2-mavzu. Davlat qarzi nazariyasi
Download 0.62 Mb.
|
Davlat qarzi nazariyasi
Davlat jamg‘armalari+Xususiy jamg‘armalar= (1.10)
Ichki investitsiyalar. Rikardocha ekvivalentlikni juda oson unumlashtirish mumkin. Defitsit iqtisodiyotdagi umumiy, jamlanma talabga ta’sir qilmaydi, chunki soliq to‘lovchilar defitsitni moliyalashtirish lozimligini biladilar va kelajakda soliqlarning o‘sishini oldindan bilib hozir soliqlar kamayishidan kelgan tejam hisobiga o‘z jamg‘armalarini ko‘paytiradilar. Xususiy sektorning bunday xatti-harakati davlatning o‘z xarajatlarini ko‘paytirish yoki soliqlarni kamaytirish orqali iqtisodiyotni rag‘batlantirishga urinishlarini yo‘qqa chiqaradi. Davlatning qarz olishi va qarzni uzishiga sabablar yo‘q. Qarz muammo emas. Yoki Barro biz yuqorida eslatib o‘tgan maqolasida yozganidek, davlat qimmatli qog‘ozlari o‘z egalari uchun aktivlardir, soliq to‘lovchilar uchun – majburiyat. Soliqlarning pasayishini davlat qimmatli qog‘ozlari emissiyasi orqali moliyalashtirish bunday pasayishga aloqador bo‘lganlar uchun go‘yo sovg‘a. Bunday sovg‘a davlat qimmatli qog‘ozlari egalarini boyroq qiladi, soliq to‘lovchilarni esa xuddi shuncha miqdorga kambag‘allashtiradi, sof holda yangi boylik paydo bo‘lmaydi. Uy xo‘jaliklari davlat qimmatli qog‘ozlari chiqarilganidan keyin bu qog‘ozlar chiqarilmagan davrga qaraganda boyroq bo‘lib qolmagani sababli ular soliqlarni pasaytirishga javoban iste’molni o‘zgartirmaydilar. Agar iste’mol o‘zgarmasa, investitsiyalar ham o‘zgarmaydi, investitsiyalar o‘zgarmas ekan, unda milliy daromad ham o‘zgarmaydi. “O‘zgarmas xarajatlar holatida soliq va qarz vositasida moliyalashtirishning qiyosiy hajmlarini o‘zgartiradigan fiskad operatsiyalari jami talabga, foiz stavkalariga va kapital qo‘yilmalarga hech qanday ta’sir ko‘rsatmaydi”17, deb yozadi Barro. Shuni ta’kidlash lozimki, rikardocha ekvivalentlik byudjet siyosatini befoyda narsa tarzida chetga uloqtirmaydi. Agar davlat soliqlarni bugun kamaytirsa, uy xujaliklari bu pasayish xarajatlar pasayishiga tengma-teng bo‘lishini kutadilar, unda uy xo‘jaliklari daromadi va iste’moli o‘sib boradi, ularning jamg‘armalari esa qisqaradi. Bu holda defitsit bilan moliyalashtirilgan soliqlarni pasaytirish milliy jamg‘armalarning pasayishiga olib keladi. Eslatib o‘tamiz: soliqlarning pasayishi emas, balki byudjet xarajatlarining kutiladigan pasayishi iste’molni rag‘batlantiradi. Byudjet xarajatlarining kutiladigan qisqarishi uy xo‘jaliklarining doimiy daromadini, shu bilan birga iste’molini ham o‘zgartiradi, chunki bu iste’mol pasaytirilgan bo‘lajak soliqlarni, hatto joriy soliqlar doimiy bo‘lganda ham, nazarda tutadi. Rikardocha ekvivalentlikning birinchi tanqidchisi Rikardoning o‘zi bo‘lgan. Uning e’tiroficha, agar soliqlar pasayishidan olingan tejamning jami jamg‘arilmas ekan, iste’mol o‘sib boradi, investitsiyalar qisqaradi va oqibatda qarzlar soliqlarga ekvivalent bo‘lmay qoladi. Shunday qilib, byudjetning o‘zgarmas xarajatlarida va iste’mol o‘sganda investitsiyalar qisqarishi lozim. Buning sababi shundaki, soliqlar pasayishidan tejam qisman navbatdagi qarz ulushini sotib olishga xarjlanadi. Rikardo o‘zining ilk qarashlarida xarajatlarni moliyalashtirishning turli manbalarini ekvivalent tarzida baholagan, ammo ulg‘aygan Rikardo qarzni mayda masala deb hisoblamagan va rikardocha ekvivalentlikning amaliy ahamiyatiga shubha bilan qaragan. Ulg‘aygan Rikardo urushlarni qo‘shimcha mol-mulk solig‘i (qarzlar bilan emas, chunki qarzlar harbiy xarajatlarni oshirib yuboradi deb hisoblagan) orqali moliyalashtirish tarafdori bo‘lgan va “rikardocha ekvivalentlik” bilan orani ochiq qilgan. Byukenen “yangi ortodoksiya”ni rad etishda rikardocha ekvivalentlikka murojaat qilgan. Klassik qarz nazariyasida rikardocha ekvivalentlik barmoqdagi zirapcha singari og‘riqli nuqta edi. Byukenen Rikardoning qat’iy faraz-taxminlaridan biri ayniqsa zaifligini payqadi. Rikardo qarashlarida qarz paydo bo‘lgan paytdayoq hozirgi avlod zimmasiga tushadi, chunki qarz paydo bo‘lganidan keyin fuqarolar o‘zlarining kelajakdagi qarz majburiyatlari joriy qiymatini ahillik bilan birgalikda to‘lay boshlaydilar. Bu qarzga olingan mablag‘larga teng bo‘lgan soliqlarni ahillikda hozir to‘lash bilan baravar. Ikkala holda ham aktivlarning sof qiymati birdaniga aynan teng summada kamayadi. Byukenen rikardocha ekvivalentlik fiskal nazariya bo‘yicha italyan adabiyotida keng muhokama qilinganini ko‘rsatib o‘tadi. Italyanlar shunday xulosaga kelganlar: fuqarolar birinchi navbatda aktivlari bo‘lmagan fuqarolar, kelajakdagi soliqlarni to‘la diskontlamaydilar. Byukenen italyanlar xulosalarini hisobga olib, yozadi: “Hozir yashab turgan avlod vakillari davlat qarzi yukini... o‘zining va o‘z avlodlarining soliq to‘lovchilar sifatidagi rolini oldindan to‘g‘ri payqash va o‘z kapitalining joriy qiymatini kelajak soliq to‘lovlarini hisobdan chiqarish yo‘li bilan kamaytirishga qodirligi darajasida zimmasiga oladilar. Agar individlarning umr chegarasi cheklanganligini va kelajak avlodlarning hozirgilardan nazariy jihatdan yiroqligini hisobga olganda, soliq yukining kelajak avlodga qandaydir bir o‘tishi muqarrar”18. Byukenen rikardocha ekvivalentlikni yangi klassik iqtisodchi sifatida tanqid qildi va “qandaydir bir o‘tishni” e’tirof etib, bu ekvivalentlik “hayotini” saqlab qoldi. Yangi keynschilarning rikardocha ekvivalentlikni rad etishga va defitsit fiskal siqib chiqarishga sabab bo‘ladi deb jamoatchilikni ishontirishga urinishlari bunday “yumshoq” tanqidning tamomila teskarisidir. Har ikkala tomon ham rikardocha ekvivalentlik juda qat’iy ehtimollarga asoslanganligini ta’kidlaydilar. Boqiy oila, chegarasi yo‘q vaqt ufqi, avlodlararo altruizm, iste’molchilarning xabardorligi, oqilligi, oldindan ko‘ra bilishi, iste’molning doimiy daromadga bog‘liqligi, likvidlik bo‘yicha cheklovlarning yo‘qligi, mukammal kredit bozori – bularning barchasi voqelik, hayot bilan yaxshi qovushmaydi. Avlodlararo transfertlar avlodlarni iqtisodiy jihatdan o‘zaro bog‘laydi, ammo transfertlarning byudjet defitsitiga vaqt bo‘yicha muvofiq kelishi tasodifiy, chunki meros qoldiruvchilarning o‘lish vaqti noma’lum. Ajdodlar o‘z mol-mulkini avlodlar hayotida qo‘shimcha soliq majburiyatlari paydo bo‘lishi ehtimolini o‘ylab emas, balki biron-bir xatti-harakatlar tarzini ularning bo‘yniga zo‘rlab ilish maqsadlarida merosga qoldirishi mumkin. Kelajakdagi xarajatlar, transfertlar yoki foiz stavkalariga nisbatan qat’iy ishonch bo‘lmaganda kishilar avlodlarga qanday mol-mulkni qoldirishlari mumkinligini bilmaydilar. Bunday fikrlardan keyin avlodlararo altruizm to‘g‘risidagi g‘oyalar juda g‘alati, g‘ayriodatiy ko‘rinadi. Yana, kredit bozori hali mukammallikdan uzoq; uning hamma qatnashchilari ham bir xil stavkalar bo‘yicha qarz ola bilmaydi. Davlat uchun stavkalar past, uy xo‘jaliklari uchun yuqori. Mol-mulkining sifati yuqori bo‘lmagani sababli (garov uchun) uy xo‘jaliklariga kredit yanada qimmatlashadi yoki kreditga umuman yo‘l berkiladi. Ularning iste’molini doimiy daromad to‘g‘risidagi gipotezalar bilan tavsiflash ancha qiyin, chunki iste’mol ayniqsa joriy naqd daromaddagi o‘zgarishlarga juda sezgir. Barroning o‘zi Rikardoning xulosalariga qarshi beshta asosiy nazariy e’tirozlarni ilgari suradi. “Birinchidan, kishilar mangu yashamaydilar va shu sababli o‘zlarining o‘limidan keyingi soliqlar to‘g‘risida tashvish chekmaydilar. Ikkinchidan, xususiy kapital bozori “nomukammal” va shu sababli xususiy shaxs uchun diskontlashning real stavkasi hukumatnikiga qaraganda yuqori. Uchinchidan, kelajakdagi soliqlar va daromadlarni oldindan aytib, bashorat qilib bo‘lmaydi. To‘rtinchidan, soliqlar birgina yagona summada to‘lanmaydi, chunki ular odatda daromadlarga, xarajatlarga, boylikka va boshqalarga bog‘liq. Beshinchidan, Rikardo chiqargan xulosalar to‘liq bandlikni nazarda tutadi”19. Bu e’tirozlarning kontseptual ahamiyatini rad etmagan holda rikardocha ekvivalentlik tarafdorlari ularni kuzatishlarga asoslangan ikkinchi darajali masalalar deb qaraydi. Rikardochilar fikriga ko‘ra, rikardocha ekvivalentlik qarzning real oqibatlariga to‘g‘ri yondashuvning birinchi va eng yaxshi namunasi bo‘lib qoladi. Download 0.62 Mb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling