27-mart Xalqaro teatr kuni
TEATR SAHNASI – HAYOT KO‘ZGUSI
Download 119.28 Kb.
|
Maqola
TEATR SAHNASI – HAYOT KO‘ZGUSI.Teatr sahnasi – hayot ko‘zgusi. Demakki, sahnaga olib chiqilgan asar voqeasi shu davr va zamonning hayotiy aksidir. Teatr san’ati va tarixini, sahnada ijro qilinayotgan turli davrlar aks ettirilgan sahna asarlarini, spektakllarning g‘oyasi, zamon va zamondoshlar, bugungi kun qahramonlarining siymolarini sahnada namoyon etish borasida har bir aktyorning san’ati va ijro mahorati to‘g‘risidagi fikrlarni bir necha varaqdan iborat bo‘lgan kichik bir kitobchada ifoda etish oson emas. Teatr sahnasida zamon bilan ham nafas uning yaratuvchisi bo‘lmish zamondoshlarimiz hayoti, taqdiri, iztirobi, quvonch va tashvishlari, tarixiy davrlar, buyuk shaxslar ijodi va hayoti ifoda etilgan sahna asarlarining g‘oyaviyligi va mazmun-mohiyati bilan tomoshabinlarga ibrat maktabi bo‘la oladigan tarbiyaviy ahamiyatga ega badiiy dramatik asarlar aktyorlarning jonli ijrosi orqali hayotiyligini ifoda etadi. Xorazm viloyati musiqali drama teatrining tarixi 1922 yildan boshlanadi. Xorazm viloyati musiqali dramateatrining tashkil topganiga2022 yil 100 yil to‘ladi.Salkam bir asrga teng teatrtarixiga nazar tashlasak, bu otaxonteatr 1922 yil 22 aprelda Xorazm poytaxti Xiva shahrida Xorazm “Hukumat teatri” sifatida tashkil etildi. Teatrning ijodiy jamoasiga taniqli xalq talantlari mujassamlanib, uning ilk rejissyori Muhammad Sharif Polvonov “Hukumat teatri”da o‘z faoliyatini kichik sahna asarlarini sahnalashtirishdan boshladi. Keyinchalik to‘laqonli dramatik asarlarni sahnalashtiradi va xalq orasida hurmat topa boshlaydi. Hamzaning “Boy ila xizmatchi”, “Xiva inqilobi”, “Tuhmatchilar jazosi”, “Zaharli hayot”, Mannon Uyg‘urning “Farg‘ona fojealari”, “Turkiston tabibi”, G‘ulom Zafariyning “Erk bolalari” kabi pesalar shular jumlasidandir. 1923 yilda Xivada birinchi marta Fotixiy Burnoshning “Zuhra va Tohir” asarini sahnaga qo‘yilishi Xorazm sahna san’atining katta yutug‘i bo‘ldi. Teatrning ilk ustunlari qatorida Muhammad Yusup Xarratov, Madrahim Yoqubov (Sheroziy), Komiljon Otaniyozov, Qadam Qutliyev, Jumaniyoz Qalantarov, Sharif Olloyorov, Samandar Saraymanov, Umar Qurboniy, Ro‘zmat Yusupov, Saodat Muxtorova, Hayotxon Abdullajanova, G‘ani Jalil kabi fidoyi san’atkorlarni hurmat bilan esga olamiz. 1933 yilda Xorazmning markazi Urganchga ko‘chganligi munosabati bilan teatrning asosiy ijodiy jamoasi ham Xorazmning yangi poytaxti Urganchga ko‘chiriladi va “Xorazm okrug davlat musiqali drama teatri” nomida faoliyat yuritadi. Shuningdek, keyinchalik truppaga S.Ho‘jayev, S.Kamolov, K.Rahmonov, V.Fayozov, S.Devonov, B.Devonova, Razzoq Omonov, Ohunjon qiziq Huzurjonov, O‘.G‘oyipova, N.Yusupova,R.Boyjonova, R.Ollaberganov, M.Safoyev, O.Polvonova,R.Xudoyorov, Yusufjon qiziq, Z.Qabulov,S.Musayeva, S.Olimov,R.Abdurahmonova, Tamaraxonim, R.Shokirov, I.Qosimov, A.Turdiyev, M.Otajonov, O.Safoyev, X.Nodirova, Q.Bobojonov va boshqa talantli aktyor va sozandalarni, rejissyor va rassomlarni, teatr tashkilotchilarini kelib qo‘shilishi teatrning yanada yuksak pog‘onalarga ko‘tarilishiga,uning musiqali drama teatriga aylanishiga sabab bo‘ldi. Ana shunday katta kuch va imkoniyatga ega bo‘lgan teatr jamoasining yildan-yilga repertuari boyib, sahnada yangidan-yangi sahna asarlari namoyish etildi. Jumladan; K.Yashinning “Yondiramiz”, “Nomus va muhabbat”, “Gulsara”, “Tor-mor” N.Safarovning “Uyg‘onish”, Xurshidning A.Navoiy poemasi asosida yaratgan “Layli va Majnun”, “Farhod va Shirin” musiqali dramalari, H.H.Niyoziyning “Maysaraning ishi” musiqali komediyasi, Uyg‘unning “Hayot qo‘shig‘i”, “Navbahor”, “Oltinko‘l”, A.Qahhorning “Yangi yer”, “Og‘riq tishlar”, B.Rahmonovning “Yurak sirlari”, “Surmaxon”, O.Yoqubovning “Chin muhabbat”, Izzat Sultonning “Alisher Navoiy”, Oybekning “Qutlug‘ qon”, S.Abdullaning “Muqimiy”, “Tohir va Zuhra”, “Alpomish”, H.Olimjonning “Semurg‘”, Yu.Yusupovning “Oshiq G‘arib va Shohsanam” H.G‘ulomning “Toshbolta oshiq”, M.Karimning “Oy tutilgan tunda”, “M.Ashrafiyning “Dilorom”, Shuhratning “Besh kunlik kuyov” komediyasi, O.Abdullayevning “O‘n uchinchi rais” kabi asarlari teatr repertuaridan munosib o‘rin oldi va tomoshabinlar qalbida muhrlanib qoldi.Teatrda chet el va rus klassik dramaturgiyasining eng yaxshi tarjima asarlaridan K.Gorsining “Malikai Turondot”, N.V.Gogolning “Revizor”,A.S.Pushkinning “Xasis ritsar”, A.N.Ostrovskiyning “Sepsiz qiz”, “Aybsiz aybdorlar”,Molerning “Skapenning nayranglari”,F.Shillerning “Makr va muhabbat”, N.Dumbadzening “Xush kelibsiz”, E.Roblesning “O‘limdan kuchli”, Shekspirning “Gamlet” kabi asarlari sahnalashtirildi. 1959 yil Muhammadrizo Ogahiy tavalludining 150yilligi munosabati bilan teatrga Ogahiy nomidagi Xorazm Davlat musiqali drama va komediya teatri nomi beriladi Bu davrda teatrning ijodiy jamoasi malakali kadrlar, iqtidorli ijodkorlar hisobiga o‘sib bordi. Davlat mukofotlariga sazovor bo‘lgan taniqli faxriy ustoz san’atkorlardan: Xoshim Islomov, Xabib Opponov, Ibodulla Niyozmetov, Ro‘zmat Xudoyorov, Bekjon Otajanov, Qadam Rahimov, San’at Devonov, Madrim Bobojonov, Otamurod Bekchanov, Sultonposhsha Rahimova, Shuhrat Devonov, Salohiddin Kamolov, Rahmatulla Matqurbonov, Odamboy Bobojonov, Xodivoy Nakiyev, Matnazar Niyozmetov, Rahmatulla Matqurbonov, Bikajon Rahimova, Zoya G‘affarova, Orazqilich Tog‘anov, Jumaboy Nurlayev, Po‘lat Matyoqubovlarning teatr san’atini rivojlantirishda xizmatlarini hurmat bilan xotirlaymiz. 1991 yilning 2 noyabrkunidagi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Viloyatlardagi teatrlarning yubileylarini o‘tkazilishi to‘g‘risida”gi 277-son Qaroriga asosan Xorazm viloyati musiqali drama teatrining 70 yillik yubileyi tantanali va ko‘tarinki ruhda keng nishonlandi. Mamlakatimiz mustaqillikka erishgandan keyingi yillar davomida Ogahiy nomidagi Xorazm viloyat musiqali drama va komediya teatrining repertuarida ham turli mavzulardagi, istiqlolimizni targ‘ib va tarannum qiluvchi zamon ruhiga mos voqealar aks ettirilgan, milliy urf-odatlarimiz, vatanparvarlik, mehr-muhabbat, insoniy tuyg‘ular singdirilgan tarbiyaviy ahamiyatga ega bo‘lgan asarlarni sahnalashtirilishi teatr faoliyatini yanada yuksalishiga sabab bo‘ldi.Jumladan: A.Navoiyning “Layli va Majnun”, X.Rasulning “Tili asalim”, “Dilbar yuraklar”, Yu.Yunusovning “Oshiq G‘arib va Shohsanam”, Q.Matrizayevning “Mahtumquli” musiqali dramalari, “Bugunning shum bolasi”, “Oltin topgan qullar” komediyalari, K.Avazning “Avesto mehr farzandi”, “Shoh bo‘ldi ishq ichinda” “So‘ngan umidlar”, “Feruz”, ”Dilbandi Xiva” tarixiy dramalari, A.Nesinning “Jonginam jonimni ol”, E.Samandarovning “Jaloliddin Manguberdi”, “Arab Muhammadxon”, J.Puareni “Aldagani xotin yaxshi”, G‘.G‘ulomning “Xasan Kayfiy”, J.Mahmudning “Tamg‘a” “Eshmat tajang uylanarmish”, B.Nushichning “Chirog‘imni kim yoqadi”, E.Vohidning “Ikkinchi tumor”, E.Xushvaqtovning “Chimildiq”, N.Salayevning “Yurakdagi jarohat”, “To‘maris”, M.Asadullaning “Mening nafsim balodur”, N.Salayevning “Ximmat” kabi spektakllar sahnalashtirildi. Mustaqilligimizning 28 yilligi davomida O‘zbekiston teatr san’atini targ‘ib etishda xalqimizga samarali va fidoyi xizmat qilgan, ijodiy barkamol teatr xodimlari munosib taqdirlanib kelmoqdalar. Jumladan: O‘zbekiston Respublikasi san’at arbobi unvoni bilan Otaxon Allaberganov, O‘zbekiston Respublikasi xalq artisti unvoni bilan taniqli san’atkorlardan Bikajon Rahimova, Gulora Rahimova, Shirin Romazonova, O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan artist unvoni bilan aktyorlardan Bekchon Otajonov, Xajixon Artiqov, Odamboy Bobojonov, Shuxrat Devonov, Baxtiyor Omonboyev, Orazkilich Toganov, Jumabay Nurlayev, Komilbay Tojiboyevlar, taqdirlandilar. Teatrimizning ijodiy jamoasi keyingi yillarda bir qadar yashardi. Bu esa o‘z navbatida teatrga bugungi yoshlar didiga mos, qiziqishlari va dunyoqarashlaridan xabardor zamonaviy ijodiy salohiyatga ega bastakor va dramaturglarni jalb etishni talab qiladi. Teatrda Respublika va mahalliy dramaturglar bilan hamkorlikda ijodiy izlanishlar olib borilmoqda. Ana shu izlanishlar mahsuli sifatida teatrda Yu.Yunusovning “Oshiq G‘arib va Shoxsanam” (musiqali drama, sahnalashtiruvchi rejissyor A.Yuldashev), E.Usmonovning “Orzumdagi kelin” (komediya, sahnalashtiruvchi rejissyor A.Yuldashev), N.Xoshimovning “Razolat qurbonlari” (fojea, sahnalashtiruvchi rejissyor O.Abdullayev), S.Xamroyevning “Gumroh” (drama, sahnalashtiruvchi rejissyor A.Yuldashev), zamon qahramoni mavzusidagi asarlardan R.Muhammadjonovning “Oydin” (drama, sahnalashtiruvchi rejissyor A.Otajonov) G.Qurbonovaning “Oshiqlar” (musiqali komediya, sahnalashtiruvchi rejissyor A.Yuldashev), “Bog‘bon” (musiqali psixologik drama, sahnalashtiruvchi rejissyor Q.Yaqubov), E.Samandarovning “Sulton Jaloliddin”(tarixiy drama, sahnalashtiruvchi rejissyor J.Sotiboldiyev), Abdulla Qodiriyning “Toshpo‘lat tajang nima deydi” xajviy xikoyalari asosida M.Muhammadaminova inssenirovkasi “Anvoyi tashvish” (satirik komediya, sahnalashtiruvchi rejissyor A.Otajonov) Qurbon Muhammadrizoning “Mahtumquli” (tarixiy musiqali drama, sahnalashtiruvchi rejissyorlar X.Artiqov, O.Abdullayev) kabi sahnalashtirilgan spektakllar tomoshabinlar olqishlariga sazovor bo‘ldi. O‘zbekiston Respublikasi rahbariyati tomonidan teatrlarga bo‘lgan e’tibor vayaratilayotgan shart-sharoitlardan ruhlangan teatr jamoasi qisqa muddatda katta natijalarga erishdi. Teatrning ijodiy jamoasi 2014 yilda “Debyut-2014” Respublika teatrlarining ko‘rik-festivalida dramaturgiya yo‘nalishi bo‘yicha rejissyor A.Yuldoshev tomonidan sahnalashtirilgan G.Qurbonovaning “Palaxmon toshi” musiqali komediyasi bilan ishtirok etdi va Diplom bilan taqdirlandi. 2018 yilda esa rejissyor J.Sotiboldiyev tomonidan sahnalashtirilgan E.Samandarovning “Sulton Jaloliddin” tarixiy drama bilan “Debyut-2018” Respublika teatrlarining ko‘rik-festivalida ishtirok etib, Diplom bilan taqdirlanib, fahrli o‘rinlarga sazovor bo‘ldilar. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.M.Mirziyoyev 2017 yil 15 oktabr kuni Xorazm viloyati musiqali drama teatriga tashrif buyurib, teatrning ta’mirlash ishlari bilan tanishdi va teatr direktori D.Ibragimova bilan teatr san’atini yanada rivojlantirish mavzusida suhbat o‘tkazdi. 2018 yil 23-24 aprel kunlari Turkmaniston Prezidentining O‘zbekistonga tashrifi davomida O‘zbekiston va Turkmaniston Prezidentlari Xorazm viloyati musiqali drama teatriga ham tashrif buyurdilar. 2018 yilning 24 aprel kuni Xorazm viloyati musiqali drama teatrida ikki davlat prezidentlari Shavkat Mirziyoyev va Gurbanguli Berdimuxammedov tashrifiga bag‘ishlangan “Do‘stlik” konserti dasturida Turkmaniston va O‘zbekistonning taniqli san’atkorlari, folklor ansambllari ishtirokida ikki xalqning betakror san’ati namoyish etildi. Ushbu ma’lumotlar va O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining matbuot xizmati tomonidan yoritib borildi.
Teatrimiz 2019 yil 27-30 aprel kunlari Turkiya davlatining Adana shahrida o‘tkazilgan Sabanji teatrining 21-Xalqaro festivalida Erkin Samandarovning “Sulton Jaloliddin” tarixiy spektakli bilan ishtirok etdi va turk tomoshabinlari, teatr ixlosmandlari e’tiborini qozondi. Xorazm teatri Turksoy madaniyat Xalqaro festival tashkilotchilari tomonidan estalik sovg‘alar va do‘stona tashakkurnomalar bilan taqdirlandi. Ikki davlat teatrlari o‘rtasida do‘stona hamkorliklar tashkil etildi. Mustaqillik yillarida O‘zbekistonda to‘liq erkin ijod muhiti hamda san’at va madaniyatning barcha turlarini rivojlantirishga shart-sharoitlar yaratildi. E’tiborli tomoni shundaki, teatr rahbari D.Ibragimova tomonidan ayniqsa yoshlarga keng yo‘l ochib berilgan bo‘lib, ularning ijod qilishlari uchun zarur bo‘lgan barcha imkoniyatlar yaratib berilmoqda. Natijada, teatrning ijodiy truppasi tomonidan ijodiy jarayon yanada jonlanib, sahnada yoshlar tarixiy, milliy, zamon qahramonlari qiyofalarida gavdalana boshladi. 2019 yilning 10-16 iyun kunlari O‘zbekiston Respublikasining 28 yilligiga bag‘ishlangan O‘zbekiston teatrlarining “Seni kuylaymiz zamondosh” V-Respublika ko‘rik-festivali Qoraqalpog‘iston Respublikasining Nukus shahrida bo‘lib o‘tdi. “Seni kuylaymiz zamondosh” ko‘rik-festivalida Xorazm viloyati musiqali drama teatri ham zamon qaxramoni mavzusidagi G.Qurbonovaning “Bog‘bon” psixologik dramasi bilan ishtirok etdi va O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Madaniyat vazirliklari tomonidan “Fahriy yorliq”, “Tashakkurnoma”lar hamda estalik sovg‘alar bilan taqdirlandi. 2019 yilning 29 iyun – 4 iyul kunlarida Ozarbayjon Respublikasining Baku va Sheki shaharlarida o‘tkazilgan “Ipak yo‘li” X Xalqaro festivalida ishtirok etgan teatrning kichik bir ijodiy guruhi tomonidan Xorazm milliy klassik sahna asarlaridan Oshiq G‘arib va Shohsanam ariyalari ijro etildi va festival doirasida o‘tkazilgan tadbirda munosib taqdirlandi. Teatrning ijodiy jamoasi 2019 yilning 10–15 oktabr kunlari Kozog‘iston Respublikasining Aktau shahrida qozoq milliy adabiyoti namayondasi, xalq yozuvchisi Abish Kekilboyevning 80 yilligiga bag‘ishlab o‘tkazilgan “ABISh ALEMI” I Xalqaro teatr festivalida ishtirok etib, milliy klassik asarlaridan Yu.Yusupovning “Oshiq G‘arib va Shoxsanam” musiqali dramasini 12 oktabr kuni Mangistau viloyati Aktau shahar N.Janturin nomli musiqali drama teatrida 500 dan oshiq tomoshabinlarga namoyish etildi vafestival ishtirokchilarining olqishlariga sazovor bo‘ldi. Ushbu spektakl festival xay’ati tomonidan munosib baholandi va “Diplom” hamda estalik sovg‘alar bilan taqdirlandi. Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi tomonidan joriy yilda “Teatr tomoshalari xaftaligi” doirasida namoyish etilgan dekoratsiyalar ko‘rgazmasi tanlovida teatr rasomi O‘.Alimova ishlagan sahna dekoratsiyalari uchun “Eng yaxshi spektakl dekoratsiyalari” nominatsiyasi bo‘yicha Xorazm viloyati musiqali drama teatri II-darajali Diplom bilan taqdirlandi. Shuningdek, teatrda ko‘p yillardan buyon ishlayotgan teatrning sahnalashtiruvchi rejissyori A.Yuldashevning o‘z kasbiga fidoyiligi, ijodiy faoliyati xukumat rahbariyati tomonidan yuqori baholanib “Do‘stlik” ordeni bilan taqdirlandi.Teatrning ijodiy xodimlari, balet artistlari joriy yilning 13-16 sentabr kunlari Xiva shahrida o‘tkazilgan Xalqaro “Raqs sehri”IV festivalida ham faol ishtirok etdilar. Ushbu festivalda teatrning balet artistlaridan Qodirova Muborak “Eng ko‘p muxlislar olqishiga sazovor bo‘lgan raqs ijrochisi”, Jumaniyozov Jamshid “Eng yaxshi xorijiy raqsi erkak ijrochisi” nominatsiyalarini oldilar. Xorazm viloyati musiqali drama teatri ijodiy jamoasining yangi spektakllar bilan chet el Xalqaro festivallarida, gastrol safarlarda, “Debyut”, “Seni kuylaymiz zamondosh” Respublika teatrlari ko‘rik-festivallarida faol ishtirok etishi, teatrning yuksalish yo‘lidagi muhim va dadil qadamlaridir. Mamlakatimiz rahbariyati teatrlarning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, ularni zamonaviy va jahon talablariga to‘la javob beradigan teatr uskunalari bilan jihozlashga alohida e’tibor qaratmoqda. Oldimizga qo‘yilgan o‘zbek halqi tomosha san’atini yanada rivojlantirish, ommalashtirish, teatr san’atini takomillashtirishkabi vazifalarni amalga oshirishteatrimizning ijodiy, oliy maqsadlari sirasiga kiradi. Sahnadagi tomoshadan tomoshabin madaniy va ma’naviy xordiq chiqarishi, o‘ziga kerakli xulosa va ibrat olishi, ularni kayfiyatini ko‘tarib, shodlik baxsh etish – bu teatr jamoasining asosiy burchi va ijodiy faoliyatidagi oliy maqsadidir. TEATRShUNOSLIK - teatr tarixi va nazariyasini o`rganuvchi fan. Mustaqil ilmiy yo`nalish sifatida teatr san`atining umumiy taraqqiyoti bilan bog`liq holda 20-a.da shakllangan. T. dastlab, asosan drama teatrlari faoliyati b-n bog`langan bulsa, keyinchalik opera va balet, operetta, musiqali drama, bolalar teatri, qo`g`irchoq teatri, teatr ta`limi, sahna nutqi, dekoratsiya san`ati, teatr libosi va pardozi, sahna harakati, havaskorlik teatri sohalari va yo`nalishlarini o`z ichiga oladi. T. kurtaklari Sharq va G`arb mamlakatlarida teatr san`atini shakllanishi va taraqqiyoti b-n bog`liq holda turli davrlarda, ko`p hollarda tarix, falsafa, adabiyotshunoslik fanlari ichida vujudga kelib, mukammalashib borgan. Teatr amaliyotini nazariy jihatdan umumlashtirish YUnoniston, Rim, Hindiston, Xitoyda paydo bo`lgan. Aristotelning Poetikasi san`at, jumladan, drama va teatr nazariyasi bo`yicha birinchi tajribadir. G`arbiy yevropada dramaturgiya va teatr san`atini tadqiq etish Uyg`onish davrida antik davrda yaratilgan qo`lyozmalarni o`rganishdan boshlangan. Angliyada 16-a.da gumanistlar teatr san`atining axloqiy tarbiyadagi o`rni, estetik ahamiyatini yoqlab bir qator ilmiy asarlar yozishgan. Alohida yo`nalish sifatida drama nazariyasi rivojlanadi. 18-a. teatr tanqidchiligi ham rivojlana boshlaydi. 19-a.ning 2-yarmida Angliyada T.ning ilmiy uslub va tamoyillari qaror topadi. Germaniyada T.ning ilmiy poydevori 18-a.da qo`yildi: I.K.Gotshed tadqiqotlaridan boshlandi. 18-a. oxiri va 19-a. boshida Gyote va Shiller T. taraqqiyotiga muhim hissa qo`shdi. 19-a.ning 2-yarmida ko`plab T. ishlari, memuarlar, bibliografik manbalar nashr qilindi. 90-y.lardan Bonn va Leypsig un-tlarida maxsus T. kurslari o`qitilib, Kyoln va Kilda T. ilmiy tadqiqot in-tlari ish boshladi. 1902 y. Berlinda teatr tarixini o`rganish jamiyati tuziladi. Fransiyada T. yozuvchi va faylasuf D.Didro asarlarida (18-a.) yorqin ko`rindi. 19- a.ning 2-yarmi, 20-a. boshlarida teatr tarixi, dramaturgiya va aktyorlik san`ati bo`yicha fundamental tadkiqotlar yaratildi. 1933 y.da Fransiyada teatr tarixi jamiyati tuzildi. Rossiyada 19-a.da P.I.Sumarokov, A.Pushkin, N.Gogol, V.Belinskiy va b. T. rivojiga katta hissa qo`shdilar. 1939 y. Peterburgda Teatr, musiqa va kinematografiya in-ti ish boshlaydi. 20-a.ning 60-80-y.larida mazkur dargohlarda bir qator o`zbek teatrshunoslari nomzodlik va d-rlik dissertatsiyalarini himoya qilishgan. Sobiq ittifoq doirasida boshqa milliy teatrlar qatorida o`zbek teatri bo`yicha ham monografiya va maqolalar e`lon qilingan. Bu o`rinda O.Olidor (Kaydalova), M.Grigorev kabilarning xizmatlari alohida. O`zbekistonda T. mustaqil fan sifatida 20-a.ning 50-y.larida shakllandi. Bunda hoz. San`at in-tining o`rni katta. In-t malakali teatrshunos kadrlarni tayyorlab yetishtira boshlashi b-n etnografiya, adabiyotshunoslik doirasida tetapoya qila boshlagan ilmiy yo`nalish professional yo`lga chiqib oldi. Biroq T.ning dastlabki ko`rinishlari Furqat, M.Behbudiy va b.ning ma`rifatchilik yo`nalishidagi maqolalarida yevropa shaklidagi yangi teatr yaratish harakati b-n bog`liq holda paydo bo`lgan. 1914 y. Toshkent, Samarkand va b. shaharlarda teatr jamoalari tarkib topib, xalq madaniy hayotidan o`rin ola boshlashi b-n, teatr tanqidchiligi ham paydo bo`ldi. Mirmulla, Mirmuhsin Shermuhamedov, Fitrat, G`.YUnus, S.Husayn, Cho`lpon, S.Siddiq kabi tanqidchilar aniq spektakllarga taqriz yozish b-n cheklanmay, teatr jarayoni, tajribalarni umumlashtirishga kirishadilar. Shu tariqa T.ning dastlabki ko`rinishlari maydonga keladi. 20- y.lardayoq T.da 2-yo`nalish ko`zga tashlanadi: biri - an`anaviy teatr tarixini o`rganish (G`.Zafariy va b.), ikkinchisi - yangi teatr tajribalarini umumlashtirish (S.Husayn, Cho`lpon va b.). 1929 y.da S.Husaynning O`zbek teatri to`plami, 1935 y.da M.Solihovning O`zbek teatri tarixi uchun materiallar kitobi bosilib chiqdi. 40-50-y.larda teatr tarixini o`rganishga asosan 2 tashkilot - San`atshunoslik ilmiy tekshirish instituti, Teatr va rassomlik san`ati instituti qoshida tashkil topgan teatr va xoreografiya bo`limi (1940) va teatrshunoslik kafedrasi xodimlari tomonidan olib borildi. T.ning keyingi taraqqiyotida shu institutni bitirib chiqqan M. Rahmonov, M. Qodirov, T.Bayandiev, F.Jo`raev, L.Avdeeva, T.Tursunov, V.Dyachenko, S.Tursunboev, E.Ismoilovlar teatr tarixiga oid turli mavzularda tadqiqot ishlari olib bordilar. Bu ishga Moskva teatr san`ati in- tini tugatgan X.D.Ustaboeva, A.Ribnik, YA.Feldman kabilar ham o`z hissalarini qo`shdilar. 50-80-y.lar an`anaviy va yangi o`zbek teatri tarixi bo`yicha manbalar to`plash va ularni tartibga solish avj oldi. Hamza nomidagi teatr (o`zbek va rus tilida, 1957), M.Rahmonovning Hamza va teatr (o`zbek va rus tilida, 1958), YA.Feldmanning Xarakter naroda i ssenicheskie obrazo` (1962), M.Qodirovning O`zbek xalq og`zaki dramasi (1963), mualliflar guruhi tayyorlagan Uzbekskiy sovetskiy teatr (1966), S.Tursunboevning Andijon teatri (1970) kitoblari shular jumlasidan. T.Tursunovning dramaturgiya tarixi, T.Bayandievning qoraqalpoq teatri tarixi bo`yicha tadqiqotlari bosildi. Keyinchalik M. Rahmonov, M. Qodirovlarning monografiyalari tufayli O`zbekistan hududida o`tmishda an`anaviy teatr uzluksiz faoliyat ko`rsatib kelganligi isbot qilindi. Teatrshunoslarning 2-bo`g`ini T.Izlomov, E.Muxtorov, M.To`laxo`jaeva, M.Hamidova, ye.Panova, T.Yo`ldoshev, I.Rahimjonov, N.Zohidova, N.Kim, R.Azizova, H.Ikromov, K.Umurzoqovlar aktyorlik san`ati, rejissura, musiqali drama janri, dramaturgiya, bolalar teatri, sahna nutqi sohalarida ilmiy tadqiqot ishlari olib bordilar. S.Qodirova, S.Ahmedov, O.Rizaev, D.Rahmatullaeva, Sh.Rizaev, N.Qurbonboeva, O.Tojiboeva, B.Shodievlardan iborat teatrshunoslarning 3-bo`g`ini ham T. fani metodologiyasi va yutuqlariga tayangan hodda teatr san`atining turli yo`nalishlarida i.t. ishlari olib bormoqdalar. T. fani ichida raqsshunoslik va sirkshunoslik tarkib topdi. Dastlab raks san`atini G`.Zafariy b-n etnograf Iraida Vaxta o`rganishga harakat qildilar. Musiqashunos ye. Romanovskaya hamkorligida Farg`ona mumtoz raqsi Katta o`yin yozib olindi. Lekin haqiqiy raqsshunoslikning paydo bo`lishi Lyubov Avdeeva nomi b-n bog`liq. Uning Tamara Xanum (1956), Mukarrama Turgunbaeva (1958), O`zbekiston raqs san`ati (rus va o`zbek tilida, 1963, 1966), Balet Uzbekistana (1973) monografiya va ijodiy portretlari nashr etilgan. Roziya Karimova Ferganskiy tanes (1973), Xorezmskiy tanes (1975), Buxarskiy tanes (1977) nomli kitoblarida o`zbek an`anaviy raqs san`atining asosiy yo`nalishlariga xos raqs harakatlarini tizimli bayon etgan va shularga tayangan holda Tanso` ansamblya Baxor (1979), Tanso` Ravii Atadjanovoy (1983), Uzbekskie tanso` v postanovke Isaxara Akilova (1987) raqs to`plamlari yuzaga keldi. O`zbek sirki tarixini o`rganish bo`yicha To`lqin Obidov (1933 - 1997)ning xizmati katta. Uning Dorbozlar qissasi (1963), Mastera uzbekskogo sirka (1973), Arena Akrama YUsupova (1976), O`zbek polvonlari (1979) risolalari sirkshunoslikning tarkib topishida muhim ahamiyatga ega bo`ldi. 20-a. sirk tarixini o`rganishda Po`lat Toshkanboevning ishlari e`tiborlidir. Mustaqillik davrida demokratik g`oyalar, milliy g`urur, Vatan tuyg`usining kuchayishi teatrshunoslarni an`anaviy teatr tarixiga alohida e`tibor berib, mavjud kemtiklarni to`ldirishga, 20-a. teatr tarixini qayta ko`rib chiqish, uni uzluksiz tarixiy jarayon sifatida qarashga da`vat etdi. Tomosha san`ati, bayramlar tarixini o`rganish sezilarli darajada o`sdi. 20-a. o`zbek teatrini yaxlit holda tadqiq etishda M. Rahmonov, M. Qodirov, E. Muxtorov, M. To`laxo`jaeva, T. Islomov, M. Hamidova, S. Qodirova, D. Rahmatullaeva, ye. Panova va b.ning ishlari e`tiborli bo`ldi. Ayniqsa, M. Rahmonovning 2000 y. O`zbek milliy akademik drama teatri tarixining 1-kitobi nashr qilinishi, M. Rahmonov, M. To`laxo`jaeva, E. Muxtorov tomonidan shu tarixning 2-kitobi nashrga tayyorlanishi T.da katta voqeadir. Shuningdek, L. Avdeevaning Bernora Qorieva (1995), O`zbek milliy raqsi tarixidan (o`zbek va rus tillarida, 2001), L. Avdeeva, M. Qodirov, YU. Ismatovalarning Tanavor raqsi jilolari (o`zbek va rus tillarida, 2002), R. Karimovaning O`zbek raqslari (2003) kitoblari raqsshunoslikka muhim hissa bo`lib qo`shildi. Teatrshunoslar bevosita mustaqillik yillarida teatr san`atida yuz bergan o`zgarishlarni, oqim va tendensiyalarni chuqur o`rganish, istiqbolini belgilash ishiga ham muhim hissa qo`shmoqdalar. San`atshunoslik instituti tomonidan chiqarilgan O`zbekiston san`ati (1991-2001) tadqiqotidan teatr, raqs va sirk san`ati o`rin olgan. Ayniqsa, 2002 y. O`zbekteatr tomonidan nashr etilgan Istiqlol va milliy teatr to`plami muhim voqeadir. T. sohasida yuqori malakali ilmiy va ilmiy pedagogik kadrlarni yetishtirishda San`atshunoslik instituti va O`zbekiston davlat San`at va madaniyat instituti muhim o`rin egallab kelmoqda. Download 119.28 Kb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling