2. Mustaqillik yillarida madaniy hayot. Istiqlol yillarida jismoniy tarbiya va sport ravnaqi
Istiqlol yillarida jismoniy tarbiya va sport ravnaqi
Download 280.01 Kb. Pdf ko'rish
|
MA’NAVIYAT VA MA’RIFAT-DAVLAT SIYOSATINING USTUVOR YO’NALISHI
3. Istiqlol yillarida jismoniy tarbiya va sport ravnaqi.
O’zbekistonning birinchi Prezidenti Islom Karimov davlat rahbari sifatida o’z faoliyatini boshlagan dastlabki davrda, Ittifoqning sport sohasidagi markazlashgan siyosatidan holi ravishda, o’zbek sportini mustaqil va jadal rivojlantirish harakatlari boshlandi. 1990 yil 24 mart kuni Oliy Kengashning birinchi sessiyasida Islom Karimov "Bundan buyon barcha rejalarimizda madaniyat, ma‟rifat, jismoniy tarbiya va sport birinchi darajali vazifalar qatoridan joy olishi lozim" (Karimov I.A. Demokratik islohotlarni yanada chuqurlashtirish va fuqarolik jamiyatani shakllantirish mamlakatimiz taraqqiyotining aso-siy mezonidir. 19 j. -T.: O’zbekiston, 2011. B. 96-97.), deb ta‘kidlagan edi. Albatga, bu davr tarixini o’rganish uchun o’tgan davrga ham nazar tashlab, haqqoniy baho berish kerak bo’ladi. O’rta Osiyo hududida jismoniy tarbiya va sport qadimdan rivojlanib kelgan va ular asosan aholining turmush tarzi bilan bog’liq bo’lgan. Dastlabki jismoniy harakatlarga tayyorgarlik o’zini, oilasini, Vatanini himoya qilish bilan bog’liq bo’lib, ulardan harbiy mudofaa maqsadida foydalanilgan. Mahalliy aholi orasida hozirgi ko’rinishdagi sport turlari uchramasa-da, milliy bayram va to’y-tomoshalarda erkaklar o’rtasida o’ziga xos musobaqalar tashkil etilgan. Xalq milliy o’yinlari (ko’pkari, uloq, chovgon, dorbozlik, kurash) bugungi kunga asl holicha yetib keldi. Aholining salomatligini yaxshilash, o’quvchi yoshlar va talabalarning jismoniy barkamolligini ta‘minlash, iqtidorli sportchilarning mahoratini davr talabi va xalqaro andozalar asosida takomillashtirib borish, shuningdek, ziyolilarning ish qobiliyati va mehnat unumdorligini oshirish, eng muhimi, sog’lom turmush tarzini shakllantirish, sog’lom avlodni tarbiyalashga alohida e‘tibor berildi. Respublikada sport sohasini rivojlantirishga yo’naltirilgan dasturlarning bosh maqsadi aholi barcha qatlamlarining jismoniy tarbiyaga qiziqishini oshirish va zarur shart-sharoitlar yaratish, deb belgilandi. Jismoniy tarbiya va sportning ijtimoiy-tarbiyaviy xususiyati shundaki, u inson salomatligini mustahkamlash, yosh avlodning jismoniy barkamolligi hamda sport mahoratini oshirishning muhim omili hisoblanadi. Uning tarixiy xususiyati esa ta‘lim-tarbiya va ijtimoiy turmushdagi afzalliklarni yanada takomillashtirishga xizmat qiluvchi muhim jarayon ekanligida. 1-bosqichda, 1991-2001 yillarda jismoniy tarbiya va sport sohasini rivojlantirishga qaratilgan tegishli qonunlar, Prezident Farmonlari va Vazirlar Mahkamasining qarorlari qabul qilindi. Ularda jismoniy tarbiya va sportning huquqiy, iqtisodiy, tashkiliy asoslari belgilanib, sport turlarini rivojlantirish chora-tadbirlari ko’rsatib berildi. Chunonchi, jismoniy tarbiya va sportni boshqarishning tashkiliy asoslari takomillashtirildi. O’zbekiston Milliy Olimpiya qo’mitasi hamda sport turlari bo’yicha federatsiyalar tashkil etildi, jismoniy tarbiya-sog’lomlashtirish, ommaviy sport, milliy sport turlari va o’yinlari rivojlantirildi. Respublikamizda MDHga a‘zo davlatlar ichida birinchilardan bo’lib, 1992 yil 14 yanvarda O’zbekiston Respublikasining Jismoniy tarbiya va sport to’g’risidagi Qonuni qabul qilindi. 1999 yil 27 mayda Vazirlar Mahkamasining O’zbekistonda jismoniy tarbiya va sportni yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to’g’risidagi Qarori qabul qilindi. Unda joylarda aholi salomatligini yaxshilash maqsadida sportsog’lomlashtirish klublari tashkil etish, ularning faoliyatiga sportning ommaviy, milliy turlari va xalq o’yinlarini keng joriy etish belgilandi. Shu yillarda ommaviy sport turlarini rivojlantirishga alohida e‘tibor berila boshlandi. Xususan, 1992 yildan milliy kurash bo’yicha jahon chempionatlari, 1994 yildan tennis bo’yicha Prezident kubogi xalqaro turniri, 1996 yildan Toshkent Open xalqaro ayollar turniri, shuningdek, Farg’ona, Samarqand, Guliston, Buxoro, Qarshi shaharlarida Chelenjer, Fyuchers va Satellit kabi xalqaro turnirlar o’tkazila boshlandi. Bundan tashqari, boks bo’yicha Osiyo chempionati (1996) va kurash, boks, sharq yakkakurashlari bo’yicha rasmiy musobaqalar, xalqaro turnirlar Toshkent, Buxoro, Qarshi, Termiz va boshqa shaharlarda o’tkazildi, ularda dunyo mamlakatlarining nufuzli sportchilari ishtirok etdi. Bu, o’z navbatida, ushbu sport turlariga bo’lgan qiziquvchilar sonining oshishi, ommaviyligining o’sishiga sabab bo’ldi. O’zbekiston mustaqil davlat sifatida xalqaro sport hamjamiyatiga a‘zo bo’lib kirish maqsadida 1992 yil 21 yanvarda Milliy Olimpiya qo’mitasi (MOQ)ni tashkil etdi. Xalqaro Olimpiya qo’mitasi (XOQ) xartiyasi asosida va jahon sport harakatining ilg’or tajribalariga tayangan holda MOQ Nizomi ishlab chiqildi va qabul qilindi. Olimpiya o’yinlarida mustaqil ravishda qatnashish oson bo’lmadi. 1992 yili Barselonada (Ispaniya) o’tkazilgan Olimpiya o’yinlarida respublikamiz mustaqil bo’lganiga qaramasdan, hali XOQ tarkibiga rasmiy ravishda a‘zo bo’lmaganligi sababli Mustaqil Davlatlar Hamdo’stligi (MDH) terma jamoasi tarkibida ishtirok etishga majbur bo’ldi. Bu o’yinlarda yurtimiz vakillari sport tarixida ilk bor 17 kishidan iborat jamoa bilan qatnashdi. Kam sonli bo’lishiga qaramasdan, sportchilarimiz Vatanimizga 3 ta oltin, 2 ta kumush va 1 ta bronza medallarini olib kelishga muvaffaq bo’ldilar (O.Chusovitina, R.Galiyeva sport gimnastikasi, M.Shmonina yengil atletika, A.Asraboyev miltiqdan o’q otish, S.Sirpov og’ir atletika, V.Zaxarevich qilichbozlik). 1993 yilda XOQning 101-sessiyasida O’zbekiston XOQ a‘zosi sifatida tan olinib, xalqaro sport hamjamiyatining to’laqonli subyektiga aylandi. Bu mamlakatimizga o’z jamoa va sportchilari bilan barcha xalqaro musobaqalarda, Olimpiya va Osiyo o’yinlarida mustaqil ravishda qatnasha olish imkonini berdi. Bu sport olamida eng muhim va olamshumul voqea bo’ldi. 1993 yildan buyon O’zbekiston MOQ tarkibida tashkil etilgan Olimpiya Akademiyasi olimpiya harakati, g’oyalari, jismoniy tarbiya va sport nazariyasi hamda amaliyotini o’rganish va ularni targ’ibot qilishga xizmat qilmoqda. O’zbekistonning xalqaro sport tarixidagi eng muhim voqea 1994 yil fevralida XVII qishki Olimpiya o’yinlarida respublikamiz sportchilari mustaqil ravishda birinchi marotaba qatnashishlari bilan boshlandi. Unda chang’ida akrobatik sakrash bo’yicha hamyurtimiz L.Cheryazova yana bir bor o’z mahoratini namoyish etdi va oltin medal sohibi bo’lib, O’zbekiston bayrog’ini baland ko’tarish va respublika madhiyasining yangrashiga erishdi. 1994 yil 2-15 oktabrda Yaponiyaning Xirosima shahrida XII Osiyo o’yinlari bo’lib o’tdi. Unda ilk bor O’zbekiston sportchilari ham ishtirok etdi, futbol bo’yicha mamlakatimiz terma jamoasi final uchrashuvida xigoylik futbolchilar ustidan g’olib keldi. Respublikamiz sportchilari ushbu o’yinlarda jami 40 ta medalni (10 ta oltin, 11 ta kumush, 19 ta bronza) qo’lga kiritdi. 1995 yil 3-8 sentabrda Toshkentda Markaziy Osiyo respublikalarining o’yinlari o’tkazildi. Tantanali ochilish marosimida XOQ Prezidenti X.A.Samaranch tabrik so’zi bilan qatnashdi. 1994-2001 yillarda Respublika Prezident kubogi uchun tennis bo’yicha xalqaro turnirlar, boks bo’yicha Osiyo chempionati (1996 yil sentabr), kurash, boks, sharq yakkakurashlari bo’yicha rasmiy musobaqalar bo’lib o’tdi. Ayniqsa, tennis bo’yicha Prezident kubogi xalqaro turnirida Marat Safin, Yevgeniy Kafelnikov, Tim Xenman, Karlos Moya kabi taniqli tennis yulduzlarining ishtirok etishi ushbu musobaqa nufuzini yanada oshirdi. Xalqaro tennis federatsiyasi bu turnirni Yilning eng a‘lo turniri, deb e‘tirof etdi. Vatanimizda sportning tennis turi rivojlandi. 168 ta tennis korti, eng zamonaviy Yunusobod tennis majmuasi barpo etildi. Yunusobod tennis saroyida 1994-2002-yillarda O‘zbekiston Prezidenti kubogi uchun 9 marta xalqaro tennis musobaqalari o’tkazildi. 1999-yilning iyul oyida Londonda o’tgan tennis bo’yicha yoshlar xalqaro turnirida toshkentlik sportchi Iroda To‘laganova „Uimbldon turnirida g’olib chiqib, kumush kubokning kichraytirilgan nusxasini qo’lga kiritdi. Mamlakatimizning xalqaro sport tashkilotlari bilan amaliy aloqalarida O’zbekiston Respublikasining birinchi Prezidenti Islom Karimovning hissasi katta bo’ldi. XOQ Prezidenti X.A.Samaranch O’zbekistonning olimpiya harakatiga qo’shayotgan ulkan hissasini yuqori baholab, Xalqaro Olimpiya Ko’mitasining bosh shtabi Lozannada (Shveysariya) Islom Karimovga Olimpiya oltin ordenini tantanali ravishda topshirdi. 1996 yil avgustda Toshkentda Olimpiya shon-shuhrati muzeyi ochildi. Unda mamlakatimiz sport tarixi, Olimpiya harakati, sportchilar erishgan yutuqlar o’z ifodasini topdi. XOQning Prezidentimiz Islom Karimovga topshirgan "Olimpiya oltin ordeni", Osiyo Olimpiya kengashining "Oltin ordeni", beshta qita ramzi bo’lgan oltin zanjir va kumush plastina, Xalqaro havaskorlar kurash federatsiyasining "Oltin marjoni" hamda ko’plab sportchilarning g’oliblik nishonlari muzey eksponatlari qatoridan o’rin oldi. 1996 yilda XXVI yozgi Olimpiya o’yinlarida (Atlanta, AQSH) O’zbekiston sportchilari mustaqil jamoa sifatida ilk bor qatnashdi. Unda 76 nafar sportchi ishtirok egib, 13 sport turi bo’yicha bellashuvlarda qatnashdilar. O’zbekiston medallar soni bo’yicha 197 mamlakat ichida 58-o’rinni egalladi. A.Bagdasarov dzyudo bo’yicha kumush medalga, K.To’laganov boks bo’yicha bronza medaliga sazovor bo’ldi. Boshqa sport turlarida ham sportchilarimiz yaxshi natijalarga erishib, kuchli o’nlikdan joy olishga muvaffaq bo’lishdi. Ushbu Olimpiya o’yinlarida g’oliblikni qo’lga kiritgan sportchi va murabbiylar O’zbekiston Prezidenti Farmoniga ko’ra orden va medallar bilan taqdirlandi. 1998 yil XIII Osiyo o’yinlarida (Bangkok) respublikamiz sportchilari 21 tur bo’yicha bellashishdi, umumiy hisobda 10 o’rinni egalladilar. V.Shin boshchiligidagi bokschilar jamoasi a‘zolari: M.Abdullayev, S.Mixaylov, R.Chagayev Osiyo o’yinlari chempioni bo’lishdi. Suv sporti turlarida jamoalarimiz 2-3-o’rinlarni egalladi. Yengil atletikachilarimiz 6 ta oltin, 2 ta kumush, 12 ta bronza medalini qo’lga kiritishdi. 1999 yil Toshkentda boks bo’yicha Osiyo chempionati bo’lib o’tdi. Unda D.Yo’ldoshev, A.Rahimov, T.Turgunov, S.Mixaylov, R.Chagayev, R.Saidovlar oltin medalga sazovor bo’lishdi. Shu yil Xyustonda boks bo’yicha jahon chempionati bo’lib o’tdi. O’.Haydarov va M.Abdullayevlar jahon chempioni unvoniga sazovor bo’ldilar. Mustaqillik yillarida L.Cheryazova (fristayl), A.Taymazov (erkin kurash), O.Chusovitina (sport gimnastikasi), A.Bagdasarov (dzyudo), R.Qosimjonov (shaxmat), A.Ryaxov (baydarkada suzish) kabi ko’plab sportchilar jahon chempionatlarida muvaffaqiyatli qatnashib, davlatimiz sporti sharafini dunyoga tarannum etdilar. Sidney (Avstraliya) shahrida XXVII Olimpiya o’yinlari 2000 yil 15 sentabrdan 1 oktabrgacha davom etdi. Unda O’zbekistondan 77 nafar sportchi sportning 13 turi bo’yicha qatnashdi. Umumiy medallar soni bo’yicha O’zbekiston 41-o’rinni, Osiyo mintaqasidagi davlatlar orasida esa 7-o’rinni egalladi. Boks bo’yicha sportchilar g’oyat qattiq kurash olib borishdi. Muhammadqodir Abdullayevga oltin medal, erkin kurashchi Artur Taymazovga kumush medal nasib etdi. Bokschilar Sergey Mixaylov va Rustam Saidov bronza medallari sohibi bo’ldilar. 1998 yili "Alpomish" dostonining 1000 yilligiga bag’ishlab Termizda "Alpomish o’yinlari" respublika festivali bo’lib o’tdi. 2000 yildagi festival Farg’ona shahrida, uchinchi festival esa Guliston shahrida 2002 yilda tashkil etildi. Xalq milliy o’yinlari respublika musobaqalari va "Alpomish o’yinlari" dasturlaridan kurash, poyga, ko’pkari (uloq), "Bo’ron", arqon tortish, bilak kuchini sinash, "Mindi", "Qirqtosh" (qizlar o’yini) kabi harakatli o’yinlar o’rin oldi. Ushbu milliy o’yinlar festivallarini o’tkazishdan maqsad qadimiy an‘ana va urfodatlarimizni asrash, avloddan-avlodga o’tib kelayotgan milliy tadbirlarni tiklash, kelajak avlod uchun ularni asl holida yetkazib berishdan iborat. 1998-yil may oyida mamlakatimiz alpinistlari Himolay tog’ining eng baland Everest cho’qqisiga chiqib, O‘zbekiston dovrug’ini dunyoga taratdilar. 1999-yilda Germaniyada yoshlar o’rtasida bo’lib o’tgan karate bo’yicha xalqaro turnirda 200 mamlakatdan 900 nafar sportchilar qatnashdi. Unda ishtirok etgan O‘zbekiston komandasi faxrli uchinchi o’rinni egalladi. 2002 yil 24 oktabrda O’zbekiston Respublikasi Prezidentining O’zbekiston Respublikasi bolalar sportini rivojlantirish jamg’armasini tuzish to’g’risidagi Farmoni e‘lon qilindi. Bolalar jismoniy tarbiya va sportini rivojlantirish borasida davlat siyosatini ishlab chiqish va amalga oshirish, o’sib kelayotgan yosh avlodni jismoniy kamolotga intiltirish, vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, qishloq joylarda sportning moddiy-texnik bazasini shakllantirish, zamonaviy sport majmualarini barpo etish, tibbiyot muassasalari va tashkilotlari bilan hamkorlikda ish olib borish jamg’armaning asosiy vazifasi deb belgilandi Mustaqillik yillarida respublikamizning barcha viloyat, shahar va tumanlarida sportni ommalashtirish va rivojlantirish maqsadida sport inshootlari qurilishi jadallashdi. Respublikada bugungi kunda 51198 ta sport inshootlari ommaviy sport hamda bolalar sporti rivojlanishiga xizmat qilmoqda. O’quvchi va talaba yoshlarning Umid nihollari, Barkamol avlod, Universiada sport musobaqalarini uch bosqichda o’tkazish an‘ana tusini oldi. 2000 yilda Namanganda birinchi universiada sport musobaqalari bo’lib o’tdi. Dastlabki "Barkamol avlod" sport musobaqasining final qismi 2001 yilda Jizzax shahrida, 2003 yilda Andijonda, 2005 yilda Toshkent viloyatida, 2008 yilda Nukus, 2011 yilda Surxondaryo, 2014 yilda Namanganda o’tkazilib, bo’lajak kasb-hunar egalarining jismoniy barkamolligi sinovdan o’tkazildi. Mustaqillikning dastlabki yillarida respublika miqyosidagi 14577 ta jismoniy jamoalarda 5,5 mln. kishi jismoniy tarbiya va sport bilan shug’ullangan bo’lsa, 2012 yilga kelib jismoniy jamoalar soni 16 425 ta, shug’ullanuvchilar soni 7,2 mln. nafarga yetdi Mustaqillik yillarida Prezident va hukumat tomonidan xotin-qizlar salomatligi, ularning ijtimoiy-moddiy jihatdan ta‘minlanishi va doimiy ravishda tibbiy xizmat ko’rsatishni yaxshi yo’lga qo’yish kabi masalalar borasida olib borilayotgan ibratli tadbirlar ham e‘tiborga molik. Bugungi kunda ijtimoiy turmush va madaniy hayotda ayollarning o’rni beqiyos va katta ahamiyat kasb etmoqda. Har yili xotin-qizlarning 8 Mart bayramiga bag’ishlab vazirlik va tashkilotlar o’rtasida ayollar sporti o’n kunligini o’tkazish yaxshi an‘anaga aylandi. Mazkur musobaqalarda stol tennisi, badmingon, shaxmat, shashka, badiiy gimnastika va yengil atletika bo’yicha 1 milliondan oshiq xotin-qizlar faol ishtirok etmoqda. Oksana Chusovitina (sport gimnastikasi), Iroda To’laganova, Oqgul Omonmurodova (tennis), Saida Burxonxo’jayeva (stol tennisi), Zarina Muhitdinova, Ulyana Trofimova, Zamiraxon Sanaqulova (badiiy gimnastika), Yekaterina Xilko (tramplin), Yulduz Hamroqulova (shaxmat), Go’zal Xubbiyeva, Svetlana Radzivillar (yengil atletika) jahon sporti yulduzlariga aylanishdi. Sport maktablari va turli jamoalarda mahalliy millat qizlarining ishtiroki kengayib bormoqda. Jismoniy tarbiya va sport bilan shug’ullanuvchi xotin-qizlar soni 1996 yilda 1180 kishini tashkil qilgan bo’lsa, 2012 yilga kelib ularning soni 3 237 169 ga yetdi. 2002 yil 29-sentabr – 14-oktabr kunlari Pusanda (Koreya) o’tkazilgan XIV Osiyo o’yinlarida sportchilarimiz katta g’alabaga erishganlarini alohida ta‘kidlash zarur. Ular sportning 24 turi bo’yicha muvaffaqiyat bilan qatnashib, 15 ta oltin, 12 ta kumush, 24 ta bronza medallarini qo’lga kiritib, qirqdan ortiq mamlakatlar orasida faxrli beshinchi o’rinni egalladilar. Bu Osiyo o’yinlarida ko’rsatilgan eng yaxshi natija bo’ldi. 2004-yil 18-iyun – 13-iyulda Liviya poytaxti Tripoli shahrida bo’lib o’tgan shaxmat bo’yicha jahon chempionatida 56 mamlakatdan 128 nafar shaxmatchi qatnashdi. Ular orasida hamyurtimiz, xalqaro grossmeyster Rustam Qosimjonov ham bor edi. Rustam Qosimjonov barcha da‘vogarlar ustidan g alaba qozonib, jahon chempioni degan yuksak unvonni qo’lga kiritdi. Bu g’alaba butun xalqimizga cheksiz quvonch va g’urur iftixor bag’ishladi. 2004 yil 4-26-avgust kunlari Afinada (Gretsiya) o’tkazilgan XXVIII Olimpiya o’yinlarida mamlakatimiz sportchilari munosib ishtirok etib, A.Doktorashvili oltin (yunon-rum kurashi), A.Taymazov oltin (erkin kurash), M.Ibragimov bronza (erkin kurash), B.Sultonov kumush (boks), O’.Haydarov bronza (boks) medallariga sazovor bo’lishdi. 2006 yil 1-15-dekabrda mamlakatimiz terma jamoasi Doxada (Qatar) XV Osiyo o’yinlarida qatnashib, umumjamoa hisobida 7-o’rinni egalladi. 2008 yil 8-24-avgust kunlari Pekinda o’tkazilgan XXIX yozgi Olimpiya o’yinlarida 205 davlatdan 10500 sportchi qatnashdi. Mamlakatimiz sharafini 15 sport turi bo’yicha 58 nafar sportchi himoya qilib, umumjamoa hisobida 40-o’rinni egalladilar. Artur Taymazov ikki karra Olimpiya chempioni unvoniga sazovor bo’lib, oltin medalni qo’lga kiritdi. Uning jamoadoshi Soslan Tigiyev kumush, Rishod Sobirov bronza (dzyudo), Anton Fokin bronza (sport gimnastikasi), Yekaterina Xilko bronza (trampolin) medali sohiblari bo’ldilar. 2010 yil 12-27-noyabrda Guanjouda (Xitoy) o’tkazilgan XXI Osiyo o’yinlarida ham sportchilarimiz muvaffaqiyatli qatnashib, umumjamoa hisobida 8-o’rinni egalladi, jami 56 ta (11 ta oltin, 22 ta kumush va 23 ta bronza) medal qo’lga kiritildi. O‘zbekiston futbol federatsiyasining xalqaro toifadagi hakami Ravshan Ermatov o’zbek futbolining shuhratini jahonga tanitish, xalqaro maydonda uning nufuzini yuksaltirishda ibrat va namuna ko’rsatmoqda. 2010 yil JARda va 2014 yil Braziliyada bo’lib o’tgan futbol bo’yicha jahon chempionatida vatandoshimiz Ravshan Ermatov o’ta mas‘uliyatli uchrashuvlarga hakamlik qilib, O’zbekiston davlatini butun dunyoga mashxur qildi. FIFA referisi Ravshan Ermatov O‘zbekiston milliy futbol hakamlari maktabini rivojlantirish ishiga qo’shgan munosib hissasi uchun O‘zbekiston iftixori faxriy unvoni bilan mukofotlandi. 2012 yilning iyul oyida Buyuk Britaniyaning London shahrida XXX-yozgi Olimpiada o‘yinlari bo’lib o’tdi. Unda erkin kurashchi Artur Taymazov uch karra Olimpiya chempioni unvoniga sazovor bo’ldi. 2013 yili o’zbek shaxmatining yosh vakillari Bahora Abdusattorova 14 yoshgacha bo’lgan jahon chempionatida ikkinchi o’rinni, 5 yoshli Islombek Sindarov va 8 yoshli Nodirbek Abdusatgorov Osiyo chempionlari bo’lishdi. 2017 yil ayniqsa o’zbek milliy kurashi tarixida yorqin sahifa bo’ldi. Sentabr oyida Turkmanistonda bo’lib o’tgan Osiyo olimpiya kengashi Bosh assambleyasi yig’ilishida ushbu milliy sport turini Osiyo o’yinlari dasturiga kiritish haqida qaror qabul qilindi. 2018 yil Indoneziyada bo’lib o’tgan 18-Osiyo o’yinlarida qit‘amiz sportchilari o’zbek milliy kurashi bo’yicha ham o’zaro bellashdilar. Endi jahon sport maydonlarida “halol”, “g’irrom”, “chala”, “yonbosh” degan so’zlar jaranglab, o’zbek nomini, O’zbekiston nomini dunyoga tarannum etmoqda. 2018 yil yanvarda XXRda bo’lib o’tgan futbol bo’yicha 23 yoshgacha bo’lgan yoshlar o’rtasida Osiyo chempionatida O’zbekiston yoshlar terma jamoasi g’olib bo’ldi. 2019 yilda 16 martda poytaxtimizda Humo muz sporti saroyi, shuningdek, Toshkent viloyatida Amirsoy zamonaviy dam olish maskani ishga tushirildi. 2021-yil Yaponiya poytaxti Tokio shahrida bo’lib o’tgan yozgi olimpiya o’yinlarida o’zbekistonlik sportchilar 3 ta oltin (U.Rashidov (tekvondo), A.Jo’rayev (shtanga), B.Jalolov (boks) va 2 ta bronza (D.Bobonov (dzyudo), B.Abduraxmonov (kurash) madalini qo’lga kiritdilar. O’zbekistonlik sportchilar umumjamoa hisobida jahonda 32, Mustaqil Davlatlar Hamdo’stligi davlatlari orasida uchinchi va Markaziy Osiyo mamlakatlari orasida birinchi o’rinni egallashga muvaffaq bo’lishdi. Xulosa qilib aytganda, mustaqillik yillarida O’zbekistonda jismoniy madaniyag va sport ishlarini rivojlantirishga alohida e‘tibor qaratildi. Mazkur ishlarni amalga oshirish uchun yetarli darajada huquqiy-meyoriy hujjatlar ishlab chiqilib, ular asosida sportni rivojlantirish, xalqaro musobaqalarda qatnashish bilan birga, milliy sport turlarini targ’ib qilish faollashdi. Yuqorida aytib o’tilgan qaror va farmonlarning amalda bajarilishi natijasida sport davlat siyosatining muhim yo’nalishi ekanligini, uning tobora yuksalib borayotgan o’rnini yurtimizda sog’lom turmush tarzini targ’ib qilish, insonlarning yoshi, jinsi, millatidan qat‘i nazar, sportga jalb etish, sportdagi erishilgan yutuqlar milliy g’ururning oshishiga xizmat qilayotganini ko’rishimiz mumkin. Download 280.01 Kb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling