2-Ma’ruza: O‘zbek tili derivatsiyasi va so‘z yasalishi


Yasama so‘z taraqqiyotida ixtisoslashish, soddalashish, tublashish hodisalari. So‘z turkumlarining ko‘chishi


Download 169.29 Kb.
bet3/4
Sana17.06.2023
Hajmi169.29 Kb.
#1540764
1   2   3   4
Bog'liq
2-Ma`ruza

Yasama so‘z taraqqiyotida ixtisoslashish, soddalashish, tublashish hodisalari. So‘z turkumlarining ko‘chishi.
Reja:
1. Yasama so‘zning leksemalashuvi.
2. So‘z turkumining ko‘chishi – transpozitsiya hodisasi haqida.
3. Mustaqil so‘z orasidagi o‘zaro munosabat.
4. Transpozitsiya hodisasining so‘z turkumlarida kuzatilishi.
Tayanch tushunchalar: yasama so‘z, ixtisoslashgan leksema, soddalashgan leksema, tublashgan leksema, leksema, transpozitsiya, atash semasi, gibrid so‘z, mustaqil so‘z.
Yasama so‘zlar lisoniy ham, sof nutqiy ham bo‘lishi mumkin. Misol sifatida quyidagi so‘zlarga murojaat qilamiz. Paxtakor, ishchi, kitobchi, aqlli, daftarchi, sharsimon, uysimon. Bu so‘zlarni ikki guruhga bo‘lamiz:

  1. [paxtakor], [ishchi], [aqlli], [sharsimon];

  2. (kitobchi), (daftarchi), (uysimon).

Har ikkala guruh so‘zi ham yasama so‘z hisoblanadi. Biroq birinchisi qulayligi, odatlanilganligi, keng iste’molliligi bilan xarakterlansa, ikkinchi guruh unchalik qulay emasligi, kam iste’molliligi, favquloddaligi bilan ajralib turadi.
Demak, birinchi guruh ijtimoiy shartlanganlik xossasiga ega va shu boisdan yuqoridagi zikr etilgan belgilar ularning barchasi uchun umumiy. Ikkinchi guruh esa nutqiy hodisa ekanligi, endigina so‘z yasash qolipidan chiqqanligi bois, odatlanilmaganlik, favquloddalik kasb etgan.
Ko‘rinadiki, nutqiy yasama so‘zning ayrimi nutq bosqichidagina mavjud bo‘lsa, ba’zilari o‘zini chiqargan qolipdan uzoqlashib, bir butun holda lisoniy sathga «ko‘tarilib ketadi».
Hosilasining lison va nutqqa munosabati jihatidan so‘z yasash qolipi ham farqlanadi. Ularni unumsiz (tarixiy) va unumli (zamonaviy) so‘z yasash qolipi sifatida farqlash lozim.
Nutqiy yasama so‘zning lisoniy sathga ko‘tarilishi bir necha bosqichda kechadi. Uni nutqdan lisonga siljishi, lisoniylashishi darajasiga ko‘ra quyidagicha tartiblash mumkin:
1) ixtisoslashgan leksema;
2) soddalashgan leksema;
3) tublashgan leksema.
Ixtisoslashgan leksema nutqiy yasama so‘z lisoniylashuvining eng quyi darajasi. Ixtisoslashgan leksema yasamaligini yo‘qotmagan, ya’ni o‘zida qolipning shakliy tomoni izini saqlagan, biroq ma’noviy tomondan qolipdan uzilgan, ma’nosini qolipning o‘ng (mazmuniy) tomonidan keltirib chiqarish imkoni bo‘lmagan, toraygan ma’noli leksema. Masalan [ishchi] (worker, rabochiy) leksemasi «zavod yoki fabrikada ishlovchi, o‘rta ma’lumotli mutaxassis» ma’nosiga ega bo‘lib, u [ot+chi] otdan anglashilgan narsa ustida ishlovchi kishi] qolipi hosilasi. Qolip hosilasi sifatida u qolipning chap tomoni xususiyatini o‘zida mujassamlashtirgan: Chunki [ishchi] leksemasining shakliy tomoni, ya’ni nomemasida qolipning [ot+chi] umumiyligi zarrasi, ko‘rinishi voqelangan. Leksema sememasi esa «shu otdan anglashilgan narsa bilan shug‘ullanuvchi shaxs» mohiyati ko‘rinishiga emas, balki uning toraygan, ma’lum bir ixtisosni anglatuvchi ko‘rinishi holatiga ega bo‘lib qolgan. [Ishchi] leksemasiga qiyosan olinadigan, deylik, (kitobchi) so‘zida so‘z yasash qolipining shakliy tomonidan ham, ma’noviy tomonidan ham uzilish kuzatilmaydi. Yoki [yozuvchi] leksemasi va (yozuvchi) so‘zini qiyoslaylik. Har ikkala hosila ham [[fe’l] [uvchi] shu fe’ldan anglashuvchi harakat bilan shug‘ullanuvchi shaxs] qolipi mahsuli. Uni gap tarkibida kuzatamiz: 1.Yozuvchi hayotni teranroq kuzatadi. 2. Insho yozuvchi ijodkorligini namoyon qilishi kerak.
Birinchi gapda [yozuvchi] leksemasi kasbni anglatib, ixtisoslashgan ma’noga ega. Ikkinchi gapda esa leksema muayyan yozish harakatini bajaruvchi shaxsni ifodalagan. «Adib» ma’nosidagi [yozuvchi] leksemasi shaklan emas, balki ma’noviy jihatdan qolipdan uzilgan, ixtisoslashgan ma’noli leksema. Ikkinchi hosila esa ham shaklan, ham mazmunan qolipga muvofiq kelganligi bois, nutqiy yasama. Leksema hosil bo‘lishining bu usuldagi boshqa ko‘rinishi sifatida so‘zning atamaviy ma’no kasb etishi (qo‘shish, ayirish, bo‘lish so‘zlar)ni ko‘rsatish mumkin.
Soddalashgan leksema yasama so‘zlar lisoniylashuvining yanada yuqoriroq bosqichi. Soddalashish bu ma’lum bir so‘z yasash qolipining hosilasida o‘zak va qo‘shimchaning o‘zaro birikib ajralmas holga kelishi, so‘zshakldagi grammatik vositaning qotib qolishi natijasida yangi ma’no ifodalashidir. O‘zbek tilidagi [oldin], [keyin], [tashqari], [ichkari], [yuqori] kabi yuzlab so‘z soddalashgan yasama so‘z - leksema. So‘z birikmalarining sintaktik qolipdan uzilish holati sifatida (boshning og‘rigi – [boshog‘riq], belning bog‘i – [belbog‘]) misollarini ko‘rsatish mumkin.
Tublashgan leksema shunday leksemalashgan yasama so‘zki, ularning yasalishini, tarkibini etimologik ma’lumotsiz aniqlab bo‘lmaydi. Masalan, [sin] fe’lining o‘zagi [si], [tingla] fe’lining o‘zagi [ding], [to‘q] so‘zi o‘zagining [to‘] ekanligini til tarixi bo‘yicha chuqur ma’lumotga ega bo‘lmasdan bilib bo‘lmaydi.
Demak, ma’lum bo‘ladiki, tilda leksema yasash hodisasi yo‘q. Balki yasama so‘zning, nutqiy hosilaning lisoniylashuvi, leksemalashuvi mavjud.
semema va uning tarkibiy qismlari
Ma’lumki, sistem yondashuvda leksemaning atash (denotativ) semasi deganda borliqdagi harakat-holat, narsa-predmet, miqdor, belgi xususiyatini atovchi, nomlovchi sema tushuniladi. Bu semaning har birini mustaqil so‘z turkumi – fe’l harakat-holatni atash semasi, ot narsa-predmet, son miqdor, sifat va ravish belgini atash semasi sifatida bevosita xususiylashtiradi. Atash semasi ob’ektiv borliq parchasiga muvofiq kelgani bois, leksema sememasi tarkibidagi boshqa sema (vazifa, ifoda)dan muhimroq ahamiyat kasb etadi. Har bir so‘z turkumining muayyan atash semasi mutlaq va doimiymi yoki mustaqil so‘z turkumi orasidagi so‘z turkumining bir-biriga ko‘chish xodisasi (transpozitsiya) ning bunga daxli bormi?
So‘z turkumining ko‘chishi – transpozitsiya deganda ma’lum bmr turkumga mansub so‘zning o‘ziga xos bo‘lgan atash, vazifa semasini kuchsizlantirib, boshqa so‘z turkumiga xos semantik va sintaktik belgiga ega bo‘lishi tushuniladi. Turkiy tillarda so‘z turkumi bir-biridan qat’iy chegaralanmaydi, ular o‘rtasida uzviy aloqa bo‘lib bir butun sitemani tashkil etadi. Bu sistema qismi dialektik mantiqdagi «oraliq uchinchi» qonuniyatidan kelib chiqqan holda g i b r i d so‘z sifatida baholanuvchi har ikki siraga xos semantik-grammatik belgini o‘zida saqlovchi, bir turkumdan ikkinchi turkumga ko‘chish bosqichida turuvchi so‘z bilan uzviy bog‘lanadi.
Mustaqil so‘z orasidagi o‘zaro munosabat va uning bir-biriga ko‘chishi leksema sememasidagi evolyutsion taraqqiyot natijasida yuzaga kelib, ko‘chishning nutqiy va lisoniylashgan ko‘rinishi farqlanadi. Nutqiy ko‘chishda nutqiy ko‘chma ma’no ifodalanadi. Masalan, Birni ko‘rib fikr qil, birni ko‘rib shukur qil gapida son turkumiga mansub bir so‘zi vaqtincha ot turkumi vazifasida kelmoqda va bu o‘tkinchi, nutqiy hodisa. Lisoniy ko‘chishda so‘z bir turkumdan boshqa turkumga butunlay o‘tib ketadi, transpozitsiya hodisasi yuz beradi. Transpozitsiya deyarli barcha mustaqil so‘z orasida, hatto mustaqil va yordamchi so‘z orasida ham kuzatiladi:
1. odam, kishi, inson oti (zerikib ketdi odam (men), hayron qolasan kishi (men), dardimni eshitadigan inson (hech kim) topilmadi), bir soni (bir kishi (kimdir)), ba’zi sifati (ba’zilar (allakimlar) unday deydi, ba’zilar bunday) olmoshga;
2. yigit, qiz, o‘g‘il, qari, er, xotin, ko‘r, issiq-sovuq (issiq-sovug‘idan xabar olmoq) sifati, bordi-keldi, keldi-ketdi, oldi-berdi, ur-yiqit juft fe’li, o‘qish, yozish, o‘tmish, qilmish, qidiruv harakat nomi shakli, o‘qituvchi, bog‘lovchi, kuzatuvchi sifatdoshi, uch, etti, yigirma, kirk soni otga;
3. kelajak, bo‘lajak sifatdoshi, tilla, kumush, taxta (tilla uzuk, asal bola) oti sifatga;
4. charchamasdan (ishlaysan), o‘ylamasdan (gapirda), indamasdan, bilinar-bilinmas sifatdoshi, osha, o‘ta, ura, qayta, qo‘yarda-qo‘ymay, ura-sura ravishdoshi, erta, indin, kecha, kech, kechqurun, savat-savat, navbatma-navbat oti ravishga;
5. bir soni, yakka, yolg‘iz sifati yuklamaga;
6. haqiqatdan, chamasi, mazmuni oti, yaxshi, so‘zsiz, tuzuk, to‘g‘ri, tabiiy sifati, qani, qalay olmoshi modal so‘zga;
7. bir soni, ba’zan ravishi, ham yuklamasi, bilan ko‘makchisi bog‘lovchiga;
8. ost, ust, old, orqa, tomon, tag, tepa, ich, ora, qosh, lab, yoqa, og‘iz oti, qarab, boshlab, ko‘ra, deya, deb, o‘xshab ravishdoshi, boshqa, bo‘lak, o‘zga sifati, avval, oldin, ilgari, keyin, so‘ng ravishi ko‘makchiga ko‘chishi o‘zbek tilshunosligida allaqachon tegishli adabiyotda qayd etib o‘tilgan. Sanalganning ayrimi bugungi kunda lisoniylashgan bo‘lsa, ayrimi hali o‘tish bosqichida - nutqiy hodisa sifatida qaralmoqda. Masalan, mavjud grammatikada son turkumining tasnifiy belgisi sanalar ekan, predmetning sanog‘i, tartibini bildirishi, qancha, nechta, nechanchi so‘rog‘idan biriga javob bo‘lishi, ot turkumiga mansub so‘z bilan erkin aloqada bo‘lishi va gapda asosan, sifatlovchi aniqlovchi vazifasida kelishi ta’kidlab o‘tiladi. Son lug‘aviy mazmun guruhiga kiruvchi jamlovchi son shaklida son umumiy grammatik ma’nosidan chetlashish holati kuzatiladi.
Ayni paytda jamlovchi sonning -ov, -ala, -ovlon, -ovlab, -ovlashib shakli ajratiladi. Qayd etilgan shakldan -ovlab, -ovlashibshakli, bizningcha, jamlovchi son shakli emas, balki jamlovchi son o‘zagidan yasalgan ravishdosh shaklidir: ikki-ov-lash-ib.
Demak, so‘nggi ikki shakl jamlovchi son shakli sirasidan chiqariladi. Asosiy shakl sifatida -ov, -ala, -ovlon ko‘rsatkichi ajratilishi mumkin. Ma’lumki, bundan -ov, -ala shakli boshqa son ma’no turidan farqlanib deyarli har doim egalik shakli bilan qo‘llanadi. -ovlon shaklli jamlovchi son atash semasi bugungi kunda miqdor emas, balki «qanchadir miqdordagi shaxs» deb qaraladi: Oltovlon ola bo‘lsa, og‘zidagin oldirar. -ov, -ovlonshakli barcha son kabi ot bilan birikmaydi, gapda sifatlovchi aniqlovchi vazifasida kelmaydi, sonning so‘rog‘iga javob bo‘lmaydi, hatto mazkur shakl yasaladigan qolip ham nihoyatda unumsiz bo‘lib, barcha son o‘zagidan jamlovchi son yasalmaydi. U ko‘proq otga xos tasnifiy belgini o‘ziga qabul qilmoqda. -ala shakli esa sonlik belgisini ham o‘zida birmuncha saqlab turibdi: uchala bola ham qo‘shni qishloqdan ekan. Jamlovchi son shaklidagi semik taraqqiyotni quyidagi chizmada aks ettiramiz: -ala -ov -ovlon
Ko‘rib o‘tilganidek, ushbu shakl orasida -ala shaklida sonlik belgisi birmuncha saqlangan, -ovlon shaklida otlik belgisi yaqqollashgan, -ov shaklida har ikki jihat uyg‘un bo‘lib, mazkur shaklga gibrid so‘z sifatida qarash mumkin. -ov shakli jamlovchi son shakli orasida, jamlovchi son shaklining o‘zi esa ot va son so‘z turkumi orasida «oraliq uchinchi» maqomiga ega bo‘ladi.
Demak, aytish mumkinki, so‘z turkumi orasida muntazam aloqa mavjud bo‘lib, bu aloqa til tizimining doimiy o‘zgarishdagi, taraqqiyotdagi jonli jarayon ekanligidan dalolat beradi.

Download 169.29 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   2   3   4




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling