarli kitobni o‘qiydilar gapini olaylik. Aytilganidek, mustaqil so‘z o‘zida bir vaqtda leksika va grammatikani birlashtiradi. (Bolalar) so‘zida ikki xil ma’no anglashilib turadi:
a) lug‘aviy ma’no («odam jinsiga mansub bo‘lgan, yosh jihatdan voyaga yetmagan shaxs yoki voyaga yetgan kishining farzandi, avlodi»);
b) turdosh ot, ko‘plik son, bosh kelishik, ega vazifasida. Bu so‘z leksik va grammatik ma’noni o‘zida mujassamlashtirgan. Shuning uchun so‘zlar grammatik va leksik birlik sifatida so‘z turkumlariga guruhlanadi. Bunda guruhlash, avvalo, leksik asosda, ya’ni ularning lug‘aviy ma’nosiga asoslangan holda amalga oshiriladi, guruhlashning yuqori bosqichida u grammatik xarakter kasb etadi. Masalan, [o‘qituvchi], [doktor], [ishchi], [injener] otlari bir butun holda «kasb oti» lug‘aviy guruhini tashkil etadi va birlashish leksik asosda. Chunki bu so‘zlar boshqa guruh otlaridan farqli o‘ziga xos, qandaydir ayricha grammatik xususiyatga ega emas. Lekin bu otlarning boshqa tur otlari bilan birlashib hosil qilgan katta guruhi, deylik, turdosh otlar atoqli otlardan farqli grammatik xususiyatga ega. Masalan, turdosh ot birlik va ko‘plikda qo‘llanadi, atoqli ot esa asosan birlikda qo‘llanadi. Shuning uchun otning atoqli va turdosh otga ajratilishi grammatik ahamiyatga ega. Deylik, narsa-buyum otlari va o‘simlik oti orasida grammatik farqlar bo‘lmaganligi sababli bu bo‘linish leksik tabiatli. Chunki bu ikki guruhga kiruvchi so‘zlar turlanish, son, tuslanish va boshqa grammatik omilga bir xil munosabatda.
Grammatik ma’no tarkibi. Grammatik ma’no tarkibi murakkab. Masalan, son kategoriyasining UGMsi predmetning miqdoriy va sifatiy tavsifini berishdan iborat, bu umumiy kategorial ma’no son kategoriyasining [0] shaklida «miqdoriy aniqlik–noaniqlik va sifatiy bo‘linmaslik», [-lar] shaklida “miqdoriy noaniq ko‘plik va sifatiy bo‘linuvchan va bo‘linmaslik” kabi har bir shaklga ixtisoslashgan ko‘rinishga ega bo‘lib, ularni sifat va miqdor kabi turga ajratish mumkin. Son kategoriyasining nomidan ma’lumki, u miqdor ifodalashga ixtisoslashgan morfologik hodisa. Shuningdek, uning UGMsida “noaniq”, “aniq”, “sifat”, “bo‘linuvchan”, “bo‘linmas” kabi unsurlar kategoriya markazidagi “miqdor” unsuriga bevosita daxldor emas. Biroq “bevosita daxldor emaslik”ni u UGMdan tashqari deb tushunmaslik kerak. Chunki, deylik, [-lar] shakli miqdor (ya’ni ko‘plik) ifodalar ekan, u bir paytning o‘zida o‘z-o‘zidan yuqorida zikr etilgan “bo‘linuvchanlik–bo‘linmaslik”, “noaniq” kabi belgilarini ham ifodalaydi.
Do'stlaringiz bilan baham: |