3-amaliy mashg’ulot 3-mavzu: Qudrat Hikmat va Nosir Fozilovning badiiy mahorati
Download 245.16 Kb. Pdf ko'rish
|
3-amaliy mashgulot
3-AMALIY MASHG’ULOT 3-mavzu: Qudrat Hikmat va Nosir Fozilovning badiiy mahorati Reja: 1.Qudrat Hikmat ijodida so’z qudrati 2. Nosir Fozilovning badiiy mahorati Qudrat Hikmat (1925–1968) Qudrat Hikmat oʻzbek bolalar adabiyoti taraqqiyotiga katta hissa qoʻshgan shoirlardan biridir. U 1925 yili Toshkentning Sebzor mahallasida tugʻildi. Onasidan erta ajraladi (1934). Otasi dehqonchilik va hunarmandchilik bilan shugʻullangan oddiy mehnatkash kishi edi. Qudrat Hikmat hali oʻrta maktabda oʻqib yurgan (1934–1944 ) yillardayoq, adabiyotga mehr qoʻyib, sheʼrlar mashq qila boshlaydi. Shoir sifatida maktab devoriy gazetasiga oʻz sheʼrlari bilan qatnashadi. Unga Oybek, Quddus Muhammadiy kabi ustozlar mehribonlik koʻrsatishadi. 1945 yildan boshlab Qudrat Hikmat sheʼrlari gazetalar, “Gulxan”, “Sharq yulduzi” kabi jurnallarda chop etiladi. Qudrat Hikmat 1947 yildan boshlab mashhur baxshi Islom shoir Nazar oʻgʻliga adabiy kotib boʻlib xizmat qiladi. Bu hol ijodkordagi xalqchillikning kamol topishiga olib keladi. U 1957 yilda Toshkent davlat kechki pedagogika institutini tugatgan. Birinchi sheʼriy toʻplami ‒ “Mening vatanim” 1950 yilda nashr etiladi. Shundan soʻng “Baxtli bolalar”, “Tinchlik ‒ obodlik”, “Doʻstlik”, “Uch oʻrtoqning sovgʻasi”, “Nabira mehri”, “Onaxonim”, “Alisher va kitob”, “Toshbaqalar xujumi”, “Soatjonning soati” kabi oʻnlab sheʼriy guldastalari, “Chirchiq farzandi” dostoni, “Ilon shoh va uning amaldori Ari haqida ertak” kabi asarlari yaratiladi. Qudrat Hikmat qaysi mavzuda, qaysi janrda qalam tebratmasin, halol, topqir va chopqir bolalar dunyosini kashf etishga intiladi. Doʻstlik, tinchlik, oʻzaro birdamlik, vatanparvarlik gʻoyalarini olgʻa suradi. Sheʼrlaridagi bolalarcha samimiylik, begʻuborlik va toʻgʻrilik shoir asarlarining jozibali boʻlishini taʼminlaydi. Qudrat Hikmat mohir tarjimon sifatida S. Marshak, S. Mixalkov, A. Barto kabi rus shoirlarining sheʼrlarini oʻzbekchaga oʻgirgan. U 1968 yili ogʻir betoblikdan soʻng 43 yoshida vafot etgan. Ammo: Olmos mening yuragim, Tolmas mening yuragim. Kim aytadi sheʼrimda Qolmas mening yuragim ‒ deganidek, shoir oʻz sheʼrlarida uzoq yashash baxtiga muyassar boʻlgan ijodkorlardan sanaladi. YAXSHILIK AJRSIZ QOLMAYDI Nosir Fozilov bilan gurung Yozuvchi Nosir Fozilov 1929 yili Qozog’istonning Chimkent viloyatiga qarashli Turkiston tumanining Qorachiq qishlog’ida dehqon oilasida dunyoga keldi. U Turkistonda o’rta maktabni tugatgach, 1949—1954 yillar davomida O’rta Osiyo dorilfununining filologiya fakultetida ta’lim oldi. Dorilfununni tugatgandan so’ng, 1955 yildan boshlab «Gulxan» oynomasida adabiy xodim, mas’ul kotib, «Yosh gvardiya» nashriyotida bo’lim mudiri (1960— 1963), 1963 yildan esa «Sharq yulduzi» oypomasida adabiy xodim, so’ngra proza bo’limiiing mudiri, mas’ul kotib (1970—1972) sifatida faollik ko’rsatdi. Yozuvchi va noshir Nosir Fozilov 1972—1980 va 1984— 1986 ypllar davomida G’afur G’ulom nomidagi Adabiyot va san’at nashriyotida katta muharrir va proza bo’limining mudiri sifatida ishlab keldi. 1986 yildan buyon «Sharq yulduzi» oynomasining mas’ul kotibidir. 1985 yilda uning «Shum bolaning nabiralari» kitobi uchun G’afur G’ulom nomidagi mukofot berildi. 1986 yilda esa qozoq yozuvchilarishgag asarlarini o’zbek tiliga tarjimasi borasidagi faolligi uchun Qozog’iston Yozuvchilar uyushmasi Beyimbet Maylin nomidagi mukofotga sazovor bo’ldi. Shuningdek, unga 1990 yilda O’zbekistonda xizmat ko’rsatgan san’at arbobi unvoni hamda 1991 yilda «Ustozlar davrasida» asari uchun Hamza nomidagi Respublika Davlat mukofoti berilgan. Adibning «Oqsoy», «Saraton» qissalari 70-yillar o’zbek adabiyoti, xususan, bolalar nasrida katta voqea bo’ldi. Adibning birinchi hikoyasi 1953 yili «Lenin uchquni»da bosilgan. Shundan so’ng uning «Irmoq», «Qoraxat», «Ko’klam qissalari», «Saraton», «Shum bolaning nabiralari», «Ustozlar davrasida», «Bolaligim — podsholigim» kabi qator kitoblari o’quvchilarga taqdim etildi. Adibning yana bir qator asarlari qozoq, turkman, rus va boshqa tillarga o’girilgan. — Nosir og‘a, xo‘p desangiz, «Hidoyat” o‘quvchilariga sizni tanishtirmoqchi edik… — Men 1929 yili Turkistonning Koriz qishlog‘ida tug‘ilganman. Xo‘ja Ahmad Yassaviy maqbarasi yaqinida yashagan Nosirboy ismli kishining keyinchalik sovetlar musodara qilgan uyida ochilgan maktabda savod chiqardim. Nosirboy — Saidnosir Mirjalilov, o‘tgan asr boshida yashagan ziyolilardan, sho‘rolar davrida boyligidan ajralgan. Ammo o‘zi oqil, niyatlari xolis ekanki, yurtdoshlari undan manfaat ko‘rdi, orzularini farzandlari ro‘yobga chiqardi. Qizlaridan biri — musavvira, kimyo olimasi, zabardast adibimiz mavlono Oybekning xotini Zarifa Saidnosirovadir. Uning o‘zbek fani va madaniyatiga qo‘shgan hissasini yaxshi bilamiz. Bu maktabga meni bobom Yo‘ldosh oqsoqol olib kelgan. Ming to‘qqiz yuz qirq to‘qqizinchi yili o‘rta maktabni tugatib, azim Toshkentga o‘qishga otlanganimda ham meni qo‘llaganlardan biri bobom bo‘ldi. Men O‘rta Osiyo universiteti (hozirgi O‘zMU) filologiya fakultetiga o‘qishga kirdim. O‘qishni bitirish arafasida ota-onamni Turkistondan Toshkent viloyatining Olmazor qishlog‘iga ko‘chirib olib kelgan edim. Universitetni tugatgach, bir muddat o‘sha yerda yashab, tarjima ishlari bilan shug‘ullandim. Ming to‘qqiz yuz ellik beshinchi yilning bahorida qozoq yozuvchisi G‘abiden Mustafinning «Qarag‘anda» degan mashhur romanining tarjimasini tugatib, uni nashriyotga oborib topshirdim. So‘ng talabalik yillarim bir muddat yashagan qarindoshimnikiga ketdim. Yarim soat o‘tar-o‘tmas ortimdan Olim Mahkam ismli yosh yozuvchi so‘roqlab keldi. “Sizni Saida opa chaqiryaptilar”, dedi. Saida Zunnunova bizdan ikki kurs oldin universitetni bitirganini bilardim, lekin tanish emas edik. Ertasi kuni soat o‘n birlarda Saida opa ishlaydigan (sobiq “Pioner”) “Gulxan” jurnali tahririyatiga bordim. Saida opa meni iliq kutib oldi: “Said Ahmad akangiz qamoqdan qaytdi, endi men u kishining yonida bo‘lishim kerak. Bo‘limni sizga topshirishga qaror qildim. Mana stol, mana qog‘oz, mana qalam”, dedilar. G‘alati bo‘lib ketdim. Bu ishni eplay olarmikanman… Shu-shu bo‘ldi-yu, hayotim matbuotga bog‘lanib qoldi. — Yozuv-chizuvingiz… qanday boshlangan? — Tursun Muhammad A’lam ismli katta bobom ancha ilmli, iqtidorli kishi bo‘lgan ekan. Buxoro, Samarqand, Toshkentda o‘tadigan bedilxonlik, navoiyxonliklarda qatnashgan, o‘zi ham “G‘urbatiy” taxallusi bilan she’rlar, maqolalar yozgan, o‘sha zamonning bid’at-xurofotlariga qarshi chiqishlar qilgan ekan. (Darvoqe, Toshkentda toshbosma usulida u kishining uch-to‘rtta kitobi chop etilgan.) Lekin universitetda o‘qib yurganimda bobom haqida lom-lim demaganman, mullaning avlodi ekan deb zug‘umga uchrashdan qo‘rqqanman. Keyinchalik izlab yurib, bobomning qo‘lyozma to‘plamini topishga muvaffaq bo‘ldim. Yaxshigina g‘azallari, Navoiy g‘azallariga bog‘lagan muxammaslari bor ekan. Folbinlarga qarshi Qur’oni karim, hadisi sharifdan dalil keltirib yozgan ma’rifiy maqolalari bugun ham ahamiyatini yo‘qotmagan ekanki, ayrimlarini “Hidoyat” jurnalida qayta bostirishga muyassar bo‘ldik. Adabiyotga havasim, qiziqishim shu bobomdan o‘tgan bo‘lsa kerak. Adabiyotga haqiqiy ma’noda ixlos qo‘yishim, hikoyalar qoralashim, tarjimaga qo‘l urishim universitetda elliginchi yildan boshlandi. Ming to‘qqiz yuz ellik to‘qqizinchi yili “Irmoq” nomida birinchi hikoyalar kitobim chop etildi. O‘sha yili bir hikoyam (“Insho”) turkman tiliga tarjima qilinib, “Duzme” degan nomda Ashxobodda kitobcha holida nashr etildi. Shundan boshlab har yili, yilora kitoblarim yorug‘lik yuzini ko‘ra boshladi. Bunday o‘ylab qarasam, qozoqchadan, qoraqalpoqchadan, qirg‘izchadan ko‘p kitob o‘girib qo‘ygan ekanman. Tarjima bilangina o‘ralashib qolmay, mustaqil asarlar ham yozdim. Yaratganga shukr, mehnatlarimni hukumatimiz va jamoatchiligimiz munosib taqdirladi. “Ustozlar davrasida” degan kitobimga O‘zbekiston davlat mukofoti berildi. Bolalar adabiyotidagi xizmatlarim Yozuvchilar uyushmamizning G‘afur G‘ulom nomidagi mukofotiga loyiq ko‘rildi. “O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan san’at arbobi” unvoniga, “El-yurt hurmati” ordeniga sazovor bo‘ldim. Odam ishlasa, yaxshilik qilsa, ajrini olmasdan qolmas ekan. — Sizning shaxsingizda ham, ijodingizda ham qon-qardosh, qo‘shni xalqlarni bir- biriga yaqinlashtirish uchun jonkuyarlik ko‘rinadi. Buning sababi nimada? — Markaziy Osiyo zaminida yashaydigan qon-qardosh turkiy xalqlar o‘zbek, qozoq, qirg‘iz, turkman — barchasining tili bir, dini bir, tarixi bir; suvimiz, yerimiz tutash; tojik birodarlarimizning tili bo‘lak bo‘lgani bilan Yurtboshimiz aytganlariday, “Biz ikki tilli bir xalqmiz!” Demak, madaniyatlarimiz bir xil. “Turkiston — umumiy uyimiz” degan gap to‘qib chiqarilmagan, bor haqiqat. Qozoqlarda “O‘zbek o‘z og‘am” degan maqol bor. Demak, et bilan tirnoqmiz. Etdan tirnoqni ajratib qo‘ring-chi? Qanday og‘riydi?! Yoki qozoq yozma adabiyotining asoschisi Abay “Nasihatlar”ida elini o‘zbeklardan o‘rnak olishga chaqiradi. Nosir og‘a shu gaplarni aytib turganda xonadoniga bir kishi uni yo‘qlab kelib qoldi. Qoraqalpoq yozuvchisi Murodboy Nizonov ekan. U ustoziga yangi nashrdan chiqqan “Oxirat uyqusi” nomli kitobini taqdim qilarkan, o‘zbek bolalar shoiri va tarjimoni Tursunboy Adashboev o‘zbekchaga o‘girib bersin deb bir nechta she’r qoldirdi… Murodboy Nizonov Nukusdan Toshkentga bir ijodiy ish bois shoshilinch kelganini aytib, “Og‘a, sizni ko‘rmasdan ketolmadim ”, deya tezda o‘rnidan turdi. U shogirdini kuzatib qaytgach, so‘zida davom etdi: — Yozuvchi odam yana bir narsani yaxshi bilishi kerak. Adabiyotlar xalqlarni bir- biriga yaqinlashtiradi, qon-qardoshligini esiga soladi. Go‘zal asarlari bilan haqiqatni anglatadi, tarbiyalaydi. Men tarjimon sifatida ozmi-ko‘pmi tajribaga egaman. Hamisha ham adabiyotda hamma uchun kerakli mavzudagi asar paydo bo‘lavermaydi. O‘sha zarur asar boshqa xalq adabiyotida ko‘ngildagidek yozilgan bo‘lsa, nega uni tarjima qilmaslik kerak. Axir u ikkinchi bir xalq ma’naviyatini boyitadi-ku! Bir-birimizni yaqinroqdan tanish, ahvoli ruhiyamizdan xabardor bo‘lish ham adabiyot orqali qulay kechadi. Bu qondosh-qardosh xalqning ikkisi uchun ham foydalidir. — Siz ustozlar muruvvatini ko‘rib, shunga yarasha ehtiromingizni ham ko‘rsatgan adibsiz. Ortingizdan adabiyotga kirganlar esa bag‘rikeng va jonkuyarligingizni etirof etishadi. Ustoz-shogirdlik haqida to‘xtalsangiz. — Shu savol bahonasida ustozlarni eslash ko‘nglimni chog‘ qiladi. Bu borada mening toleim kulgan. Bitta-ikkita misollar keltirsam. Ming to‘qqiz yuz elliginchi yili edi. Talabaman, kuchim ichimga sig‘maydi, istalgan narsani qotirib tashlayman degan kayfiyatda yurardim. O‘shanda juda g‘o‘r fikrlaganimni oradan 50-60 yil o‘tib, endi sal-pal fahmlayotgandekman. Shunda Sobit Muqonovning yostiqday keladigan uch jilddan iborat “Hayot maktabi” nomli romanlarini tarjima qilmoqchi bo‘lib, birinchi marta maslahatga atoqli shoirimiz Mirtemir akaning oldiga bordim. Mirtemir aka qalbi juda ochiq, beg‘ubor odam ekan. Birinchi ko‘rishuvdayoq, “O‘zimizdan ekansan”, deya yaqin oldi. Ko‘nglimni osmon qadar ko‘tardi. “Yur”, deb nashriyotga olib bordi. Hozirgi Alp Jamol banki o‘rnida “Matbuotchilar” ko‘chasining biqinida “O‘zdavnashr” nashriyoti binosi joylashgan edi. Shoir Shukur Sa’dullaning oldiga olib kirdi. Niyatimni aytdi. “Juda yaxshi, lekin hajmi bir oz katta ekan, — dedi shoir o‘ylanib. — Bolalarga mos nusxasi tayyorlansa, yomon bo‘lmasdi. Siz muallifga xat yozing, rozi bo‘lsa, bo‘ldi”, deya maslahat berdi. Sobit Muqonovday ulkan yozuvchiga shoshilinch xat yozdim, javobi qanday bo‘larkin, deb orziqib kutdim. Xat kelib qoldi deng. Talabalar yotoqxonasida “Sobit Muqonovdan xat oldim”, deya quvonib, do‘stlarimga ko‘z-ko‘z qilganim hech esimdan chiqmaydi. Ulkan adib meni katta kishi deb o‘ylagan bo‘lsa kerak, xatini “Jo‘ldas” deb hurmat bilan boshlagan, bu ishdan xursand va roziligini aytib, tez orada qisqartirilgan nusxani yetkazishga va’da qilgan edi. Shu voqeaning o‘zi ko‘nglimni ancha ko‘tarib yubordi. O‘zimga ishonchim oshdi. Ayniqsa, ustoz mehri va samimiyati hammadan ko‘ra ishga rag‘batlantirdi. Ortimda tog‘ turganday g‘ayrat bilan ishga kirishdim. Shunday qilib, Sobit Muqonovning “Hayot maktabi” romanining bolalarbop nusxasi sobiq Ittifoqda birinchi bo‘lib O‘zbekistonda, mening tarjimamda nashr qilindi. Shundan boshlab men Mirtemir akadan ajralmadim. Nima ishga qo‘l urmay, u kishi bilan maslahatlashib turdim. Nima qilyapsan, deya doim surishtirar, ko‘nglimga tegmaydigan mehr bilan tergar, halol, haqgo‘y, mehnatkash, kengfe’l bo‘lishga undar edi. Mirtemir aka sabab o‘zbek adabiyotining o‘sha paytdagi manaman degan darg‘alari bilan tanishdim. G‘afur G‘ulom, Maqsud Shayxzoda, Oybek aka. Ulardan ham haqqini ado qilib bo‘lmas ko‘p yaxshiliklar ko‘rdim. Go‘rlari nurga to‘lsin hammalarining. Mana, bugun o‘zim ham sakson yoshga kirdim. Yaratganga behisob shukr, hamisha yaxshi insonlarga yo‘liqtirdi, tarbiyalaridan bahramand etdi. Shunday ekan, men o‘zimdan keyingilarga nega yaxshilik qilmasligim kerak? Birovni nega to‘g‘ri yo‘lga yo‘llab yubormasligim kerak?! Taqdirning inoyati bilan bugun o‘zbek adabiyotida o‘z o‘rnini topgan Abdulla Oripov, O‘ktam Usmonov, Sa’dulla Siyoev, Yo‘ldosh Sulaymon, Shukur Xolmirzaev kabi ijodkorlarga ozmi- ko‘pmi yo‘l-yo‘riq ko‘rsatganimdan xursandman. Ularning yutug‘i mening ham baxtim. Bir voqeani aytib beray. Saksoninchi yillar edi. Abdulla Oripov “Gulxan” jurnalida bosh muharrir bo‘lib ishlardi. “Mana buni bir bola Buxorodan yuboribdi, shuni ko‘rib, xulosangizni aytsangiz”, deb qo‘limga bir qissani tutqazdi. O‘qisam, juda ma’qul narsa yozibdi bolalar hayotidan. Asar haqida yarim qog‘oz fikrimni qoraladim. “Muhtaram muharrir, men yosh yozuvchi ukamizning asarini ko‘rib chiqib, qanoatlandim. Bolalar adabiyoti degani shunaqa bo‘lishi kerak. Uni nashrga tavsiya etaman. Bilaman, jurnal ixcham, agar joy masalasi muammo bo‘ladigan bo‘lsa, mening “Mehr va qahr” degan qissam chiqayotgan edi, shuni olib qo‘yib, o‘rniga Valijonning asarini bersangiz. Meniki shoshilinch emas, keyinroq chiqar”, deb iltimos qildim. Shunday qilib, Vali Bobomurodovning birinchi qissasi “Gulxan” jurnalida bosildi. Odamlar mening ishimni mardlik deb yozishdiyam. Bu hech qanaqa mardlik emas, balki adolat edi. — Yoshlikda kishi beg‘ubor, ancha-muncha sodda ham bo‘ladi. Shu bois ba’zan voqealarning sirtiga qarab baho beradi. Shunchaki odatlar ham tasavvurida fazilatday tuyuladi. Yoshi ulug‘lashgan sari yoki ba’zan achchiq tajribadan keyin aslni soxtadan farqlay boshlaydi… Ayting-chi, siz insondagi kaysi fazilatni ko‘proq qadrlaysiz? Nima uchun? — Rostgo‘ylikni yaxshi ko‘raman. Rostgo‘yni qo‘llash, vaqtida taqdirlash ham kerak. Yaxshilikni hamma ham qilavermaydi. U go‘zal tarbiya, mardona yurakning ishi. Nazarimda, hamma fazilatlar yaxshilikni niyat qilishdan, niyatni yaxshilashdan tug‘iladi. Kattani hurmat, kichikni izzat qilgan, ota-onani, ustozlarni e’zozlagan kishiga mehrim baland. Zero, hurmat ham, izzat ham bir kuni o‘ziga qaytadi, qadrlagan kishi qadr topadi, e’tiborli e’tiborga sazovor bo‘ladi. Men yolg‘on gapiradigan odamni yomon ko‘raman. Yolg‘onning umri qisqa bo‘ladi. Yolg‘onchining ishi unmaydi, bir kuni, muqarrar, yuzi shuvit, o‘zi sharmisor bo‘lishi tayin. Nafs bandasi bo‘lishdan O‘zi asrasin! O‘zini bilag‘on o‘ylab, “hozir nima qilsam mumkin”, deya odob-axloqimizga ters ish qiladigan, takabbur, xudbin kimsalardan ham uzoq yuraman. — Har bir davrning o‘ziga xos vazifasi bo‘ladi. Masalan, o‘ylashimcha, Abdulla Qodiriyning “O‘tkan kunlar” romani tugagan joydan “Kecha va kunduz” boshlanganga o‘xshaydi… Demoqchimanki, xar bir davrning muhim nuqtasiga iste’dodli adib o‘ziga xos bir uslub va qarash bilan diqqatni tortadi… — Buning uchun yozuvchida shaxsiy jasorat, favqulodda iste’doddan tashqari sharoit va ko‘nikma, davrni tez ilgash ham bo‘lishi kerak. Men o‘zbek adabiyotida Cho‘lponlardan keyin paydo bo‘lgan yorqin iste’dodlarning biri Oybek deb bilaman, u boshda “yosh Cho‘lpon” deb ham nom qozongan. Mening nazarimda, Oybek domla “Qutlug‘ qon” romanini o‘z iqtidori imkoniyatidan bir oz siqilibroq yozganday tuyuladi. Negaki, bu sovet davrining dastlabki nafasini aks ettirishga bag‘ishlangan birinchi yirik asar edi. Shunday bo‘lsa ham, o‘sha davr nasrining yuksak namunasi deb hisoblayman. Oybek domla hazrati Navoiy haqida roman boshlab, birinchidan, davr mushkulotlaridan xalos bo‘ldi. U o‘n beshinchi asr muhitida erkin qalam tebratdi. Oybek domla, Mirkarim Osim singari fidoyi insonlar og‘ir zamonda ana shu yo‘l bilan ma’naviyatimizga xizmat qilishgan edi. — Bugun haqida gapirishingizni istardim… — Hozir Oybegimiz yo‘q, G‘afur G‘ulomimiz yo‘q, Qahhorimiz yo‘q, Mirtemirimiz yo‘q. Said Ahmad, Asqad Muxtorlar ham yo‘q. Odil aka, Pirimqul akalar keksayib qolishdi. Qani, o‘shalarning ishlarini davom ettiradiganlar bormi? Potirlab kitoblar chiqyapti. Lekin ularning badiiy saviyasi qanday? Qaysi nashriyotga borsangiz, “Homiyingiz bormi?” deb so‘rashadi. Kitobning saviyasini, millat ma’naviyatiga qay darajada xizmat qilishini o‘ylab ko‘rmaymiz. Qodiriy domla bir asarini yozish uchun qayta-qayta Marg‘ilonga borar, vodiyda yarim oylab qolib ketar edi yoxud otga minib, dalalarni kezar edi. Behudaga Cho‘lpon “Quchoq ochib xalq ichiga boraylik”, demagan-da. Bugun shahardan chiqmasdan, kitob o‘qib kitob yozadiganlar bor. Shuning uchun ham asarida hayotning ichiga kirolmaydi, ruhiyatda kechadigan o‘zgarishlarni bilmaydi-his qilmaydi-da, bachkana, zerikarli, oldi-qochdi bir narsani to‘qiydi… Qolaversa, davr o‘zgardi, mustaqil bo‘ldik, bozor iqtisodiyoti pallasida yashayapmiz. Millat oldidagi xizmatlarimiz ham o‘zgardi. Soxtalashtirilgan tarix fosh bo‘ldi, imon-e’tiqodimiz erkinlikka chiqdi. Asl qadriyatlarimizdan xabar topdik. Bunday sharoitda kechagidek yozib bo‘ladimi? Shunga biz tayyormizmi? Men, masalan, bolalarga biron-bir asar yozadigan bo‘lsam, uning ruhiga kirishim uchun qancha vaqt kerak bo‘ladi? Ayniqsa, kechayotgan jarayonlar illatmi, fazilatligini bilish uchun ham ma’lum vaqt o‘tishi kerakka o‘xshaydi… Bu kuzatuvlarim bahonasida ikkita fikrni aytishni istardim. Chiqayotgan har bir kitob saviyasiga nashriyotlar ham mas’ul bo‘lsin. Faqat tovar yoxud o‘zini ko‘z- ko‘z qilishni istagan kitoblarning nashriga yo‘l berilmasin. Bunday sayoz asarlar ma’naviyatimizga lat yetkazadi, kitobning, adabiyotning qadrini tushiradi. Ikkinchi gapim: haqiqiy iste’dod bilan yozilgan asarlarning mualliflari ham bozor iqtisodiyoti davrida bir oz himoyaga olinishi kerak. — Suhbatimiz boshida yaqinda qo‘limga yana bir yangi kitobim tegdi, dedingiz, sir bo‘lmasa, keyingi kitobingiz haqida bilishni istar edik… — Rahmatli Said Ahmad akaning xotira-esselardan iborat “Topganlarim va yo‘qotganlarim” degan kitobini o‘qigan bo‘lsangiz kerak. Meni ham ustozlarning hayoti va ularning rang-barang taqdirlari anchadan buyon qiziqtirib keladi. Bu mavzudagi kitoblarim avval ham chiqqan. Bu bilan maqtanmoqchi emasman. Faqat bir haqiqatni aytishni istardim. Bunday o‘ylab qarasak, o‘tgan asrning boshida qizgin va faol ijod qilgan Abdurauf Fitrat, Abdulhamid Cho‘lpon, Abdulla Qodiriy, Usmon Nosir nomlarini, ijodlarini bugun tez-tez tilga olamiz, ammo ularning shaxsiy hayoti, fe’l-atvorlari haqida ko‘p narsa bizga qorong‘u. Yigirmanchi, o‘ttizzinchi yillarda adabiyotga kirgan, ular bilan yonma-yon ijod qilgan Oybek domla, G‘afur G‘ulom, Shayx aka, Mirtemir akalar ularni bilmasligi mumkin emasdi… Chunki ular bilan juda yaqin, do‘st-birodar bo‘lishgan, biroq ularni tilga olishsa, o‘zlari ham qatagonga uchrashidan cho‘chishgan. Yillar o‘tib, yana bir avlod bizni tark etdi. Men-ku tirikman. Oybek akani ko‘rdim, G‘afur G‘ulom bilan birga yurdim. Shayx akaning ta’limini oldim. Mirtemir aka bilan-ku, ota-bola bo‘lib ketgan edik. Nima uchun bu xotiralarimni qoralamasligim kerak? Bu xotiralarni jamlab, «Topdim-u, yo‘qotmadim» deb nomladim. Bunday deyishimning ma’nosi shuki, men ularni astoydil topdim, ularning ruhlari, millatimizga qoldirgan durdona asarlari hamisha biz bilan birga. Ularni yo‘qotishga haqqim yo‘q. Vafo Fayzulloh suhbatlashdi NOSIR FOZILOV. POLIZ OQSHOMI (HIKOYA) Sumbula kirib, havoga kuz nuqsi urib qolgan kunlarning birida qishloq oralab yurgan muxbir yigit pidjagini yelkasiga tashlab, qovun polizga keldi. Bu payt polizda hamma ish bilan band; kech kirib qolgani uchun odamlar pushtalarga uyib qo‘yilgan qovunlarni chetga, tarozibon oldiga tashib chiqishar, poliz o‘rtasida saralab qovun uzib yurgan chol qichqirib, yigitlarga nimalarnidir uqtirar edi. Hoji buva deganlari shu kishi bo‘lsalar kerak, deb o‘yladi muxbir yigit. So‘ng tevarak- atrofga bir zum diqqat bilan qarab turdi-da, pidjagini chetroqdagi chayla yonidan chiqib turgan shoxga ilib, poliz o‘rtasiga qarab yurdi. Qovunlarni qoplarga solib, bir-birlariga orqalatayotgan yigitlar hazillashishar edi: — Ha, dumalab jo‘na, bo‘rikalla! — Iching tushmasin, bosvoldi! — Hali xomaksan-da, og‘ayni, xomaksan. — Amiriga o‘xshab belingni ushlab turishingni qara, ko‘tarsang-chi. — Hoji buvam kelyaptilar... Hov! Qoch!.. Hoji buva bular tomonga kela boshlaganda haligi yigitlar qoplarga yarim-yarim qilib solgan qovunlarini orqalashib, palaklar orasidagi so‘qmoqdan yugurgilab ketishdi. Hoji buva ularning ketidan hay-haylab: — Hoy, sekinroq, zaxa yeydi! — dedi-da, qo‘lini peshonasiga soyabon qilib, muxbir yigitga qaradi. — Qay bolasan, hoy! — Assalomu alaykum, — dedi muxbir yigit cholning istiqboliga yurib. – Mehmonman, buva. — Ie, keling bolam, keling, — dedi Hoji buva. — Men sizni anavi ishyoqmaslardan birimi, devdim. Ko‘rmaysizmi, bularga gap bo‘lsa, o‘yin bo‘lsa bo‘lgani. “Bechoralar yugurib-elib qovun tashishyapti-yu, shundan ham norozi bu chol, deb o‘yladi muxbir yigit. Fermer akani g‘ayratli chol deganicha bor ekan”. Salom-aliqdan so‘ng Hoji buva bu yigitning oddiy mehmon emasligini, bir-ikki og‘iz gap bilan ish bitmasligini bildi. — Mehmon, birpas sabr qilasiz-da, endi. Ishni tugatib, yigitlarga javob berib yuboray, keyin otamlashaveramiz. — Mayli. — Bo‘lmasa siz polizdi oralab turing, — Hoji buva qo‘lini ko‘ksiga qo‘yib uzr so‘ragan bo‘ldi. Negadir muxbirning surnay pocha shimiga qarab jilmayib qo‘ydi. — Hay, tomosha qilib turing-chi. U ketdi. Muxbir shimiga qarab yelkasini qisdi-da, Hoji buvaning orqasidan jilmaygancha qarab qoldi. Muxbir yigit poliz ichiga qarab yurdi. Ariq ichidan biqqidek semiz bir tipratikan yo‘rg‘alab chiqdi. “Sen bu yerda nima qilib yuribsan?” degan kabi munchoq ko‘zlarini yiltiratib, bir zum qarab turdi-da, yana yashil palaklar ichiga sho‘ng‘ib ketdi. Palaklarga qarab turib muxbir yigit hayron bo‘ldi: odatda bu paytda palaklar sarg‘ayib, polizga xazonrezlik nuqsi urib qolar edi. Qarang, ba’zi suv qiynalib chiqadigan do‘ng joylardagi palaklarni demasa, pastki, kanal bo‘yidagi, quloq boshidagi palaklarning hali ham avji baland, yam-yashil, qiyg‘os gullab, naychalari osmonga sapchiyman deb turibdi. Engashib palaklarni titib qarasang, tugunak, sapcha, xomaklar serob... To‘rga kirganlari bilan rang olganlari palak orasidan manaman deb ko‘kragiga mushtlab yotibdi. Narigi paykal tarvuz polizi ekan. Har tarvuzlar-ki, yo‘lbarsday! Targ‘il, xuddi golland sigiriday ola. Qo‘qon arava gupchagiday cho‘zinchoq, qo‘zivoylar ufqqa yonboshlab, botayotgan quyosh shafag‘i shu’lasidan peshonalari yalt-yalt qiladi... Muxbir yigit, choli tushmagur bularni qanday parvarish qildi ekan, deb hayron edi... Quyosh botib, salqin tushdi. Polizning tarovatli, handalak, bosvoldi bo‘yini ufurgan fayzli oqshomi boshlandi. Muxbir yigit salqindan eti junjikdi shekilli, kanal bo‘yidan asta pastga tushib, chayla tomonga yurdi. Bu payt polizda shovqin- suron tinib, Hoji buva qovun tashuvchi yigitlarga ruxsat berib yuborgan, paykalda faqat uch-to‘rtta chol bilan shofer yigitlargina qolgan edi. Muxbir yigit chayla yoniga ilib qo‘ygan pidjagini olib kiyayotganida Hoji buva kelib qoldi. — Qalay, tomosha qildingizmi, o‘g‘lim? — Rahmat. — Ha, salqinladingizmi? – dedi buva kulib. — Kechasi bundan ham salqin bo‘ladi. Xo‘sh, mana endi qulog‘im sizda. Jadallashtirmasak, bo‘lmaydi-da. — Gaplashadigan gap ham yo‘q... O‘zim shunday, poliz oqshomini bir ko‘ray deb keluvdim, — u qalam, daftarini olib, cholni cho‘chitib yubormaslikka, iloji boricha jo‘n gaplashishga, gap tizginini ko‘proq cholning o‘ziga qo‘yib berishga harakat qilar edi. — Biror gap chiqib qolsa, keyin so‘rarman, ota. — Shundoq deng. Undoq bo‘lsa... — dedi Hoji buva soqolini tutamlab, — bugun polizda qolasiz. Oqshom endi boshlanadi. Mana bu kiyimlaringiz bo‘lmaydi, o‘g‘lim. Yechinib, chaylada nevaramdi pufaykasiminan shimi bor, kiyib oling. — O‘zi-chi? — Toshkentda, o‘qishda. — Mayli, shu ham bo‘laveradi. — Yo‘q-yo‘q, kiyib oling, o‘g‘lim. Bu surnaypocha shimda qiynalib qolasiz, — deb kuldi chol. — Oqshomdi og‘anab yotib ko‘rish kerak... Hu o‘rtadagi supaga joy qilaman. Qani, bu yoqqa yuring-chi, bir tamaddi qilib olaylik. Hu anavi qovundi olvoling... Bu joy sizniki, — dedi chol yigitga buklama karavotni ko‘rsatib. – Mana bu ko‘rpani ham yopining. Tongga yaqin salqinroq bo‘ladi. Ular yechinib joy-joylariga yonboshlashdi. Muxbir yigitning butun xayoli oqshom go‘zalligida, poliz gashtiyu tabiat sehrida edi. Chol buni sezdi shekilli, bir oz fursat o‘tgach, so‘radi: — Qalay? — Go‘zal, — dedi yulduzlarni tomosha qilib yotgan muxbir. U aslida gapni nimadan boshlashni bilmayotgan edi. Shu bahona bo‘lib so‘radi: — Qachondan beri qovun ekasiz, ota? — Pensiyaga chiqqanimdan beri. — Pensiyaga qachon chiqqansiz? — To‘rtinchi yil. Ishlab o‘rganib qolganmiz, o‘g‘lim. Qarab yotolmadik. To‘rt- beshta chol maslahatni bir joyga qo‘yib, fermer bolamga arz qildik. Qovun ekamiz, dedik. U avvaliga ko‘nmadi. Nima qilasiz o‘zingizni urintirib, Parpi buva, nevaralaringizdi davrida yuring yallo qilib, dedi. Qayoqda, ko‘nmadik. Mana, ko‘rib turibsiz, beshta chol bir maydon yerni aylantirib yotibmiz. — Parpi buva deganingiz kim? — Men-da, Parpi buva. — Ie, siz Hoji buva emasmisiz?! — Avvalgi yili deng, qovunlarimiz bir bitib berdi. Naq ovozasi olamga joriya bo‘ldi. Fermer bolam pishiq yigit-da, qovunlarimizdan ko‘ngli to‘lib deng, bir kuni katta majlisda: “Parpi buva boshliq oqsoqollarimizga ming rahmat. Endi buvani Makkai mukarramaga jo‘natamiz. Bir maza qilib, Hoji buva bo‘lib kelsin”. — desa bo‘ladimi? — Boshqa oqsoqollar-chi? – deb qoldi majlisda o‘tirganlardan bir-ikkitasi. — Erga navbat, sherga navbat deganlar, — deb javob qildi fermer yigit. — Xudo xohlasa, agar qovunlar kelasi yili ham yaxshi bitib bersa, ularni ham jo‘natamiz. Xotirjam bo‘linglar. Bu yil ham qovunlarimiz yaxshi, xudo xohlasa, boshqalar ham Hoji buva bo‘lib kelsa ajab emas. Bu gaplar muxbir yigitni o‘ylantirib qo‘ydi: “Qarang, har qishloqdan shuncha chol chiqib, qovun ekib tursa, olamga qovun sig‘adimi? Mana sizga to‘kinchiligimizning boisi!” Hoji buva bir nafas sukutdan so‘ng: — Soatingiz qancha bo‘ldi, o‘g‘lim? — deb so‘radi. Muxbir yigit gugurt chaqib soatiga qaradi. — O‘n yarim. — O‘n yarim? Ie, kontsertni o‘tkazib yuboribmiz-ku, — chol yostig‘i tagidan kichkina “Selga” radiopriyomnigini olib, murvatini buradi. Kontsert nihoyasiga yetay deb qolgan ekan. — Nevaramdi sovg‘asi. Oltin to‘yimizda qilgan. — Cholning ovozida ozgina g‘urur, ozgina faxr bor edi. — Nabirangiz qaerda ishlaydi? — Hali Toshkentda o‘qishda, demadimmi? Maktabdi bitirib, bir-ikki yil yonimda ishladi. Keyin o‘qishga ketdi. Bugun oyning o‘nimi? O‘n ikki kun bo‘ldi ketganiga, kecha qovun ortgan moshinda tushib ko‘rib chiqdim. — O‘n kun o‘tmasdan-a? — E, kampiri tushmagur qo‘ymadi-da, bo‘lmasa tusharmidim shaharga. — Nima, shahar yomonmi? — Shahar-ku, yaxshi!.. Bozordi ko‘rib xafa bo‘lib ketasan-da. — Nega? — Polizdi oralab chiqdingiz-a? — Ha. — Xo‘sh, nima sezdingiz? — Hech narsa. — Qovunlardi o‘z qo‘limiz bilan ekkanmiz-u, bozordi ko‘rib, bir nuqsonimiz ochilib qoldi, o‘g‘lim. Pahmlagan bo‘lsangiz, qovunlarimizdi xili asosan handalag- u, to‘rlama qizil urug‘minan ananas. Xudoning qudrati, bozorda ham mana shunaqa qovunlar... O‘zbekiston qovundi makoni, buni bilasizmi? Shundog‘ bo‘lgandan keyin amiri, cho‘giri, obinovvot, gulobi, ko‘kcha, undan so‘ng desangiz, buzoqboshi, begizot, bo‘rikalla, xo‘sh deganingizdan, qo‘ybosh, qizilurug‘, tilimi tilni yoradigan shakarpalak... Eh-he, yuz xil qovunlarimiz bor-a, o‘g‘lim. — Uch yuz xil deb yozishadi-ku olimlar. — Balli, ana o‘sha qovunlardi ko‘pchiligi yo‘q-da. — Nega? — Nega bo‘lardi, o‘g‘lim, sirti yaltiroq bo‘lishini o‘ylaymiz-da! Ichiminan ishimiz bo‘lmaydi. Endi ekaman. Shu gal tushganimda to‘rtta-beshta qovun olib chiqdim urug‘likka. Boshqa yoqdan obkelishgan ekan. Bizning qovunlarimizga o‘xshamaydi. Undan keyin, men sizga aytsam, xaridorlar ham juda injiq bo‘lib ketibdi. Ha, noshukur bo‘pketipti! Tilladay sarg‘ayib, hidi anqib turgan bo‘lsa ham “Xom emasmi? Dori solinmaganmi?” deb barmog‘i bilan ezib ko‘radi deng. Shunaqa demasin, deb qovundi o‘zim saralab uzaman. Haligindaqa gaplar juda og‘ir botadi, o‘g‘lim. Xaridor qovundi bossa, naq peshonamda barmog‘ining izi qoladiganday qiynalaman. Tarvuzlardi kaftlariga olib qisganlarida vijdonim siqilayotganday bo‘ladi... To‘g‘ri, ba’zi bir insofsiz dehqonlar bor, dori solib qovundi suluv qiladigan. Shulardi kasopatiga qolamiz bizlar ham. Qovundi hadeb bir joyga ekaversa ham bo‘lmaydi. Yer kuchsizlanib, shumg‘iya chiqib ketadi. Bu yil ikkinchi joy almashtirishimiz. Nuqul bo‘z yer qidiramiz. Ikki yil ekib, so‘ng yerimizdi paxtaga bo‘shatib beramiz... — deb bir oz osmonga qarab yotdi Hoji buva. “Qovunning yaxshi bo‘lish sababi shunda ekan-da”, deb o‘yladi muxbir yigit. Chol birpas tin olib, so‘radi: — Gap nimada to‘xtovdi? — Xaridorlarda. — Ha, bugun mundoq bozor oralab kelayotsam, tuzukkina ikkita yigit, siznikiday surnay pocha shim kiygan... borib qovun oldi. Shundoqqina supaning yonginasida qo‘qqisdan bir narsa qars etib yorildi. Qattiq qarsilladi. Muxbir yigit cho‘chib tushdi — Xa, akangdi qovuni! – dedi Hoji buva, keyin xixilab kuldi. – Qarang yorilishini! Ko‘kcha. O‘ziyam asal. Dori solingan qovun bunaqa yorilmaydi, o‘g‘lim. Bir voqea esimga tushib ketdi. Makkaga safarimizdan oldin kampir tushmagur qo‘yarda-qo‘ymay bir yelim xaltaga to‘ldirib, xuddi o‘ris qizlarning o‘rilgan oltin sochiday tovlanib turgan qovun qoqi solib bersa bo‘ladimi? Hoy onasi, buni og‘irdan ortiq qilib qanday ko‘tarib yuraman, desam, kerakli toshning og‘irligi yo‘q, o‘shattagi mo‘min-musurmonlarga berasiz, savob bo‘ladi, deb qo‘ymadi kampiri tushmagur. To‘g‘ri qilgan ekan. Obordim, o‘sha joydagi hojilarga tarqatayotsam, birpasda odamlar atrofimizni o‘rab olishdi. — Qovun qoqi necha pul? — deb so‘rashadi nuqul. — Tekin, birodarlar, olinglar... O‘zbekistondan nasiba. Birpasda xaltamdagi qovun qoqilarni talab ketishdi. Bunday qarasam, yonginamda oppoq ust-bosh kiyib, boshiga oq salla o‘rab olgan mo‘ysafid qo‘lidagi qovun qoqi bo‘lagini shira-pirasiga qaramay ko‘zlariga surtib, hiq-hiq yig‘lar, yaratganga shukronalar aytar edi. Keyin bilsam, ilgariroq vatandan chiqib ketgan hamyurtlarimizdan ekan... Bu gapdan mutaassir bo‘lib yotgan muxbir yigit so‘radi: — Nima, u yoqlarda qovun ekilmas ekanmi? — Qayoqda, — dedi Hoji buva. Keyin gapini davom ettirdi. – Bir qo‘lim tekkanida bozorlarni aylandim. Rastalarda turgan mevalar rang-barang. Naq ko‘zni qamashtirguday. Hamma narsa bor. Biroq bularning barini boshqa mamlakatlardan olib kelishar ekan. Yeb ko‘rsangiz, ularda na maza bor, na matra. Bizning yerlarga yaratganning nazari tushgan, o‘g‘lim. Hamma narsamiz xuddi boyagi qars etib yorilgan ko‘kchaday shirin. Ha, obinovvot!.. Chol yana jimib qoldi. U gap nimada tugaganini o‘ylarmidi yo boshqa mavzu qidirarmidi, qorong‘ida bilib bo‘lmas edi. Muxbir yigit cholni mavzudan chetga chiqib ketmasin, deb savol berdi: — Boyagi menga o‘xshab surnay pocha shim kiygan yigitlar nima bo‘ldi? — Ha, aytmoqchi, — gapini davom ettirdi chol. – Tag‘in, o‘g‘lim, xafa bo‘lmang, surnay pocha deganimga. — Yo‘g‘-e. — Ular olgan qovunlarini bir chekkaga olib chiqishdi. Bittasi zo‘rg‘a engashib, qovunning dum bergan tomoni u yoqda qolib, teskari tomoniga pichoq solsa bo‘ladimi? Qarab turib nafsoniyatim qo‘zib ketdi: ekib berdim, obkeb berdim, ke endi so‘yib ham beray, dedim. Borib qo‘lidan pichoqdi oldim. Qovundi bu yog‘idan mana bunday qilib so‘yadi, o‘g‘lim, dedim. Qaqqayib turganining nomusi keldi shekilli: “Pulimizga olganimizdan keyin qanaqqib so‘ysak bizning ishimiz, otes”, dedi. Indamadim. Rostini aytsam, jahlim chiqdi. So‘yib berdim-da, buyog‘roqqa kelib turdim.. Qovundi ham xuddi kemshik kampirlarday chala- chulpa yeb ketishdi. Biz dehqonmiz, qovunimizni qadrlaydiganga tekin beramiz, o‘g‘lim. Haligi ko‘rnamaklarning nopisandlik bilan chala yegani g‘ashimga tegdi- da. Tozalab yesa xursand bo‘lamiz. Juda ko‘nglim xira bo‘ldi.. Katta maktabga borib, nevaramdi ko‘rdim-da, tez qaytib chiqa qoldim... — Hojibuva shu yerda gapini to‘xtatib, muxbir yigitga qaragan edi, u asabiylik bilan bosib-bosib sigaret chekayotgan ekan. Chol uni xafa qilib qo‘ydim shekilli deb o‘ylab, so‘z qotdi: — Qovun so‘yib beraymi, o‘g‘lim? — Rahmat, ota. Ertalab. — Mayli, qovun yesang sahar ye... deganlar. Hu anavi o‘qariq bo‘yida bitta yaxshi handalagim bor. Ertalab ko‘rib, bir kunliging bor-ov, deb qo‘ygan edim. Xudo xohlasa, ertalab o‘shani so‘yib beraman, — dedi Hoji buva. Mehmonning muxbir ekanligi endi esiga tushdi shekilli, boshini sal ko‘tarib, so‘radi: — Xo‘sh, o‘g‘lim, endi gapingiz bo‘lsa so‘rang? — Rahmat, otaxon, — dedi muxbir yigit kulib, — menga kerakli gaplarning hammasini aytib berdingiz. Hoji buva hayron bo‘lib qoldi. “Qiziq, avvalgi muxbirlar qog‘oz-qalamini olib, so‘roq qilaverib, boshingni qotirar edi-ku?! Chakki gap gapirmadimmi ishqilib?!” Handalak bo‘yini asta ufurib o‘tgan daydi shabada palaklar oromini buzdi. Hoji buva “Selga”ning tovushini bir bahya ko‘tardi. Orombaxsh “Cho‘li iroq” polizning sehrli oqshomiga yana ham fayz kiritdi. Qaerdadir yilqichi qush «ot yo‘q, ot yo‘q» deb cho‘zib-cho‘zib sayrar, osmondagi yulduzlar esa imlab, nimadir deganday bo‘lardi... Supa yonidan bir nima shitirlab o‘tdi. Muxbir yigit cho‘chib o‘rnidan turdi. — He, tekinxo‘r kirpi-ku. Qovundi sarasini izlab yuribdi, — dedi Hoji buva xixilab. — Yotavering, o‘g‘lim. Atrof tunning sirli libosiga burkangan. Kanal tomonda qurbaqalarning ahyon- ahyonda qurillashi, cho‘ponlarning o‘tovidan itlarning hurishi eshitiladi. Muxbir yigit Hulkar tikkaga kelganida ko‘zi ilindimi yo Cho‘lpon tuqqandami, buni bilmaydi. Ertalab boshini ko‘targanida hali quyosh chiqmagan, tonggi shudringdan ko‘rpalarning usti ho‘l bo‘lib qolgan edi. Havo tanani junjiktiradigan darajdada salqin. Qovun yuklangan mashinalar ko‘rinmas, Hoji buva allaqachon o‘rnidab turib, qovun poliz oralab yurardi. Bir mahal Hoji buva muxbir yigitni chaqirib qoldi. U o‘rnidan turib, fufaykani yelkasiga tashladi-da, o‘sha tomonga yurdi. — Mana buni qarang! — dedi Hoji buva qalin palakni ikki qo‘li bilan ayirib. — Kechasi sizga va’da qilgan handalagim... Xuddi kesilgan koptokka o‘xshab, handalakning yarmi yo‘q, ichi esa bir tekisda qirtishlanib, tozalab yeyilgan edi. — Tekinxo‘rning ishi. Tozalab yebdimi, qandini ursin! — dedi Hoji buva kulib. Chol kirpining bu ishidan nihoyatda xursand edi. Download 245.16 Kb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling