2007 yilda O‘zbekiston Respublikasini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish yakunlari
Download 69.5 Kb.
|
2007 yilda O\'zbekiston Respublikasini ijtimoiy-iqt
2007 yilda O‘zbekiston Respublikasini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish yakunlari O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov tomonidan belgilab berilgan iqtisodiy islohotlarni chuqurlashtirishning eng muhim ustuvorliklari va ular asosida qabul qilingan maqsadli komplekc va tarmoqlarni rivojlanish dasturlarining amalga oshirilishi 2007 yilda mamlakat ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishida ijobiy natijalarga erishish imkonini berdi. I. Iqtisodiy o‘sishning barqaror va mutanosibli sur’atini ta’minlash Iqtisodiy o‘sishning barqaror va muvozanatlashgan sur’atini ta’minlash bo‘yicha ko‘rilgan choralar natijasida mamlakat makroiqtisodiy rivojlanishidagi mavjud ijobiy tendensiyalar sezilarli darajada mustahkamlandi. Yil davomida yalpi ichki mahsulot o‘sishining barqaror yuqori sur’ati ta’minlandi, bu ko‘rsatkich har chorakda 9 foizdan ortiq bo‘lib, yil bo‘yicha 9,5% ni tashkil etdi. Iqtisodiyotdagi tarkibiy o‘zgarishlar iqtisodiy o‘sishning asosiy omili bo‘lib, u sanoatda ishlab chiqarish hajmining 12,1% ga, o‘zlashtirilgan investitsiyalarning – 22,9 % ga, qurilish-pudrat ishlarining – 15,7% ga, pullik xizmat ko‘rsatish hajmining – 20,6 % ga o‘sishini ta’minladi. Bunda qishloq xo‘jalik mahsulotlari ishlab chiqarishning barqaror o‘sish sur’ati – 6,1% darajasida saqlab qolindi. Iste’mol mollari ishlab chiqarish hajmi va aholi daromadlarining o‘sishi chakana savdo aylanmasining 21 % ga oshishini ta’minladi. O‘zbekiston Respublikasini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning asosiy ko‘rsatkichlari (o‘tgan yilga nisbatan foiz hisobida)Ko‘rsatkichlar nomi 2006 yil 2007 yil Yalpi ichki mahsulot 107,3 109,5 Sanoat mahsulotlari hajmi 110,8 112,1 Iste’mol tovarlari ishlab chiqarish 120,6 118,8 Yalpi qishloq xo‘jalik mahsulotlari 106,7 106,1 Asosiy kapitalga investitsiyalar 109,1 122,9 Qurilish ishlari 112,8 115,7 Chakana savdo aylanmasi 114,8 121,0 Aholiga pullik xizmat ko‘rsatish 119,3 120,6 Makroiqtisodiy barqarorlik, soliq siyosatining erkinlashtirilishi, moliya-bank tizimida islohotlarning chuqurlashtirilishi xo‘jalik yurituvchi subyektlarning ishlab chiqarish faoliyatiga ijobiy ta’sir ko‘rsatdi va iqtisodiyotdagi moliyaviy mablag‘larning yanada samarali taqsimlanishiga ko‘maklashdi. Natijada soliq yuki kamaytirilganiga qaramay, budjetga tushumlar bo‘yicha prognozlar 2,6 % ortig‘i bilan bajarildi. Davlat budjeti YAIMga nisbatan 1,1 % profitsit bilan ijro etildi. Respublikaning barcha hududlarida davlat budjeti ijrosining g‘aznachilik tizimini joriy etish yakunlandi. Moliya-bank tizimidagi islohotlar ko‘lamini yanada kengaytirish maqsadida tijorat banklarining ustav fondlari oshirildi va ularning investitsiyaviy jarayonlardagi roli kuchaytirildi. 2007 yilning boshiga nisbatan tijorat banklarining umumiy sarmoyasi 40% dan ortiq, iqtisodiyotning real sektoriga kredit qo‘yilmalar esa 16,2 % ga, aholining tijorat banklaridagi omonatlari qoldiqlari 46,6 % ga ko‘paydi. Moliya-bank xizmatlarining umumiy hajmi 23,8% ga ortdi. Iste’mol tovarlari ishlab chiqarishning yuqori sur’ati (18,8%) iste’mol bozorida ichki mutanosiblikni ta’minladi. Mamlakat to‘lov balansining barqarorligi tovarlar va xizmatlar eksportining yuqori sur’ati orqali ta’minladi. Bu sur’at 2006 yilga nisbatan 40,7 % ga oshdi. Eksportning o‘sishi asosan tayyor mahsulot eksporti ko‘payishi hisobidan ta’minlandi, uning ulushi eksportning umumiy tarkibida 38 % ni tashkil etdi. Jadal o‘sish sur’atlari mashina va jihozlar (1,5 baravar), kimyo mahsulotlari (1,6 baravar), dorivor vositalar (1,5 baravar), qurilish materiallari (2,2 baravar), meva-sabzavotlar (1,6 baravar), xizmatlar (1,2 baravar) eksportida kuzatildi. II. Iqtisodiyotni qayta tuzish va modernizatsiyalash, uning eng muhim tarmoqlarini texnik va texnologik yangilash, chet el investitsiyalarini, birinchi navbatda, to‘g‘ridan to‘g‘ri investitsiyalarni jalb qilish ishlarini har tomonlama kuchaytirish 2007 yilda investitsiyalarning yuqori o‘sish sur’ati 2006 yilga nisbatan korxonalarning o‘z mablag‘lari 21,9% ga, tijorat banklari kreditlari – 13,2 % ga, hukumat kafolati ostidagi xorijiy investitsiyalar – 23,6% ga, to‘g‘ridan- to‘g‘ri chet el investitsiyalari – 56,5% ga ko‘payishi orqali ta’minlandi. Aholining uy-joy qurilishiga sarflangan mablag‘lari 14,2 % ga ko‘paydi. O‘zlashtirilgan investitsiyalarning umumiy hajmidan (5479,7 mlrd.so‘m) ishlab chiqarish sektoriga 70,1 % (2006 yilda 68,3%) , shu jumladan, texnik va texnologik modernizatsiyalashga – 49 % yo‘naltirildi. Investitsiyalarning eng ko‘p hajmi yoqilg‘i-energetika kompleksi (20,4 ), transport va aloqa (22,8), rangli va qora metallurgiya (6,5%), yengil sanoatdagi (2,7%) loyihalarga yo‘naltirildi. 2007 yilda Investitsiya dasturi doirasida chet el sarmoyalari, korxonalarning o‘z mablag‘lari, Tiklanish va rivojlanish jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan iqtisodiyotning turli sohalarida 300 dan ziyod yirik investitsiyaviy loyihalarning amalga oshirilishi yakunlandi. Xususan, Zevarda konida kompressor stansiyasi, Ko‘kdumaloq konida yo‘ldosh gazlarni utillashtirish bo‘yicha uchta moslama, Gazli-Sarimoy gaz quvuri, Shimoliy G‘uzor, Shimoliy Nishon, Qamashi, Beshkent, Shakarbuloq neft va gaz konlari, 184 km. elektr uzatish liniyalari va boshqa obyektlar ishga tushirildi. Mamlakatimiz, ayniqsa, uning janubiy hududlari rivojlanishida strategik ahamiyatga ega bo‘lgan 223 km.lik Toshguzar-Boysun-Qumqo‘rg‘on temir yo‘li ishga tushirildi. Navoiy shahridagi xalqaro aeroport rekonstruksiya qilindi. Rezaksoy suv ombori qurilishi tugallandi, oziq-ovqat sanoatiga tegishli 124 ta obyekt, yengil va to‘qimachilik sanoatida 51 ta obyekt foydalanishga topshirildi. Chet el investitsiyalarini jalb etish ishlarining har tomonlama kuchaytirilishi natijasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri chet el investitsiyalari ishtirokidagi 23 ta obyekt ishga tushirildi. O‘zlashtirilgan chet el investitsiyalarining hajmi 1 mlrd. dollardan oshib, 2006 yilga nisbatan 58 % ga o‘sdi. Ularning 76 foizi to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalardir. O‘tgan yil davomida 10 ta eng muhim sanoat tarmog‘i va yirik korxonalarni modernizatsiyalash va texnologik yangilash dasturi amalga oshirilishi boshlandi. “O‘zpaxtasanoat”, “Yog‘moyoziqovqatsanoat” uyushmalari korxonalari, “O‘zqurilishmateriallari” AK, “O‘zkimyosanoat” DAK, “O‘zavtosanoat” AK, “O‘zbekengilsanoat” DAK, “O‘zfarmsanoat” DAK, Olmaliq kon-metallurgiya kombinati, Navoiy kon-metallurgiya kombinati, “O‘zmetkombinat” AIB shular jumlasidandir. Paxta tozalash sanoatiga qarashli 7 ta paxta tozalash zavodi rekonstruksiyasi va texnik qayta jihozlanishi yakunlandi, ularda ishlab chiqariladigan tola hajmi oshdi, mahsulot sifati yaxshilandi va mehnat samaradorligi ortdi. Yog‘-moy sanoati korxonalarida 16 ta ekstraksiya va 5 ta qadoqlash liniyasi o‘rnatildi, shuningdek, 21 ta korxonaning forpress jihozlari modernizatsiyasi amalga oshirildi. Qurilish materiallari sanoatida sementni qadoqlash liniyasini o‘rnatish, quruq qurilish aralashmasi va sanitariya-texnik keramikasini ishlab chiqarish bo‘yicha 3 ta loyiha yakunlandi. Sement ishlab chiqaruvchi aylanuvchi pechlar zamonaviylashtirildi va yangi shifer ishlab chiqarish quvvatlari tashkil etildi. Natijada 2007 yilda tarmoqdagi korxonalar tomonidan sement ishlab chiqarish 8,2% ga, shifer – 20,7% , bezak plitkalari – 11,3%, devorga ishlatiladigan materiallar hajmi – 29,4 % ga ortdi. Kimyo sanoatida atsetilen ajratib olish, gaz chiqindilarini utillashtirish, xlorli vodorod va tuzli ishqor sintezi bo‘yicha zamonaviy texnologiyalar joriy etildi, sexlar modernizatsiya qilindi va sulfat ammoniy ishlab chiqarish o‘zlashtirildi. Amalga oshirilgan ishlar natijasida tarmoq korxonalarida mineral o‘g‘itlar ishlab chiqarish hajmi natural shaklda 8,6% ga, kimyoviy tolalar va iplar ishlab chiqarish – 36,4%, sintetik kir yuvish vositalari ishlab chiqarish – 36,1 % ga ortdi. Qora metallurgiyada metall cho‘zish uchastkasini kengaytirish, katanka va armatura profillari, payvandlash elektrodlarini ishlab chiqarish bo‘yicha 3 ta loyiha yakunlandi. To‘qimachilik sanoatida texnik modernizatsiyalash natijasida 37 ta korxona mahsulot ishlab chiqara boshladi. Tarmoqda tayyor mahsulot ulushi (tikilgan, trikotaj mahsulotlar va h.z.) umumiy ishlab chiqarish hajmining 34,2 % ni tashkil etdi va 2006 yildagi ko‘rsatkichga nisbatan (32,7%) ortdi. Axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirishga qaratilgan chora-tadbirlarning amalga oshirilishi Internet tarmog‘idan foydalanish bo‘yicha xizmat ko‘rsatuvchi xo‘jalik yurituvchi subyektlar sonini 2006 yildagi 680 taga nisbatan 781 taga yetkazish imkonini berdi. Internet tarmog‘idan foydalanuvchilar soni 2,01 mln., mobil aloqa xizmatidan foydalanuvchilar soni 5,9 mln. kishini tashkil etdi. 2007 yil davomida ma’lumotlar uzatish infratuzilmasi faol rivojlandi. Xususan, optik tolali aloqa liniyalari va raqamli radioreleyli liniyalar uzunligi 10,75 ming km.gacha ortdi. 2007 yilda Mahalliylashtirish dasturi doirasida 162 ta korxonada 270 ta loyiha bo‘yicha mahalliylashtirilgan mahsulotlar ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yildi. Bu borada 2006 yilga nisbatan ishlab chiqarish hajmi 1,5 baravar o‘sdi. Sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish (o‘tgan yilga nisbatan foiz hisobida)Ko‘rsatkichlar nomi 2006 yil 2007 yil Sanoat, jami 110,8 112,1 shu jumladan: elektr energetika 106,1 101,9 yoqilg‘i 105,9 110,1 qora metallurgiya 111,0 112,7 rangli metallurgiya 99,1 101,3 kimyo va neft-kimyo 119,6 118,4 mashinasozlik va metallni qayta ishlash 125,7 129,0 yog‘och, yog‘ochni qayta ishlash, selluloza-qog‘oz 118,4 136,1 qurilish materiallari 112,2 114,5 yengil sanoat 108,2 108,6 oziq-ovqat sanoati 128,0 114,7 boshqa tarmoqlar 120,7 118,5 Avtomobil yo‘llarini qurish, rekonstruksiya qilish va ta’mirlash bo‘yicha tasdiqlangan dasturlarga muvofiq 2007 yilda 245 kilometr uzunlikdagi xalqaro va davlat ahamiyatiga ega umumiy foydalanish avtomobil yo‘llari, 156 pogon metr uzunlikdagi 1 ta ko‘prik va 464 pogon metr uzunlikdagi 1ta yo‘l o‘tkazgich rekonstruksiya qilindi. Qishloq xo‘jaligida tuzilmaviy islohotlarni chuqurlashtirish natijasida 2007 yilda qishloq xo‘jaligi yalpi mahsuloti 106,1 foizni tashkil etdi. O‘tgan yildagiga nisbatan paxta (103,2 foiz), kartoshka (116,4 foiz), sabzavot (108,8 foiz), poliz mahsulotlari (112,9 foiz), meva (107,3 foiz), uzum (109,6 foiz), chorva mollari va parranda (106,1 foiz), sut (105 foiz) va tuxum (104,1 foiz) yetishtirish ortdi. 2007 yilda shirkatlarni fermer xo‘jaliklariga aylantirish jarayoni deyarli yakunlandi. 329 shirkat xo‘jaligi negizida 25 mingdan ortiq fermer xo‘jaligi tashkil etildi. Yangi tashkil etilgan fermer xo‘jaliklariga 604,3 ming gektardan ziyod yer biriktirildi. 2008 yil 1 yanvar holatiga ko‘ra, faoliyat yuritayotgan fermer xo‘jaliklarining umumiy soni 217,1 mingni tashkil etdi. Ushbu xo‘jaliklarning ixtiyoriga 5787,8 ming gektar yer berilgan bo‘lib, ularda 1621,4 ming nafar ishchi mehnat qilmoqda. Fermer xo‘jaliklarining faoliyatini tashkil etish uchun qulay shart-sharoit yaratish maqsadida qishloq xo‘jaligining bozor infratuzilmasi obyektlarini rivojlantirishga doir keng ko‘lamli chora-tadbirlar ko‘rildi. 2007 yilda 5057,9 kilometrlik xo‘jaliklararo irrigatsiya va 7608,9 kilometrlik xo‘jaliklararo kollektor-drenaj tarmoqlari tozalandi. 4735 ta gidrotexnik inshoot ta’mirlandi. Fermer va dehqon xo‘jaliklari hamda shaxsiy yordamchi xo‘jaliklarda chorvachilikni rivojlantirish dasturining amalga oshirilishi natijasida 2006 yilga nisbatan qoramollar soni 5,9 foizga oshdi. Qishloq joylardagi kam ta’minlangan va ko‘p bolali oilalarga homiylar mablag‘lari hisobidan 55,6 ming bosh qoramol bepul berildi, tijorat banklari tomonidan 44,3 milliard so‘m miqdorida imtiyozli mikrokreditlar ajratildi, maxsus kim oshdi savdolari orqali 20,1 ming bosh zotdor qoramol sotildi, shuningdek, 357,4 ming nafar fuqaro uchun mehnat daftarchasi ochildi yoki ularda tegishli yozuvlar qayd etildi. Meva-sabzavotchilik va uzumchilikni rivojlantirish dasturlari doirasida 2007 yilda meva-sabzavotchilik va uzumchilik shirkatlarini ixtisoslashgan fermer xo‘jaliklariga aylantirish, bozor va ishlab chiqarish infratuzilmasi subyektlarini tashkil etish, bog‘dorchilik va uzumchilik fermer xo‘jaliklariga soliq imtiyozlarini berish bo‘yicha chora-tadbirlar amalga oshirildi. Qishloq xo‘jalik mahsulotlari ishlab chiqaruvchilari va qayta ishlaydigan korxonalar o‘rtasidagi kooperatsiyani tashkil etish uchun joylarda 200 dan ortiq agrofirmalar faoliyat ko‘rsatmoqda. III.Biznes, avvalo, xususiy biznesni rivojlantirish uchun qulay sharoit yaratish, davlatning iqtisodiyotdagi ishtirokini bosqichma-bosqich kamaytirish 2007 yilda Xususiylashtirish dasturini bajarish davomida dasturda ko‘zda tutilgan 359 ta o‘rniga 408 ta davlat korxonasi, obyektlari va aksiyalar paketlari sotildi, shu jumladan Davlat tender komissiyasining qaroriga muvofiq 28 ta, birja, auksion va tanlov savdolarida 365 ta obyekt, 15 ta korxona va obyekt nolga teng qiymat bo‘yicha investorlarga investitsiyaviy majburiyatlar olingan holda sotildi. Korxonalar tomonidan sotilgan aksiyalar paketlari orasida eng yiriklari “Qo‘qon superfosfat zavodi” OAJ (82,5 foiz), “Samarqand liftsozlik zavodi” (75 foiz), “Elektrkimyosanoat” (49 foiz), “Ammofos” (49 foiz), “Yo‘lnefttrans” (47 foiz) va boshqalardir. 631 ta davlat korxonasi nodavlat mulkchilik shakliga o‘tdi, ularning 93 foizi xususiy mulkdorlar tomonidan to‘liq sotib olindi. Nodavlat sektori ishlab chiqarishi hajmining yalpi ichki mahsulotdagi ulushi 2006 yildagi 78,2 foiz o‘rniga 79,3 foizni tashkil etdi. 2007 yil mobaynida iqtisodiy nochor korxonalarni moliyaviy sog‘lomlashtirish borasidagi chora-tadbirlarni amalga oshirish natijasida 268 ta korxonaning texnik modernizatsiya qilish va ishlab chiqarishini qayta tiklash dasturi amalga oshirila boshladi. Ulardan 143 tasida ishlab chiqarish hajmini oshirishga erishildi, 198 ta korxonada ularni yangi mulkdorlarga sotish yoki to‘lovga layoqatliligi qayta tiklangani sababli bankrotlik ishlari tugatildi. 2007 yil yakunlari bo‘yicha xo‘jalik yurituvchi subyektlarda nazorat organlari tomonidan amalga oshirilayotgan tekshiruvlar soni 1791 taga kamaydi. O‘tkazilgan tekshiruvlarning 62,6 foizi rejali tekshiruvlar va 37,4 foizi rejadan tashqari tekshiruvlarga to‘g‘ri keladi. IV. Kichik biznes va tadbirkorlikni jadal rivojlantirishni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, shu asosda aholi bandligi masalasini hal etish Hisobot davrida hukumat sa’y-harakatlari kichik biznes va tadbirkorlikni jadal rivojlantirishni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, shu asosda aholi bandligi masalasini hal etish hamda farovonlikni oshirishga qaratildi. Kichik korxonalar va mikrofirmalar uchun yagona soliq to‘lovining 13 foizdan 10 foizgacha kamaytirilishi, yangi tadbirkorlik subyektlarini tashkil etish va biznes yo‘nalishini o‘zgartirayotgan tadbirkorlik subyektlarini tugatish jarayonini tartibga solish, soddalashtirish va arzonlashtirish ishbilarmonlik muhitini sezilarli ravishda yaxshilash imkonini berdi. Natijada, ro‘yxatga olingan kichik tadbirkorlik korxonalarining umumiy soni 422,3 mingtani tashkil etdi yoki 2006 yilgi ko‘rsatkichga nisbatan 9,9 foizga ko‘paydi. Bunda ro‘yxatga olingan korxonalar umumiy sonida faoliyat ko‘rsatayotgan kichik tadbirkorlik korxonalarining ulushi 2,7 foizga oshdi va 92,8 foizni tashkil qildi. Kichik biznesning yalpi ichki mahsulotdagi ulushi 2006 yildagi 42,1 foiz o‘rniga 45,7 foizni tashkil etdi, mahsulot (ishlar, xizmatlar) eksportidagi ulushi 10,7 foizdan 14,8 foizga o‘sdi. Xizmat ko‘rsatish va servis sohasini rivojlantirish dasturini amalga oshirish ham kichik biznesni rivojlantirishda muhim omil bo‘ldi. 2007 yilda xizmat ko‘rsatish va servis sohasini rivojlantirish dasturini bosqichma-bosqich amalga oshirish, tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash natijasida xizmat ko‘rsatish hajmi 2006 yilga nisbatan 26,6 foizga, jumladan aholiga pullik xizmat ko‘rsatish 20,6 foizga oshdi. Tahlil etilayotgan davrda savdo va maishiy xizmat ko‘rsatish sohasida 9443 ta savdo do‘koni, umumiy ovqatlanish korxonalari, ustaxonalar va boshqa obyektlar tashkil etildi. Aloqa, axborotlashtirish, avtomobillar va boshqa texnikalarni ta’mirlash, mehmonxona va moliya xizmatlari hajmi yuqori sur’atda o‘sdi. Ijtimoiy ahamiyatga ega tibbiyot xizmatlari turlari, ta’lim, madaniyat, jismoniy tarbiya va sport sohalarida, shuningdek, dehqon va fermer xo‘jaliklariga xizmat ko‘rsatish hajmi 42,5 foizga ortdi. Xizmat ko‘rsatish sohasini rivojlantirish yalpi ichki mahsulotda ushbu sohaning ulushini 42,5 foizga yetkazish imkonini berdi. Bandlikni ta’minlashga yo‘naltirilgan yangi ish o‘rinlarini tashkil etish bo‘yicha hududiy dasturlarni amalga oshirish davomida 630 mingdan ortiq yangi ish o‘rinlari yaratildi. Ularning 154,8 mingtasi kichik korxonalar, 106,2 mingtasi yuridik shaxs bo‘lmagan xususiy tadbirkorlik sohasida, 72,9 mingtasi fermer xo‘jaliklarida tashkil etildi. 2007 yilda kasanachilik orqali ish o‘rinlarini tashkil etayotgan xo‘jalik yurituvchi subyektlar uchun imtiyozlarning joriy etilishi, kasanachilikni tashkil etish va kengaytirishning samarali shakllarini tatbiq etish masalalari bo‘yicha faol tushuntirish ishlari olib borilgani natijasida 212,1 mingta ish o‘rni, jumladan korxonalar bilan tuzilgan shartnomalar bo‘yicha kasanachilikka asoslangan 106 mingta ish o‘rni tashkil etildi. Xizmat ko‘rsatish va servis sohasida 200 mingdan ziyod yangi ish o‘rni tashkil etildi (tashkil etilgan ish o‘rinlari umumiy sonining 32 foizi). 2008 yilning 1 yanvar holatiga ko‘ra, fermer va dehqon xo‘jaliklari hamda shaxsiy yordamchi xo‘jaliklarda qoramol boqish bilan band sifatida ro‘yxatga olingan fuqarolarning umumiy soni 1,1 million kishini tashkil etdi. Mehnat bozorida faol siyosat yuritish aholi bandligi darajasini 2,6 foizga oshirish imkonini berdi, ish bilan bandlar soni 268,4 ming nafarga ko‘payib, 10,7 million nafardan ortiq kishini tashkil qildi. Nodavlat sektorda ish bilan band bo‘lganlar ulushi 0,3 foizga oshdi va 77,9 foizni tashkil etdi. V. Kommunal sohadagi islohotlar Yil davomida ko‘p xonadonli uy-joy fondini boshqarish tizimini yanada takomillashtirishga doir chora-tadbirlar ko‘rildi. Faoliyat ko‘rsatayotgan xususiy UMSHlar soni 4460 taga ko‘paydi. Yil boshida esa bu ko‘rsatkich 3897 tani tashkil etgan edi. 1991 yilgacha qurilgan 2399 ta ko‘p xonadonli uy kapital ta’mirlandi. Qishloq joylarda 1641,6 kilometr suv quvurlari va 710,7 kilometr gaz quvurlari tarmog‘i ishga tushirildi. 236 ta qishloq aholi punkti sifatli ichimlik suvi bilan ta’minlandi. Zamonaviy o‘lchov priborlari va resurs tejaydigan texnologiyalarni joriy etish dasturi doirasida 2007 yilda 376 mingta sovuq suv va 257,3 mingta issiq suv hajmini o‘lchaydigan priborlar o‘rnatildi. Bu esa shunday priborlarbilan ta’minlanish darajasini 38,3 foizga ko‘paytirish imkonini berdi. Yil boshida bu ko‘rsatkich 26,5 foizni tashkil etgan edi. VI. Aholi mehnatiga haq to‘lash va turmush darajasini izchillik bilan oshirishni ta’minlash. Ustuvor ijtimoiy dasturlarni amalga oshirish Iqtisodiyot va aholi bandligining yuqori sur’atda o‘sishi, aholini ijtimoiy muhofaza qilish samaradorligini oshirishga qaratilgan maqsadli chora-tadbirlar aholi daromadi, mehnatiga haq to‘lash va turmush darajasini izchillik bilan oshirishni ta’minladi. Ish haqi, pensiyalar, stipendiyalar va nafaqalar miqdori 1,5 baravarga oshdi. O‘rtacha oylik ish haqi 2006 yilga nisbatan 47,2 foizga o‘sdi va 2007 yil oxirida 210 AQSH dollariga teng miqdorni tashkil etdi. Aholining real pul daromadi bir yilda 27 foizdan ko‘proqqa oshdi. Aholining uy-joy-kommunal soha obyektlaridan foydalanishini yaxshilash bo‘yicha ko‘rilgan chora-tadbirlar uning turmush sifatini yaxshilashga yordam berdi. Bunda suv ta’minoti darajasi 84 foiz (shu jumladan, qishloqda 77 foiz), gaz bilan ta’minlash 82 foizga ( jumladan, qishloqda 77 foiz) yetkazildi. Joylarda yosh oilalarni uy-joy bilan ta’minlash bo‘yicha ishlab chiqilgan dasturlarga muvofiq 46 ta uy-joy qurilishi boshlandi. Ta’lim, sog‘liqni saqlash tizimi, bolalar sporti va ijtimoiy infratuzilmaning moddiy-texnika bazasini mustahkamlash doirasida o‘tgan yili 336 ming nafar o‘quvchiga mo‘ljallangan 169 ta kasb-hunar kolleji, 18 ta akademik litsey va 558 ta umumta’lim maktabi foydalanishga topshirildi. Aholini tibbiy xizmat ko‘rsatish bilan yanada keng qamrab olish uchun 37 qishloq vrachlik punkti, 2310 qabulga mo‘ljallangan 4 ta poliklinika, 1,9 ming kilometr suv, 774,5 kilometr gaz tarmog‘i, 6,96 million kvadrat metr turarjoy va 170 ta bolalar sporti va boshqa obyektlar ishga tushirildi. “Ijtimoiy himoya yili” Davlat dasturini amalga oshirish davomida 114 ta “Mehribonlik” uyi hamda maxsus maktab-internatlarga bittadan avtobus, oilaviy tipdagi 4 ta uyga bittadan avtomobil ajratildi, 485 ming nafar birinchi sinf o‘quvchisi darsliklar hamda o‘quv qurollari, umumta’lim maktablarining 715,7 ming nafar o‘quvchisi qishki kiyim-bosh bilan bepul ta’minlandi. Kam ta’minlangan oilalardan 35 ming nafar bola yozgi sog‘lomlashtirish oromgohlarida bepul dam oldi. 32 ming nafar yolg‘iz qariya, faxriy va nogironlarga, 121 mingta kam ta’minlangan oilaga moddiy yordam ko‘rsatildi. Qariyalarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashni ta’minlash maqsadida 480 ming nafar faxriyga, yolg‘iz nafaqaxo‘rga kompensatsiya to‘lovlari amalga oshirildi, 35 ming faxriy, qariya va nogironlar sanatoriylarda o‘z sog‘ligini tikladi, 2312 nafar yolg‘iz keksa fuqaroning uyi va kvartirasi ta’mirlandi. 2007 yilda iqtisodiyotda erishilgan ijobiy tarkibiy siljishlar va o‘zgarishlar hamda tendensiyalar O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov tomonidan belgilab berilgan puxta o‘ylangan bozor islohotlari modelini izchil va tizimli amalga oshirishning amaliy natijasidir. Ular kelgusi yillarda iqtisodiyotni barqaror va mutanosib rivojlantirish, aholi bandligi va daromadlarini oshirishni ta’minlash bo‘yicha qo‘yilgan vazifalarni muvaffaqiyatli hal etishga yordam beradi O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi, O‘zbekiston Respublikasi Davlat statistika qo‘mitasi Download 69.5 Kb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling