2-mavzu. Davlat qarzi nazariyasi
Klassiklar qarz to‘g‘risida
Download 0.62 Mb.
|
Davlat qarzi nazariyasi
Klassiklar qarz to‘g‘risida
Bundan uch asr muqaddam Devid Xyum davlat qarzlaridan o‘z noroziligini shunday ifodalagan edi: “Soliq solib xalq ahvolini og‘irlashtirmaslik, tanqid tig‘ida qolmaslik va mansabda bo‘lgan davrida o‘zidan yaxshi esdalik qoldirish uchun vazirning bu vositadan foydalanishga toqati yo‘q. Shu sababali har qanday hukumatda deyarli muqarrar qarz bilan bog‘liq suiiste’molliklar yuz beradi. ...Natijada ... yo millat davlat kreditini tugatadi yoki davlat krediti millatni yo‘q qiladi”1. Xyum bu o‘rinda bir qadar qizishib ketgan, albatta. Davlat qarzi hali bironta millatni yo‘qotib yuborgani yo‘q, ammo qarz ayrim mamlakatlarga juda katta zarar keltirgani haqiqat. Qarzning o‘z-o‘zidan emas, balki undan uquvsiz, pala-partish foydalanish shunday oqibatlarga olib kelgan. Xyum davlat qarziga e’tiborni qaratgan birinchi ingliz iqtisodchisi edi. Xyumga o‘sha davrda keng tarqalgan “xalq qarzlar sababidan kambag‘allashib qolmaydi, chunki qarz o‘z yo‘liga va u birovlardan qancha olinsa, boshqa kishilarga shuncha mol-mulk keltiradi” degan fikrga qarshi chiqadi. Xyum bu fikrni qat’iy rad etadi va uni “yuzaki qiyoslashning” “tutiriqsiz” xulosasi deb ataydi. Adam Smitning qarz masalasiga salbiy munosabati ham antimerkantilistik filosofiyaga va davlat hamda xususiy xarajatlar samaradorligini qiyosiy baholashga asoslanadi. Adam Smitning davlat boyliklarni yaratuvchi va shaxslar erkinligi kafolati sifatida samarasiz faoliyat olib boradi, deb hisoblagan. Davlat sanoat va savdodan jamg‘armalarni olib qo‘yadi, bu esa mansabdorlarga “aysh-ishratli hayot”ni yaratib beradi. Milliy daromad investitsiyalardan iste’molga o‘tkaziladi. Agar xalq boyligini isrof qiluvchi davlatning byudjet defitsitini sanoatchilar va savdogarlardan oladigan qarzi hisobiga qoplashga yo‘l qo‘yiladigan bo‘lsa, kapitali kam bo‘lgan jamoat daromadlardan mahrum bo‘ladi, chunki bu mablag‘lar unumli investitsiyalardan chiqib ketadi. Davlat uquvsiz menejer. Davlat xususiy qarz oluvchilardan farq qilgan holda “kapitalning biron-bir maxsus qismini to‘g‘ri boshqarishdan manfaatdor emas” – bu fikrlar uning “Xalqlar boyligining tabiati va sabablari to‘g‘risida tadqiqot” (1776 yil) (“An Inquiry into the Nature and Causes of the Wealth of Nations”) asarida yozilgan. Shu sababli davlatga qarz bermaslik lozim. Qarzga salbiy munosabatda bo‘lgan Adam Smit muvozanatlangan byudjet talabini ilgari suradi. A.Smitning fikrga ko‘ra, qarz keltiradigan asosiy jafo – o‘zi paydo bo‘layotgan davrda kapitalni parchalashidir, ya’ni davlat tomonidan milliy ishlab chiqarishdan olib qo‘yiladigan resurslarning boy berilishidir. A.Smitning davlat qimmatli qog‘ozlari xaridorlari xarid paytida hech narsa yo‘qotmaydilar degan fikri ham g‘oyat e’tiborga molik. “Ular pulni hukumatga qarzga berib, savdo va ishlab chiqarish bilan shug‘ullanish qobiliyatlarini bir on bo‘lsa ham yo‘qotmaydilar, aksincha o‘z mashg‘ulotlarini kuchaytiradilar. Savdogar yoki kreditor hukumatga pulni qarzga berib, puldan pul chiqaradi va bu bilan o‘z savdo kapitalini kamaytirmaydi, balki ko‘paytiradi”2. Bu fikrlar ixtiyoriy ayirboshlashning o‘zaro manfaatli ekanligini e’tirof etish bilan birga qarz yuki tevaragidagi keyingi munoazaralarni baholashda g‘oyat muhim. Agar davlat qimmatli qog‘ozlarini sotib oluvchilar qog‘ozlarni xarid qilish paytida hech narsa yo‘qotmasalar, unda qarz yuki kimning elkasiga tushadi? Bu savolga javob berishdan oldin qarz masalasiga klassik qarashlar evolyutsiyasini ko‘rib o‘tamiz. Balki davlat kapitalni faqat harob qilmay, qarzga olingan mablag‘larni jamiyat ravnaqi uchun sarflashga ham qodirdir? A.Smit Xyum kabi ichki qarzlar bo‘yicha foizlar jamiyat uchun yo‘qotish hisoblanmaydi degan g‘oyani rad etadi. “Jamiyatning qarzi bo‘yicha foizlar to‘lovida o‘ng qo‘l chap qo‘lga to‘laydi degan gap yuradi. Pul mamlakatdan chetga chiqib ketmaydi... va millat kambag‘allashib qolmaydi. Bunday qarashlar butunlay merkantilistik tizimning safsatalariga asoslangan”. Aslida, Smit fikricha, nima yuz beradi? Davlat odatda o‘z kreditorlariga muqobil investitsiyalar daromaddorligidan yuqori bo‘lgan stavkalar bo‘yicha annuitet to‘laydi. Kreditorlar annuitetni garovga qo‘yib yoki boshqa kishilarga sotib yangi kapital oladilar (davlatga qarzga berilgan pul o‘rniga). Ammo bu ligi kapital shu mamlakatda qolishi va boshqa har qanday kapital singari iqtisodiyotda foydalanilishi lozim edi. Bu kapital mamlakat uchun emas, balki davlat kreditorlari uchun yangi. Bu kapital garchi davlatga qarz berilgan kapitalni almashtirgan bo‘lsa-da, mamlakatda hech narsani o‘zgartirgani yo‘q, faqat bir qo‘ldan ikkinchi qo‘lga o‘tdi, xolos. Demak, mamlakat kambag‘llashdi. Agar kreditorlar davlatga pul bermaganlarida, mamlakat iqtisodiyotida band bo‘lgan bir kapital o‘rniga ikkita kapital mavjud bo‘lar edm. Adam Smit singari faraz qiladigan bo‘lsak, davlat o‘z fuqarolaridan qarzga pul olib, kapitalni parchalaydi. Smit tashqi qarz bo‘yicha foizlarni milliy boylikdan chegirmadir deb hisoblagan, chunki ular tashqi qarz egalari yashaydigan chet el mamlakatga chiqib ketadi. Shunday qilib, tashqi qarz ham, ichki qarz ham iqtisodiyotga bir xil salbiy ta’sir ko‘rsatadi. David Rikardo umuman olganda A.Smitning qarzga bo‘lgan salbiy munosabatiga qo‘shiladi va qarzni “eng fojeali ofatlardan biri” deb ataydi. Ammo, “mamlakatni aslo milliy qarz bo‘yicha foizlar to‘lovi xarob qilmaydi va bu to‘lovni bekor qilish mamlakatga yangilik keltirmaydi. Faqat daromadlarni jamg‘arib va xarajatlardan tiyilibgina milliy kapitalni ko‘paytirish mumkin. Qarzni yo‘qotish bilan daromadlar ko‘payib qolmaydi va xarajatlar qisqarib qolmaydi” deb yozadi u 1817 yilda yozilgan “Siyosiy iqtisod va soliqqa tortish asoslari” asarida3. Rikarda foiz chiqimlari ichki transfertlar bo‘lgani sababli kelajak avlodga yuk bo‘lmaydi degan merkantilistcha g‘oyaga qo‘shiladi. Uning fikricha, hozirgi qarzlarga bog‘liq kelajakdagi soliqlar qarz paydo bo‘lgan paytda oqil fuqarolar tomonidan butunlay kapitallashtiriladi. Shunda foiz xarajatlari haqiqatan ham trnasfertlarga aylanadi va qarz byudjet chiqimlari bo‘yicha real xarajatlarni vaqt bo‘yicha surilishiga sabab bo‘lmaydi. Bu ma’noda iqtisodiyotga real ta’sir ko‘rsatishi jihatidan qarzlar soliqlarga ekvivalentdir. Lekin, David Rikardo qarz jamiyat manfaatlariga xizmat qiladi degan g‘oyani yoqlamaydi, bu g‘oyaga tarafdor bo‘lganida merkantilistlar tomoniga o‘tib ketgan bo‘lar edi. Xyum, Smit, Rikardoning qarz olishning oqibatlariga munosabati bir xil bo‘lgan, ular samarasiz sarflar va davlat xarajatlarining unumsizligi sababli haqiqiy ofat qarzning o‘zida emas, balki uning ta’sirida yuzga keladigan kapitalning parchalanishida deb uqtirganlar. Tomas Robert Maltus bunday qarashlarga qo‘shilmaydi. U klassik iqtisodiyotning taklif ta’sirida o‘z-o‘zidan sozlanishiga ishonmaydi va asosiy asari bo‘lgan “Nufus qonuni to‘g‘risida tajribalar” (1798)da undan bir asr keyin yashagan Jon Meynard Keyns kabi talab taqchilligidan cho‘chiydi. U qarz orqali mablag‘ bilan ta’minlashni talabni oshirish usullaridan biri deb qaraydi. Foizlar hisobiga yashaydiganlar, deb yozadi u “taqsimot va talabga katta hissa qo‘shadilar... Ular ishlab chiqarishga zarur rag‘bat beradigan samarali iste’molni ta’minlaydilar”4. Maltus qarzining yaratuvchilik rolini alohida ta’kidlaydi. Jon Styuart Mill yuzaga kelishi sharoitlariga qarab qarzni “yaxshi” va “yomon” qarzlarga bo‘ladi. U xususiy ishlab chiqarishda band bo‘lgan kapitalni davlat sektoriga jalb qilinishini ishchilarning ish haqini pasaytirish bilan tenglashtiradi. Mill bunday qarzlarni eng yomon deb e’lon qilishni taklif qiladi. Ammo u ortiqcha jamg‘arilgan chet el kapitalini, davlat talabi bo‘lmasligi yoki unumsiz korxonalarda isrof bo‘lishi mumkinligidan yoki chet mamlakatlarda talab axtarishi natijasida umuman jamg‘arish mumkin bo‘lmagan kapitalni jalb etishda biron-bir ziyonni ko‘rmaydi. Shunday qilib, Mill Adam Smitning qarzlar kapitalni parchalaydi degan fikriga qo‘shilmaydi. Millning qarz yuki haqida qarashlari ham e’tiborga molik. Uning fikricha, qachonki resurslar xususiy sektordan davlat sektoriga o‘tsa, qarz vujudga keladi. Bu hozir yashab turgan avlod elkasidagi yuk. Keyinchalik bu yuk qarzga xizmat ko‘rsatish uchun zarur bo‘lgan qo‘shimcha soliqlar ko‘rinishida paydo bo‘ladi. Bu kelajak avlod zimmasiga tushadigan yuk hisoblanadi. Milldan keyin yashab o‘tgan ingliz iqtisodchilari qarz masalalariga u qadar e’tibor bermadilar. 1850–1914 yillarda Buyuk Britaniyaning qarzi barqarorlashdi va qarz yuki, uni qay tariqa hisoblamasinlar, olimlarni xavotirga solmay qo‘ydi. Jon Elliot Kerns va Genri Sidgvik bu mavzuni umuman inkor etdir, Alfred Marshall bo‘lsa boylik ijtimoiy ne’matlar ko‘payishi bilan o‘sib boradi, lekin qarz o‘sishi bilan kamayadi singari umumiy fikrlar bilan cheklandi. Shunday qilib, Maltusni istisno qilganda, ingliz klassiklari, hatto ishlab chiqarish inqirozga yuz tutgan (retsessiyalar) va urushlar davrida ham muvozanatlangan byudjet tarafdorlari bo‘lganlar. Ular katta davlatning kattaligidan xavfsiraganlar, uni samarasi past, uquvsiz menejer, shaxslar erkinligiga xatarli hisoblaganlar hamda davlat qarzlar orqali xususiy tadbirkorlarni iqtisodiyotdan siqib chiqarmasligini istaganlar. Bundan tashqari klassik modelda iqtisodiyot o‘zini o‘zi tartiblaydi, uni talab emas, taklif harakatga keltiradi, uni barqarorlashtirishda davlatga ish yo‘q. Barqarorlashtirish funktsiyasining yo‘qligi esa muvozanatlangan byudjetni talab etadi va qarzlarga xojat yo‘q degan ma’noni bildiradi. Agar klassik qarz nazariyasi to‘g‘risida fikr yuritadigan bo‘lsak, bu nazariya ingliz klassiklari qalamiga mansub emas. Adam Smit qarashlari “umumiy nazariya” qiyofasini olgani yo‘q (garchi bu qarashlarni Jeyms Byukenen “haqiqatga eng yaqn” deb hisoblagan bo‘lsada), David Rikardo qarzlarning soliqlarga ekvivalentligi to‘g‘risida g‘oyat mavhum g‘oyalarni bayon etdi, Jon Mill esa qarz yukini ayni bir paytda hozir yashab turgan va kelajakdagi avlodlar zimmasiga yuklab, muammoni hal qilish yo‘lida noiloj adashib qoldi. Klassik nazariya faqat XIX asrning oxirgi 20 yilida shakllandi. Bu vaqtga kelib davlat xarajatlariga qarashlardagi nuqtai nazarlar o‘zgarishlarga uchradi hamda xolis va batafsil tahlil imkoniyatlari paydo bo‘ldi. Jahondagi iqtisodiy vaziyat shunday o‘zgardiki, natijada merkantilistik siyosat o‘zining ijtimoiy va ilmiy “jozibasini” yo‘qotdi. Biz klassik nazariyani amerikalik Genri Adams, ingliz Charlz Bastebl va frantsuz Per Pol Lerua-Bolelarning asarlarida ko‘rishimiz mumkin. Tahlil aniqligi nuqtai nazaridan Bastebl asarlari Adams asarlariga qaraganda, Lerua-Bole qarashlari Basteblga qaraganda ancha mukammalroq. Shu sababli biz Bastebl va Lerua-Bole asarlaridan parchalar (iqtiboslar) keltirish bilan cheklanamiz: Bastebl qarz keyingi avlodlarga yuk bo‘lib tushishiga qat’iy ishongani sababli ushbu gipotezani batafsil ko‘rib chiqish zarurati yo‘q deb hisoblaydi. “Qarz olish ixtiyoriy harakat va pulni ham xohish bo‘lganda beradilar. Soliqlarni esa xohlagan odam ham, xohlamagan odam ham baravariga to‘laydi. Hozirni kelajak hisobiga yaxshilash – aqlli va uzoqni ko‘ra biladigan davlat arbobining ishi emas”. U davom etadi: “Barcha eng muhim paytlarda davlat qarzi bilan xususiy qarz o‘rtasida o‘xshashlik saqlanib qoladi va uni hech qachon nazardan qochirmaslik lozim. Davlat iqtisodiyotining alohida mavqei va davlat qarzlarining muhimligi bir haqiqatni – davlat krediti kreditning bir turi ekanligi va uni ham xuddi shu asosiy tamoyillarni hisobga olib tartibga solish lozimligi masalalalarini pardalab qo‘yadi. Va nihoyat, Bestebl tashqi qarz bilan ichki qarz farqlari o‘z chegaralariga egaligini ko‘rsatib o‘tadi. Xorijdan ko‘p pulni qarzga olish hodisasi qarz olish siyosatini baholashda ahamiyatga ega. Sof moliyaviy ma’noda tashqi qarzning ichki qarzdan farq qilish muhim emas, boshqa mamlakatlar kapitalidan foydalanish imkoniyatlari xarajatlarni ichki manbalardan moliyalashtirishda soliqlarning o‘rni haqidagi dalillarni yo‘qqa chiqarishi muhimdir... Sof moliyaviy nuqtai nazardan qarz olish manbai haqiqatan ham nomoddiy. Har qanday holda ham tashqi qarz – bu soliq to‘lovchi uchun kelajakdagi majburiyat bilan muvozanatlangan va darhol beriladigan engillikdir”5. Qarzni eng to‘liq va eng batafsil tadqiq etganlardan biri frantsuz iqtisodchisi Lerua-Bole hisoblanadi. Tadqiqotlarining asosiy qismi XVIII asrda yashab o‘tgan mashhur frantsuz olimlarining g‘oyalarini tanqid qilishga bag‘ishlangan. Lerua-Bole bu g‘oyalarni xato debgina qolmay, ularni zararli va xavfli g‘oyalar deb ataydi. Ularni sofistika (safsatabozlik) deyish mumkin – bu g‘oyalar faqat bir qarashda, sirtdan to‘g‘ri bo‘lib ko‘rinadi, iqtisodiyotdan xabari bo‘lmagan ba’zi kimsalar ularni rad qila olmaydi. “Davlat qarzlariga nisbatan safsatalar juda xilma-xil, ammo ularni asosan ikkiga bo‘lish mumkin: Volter qarashlarida davlat o‘ziga o‘zi qarz berib, kambag‘al bo‘lib qolmaydi; Melon nazarida davlat qarzi – bu o‘ng qo‘l chap qo‘lga beradigan qarz: o‘ng qo‘l – soliq to‘lovchilar, chap qo‘l – rante (qarzga beriladigan kapitaldan foizlar yoki qimmatli qog‘ozlardan daromad hisobiga yashaydigan shaxs, sudxo‘r), ammo davlatning gullab-yashnashi uchun jami pulning kimga tegishli bo‘lishi – soliq to‘lovchigami yoki rantegami muhim ahamiyatga ega emas; ikkala holda ham millat bir xilda boydir”6. Lerua-Bole sofizmlarning xatoligini quyidagicha isbotlab berdi: “To‘g‘ri, qarzning oqibatlaridan biri fuqarolarga soliq solishda ko‘rinadi. Bu soliq keyin rante (sudxo‘r)lar o‘rtasida foizlar ko‘rinishida baham ko‘riladi. Agar ish shu joyda yakun topsa, ijtimoiy boylik o‘zgarmaydi: rante deb nomlanadigan fuqarolar soliq to‘lovchilar deb ataladigan boshqa fuqarolardan foizlar oladilar”. Soliq to‘lovchilarga achinish mumkin, ammo millat qarzlardan qashshoqlashib qolmaydi. Endi faraz qilaylikki, qarzlardan voz kechildi. Soliq to‘lovchilar rantelar o‘rtasida taqsimlash uchun mo‘ljallangan soliqlarni to‘lamaydilar, rante esa o‘z kapitalini boshqacha investitsiyalaydi va muqobil investitsiyalari uchun foizlar oladi. Bu foizlar qarzlardan voz kechilgan paytda davlat qimmatli qog‘ozlari beradigan summaga taxminan teng bo‘ladi. Bunday holda millat yanada boyroq bo‘ladi: soliq to‘lovchilar rantelar foizlarini olishlari uchun zarur bo‘lgan soliqlarni to‘lashlari shart emas; qarz holatida faqat bir tomonga tegishli bo‘lishi mumkin bo‘lgan pul har bir tomonning o‘zida qoladi. Bunday fikrlar Adam Smitda ham uchraydi, ammo Lerua-Bole masalaga yanada chuqurroq kirib boradi. O‘tmishda oliy hukmronlarning o‘zboshimchaligi (ko‘ngliga kelganini qilishi) va ijroiya hokimiyatning xatolari tufayli qarzga olingan mablag‘lardan isrofona va besamara foydalanilgan. Agar rantedan olingan kapital “saroy ko‘ngilxushliklari, serhasham imoratlarga yoki bema’ni tashabbuslarga” sarflanadigan bo‘lsa, unda jamiyat qashshoqlashib boradi. Shu sababli Xyum va Smit qarzlarni mutlaqo qoralaganlar. Agar rantedan olingan kapital ijtimoiy ishlarni moliyalash uchun foydalaniladigan bo‘lsa qarzlar zararsiz bo‘lishi mumkin. Davlat faqat shu yo‘l bilan kapitalni parchalanishdan asrab qolishi mumkin. Bundan tashqari agar ijtimoiy ishlar puxta rejalashtirilgan va tejamkorona bajarilganda qarzlar foyda keltirishi mumkin! Rante kapitalini jamiyat emas, davlat oladi, lekin davlat bu kapitalni jamoa farovonligiga aylantiradi, masalan, temir yo‘l, kanallar, portlar quradi. Davlat xarajatlari mazmuni va qarzlarning roli masalasida “so‘ngi” klassik Lerua-Bole “ilk” klassiklardan shu tarzda ajralib turadi. Lerua-Bolening qarashlarida klassik nazariyaning barcha muhim unsurlari borligini ko‘rish mumkin, frantsuz olimi boshqa tadqiqotchilar payqamagan ikki xatolikka yo‘l qo‘ymadi. Birinchida, u qarzning paydo bo‘lishi hodisasini qarzlar orqali moliyalashtirilgan xarajatlar hodisasidan ajratib oldi. Ingliz klassik iqtisodchilari shu narsaga e’tibor qilmaganlari sababli qarzni mutlaqo qoralashga “mahkum” bo‘ldilar. Keyingi merkantilistlar va “yangi” keynschilar ham xuddi shunday yo‘l tutdilar va qarzni haddan tashqari maqtov yo‘liga o‘tib ketdilar. Ikkinchidan, Lerua-Bole muqobil yo‘llarni ham tadqiq etdi. U boshqa hamma sharoitlar o‘zgarmas bo‘lganda qarz bo‘lgan holat bilan qarz bo‘lmagan holatni qiyoslashdan voz kechdi va muqobillar bo‘lganda boshlang‘ich davrga qaytdi, so‘ngra qarz bo‘lgan holat bilan qarz bo‘lmagan holatni qiyosladi. Endi biz davlat kapitalni faqat emirmay, balki o‘z qarzlari bilan jamiyatga naf keltirishi mumkinligini bilib olganimizdan keyin qarz yuki qanday paydo bo‘ladi va u kimning zimmasida turadi? degan savolni oydinlashtirishga kirishamiz. Buning uchun qarzlarni moliyalashtirishning boshqa muqobil manbalari – soliqlar va pul emissiyasi bilan solishtirish lozim. Biz hozircha pul emissiyasi masalasini chetga surib qo‘yamiz, chunki “keynscha revolyutsiya” pul emissiyasi oqibatlariga qarashlardagi an’anaviy nuqtai nazarlarga emas, balki klassik qarz nazariyasiga zarba berdi. Faraz qilaylik, xarajatlar o‘zgarmas. Davlat bu xarajatlarni qarz yordamda qoplagan hollarda qarzlar soliqlar orqali qoplangan hollarda uchramaydigan qanday hodisalar yuz beradi? Davlat qimmatli qog‘ozlarini sotib olgan xaridorlar resurslarni davlat tasarrufiga ixtiyoriy beradilar. Qimmatli qog‘ozlar xaridorlari davlat xarajatlaridan kutiladigan nafni sotib olmaydilar va, demak, uning pulini ham to‘lamaydilar. Ular davlatning muayyan davriylikda foiz bilan pulning xarid qobiliyatini qaytarish va’dasi uchun pul to‘laydilar. Bunday oddiy holat klassik qarz nazariyasining negizini tashkil etadi. Davlat qimmatli qog‘ozlari xaridorlari qog‘ozlarni sotib olish paytida hech narsani boy bermasalar, unda kim haqiqatan ham sotib oladi va davlatning xarajatlaridan naf haqini kim to‘laydi, bu naflar bilan qiyoslash mumkin bo‘lgan chiqimlar kimning zimmasiga tushadi? Soliqlar mavjud hollarda joriy soliq to‘lovchilar joriy soliqqa tortish va xarajatlarni taqsimlash qoidalari bo‘yicha sotib oladilar, haqini to‘laydilar, zimmasiga oladilar, qiyoslaydilar. Qarz olingan hollarda qarz yuki kelajak avlodga tushadi. Kelajak avlod – bu qarz paydo bo‘lgan vaqtdan keyin yashaydigan har qanday odam. Ularning yashash muddati, umri ahamiyatga ega emas. Bu o‘rinda gap qarz yukining konkret avlodlar o‘rtasida taqsimlanishi emas, balki qarzning vaqtga nisbatan ko‘chishi to‘g‘risida bormoqda. Qarzlar holatida chiqimlar joriy byudjet davrida paydo bo‘lmaydi (davlat qarzga olingan mablag‘larni xarjlaydi). Chiqimlar kelgusi davrga o‘tkaziladi va har bir qarzga ilova qilinadigan to‘lov grafigiga muvofiq qarzga xizmat ko‘rsatish uchun sarflanadigan soliqlardan iborat bo‘ladi. Kelgusida to‘lanishi lozim bo‘lgan bu soliqlar hozir paydo bo‘ladigan xuddi shu soliq yukidir. Bu o‘rinda davlat qarzlari xususiy qarzlarga o‘xshab ketishi izoh talab etmaydi. Haqiqatan ham har qanday qarzdan maqsad xarajatlar o‘sishini to‘lovlar muddatini cho‘zish bilan engillashtirishdan iborat. Printsip jihatidan soliqlarni qarzlardan ustun qo‘yish mumkin emas, ayniqsa xarajatlar kapital qo‘yilmalar bo‘lganda va Adams, Bastebl va Lerua-Bole talqinidagi klassik qarz nazariyasida “ilk” klassiklarga o‘xshab har joyda va hamisha qarzlarni qoralashga asos bo‘ladigan hech narsa yo‘q. Download 0.62 Mb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling