27-Mavzu. O‘qituvchi faoliyatida muomala madaniyati va psixologiyasi. Pedagogik takt va pedagogik etika. Reja


Download 79.67 Kb.
Sana23.11.2023
Hajmi79.67 Kb.
#1796245
Bog'liq
27-Mavzu. O‘qituvchi faoliyatida muomala madaniyati va psixologi


27-Mavzu. O‘qituvchi faoliyatida muomala madaniyati va psixologiyasi. Pedagogik takt va pedagogik etika.
Reja:
1.Pedagogik muloqot haqida tushuncha. Pedagogik muloqotning tuzilishi va metodlari. Pedagogik muloqot uslublari.
2.Muloqot madaniyati. Pedagogik nizo va uning sabalari. Pedagogik nizolarning oldini olish yo’llari.
3. Takt va pedagogik takt haqida tushuncha. Takt va taktika.
4. Pedagogik taktni qo‘llash shartlari. Pedagogik odob. Pedagogning muomala odobi.

Muomala - axborot jarayonidir. Pedagog bevosita shaxslarga muomalada, o'z tarbiyalanuvchilari, umuman, jamoa haqida, undagi ichki jarayonlar haqida g’oyat xilma-xil axborotga ega bo'ladi va xokazo. Pedagog ham o'z navbatida muomala jarayonida o'z tarbiyalanuvchilariga maqsadga qaratilgan axborotni ma'lum qiladi.


Pedagog muomala vositasi orqali qanday axborot olishini qarab chiqar ekanmiz, o'quvchining shaxsi haqidagi axborotning muhimligini alohida ta'kidlab o'tish kerak. Muomala shaxsni g’oyat xilma-xil sharoit va ko'rinishlarda o'rgatishga imkon beradi. Pedagog o'quvchilar bilan muomala qilar ekan, juda mayda qismlarni ham anglab olishga qodir bo'ladi. Bular sirtdan qaraganda unchalik ahamiyatli bo'lmasada, shaxsda sodir bo'layotgan, uni tushunish uchun juda muhim bo'lgan zarur ichki jarayonlar ko'rinishlarining alomatlari bo'lishi ham mumkin, bunda pedagog shaxsi katta rol o'ynaydi. Ayni bir xil hodisaning turli kishilar tomonidan talqini, uning o'tmishdagi tajribasiga bog’liqligi bilan izohlanadi. Bu tajribaning uch jihati bor: umumiy hayotiy tajriba, pedagogik faoliyat tajribasi va muayyan jamoa bilan, o'quvchilar bilan muomalada bo'lish tajribasi.
Nihoyat, pedagogniig o'quvchilar bilan kundalik muomalasi shunga olib keladiki, u o'quvchilarning xatti-harakatlaridagi chuqur ma'no va xaqiqiy sababni turli vaziyatlarda payqab oladi, buning uchun namuna sifatida u o'zi tez-tez qayd qilgan dalillardan va o'quvchilarning xulq-atvor usullaridan foydalanadi. O'qituvchining o'quvchilar bilan muomalasi tarbiyani boshqarish vositasi sifatida qaralib, birlashtiruvchi, o'rnini to'ldiruvchi vazifasini ham bajaradi. Muomala o'zaro munosabatlar doirasida sodir bo'ladi. Boshqarish vositasi bo'lgan muomala o'quvchilarning faoliyatiga hamrohlik qiladi nihoyat, boshqarish vositasi bo'lgan muomala faoliyatidan keyin boradi.
Muomala - axloq ko'rki sanaladi. Har bir kishining qanday dunyoqarashga egaligi, bilimliligi uning muomalasidan ma'lum bo'ladi. Muomala - insonlar o'rtasidagi o'zaro aloqa vositalaridir. Muomalada asosiy vosita til hisoblanadi. Shuning uchun ham til - aloqa quroli deyiladi. Insonning tili shirin, muomalasi madaniyatli bo'lsa, qisqa vaqt ichida xalq orasida obro'-e'tibor topadi. So'zga chechanlik, hech qachon kishiga obro' keltirmaydi. Shuning uchun ham o'tmishda yashab o'tgan mutafakkirlarimiz tilga, so'zga hurmat bilan yondashishlarini uqtirib o'tganlar. Ulug’ bobomiz Alisher Navoiy muomala madadiyati, xushmuomalalik, tilning ahamiyati to'g’risida, shirinso'zlik haqida purhikmat fikrlar bayon qilganki, bugungi kunimiz uchun ham o'z ahamiyatini yo'qotgan emas. «Til shirinligi ko'ngilga yoqimlidir, muloyimligi esa - foydali. Shirin so'z sof ko’ngillar uchun asal kabi totlidir», - deydi Alisher Navoiy. Pedagog bolalarga bilim berish uchun bir qatorda ular nutqining rivojlanishiga ham alohida ahamiyat beradi va bunda u turli pedagogik usullardan foydalanadi.
Muomalada ijodiy kayfiyatni vujudga keltirish va saqlashning muhim vazifasi pedagogning materialga o‘z hissiy munosabatini ifodalashda topgan tashqi shakllarini mustahkamlashdir, u pedagog tomonidan quyidagi yo‘llar orqali amalga oshiriladi: darsning borishini, tadbirni fikran esga tushirish; ko‘zgu oldida takrorlash; namuna sifatida san’at (adabiyot, kino, rang tasvir) asarlardagi vaziyatlardan foydalanish.
O‘zining materialga bo‘lgan hissiy munosabatini ifodalashning puxta shakllari (ularga hamisha bu shakllarni gavdalantirishning bevosita vaziyati tuzatish kiritadi) pedagogga faoliyat va muomalaning o‘zgarib borayotgan sharoitida jadal va samarali harakat qilish va (bunisi ayniqsa muhim) darsga tez va samarali chorlanish imkonini beradi, chunki o‘zining hissiy munosabatini ifodalashning puxta shakllarini (ularni pedagog g‘ayrat bilan esga tushiradi) unda ularni izlashning jo‘shqin jarayoni to‘g‘risida xotiralar uyg‘otadi, bu bilan uning ijodiy kayfiyatini rag‘batlantiradi.
Ijodiy kayfiyatni boshqarish jarayonining g‘oyat marakkab bo‘g‘ini guruh bilan bo‘ladigan bevosita muomaladan oldingi paytidir. Ijodiy holatni tashkil etish yuzasidan ilgari amalga oshirilgan butun ish o‘z ta’sirini ko‘rsatadi. Pedagog bo‘lajak ishning maqsadiy muhimligini anglash orqali bu ishga o‘zini ilhomlantiradi. O‘zi uchun yangi maqsadlar va bog‘lanishlarni belgilab olishi lozim, bundan ko‘zda tutilgan maqsad - o‘quv-tarbiyaviy material asosidagi bo‘lajak faoliyatning o‘zi uchun yangiligi, maroqliligini sezishdan, bo‘lajak ishning ijodiy xarakterini his qilish va anglab yetishdan, startoldi tayyorgarligining sharti bo‘lgan bundan oldingi holatni boshqarishdan, tetik kayfiyatga erishishdan iboratdir. Pedagogning startoldi tayyorgarligi uning auditoriya bilan o‘zaro fikr almashuv faoliyatiga bevosita qo‘shilishi bosqichida ijodiy kayfiyatning o‘ziga xos tarzda namoyon bo‘lishidir. O‘qituvchi mazkur dars oldidan darsda eng muhim narsa nima ekanligini yaxshi biladi. U bamisoli o‘z oldida guruhni ko‘rib turadi va dars mavzusiga muvofiq ravishda o‘ziga darsning vazifasini aniqlab oladi, darsda belgilangan mantiqni takrorlaydi, belgilangan narsalarning so‘zsiz bajarilishi uchun yo‘l-yuriq beradi, o‘zi nazorat qiladigan, tayanadigan va ish doirasiga tortadigan talabalarning nomlarini aniqlaydi. Ko‘pincha dars ishlanmalarini ruxiy jihatdan ko‘rib chiqish yoki tajriba, eksperimentning tayyorligini tekshirish yordam beradi, o‘z-o‘zini tezda tekshirib ko‘radi: mendagi hamma narsa tayyormi? Psixologik yo‘l sizning ongingizdan (mazkur dars uchun ortiqcha, aslida bo‘lmagan narsalarni chiqarib tashlaydi; u fikr ufqini yorishtirib, uning asosida faqat darsning silueti loyihalashtiriladi, shunda sizni sabrsizlik qamrab oladi: uddasidan chiqarmikanman va uddasidan chiqishni istayman! —degan aniq tilak paydo bo‘ladi. Darsda biror narsa unchalik chiqmasligi ham mumkin, lekin psixologik yo‘l sizning ana shunday ish kayfiyatingizni boshlab bergan bo‘lib, na unda darsning tarkibiy qismlarini qayta guruhlashni amalga oshirishni uddalaysiz, ular o‘rtasidagi mantiqiy bog‘lanishni yo‘qotmaysiz.
Talabalar bilan muomalada kishi o‘zini boshqara bilishi nihoyatda zarurdir. O‘qituvchining darsdagi yomon, noijodiy kayfiyati darhol umumiy guruhning ijodiy kayfiyatiga ta’sir qiladi, birgalikdagi faoliyatning samaradorligini pasaytiradi. Ijodiy kayfiyatni boshqarishning taklif etilgan tizimi individual o‘zlashtirishni, o‘z ustida muntazam yo‘naltirilgan ish olib borishni talab qiladi.
Bolalar nutqini o'stirishda pedagog so'zi muhim ahamiyatga ega: bir tomondan, uning nutqi bolani o'qitish va tafakkurini rivojlashirishning muhim omili bo'lib hisoblanadi. Bundan shunday xulosa kelib chiqadiki pedagogning nutqi obrazli, chiroyli, jarangdor, namunali bo'lmog’i, bola diqqatini o’ziga tortmog’i lozim. Zotan nutq pedagogning o'z mutaxassisligiga qay darajada loyiq ekanligini ifodalaydigai o'lchov, ko'rsatkich hisoblanadi. Shuning uchun nutq ustida ishlash, nutq madaniyatini takomillashtirib borish har bir pedagogning eng asosiy ijtimoiy burchi va mas'uliyati hisoblanadi. Ta'lim-tarbiya ichida nutqning ta'sir kuchi nihoyatda kattadir. O’qituvchining nutqi o'quvchilarning o'zlarini tuta bilishlariga, xulk-atvori va fikr yuritishlariga ham ta'sir etuvchi kuchli vositadir. O'qituvchining nutqida uning hissi, intilishlari, iroda va etiqodi aks etadi. U nutq yordami bilan o'quvchilarda xursandchilik, ruhlanish, muhabbat, sadoqat, g’azablanish, nafratlanish hislarini tug’diradi. Xalq bilan birga turish, birga yashash muosharat deb ataladi.
Odamlarning bir-birlari bilan bo'lgan munosabatlarining go’zalligi, muloyimligiga «Muosharat odobi» deyiladi. Insonning eng ulug’, lekin murakkab va mashaqqatli faoliyatlaridan biri odamlar orasida, ya'ni jamiyatda o'z o'rnini topib yashashidir. Bu faoliyatning murakkabligi shundaki, ko'pchilikka qo'shilish, ular bilan ahil bo'lib yashash uchun iisonda shunga yarasha muomala va munosabat bo'lishi kerak. Muomala va munosabati ko'pchilikning didiga to'g’ri kelmaydigan, qo'pol va dilozor odamni ko'pchilik yoqtirmaydi. Insonlar xushfe'l, shirinsuxan, mard, muomalasi shirin kishilarni dildan yoqtirishadi va hurmat-e'tibor qilishadi. Insonlar orasida munosib o'rin topish, inoq, ittifoq bo’lib yashash shartlaridan biri odamning kamtarligidir. Kamtarin inson hech qachon o'zining yutug’i bilan, boy-badavlatligi bilan, ilm-hunari bilan maqtanmaydi, hamma vaqt kamgap, sodda bo'ladi. Ammo insondagi kamtarlik samimiy bo'lmog’i zarur.
So'z iison qalbini ilitadi, so'z inson qalbini jarohatlaydi. «Tig’ yarasi ketar, so'z yarati ketmas» degan xalq maqoli bekorga aytilgan emas. Chunki so'zlash qudrati benihoya katta. Inson o'z so'ziga, tiliga nihoyatda ehtiyotkor bo'lmog’i lozim.
Ayrim yoshlarimizda so'zga, tilga etibor ancha sust. Eng avvalo, yoshlarga muomala madaniyatini, kattalar oldida mahmadonalik qilmaslikni, kattalar gapini bo'lmaslikni, yoshi ulug’larga gap qaytarmaslikni o'rgatishimiz zarur.
Muomala madaniyati hamma joyda kerak. Ish joyida, transportda, uyda… shuning uchun ham biz kim bilan qanday muomala qilishni bilishimiz kerak. Insonning qanchalik bilimli, aql-zakovatli ekanligi muomala orqali namoyon bo'ladi.
Odamlar butun ichki dunyosini, maqsadini, muomala va munosabatlarini bir-birlariga so'z yordamida etkazadi, amalga oshiradi. Shu tufayli so'zlashuv munosabatlari nihoyatda go'zal va muloyim bo'lishini hayot taqozo etadi. So'zga boy, shirinsuxan kishilarning muomalalari yoqimli, ishi ham yurishgan bo'ladi. Bundaylarni odamlar yoqtiradi, hurmat qiladi. So'zlashuv xam o'ziga xos san'atdir. Bu san'atni mukammal o'rganish har bir iisonga zarur. Shu bilan birga, ona tilini mukammal o'rganmoq har bir insonning muqaddas burchidir. Tilni bilgach uni ishlata bilish san'atini egallamoq inson uchun zarurdir.
Shirinsuhanlik va go'zal nutq hech qachon, hech qaerda sotilmaydi. Bunga erishmoqlikning birgina yo'li bor, bu ham bo'lsa tinimsiz shirin so'zlashishni mashq qilmoqlikdir. Buni esa asosan ko'p kitob o'qish yo'li bilan amalga oshiriladi. Muomala insonning kimligini ko'rsatuvchi yuzidir.
O’qitish jarayonida o’quvchilar va o’qituvchi o’rtasida 2 xil emosional muloqot turlari sodir bo’ladi:
a) salbiy his-tuyg’ulara asoslangan muloqot;
b) ijobiy his-tuyg’ularga asoslangan muloqot.
Pedagogik takt o’qituvchiga bolalar bilan ijobiy emotsional muloqotda bo’lishga yordam beradi. Psixologik talablariga rioya qilgan o’qituvchi o’zida muloqotning demokratik usulini ishlab chiqadi va haqiqiy muloqot madaniyatini egallaydi, madaniy aloqaga erishadi. Pedagogik takt o’qituvchiga bolalar bilan muloqot jarayonida har qanday nizolardan xoli bo’lishga va o’zaro munosabatlarni to’g’ri shakllantirishga yordam beradi.
Takt so’zi «to’qnashish» ma'nosini bildiradi. Takt - bu odamlarning o’zaro munosabatini tartibga keltiruvchi axloqiy kategoriyadir. Xushmuomala nutq insonni hurmat qilishni talab qiladi. Pedagogik takt o’qituvchining prfessional sifati, uning pedagogik mahoratining bir qismidir. Pedagogik takt o’quvchilarga nisbatan to’g’ri munosabatni tanlash yo’llaridan biridir. O’qituvchining usuli va metodlaridan optimal tadbiq qilinishi kerak. Haddan tashqari talabchanlik itoatsizlikka, muruvvatlilik qo’pollikka olib kelishi mumkin. O’qituvchi o’quvchilarni hurmat qilib, o’zining bolalarga nisbatan bo’lgan hurmatini ko’rsata olishi kerak. Hurmatning paydo bo’lishi bilan bolalarda o’z qadr-qimmatini his qilish shakllanadi. Bolalarning yoshi o’sishi bilan o’qituvchining ularga nisbatan bo’lgan diqqat-e'tibori, g’amxo’rligi, muruvvatlilik hislari o’zgarib boradi. Kichik yoshdagi bolalarga nisbatan, o’qituvchi ularni bag’riga bosishi, boshini silashi, erkalashi mumkin. Katta yoshdagi bolalarga nisbatan o’qituvchi bu holatni faqat ayrim hollarda qo’llashi mumkin. O’spirinlarga nisbatan esa vazminlik va munosabatning soddaligi muhimdir.
Pedagogik takt o’qituvchining vazmin xulqida namoyon bo’ladi ya'ni chidamlilik, o’zini tuta olishda. U o’quvchiga nisbatan ishonchni belgilaydi. O’qituvchining o’quvchilarga nisbatan bo’lgan ishonchi ularni ishlashga rag’batlantirish kerak. O’qituvchining madaniy aloqasi, takti, uning o’quvchilar bilan bo’lgan o’zro munosabatining turli formalarida - darsda, darsdan tashqari ishlarda, dam olishda namoyon bo’ladi.
O’qituvchining takti darsning hamma etaplarida kerakdir. Ayniqsa, o’qituvchi o’quvchilarning xulqini va bilimini baholayotganida unga katta ahamiyat berishi kerak. Takt o’qituvchining javobini eshita olishda ifodalanadi. Hamma o’quvchilar ularning javoblarini qunt va hurmat bilan eshita oladigan o’qituvchiga javob berishni yaxshi ko’radilar. Ularning javoblarini jilmayish, imo-ishora bilan ma'qullash juda muhimdir. O’quvchilarning javoblarini baholash momenti ham juda katta ahamiyatga ega.
Muloqot - yunoncha so‘z bo‘lib, suhbatlashuv, shaxslararo suhbat va o‘zaro fikr almashuv ma’nosini bildiradi hamda ikki yoki undan ortiq kishilarning so‘zlashuvida paydo bo‘ladi. Inson muloqot jarayonida ijtimoiy tajriba, ta’lim-tarbiya, turli munosabatlar, axloqiy me’yorlar g‘oya va mafkura omillari ta’sirida yashab ijtimoiylashadi va shaxs sifatida kamolotga etadi. Kishilar o‘rtasidagi o‘zaro muloqot pedagogik-psixologik fanlarning asosiy kategoriyalaridan biri hisoblanib, u o‘z ichiga shaxslararo munosabatning eng muhim mexanizmlarini qamrab oladi.
Pedagogik muloqot -bu o o‘qituvchining o‘quvchilar bilan darsda va darsdan tashqari faoliyatda o‘zi uchun eng qulay bo‘lsan psixologik muhitni vuiudsa keltirib, iiobiy ruhiy iqlimni yaratishi uchun imkoniyat beruvchi kasbiy munosabatidir.
O‘qituvchining o‘quvchilar bilan o‘zaro yaqin muloqotidan asosiy maqsad:
• salbiy holatlarni vujudga keltiruvchi barcha jarayonlarga barham berish;
• o‘quvchilarda mustaqil fikr yuritish ko‘nikmalarini hosil qilish;
•o‘quvchilarni faollikka, erkin fikrlashga, o‘z fik-mulohazalarini cho‘chimasdan bayon qilib unga tayanishga o‘rgatish;
• o‘quvchilarning yashirin qobiliyatlarini rivojlantirish;
• dars va darsdan tashqari jarayonlarda quvonch va shodlik kayfiyatini paydo qilish.
Rus pedagogi V.A. Kan-Kalikning fikricha, o‘qituvchining pedagogik muloqoti tuzilishi quyidagi yo‘nalishlarda amalga oshiriladi:
1.Prognozik bosqich (modellashtirish): O‘qituvchi tomonidan sinf jamoasi bilan bo‘lajak muloqotni modellashtirish.
2.Kommunikativ aloqa: O‘quvchi bilan dastlabki o‘zaro tanishuv jarayonida bevosita muloqotni tashkil etishga erishish.
3.Pedagogik jarayon: O‘qituvchining xatti-harakati, pedagogik mahorati bevosita muloqotni boshqarishga qaratilgan bo‘lishi kerak.
4.Natijalar tahlili: Amalga oshirilgan muloqotni tahlil etish, yutuq va kamchiliklarni xolisona baholab kelgusi faoliyat uchun modellashtirish.
O‘qituvchi kasbiy faoliyatidagi jonli muloqot qobiliyatini takomillashtirish uchun o‘z oldiga doimo quyidagi savollarni qo‘yib, unga mustaqil fikr-mulohazasi asosida javob bera olishi kerak: 1.Nimaga o‘rgatish: 2.Kimni o‘rgatish: 3.Qanday o‘rgatish:
O‘qituvchining o‘quvchilar bilan muloqoti samarali bo‘lishi uchun suhbatdoshni o‘ziga moyil qilib olish zarur. O‘zaro moyillikka erishish uchun amalda qo‘llanilib kelinadigan bir qator murakkab bo‘lmagan pedagogik ta’sir etuvchi usullardan foydalaniladi. Ularning eng muhimlari o‘quvchi ishonchini qozonish hamda ta’sir etish va ma’qullash usullaridir.
Iishonchini qozonish usuli o‘quvchilar bilan muloqot asosida ta’sir ko‘rsatishning yuqori samara beradigan usulidir. U o‘quvchi ongiga qaratilgan bo‘lib, idrok qilish orqali o‘quvchilar ishonchini qozonishni va ularning roziligini nazarda tutadi.
Xulosa qilaigan bo’lsak, muloqot jarayonida o‘qituvchi o‘quvchini ijtimoiy qadriyat deb tan olishi, har bir bola, o‘smir va o‘spirinning betakror va o‘ziga xos xususiyatlarini hurmat qilishi, uning ijtimoiy xulqi va erkinligini eo‘zozlashi lozim. Zero, ta’limni isloh qilishdan asosiy maqsad, tarbiyada demokratiyaning ustunligi, tarbiyani ma’muriy ehtiyoj va qiziqishlardan yuqori qo‘yish, tarbiyachi va tarbiyalanuvchining bir-birlariga o‘zaro ishonchi, hamkorlik asosida pedagogik munosabat mohiyatini ijobiy tomonga yo‘naltirish demakdir
O’qituvchi o’quvchilar oldida aktyor singari o’z rolini ijro eta olishi kerak ya'ni, turli xil vaziyatlardan chiqa olishi kerak. Darsdan tashqari vaqtda esa - erkin, dilkash, samimiy bo’lishi kerak.
Muloqot jarayonidagi taktikani to’g’ri tanlay olish rolli vazyaitlarni qo’llay bilishga bog’liqdir. Rolli vaziyatlarning 4 turi mavjud:
1. «Yuqoridan yondashish» vaziyatida o’qituvchi o’zining mustaqilligini, mas'uliyatni his eta olishni ko’rsatadi.
2. «Quyidan yondashish» vaziyatida o’ziga, o’z kuchiga ishonmagan o’qituvchi shaxsi namoyon bo’ladi.
3. «Yondan yondashish» vaziyatida esa xushmuomala, o’zini tuta oladigan, vaziyatni tushuna oladigan, atrofdagilarning qiziqishini tushuna oladigan va javobgarlikni o’quvchilar bilan birgalikda teng his qiladigan o’qituvchi shaxsi namoyon bo’ladi.
«Quyidan yondashish» vaziyati o’qituvchilarda mustaqillik tuyg’usining namoyon bo’lishiga mo’ljallangan. «Yuqoridan yondashish» vaziyatida tarbiyalanuvchi o’zini har doim boladay his qiladi. Maslan: bu vaziyatdan bolalar bog’chasida foydalanamiz.
Demak, o’qituvchi o’quvchilar bilan hamkorlikda ishlashi, pedagogik taktning talablariga rioya qilishi va muloqot taktikasini egallangan bo’lishi kerak.
Pedagogik takt mahorat bilan birgalikda hosil bo’ladi. U - o’qituvchining ma'naviy etukligining, uning o’z ustida ishlab, orttirgan maxsus bilimlar va mahoratining natijasidir. Eng muhimi o’qituvchi bolalarning yosh psixologiyasini va individual xislatlarini bilishi kerak. Shu bilan birga o’qituvchining axloq asoslari va normalarini, bolalarning xatti-harakatlarida ma'naviy tomonni ko’ra bilishi ham juda muhimdir. O’qituvchi ziddiyatli vaziyatdan chiqishi uchun quyidagi qoidalarni hisobga olishi kerak:
-avvalambor, o’qituvchi ziddiyatni bartaraf etishi kerak;
-o’z xatti-harakati bilan sherigiga ta'sir qila olishi kerak (o’quvchiga, hamkasbiga);
-suhbatdoshining xatti-harakati, yuz bergan vaziyatni tushunmasdan turib xulosa chiqarishga shoshilmasligi kerak;
-o’quvchi bilan bog’liqlikni iloji boricha avvalroq anglab olish muhimdir;
-xulosa to’g’ri chiqarilganligiga hammani ishontira olishi kerak.
Pedagog o'quvchilar oldida nihoyatda odobli xatti-harakatlarni qilishi, noto'g’ri harakatlardan saqlanishi lozim, aks holda o'qituvchi hurmati keta boshlaydi.
Pedagogik nazokat me'yori tuyg’usi o'z o'quvchilari bilan to'g’ri munosabat qoidalariga amal qilishdir. Pedagogik nazokatning asoslari deb, bir qolipdagi fikrlar (barqaror tasavvurlar) ijtimoiy yo'l-yo'riqlar va shaxsiy xislatlar jamini aytish mumkin, ularo'qituvchinnng o'quvchilar bilan muomalasi sohasidagi xulq-atvorini belgilab beradi. O’qituvchining pedagogik nazokati mazmuni va uni namoyon bo'lishi shakllarini belgilab beradigan ayrim ijtimoiy yo'l-yo'riqlarni ko'rib chiqamiz.O'qituvchi o'z o'quvchilari bilan munosabatlarini (dialog) muloqot tarzida bo'lishini tushunishi lozim, ya'ni muhimdir.Agarda o'qituvchilarning o'quvchilar bilan munosabatlari ishonch asosida qurilgan bo'lsa, bunday muloqot ijobiy bo’ladi.
Agar bolalar bilan o'qituvchi o'rtasida ishonch munosabatlari o'rnatilgan bo'lsa, ular hayotning og’ir damlarida uning huzuriga yordam so'rab keladilar, o'z quvonchlarini baham ko'radilar. 
Pedagogik nazokat me'yorda bo'lgani ijobiy namoyon bo'ladi. Agarda haddan tashqari chegaradan chiqib ketsa, zerikishlar paydo bo'ladi, ishonchsizlik yuzaga kela boshlaydi.Pedagogda adolat bo'lishi, bolani o'qituvchiga bo'lgan ishonch-muhabbatiga olib keladi. Albatta pedagogda vijdon bo'lishi kerak. Pedagog hech qachon o'z fikrini o'quvchilarga majburan o'rgatishga va majburan javob olishga harakat qilmasligi kerak, aks holda o'quvchi o'qituvchi o'rtasidagi munosabatlar keskinlasha boshlaydi, adolat buziladi. Izzat-nafsni boy bermaslik kerak.
Pedagogning o'quvchilar bilan bo'ladigan barcha munosabatlari adolatli, vijdonan hal qilinishi lozim, tushunmovchiliklar sodir etilgan paytda ularni ijobiy xal etishga harakat qilinmog’i zarurdir.Bir qolipdagi fikrlar umuman pedagogik faoliyatda va xususan o'quvchilar bilan munosabatlar sohasida ijobiy rol o'ynashi mumkin.
Ular pedagogning g’ayratini tejaydi, ancha tez pedagogik ta'sir etishga yordamlashadi.Lekin bir qolipdagi fikrlar ham salbiy holatlarni yuzaga keltirishi mumkin. Masalan: dars jarayonida kulgili holat sodir bo'lsa, bu holatga mos kulgili vaziyat qilmasdan, balki unga jiddiy tus berish, qatiy javob berilsa, vaziyat murakkablashadi, xolos.
Bunday misollarni ko'plab keltirishimiz mumkin, Bular haqida o'tmish mutafakkirlarimiz fikrlarini keltiramiz:«O'zga odamning dahlsizligi, nozikligi, hamiyatini ehtiyot qil, odamlarga yomonlik qilma, ranjitma, dilini og’ritma, tashvish va notinchlikka yo'l qo'yma»,-degan edi V. A. Suxomlinskiy.
«Kimki insoniylikni o'zida sinab ko'rmagan ekan, u hech qachon odamlarni chuqur bilmaydi». N. G. Chernishevskiy.«Birovni erga ursang, u bilan o'zing ham erga urilasan». B.Vashington.
«Sening har bir xulq-atvoring boshqa kishilarga ta'sir etadi, yoningda inson borligini unutma». B. A. Suxomlinskny.
«Kishini erkalash hech qachon ziyon keltirmaydi».
«O'zgalar aybiga tetik nazar sol,
«O’z aybing ko'rgandek, undan ibrat ol». Nizomiy Ganjaviy.
«Yaxshi kishi ko'rmagay yomoshlik hargiz,
Har kimki yomon bo'lsa, jazo topqusidir». Bobur.
O'qituvchida pedagogik nufuz bo'lishi o'kuvchilarning estetik didini o'stirishga yordam beradi. O'qituvchida nazokat bo'lishi, o'quvchilarni bir-biriga sadoqatli, odobli bo'lishga, shirinsuxanlikka boshlaydi. Mutafakkirlarning aytishicha, pedagog bolalar va ayniqsa katta yoshdagi o'smirlar o'rtasidagi ziddiyatlarga juda ehtiyotkorlik bilan aralashishi lozim. Shuningdek ziddiyatlarning shunday sohasi borki, unda pedagoglarning aralashuvi nihoyatda cheklanadi.
Ba'zi bir ziddiyatlarni ham butun bir jamoada muhokama qilish o’z natijasini bermasligi mumkin, bunday vaziyatlarda yirik pedagoglar fikri va mulohazalari bilan maslahatlashgan holatda amalga oshirilsa foydadan holi bo'lmaydi. O'qituvchilarning muhim ijobiy xususiyatlaridan biri dilkashlikdir. An'anaviy dilkashlik yoki odamlarga aralashmaslik shaxsning o'ziga xos xususiyatlari deb qaraladi, bu butunlay qonuniy holdir. Leqin bunday yondashuv bir tomonlamadir. Dilkashlik odamlarga aralashmaslik shaxsni o'ziga xos xususiyatlari bo'libgina qolmay, shu bilan birga odamning u yoki bu vaziyatdagi muayyan xulq-atvori hamdir. Shaxsning xususiyati bo'lgan dilkashlikni atrofdagilar bilan barqaror, kuchli rivojlangan aloqalarga intilish sifatida ta'riflash mumkin. Bu intilish odamlar bilan tez aloqa o'rnatishni birga qo'shib olib boradi.
Dilkashlik va aralashmaslikni shaxs xususiyatlari sifatida qarab chiqish ekstravert va intravert tushunchalari bilan bog’liq ravishda samarali bo'ladi.
Ekstravert shaxslarga umumiy faolik, osoyishtalik, ta'sirlarga moyillik xosdir.
Iitrovert shaxslar ichki olamga berilgan, odamlarga aralashmaydigan, o'z-o'zini nazorat qilishga, refleksga ichki xavotirlikka moyil bo'ladi.
Dilkashlik - ko'proq ekstravert tiplariga oiddir.
Introvert tipiga odamlarga aralashmaydiganlar kiradi.
Pedagogik vaziyatlar tez-tez o'zgarib turadigan sharoitda o'qituvchining vazifasi ro'y bergan vaziyatda tez mo'ljal olib, unga to'g’ri baho bera bilish, zarur tarbiyaviy ahamiyatga ega bo'lgan to'g’ri qarorga kelishdan iboratdir. Agar o'qituvchi bolalarining xatti-harakatlarini to'g’ri idrok etib, baho bera bilsa, ularni vujudga keltirgan sabablarini chukur ko'ra olsagina, shu bilan birga o'zida sabot, o'zini tuta bilish, sabr-toqat, sezgirlik kabi fe'l-atvor xususiyatlarini rivojlantira olsagina, yuqoridagi vazifaga erishishi mumkin.
Bu pedagogik nazokatga rioya qilishning zarur shartidir. Nazokat me'yor tuyg’usi yoki odob qoidalariga rioya qilishni, o'z o'quvchilari bilan tug’ri munosabatga amal qilishni bildiradi. Agar o'qituvchi o'quvchilar bilan munosabatlarning ishonch asosiga qurilishiga erishishga yo'l-yo'riq bo'lsagina bunday muloqot ro'y beradi. Tarbiya tajribasida bunday yo'l-yo'riqni amalga oshirish qiyin ishdir, lekin unga butunlay erishish mumkin. Pedagogda bolalar bilan o'zaro ishonch va do'stlik munosabatlari vujudga kelgandagina bunga erishish mumkin. Bunga shuning uchun ham erishish mumkinki, bolalardagi katta yos yoshdagi do'stga ega bo'lish va u bilan muomala qilishga qat'iy ehtiyoj mavjud bo'ladi.
Ta'lim-tarbiya jarayonida pedagogik texnikaning ya'ni jamoa va shaxs bilan muloqot qilish mahorati, muloqot jarayonini nazorat qila olish, jamoani tashkil qilish, o’z kayfiyatini, ovozini va harakatlarini boshqara olish mahoratining o’rni ham muhimdir.
Pedagogik texnika haqida A.S.Makarenko shunday deydi: «Chiroyli ovoz faqat kuylash yoki so’zlashish uchun emas, balki o’z fikr va his-tuyg’ularini aniq, ta'sirchan ohangda ifodalash uchun ham kerakdir. Bu ham pedagogik mahoratdir». Umumiy qilib aytadigan bo’lsak, pedagogik texnika bu – o’qituvchining o’quvchilarga shaxsan ta'sir o’tkazish usullarining yig’indisidir.
Pedagogik texnika tarkibiy qismlari 2 qismga bo’linadi:
1-guruh pedagogning o’z hulqini boshqara olish mahorati bilan bog’liq bo’lib, unga o’z organizmini boshqarish (mimika, pantomimika), kayfiyat va his-tuyg’ularini boshqarish, ijtimoiy perqepqiya malakasi (yuz ifodasini o’qiy olish), nutq texnikasi (nafas olish, tovushni to’g’ri tutish, dikqiya) kabilar kiradi.
2-guruh shaxsga va jamoaga ta'sir eta olish mahorati bilan bog’liq bo’lib, ular pedagogik muloqot texnikasi, talayu qo’ya olish texnikasi, tartib o’rnatish texnikasi, rag’batlantirish va jazolash texnikasi kabilardan iborat.
Mimika – o’zining fikr-mulohazalarini, his-tuyg’ularini, kayfiyatini yuz muskullari harakati orqali ifodalash san'ati. Ko’pincha yuz ifodasi so’zlardan ko’ra kuchliroq ta'sir qiladi. Mimika nutq mazmuniga mos bo’lishi kerak. U orqali ishonch, tasdiqlash, nozilik, hursandchilik, befarqlik, zavqlanish, qiziqish, hafa bo’lish kabi tuyg’ularni ifodalashga yordam beradi. Mimika detallari – qosh, ko’z, yuz muskullari. Shuning uchun o’qituvchi doimo’quvchilarga qarab gapirishi kerak. O’quvchilar o’qituvchining ko’z qarashlariga qarab kayfiyatini, munosabatini aniqlaydilar. Shu sababli o’qituvchining ko’zi his-tuyg’ularni ifodalabgina qolmasdan, o’quvchilarga taalluqli bo’lmagan his-tuyg’ularni yashira olishi ham kerak.
Pantomimika – fikrlarini ifodalashda qo’l, bosh va umuman gavda harakatlari, imo-ishoralardan foydalanish.
Ijtimoiy perqepqiya – o’quvchilarning yuz ifodalari, ko’z qarashlaridan ular psixologiyasini, kayfiyatini aniqlash.
Mutlaqo to'g’ri bo'lgan pedagogik tadbirni yoki sistemani o'rnatish mumkin emas. Hozirgi daqiqa, hozirgi bosqich sharoitlari va talablaridan kelib chiqmaydigan har qanday qotib qolgan qoida har doim noto'g’ri qoida bo'ladi,- deb yozgan edi L. S. Makarenko, L. M. Gorkiyga yo'llagan maktubida.
Pedagogik san'at vaziyat bilan bog’liq. Bu erda har gal hamma narsa yangidan sodir bo'lganday tuyuladn.
Binobarin, kishi o'zining har bir qadamini oldindin ko'rishi, rejalashtirishi amalda mumkin bo'lmaydi. Pedagogning mehnati-bu behad izlalish va azob-uqubatli kechinmalar, ilhom va betakror turlanish oni, ko'pdan-ko'p kundalik ishlar, xafsalasi pir bo'lish va bolalar bilan birgalikda boshdan kechirilgan quvonchdan qanoat xosil qilishdir. Pedagogik san'at-bu qandaydir qo'l bilan tutib bo'lmaydigai, faqat farosat bilan amalga oshiriladigan iarsadir, degan taassurot tugiladi.
K. S. Stanislavskiy aktyorning faoliyatini tahlil qilib shunday degan edi: «Nima qilmoq kerak?» beixtiyor, bilar-bilmas, odatdagi narsaniig mahsulidir. Bundan shunday savol tug’iladi: xo'sh bu «beixtiyor» bilar bilmas «odatdagi narsaniig chuqur ma'noli sohasi nimadan iborat?» aktyoriing sistemali ravishda o'z ustida ishlashidan boshqa narsa emas, bu narsa keyin sanatning buyuk in'omi, deb ataladi.
Har qanday ijodkorlik, buning ustiga pedagogik ijodkorlik quruq joyda, faqat hissiy reaksiyalar asosida boshlanishi mumkin emas. Tarbiya san'atida o'zinig pedagogik texnikasi, o'zining «bir qolipdagi» mehnat madaniyati borki, ularni bilib olish zarur. Pedagogik kadrlarni tayyorlash va ularning malakasini oshirishning butun sistemasi ana shu bilib olishga qaratalishi lozim. Biroq, hali hech kim oliy o'quv yurtida o'qib yoki o'qituvchilar malakasini oshirish kursini tamomlagandan keyin usta pedagog bo'lib qolmagan. Pedagog mehnat ustalari maktabda vujudga keladi, bolalar bilan muomalada tarbiyalanadi.
Xo'sh pedagogik mahorat nnma va u nimalardan tashkil topadi? Bu fahm-farosat va bilimlarning, chinakam ilmiy, tarbiyadagi qiyinchiliklarni engishga qodir bo'lgan nufuzli rahbarlikning, bolalar qalbining qandayligini his qilish mahorati, ichki dunyosi nozik va zaif bo'lgan bola shaxsiga mohirlik bilan avaylab yondashish, donolik va ijodiy dadillik, ilmiy tahlil, xayol va fantaziyaga bo'lgan qobiliyat mujassamdir. Pedagogik mahoratga pedagogik bilimlar, fahm-farosat bilan bir katorda pedagogik texnika sohasidagi malakalar ham kiradiki, ular tarbiyaga ozroq kuch sarflab ko'proq natijalarga erishish imkonini beradi.
Pedagogik mahorat nazariyasi va metodikasining ishlab chiqilmaganligi shunga olib keladiki, pedagoglarning har biri o'zicha, paypaslab ijodiy izlanish olib boradi, ayni bir xil savollari: bolalar bilan, pedagoglar jamoasi bilan qanday qilib til topish mumkin? Qanday qilib qisqa muddat ichida bolalar o'rtasidagi munosabatlarniig haqqoniy manzarasiga erishmoq kerak? Bolalarni pedagogik talablarni bajarishga qanday qilib majbur etish kerak? Qanday qilib yaxshi pedagogik ruhiyatni saqlab qolish va o'z kuch-quvvatini oqilona sarflash mumkin? degan savollarni muttsil takrorlaydi va hokazo.
Bu savollarga beriladigan javoblar har bir mohir pedagogning ishida zarur bo'lgan umumiy pedagogik malakalarni shakllantirish bilan bog’liq bo'lib, mazkur masalalrii xal qilish pedagogdan odatdan tashqari kuch-g’ayratni, kat'iyatni, tirishqoqlikni, tadqiqotlar olib borishga intilishni, yangi vaziyatga, yangi jamoga kirish qobiliyatini, samimiyatni, to'g’rilik va xalollikni tekshirib ko'rish masalasini, o'z topilmalarning qimmatini aniqlash qobiliyatini talab qiladi.
Pedagogik fan bilan tarbiya san'atining uzviy aloqadorligi zarurki, u yuksak kasb mahoratini ta'minlaydi. Lekin ayrim pedagogik xaqiqatlarni eslab qolishning o'zi etarli emas, ularni ijodiy mushohada qilish, amalda tatbiq eta bilish zarur.
A. S. Makarenko aytib o'tganidek, pedagogika eng dialektik, harakatchan murakkab va xilma xil fandir. Tarbiya iazariyasida tayyor andozalar yo'q, pedagogika hayotining barcha hodisalari uchun tayyor echimlarni taklif qilmaydi!- degan qoida siyqasi chiqqan qoida bo'lib qoldi.
Biz pedagogik hodislniig eng umumiy, eng muhim, ya'ni doimo takrorlanib turadigan tomonlari bilan ish ko'rgan joyimizda aniq tavsiya bo'lishi mumkin. Odamlar bilan ish ko'rgan joyimizda, chamasi katiy belgilangan tavsiyalar, «andozalar» bo'lmasligi ham mumkin. Biz ilmiy pedagogika nuqtai nazaridan mutlaqo aniq va qat'iy ayta olamizki, o’z-o’zini boshqarish, o'yin, ijtimoiy ta'sir ko'rsatish, ijodiy mehnat va hokazo vositalarsiz ota-ona ham, pedagog ham ish olib borolmayidi. Lekin ularning har birini alohida holda qo'llanishi bolalarning turli toifalari o'rtasida turlicha bo'lishi lozim.
Pedagogik vositalarni tanlash ularning tarbiya maqsadlariga muvofiqligi bilan belgilanishi tushunarlidir. Maqsad o'ziga xos ichki yo'l-ko'rsatkich hisoblanadi, u butun ayrim pedagogning faoliyatini yo'naltirib turadi.
Tarbiyaning maqsadlari, vositalari va natijalari o'rtasida, shuningdek, tarbiyalanuvchi va tarbiyachi tafakkuri, motivlari o'rtasida g’oyat murakkab bog’liqlik bor. Kattalarning maqsadlari bilan to'qnash kelib qoladi. Axir, bolaning ham o'z maqsadlari (xatto strategiya maqsadlari) bor. O'quvchining rivojlanish mantiqi, uning tafakkuri, harakatlari bitta nuqtai nazarda, tarbiyachining mantiqi boshqa nuqtai nazarda turishi mumkin. Bunday variantda hech qanday tarbiyaviy ta'sir ko'rsatish bo'lmaydi. O’qituvchi bilan mos kelsa, navbatdagi «to'siqlarni» engish uchun birgalikda vositalar qo'llansa, chinakam tarbiya jarayoni sodir bo'ladi. Bu jarayon kattalarni ham, bolalarni ham o'ziga jalb qiladi, ularga ham bularga ham quvonch bag’ishlaydi. Tarbiyachilar bilan tarbiyalanuvchilariing tevarak atrofdagi voqelikni va ayni vaqtda o'z-o'zlarini o'zgartirishga qaratilgan birgalikdagi faoliyati, kattalar bilan bolalar qarashlarining birligi, tarbiyalash san'ati asosida ana shular turadi.
Pedagogik faoliyatda vositalar, maqsadlar va natijalarning nisbatini doimo tahlil qilib tashkil etadi, bir-biriga bog’liq bo'ladi va alohida tarzda amalga oshirilmaydi. Maqsadni amalga oshirish usuli-bo'lajak natijadir.
Natija yangi vositalarni tanlash, yangi maqsadlarni qo'yish uchun amaliy asos hisoblanadi. Tajribada ma'lum darajada qo'llaiilgan har qanday vosita iatija beradi, xatto biror sababga ko'ra ifodalanmagan bo'lsa ham natija beraveradi. Lekin maqsadi aniq ifodalangan» pedagogik vositagina samaralidir. Uquvchiga tarbiyaviy ta'sir ko'rsatishning har bir aniq holatiga, umuman tarbiyada biz nimaga erishmoqchiligimizni aniq bilib olmasak, samarali pedagogik vositalarni tanlash muvaffaqiyatli bo'lshini tasavvur qilish qiyin.
Tajribada mavjud bo'lgan haddan tashqari ko'p pedagogik vositalarni sanab chiqish bizning vazifamizga kirmaydi. Shu munosabat bilan faqat ikkita mulohaza bilan kifoyalanamiz.
Birinchi mulohaza: har qanday pedagogik vosita hamisha bir qator boshqa vositalar, usullar, shartlar bilan bog’liq bo'ladi. Ular pedagogik jarayonning muayyan bosqichda tya'sir ko'rsatish iatijasini belgilab beradi. Masalan, rag’batlantirish bir jarayonlarni tezlashtirish va boshqarishga to'sqinlik qilishi, turli salbiy va ijobiy hissiyotlarning turli-tuman ko'rinishlarini vujudga keltirishi mumkin. Bazan bu xol pedagogik bir metodning boshqalariga ta'sirini muvozanatlash zarurligiga olib keladi,
Ikkinchi mulohaza: ayrim vositalarni qo’llash pedagogni ular ta'sirini, mumkin bo'lgan o'zgarishini anglash qobiliyatlariga butunlay bog’liq bo'ladi. Jamoa muomala sharoitida vositalarni qo'llash minut sayin o'zgarib turadigan vaziyatni hisobga olish zarurligini taqozo qiladi.
Xozircha biz ko'proq mavhum kategoriyalardan foydalanamiz. Amaliy faoliyatda esa vositalar, maqsadlar va iatijalar dialektikasi ovozlar shovqini, g’oyat turli-tuman ehtiyojlar va da'volarning avj olishi bilan to'la bo'ladiki bu barcha jonli manzara doimo bir kishining-pedagog tarbiyachining diqqat markazida bo'lishi lozim.
Xo'sh, uning mahorati nimalarda ifodalanishi mumkin? Avvalo shoshilinch tahlil qilishda va tezda ishga kirishishda ifodalanishi mumkin. Agar bu shoshilinch taxlil noaniq bo'lsa, vositalar ham albatta noto'g’ri tanlanadi, unda olingan natijani, o'zgartirish uchun yangi vositani izlash talab qilinadi. Qo'llaniladigan vosita va ma'naviyat pedagog amal qiladigan qadriyatlar sistemasi o’rtasida bevosita bog’liqlik bor. Pedagog vositalarga tor amaliyotchilik nuqtai nazaridan prinsipsizlarcha yondashuv (ulardan foydalanishni bilgan taqdirda) tezda ayrim muhim natijalarga to'liq tartibda, tashkiliy aniqlikka erishish va o'ziga xos xususiyatlardan bexabar qolish bularni pedagogik mahoratining namoyon bo'lishi deb qabul qilish mumkin. Chinakam mahorat esa o'qituvchiga ushbu qoidani yuklaydi: barcha vositalar biror kishini hayron qoldirish, pedagogning shaxsidan fahrlanish uchun emas, balki tarbiyaning juda murakkab va ulkan vazifalarini bajarish uchun foydalaniladi.
V.A.Suxomlinskiy yozuvchi G. Medinskiyga yozgan xatlaridan birida bunday deb yozgan edi: «Msn insonga qatiy talabchan bo'lish, takomillashtirish va o'z-o'zini takomillashtirishning qatiy qoidalari tarafdoriman. Talabchanlik saxiylikning, insonparvarlikning ikkinchi tomonidir». Ishonch va talabchanlik dialektikasi Suxomlinskiyning ijodiy merosida eng mayda tomonlari bilai ochib beriladi: u masalan, farqni birinchi o'ringa nimani-yaxshiliknimi yo qatiyliknimi qo'yishda, dsb biladi. U o'z asarlarida bunday yozgan edi: «Men Makarenkodan keyin uning mashhur talabchanlik bilan birga qo'yilgan hurmat-ehtirom formulasini ataylab takrorlamadim. Juda ko'p pedagoglar «talabchanlik» bilan birga qo'shilgan hurmat-ehtirom formulasini talabchanlik asosi deb hisoblaydilar.
Pedagogik texnikani egallashning asosiy yo'llari o'qituvchi rahbarligidagi mashg’ulotlar (pedagogik texnikani o'rganish) va mustaqil ishlash (kasbiy jihatdan o'z-o'zini tarbiyalash)dir. Pedagogik texnika malakalarining individual tusda ekanligini hisobga olib, pedagogik texnikani egallashda va uni takomillashtirishda kasbiy jihatdan o'z-o'zini tarbiyalash, ya'ni talabaning o'zida mohir o'qituvchi shaxsiy fazilatlarini va kasbiy malakalarini shakllantirishga qaratilgan faoliyat etakchi rol o'ynaydi deb aytish mumkii. Kasbiy ideal siri bu harakatda ham pedagik texnikani egallash muhim rol o'ynamog’i lozim. Tashkiliy-metodik jihatdan pedagogik texnika mashg’ulotlari individual, gruppaviy yoki ketma-ketlikda o'tkazilishi mumkin.
Masalan, zarur bilimlar leksiyalarda yoki tegishli adabiyotni (xususan, mazkur qo'llanmani) mustaqil o'qishda egallanishi mumkin. Avtomatlashtirishga doir ayrim oddiy harakatlar (to'g’ri artikulyasiya, fonasion nafas olish usulari, relaksasiya usullari va shu kabilar) ketma-ket ko'rsatilishi mumkin. Tegishli ko'nikmalarni ishlab chiqish individual ishlashni dastlab o'qituvchilarning nazorati va rahbarligida, keyin esa mustaqil ishlashni talab qiladi.
Pedagogik texnika malakalarini shakllantirishda jamoaviy ish olib borish alohida rol o'ynaydi. Pedagogik texnika mashg’ulotlarining bu shaklini ancha batafsilroq ochib berish maqsadga muvofiqdir, chunki u hozirga qadar o'qituvchilar uchun mo'ljallangan o'quv va metodik adabiyotda lozim darajada ko'rsatib berilmagan. Xuddi shunday ishda pedagog oldida o'zini boshqa kishilar ko'zi bilai ko'rish, xulq-atvor va muomalaning yangi shakllarini izlash va sinab ko'rish o'zining odamlar bilan barcha qiladigan ishi xususiyatlarini anglash va kasbi faoliyatining individual uslubini ongli ravishda shakllantirish imkoniyati paydo bo'ladi. Gruppa shaxsining o'z-o'zini bilim va o'z-o'zini tarbiyalash laboratoriyasi, pedagogik vazifalarni hal qilishning yangi usullari tekshirib ko'riladigan, nazariy masalalar muhokama qilinadigan tajriba maydoni bo'lib qolishi mumkin.
Psixologlarning pedagogik texnikani guruh bo'lib o'rgatish tajriba ishida bunday guruhlarniig eng qulay miqdori 10-14 kishidan iborat bo'lishi belgilab berilgan.
Qatnashchilarning xuddi shunday miqdori ulardan har biriga boshqa kishilar bilan birga ishlashning individual psixoxlogik muammolarining empatiya darajasini jiddiy oshirish, pedagogik fahm-farosatni rivojlantirish, boshqalarga ta'sir etish vositalarini kengaytirish imkonini beradi.
Shu narsa muhimki, guruh qatnashchilari, bo'lajak pedagoglar kasbiy jihatdan birga ishlash malakalarini egallashga faol intilishlari, o'z-o'zini tarbiyalash bo’yicha chuqur ish olib borishga psixologik jihatdan tayyor bo'lishlari kerak. Barcha hollarda ham individual, ham guruhiy mashg’ulotlar boshlanishidan oldin pedagogik texnikani egallashning individual dasturi tuzib chiqilishi lozim. Bunday dasturni tuzish uchun avvalo pedagogik texnika malakalari shakllanishining boshlang’ich darajasini aniqlab olish zarur. Biroq, tajribaning ko'rsatishicha, odatda, mazkur bosqichda faqat malakalar haqidagina emas, shu bilan birga dastlab avtomatlashtirilgan (ta'limni boshlash vaqtiga kelib) ko'nikmalar haqida ham gap borishi mumkin emas.
Pedagogik texnika nima? Pedagogik texnika – bu tarbiyachining pedagogik jarayonda qo‘llaydigan yo‘l, usul va ko‘nikmalari yig‘indisidir. Pedagogik texnikaga oid ko‘nikmalar ikki guruhga bo‘linadi. Birinchi guruh ko‘nikmalariga tarbiyaining o‘z xulqi va xatti –xarakatlarini boshqarish, idora qila olish bilan bog‘liq bo‘lgan ko‘nikmalar kiradi. Masalan, mimika, pantomimikadan unumli foydalanish, emosiya va kayfiyatni boshqarish, nutq texnikasi, diqqat kuzatuvchanlik, ijodiy hayollar kabilar shular jumlasidandir.
Ikkinchi guruh ko‘nikmalar bevosita shaxsga va jamoaga ta’sir etishda namoyon bo‘ladi va ta’lim tarbiya jarayoning texnologik tomonini takomillashtirishga xizmat qiladi. Bu guruh ko‘nikmalarga didaktik (o‘qitish va tarbiyalash metodlarini muvaffaqiyatli ko‘llay bilish), tashkilotchilik, konstruktiv (bolani kelajakda qanday kishi bo‘lib yetishishini oldindan ko‘ra bilish va loyihalashtirish), kommunikativ (bolalar bilan to‘g‘ri muloqot o‘rnata olish, bir-birini tushunish) ko‘nikmalari kiradi. Bulardan tashqari, bolalar oldiga talablar ko‘ya bilish, pedagogik muloqotni boshqarish, bolalarning ijodiy ishlarini tashkil qilish kabilar ham shu guruh ko‘nikmalariga kiradi.
Kuzatishlarimizdan ma’lumki, yosh tajribasiz tarbiyachi - o‘qituvchi yuqoridagi pedagogik ko‘nikmalarning barchasi mavjud bo‘lmaydi yoki ular o‘z takomiliga yetmagan bo‘ladi. Shu sababli ularning pedagogik faoliyatda ko‘plab kamchiliklar darrov ko‘zga tashlanadi. Ana shunday kamchiliklar qatoriga bolalar yoki ularning ota-onalari bilan yurakdan gaplasha olmaslik, nutqda tez gapirish yoki jumlalar tuzishda xatolarga yo‘l qo‘yish, bolalar guruhiga birinchi kirganda o‘zini yo‘qotib qo‘yish, nutqining monotonligi, ovozning baland yoki pastligida eng qulay darajasini topa bilmaslik, qo‘l, oyoq, gavda xarakatlarini nazorat qila olmaslik kabilarni kiritish mumkin. Bularning barchasi yosh o‘qituvchida pedagogik texnikani yetishmasiligining oqibatidir. Bu kamchiliklar pedagogik jarayonga, bolalar ta’lim tarbiyasiga so‘zsiz salbiy ta’sir etadi. Pedagogika institutlarining vazifasi esa bo‘lajak tarbiyachilarda pedagogik texnikani yaxshiroq shakllantirish, ularni pedagogik faoliyatga yaxshiroq tayyorlashdir.
Pedagogik texnikada tarbiyachi - o‘qituvchining tashqi qiyofasi ham muhim rol o‘ynaydi. Tashqi qiyofasining pedagogik maqsadga muvofiqligi uning tashqi ko‘rinishida, hissiyotlarni boshqara olishida, mimika va pantomimika o‘z aksini topadi.
Avvalo tarbiyachi-o‘qituvchining tashqi ko‘rinishi estetik jihatdan ko‘rkam, qomati tik, kiyimlari toza va kamtarona bo‘lishi lozim. O‘zining tashqi ko‘rinishiga e’tibor bermaslik (soqolni o‘sib ketishi, yoqasining kir bo‘lishi, tuflisining chang yoki loy bo‘lishi) ham, aksincha ortiqcha bezanishga berilish ham tarbiyachi, pedagog kasbiga ziddir. Chunki bolaning taqlidchan bo‘lishini unutmasligimiz kerak.
Tarbiyachi-o‘qituvchining yuzidan, qo‘zidan, xarakatlaridan o‘ziga bo‘lgan ishonch yaqqol sezilib turishi kerak. Bolalar esa kuchli, bilimi chuqur, o‘ziga ishongan tarbiyachi-o‘qituvchilarni ko‘poq xurmat qiladilar.
Ta’lim tarbiya jarayonida tarbiyachi-o‘qituvchining o‘z his- tuygularini boshqara olishi ham muhim ahamiyatga egadir. Ma’lumki, ishni endigina boshlagan yosh tirbiyachi-o‘qituvchida qo‘rqish, o‘ziga ishonmaslik, o‘zini yo‘qotib qo‘yish hislari kuchli bo‘ladi. Bu his-tuyg‘ular so‘zsiz uning nutqiga, fikrlarining ketma-ketligi va izchilligiga, psixik xolatiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Shunday ekan, his-tuyg‘ularni kerak bo‘lganda bosa olishham zarur. Buning uchun esa kishi o‘zini o‘zi ishontirishi va his-tuyg‘ularining mexanizmlari faoliyatini nazorat qila bilishi kerak.
Pedagogik jarayonda mimika va pantomimika unumli va maqsadga muvofiq foydalana bilish pedagogik texnikaning eng muhim qismlarini tashkil etadi. Mimika – bu tarbiyachi-o‘qituvchining o‘z fikrlari, his – tuyg‘ulari, kayfiyatini va yuz xarakatlari, ifodalari orqali bildirish san’atdir. Ko‘pgina tarbiyachi-o‘qituvchining yuz ifodalari, ko‘z qarashlari bolalarga so‘zga nisbatan kuchli ta’sir ko‘rsatishligini tajribadan yaxshi bilamiz. Haqiqatdan ham, jest va mimika berilayotgan informatsiyalarning emotsional bo‘lishi. Uni bolalar tomonidan yaxshiroq o‘zlashtirilishiga imkon beradi. Ma’lumki bolalar tarbiyachi-o‘qituvchining yuziga, ko‘ziga qarab turadilar, uning ichidagini bilishga, fikrlarini o‘qishga, kayfiyatini aniqlashga xarakat qiladilar. Shunday ekan, tarbiyachi-o‘qituvchi o‘z fikr va his – tuyg‘ularini yuzda ifodalay bilishi, shu bilan birga, kerak bo‘lganda his – tuyg‘ularini yashira bilishi ham lozim. O‘z uyida yuz bergan noxushlikdan hosil bo‘lgan yomon kayfiyati, xafagarchiligini bog‘cha, maktabga olib kelishga xaqqi yo‘q. U faqat ta’lim – tarbiya ishi uchun zarur bo‘lgan narsalarnigina yuzdaifodalashi lozim. Bunday his-tuyg‘ular qatoriga o‘ziga ishonch, ma’qullash, qoralash, norozilik, quvonch, hayratlanish, befarqlik, nafratlanish kabilarni kiritish mumkin.
Yuz ifodalarida qosh – ko‘zning roli ham katta. Masalan qoshning yuqori ko‘tarilishi taajjubni bildirsa, pastga tushishi esa osoyishtalikni, diqqatni bir yerga to‘planganligini ifodalaydi. Ko‘zga qarab esa quvonch yoki g‘azabni bilish mumkin. Ko‘z yana ko‘p narsalarni ifodalaydi. Shunday ekan, gapirayotganda devorga, derazaga, shipga qarab emas, balki bolalarga qarab gapirishi lozim. Ko‘z bolalar bilan tarbiyachi-o‘qituvchi o‘rtasida doimiy aloqa (kontakt) o‘rnatishning muhim vositasidir.
Pantomimika – bu gavda, qo‘l va oyoq harakatlaridir. Ta’lim –tarbiya jarayonida bularning ham rolikattadir. His – hayajon bilan mashg‘ulot o‘tayotgan tarbiyachiga razm solsak unda bosh, bo‘yin, qo‘l, gavda harakatlarining bir – biriga nihoyatda uyg‘un ishlayotganining guvohi bo‘lamiz.
Kishining gavdasi, qomati, xatti-harakatlarida uning o‘ziga bo‘lgan ishonchi, ichki his-tuyg‘ulari yaqqol sezilib turadi. Xuddi shu singari, boshning egilgani, qo‘l va oyoqlarning bo‘shashganiga qarab kishining kuchsizligi, o‘ziga ishonmaganini ham yaqqol sezish mumkin.
Pedagog - bolalar oldida tik turish, uyoq-buyoqqa yurish san’atini ham egallashi lozim. Masalan, oyoqlar bir-biridan 12-15 sm uzoqlikda turishi bir oyoq ozgina oldinda bo‘lishi kerak, tik turganda tebranmaslik, stul yoki devorga suyanmaslik lozim. Xatto qo‘lda keraksiz predmetni o‘ynab turmaslik, boshni qashimaslik, quloqni ushlamaslik zarur. Aks holda bular pedagog uchun yomon odatga aylanib qoladi.
Qomatni tik tuta bilish uchun mahsus mashqlardan foydalanish mumkin. Masalan, sport bilan shug‘ullanish, gavdani devorga tik suyagan holda 10-15 minut turish kabilar. Bundan tashqari, gavda va uning harakatlarini ongli ravishda nazorat qilib turish ham yaxshi natija beradi. Pedagog o‘ziga tashqaridan qarab ko‘rishi, ayniqsa, bolalar ko‘zi bilan qarashi ham lozim.
Muloqotni faol bo‘lishini ta’minlash maqsadida tarbiyachi-o‘qituvchi goh bolalarga yaqinroq borishi mumkin. Bu ular diqqatini to‘planishiga olib keladi. Goh orqaroqqa qaytishi mumkin, bu bolalarning erkinroq nafas olishi, dam olishiga imkon beradi.

Download 79.67 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling