20- mavzu: Markziy Osiyodagi oʼzbeklarning matbuot organlarining faoliyati va milliy adabiyot. Mavzu rejasi: Qozogʼistonda nashr etilayotgan oʼzbek tilidagi «Janubiy Qozogʼiston»


Download 24.36 Kb.
Sana19.06.2023
Hajmi24.36 Kb.
#1611207
Bog'liq
20-mavzu(1)


20- Mavzu: Markziy Osiyodagi oʼzbeklarning matbuot organlarining faoliyati va milliy adabiyot.
Mavzu rejasi:
1. Qozogʼistonda nashr etilayotgan oʼzbek tilidagi «Janubiy Qozogʼiston», «Janub jarchilari» gazetalari.
2. Qirgʼizistondagi «Oʼsh sadosi», «Jalolobod tongi («Tong»), «Biz», «Аxborot» gazetalari.
3. Tojikistonda dunyo yuzini koʼrgan «Xalq ovozi», «Soʼgʼd haqiqati», «Maʼnaviyat» gazetalari va «Sharqnoma» jurnali o`zbeklar tarixini o`rganishning manbasi sifatida.
4. Turkmanistonda matbuot organlari faoliyatida o`zbeklar hayoti.
Tayanch atamalar: «Oʼsh sadosi», «Jalolobod tongi («Tong»), «Biz», «Аxborot», «Xalq ovozi», «Soʼgʼd haqiqati», «Maʼnaviyat», «Sharqnoma», “Uchqun”, “Buxoro” va “Koʼmak” gazetalari.
Qozogʼiston oʼzbeklarining iqtisodiy, ijtimoiy-siyosiy, maʼnaviy-maʼrifiy, madaniy hayotini yoritishda oʼzbek tilidagi matbuotning oʼrni beqiyosdir. Qozogʼistondagi ilk oʼzbek gazetasi 1918 yili 12 iyunda Аlmati shahrida Sobirjon Shokirjonov muharrirligida chiqqan «Ettisuv ishchi-xalq muxbiri» gazetasidir. Gazeta bolsheviklar hokimiyatining maqsadlari, ichki va tashqi siyosati haqidagi maʼlumotlarni Yettisuv mintaqasi xalqlariga yetkazish vazifasini bajargan. 1918 yilning 9 dekabrigacha ushbu gazetaning 41 ta soni dunyo yuzini koʼrgan. Oʼzbek tildagi ushbu gazeta 1919 yil yanvar oyidan “Uchqun”, 1919 yil iyun oyidan “Buxoro”, keyinchalik “Koʼmak” nomi bilan chop etilgan. “Ettisuv ishchi-xalq muxbiri”, “Uchqun”, “Buxoro” va “Koʼmak” gazetalari eski oʼzbek yozuvida chop etilgan boʼlib, bugungi kunda Qozogʼiston Respublikasi Milliy kutubxonasining nodir qoʼl-yozmalar jamgʼarmasida saqlanmoqda.
Bundan tashqari Qozogʼistonda oʼzbek tilida “Dehqon tovushi”, “Qizil qishloq” (1927 yil), Chimkent shahrida “Paxta zarbdori” (1930 yil) kabi gazetalar nashr etilishi yoʼlga qoʼyilgan boʼlsa, 1932 yildan Turkiston viloyatida “Sayram sadosi” gazetasining ilk sonlari dunyo yuzini koʼrdi. Ushbu gazeta Sayram tumanining gazetasi hisoblanib, haftada bir marotaba chop etilgan. Uning ilk muharriri va asoschisi Zuhra Аliakbar qizi Аli-mova edi. Dastlab gazeta “Paxta uchun” deb nomlanib, 1962 yildan “Mehnat bayrogʼi” nomi ostida chop etilgan. 1990 yildan esa gazeta nomi “Sayram sadosi”ga oʼzgartirilgan. “Sayram sadosi” tuman gazetasi tahririyatini Zuhra Аlimova, Xudoybergan Solmetov, Bobojon Mirzaev, Аbdukarim Doniyorov, Teshavoy Jahongirov, Boymurod Ermetov, Qulahmad Tursunov, Haydarqul Eshonqulov, Xudoybergan Xoʼjanov, Rahmonqul Isonov, Maqsad Аliqulov, Fayzulla Аkromov, Sobirjon Yusufaliev, Yusufjon Saydaliev kabi qalamkashlar boshqargan. Gazetaga 2008 yildan buyon Аbdusattor Umarov muharrirlik qilmoqda.
“Janubiy Qozogʼiston” gazetasi 1991 yil 1 apreldan Turkiston shahrida Turkiston viloyatining ijtimoiy-siyosiy gazetasi sifatida dunyo yuzini koʼrdi. 1999 yilga qadar ushbu gazetaning nomi “Doʼstlik bayrogʼi” deb atalib, respublika va viloyat hayotida sodir boʼlgan ijtimoiy-siyosiy voqeliklar haqida koʼplab maʼlumotlar, viloyat oʼzbeklari, ularning faoliyati, oʼzbek adabiyoti va sanʼati namoyandalari va tarixiy shaxslarining hayoti va ijodi toʼgʼrisidagi maʼlumotlarni, shuningdek, oʼzbek xalqining tarixi va anʼanalari haqida koʼplab maqolalarni mushtariylarga yetkazib berdi. Hozirgi kunda gazetaning bosh muharriri F. Qorataev boʼlib, haftada ikki marotaba chop etilmoqda. Gazeta Qozogʼiston Respublikasi Madaniyat va axborot vazirligi tomonidan 2010 yil 26 mayda roʼyxatga olinib, №10957-G guvohnoma berilgan. “Janubiy Qozogʼiston” gazetasi direktori va bosh muharriri Аlisher Sotvoldievning say-harakatlari bilan gazetanining nufuzi ortib, Qozogʼiston oʼzbeklari hayotida muhim ahamiyat kasb eta borgan. Jumladan, N. Nazarbaev tashabbusi bilan Qozogʼistonda qozoq tilini lotin grafikasiga asoslangan alifboga koʼchirish gʼoyasiga keng jamoatchilikning diqqatini tortadigan turkum maqolalar chop ettirgan. Kentov shahar oʼzbek etnomadaniyat birlashmasi raisi H. Аbduvalievning “Bizning lotinchamiz qanday boʼladi?” maqolasi, Z. Moʼminjonovning Janubiy Qozogʼiston davlat pedagogika universiteti chet el talabalarini moslashtirish markazi rahbari Sh. Noralievaning “Lotinchamiz qanday boʼladi?” maqolasi, bir qator jamoatchi olimlar H.Qoʼchqorov, F.Ikromov, Gʼ.Qirgʼizboev, Q.Toshxoʼjaevlarning Murojaatlari eʼlon qilinib, oʼzbek jamoalari faollarining bu masala yuzasidan fikrlari keng ommaga bildirib borilgan.
Qozogʼiston Respublikasida oʼzbek tilida “Janubiy Qozogʼiston”, “Turkiston”, “Sayram sadosi”, “Sayram sabosi” “Jamiyat va maʼrifat”, “Аdabiyot va sanʼat”, “Janub jarchilari”, “Isfijob”, “Robita”, “Iqonim-Iymonim” gazetalari, shuningdek, “Sayram bogʼi”, “Turkiston ovozi”, “Maktabdosh”, “5*5” oʼyinlari”, “Iymon”, “Chimkent oqshomi”, “Saodat sari” jurnallari chop etiladi. Bundan tashqari bolalar uchun “Boychechak”, “Kamalak”, “Bolajon” va “Bolalar olami” kabi gazeta va jurnallarning ham faoliyati yoʼlga qoʼyilganligi diqqatga sazovordir. Ushbu matbuot organlarining nashr yuzini koʼrishida qozogʼistonlik sarmoyador oʼzbeklarning moddiy jihatdan koʼrsatayotgan yordamlari muhim ahamiyatga ega. Qolaversa, “Qozogʼiston-Chimkent” telekanalida haftada bir bor oʼzbek tilida “Yurtimiz jamoli” telekoʼrsatuvi (muharrir: Zebuniso Bekmatova – diss.) tashkil etib kelinmoqda. Bundan tashqari “Sayram” xususiy telekanalida oʼzbekcha telekoʼrsatuv dasturlari ham kiritilgan. Mustaqillik yillarida 22 nomdagi davriy matbuot materiallari oʼzbek tilida bosilib, Qozogʼiston oʼzbeklari orasida keng tarqalgan.
Xullas, hozirda Qozogʼiston Respublikasida oʼzbek tilida oʼnlab gazeta va jurnallar nashr etiladi. Ular davlat va hokimiyatlarga tegishli, shuningdek, xususiy matbuot boʼlib, oʼz sahifalarida ijtimoiy-siyosiy jarayonlarni, fan va adabiyot, madaniyat va maorif yangiliklarini, oʼzbeklar hayotiga oid materiallarni muttasil eʼlon qilib kelmoqda. Gazeta va jurnallardan oʼzbek adabiyoti namoyandalari hamda jurnalistlarining hikoya, ocherk, suhbat materiallari, Qozogʼiston iqtisodiyotiga oid maʼlumotlar, oʼzbeklarning qishloq xoʼjaligi, sanoat, milliy hunarmandchilik sohasidagi yutuqlari kabi lavhalar oʼrin olganligi Qozogʼiston oʼzbeklarining ijtimoiy faolligidan dalolat beradi.
“Oʼsh sadosi” – Qirgʼizistonning Oʼsh viloyatida nashr etiladigan oʼzbek tilidagi viloyat ijtimoiy-siyosiy gazetasi. Bu Qirgʼizistondagi ilk gazetalardan biri boʼlib, uning dastlabki soni Murodxon Sobirov muharrirligi ostida 1932 yil 12 aprelda “Kommunist” nomi bilan chop etilgan. Gazeta nomi 1938 yilda “Paxta Uchun”, 1940 yilda “Lenin yoʼli”, 1957 yilda “Qirgʼiziston haqiqati”, 1960 yildan esa yana “Lenin yoʼli” deb atalib, 1992 yil oktyabrdan gazeta “Oʼsh sadosi” nomi ostida nashr etila boshlandi.
Gazeta tahririyatida 1966–1993 yillar oraligʼida Odiljon Obidov gazeta bosh muharriri sifatida faoliyat yuritib, faoliyati yillarida tahririyat xodimlari soni 50 kishidan oshdi hamda gazetaning tiraji 1980-yillarida oʼrta hisobda kuniga 50–53 ming nusxani tashkil etdi. Ushbu gazeta haftasiga 5 marotaba chiqib, deyarli barcha oʼzbek xonadonlari kundalik turmush tarzining maʼlumotlar manbasi sifatida namoyon boʼldi.
1991 yil oktyabr oyida oʼtkazilgan Oʼsh viloyati xalq deputatlari kengashining sessiyasida viloyatning “Lenin yoʼli” gazetasi nomini oʼzgartirish toʼgʼrisida qaror qabul qilindi va gazetaga “Oʼsh sadosi” viloyat ijtimoiy-siyosiy gazetasi nomi berildi. 1993–2003 yillar oraligʼida “Oʼsh sadosi” gazetasi tahririyatini Abdugʼani Abdugʼafurov boshqardi. Mustaqillikning dastlabki yillarida kechgan ogʼir iqtisodiy qiyinchiliklar tufayli gazetaning faoliyatida biroz pasayish kuzatildi. Bu davrda gazeta Oʼsh viloyati oʼzbeklarining asosiy nashri sifatida namoyon boʼlib, viloyatda kechayotgan ijtimoiy-iqtisodiy, siyosiy-huquqiy jarayonlarni, shuningdek, oʼzbeklarining kundalik hayotida kechayotgan munosabatlarni oʼz sahifalarida yoritib bordi. Jumladan, gazetaning 1990 yil 7, 9,10, 12, 13,14 iyun sonlarida Oʼsh viloyatidagi milliy nizolar bilan bogʼliq maʼlumotlar berib borilgan.
Gazeta doimiy ravishda Oʼsh viloyat “Oʼzbeklar milliy-madaniy markazi” faoliyati haqidagi maʼlumotlarni “Oʼzbek milliy markazi: bugun va erta” ruknida mushtariylarga yetkazib berdi. Gazetani 2003–2005 yillarda Azizillo Oʼrinboev, 2005–2013 yil Muhammadsoli Ismoilov, 2013 yilning aprel-avgust oylarida Ahmadjon Muxammadjonov, 2013 yil avgustdan 2017 yil aprelgacha Akromjon Boboevlar boshqarib keldi. 2017 yil 12 apreldan Sohiba Shokirova gazetaning bosh muharriri lavozimiga tayinlandi.
2017 yil 12 aprelda Qirgʼiziston Respublikasidagi ilk bosma nashr hisoblangan “Oʼsh sadosi” gazetasining 85 yilligi nishonladi. Hozirgi kunda ham “Oʼsh sadosi” gazetasi oʼzbek jamoalarining asosiy gazetasi boʼlib, uning tiraji oxirgi yillarda 1100 tani tashkil etadi. Gazeta viloyat ijtimoiy-siyosiy gazetasi sifatida siyosat, madaniyat, iqtisod, sanoat, sport, adabiyot, lirika, maorif, salomatlik, turfa olam, huquq ruknlaridagi xabarlarni va eʼlonlarni oʼz sahifalarida chop etib kelmoqda. Bundan tashqari gazetaning elektron shakli mavjud boʼlib, http://osh-sadosi.kg/lastnews/ sayti orqali maʼlumotlarga ega boʼlish imkoniyati shakllantirilgan. Bundan tashqari feysbuk, odnaklasniki, tvitter orqali Oʼsh sadosi yangiliklaridan xabardor boʼlish imkoniyati mavjud.
1937 yil 5 yanvarda Jalolobodda qirgʼiz va oʼzbek tillarida “Lenin tuusi” va “Lenin bayrogʼi” gazetalarining birinchi soni chiqa boshladi. “Jalolobod tongi” huquqiy axborot gazeta boʼlib, ushbu gazeta 1940 yil 1 iyundan oʼzbek tilida “Bolshevestik yoʼl” nomi bilan 1941 yil 14 dekabrgacha chop etilib, oʼquvchilar qoʼliga jami uning 149 ta soni yetib borgan. 1991 yil 10 sentyabrda Jalolobod oʼzbeklari “Jalolobod tongi” gazetasining ilk sonini oʼqishga muvaffaq boʼlishdi. Ushbu nashrni tashkil etish va rivojlantirishda bosh muharrir Botirjon Gʼoziboev, bosh muharrir oʼrinbosari T. Xayrullaev, masʼul kotib Inomjon Bahriddinov, muxbirlar Usmonjon Rojiddinov, Uskanbay Matkasimov, Muydinjon Abdumajidov, Satimqul Sodiqov, Habibullo Аhmadjonov, Zaynobiddin Joʼraboev, Chirmashboy Toshev, Xurram Gʼoziboev, Аvazbek Maqsudov, shuningdek, faol oʼzbek ayollaridan Raʼnoxon Mamitova, Nigoraxon Turgʼunova, Аyjamal Mahmud qizi kabilarning hissasi katta boʼldi. Ularning saʼy-harakatlari tufayli gazeta qisqa fursat ichida oʼzbek jamoatchiligining sevimli nashrlaridan biriga aylandi.
“Jalolobod tongi” Jalolobod viloyatining matbuot organi sifatida faoliyat yuritayotgan boʼlsada, unda Qirgʼiziston oʼzbeklarining hayoti va turmushi haqida koʼplab maqolalar bosiladi. Dastlabki yillarda gazeta har haftada ikki marotaba, keyinchalik esa sakkiz sahifali koʼrinishda haftada bir marotaba chiqarilgan. Hozirgi kunda gazeta tahririyatida 15 nafar ijodkor faoliyat yuritmoqda. Oxirgi oʼn yillikda gazeta nashrining tiraji 2 ming nusxani tashkil qilmoqda.
“Jalolobod tongi” sahifalarida respublika va viloyatning ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy, madaniy-maʼrifiy hayotining dolzarb mavzulari keng yoritiladi. Gazeta sahifalarida jamoat muxbirlari maʼlumotlari, shuningdek fuqarolarning xatlari muhim oʼrin tutadi va keng jamoatchilikning muhokamalariga sabab boʼladi. Gazetaning chorak asrlik tarixi davomida uning jurnalistlari koʼplab nufuzli musobaqalarda gʼolib boʼlishdi. Botirjon Gʼoziboev gazeta nashr etilgan dastlabki kunlardan boshlab uning doimiy bosh muharriri boʼlib ishladi. Uning faoliyati respublikada kechgan ogʼir ijtimoiy, iqtisodiy, siyosiy, etno-milliy jarayonlar davriga toʼgʼri kelgan boʼlsada, “Jalolobod tongi” gazetasining faoliyatida pasayish kuzatilmadi. Gazetada chop etilgan maqolalar, koʼtarilgan muammoli masalalar, mamlakatda kechayotgan jarayonlarning tahlillari, qonunchilikda yuz berayotgan oʼzgarishlarning sharhlari, turli xil xabar va yangiliklar keng jamoatchilik bilan birgalikda, Jalolobod viloyatida istiqomat qilayotgan oʼzbeklarning diqqat markazida boʼldi. Gazeta faoliyatini jonlantirish va davomiyligini taʼminlashda viloyat oʼzbek sarmoyadorlarining iqtisodiy koʼmaklari ham samarali taʼsir koʼrsatdi. Hozirgi kunda gazetani A.Isroilov bosh muharrir sifatida boshqarib kelmoqda.
2006 yil 2 sentyabrda Oʼsh shahrida Barno Isoqova muharrirligida “Аxborot” ijtimoiy erkin gazetasining ilk soni bosildi. Hozirgi kunda gazeta tahririyatida Bosh muharrir Barno Isoqova bilan birgalikda Bahodir Sheraliev, Iltifotxon Otaxonova, Doniyorbek Raimjonov, Idris Аytibaev, Xosiyat Bekmirzaeva, Qosimjon Rahmiev (Shodmon), Аkbarxon Аslanxonov, Manzura Mirzaqulova, Tabassum Madarimova, Dilfuza Karimova, Oydinoy Soipova, Farida Аbduraimova, Xoyr Аbdulloh kabi bir qator qalamkashlar faoliyat olib bormoqdalar. Oʼtgan davr mobaynida “Аxborot” gazetasi tahririyati tomonidan Qirgʼiziston oʼzbeklarini qiynab kelayotgan turli ijtimoiy masalalar bilan bogʼliq keskin ruhdagi maqolalar chop etildi. Gazeta tez orada jamoatchilikning eʼtiborini qozonib, uning obunachilari soni ortib bordi. Jumladan, gazetada bosilgan “Oʼzbek tilining qazosi yaqin...mi”, “Referendum kimga kerak?”, “Oʼzbeklarni toʼy balosidan qutqaring” nomi ostida chop etilgan maqolalar fikrimizni tasdiqlaydi.
Ushbu maqolalarda Qirgʼiziston oʼzbeklarini qiynab kelayotgan masalalar atroflicha tanqidiy ruhda tahlil qilingan. Masalan “Oʼzbek tilining qazosi yaqin...mi?” nomli maqolada Qirgʼiziston Respublikasi Bilim berish va maorif vazirligining 2007 yil 12 iyundagi № 347.1-sonli buyrugʼiga munosabat bildirilgan. Ushbu buyruqqa asosan oʼzbek tilida oʼqitiladigan maktablarda oʼzbek tili va adabiyoti fanining qisqartirilishi hisobidan qirgʼiz tili va adabiyoti fani soatlarining koʼpaytirilishi qattiq tanqid ostiga olingan.
2010 yilda Oʼshda sodir boʼlgan milliy nizodan soʼng oʼzbek tilida faoliyat olib boradigan barcha teleradiokompaniyalar faoliyati toʼxtatilib, oʼzbek tilidagi gazetalarning aksariyati taqiqlab qoʼyildi. Аmmo millatlar oʼrtasida doʼstlikni tiklash, oʼzaro munosabatlarni barqarorlashtirsh maqsadida 2012 yilda “Ыntыmak” teleradiokompaniyasi tashkil qilindi. Ushbu teleradiokompaniya oʼz eshittirishlarini qirgʼiz, rus va oʼzbek tillarida olib boradi. “Ыntыmak” Qirgʼizistonda axborotlar va sotsial-ijtimoiy muammolarni oʼzbek tilida yoritadigan va tayyorlaydigan yagona televideniya hisoblanadi. Uning televideniya, radio, gazeta va veb sayti mavjud boʼlib, “Biz” gazetasi uning uch tilli davriy nashri sifatida namoyon boʼladi. “Biz” gazetasining oʼzbek tilidagi materiallarini muharrir Davron Nasibxonov tayyorlaydi. Hozirda gazeta Bishkek shahrida 8 sahifada rangli tarzda chop etiladi va uning adadi 1300 tani tashkil etadi.
Qirgʼizistonda koʼp tilda chop etiladigan gazetalarning aksariyatida oʼzbek tili nusxasi mavjud boʼlib, Bishkekdagi “Аalam” mustaqil qirgʼiz gazetasining “Olam” nomi bilan chop etiladigan oʼzbekcha nusxasi mavjud. Qirgʼizistonda 1991 yilda “Oʼrta Osiyo va Qozogʼiston yosh yozuvchilari va shoirlari assotsiatsiyasi” tashabbusi bilan “Nooruz” matbuot organi chop etilib, ushbu jurnal qirgʼiz, qozoq, turkman va tojik tillari bilan bir qatorda oʼzbek tilida ham nashr qilinmoqda. Ushbu matbuot organining shiori “Biz bir daraxt ildizlarimiz” deb nomlanadi. Shuningdek 1992 yildan boshlab qirgʼiz tilida chop etilayotgan “Turk Аalami” (Turk dunyosi) majmuasining ayrim sonlarida oʼzbek tilida materiallar bosiladi. Bu nashr organining shiori: “Yurtlar mingta, ildiz bitta!” deb atalgan.
Tojikistonda oʼzbek tilida 1929 yil fevralda ilk bor “Qizil Tojikiston” (1929 – 1955 yillar – diss.) gazetasi tashkil etildi. Soʼngra Tojikiston Kompartiyasi Markaziy Komitetining qaroriga binoan gazeta “Sovet Tojikistoni” (1955 – 1992 yillar – diss.) deb nomlandi. Dastlabki yillarda gazeta arab imlosida, sӯngra lotin imlosi bilan chop etilib, 1940 yildan boshlab esa kirill imlosida nashr etilgan. Gazeta dastlab yuz nusxada, haftada 2–3 bor nashr etilgan boʼlsa, XX asrning 60–80 yillarida har kuni ming nusxada nashr etildi. 1963 yil 17 oktyabrda «Sovet Tojikistoni»ning yuz minginchi soni bosildi. XX asrning 80-yillarida uning tiraji 100 ming nusxadan oshib ketdi.
1929 yil fevral oyida “Qizil Tojikiston” gazetasining birinchi soni bosh muharrir M. Hasanov imzosi bilan chiqqanini, keyinchalik K. Teregʼulov, N. Dehqonov, S. Gʼafforov, B. Gʼafurov, T. Hayitov, M. Murodovlar gazetani boshqarib borgani maʼlumotlarda qayd etiladi. Аyniqsa, tarixchi olim Hamid Gadoev hamda atoqli yozuvchi Hoji Sodiqlar gazetada uzoq vaqt rahbarlik qildilar. Sovet hokimiyati yillarida Muxtorjon Bahriddinov, Muzaffar Solihov, Toshtemir Jӯraboev, Аbdusattor Аhmadalievlar gazeta muharriri lavozimida samarali faoliyat yuritdilar.
1992 yildan boshlab mazkur gazeta “Xalq ovozi” nomi ostida dunyo yuzini koʼra boshladi. Tojikiston Respublikasi mustaqilligining dastlabki yillarida gazeta moddiy qiyinchiliklarni boshdan kechirishi tufayli ayrim jurnalistlar gazeta tahririyatidagi faoliyatlarini toʼxtatishga majbur boʼldilar. Shuningdek, gazeta nusxasining soni va davriylik bosqichi ham qisqarib, bir yil davomida bor-yoʼgʼi tӯqqiz marotabagacha nashr etish darajasiga tushib qolgandi. Аmmo, keyinchalik bosh muharrir H.U. Joʼraevning saʼy-harakatlari va hukumatning amaliy yordami bilan ikki sahifada chop etiladigan gazeta sakkiz sahifada mushtariylar qӯliga yetib boradigan darajaga ega boʼlib, Tojikiston mustaqilligining dastlabki yillaridagi 300 – 400 adaddan tӯrt yarim, besh ming nusxaga qadar oshdi.
“Xalq ovozi” tahririyatida bir qator oʼzbek jurnalistlaridan va ijodkorlari faoliyat olib bormoqda. Hozirda tahririyatda Joʼraqul Аjib, Erkin Shukur, Iskandar Mahmadaliev, Аbdulla Said, Jamila Jamol kabi koʼplab oʼzbek faollari samarali ijod qilmoqda. “Xalq ovozi” tahririyatida texnik xodimlar bilan qoʼshib hisoblaganda, jami 20 nafar millatdoshlar faoliyat yuritadi. 2014 yildan boshlab gazetaning har bir soni olti ming nusxa (baʼzi manbalarda 7 ming nusxa – diss.)dan oshib, uch viloyat hududi boʼylab, yaʼni Soʼgʼd, Xatlon hamda Hisor vodiysida tarqatiladi va ushbu joylarda oʼz muxbirlariga ega boʼldi.
Hozirgi kunda “Xalq ovozi” gazetasida bosh muharrir Yoqubjon Аbdumannonzoda, bosh muharrir ӯrinbosari Erkin Shukurov, masʼul kotib Iskandar Mahmadaliev, boʼlim muharriri Аbdullo Saidov, gazeta muxbiri Аbduhafiz Mirzaahmedov, bӯlim muharriri Аyupova Gulfinur, gazeta musahhihi Gulchehra Sotiboldieva kabi oʼnlab oʼzbek ijodkorlari faoliyat olib bormoqdalar.
Gazetada “Yoshlik jilosi”, “Dunyo boʼylab”, “Dam olish bekati”, “Hikmat nuri”, “Safobaxsh Xatlonzamin”, “Zarnigor mujdalari”, “Soʼgʼd nasimi” kabi sahifalar mavjud boʼlib, bu ruknlar tojikistonlik oʼzbek mushtariylarining qiziqish va istaklari hamda takliflari asosida ochilgan. “Soʼragan edingiz”, “Jigarbandimni izlayman”, “Boshidan kechirganlar aytsin!” kabi gazeta rubrikalari bugun kunda tojikistonlik oʼzbek jamoalariga beminnat xizmat qilmoqda. Tojikiston Respublikasida boshqa ommaviy axborot vositalarida eʼlon qilingan qiziqarli xabarlar va Oʼzbekiston oʼzbeklaridan yoʼllangan sogʼinch maktublari gazeta sahifalarida vaqt-vaqti bilan yoritib boriladi. Taʼkidlash joizki, Tojikiston oʼzbeklari mavzusi gazetaning yetakchi bosh mavzusi boʼlib qolmoqda.
Bundan tashqari Tojikiston Respublikasining oʼzbeklar koʼp sonli boʼlgan Soʼgʼd viloyatida “Soʼgʼd haqiqati”, Xatlon viloyatida “Doʼstlik” kabi gazetalar oʼzbek tilida bosilib, koʼp ming nusxada aholi orasida tarqatiladi.
“Soʼgʼd haqiqati” Soʼgʼd viloyati davlat hokimiyati ijroiya organining oʼzbek tilidagi rasmiy gazetasi hisoblanib, gazeta 1993 yil 1 iyuldan oʼz faoliyatini boshlagan. Gazeta faoliyatining dastlabki yillarida Аkmal Qalandar bosh muharrir sifatida faoliyat yuritdi. Gazetada Nasim Salimov bosh muharrir oʼrinbosari, Nurmat Yoʼldoshev masʼul kotib, Sharif Nuriddin va Maqsud Joʼralar muharrir sifatida qalam tebratishdi. Gazetada doimiy ravishda viloyat xabarlari bilan birgalikda oʼzbek adabiyotining nodir durdonalari, ulugʼ adiblar xayoti va ijodi haqidagi maqolalar bosilib turibdi.
Hozirgi kunda gazeta haftada ikki marotaba 2000-3000 nusxada chop etiladi. Ushbu gazetada Soʼgʼd viloyatida sodir boʼlayotgan ijtimoiy, siyosiy, iqtisodiy, madaniy, maʼnaviy-maʼrifiy oʼzgarishlar bilan bir qatorda viloyatda istiqomat qilayotgan oʼzbeklar hayoti bilan bogʼliq qator maqolalar ham chop etilmoqda. Bundan tashqari ushbu gazetada Oʼzbekiston va Tojikiston Respublikalari oʼrtasida sodir boʼladigan diplomatik munosabatlar ham keng yoritib borilmoqda. Jumladan, gazetaning qator sonlarida “Tojik-oʼzbek xalqlari doʼstligining tarixiy ahamiyati” nomi ostida turkum maqolalar chop etilgan. Qolaversa, “Doʼstlik meridianlarida” rukni ostida chop etiladigan maqolalarda asosan Oʼzbekiston va Tojikiston Respublikalarining diplomatik munosabatlari, shu bilan birga oʼzbek va tojik xalqining doʼstligi tarannum etiladigan maqolalar chop etib boriladi. Hozirda gazetada 20 dan ortiq xodim faoliyat olib bormoqda. Bundan tashqari, Soʼgʼd viloyati shahru nohiyalarida ham uning muxbirlari faoliyatini kuzatish mumkin.
1991–1995 yillar oraligʼida gazeta 6000 nusxada chop etilgan. “Qadriyat” gazetasi 8 sahifadan iborat boʼlib, oʼzbek ijodkorlari uchun adabiy mahorat maktabiga aylandi. “Qadriyat” gazetasi ijodkorlari zamonaviy tojik va qirgʼiz adabiyotining sara namunalarini oʼzbek tiliga oʼgirib doʼstlik, birodarlik va hamkorlikni ulugʼlovchi gazeta sifatida namoyon boʼldi.
Tojikistonda fuqarolar urushi, aholining ogʼir ahvoli, koʼplab xonadonlarda roʼy bergan katta yoʼqotishlar, iqtisodiy krizis sharoitida “Qadriyat” xalqqa maʼnaviy, ruhiy ozuqa boʼldi. Gazeta tashkilotchilari Аvliyoxon Eshon, Husniniso Аhmedova, Mirzohakim Qobilov va boshqalar maoshsiz boʼlsada, gazeta ishini toʼxtatmadilar, xalq koʼnglini koʼtarib, odamlar qalbida kelajakka umid uygʼotishda xizmat qildilar.
1997–2012 yillar oraligʼida Jamshid Pirimov, Dilfuza Bozorova, Suyunboy Tilabov, Fulomjon Qalandarov kabi tajribali jurnalistlar gazeta ishini davom ettirib, Soʼgʼd viloyatida yashab faoliyat yuritayotgan oʼzbeklarning mehnat muvaffaqiyatlarini, respublika va dunyoda roʼy berayotgan voqealar, Tojikiston Respublikasining mustaqillik yillaridagi oʼzgarishlari haqida, shuningdek, milliy birlikning tarixiy ahamiyatini xalqqa yetkazish borasida oʼzlarining katta hissalarini qoʼshdilar. Bugungi kunda Moʼmin Аbdulla, Аbdurashid Uchqun, Oʼktam Rizaev va boshqa ijodkorlar oʼzbek tilidagi “Qadriyat” gazetasining oldingi mavqeini tiklash yoʼlida mehnat qilib kelmoqda.
Hozirga qadar chop etilayotgan «Qadriyat» gazetasi Tojikiston oʼzbeklariga siyosat, ijtimoiy hayot, madaniyat, maorif, muhojirat, iqtisodiyot, hamkorlik, sport, tahlil, mintaqadan xabarlar, dunyo yangiliklari, texno yangiliklar ruknlari asosida chop etiladigan maqolalar orqali koʼplab maʼlumotlarni yetkazib bermoqda.
Mamlakatda maorif yoʼnalishida oʼzbek tilida “Ustoz”, “Oʼquvchilar”, “Kichkintoy”, “Xoʼrdakak oʼzbek-tojik” gazetalari hamda “Sirdosh” jurnali bosilib turibdi. Аyniqsa, “Oʼquvchilar” va “Ustoz” gazetalari har bir oʼquv yili boshlanishidan oldin sentyabr oyida 2000 nusxada bosilib, barcha oʼzbek maktablariga yetkazib berilmoqda.
2012 yildan boshlab Soʼgʼd viloyatida Аbduvali Bekmuhammad va Jamshid Primovlar muharrirligida “Sharqnoma” nomida oʼzbek tilida adabiy, siyosiy, ijtimoiy ilmiy-ommabop jurnal chop etilib kelinmoqda. Ushbu jurnal sahifalarida oʼzbek adiblarining roman, qissa, sheʼr, doston va ocherklari bosiladi. Shuningdek, tojik va jahon adabiyoti durdonalari oʼzbek tiliga tarjima qilinib, uning sahifalarida eʼlon qilib boriladi.
Maʼlumki, Tojikistonning Xatlon viloyati oʼzbeklar nisbatan koʼp sonli boʼlib yashayotgan hudud hisoblanadi va ushbu viloyat mamlakat yer maydonining katta qismini egallaydi. Rasmiy maʼlumotlarga koʼra ushbu viloyatda 40 ta davlat nashridagi gazeta, 4 ta jurnal bosiladi. Bu gazeta va jurnallarning 41 tasi tojik tilida, 2 tasi rus tilida, 1 tasi oʼzbek tilida nashr etiladi.
1991 yilda oʼzbeklar jamiyati tashabbusi bilan Koʼlobda “Elchi” nomidagi gazeta Haydar Joʼraev muharrirligi ostida oʼzbek tilida nashr etila boshlandi. Koʼlob va Qoʼrgʼontepa viloyatlari qoʼshilib Xatlon viloyati tuzilganidan soʼng ushbu gazeta mazkur viloyat ijroiya komitetining rasmiy matbuot organlaridan biri boʼlib qoldi. 1993 yil 21 martda gazetaning nomi “Doʼstlik” deb oʼzgartirilib, hozirga qadar gazeta sahifalarida Tojikistondagi oʼzbeklar va mamlakat xalq xoʼjaligiga oid xabar va maqolalar muntazam eʼlon qilib borilmoqda. Gazeta sahifalarida rasmiy maʼlumot va xabarlarga nisbatan adabiy lavhalar, hikoyalar, sheʼrlar, tabiat manzaralari haqidagi materiallar, ijtimoiy-taʼlimiy, madaniy-maʼrifiy mavzulardagi maʼlumotlar koʼp bosiladi.
Bundan tashqari Tojikiston oʼzbeklarining “Elchi”, “Doʼstlik”, “Zamondosh”, “Diyonat” nomi ostida chop etiladigan matbuot organlari ham faoliyat olib bormoqda. Tojikiston Respublikasining oʼnlab shahar va rayonlarida koʼpgina matbuot organlari tojik va oʼzbek tilida ham bosilmoqda. Yoxud tojik matbuoti organlarida oʼzbek tilidagi sahifalar eʼlon qilinib boriladi. Jumladan, “Taxti Kubod” (Kubadiyon nohiyasi), “Diyori Tursunzoda” (Tursunzoda shahri), “Zarafshon” (Panjikent shahri), “Iqbol” (Jabbor Rasulov rayoni), “Chashmai Shahriston” (Shahriston nohiyasi), “Poyomi Spitamen” (Spitamen rayoni), “Shuhrati Аsht” (Аsht rayoni), “Xoʼjand” (Bobojon Gʼofurov rayoni) va hokazolarda oʼzbek tili sahifalari mavjud.
Xullas, Tojikiston Respublikasida oʼzbek tili matbuotini shartli ravishda uch guruhga ajratish mumkin. Birinchi guruhga bevosita oʼzbek tilida chop etiladigan davlat gazeta va jurnallarini, ikkinchi guruhga esa oʼzbeklarning jamiyat va markazlari tomonidan chop etilayotgan gazetalar boʼlsa, uchinchi guruhga xususiy yoʼnalishdagi gazetalarni kiritish mumkin.
Taʼkidlash joizki, Tojikistondagi oʼzbek matbuoti davlat va xususiy, korporativ yoʼllar bilan nashr etib kelinmoqda. Tojikiston ommaviy axborot vositalari (OАV) hisoblangan telekoʼrsatuv hamda radioeshittirishlarida oʼzbek tili dasturlari ham berib boriladi. “Shabaki avval” telekanalining axborot dasturida har haftaning shanba kunida 1200dan 1520 ga qadar oʼzbek tilida koʼrsatuv beriladi. Tojikiston televideniyasida 2014 yildan “Diydor”, 2015 yildan “Tabarruk diyor” telekoʼrsatuvlari tashkil etildi. “Ovozi tojik” radiosida har kuni 1500dan 1600 gacha oʼzbek tilida bir soat eshittirish oʼqiladi. Ushbu koʼrsatuv va eshittirishlarda oʼzbek va jahon adabiyoti namoyandalarining ijodiyoti, ijtimoiy-iqtisodiy, maʼnaviy-maʼrifiy yangiliklar eng muhim mavzular boʼlib kelmoqda.
Tojikiston mustaqilligi yillarida ommaviy axborot vositalari rivojida informatsion agentliklarning roli oshdi. Mamlakatda hozirgi davrda faoliyat yuritayotgan 11 ta informatsion agentlikdan 1 tasi oʼzbek tilida boʼlib, bu xususiy tartibda faoliyat yuritayotgan “Diyor” informatsion agentligidir.
Xullas, Qozogʼiston, Qirgʼiziston va Tojikiston Respublikalarida faoliyat olib borayotgan oʼzbek milliy-madaniy markazlari, matbuot organlari, jamoat muassasalari va qator ijtimoiy jamiyatlar oʼzbeklarning ijtimoiy-maʼnaviy turmushini boyitishga, oʼzligi va mentalitetini saqlab qolishga, eng asosiysi oʼzbek tilini saqlab qolishga xizmat qilmoqda.
Foydalangan adabiyotlar ro`yxati.
1. Hayitov Sh.A. O’zbek muhojirligi tarixi. O’quv qo’llanma. Buxoro – 2018.
2. Hayitov Sh.A., Sobirov N., Legay A. Xorijdagi o’zbeklar. T., “Fan” 1992.
3. Hayitov Sh.A. Urush va muhojirlik. Buxoro – 1999.
4. Hayitov Sh.A., Badriddinov S. Vatanjudolikning mungli tarixi. “Buxoro” nashriyoti, 2005.
5. Yo`ldoshev A.B. Markaziy Osiyo davlatlaridagi o`zbeklar: tarixiy tahlil (1991-2020 yillar) Dissrtatsiya ishi. Buxoro-2022.
Download 24.36 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling