3 I. Bob. Qadimgi Arabiston xalqlari
I.2. Qadimgi Arabistonda islomgacha bo'lgan
Download 226 Kb.
|
Arabistonda Saudiylar davlatining barpo etilisji
I.2. Qadimgi Arabistonda islomgacha bo'lgan
diniy e'tiqodlar Ilk qadim zamonda arablar ham, albatta, boshqa xalqlar singari ko'p xudolilik diniga e'tiqod qilib kelishgan. Arablarning eng qadimgi dinlari jumlasiga totemizm, fetishizm, animizm va o'tmish ajdodlarga (salaflarga) sig'inishni kiritish mumkin. Totemizmning yaqqol dalili sifatida ko'p arab qabilalarining nomini keltirish kifoya: asad (arslon), kalb (it), bakr (bo'taloq), sa'lab (tulki), zib (bo'ri) va hokazo. Fetishizm qadimgi arablarda asosan meteorit va vulqoniy toshlarni muqaddaslashtirish, ularga sig'inishda o'z ifodasini topdi20. Ma'lumki, animizm tabiatdagi jamiki mavjudotlarni "ruhlantiradi", ya'ni ularda "ruh" yoki "jon" bor deb hisoblaydi. "Johiliya" adabiyotida marhumlarning "joni" yoki "arvohi" (ruhning ko'pligi) haqida ko'plab rivoyatlar bor. Ba'zi badaviy qabilalari qadimgi misrliklar singari inson vafotidan so'ng, uning "joni" yashashda davom etishiga ishonganlar. Marhumnig go'riga tuyani so'yib ko'mish hollari bunga misol bo'la oladi. Animizmning bir turi sifatida "jin", "ajina" tushunchasi ham qadimgi arablarda keng tarqalgandi. Arabistonda har xil xudolarning timsoli - sanamlarga sig'inish keng tarqalgandi, ammo ular qachon paydo bo'lganligi haqida aniq tarixiy ma'lumotlar yo'q. Harqalay, but-sanamlarga sig'inish-dinning yangi bosqichi bo'ldi. Ossuriylar shimoliy arab ("Aribi") qabilalariga hujum qilganlarida, ularning sanamlarini ham asirga tushirganlari haqidagi ma'lumotga qaraganda miloddan avvalgi VIII asrdayoq har bir arab qabilasining o'z sanami bo'lgan21. Badaviy arab qabilalari sanamlarini joylashtirish uchun maxsus ibodatxonalar qurganlar. Ikki qabila urushidan so'ng odatda mag'lub qabila g'olib qabila sanamiga sig'ina boshlagan. Ba'zida g'olib qabila mag'lub qabilaning sanamini ham o'z sanami yoki sanamlari safiga qabul qilishi mumkin edi. Arabistonning turli yerlarida muayyan sanamlarning qarorgohi mavjud bo'lib, ular ziyoratgohlar sifatida ma'lum edi. Makka Arabistonning diniy markaziga aylangach, u yerdagi Ka'ba sanamlarning panteoniga (to'plangan joyiga) aylanib qoldi. Islom arafasida arablar orasida butparastlik shunchalik avjida ediki, hatto har bir xonadonning o'z sanami bor edi, deyish mumkin. Safarga otlangan kishi bunday sanamni qo'li bilan siypalab, so'ng yo'lga tushardi, safardan qaytgach esa, birinchi navbatda, u yana sanamini silab-siypardi. Arab olimi Ibn al-Asirning uqtirishicha, 630 yili Muhammad Makkani zabt etganida, Ka'ba ichida 360 ta sanamni ko'rgan va ularni sindirib tashlashni buyurgan22. Sanamlarning soni uchun bu raqam juda katta ko'rinadi, ammo muayyan sanam bir necha qabilada ma'bud hisoblangan bo'lsa, u Ka'baga shuncha nusxada qo'yilgan bo'lishi mumkin. Ibn al-Kalbiyning arab ko'p xudolilik tarixiga bag'ishlangan "Kitob al-Asnom" degan maxsus kitobi biz tahlil qilayotgan mavzu uchun eng muhim manbalardan hisoblanadi. Ushbu kitobda tilga olingan dastlabki 5 ta sanamning nomi (Vadd, Suvo', Yog'us, Yo'uq, Nasr) Qur'onda ham zikr qilingan. Ularning tasviri ko'pchilikka ma'lum edi: Vadd - erkak kishi, Suvo' - ayol kishi, Yog'us - sher, Yo'uq - ot va Nasr - burgut qiyofasida ifodalangandi23. Qur'onda zikr qilingan eng qadimgi sanamlar jumlasiga Manot, Lot va Uzza ham kiradi. Johiliya arablarining tasavvurida bu uchchala sanam ham ayol xudolar bo'lgan. Ibn al-Kalbiyning aytishicha, Manot hamma arablar uchun muhtaram hisoblangan. "Hamma arablar" deb Ibn al-Kalbiy Hijoz arablarini ko'zda tutayotgan bo'lsa kerak. Gerodotning ma'lumot berishicha, Lot shimoliy arablarning bosh xudolaridan biri bo'lgan. Tadmur malikasi Zeboning o'g'li Vahb al-Lot (Lot in'omi) deb atalgani shunga ishora. Nabotiylar Lotni o'zlarining poytaxti Petrani "ona xudosi" sifatida bilganlar24. Musulmonlar Toif shahrini fath qilganlarida Muhammadning amri bilan Lot ibodatxonasini buzib tashlaganlari - bu xudoga Hijozda ham e'tiqod qilinganining yorqin dalilidir. Uzzani Ibn al-Kalbiy eng keyin paydo bo'lgan ayol xudo deb beradi. Agar Manotni Yasribdagi ikki arab qabilasi Avs va Xazraj, Lotni esa Toifdagi saqif qabilasi o'zlarining xususiy xudolari deb bilgan bo'lsalar, Makkada quraysh qabilasi Uzzani shunday o'rinda ko'rardi va unga qurbonliklar keltirardi. G'atafon qabilasi Buss degan joyda Uzza sharafiga ibodatgoh qurgandi. Ibodatgoh sahnidagi uch xurmo daraxti ham muqaddas hisoblangan, nazr-niyozni shu daraxtlar ostiga qo'yilgan. Hirada ham Uzzaga ibodat qilinganligi ma'lum. Ular tong yulduzi (Zuhara)ni shu nom bilan ataganlar. Hira tarixidan Al-Munzir III (505-554) asirga tushgan g'assoniylar podshosining o'g'li va bir qancha rohibani Uzza sharafiga qurbon qilgani ko'p manbalarda qayd qilingan. Qurayshlarning Ka'ba ichkarisiga va atrofiga qo'yilgan sanamlari orasida eng buyugi va mashhuri Hubal edi. U serdolik (qizil yarim qimmatbaho tosh)dan o'ng qo'lsiz inson shaklida yasalgan bo'lib, qurayshiylar unga oltin qo'l ulagandilar. Bu sanam oldida 7 kamon o'qi turar, odamlar turli muammo bo'yicha shu o'qlarda fol ochardilar. Demak, Hubalga xizmat qilgan kohin shaxsiy masalalarda fatvo berish huquqiga ega bo'lgan. Uxud jangi paytida (625 yil) makkaliklarning rahnomasi Abu Sufyon: «Hubalni yuqori ko'taringlar25», - deb xitob qilgani boshqa sanamlar ichida Hubalning martabasi baland bo'lganini ko'rsatib turibdi. Asof va Noila sanamlari haqida bir qancha rivoyatlar borki, ularning umumiy mazmuniga ko'ra, go'yo aslida erkagu ayol bo'lgan bu ikki inson Ka'badek muqaddas joyda xunuk ish qilib qo'yganlari uchun toshga aylantirilganlar. Ka'badagi «Reda» yoki «Rido» islom arafasida Tamim va Tayy qabilalarining sanami sifatida ma'lum edi. Ammo bu ism samud, tadmur, oromiy va safaviy yozuvlarida uchrashiga qaraganda, u umuman shimoliy arablarning qadimiy sanamlaridan bo'lib chiqadi. Ko'pgina sanamlarning asosiy qarorgohi u yoki bu qabila istiqomat qilgan joyda bo'lib, Ka'bada faqat uning nusxasi o'rnatilgan ko'rinadi. Bular jumlasiga «Manof», «Zu-l-Xalsa» va «zu Shiro»lar kiradi. Xavron shahridan (Suriya) topilgan katta toshda Manof sanamining suvrati erkak kishining qiyofasida toshni kesib yasalgan, suvrat yonida baraka va saodat tilab yozilgan matn mavjud. Zu-l-Xalsa esa Xas'am, Bojila, Bohila, Davs, Azd as-sirot va Havozin qabilalariga tegishli sanam bo'lgan. Makkadan Yamanga borishda Tabola degan joyda hatto bu sanam sharafiga ibodatgoh (beyt) qurilgan, unga ba'zilar haj qilganlar. Muhammadning buyrug'i bilan bu ibodatgohni buzgani musulmon lashkari kelganda Xas'am va Bohila qabilalari qattiq qarshilik ko'rsatganlar; himoyachilardan yuz kishi o'ldirilib, so'ng ibodatgohga o't qo'yib yuborilgan. Nabotiylar poytaxti Petradan topilgan yozuvlarda Zu Shiro xudosining nomi bor. U balandligi 122 sm, eni 61 sm, silliqlanmagan qora toshdan iborat bo'lib, oltin qoplangan asosga qo'yilgan. Odamlar uzoq-uzoqdan u yerga ziyorat qilar, qurbonliklar qilganlar26. Ibn al-Kalbiy Kudo'a, Laxm, Juzom, G'atafon qabilalariga tegishli O'qaysar sanami, Anazaga tegishli - Su'ayr, Tayy qabilasining Fils degan sanamlarini ham tilga olgan. Tayyning Ya'bub va Bojar singari boshqa sanamlari ham bo'lgan. Ibn al-Kalbiyning «Kitob al-Asnom»iga kirmagan sanamlar ham bor. Ular 40 tadan ortiqdir. Masalan, Kinda va Hadramavtda ma'lum bo'lgan Jalsad sanami, Bakr qabilasiga tegishli Muharriq sanami, Tamim qabilasining Taym sanami va hokazo. Yaman sanamlarining ham adadi ko'p - yuzdan ortiqdir; ammo sinchiklab qaralganda yozuvlarda ko'pincha xudolarning atoqli otlari emas, balki sifatlari (taqvodorlik yuzasidan xudolarning otidan ko'ra sifatlari bilan atash - somiy xalqlarining qadimiy odatidir) zikr qilingan ko'rinadi. Qadimgi Yaman aholisining diniy tushunchasi shimoliy va markaziy Arabiston aholisinikiga nisbatan ertaroq rivojlangan bo'lishi kerak, chunki miloddan oldinroq Yaman ko'p xudoligi asosan uch samoviy jism - Oy, Tong yulduzi (Zuhara) va Quyoshga sig'inishda o'z ifodasini topgandi. Mutaxasissislarning fikricha, qadimgi yamanliklar bu uch samoviy jismni Ota, O'g'il va Ona sifatida tasavvur qilganlar. Gap shundaki, hamma qadimgi yaman lahjalarida Oy - muzakkar ism (Main va Avsonda - Vadd, Saboda - Almaqah, Qatabonda - amm, ya'ni amaki, Hadramavtda - Sin), Zuhara yulduzi ham muzakkar (Astar), Quyosh esa - muannas ism (Mainda - «Nakrah», Saboda - «Zot Hamim», Qatabonda - «Zot Saxr») hisoblangan27. Qadimgi Bobil, Suriya hamda shimoliy Arabiston aholisi odatda Quyoshni birinchi o'ringa, Oyni esa undan keyinga qo'ygan bo'lsalar, janubiy arablarda buning aksini ko'rasiz. Bu farqni birinchi navbatda tabiiy sharoitning har xilligi bilan izohlash mumkin. Shimolda Quyosh o'simliklarning tez rivojlanishiga yordam bersa, janubda aksincha, uning ko'zni qamashtiradigan nurlari saratonda aksariyat ekinlarni o'sishdan to'xtatadi, maysazor va gulzorlarni kuydiradi. Saboda uni Zot Hamim (Otashin) deb ataganlari bejiz emas. Oyning yo'li boshqa. Latofatli, oydin kechalari u karvonlarga, savdo va hunar ahliga yo'ldosh; beayov Quyoshdan lohas bo'lgan tanalar Oy nuridan yana jonlanadi. Bu narsa diniy tafakkurga ham ta'sir qilmay qolmadi. Yozuvlarda unga tegishli «sodiq», «hakim» (donishmand), «alim» (bilag'on), muharram (muqaddas) kabi so'zlar uchraydi. Bir matnda Oy «Ota o'z aziz farzandlarini sevgani kabi mo'minlarni sevguvchidir» deyilgan. Bularning hammasi janubiy arablarda xudolar tushunchasi ruhiy-axloqiy darajaga ko'tarilganini ko'rsatadi. Shuni qayd qilish kerakki, Main davlati qulagach (miloddan avvalgi VI asr boshi), u yerda Oy xudosini anglatgan «Vadd» ham yo'q bo'ldi. «Vadd» sanami Main savdogarlari orqali Arabistonning ko'p joyida ma'lum bo'lib, to islomgacha unga ibodat qilingan bo'lsada, janubiy Arabistonda saboliklar ustunlikka erishgach, Oy xudosi Almaqah va Xavbas nomlarini oldi. Sabo mukarriblari va maliklari Almaqah sharafiga ibodatgohlar qurdilar. Ularning eng yiriklari Sirvoh (Sabo mukarriblarining poytaxti) va Marib (Sabo maliklarining poytaxti) shaharlarida joylashgandi. Quyosh xudosi janubiy Arabistonda baraka va mo'l hosil keltiruvchi «Astarning onasi» (Umm Astar) sifatida ma'lum edi. Sirvoh shahridan topilgan sabo yozuvida aytilishicha, Umm Astar ibodatgohiga bir yo'la to'rt farzand ko'rgan bir ayol to'rtta oltindan yasalgan timsol (haykalcha) in'om qilgan. Mainliklarda Nakrah va saboliklarda «Zot Hamim» deb atalgan Quyosh xudosi «nafrat» va «urush» maqsadlariga ham xizmat qilgan. Ossuriya, Bobil, Xanaan (Falastin), Tadmur va Habashistonda ma'lum bo'lgan «Astar» xudosiga janubiy arablar ham ibodat qilganlar28. Main yozuvlarida «Astar», tartibiga ko'ra, negadir doimo Vadd va Nakrahdan oldin kelgan. Frantsuz olimi Xalevi topgan ikki yozuvda esa Astardan ham oldin «El» yoki «Il» degan xudoning ismi mustaqil ravishda zikr qilingan. Juda ko'p mukarrib va maliklarning ismlari tarkibida ham «Il» bor: Kariba-il, Ilyafa va hokazo. Miloddan avvalgi I asrda Janubiy Arabistonda Hamdon qayllarining nufuzi kuchayib, ular o'z xudolari «Tolib Riyom»ni boshqa xudolardan ustun qo'ya boshladilar. Deyarli uch asr yozuvlarda zikr qilinmay qo'yilgan «Almaqah» faqat IV asrga kelib, yana paydo bo'ldi. V asr o'rtalaridan boshlab Yaman yozuvlarida «Zu Samo», ya'ni «Osmon egasi» va «Rahmon» nomli xudolar paydo bo'ldi29. Rahmon zikr qilingan yozuvlardan anglanishicha, doimo uning qudrati va quvvatidan madad so'ralgan. Masalan, bir maqbara atrofiga tosh devor kurilishi munosabati bilan quruvchilar «bi xeyli Rahmon», ya'ni «Rahmon qudrati bilan» degan yozuv qoldirganlar. Boshqa bir yozuvda «Rahmon - Samo egasi» deyilgan. Bu osmon xudosi demaqdir. Boshqachasiga aytganda «Rahmon» «Zu Samo» o'rnini olgan bo'ladi. Keyinroq Rahmon «Osmon va Yer egasi (Zu Samo va Ard) degan nomni oldi30. Bu aqidaga e'tiqod qiluvchilarning tushunchasida Rahmon - butun borliqni boshqaruvchi yagona xudo edi. Musnad yozuvlarining tadqiqotchisi A. G. Lundin bu aqidani janubiy Arabistonning noaniq monoteistik dini nomi bilan atab, uni III asrdan to VI asr o'rtalarigacha hukm surganini ko'rsatib berdi. V. V. Bartold fikriga qo'shilib, u aynan shu din xristian, yahudiy dinlari va Muhammad targ'ibotining o'rtasida vositachi rolini o'ynadi va islomning asosiy ideologik manbalaridan birini aynan shu aqidadan qidirmok kerak, deb taxmin qiladi. Umuman olganda, Arabiston yarim orolining janubida ham, shimolida ham aksariyat aholi har xil but-sanamlarga sig'inardi. Ammo arablarning butparastligini faqat totemizm, fetishizm singari ibtidoiy, ilk din shakllari sifatida emas, balki uzoq yo'lni bosib o'tgan, nisbatan yuqori darajada turgan ko'p xudolik sifatida qabul qilmoq kerak. Islomdan oldin Arabistonning ko'p joylarida yahud jamoalari mavjud bo'lgani haqida ma'lumotlar ko'p. Yahudiylar bilan birga Arabistonga yahudiy dini ham kirib keldi. Qadimgi Falastin, Shom va Mesopotamiyada istiqomat qilgan yahudiy mualliflari esa o'z maslakdoshlari - Arabiston yahudiylarini hartuqiylar (ya'ni yeretiklar) deb hisoblab, ularga deyarli e'tibor bermaganlar. Shunday ekan, Arabiston yahudlari haqida faqat Qur'on, Hadis, Tafsir, «Sira» va axboriylar kitoblari bilan cheklaniladi. Bu manbalar esa o'z navbatida islom arafasi, juda nari borganda, islomdan oldingi 1-1,5 asr uchungina ma'lumotlar bera oladi31. Hozirga qadar topilgan eng qadimiy hujjat - Yangi Bobil podshosi Nabonidga (mil. av. 555-539) tegishli xronikadir. Unda aytilishicha, miloddan avvalgi 552-542 yillar shimoliy Arabistondagi Tayma shahrini o'ziga poytaxt qilib olgan Nabonid, bu yerdagi shaharlarni o'zlashtirish maqsadida, Bobildan talaygina aholini ko'chirgan; ular orasida ko'pchilikni yahudlar tashkil qilgan. Ma'lumki, bundan oldinroq (mil.av.586) Navuxodonosor II Ierusalimni zabt qilganida salkam 30 ming yahudiyni asir qilib, Bobilga keltirgandi va «Bobil asirligi» 50 yil davom etgandi. Shundan so'ng ham ba'zi yahudlar Falastinta qaytmay, Bobilda qolib ketgandilar. Mutaxassislarning fikricha, Arabistonga yahudiy immigratsiyasining eng avj olgan payti - eramizning I-II asrlari bo'lib, bu birinchi navbatda Falastinning Rim imperiyasi tarkibiga kiritilgani bilan bog'liq edi. Islom vujudga kelgan paytda shimoliy Arabistondagi ko'zga ko'ringan savdo shaharlari - Yasrib, Xaybar, Dedan, Tayma, Fadak, Dumat al-Jandal, Tabuk, Eylat, Vodi al-qura aholisining katta qismini yahudiy jamoalari tashkil qilardi. Savdo ishlari bilan yahudlar Arabistonning boshqa qismlari - sharqiy va janubiy tomonlariga ham borib, o'rnashib qolgandilar. Islom g'alaba qilgan paytda sharqiy Arabistondagi yahudiy jamoalari juzya (jon solig'i) to'lash evaziga o'z dinlarida qolganliklari ma'lum. Qadimda janubiy Arabiston ham yahudiy dini keng tarqalgan joylardan hisoblanardi. Ma'lumki, mashhur karvon yo'li orqali Main va Sabo savdogarlari Razza shahrigacha borardilar. Isroil - Yahudiya podshosi Sulaymon (mil. av. X asr) va Sabo malikasi haqidagi Tavrot va Qur'onda zikr qilingan qissa yahudlar va yamanliklar o'rtasida juda qadim zamonlardan beri aloqalar mavjud bo'lganiga ishoradir. Janubiy Arabistonda hukm surgan Himyar davlatida (mil. avv. 115- mil. 525) yahud jamoalari mavjud bo'lganligiga ishoralar ko'p. Vizantiya imperatori Konstantin (340-361) tomonidan xristian dinini himyarlar orasida tarqatish uchun yuborilgan ruhoniy Teofiliyning faoliyatiga ana shu yahudiy jamoalari qarshi chiqqanlar. 425 yili Yamanga ziyorat qilgan xristian tarixchisi Filostorgiy Sabo ahli shanba kunlari Ibrohim sunnatiga amal qilish bilan birga Oy, Quyosh va boshqa samoviy jismlarga ham ibodat qilganlar32, deydi. Yahudiy dini kabi xristian dini ham Arabistonga tashqaridan kirib keldi. Yahudiylar o'zlarini «xudo yorlaqagan xalq» deb hisoblab, ko'proq mahalliy aholidan xoli yashagan bo'lsalar, xristianlar aksincha boshqa yerlardagi singari qadimgi Arabistonda ham keng mubashshirlik (xristian dinini tarqatish) ishlarini olib bordilar. Qur'on va islom arafasidagi johiliya she'riyatida xristianlar «nosoro» (nasroniylar) deb atalgan. Bu so'z «nazaret» nomidan olingan bo'lib, Iso Masihning kelib chiqqan joyiga ishora qiladi. Nasroniylar Arabistonga qachon kirib kela boshlaganini hozircha hech kim aniq ayta olmaydi. Odatda, mubashshirlar tib va mantiq ilmidan xabardor, kishilar qalbiga qo'l solishga usta bo'lganligi uchun ko'pgina qabila boshliqlariga ta'sir qilganlar, ularning xristian dinini qabul qilishiga yoki bu ishda ularning madadiga erishganlar. Cherkov tarixlarida mubashshirlarning mo''jizakor ishlari haqida rivoyatlar ko'p. Ular tabiat qiyinchiliklariga qaramay, badaviylar bilan birga yashab, birga ko'chib yuraverardilar. Bundaylarni «chodir rohiblari» deyishgan. Ba'zi rohiblar u yoki bu vohada monastir qurib, o'ziga xos manzilgohlar tashkil qilganlar. Bunday manzilgohlar arab savdogarlari va badaviylari uchun ochiq edi. Ular bemalol uzoq sahro yo'llaridan so'ng salqin gulzor chamanda dam olishlari, har xil ermak o'yinlari bilan va hatto vino ichish bilan dimog'larini chog' qilishlari mumkin edi. Ayni vaqtda «mehmonlar» rohiblardan xristian dini ta'limotlarini o'rganardilar. Qorong'u tunlari xonaqoh darvozasi oldida chiroq ushlab, karvon yo'lini yoritib turgan monax obrazi johiliya she'riyatidan keng o'rin olgan. Kichik Osiyo, Shom va hatto Iroqda monastirlarning ko'p bo'lganligi tabiiy hol: bu o'lkalarga Rim imperiyasining ta'siri kuchli edi. Qul savdosi tufayli ham Arabistonga chetdan xristian dini kirib kelardi33. Vizantiya viloyatlari va O'rta dengiz orollaridan keltiriladigan oq tanli erkak-ayol qullar odatda uy ishlarida va hunarmandchilikda mashg'ul edilar. Shahar boylari chiroyli xristian qizlarini o'zlariga joriyalikka olar, ona bo'lganlarini ozodlikka chiqarardilar. Masalan, Makkadagi banu Maxzum urug'ining boylarida yunonistonlik joriyalar ko'p bo'lgan. Payg'ambarning amakisi Abbosning ham bir necha yunon va fors joriyalari bo'lgan. Hijoz shaharlariga xristianlar asosan Vizantiyaning viloyatlariga aylanib qolgan Falastin va Shomdan ko'chib kelganlar34. Islom vujudga kelish arafasida Dumat al-Jandal, Eylat, Tayma shaharlari va hatto Yasrib, Makka, Toifda ham talaygina falastinlik va suriyalik xristianlar bor edi. Xristian dini Makka va Toif shaharlariga Laxmiylar podsholigining poytaxti Xira orqali ham kelgan. Makka savdogarlari u yerga Xitoy, Hindiston va Eron mollarini istab borardilar. Xira mahalliy aholisining ko'pchiligi V-VI asrlarda xristian dinida edi. Yamanni habashlar bosib olgunga qadar xristianlarning eng gavjum joyi Najron shahri edi. U yerdagi cherkovni hatto «Najron ka'basi» deb ham atashardi. Mahalliy arablarga u «Najron bi'asi» nomi bilan ma'lum edi. Habash istilosidan so'ng Yamanda cherkovlar soni ko'payib ketdi. Ularning ichida eng hashamatlisi Sanadagi «Qullays» (yunoncha «Eklessiya» so'zidan) nomi bilan mashxur cherkov edi. Bu cherkov buzib tashlangan Al-Maqah ibodatxonasi o'rniga qurilgandi. Zafor shahridagi xristian cherkovining qurilishini Habashiston negusi maxsus yuborgan missioner Girgensiyning faoliyatiga bog'lashadi35. Birinchi navbatda Vizantiya va Eron imperiyalari chegaralariga yaqin yerlarda istiqomat qilgan arab qabilalariga xristian dinining ta'siri kuchli bo'ldi. Axboriylar bunday qabilalarni «al-arab al-mutanassara» (xristianlashgan arablar) deb ataganlar; g'asson, laxm, tag'lib, ayyod, tannux, bakr, tayy, tamim shular jumlasidandir. Ammo xuddi shu qabilalar o'zlarining muayyan sanamlariga ega bo'lgan. Demak, mazkur qabilalar a'zolarining hammasi emas, bir qismi xristian dinini qabul qilgan yoki xristian bo'lish bilan bir qatorda o'z sanamlariga sig'inishda davom etganlar. Arabistondagi xristian dini, albatta, Vizantiya cherkovidan farq qilgan. Arablar xristian dinida vujudga kelgan ko'plab mazhablardan bexabar edilar va qayerda qaysinisi targ'ib qilinsa, shuni qabul qilaverganlar. Xristian dinining Ya'qubiya (yakovitlar) mazhabi Shom va shimoliy Arabiston badaviy arablari orasida keng tarqaldi. Ya'qubiylar mazhabining nomi Ya'qub al-Barodai (taxminan 500-578-yillar) ismidan olingan bo'lib, u Iso Masih yakkayu, yagona tabiatga, u ham bo'lsa insoniy tabiatga ega bo'lgan, deb targ'ib qildi. Tarixiy adabiyotda bu mazhab "monofizit" ("mono", "fizia", ya'ni yagona tabiat) nomi bilan ma'lum. G'assoniylar davlatining aksariyat aholisi "Ya'qubiya" mazhabiga kirgan. Ularning podsholaridan Horis bin Jabala va Munzir bin Horislar ya'qubiylarga qarshi adovatni to'xtatish talabi bilan Vizantiya imperatoriga murojaat qilganlar. Yarim orolga bundan tashqari xristian va yahudiy dinlari aralashib ketgan bir qancha sektalar - guruhlar ("nosiriya", "ebiyoniya", "kesaniya") ham kirib keldi-ki, bularning hammasini Yepifaniy yeretik (hartuqiy), ya'ni asosiy dindan uzoqlashib ketgan oqimlar jumlasiga kiritiladi. Bir qabila va hatto bir urug'ning vakillari ikki xil e'tiqodda: biri - vasaniylik (ko'p xudolik), ikkinchisi - nasroniylikda bo'lishi mumkin edi. Ularni bir-biridan ajratib turuvchi eng muhim belgi - nasroniylarning cho'chqa go'shtini iste'mol qilishi, salib (krest) taqishi va unga sig'inishi edi. Xulosa qilib aytganda, Muhammad payg'ambarning diniy targ'iboti quraysh zodagonlariga katta ta'sir o'tkazdi. Chunki ularning butun Arabiston yarim oroli qabilalari ustidan gegemonligi zaminida birinchi navbatda ko'p xudolilik yotardi. Qanchalik eskirgan yoki jo'n bo'lmasin Ka'ba panteoniga kirgan sanamlarning xizmati bilan bog'liq marosimlarga, an'analarga bekami-ko's rioya qilish Makka boylari daromadining uzluksiz o'sib borishini ta'minlardi. Uning ustiga katta savdo ishi bilan shug'ullanmagan, yirik mol-mulk egasi bo'lmagan kishi tomonidan batamom yangi dinning targ'ib qilinishi o'sha davr ijtimoiy o'lchovlariga ko'ra maqbul emasdi. Shuning uchun ham ular Muhammad targ'ibotiga asrlar uzra davom etgan va yana davom etishi kerak bo'lgan ijtimoiy-siyosiy tuzumga barham beruvchi voqea sifatida qaradilar. O'z navbatida islom vujudga kelishi jarayonida mafkuraviy kurashning keskinlashuvi ko'p xudolik (shirk) ustidan qat'iy xukm chiqarilishini va budparastlikni tag-tomiri bilan yo'qotish zaruratini taqozo qildi. Download 226 Kb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling