Mamlakatimizda jinoyat sodir etgan shaxslarni axloqan tuzatish, ularni jamiyatdan ajratmagan holda jamoatchilik bilan uzviy hamkorlikda qayta tarbiyalash borasida keng ko‘lamli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda


Download 20.25 Kb.
Sana22.01.2023
Hajmi20.25 Kb.
#1108403
Bog'liq
Probrsiya haqida


Mamlakatimizda jinoyat sodir etgan shaxslarni axloqan tuzatish, ularni jamiyatdan ajratmagan holda jamoatchilik bilan uzviy hamkorlikda qayta tarbiyalash borasida keng ko‘lamli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Xususan, ilg‘or xorijiy tajriba va xalqaro standartlarni inobatga olgan holda ichki ishlar organlari tizimini isloh qilish, huquqbuzarliklarni barvaqt profilaktika qilish va jinoyatchilikka qarshi kurashish bo‘yicha ko‘rilayotgan chora-tadbirlar natijasida probatsiya xizmati faoliyati yo‘lga qo‘yildi.
Ozodlikdan mahrum qilish bilan bog‘liq bo‘lmagan jazolarni ijro etish, probatsiya bo‘linmalari nazorati ostidagi shaxslarning (keyingi o‘rinlarda nazorat ostidagilar deb ataladi) xulq-atvori ustidan ta’sirchan nazoratni amalga oshirish bo‘yicha yangi tizim yaratildi. Natijada, nazorat ostidagilar tomonidan qayta jinoyat sodir etilishi kamayishiga erishildi.
Shu bilan birga, probatsiya xizmati faoliyatining mexanizmlarini takomillashtirish, nazorat ostidagilarga ijtimoiy-huquqiy va psixologik yordam ko‘rsatish tartibini joriy etish, ayniqsa, ularning “ijtimoiy-psixologik portreti”ni tuzgan holda o‘rganish, shuningdek, bu jarayonlarda mutaxassis-psixologlarni tayyorlash, probatsiya bo‘linmalariga mutaxassis-psixologlarni jalb etish tizimini yo‘lga qo‘yish zarurati yuzaga kelmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “2017 — 2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasini “Faol investitsiyalar va ijtimoiy rivojlanish yili”da amalga oshirishga oid Davlat dasturi to‘g‘risida” 2019-yil 17-yanvardagi PF-5635-son Farmonini hamda “Jinoyat-ijroiya qonunchiligini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2018-yil 7-noyabrdagi PQ-4006-son qarori ijrosini ta’minlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi, Sog‘liqni saqlash vazirligi, Xalq ta’limi vazirligi, O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasi, O‘zbekiston yoshlar ittifoqi, Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha respublika kengashi va O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mitaning 2020-yil 1-martdan boshlab nazorat ostidagilarga ijtimoiy-huquqiy va psixologik yordam ko‘rsatish bo‘yicha o‘zaro hamkorlikni yo‘lga qo‘yish to‘g‘risidagi takliflari ma’qullansin.
2. Quyidagilar:
2020-2021-yillarda ichki ishlar organlari probatsiya xizmati faoliyatini yanada samarali tashkil etish chora-tadbirlari rejasi 1-ilovaga muvofiq;
probatsiya bo‘linmalari nazorati ostidagi shaxslarga ijtimoiy-huquqiy va psixologik yordam ko‘rsatish bo‘yicha vazirliklar va idoralarning hamkorlikdagi faoliyati mexanizmi 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
3. O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi:
a) 2020/2021 o‘quv yilidan boshlab Ichki ishlar vazirligining Malaka oshirish institutida Probatsiya xizmati xodimlari malakasini oshirish tizimini yo‘lga qo‘ysin;
b) O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oliy attestatsiya komissiyasi bilan birgalikda probatsiya faoliyatiga oid ilmiy-tadqiqot ishlarini kuchaytirish yuzasidan qo‘shimcha chora-tadbirlarni belgilasin;
v) ikki oy muddatda probatsiya bo‘linmalari xodimlarini Probatsiya xizmatini rivojlantirish jamg‘armasi hisobiga rag‘batlantirish tartibini tasdiqlasin.
4. O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi Ichki ishlar vazirligining murojaatiga asosan belgilangan tartibda Qoraqalpog‘iston Respublikasi budjeti, viloyatlar va Toshkent shahri mahalliy budjetlarining qo‘shimcha manbalari mablag‘lari hisobiga probatsiya bo‘linmalarining yuqori tezlikdagi Internet jahon axborot tarmog‘iga ulanishini ta’minlasin.
5. O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi bir oy muddatda yuridik yo‘nalishdagi oliy ta’lim muassasalari ta’lim dasturlariga nazorat ostidagilarning ijtimoiy-psixologik portretini o‘rganish bo‘yicha maxsus mavzular kiritilishini ta’minlasin.
6. O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi Ichki ishlar vazirligi bilan birgalikda ikki oy muddatda tegishli oliy ta’lim muassasalarida psixologiya yo‘nalish bo‘yicha tahsil olayotgan talabalarning probatsiya bo‘linmalarida amaliyot o‘tashini yo‘lga qo‘ysin.
7. O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi 2020-yil 1-dekabrga qadar Davlat xavfsizlik xizmati, Bosh prokuratura bilan birgalikda nazorat ostidagilar jazodan bo‘yin tovlash maqsadida yashash joyini o‘zboshimchalik bilan tark etgan hollarda ularning respublika hududidan chiqishini cheklashni nazarda tutuvchi normativ-huquqiy hujjat loyihasini kiritsin.
8. O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi tegishli vazirliklar va idoralar bilan birgalikda:
ommaviy axborot vositalarida probatsiya xizmati va uning hududiy bo‘linmalari tomonidan amalga oshirilayotgan ishlarning mazmun-mohiyatini keng jamoatchilikka yetkazish yuzasidan keng tushuntirish va targ‘ibot-tashviqot ishlari o‘tkazilishini ta’minlasin;
o‘zlari qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarini ikki oy muddatda ushbu qarorga muvofiqlashtirsin.
9. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi ichki ishlar vaziri P.R. Bobojonov zimmasiga yuklansin.

Tadbirni tashkil etishdan maqsad - Probatsiya xizmati nazorati ostidagi shaxslarga ijtimoiy-huquqiy va psixologik yordam ko‘rsatish bo‘yicha vazirliklar hamda idoralarning o‘zaro hamkorlikdagi vazifalari va ularni bajarilish holatini tahlil qilish orqali, probatsiya xizmati samaradorligini oshirish, jumladan inson huquqlarining taʼminlanishi borasida taklif va tavsiyalar ishlab chiqishdan iboratdir.


Davra suhbatida Oliy Majlis Senatining Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi aʼzolari va Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) huzuridagi Insonning konstitutsiyaviy huquqlari va erkinliklariga rioya etilishi buyicha komissiya aʼzolari, O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Probatsiya xizmati, O‘zbekiston Respublikasi Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi, O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi vakillari va OAV ishtirok etishdi.
Tadbirda qayd etilishicha, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2020 yil 29 dekabrdagi Oliy Majlisga yo‘llagan murojaatnomasida, bundan buyon birinchi marta ozodlikdan mahrum qilingan shaxsga berilgan jazo yengilrog‘i bilan almashtirilsa, u manzil-koloniyaga o‘tkazilmasdan, to‘g‘ridan-to‘g‘ri probatsiya nazoratiga olinadi, deya taʼkidlangan. Bu esa probatsiya bo‘linmalarining, bilib bilmay qilgan nojo‘ya qilmishlari tufayli probatsiya nazorati ostiga olingan shaxslarni jamiyatga moslashtirish, ish bilan taʼminlash borasidagi masʼuliyatini bir necha barobarga oshiradi.
Qolaversa, mamlakatimizda 2020 yilda ko‘rilgan jinoyat ishlarida jami mahkumlarining 74 foiziga ozodlikdan mahrum qilish bilan bog‘liq bo‘lmagan jazo turlari qo‘llanilgan. Bu esa o‘z navbatida tashkil etilganiga uncha ko‘p muddat bo‘lmagan Probatsiya xizmati xodimlarining ish yuklamasi muntazam ravishda ortib borayotganini ko‘rsatadi.
Davlat rahbarining “Jinoyat ijroiya qonunchiligini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” gi Qarorida ham probatsiya bo‘linmalari oldiga qo‘yilgan asosiy vazifalarni hamkorlikda tashkil etish maqsadida, ozodlikdan mahrum qilish bilan bog‘lik bo‘lmagan jazolarni ijro etish faoliyatini tegishli davlat organlari va tashkilotlari, shuningdek, jamoat tuzilmalari bilan o‘zaro hamkorlikda samarali tashkil etish vazifasi belgilab berilgan. 
Probatsiya xizmatining asosiy vazifasi bu-jinoyat ko‘chasiga kirib qolgan shaxsni tarbiyalash, uni jamiyatga, ijtimoiy hayotga moslashtirishdan iborat. 
Maʼlumotlarga ko‘ra, 2020 yilda aholi bandligiga ko‘maklashish markazlari bilan hamkorlikda nazorat ostidagi shaxslarni ish bilan taʼminlash maqsadida 655 marotaba “Ishga marhamat” tadbirlari tashkil etilib, 6000 nafardan ortiq nazoratdagilarga ishga yo‘llanmalar berilgan bo‘lsa, ularning 4900 ga yaqini ish bilan taʼminlangan. 
Muayyan kasbga ega bo‘lmagan 2400 nafardan ortiq nazorat ostidagilardan 2 mingga yaqini kasbga yo‘naltirish bo‘yicha o‘qishga yuborilgan bo‘lsa, qolgan nazoratdagilar kasbga o‘qitilgan. Jumladan, haydovchilikka, qurilish sohasiga, maishiy xizmat ko‘rsatish sohasiga, obodonlashtirish va hokazo.
Bundan tashqari, probatsiya bo‘linmalari nazorati ostida turgan shaxslar orasida tadbirkorlik yoki muayyan foydali mehnat faoliyati bilan shug‘ullanish istagida bo‘lganlarga huquqiy va boshqa masalalarda maslahatlar berilib, ularga isteʼmol kreditlari ajratilishida har tomonlama ko‘mak berilmoqda.
Amalga oshirilgan qator ijobiy ishlarga qaramasdan, afsuski, o‘tgan 2020 yil davomida nazorat ostidagi shaxslar orasida tayinlangan jazoni o‘tashdan qasdan bo‘yin tovlab, qonunlarimizga itoatkorona munosabatda bo‘lmagan shaxslarning o‘talmay qolgan jazo muddatlarini ozodlikdan mahrum qilish jazosiga almashtirish kabi holatlar ham uchramoqda.
Yuqoridagilardan kelib chiqib, tadbir ishtirokchilari Probatsiya xizmati nazorati ostidagi shaxslarga ijtimoiy-huquqiy va psixologik yordam ko‘rsatish bo‘yicha tegishli davlat organlari va tashkilotlari, shuningdek, jamoat tuzilmalari bilan o‘zaro hamkorlikda samarali tashkil etish borasidagi hamkorlikni yana-da kuchaytirish masalalarini muhokama qilishdi.
Download 20.25 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling