3-amaliy mashg’ulot 3-mavzu: Qudrat Hikmat va Nosir Fozilovning badiiy mahorati


Download 245.16 Kb.
Pdf ko'rish
Sana14.05.2023
Hajmi245.16 Kb.
#1460498
Bog'liq
3-amaliy mashgulot



3-AMALIY MASHG’ULOT 
3-mavzu: Qudrat Hikmat va Nosir Fozilovning badiiy mahorati 
Reja: 
1.Qudrat Hikmat ijodida so’z qudrati 
2. Nosir Fozilovning badiiy mahorati 
Qudrat Hikmat (1925–1968) 
Qudrat Hikmat oʻzbek bolalar adabiyoti taraqqiyotiga katta hissa qoʻshgan 
shoirlardan biridir. U 1925 yili Toshkentning Sebzor mahallasida tugʻildi. 
Onasidan erta ajraladi (1934). Otasi dehqonchilik va hunarmandchilik bilan 
shugʻullangan oddiy mehnatkash kishi edi. Qudrat Hikmat hali oʻrta maktabda 
oʻqib yurgan (1934–1944 ) yillardayoq, adabiyotga mehr qoʻyib, sheʼrlar mashq 
qila boshlaydi. Shoir sifatida maktab devoriy gazetasiga oʻz sheʼrlari bilan 
qatnashadi. Unga Oybek, Quddus Muhammadiy kabi ustozlar mehribonlik 
koʻrsatishadi. 1945 yildan boshlab Qudrat Hikmat sheʼrlari gazetalar, “Gulxan”, 
“Sharq yulduzi” kabi jurnallarda chop etiladi. Qudrat Hikmat 1947 yildan boshlab 
mashhur baxshi Islom shoir Nazar oʻgʻliga adabiy kotib boʻlib xizmat qiladi. Bu 
hol ijodkordagi xalqchillikning kamol topishiga olib keladi. U 1957 yilda Toshkent 
davlat kechki pedagogika institutini tugatgan. Birinchi sheʼriy toʻplami ‒ “Mening 
vatanim” 1950 yilda nashr etiladi. Shundan soʻng “Baxtli bolalar”, “Tinchlik ‒ 
obodlik”, “Doʻstlik”, “Uch oʻrtoqning sovgʻasi”, “Nabira mehri”, “Onaxonim”, 
“Alisher va kitob”, “Toshbaqalar xujumi”, “Soatjonning soati” kabi oʻnlab sheʼriy 
guldastalari, “Chirchiq farzandi” dostoni, “Ilon shoh va uning amaldori Ari haqida 
ertak” kabi asarlari yaratiladi. 
Qudrat Hikmat qaysi mavzuda, qaysi janrda qalam tebratmasin, halol, topqir va 
chopqir bolalar dunyosini kashf etishga intiladi. Doʻstlik, tinchlik, oʻzaro 
birdamlik, vatanparvarlik gʻoyalarini olgʻa suradi. Sheʼrlaridagi bolalarcha 
samimiylik, begʻuborlik va toʻgʻrilik shoir asarlarining jozibali boʻlishini 
taʼminlaydi. 
Qudrat Hikmat mohir tarjimon sifatida S. Marshak, S. Mixalkov, A. Barto kabi rus 
shoirlarining sheʼrlarini oʻzbekchaga oʻgirgan. 
U 1968 yili ogʻir betoblikdan soʻng 43 yoshida vafot etgan. Ammo: 
Olmos mening yuragim, 
Tolmas mening yuragim. 
Kim aytadi sheʼrimda 
Qolmas mening yuragim ‒ 


deganidek, shoir oʻz sheʼrlarida uzoq yashash baxtiga muyassar boʻlgan 
ijodkorlardan sanaladi. 
YAXSHILIK AJRSIZ QOLMAYDI 
Nosir Fozilov bilan gurung 
Yozuvchi Nosir Fozilov 1929 yili Qozog’istonning Chimkent viloyatiga qarashli 
Turkiston tumanining Qorachiq qishlog’ida dehqon oilasida dunyoga keldi. U 
Turkistonda o’rta maktabni tugatgach, 1949—1954 yillar davomida O’rta Osiyo 
dorilfununining filologiya fakultetida ta’lim oldi. 
Dorilfununni tugatgandan so’ng, 1955 yildan boshlab «Gulxan» oynomasida 
adabiy xodim, mas’ul kotib, «Yosh gvardiya» nashriyotida bo’lim mudiri (1960—
1963), 1963 yildan esa «Sharq yulduzi» oypomasida adabiy xodim, so’ngra proza 
bo’limiiing mudiri, mas’ul kotib (1970—1972) sifatida faollik ko’rsatdi. Yozuvchi 
va noshir Nosir Fozilov 1972—1980 va 1984— 1986 ypllar davomida G’afur 
G’ulom nomidagi Adabiyot va san’at nashriyotida katta muharrir va proza 
bo’limining mudiri sifatida ishlab keldi. 1986 yildan buyon «Sharq yulduzi» 
oynomasining mas’ul kotibidir. 
1985 yilda uning «Shum bolaning nabiralari» kitobi uchun G’afur G’ulom 
nomidagi mukofot berildi. 1986 yilda esa qozoq yozuvchilarishgag asarlarini 
o’zbek tiliga tarjimasi borasidagi faolligi uchun Qozog’iston Yozuvchilar 
uyushmasi Beyimbet Maylin nomidagi mukofotga sazovor bo’ldi. Shuningdek, 
unga 1990 yilda O’zbekistonda xizmat ko’rsatgan san’at arbobi unvoni hamda 
1991 yilda «Ustozlar davrasida» asari uchun Hamza nomidagi Respublika Davlat 
mukofoti berilgan. 
Adibning «Oqsoy», «Saraton» qissalari 70-yillar o’zbek adabiyoti, xususan, bolalar 
nasrida katta voqea bo’ldi. 
Adibning birinchi hikoyasi 1953 yili «Lenin uchquni»da bosilgan. Shundan so’ng 
uning «Irmoq», «Qoraxat», «Ko’klam qissalari», «Saraton», «Shum bolaning 
nabiralari», «Ustozlar davrasida», «Bolaligim — podsholigim» kabi qator kitoblari 
o’quvchilarga taqdim etildi. Adibning yana bir qator asarlari qozoq, turkman, rus 
va boshqa tillarga o’girilgan. 
— Nosir og‘a, xo‘p desangiz, «Hidoyat” o‘quvchilariga sizni tanishtirmoqchi 
edik… 


— Men 1929 yili Turkistonning Koriz qishlog‘ida tug‘ilganman. Xo‘ja Ahmad 
Yassaviy maqbarasi yaqinida yashagan Nosirboy ismli kishining keyinchalik 
sovetlar musodara qilgan uyida ochilgan maktabda savod chiqardim. Nosirboy — 
Saidnosir Mirjalilov, o‘tgan asr boshida yashagan ziyolilardan, sho‘rolar davrida 
boyligidan ajralgan. Ammo o‘zi oqil, niyatlari xolis ekanki, yurtdoshlari undan 
manfaat ko‘rdi, orzularini farzandlari ro‘yobga chiqardi. Qizlaridan biri — 
musavvira, kimyo olimasi, zabardast adibimiz mavlono Oybekning xotini Zarifa 
Saidnosirovadir. Uning o‘zbek fani va madaniyatiga qo‘shgan hissasini yaxshi 
bilamiz. 
Bu maktabga meni bobom Yo‘ldosh oqsoqol olib kelgan. Ming to‘qqiz yuz qirq 
to‘qqizinchi yili o‘rta maktabni tugatib, azim Toshkentga o‘qishga otlanganimda 
ham meni qo‘llaganlardan biri bobom bo‘ldi. Men O‘rta Osiyo universiteti (hozirgi 
O‘zMU) filologiya fakultetiga o‘qishga kirdim. 
O‘qishni bitirish arafasida ota-onamni Turkistondan Toshkent viloyatining 
Olmazor qishlog‘iga ko‘chirib olib kelgan edim. Universitetni tugatgach, bir 
muddat o‘sha yerda yashab, tarjima ishlari bilan shug‘ullandim. Ming to‘qqiz yuz 
ellik beshinchi yilning bahorida qozoq yozuvchisi G‘abiden Mustafinning 
«Qarag‘anda» degan mashhur romanining tarjimasini tugatib, uni nashriyotga 
oborib topshirdim. So‘ng talabalik yillarim bir muddat yashagan 
qarindoshimnikiga ketdim. Yarim soat o‘tar-o‘tmas ortimdan Olim Mahkam ismli 
yosh yozuvchi so‘roqlab keldi. “Sizni Saida opa chaqiryaptilar”, dedi. Saida 
Zunnunova bizdan ikki kurs oldin universitetni bitirganini bilardim, lekin tanish 
emas edik. 
Ertasi kuni soat o‘n birlarda Saida opa ishlaydigan (sobiq “Pioner”) “Gulxan” 
jurnali tahririyatiga bordim. 
Saida opa meni iliq kutib oldi: “Said Ahmad akangiz qamoqdan qaytdi, endi men u 
kishining yonida bo‘lishim kerak. Bo‘limni sizga topshirishga qaror qildim. Mana 
stol, mana qog‘oz, mana qalam”, dedilar. 
G‘alati bo‘lib ketdim. Bu ishni eplay olarmikanman… 
Shu-shu bo‘ldi-yu, hayotim matbuotga bog‘lanib qoldi. 
— Yozuv-chizuvingiz… qanday boshlangan? 
— Tursun Muhammad A’lam ismli katta bobom ancha ilmli, iqtidorli kishi bo‘lgan 
ekan. Buxoro, Samarqand, Toshkentda o‘tadigan bedilxonlik, navoiyxonliklarda 
qatnashgan, o‘zi ham “G‘urbatiy” taxallusi bilan she’rlar, maqolalar yozgan, o‘sha 
zamonning bid’at-xurofotlariga qarshi chiqishlar qilgan ekan. (Darvoqe, 
Toshkentda toshbosma usulida u kishining uch-to‘rtta kitobi chop etilgan.) Lekin 
universitetda o‘qib yurganimda bobom haqida lom-lim demaganman, mullaning 
avlodi ekan deb zug‘umga uchrashdan qo‘rqqanman. Keyinchalik izlab yurib, 
bobomning qo‘lyozma to‘plamini topishga muvaffaq bo‘ldim. Yaxshigina 
g‘azallari, Navoiy g‘azallariga bog‘lagan muxammaslari bor ekan. Folbinlarga 


qarshi Qur’oni karim, hadisi sharifdan dalil keltirib yozgan ma’rifiy maqolalari 
bugun ham ahamiyatini yo‘qotmagan ekanki, ayrimlarini “Hidoyat” jurnalida qayta 
bostirishga muyassar bo‘ldik. Adabiyotga havasim, qiziqishim shu bobomdan 
o‘tgan bo‘lsa kerak. 
Adabiyotga haqiqiy ma’noda ixlos qo‘yishim, hikoyalar qoralashim, tarjimaga qo‘l 
urishim universitetda elliginchi yildan boshlandi. Ming to‘qqiz yuz ellik 
to‘qqizinchi yili “Irmoq” nomida birinchi hikoyalar kitobim chop etildi. O‘sha yili 
bir hikoyam (“Insho”) turkman tiliga tarjima qilinib, “Duzme” degan nomda 
Ashxobodda kitobcha holida nashr etildi. Shundan boshlab har yili, yilora 
kitoblarim yorug‘lik yuzini ko‘ra boshladi. Bunday o‘ylab qarasam, qozoqchadan, 
qoraqalpoqchadan, qirg‘izchadan ko‘p kitob o‘girib qo‘ygan ekanman. Tarjima 
bilangina o‘ralashib qolmay, mustaqil asarlar ham yozdim. Yaratganga shukr, 
mehnatlarimni hukumatimiz va jamoatchiligimiz munosib taqdirladi. “Ustozlar 
davrasida” degan kitobimga O‘zbekiston davlat mukofoti berildi. Bolalar 
adabiyotidagi xizmatlarim Yozuvchilar uyushmamizning G‘afur G‘ulom nomidagi 
mukofotiga loyiq ko‘rildi. “O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan san’at arbobi” 
unvoniga, “El-yurt hurmati” ordeniga sazovor bo‘ldim. Odam ishlasa, yaxshilik 
qilsa, ajrini olmasdan qolmas ekan. 
— Sizning shaxsingizda ham, ijodingizda ham qon-qardosh, qo‘shni xalqlarni bir-
biriga yaqinlashtirish uchun jonkuyarlik ko‘rinadi. Buning sababi nimada? 
— Markaziy Osiyo zaminida yashaydigan qon-qardosh turkiy xalqlar o‘zbek, 
qozoq, qirg‘iz, turkman — barchasining tili bir, dini bir, tarixi bir; suvimiz, yerimiz 
tutash; tojik birodarlarimizning tili bo‘lak bo‘lgani bilan Yurtboshimiz 
aytganlariday, “Biz ikki tilli bir xalqmiz!” Demak, madaniyatlarimiz bir xil. 
“Turkiston — umumiy uyimiz” degan gap to‘qib chiqarilmagan, bor haqiqat. 
Qozoqlarda “O‘zbek o‘z og‘am” degan maqol bor. 
Demak, et bilan tirnoqmiz. Etdan tirnoqni ajratib qo‘ring-chi? Qanday og‘riydi?! 
Yoki qozoq yozma adabiyotining asoschisi Abay “Nasihatlar”ida elini 
o‘zbeklardan o‘rnak olishga chaqiradi. 
Nosir og‘a shu gaplarni aytib turganda xonadoniga bir kishi uni yo‘qlab kelib 
qoldi. Qoraqalpoq yozuvchisi Murodboy Nizonov ekan. U ustoziga yangi nashrdan 
chiqqan “Oxirat uyqusi” nomli kitobini taqdim qilarkan, o‘zbek bolalar shoiri va 
tarjimoni Tursunboy Adashboev o‘zbekchaga o‘girib bersin deb bir nechta she’r 
qoldirdi… Murodboy Nizonov Nukusdan Toshkentga bir ijodiy ish bois 
shoshilinch kelganini aytib, “Og‘a, sizni ko‘rmasdan ketolmadim ”, deya tezda 
o‘rnidan turdi. 
U shogirdini kuzatib qaytgach, so‘zida davom etdi: 
— Yozuvchi odam yana bir narsani yaxshi bilishi kerak. Adabiyotlar xalqlarni bir-
biriga yaqinlashtiradi, qon-qardoshligini esiga soladi. Go‘zal asarlari bilan 
haqiqatni anglatadi, tarbiyalaydi. Men tarjimon sifatida ozmi-ko‘pmi tajribaga 


egaman. Hamisha ham adabiyotda hamma uchun kerakli mavzudagi asar paydo 
bo‘lavermaydi. O‘sha zarur asar boshqa xalq adabiyotida ko‘ngildagidek yozilgan 
bo‘lsa, nega uni tarjima qilmaslik kerak. Axir u ikkinchi bir xalq ma’naviyatini 
boyitadi-ku! Bir-birimizni yaqinroqdan tanish, ahvoli ruhiyamizdan xabardor 
bo‘lish ham adabiyot orqali qulay kechadi. Bu qondosh-qardosh xalqning ikkisi 
uchun ham foydalidir. 
— Siz ustozlar muruvvatini ko‘rib, shunga yarasha ehtiromingizni ham ko‘rsatgan 
adibsiz. Ortingizdan adabiyotga kirganlar esa bag‘rikeng va jonkuyarligingizni 
etirof etishadi. Ustoz-shogirdlik haqida to‘xtalsangiz. 
— Shu savol bahonasida ustozlarni eslash ko‘nglimni chog‘ qiladi. Bu borada 
mening toleim kulgan. Bitta-ikkita misollar keltirsam. Ming to‘qqiz yuz elliginchi 
yili edi. Talabaman, kuchim ichimga sig‘maydi, istalgan narsani qotirib 
tashlayman degan kayfiyatda yurardim. O‘shanda juda g‘o‘r fikrlaganimni oradan 
50-60 yil o‘tib, endi sal-pal fahmlayotgandekman. Shunda Sobit Muqonovning 
yostiqday keladigan uch jilddan iborat “Hayot maktabi” nomli romanlarini tarjima 
qilmoqchi bo‘lib, birinchi marta maslahatga atoqli shoirimiz Mirtemir akaning 
oldiga bordim. Mirtemir aka qalbi juda ochiq, beg‘ubor odam ekan. Birinchi 
ko‘rishuvdayoq, “O‘zimizdan ekansan”, deya yaqin oldi. Ko‘nglimni osmon qadar 
ko‘tardi. “Yur”, deb nashriyotga olib bordi. Hozirgi Alp Jamol banki o‘rnida 
“Matbuotchilar” ko‘chasining biqinida “O‘zdavnashr” nashriyoti binosi joylashgan 
edi. Shoir Shukur Sa’dullaning oldiga olib kirdi. Niyatimni aytdi. “Juda yaxshi, 
lekin hajmi bir oz katta ekan, — dedi shoir o‘ylanib. — Bolalarga mos nusxasi 
tayyorlansa, yomon bo‘lmasdi. Siz muallifga xat yozing, rozi bo‘lsa, bo‘ldi”, deya 
maslahat berdi. 
Sobit Muqonovday ulkan yozuvchiga shoshilinch xat yozdim, javobi qanday 
bo‘larkin, deb orziqib kutdim. Xat kelib qoldi deng. Talabalar yotoqxonasida 
“Sobit Muqonovdan xat oldim”, deya quvonib, do‘stlarimga ko‘z-ko‘z qilganim 
hech esimdan chiqmaydi. Ulkan adib meni katta kishi deb o‘ylagan bo‘lsa kerak, 
xatini “Jo‘ldas” deb hurmat bilan boshlagan, bu ishdan xursand va roziligini aytib, 
tez orada qisqartirilgan nusxani yetkazishga va’da qilgan edi. Shu voqeaning o‘zi 
ko‘nglimni ancha ko‘tarib yubordi. O‘zimga ishonchim oshdi. Ayniqsa, ustoz 
mehri va samimiyati hammadan ko‘ra ishga rag‘batlantirdi. Ortimda tog‘ 
turganday g‘ayrat bilan ishga kirishdim. Shunday qilib, Sobit Muqonovning 
“Hayot maktabi” romanining bolalarbop nusxasi sobiq Ittifoqda birinchi bo‘lib 
O‘zbekistonda, mening tarjimamda nashr qilindi. 
Shundan boshlab men Mirtemir akadan ajralmadim. Nima ishga qo‘l urmay, u 
kishi bilan maslahatlashib turdim. Nima qilyapsan, deya doim surishtirar, 
ko‘nglimga tegmaydigan mehr bilan tergar, halol, haqgo‘y, mehnatkash, kengfe’l 
bo‘lishga undar edi. Mirtemir aka sabab o‘zbek adabiyotining o‘sha paytdagi 
manaman degan darg‘alari bilan tanishdim. G‘afur G‘ulom, Maqsud Shayxzoda, 
Oybek aka. Ulardan ham haqqini ado qilib bo‘lmas ko‘p yaxshiliklar ko‘rdim. 
Go‘rlari nurga to‘lsin hammalarining. Mana, bugun o‘zim ham sakson yoshga 


kirdim. Yaratganga behisob shukr, hamisha yaxshi insonlarga yo‘liqtirdi, 
tarbiyalaridan bahramand etdi. 
Shunday ekan, men o‘zimdan keyingilarga nega yaxshilik qilmasligim kerak? 
Birovni nega to‘g‘ri yo‘lga yo‘llab yubormasligim kerak?! Taqdirning inoyati bilan 
bugun o‘zbek adabiyotida o‘z o‘rnini topgan Abdulla Oripov, O‘ktam Usmonov, 
Sa’dulla Siyoev, Yo‘ldosh Sulaymon, Shukur Xolmirzaev kabi ijodkorlarga ozmi-
ko‘pmi yo‘l-yo‘riq ko‘rsatganimdan xursandman. Ularning yutug‘i mening ham 
baxtim. 
Bir voqeani aytib beray. Saksoninchi yillar edi. Abdulla Oripov “Gulxan” jurnalida 
bosh muharrir bo‘lib ishlardi. “Mana buni bir bola Buxorodan yuboribdi, shuni 
ko‘rib, xulosangizni aytsangiz”, deb qo‘limga bir qissani tutqazdi. O‘qisam, juda 
ma’qul narsa yozibdi bolalar hayotidan. Asar haqida yarim qog‘oz fikrimni 
qoraladim. “Muhtaram muharrir, men yosh yozuvchi ukamizning asarini ko‘rib 
chiqib, qanoatlandim. Bolalar adabiyoti degani shunaqa bo‘lishi kerak. Uni 
nashrga tavsiya etaman. Bilaman, jurnal ixcham, agar joy masalasi muammo 
bo‘ladigan bo‘lsa, mening “Mehr va qahr” degan qissam chiqayotgan edi, shuni 
olib qo‘yib, o‘rniga Valijonning asarini bersangiz. Meniki shoshilinch emas, 
keyinroq chiqar”, deb iltimos qildim. Shunday qilib, Vali Bobomurodovning 
birinchi qissasi “Gulxan” jurnalida bosildi. Odamlar mening ishimni mardlik deb 
yozishdiyam. Bu hech qanaqa mardlik emas, balki adolat edi. 
— Yoshlikda kishi beg‘ubor, ancha-muncha sodda ham bo‘ladi. Shu bois ba’zan 
voqealarning sirtiga qarab baho beradi. Shunchaki odatlar ham tasavvurida 
fazilatday tuyuladi. Yoshi ulug‘lashgan sari yoki ba’zan achchiq tajribadan keyin 
aslni soxtadan farqlay boshlaydi… Ayting-chi, siz insondagi kaysi fazilatni 
ko‘proq qadrlaysiz? Nima uchun? 
— Rostgo‘ylikni yaxshi ko‘raman. Rostgo‘yni qo‘llash, vaqtida taqdirlash ham 
kerak. Yaxshilikni hamma ham qilavermaydi. U go‘zal tarbiya, mardona yurakning 
ishi. Nazarimda, hamma fazilatlar yaxshilikni niyat qilishdan, niyatni 
yaxshilashdan tug‘iladi. Kattani hurmat, kichikni izzat qilgan, ota-onani, ustozlarni 
e’zozlagan kishiga mehrim baland. Zero, hurmat ham, izzat ham bir kuni o‘ziga 
qaytadi, qadrlagan kishi qadr topadi, e’tiborli e’tiborga sazovor bo‘ladi. 
Men yolg‘on gapiradigan odamni yomon ko‘raman. Yolg‘onning umri qisqa 
bo‘ladi. Yolg‘onchining ishi unmaydi, bir kuni, muqarrar, yuzi shuvit, o‘zi 
sharmisor bo‘lishi tayin. Nafs bandasi bo‘lishdan O‘zi asrasin! O‘zini bilag‘on 
o‘ylab, “hozir nima qilsam mumkin”, deya odob-axloqimizga ters ish qiladigan, 
takabbur, xudbin kimsalardan ham uzoq yuraman. 
— Har bir davrning o‘ziga xos vazifasi bo‘ladi. Masalan, o‘ylashimcha, Abdulla 
Qodiriyning “O‘tkan kunlar” romani tugagan joydan “Kecha va kunduz” 
boshlanganga o‘xshaydi… Demoqchimanki, xar bir davrning muhim nuqtasiga 
iste’dodli adib o‘ziga xos bir uslub va qarash bilan diqqatni tortadi… 


— Buning uchun yozuvchida shaxsiy jasorat, favqulodda iste’doddan tashqari 
sharoit va ko‘nikma, davrni tez ilgash ham bo‘lishi kerak. Men o‘zbek adabiyotida 
Cho‘lponlardan keyin paydo bo‘lgan yorqin iste’dodlarning biri Oybek deb 
bilaman, u boshda “yosh Cho‘lpon” deb ham nom qozongan. 
Mening nazarimda, Oybek domla “Qutlug‘ qon” romanini o‘z iqtidori 
imkoniyatidan bir oz siqilibroq yozganday tuyuladi. Negaki, bu sovet davrining 
dastlabki nafasini aks ettirishga bag‘ishlangan birinchi yirik asar edi. Shunday 
bo‘lsa ham, o‘sha davr nasrining yuksak namunasi deb hisoblayman. Oybek domla 
hazrati Navoiy haqida roman boshlab, birinchidan, davr mushkulotlaridan xalos 
bo‘ldi. U o‘n beshinchi asr muhitida erkin qalam tebratdi. Oybek domla, Mirkarim 
Osim singari fidoyi insonlar og‘ir zamonda ana shu yo‘l bilan ma’naviyatimizga 
xizmat qilishgan edi. 
— Bugun haqida gapirishingizni istardim… 
— Hozir Oybegimiz yo‘q, G‘afur G‘ulomimiz yo‘q, Qahhorimiz yo‘q, 
Mirtemirimiz yo‘q. Said Ahmad, Asqad Muxtorlar ham yo‘q. Odil aka, Pirimqul 
akalar keksayib qolishdi. Qani, o‘shalarning ishlarini davom ettiradiganlar bormi? 
Potirlab kitoblar chiqyapti. Lekin ularning badiiy saviyasi qanday? Qaysi 
nashriyotga borsangiz, “Homiyingiz bormi?” deb so‘rashadi. Kitobning saviyasini, 
millat ma’naviyatiga qay darajada xizmat qilishini o‘ylab ko‘rmaymiz. 
Qodiriy domla bir asarini yozish uchun qayta-qayta Marg‘ilonga borar, vodiyda 
yarim oylab qolib ketar edi yoxud otga minib, dalalarni kezar edi. Behudaga 
Cho‘lpon “Quchoq ochib xalq ichiga boraylik”, demagan-da. Bugun shahardan 
chiqmasdan, kitob o‘qib kitob yozadiganlar bor. Shuning uchun ham asarida 
hayotning ichiga kirolmaydi, ruhiyatda kechadigan o‘zgarishlarni bilmaydi-his 
qilmaydi-da, bachkana, zerikarli, oldi-qochdi bir narsani to‘qiydi… 
Qolaversa, davr o‘zgardi, mustaqil bo‘ldik, bozor iqtisodiyoti pallasida 
yashayapmiz. Millat oldidagi xizmatlarimiz ham o‘zgardi. Soxtalashtirilgan tarix 
fosh bo‘ldi, imon-e’tiqodimiz erkinlikka chiqdi. Asl qadriyatlarimizdan xabar 
topdik. Bunday sharoitda kechagidek yozib bo‘ladimi? Shunga biz tayyormizmi? 
Men, masalan, bolalarga biron-bir asar yozadigan bo‘lsam, uning ruhiga kirishim 
uchun qancha vaqt kerak bo‘ladi? Ayniqsa, kechayotgan jarayonlar illatmi, 
fazilatligini bilish uchun ham ma’lum vaqt o‘tishi kerakka o‘xshaydi… 
Bu kuzatuvlarim bahonasida ikkita fikrni aytishni istardim. Chiqayotgan har bir 
kitob saviyasiga nashriyotlar ham mas’ul bo‘lsin. Faqat tovar yoxud o‘zini ko‘z-
ko‘z qilishni istagan kitoblarning nashriga yo‘l berilmasin. Bunday sayoz asarlar 
ma’naviyatimizga lat yetkazadi, kitobning, adabiyotning qadrini tushiradi. Ikkinchi 
gapim: haqiqiy iste’dod bilan yozilgan asarlarning mualliflari ham bozor 
iqtisodiyoti davrida bir oz himoyaga olinishi kerak. 
— Suhbatimiz boshida yaqinda qo‘limga yana bir yangi kitobim tegdi, dedingiz, 
sir bo‘lmasa, keyingi kitobingiz haqida bilishni istar edik… 


— Rahmatli Said Ahmad akaning xotira-esselardan iborat “Topganlarim va 
yo‘qotganlarim” degan kitobini o‘qigan bo‘lsangiz kerak. Meni ham ustozlarning 
hayoti va ularning rang-barang taqdirlari anchadan buyon qiziqtirib keladi. Bu 
mavzudagi kitoblarim avval ham chiqqan. Bu bilan maqtanmoqchi emasman. 
Faqat bir haqiqatni aytishni istardim. 
Bunday o‘ylab qarasak, o‘tgan asrning boshida qizgin va faol ijod qilgan Abdurauf 
Fitrat, Abdulhamid Cho‘lpon, Abdulla Qodiriy, Usmon Nosir nomlarini, ijodlarini 
bugun tez-tez tilga olamiz, ammo ularning shaxsiy hayoti, fe’l-atvorlari haqida 
ko‘p narsa bizga qorong‘u. Yigirmanchi, o‘ttizzinchi yillarda adabiyotga kirgan, 
ular bilan yonma-yon ijod qilgan Oybek domla, G‘afur G‘ulom, Shayx aka, 
Mirtemir akalar ularni bilmasligi mumkin emasdi… Chunki ular bilan juda yaqin, 
do‘st-birodar bo‘lishgan, biroq ularni tilga olishsa, o‘zlari ham qatagonga 
uchrashidan cho‘chishgan. 
Yillar o‘tib, yana bir avlod bizni tark etdi. Men-ku tirikman. Oybek akani ko‘rdim, 
G‘afur G‘ulom bilan birga yurdim. Shayx akaning ta’limini oldim. Mirtemir aka 
bilan-ku, ota-bola bo‘lib ketgan edik. Nima uchun bu xotiralarimni qoralamasligim 
kerak? Bu xotiralarni jamlab, «Topdim-u, yo‘qotmadim» deb nomladim. Bunday 
deyishimning ma’nosi shuki, men ularni astoydil topdim, ularning ruhlari, 
millatimizga qoldirgan durdona asarlari hamisha biz bilan birga. Ularni 
yo‘qotishga haqqim yo‘q. 
Vafo Fayzulloh suhbatlashdi 
NOSIR FOZILOV. POLIZ OQSHOMI (HIKOYA) 
Sumbula kirib, havoga kuz nuqsi urib qolgan kunlarning birida qishloq oralab 
yurgan muxbir yigit pidjagini yelkasiga tashlab, qovun polizga keldi. Bu payt 
polizda hamma ish bilan band; kech kirib qolgani uchun odamlar pushtalarga uyib 
qo‘yilgan qovunlarni chetga, tarozibon oldiga tashib chiqishar, poliz o‘rtasida 
saralab qovun uzib yurgan chol qichqirib, yigitlarga nimalarnidir uqtirar edi. Hoji 
buva deganlari shu kishi bo‘lsalar kerak, deb o‘yladi muxbir yigit. So‘ng tevarak-
atrofga bir zum diqqat bilan qarab turdi-da, pidjagini chetroqdagi chayla yonidan 
chiqib turgan shoxga ilib, poliz o‘rtasiga qarab yurdi. Qovunlarni qoplarga solib, 
bir-birlariga orqalatayotgan yigitlar hazillashishar edi: 
— Ha, dumalab jo‘na, bo‘rikalla! 
— Iching tushmasin, bosvoldi! 
— Hali xomaksan-da, og‘ayni, xomaksan. 
— Amiriga o‘xshab belingni ushlab turishingni qara, ko‘tarsang-chi. 
— Hoji buvam kelyaptilar... Hov! Qoch!.. 


Hoji buva bular tomonga kela boshlaganda haligi yigitlar qoplarga yarim-yarim 
qilib solgan qovunlarini orqalashib, palaklar orasidagi so‘qmoqdan yugurgilab 
ketishdi. Hoji buva ularning ketidan hay-haylab: 
— Hoy, sekinroq, zaxa yeydi! — dedi-da, qo‘lini peshonasiga soyabon qilib, 
muxbir yigitga qaradi. — Qay bolasan, hoy! 
— Assalomu alaykum, — dedi muxbir yigit cholning istiqboliga yurib. – 
Mehmonman, buva. 
— Ie, keling bolam, keling, — dedi Hoji buva. — Men sizni anavi 
ishyoqmaslardan birimi, devdim. Ko‘rmaysizmi, bularga gap bo‘lsa, o‘yin bo‘lsa 
bo‘lgani. 
“Bechoralar yugurib-elib qovun tashishyapti-yu, shundan ham norozi bu chol, deb 
o‘yladi muxbir yigit. Fermer akani g‘ayratli chol deganicha bor ekan”. 
Salom-aliqdan so‘ng Hoji buva bu yigitning oddiy mehmon emasligini, bir-ikki 
og‘iz gap bilan ish bitmasligini bildi. 
— Mehmon, birpas sabr qilasiz-da, endi. Ishni tugatib, yigitlarga javob berib 
yuboray, keyin otamlashaveramiz. 
— Mayli. 
— Bo‘lmasa siz polizdi oralab turing, — Hoji buva qo‘lini ko‘ksiga qo‘yib uzr 
so‘ragan bo‘ldi. Negadir muxbirning surnay pocha shimiga qarab jilmayib qo‘ydi. 
— Hay, tomosha qilib turing-chi. 
U ketdi. Muxbir shimiga qarab yelkasini qisdi-da, Hoji buvaning orqasidan 
jilmaygancha qarab qoldi. 
Muxbir yigit poliz ichiga qarab yurdi. Ariq ichidan biqqidek semiz bir tipratikan 
yo‘rg‘alab chiqdi. “Sen bu yerda nima qilib yuribsan?” degan kabi munchoq 
ko‘zlarini yiltiratib, bir zum qarab turdi-da, yana yashil palaklar ichiga sho‘ng‘ib 
ketdi. Palaklarga qarab turib muxbir yigit hayron bo‘ldi: odatda bu paytda palaklar 
sarg‘ayib, polizga xazonrezlik nuqsi urib qolar edi. Qarang, ba’zi suv qiynalib 
chiqadigan do‘ng joylardagi palaklarni demasa, pastki, kanal bo‘yidagi, quloq 
boshidagi palaklarning hali ham avji baland, yam-yashil, qiyg‘os gullab, naychalari 
osmonga sapchiyman deb turibdi. Engashib palaklarni titib qarasang, tugunak, 
sapcha, xomaklar serob... To‘rga kirganlari bilan rang olganlari palak orasidan 
manaman deb ko‘kragiga mushtlab yotibdi. Narigi paykal tarvuz polizi ekan. Har 
tarvuzlar-ki, yo‘lbarsday! Targ‘il, xuddi golland sigiriday ola. Qo‘qon arava 
gupchagiday cho‘zinchoq, qo‘zivoylar ufqqa yonboshlab, botayotgan quyosh 
shafag‘i shu’lasidan peshonalari yalt-yalt qiladi... 
Muxbir yigit, choli tushmagur bularni qanday parvarish qildi ekan, deb hayron 
edi... 


Quyosh botib, salqin tushdi. Polizning tarovatli, handalak, bosvoldi bo‘yini 
ufurgan fayzli oqshomi boshlandi. Muxbir yigit salqindan eti junjikdi shekilli, 
kanal bo‘yidan asta pastga tushib, chayla tomonga yurdi. Bu payt polizda shovqin-
suron tinib, Hoji buva qovun tashuvchi yigitlarga ruxsat berib yuborgan, paykalda 
faqat uch-to‘rtta chol bilan shofer yigitlargina qolgan edi. Muxbir yigit chayla 
yoniga ilib qo‘ygan pidjagini olib kiyayotganida Hoji buva kelib qoldi. 
— Qalay, tomosha qildingizmi, o‘g‘lim? 
— Rahmat. 
— Ha, salqinladingizmi? – dedi buva kulib. — Kechasi bundan ham salqin bo‘ladi. 
Xo‘sh, mana endi qulog‘im sizda. Jadallashtirmasak, bo‘lmaydi-da. 
— Gaplashadigan gap ham yo‘q... O‘zim shunday, poliz oqshomini bir ko‘ray deb 
keluvdim, — u qalam, daftarini olib, cholni cho‘chitib yubormaslikka, iloji boricha 
jo‘n gaplashishga, gap tizginini ko‘proq cholning o‘ziga qo‘yib berishga harakat 
qilar edi. — Biror gap chiqib qolsa, keyin so‘rarman, ota. 
— Shundoq deng. Undoq bo‘lsa... — dedi Hoji buva soqolini tutamlab, — bugun 
polizda qolasiz. Oqshom endi boshlanadi. Mana bu kiyimlaringiz bo‘lmaydi, 
o‘g‘lim. Yechinib, chaylada nevaramdi pufaykasiminan shimi bor, kiyib oling. 
— O‘zi-chi? 
— Toshkentda, o‘qishda. 
— Mayli, shu ham bo‘laveradi. 
— Yo‘q-yo‘q, kiyib oling, o‘g‘lim. Bu surnaypocha shimda qiynalib qolasiz, — 
deb kuldi chol. — Oqshomdi og‘anab yotib ko‘rish kerak... Hu o‘rtadagi supaga 
joy qilaman. Qani, bu yoqqa yuring-chi, bir tamaddi qilib olaylik. Hu anavi 
qovundi olvoling... Bu joy sizniki, — dedi chol yigitga buklama karavotni 
ko‘rsatib. – Mana bu ko‘rpani ham yopining. Tongga yaqin salqinroq bo‘ladi. 
Ular yechinib joy-joylariga yonboshlashdi. Muxbir yigitning butun xayoli oqshom 
go‘zalligida, poliz gashtiyu tabiat sehrida edi. Chol buni sezdi shekilli, bir oz fursat 
o‘tgach, so‘radi: 
— Qalay? 
— Go‘zal, — dedi yulduzlarni tomosha qilib yotgan muxbir. U aslida gapni 
nimadan boshlashni bilmayotgan edi. Shu bahona bo‘lib so‘radi: 
— Qachondan beri qovun ekasiz, ota? 
— Pensiyaga chiqqanimdan beri. 
— Pensiyaga qachon chiqqansiz? 


— To‘rtinchi yil. Ishlab o‘rganib qolganmiz, o‘g‘lim. Qarab yotolmadik. To‘rt-
beshta chol maslahatni bir joyga qo‘yib, fermer bolamga arz qildik. Qovun ekamiz, 
dedik. U avvaliga ko‘nmadi. Nima qilasiz o‘zingizni urintirib, Parpi buva, 
nevaralaringizdi davrida yuring yallo qilib, dedi. Qayoqda, ko‘nmadik. Mana, 
ko‘rib turibsiz, beshta chol bir maydon yerni aylantirib yotibmiz. 
— Parpi buva deganingiz kim? 
— Men-da, Parpi buva. 
— Ie, siz Hoji buva emasmisiz?! 
— Avvalgi yili deng, qovunlarimiz bir bitib berdi. Naq ovozasi olamga joriya 
bo‘ldi. Fermer bolam pishiq yigit-da, qovunlarimizdan ko‘ngli to‘lib deng, bir kuni 
katta majlisda: “Parpi buva boshliq oqsoqollarimizga ming rahmat. Endi buvani 
Makkai mukarramaga jo‘natamiz. Bir maza qilib, Hoji buva bo‘lib kelsin”. — desa 
bo‘ladimi? 
— Boshqa oqsoqollar-chi? – deb qoldi majlisda o‘tirganlardan bir-ikkitasi. 
— Erga navbat, sherga navbat deganlar, — deb javob qildi fermer yigit. — Xudo 
xohlasa, agar qovunlar kelasi yili ham yaxshi bitib bersa, ularni ham jo‘natamiz. 
Xotirjam bo‘linglar. 
Bu yil ham qovunlarimiz yaxshi, xudo xohlasa, boshqalar ham Hoji buva bo‘lib 
kelsa ajab emas. 
Bu gaplar muxbir yigitni o‘ylantirib qo‘ydi: “Qarang, har qishloqdan shuncha chol 
chiqib, qovun ekib tursa, olamga qovun sig‘adimi? Mana sizga 
to‘kinchiligimizning boisi!” 
Hoji buva bir nafas sukutdan so‘ng: 
— Soatingiz qancha bo‘ldi, o‘g‘lim? — deb so‘radi. 
Muxbir yigit gugurt chaqib soatiga qaradi. 
— O‘n yarim. 
— O‘n yarim? Ie, kontsertni o‘tkazib yuboribmiz-ku, — chol yostig‘i tagidan 
kichkina “Selga” radiopriyomnigini olib, murvatini buradi. Kontsert nihoyasiga 
yetay deb qolgan ekan. — Nevaramdi sovg‘asi. Oltin to‘yimizda qilgan. — 
Cholning ovozida ozgina g‘urur, ozgina faxr bor edi. 
— Nabirangiz qaerda ishlaydi? 
— Hali Toshkentda o‘qishda, demadimmi? Maktabdi bitirib, bir-ikki yil yonimda 
ishladi. Keyin o‘qishga ketdi. Bugun oyning o‘nimi? O‘n ikki kun bo‘ldi 
ketganiga, kecha qovun ortgan moshinda tushib ko‘rib chiqdim. 
— O‘n kun o‘tmasdan-a? 


— E, kampiri tushmagur qo‘ymadi-da, bo‘lmasa tusharmidim shaharga. 
— Nima, shahar yomonmi? 
— Shahar-ku, yaxshi!.. Bozordi ko‘rib xafa bo‘lib ketasan-da. 
— Nega? 
— Polizdi oralab chiqdingiz-a? 
— Ha. 
— Xo‘sh, nima sezdingiz? 
— Hech narsa. 
— Qovunlardi o‘z qo‘limiz bilan ekkanmiz-u, bozordi ko‘rib, bir nuqsonimiz 
ochilib qoldi, o‘g‘lim. Pahmlagan bo‘lsangiz, qovunlarimizdi xili asosan handalag-
u, to‘rlama qizil urug‘minan ananas. Xudoning qudrati, bozorda ham mana 
shunaqa qovunlar... O‘zbekiston qovundi makoni, buni bilasizmi? Shundog‘ 
bo‘lgandan keyin amiri, cho‘giri, obinovvot, gulobi, ko‘kcha, undan so‘ng 
desangiz, buzoqboshi, begizot, bo‘rikalla, xo‘sh deganingizdan, qo‘ybosh, 
qizilurug‘, tilimi tilni yoradigan shakarpalak... Eh-he, yuz xil qovunlarimiz bor-a, 
o‘g‘lim. 
— Uch yuz xil deb yozishadi-ku olimlar. 
— Balli, ana o‘sha qovunlardi ko‘pchiligi yo‘q-da. 
— Nega? 
— Nega bo‘lardi, o‘g‘lim, sirti yaltiroq bo‘lishini o‘ylaymiz-da! Ichiminan 
ishimiz bo‘lmaydi. Endi ekaman. Shu gal tushganimda to‘rtta-beshta qovun olib 
chiqdim urug‘likka. Boshqa yoqdan obkelishgan ekan. Bizning qovunlarimizga 
o‘xshamaydi. Undan keyin, men sizga aytsam, xaridorlar ham juda injiq bo‘lib 
ketibdi. Ha, noshukur bo‘pketipti! Tilladay sarg‘ayib, hidi anqib turgan bo‘lsa ham 
“Xom emasmi? Dori solinmaganmi?” deb barmog‘i bilan ezib ko‘radi deng. 
Shunaqa demasin, deb qovundi o‘zim saralab uzaman. Haligindaqa gaplar juda 
og‘ir botadi, o‘g‘lim. Xaridor qovundi bossa, naq peshonamda barmog‘ining izi 
qoladiganday qiynalaman. Tarvuzlardi kaftlariga olib qisganlarida vijdonim 
siqilayotganday bo‘ladi... To‘g‘ri, ba’zi bir insofsiz dehqonlar bor, dori solib 
qovundi suluv qiladigan. Shulardi kasopatiga qolamiz bizlar ham. Qovundi hadeb 
bir joyga ekaversa ham bo‘lmaydi. Yer kuchsizlanib, shumg‘iya chiqib ketadi. Bu 
yil ikkinchi joy almashtirishimiz. Nuqul bo‘z yer qidiramiz. Ikki yil ekib, so‘ng 
yerimizdi paxtaga bo‘shatib beramiz... — deb bir oz osmonga qarab yotdi Hoji 
buva. 
“Qovunning yaxshi bo‘lish sababi shunda ekan-da”, deb o‘yladi muxbir yigit. 
Chol birpas tin olib, so‘radi: 


— Gap nimada to‘xtovdi? 
— Xaridorlarda. 
— Ha, bugun mundoq bozor oralab kelayotsam, tuzukkina ikkita yigit, siznikiday 
surnay pocha shim kiygan... borib qovun oldi. 
Shundoqqina supaning yonginasida qo‘qqisdan bir narsa qars etib yorildi. Qattiq 
qarsilladi. Muxbir yigit cho‘chib tushdi 
— Xa, akangdi qovuni! – dedi Hoji buva, keyin xixilab kuldi. – Qarang yorilishini! 
Ko‘kcha. O‘ziyam asal. Dori solingan qovun bunaqa yorilmaydi, o‘g‘lim. Bir 
voqea esimga tushib ketdi. Makkaga safarimizdan oldin kampir tushmagur 
qo‘yarda-qo‘ymay bir yelim xaltaga to‘ldirib, xuddi o‘ris qizlarning o‘rilgan oltin 
sochiday tovlanib turgan qovun qoqi solib bersa bo‘ladimi? Hoy onasi, buni 
og‘irdan ortiq qilib qanday ko‘tarib yuraman, desam, kerakli toshning og‘irligi 
yo‘q, o‘shattagi mo‘min-musurmonlarga berasiz, savob bo‘ladi, deb qo‘ymadi 
kampiri tushmagur. To‘g‘ri qilgan ekan. Obordim, o‘sha joydagi hojilarga 
tarqatayotsam, birpasda odamlar atrofimizni o‘rab olishdi. 
— Qovun qoqi necha pul? — deb so‘rashadi nuqul. 
— Tekin, birodarlar, olinglar... O‘zbekistondan nasiba. 
Birpasda xaltamdagi qovun qoqilarni talab ketishdi. Bunday qarasam, yonginamda 
oppoq ust-bosh kiyib, boshiga oq salla o‘rab olgan mo‘ysafid qo‘lidagi qovun qoqi 
bo‘lagini shira-pirasiga qaramay ko‘zlariga surtib, hiq-hiq yig‘lar, yaratganga 
shukronalar aytar edi. Keyin bilsam, ilgariroq vatandan chiqib ketgan 
hamyurtlarimizdan ekan... 
Bu gapdan mutaassir bo‘lib yotgan muxbir yigit so‘radi: 
— Nima, u yoqlarda qovun ekilmas ekanmi? 
— Qayoqda, — dedi Hoji buva. Keyin gapini davom ettirdi. – Bir qo‘lim 
tekkanida bozorlarni aylandim. Rastalarda turgan mevalar rang-barang. Naq ko‘zni 
qamashtirguday. Hamma narsa bor. Biroq bularning barini boshqa mamlakatlardan 
olib kelishar ekan. Yeb ko‘rsangiz, ularda na maza bor, na matra. Bizning yerlarga 
yaratganning nazari tushgan, o‘g‘lim. Hamma narsamiz xuddi boyagi qars etib 
yorilgan ko‘kchaday shirin. Ha, obinovvot!.. 
Chol yana jimib qoldi. U gap nimada tugaganini o‘ylarmidi yo boshqa mavzu 
qidirarmidi, qorong‘ida bilib bo‘lmas edi. Muxbir yigit cholni mavzudan chetga 
chiqib ketmasin, deb savol berdi: 
— Boyagi menga o‘xshab surnay pocha shim kiygan yigitlar nima bo‘ldi? 
— Ha, aytmoqchi, — gapini davom ettirdi chol. – Tag‘in, o‘g‘lim, xafa bo‘lmang, 
surnay pocha deganimga. 


— Yo‘g‘-e. 
— Ular olgan qovunlarini bir chekkaga olib chiqishdi. Bittasi zo‘rg‘a engashib, 
qovunning dum bergan tomoni u yoqda qolib, teskari tomoniga pichoq solsa 
bo‘ladimi? Qarab turib nafsoniyatim qo‘zib ketdi: ekib berdim, obkeb berdim, ke 
endi so‘yib ham beray, dedim. Borib qo‘lidan pichoqdi oldim. Qovundi bu 
yog‘idan mana bunday qilib so‘yadi, o‘g‘lim, dedim. Qaqqayib turganining nomusi 
keldi shekilli: “Pulimizga olganimizdan keyin qanaqqib so‘ysak bizning ishimiz, 
otes”, dedi. Indamadim. Rostini aytsam, jahlim chiqdi. So‘yib berdim-da
buyog‘roqqa kelib turdim.. Qovundi ham xuddi kemshik kampirlarday chala-
chulpa yeb ketishdi. Biz dehqonmiz, qovunimizni qadrlaydiganga tekin beramiz, 
o‘g‘lim. Haligi ko‘rnamaklarning nopisandlik bilan chala yegani g‘ashimga tegdi-
da. Tozalab yesa xursand bo‘lamiz. Juda ko‘nglim xira bo‘ldi.. Katta maktabga 
borib, nevaramdi ko‘rdim-da, tez qaytib chiqa qoldim... — Hojibuva shu yerda 
gapini to‘xtatib, muxbir yigitga qaragan edi, u asabiylik bilan bosib-bosib sigaret 
chekayotgan ekan. Chol uni xafa qilib qo‘ydim shekilli deb o‘ylab, so‘z qotdi: — 
Qovun so‘yib beraymi, o‘g‘lim? 
— Rahmat, ota. Ertalab. 
— Mayli, qovun yesang sahar ye... deganlar. Hu anavi o‘qariq bo‘yida bitta yaxshi 
handalagim bor. Ertalab ko‘rib, bir kunliging bor-ov, deb qo‘ygan edim. Xudo 
xohlasa, ertalab o‘shani so‘yib beraman, — dedi Hoji buva. Mehmonning muxbir 
ekanligi endi esiga tushdi shekilli, boshini sal ko‘tarib, so‘radi: — Xo‘sh, o‘g‘lim, 
endi gapingiz bo‘lsa so‘rang? 
— Rahmat, otaxon, — dedi muxbir yigit kulib, — menga kerakli gaplarning 
hammasini aytib berdingiz. 
Hoji buva hayron bo‘lib qoldi. “Qiziq, avvalgi muxbirlar qog‘oz-qalamini olib, 
so‘roq qilaverib, boshingni qotirar edi-ku?! Chakki gap gapirmadimmi ishqilib?!” 
Handalak bo‘yini asta ufurib o‘tgan daydi shabada palaklar oromini buzdi. Hoji 
buva “Selga”ning tovushini bir bahya ko‘tardi. Orombaxsh “Cho‘li iroq” polizning 
sehrli oqshomiga yana ham fayz kiritdi. Qaerdadir yilqichi qush «ot yo‘q, ot yo‘q» 
deb cho‘zib-cho‘zib sayrar, osmondagi yulduzlar esa imlab, nimadir deganday 
bo‘lardi... 
Supa yonidan bir nima shitirlab o‘tdi. Muxbir yigit cho‘chib o‘rnidan turdi. 
— He, tekinxo‘r kirpi-ku. Qovundi sarasini izlab yuribdi, — dedi Hoji buva 
xixilab. — Yotavering, o‘g‘lim. 
Atrof tunning sirli libosiga burkangan. Kanal tomonda qurbaqalarning ahyon-
ahyonda qurillashi, cho‘ponlarning o‘tovidan itlarning hurishi eshitiladi. 
Muxbir yigit Hulkar tikkaga kelganida ko‘zi ilindimi yo Cho‘lpon tuqqandami, 
buni bilmaydi. Ertalab boshini ko‘targanida hali quyosh chiqmagan, tonggi 
shudringdan ko‘rpalarning usti ho‘l bo‘lib qolgan edi. Havo tanani junjiktiradigan 


darajdada salqin. Qovun yuklangan mashinalar ko‘rinmas, Hoji buva allaqachon 
o‘rnidab turib, qovun poliz oralab yurardi. Bir mahal Hoji buva muxbir yigitni 
chaqirib qoldi. U o‘rnidan turib, fufaykani yelkasiga tashladi-da, o‘sha tomonga 
yurdi. 
— Mana buni qarang! — dedi Hoji buva qalin palakni ikki qo‘li bilan ayirib. — 
Kechasi sizga va’da qilgan handalagim... 
Xuddi kesilgan koptokka o‘xshab, handalakning yarmi yo‘q, ichi esa bir tekisda 
qirtishlanib, tozalab yeyilgan edi. 
— Tekinxo‘rning ishi. Tozalab yebdimi, qandini ursin! — dedi Hoji buva kulib. 
Chol kirpining bu ishidan nihoyatda xursand edi. 

Download 245.16 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling