48-modda. Ijrochining huquqlarini boshqa shaxsga o‘tkazish
Ijrochining ushbu Qonun 47-moddasining ikkinchi qismida nazarda tutilgan huquqlari shartnoma bo‘yicha boshqa shaxslarga o‘tkazilishi mumkin. Bunday shartnomaga nisbatan tegishincha ushbu Qonunning 38, 39 va 42-moddalari qoidalari qo‘llaniladi.
Ijrolardan foydalanish uchun ruxsatnomalar ijrochi tomonidan, ijrochilar jamoasi ijro etganda esa ijrochilar jamoasining vakolatli vakili tomonidan yozma shartnoma tuzish orqali beriladi.
Ijrodan foydalanganlik uchun haq miqdori va uni hisoblab chiqarish tartibi ijrochining yoki ijrochilar jamoasi vakolatli vakilining foydalanuvchi bilan tuzilgan shartnomasida, bunday haqni yig‘ish ijrochilarning mulkiy huquqlarini jamoaviy asosda boshqaruvchi tashkilotlar tomonidan amalga oshirilgan hollarda esa bunday tashkilotlar foydalanuvchilar bilan tuzadigan shartnomalarda belgilab qo‘yiladi.
Audiovizual asar yaratish to‘g‘risida ijrochi va audiovizual asarni tayyorlovchi o‘rtasida shartnoma tuzilishi ijrochi tomonidan ushbu Qonun 47-moddasining ikkinchi qismida nazarda tutilgan huquqlar o‘tkazilishiga sabab bo‘ladi. Ijrochi tomonidan bunday huquqlarning o‘tkazilishi audiovizual asardan foydalanish bilan cheklanadi va, agar shartnomada boshqacha qoida nazarda tutilgan bo‘lmasa, audiovizual asarda qayd etilgan ovoz yoki tasvirdan alohida-alohida foydalanish huquqlarini o‘z ichiga olmaydi.
49-modda. Ijro yozuvini prokatga berish huquqi
Tijorat maqsadlarida chop etilgan, ijrosi ijrochi ishtirokida yozib olingan fonogrammani prokatga berish huquqi ijroni fonogrammaga yozib olish to‘g‘risida shartnoma tuzilganda fonogrammani tayyorlovchiga o‘tadi. Tijorat maqsadlarida chop etilgan fonogramma nusxalarini prokatga berishda ijrosi fonogrammaga yozib olingan ijrochi bunday fonogramma nusxalari prokati uchun haq olish huquqini saqlab qoladi.
Tijorat maqsadlarida chop etilgan audiovizual asar nusxalarini prokatga berishda ijrosi audiovizual asarga kiritilgan ijrochi bunday audiovizual asar nusxalarining prokati uchun haq olish huquqini saqlab qoladi.
Tijorat maqsadlarida chop etilgan fonogramma yoki audiovizual asar nusxalarini prokatga berishda haqni yig‘ish va taqsimlash ijrochilarning mulkiy huquqlarini jamoaviy asosda boshqaruvchi tashkilot tomonidan amalga oshirilishi mumkin. Haq miqdori bunday tashkilot bilan prokatga beruvchi tashkilot o‘rtasidagi kelishuvda belgilanadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |