3-dars. Nazariy Mavzu: Tergovga qadar tekshiruvni amalga oshiruvchi organlar va ularning vakolatlari. Reja


Download 16.62 Kb.
Sana03.10.2020
Hajmi16.62 Kb.
#132223
Bog'liq
CTE 3-dars


3-dars. Nazariy

Mavzu: Tergovga qadar tekshiruvni amalga oshiruvchi organlar va ularning vakolatlari.

Reja

1. Tergovga qadar tekshiruvni amalga oshiruvchi organlar faoliyati tushunchasi.

2. Tergovga qadar tekshiruvni amalga oshiruvchi organlarning turlari.


Tergovga qadar tekshiruv o‘tkazish deganda jinoyat haqidagi ariza, xabar yoki boshqa ma’lumotni ro‘yxatga olish hamda jinoyat ishini qo‘zg‘atish sababi qonuniyligini va asoslar mavjudligini aniqlash maqsadida ayrim protsessual harakatlarni bajarish, olingan yoki aniqlangan ma’lumotlardan kelib chiqqan holda tegishli qaror qabul qilish jarayoni tushuniladi.

Tergovga qadar tekshiruv o‘tkazish quyidagilarni o‘z ichiga oladi:

- ariza, xabarlarni qabul qilish va ro‘yxatga olish;

- arizalar va xabarlarni tekshirish, hal etish va uning muddatlari;

- tekshiruv natijalari haqida xabar berish;

- ushlangan shaxs huquqlari (qonuniylik)ni ta’minlash.

Tergovga qadar tekshiruv davomida quyidagi holatlar aniqlanishi zarur:

- jinoyat hodisasining mavjudligi yoki mavjud emasligi;

- agarda jinoyat holati mavjud bo‘lsa aynan qanday turdagi jinoyat sodir etilganligi;

- jinoyatning qachon, qaerda, qanday usul bilan sodir etilganligi;

- kimga, qanday shakldagi va qancha miqdordagi zarar etkazilganligi;

- jinoyat sodir etilishining qaysi usuli, uni sodir etishda qanday vositalar qo‘llanilganligi;

- jinoyatning kim tomonidan sodir etilganligi, jinoyatning maqsadi va motiv (sabab)lari va hokazo.

Yuqorida keltirilgan holatlarning aniqlanishi jinoyat ishini qo‘zg‘a- tish, keyinchalik qilmishga yuridik jihatdan to‘g‘ri baho berish va jinoyatni to‘g‘ri kvalifikatsiya qilishga imkon beradi.

Jinoyat sodir etilganligi haqidagi dastlabki ma’lumotlar jinoyat-protsessual qonun hujjatlarida ko‘rsatilgan manbalardan olinishi mumkin. Jinoyat ishini qo‘zg‘atish masalasini hal etish uchun zarur bo‘lgan bunday manbalar yoki jinoyat ishi qo‘zg‘atishning sabablariga quyidagilar kiradi: shaxslarning arizalari; korxonalar, muassasalar, tashkilotlar, jamoat birlashmalari va mansabdor shaxslar bergan xabarlar; ommaviy axborot vositalari bergan xabarlar; jinoyat sodir etilganligini ko‘rsatuvchi ma’lumotlar va izlarni surishtiruv organi, tergovchi, prokurorning bevosita o‘zi aniqlashi; aybini bo‘yniga olish haqidagi arz. Jinoyat belgilari mavjudligini ko‘rsatuvchi va tergovga qadar tekshiruvni o‘tkazayotgan ishni yuritishga mas’ul shaxslar tomonidan to‘plangan ma’lumotlar jinoyat ishini qo‘zg‘atish uchun asos bo‘ladi (JPK 322-m.). Shuningdek jinoyat hodisasi yuz bermaganligi, qilmishda jinoyat tarkibining elementlaridan biri yo‘qligi, bundan tashqari, jinoyat belgilari aniqlanishi bilan birga ish qo‘zg‘atishni va ish yurituvini davom ettirishni istisno etadigan holatlar mavjudligini ko‘rsatuvchi ma’lumotlar jinoyat ishi qo‘zg‘atishni rad etishga asos bo‘ladi.

O’zbekiston Respublikasining Jinoyat-protsessual Kodeksi 391-moddasiga ko’ra tergovga qadar tekshiruv quyidagilar tomonidan amalga oshiriladi:

1) ichki ishlar organlari;

2) harbiy qismlar, qo‘shilmalarning komandirlari, harbiy muassasalar va harbiy o‘quv yurtlarining boshliqlari — ularga bo‘ysunuvchi harbiy xizmatchilar, shuningdek o‘quv mashqlari o‘tkazilayotgan vaqtda harbiy xizmatga majburlar tomonidan sodir etilgan jinoyatlarga doir ishlar bo‘yicha; O’zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari xodimlarining xizmat majburiyatini bajarish bilan bog‘liq jinoyatlari yoki qism, qo‘shilma, muassasa yoxud o‘quv yurti joylashgan yerda sodir etgan jinoyatlariga doir ishlar bo‘yicha;

3) davlat xavfsizlik xizmati organlari — qonunga ko‘ra ularning yuritishiga berilgan ishlar bo‘yicha;

4) O’zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi jazoni ijro etish tizimini boshqarish organlarining boshliqlari, jazoni ijro etish koloniyalari, tarbiya koloniyalari, tergov hibsxonalari hamda turmalarning boshliqlari — shu muassasalar xodimlari xizmatni o‘tashning belgilangan tartibiga qarshi qilgan jinoyatlarga doir ishlar, xuddi shuningdek mazkur muassasalar hududida sodir etilgan boshqa jinoyatlarga doir ishlar bo‘yicha;

5) davlat yong‘indan nazorat qilish organlari — yong‘inlarga doir va yong‘inga qarshi qoidalarni buzganlikka doir ishlar bo‘yicha;

6) chegarani qo‘riqlash organlari — davlat chegarasini buzganlikka doir ishlar bo‘yicha;

7) olis safarda bo‘lgan dengiz kemalarining kapitanlari;

8) davlat bojxona xizmati organlari — bojxona to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini buzganlikka doir ishlar bo‘yicha;

9) O’zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti va uning joylardagi bo‘linmalari — budjet, soliq va valyuta to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini buzganlikka doir ishlar bo‘yicha;

10) O’zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Majburiy ijro byurosi va uning joylardagi bo‘linmalari — voyaga yetmagan yoki mehnatga layoqatsiz shaxslarni, ota-onani moddiy ta’minlashdan bo‘yin tovlashga, sud qarorini bajarmaslikka, band solingan mol-mulkni qonunga xilof ravishda tasarruf etishga doir ishlar bo‘yicha, shuningdek elektr, issiqlik energiyasi, gaz, suvdan foydalanish qoidalarini buzish bilan bog‘liq bo‘lgan ishlar bo‘yicha;

11) O’zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasining Chakana savdo va xizmat ko‘rsatish sohasida huquqbuzarliklarni profilaktika qilish bosh boshqarmasi va uning hududiy bo‘limlari — bozorlar, savdo komplekslari hududlarida va ularga tutash bo‘lgan avtotransport vositalarini vaqtincha saqlash joylarida aniqlangan moliyaviy-iqtisodiy va soliq sohalaridagi huquqbuzarliklarga doir ishlar bo‘yicha.

13) O’zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi va uning joylardagi bo‘linmalari — qonun bilan ularning ish yuritishiga berilgan ishlar bo‘yicha..

14) O’zbekiston Respublikasi Prezidenti davlat xavfsizlik xizmati — uning yurituviga taalluqli ishlar bo‘yicha.

Tergovga qadar tekshiruvni amalga oshiruvchi organlar zimmasiga zarur choralar ko‘rish vazifasi, shu jumladan jinoyat alomatlarini va jinoyat sodir etgan shaxslarni topish, ushbu Kodeksning qoidalariga muvofiq tekshirib chiqilganidan so‘ng jinoyat ishi yuzasidan dalil tariqasida foydalanish mumkin bo‘lgan ma’lumotlarni aniqlash maqsadida ilmiy-texnika vositalaridan foydalangan holda, zarur choralar ko‘rish vazifasi yuklatiladi.



Ichki ishlar, davlat xavfsizlik xizmati, O’zbekiston Respublikasi Prezidenti davlat xavfsizlik xizmati, davlat bojxona xizmati organlari, shuningdek O’zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Majburiy ijro byurosi hamda Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti va ularning joylardagi bo‘linmalari shu maqsadda tezkor-qidiruv tadbirlarini o‘tkazishga haqli hisoblanadilar.
Download 16.62 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling