3 I. Bob. Qadimgi Arabiston xalqlari
II.BOB. Arabiston yarim orolida tashkil topgan sinfiy jamiyat va davlatlar
Download 226 Kb.
|
Arabistonda Saudiylar davlatining barpo etilisji
II.BOB. Arabiston yarim orolida tashkil topgan sinfiy jamiyat va davlatlar
II.1. ARABISTON YARIM OROLIDAGI ENG QADIMGI JAMIYATLAR Tabiiy iqlim sharoiti beayov bo'lgan Arabiston yarim orolining sahroviy qismida eng qadimgi inson jamoalaridan qolgan ro'zg'or buyumlari, ibtidoiy qurollar, qolaversa, inson va hayvonlar suyaklari ham bizgacha yetib kelmagan. Shuning uchun ham mutaxassislarning e'tibori asosan eng qadimgi inson qoldiqlarini izlashda vodiy va tog'li rayonlarga qaratildi. Hozirgi paytda u yoki bu mamlakat yerida eng qadimgi inson jamoalari qachondan boshlab istiqomat qilgan degan savolga javob berishda radiokorbon (yoki radiouglerod) usuli qo'llaniladi. Masalan, hozirgi Eron yerida inson 50 ming yildan beri yashab kelmoqda, degan xulosaga kelingan. Arabiston yarim orolida bu xususda esa ilmiy ishlar hali deyarli tugallanmagan. Shunday bo'lsada, tosh asri tarixi keyingi paytlarda biroz oydinlasha boshlangan. Arxeolog X.A.Amirxonov 1983-84 yillari Hadramavtda 20 dan ortiq tosh asriga oid yodgorliklarni topdi36. Ular orasida ko'plab tosh qurollar mavjudki, eng oddiylari olduvay (1 mln. yildan ortiq) va ashel davrlariga (1 mln. yildan 80 ming yilgacha) taalluqli bo'lsa, maxsus ov va mehnat tosh qurollari yuqori paleolitga (35-10 ming yillar) tegishlidir. Arxeologlarning Yamandagi izlanishlari natijasida Arabistonning janubida inson tosh asrining barcha davrlarida yashagan degan xulosaga kelindi. Bu kashfiyotlar yana shuni ko'rsatadiki, Arabiston janubida yashagan eng qadimgi aholi sharqiy Afrika aholisi bilan bir xil qurollarni ishlatgan. Ammo keyinchalik negadir Hadramavt o'z taraqqiyotida orqada qolgan. Dalil sifatida shuni aytish mumkinki, vulqoniy shishadan (obsidian) tayyorlangan o'tkir qurollar O'rta dengiz havzasi va Sharqiy Afrikada miloddan avvalgi III ming yillikda keng tarqalgan bir paytda Hadramavtda ular faqat I ming yillikda joriy bo'ldi. Tosh asriga oid qurollar yarim orolning boshqa rayonlaridan ham, jumladan, Sharqiy Arabistondagi Davadmi, Qatarning Uvaynat Ali va Dahhon degan joylaridan topildi37. Mutaxassislarning fikricha, hozirgi Bahrayn oroli va Sharqiy Arabiston sohili Yevropada muzlik yillari hukm surgan paytlarda (mil. avv. 50 ming yilliklar) tabiiy sharoitiga ko'ra hozirgi Yunonistonga o'xshash bo'lgan. Yerlari o'rmonlar bilan qoplangan, aholisi asosan ovchilik bilan shug'ullangan. Bahrayndan topilgan qo'plab granit qurollar hayvonlarni ovlash, va ayniqsa, baliqlarni tilimlashda ishlatilganligi ko'rinib turibdi. Bahrayndan miloddan avvalgi 12-10 ming yilliklarga tegishli, chorvachilik asrining oxiri va dehqonchilikka o'tishda ishlatilgan granit toshdan yasalgan nayza uchlari va pichoqlar topildi. Bu tosh qurollar shu darajada silliqlangan va o'tkirlangan ediki, ulardan bemalol don, o'tlarni o'rishda foydalanish mumkin edi. Bahraynda hozirgi kunda ham qum tepaliklaridan iborat 100 mingga yaqin qadimgi qabrlar mavjud. Shulardan birida ikkita butun inson skeleti arxeologik qazishmalar natijasida topilgan. Ikkala murda ham yuzini kunchiqar tomonga qaratib, o'ng biqiniga yotqizib ko'milgan. Bunday odat miloddan avvalgi III ming yillikda Mesopotamiyada ham bor edi38. Qadimgi Misrdagi singari Bahraynda ham murda bilan birga hayvonlar, kulollik idishlari va qimmatbaho narsalar ko'milgan. Bu esa qadimgi Bahraynliklarda ham narigi dunyo tushunchasi bo'lganligi va u dunyoda qayta tirilishga ishonganliklaridan dalolat beradi. Topilgan buyumlar ichida tuyaqush tuxumi shunday shaklda kesilgandiki, undan kosa yoki piyola sifatida foydalanilgani ko'rinib turibdi. Bahrayn qum tepaliklari - qabrlarning soni nihoyatda ko'p ekanligini mutaxassislar quyidagicha izohlaydilar. Aholi asosan Sharqiy Arabistonda yashaganu, murdalarni Bahraynda dafn qilgan. Bu qabrlarning aksariyati mil. avval 3000-1500 yillarga tegishlidir. Abu Dabining Umm an-Nor degan joyida qazilgan qabrlar ham miloddan avvalgi 3000 yillarga taalluqlidir. 1958-1963 yillari daniyalik arxeologlar Quvaytga qarashli Faylaka orolida qazishlar olib bordilar. U yerda topilgan binolarning xarobalari va manzil buyumlarining qoldiqlari ham miloddan avvalgi III ming yillik bilan sanalanadi. Fors ko'rfazidagi bu va boshqa orollar kemachilar va savdogarlar uchun muvaqqat istirohat joyi xizmatini o'taganligi aniqlandi. Arabistonning g'arbiy va janubiy rayonlaridagi tog'larda juda ko'p g'orlar saqlanib qolgan. Qadim zamonlarda aholi ulardan manzil, qabriston, muqaddas joylar sifatida foydalangan. Ammo bu g'orlardagi narsalar qadim zamonlardayoq talangani tufayli bizgacha ashyoviy yodgorliklar deyarli yetib kelmagan. Tosh va bronza asridan topilgan ashyolar qanchalik oz bo'lmasin, ular Arabiston aholisi o'sha uzoq o'tmishda tashqi olam bilan, ayniqsa, Mesopotamiya, Shom, O'rta dengiz sohili, Afrika qit'asi va Hindiston bilan aloqada bo'lganligini ko'rsatadi39. Xususan, hozirgi Iroq va Suriya Arabiston yarim orolining uzviy davomidir, ya'ni qadimgi aholi uchun bu yerlarda hech kanday chegara bo'lmagan. Hatto mutaxassislar hozirgi Livan yerlarida o'rnashib qolib, butun O'rta dengiz sohilini o'zlashtirgan mashxur finiqiylar asli bahraynliklardir, deb hisoblamoqdalar. Iroq va Shomga yaqin yerlarda yashagan arablar haqidagi eng qadimgi ma'lumotlar Shumer, Aqqod va Ossur yozuvlarida uchraydi. Ammo bu yozuvlarda ular bu yerlarning ko'chmanchi aholisi sifatida eslatilgan. Iroq va Shomda vujudga kelgan eng qadimgi davlatlarning hokimlari o'zlarining janubiy chegaralarini xavfsizlikda saqlash uchun arab qabilalarining boshliqlari bilan murosa qilishga majbur bo'lganlar. Bu hokimlar arab qabilalariga Frot daryosi va Shomning ekin ekiladigan yerlaridan nariga o'tishga imkon bermaganlar. Arabiston Sino yarim oroli orqali Misr bilan ham tutashdir. Antik mualliflar Gerodot va Pliniylarning yozishicha, Sinodan sharqda arab qabilalari yashab kelgan. Bundan tashqari antik mualliflar Qizil dengizni Arab ko'rfazi (Sinus-Arabikus) deb ataganlari ham bejiz emas. Mesopotamiyaga janub tomondan tutash bo'lgan Fors ko'rfazining g'arbiy sohili - Sharqiy Arabistonga alohida to'xtab o'tmoq kerak. Chunki, qadimgi Mesopotamiya tarixi Shumer, Aqqod va Ossuriya mixxat yozuvlari asosida nisbatan puxta o'rganilgan. Ana shu yozuvlarda Dilmun, Magan (Makan) degan joy nomlari ko'p marta uchraydi40. Daniyalik arxeologlar Bahraynda Barbar ibodatxonasini (miloddan avvalgi 3000 yillikka taalluqli) o'rganganlarida, u yerda muqaddas quduq mavjud bo'lganiga e'tibor berdilar. Aholi bu quduq suvidan diniy marosimlar uchun foydalangan. Xuddi shu ekspeditsiya Bahraynda miloddan avvalgi 2500 yilga tegishli shahar qoldiqlarini qazish ishlarini olib bordi. Shahar salkam 5 metr balandlikdagi devor bilan o'ralgan, toshdan qurilgan. Shahar ichida alohida qal'a va uning darvozasi topildi. Uruk podsholarining uchinchi sulolasidan bo'lgan Lugal-Zaggesi (milloddan avvalgi 2400-2371 yy.) yurishlari haqida hikoya kiluvchi bir matnda uning Quyi dengiz (Fors ko'rfazi) va Yuqori dengiz (O'rta dengiz, boshqa taxminga ko'ra Van ko'li)gacha yerlarni bosib olgani aytiladi. Sharrukin, ya'ni Odil laqabi bilan ma'lum bo'lgan Aqqod podshosi Sargon (miloddan avvalgi 2371-2316 yy.) ham Janubiy yoki Quyi dengiz qirg'og'ini bosib olgani haqida yozuv qoldirgan. Bu ma'lumotlar Dilmun haqida ekanligi ma'lum bo'ldi41. Ur matnlarida aytilishicha, u yerdan Dilmunga bir necha kemalarda ko'plab mollar olib borilgan va katta foyda bilan qaytilgan. Dilmun savdogarlari ham o'z navbatida Ur mollarini Hindiston va Sharqiy Afrikaga, u yerdan olingan metall, yog'och, atir singari serdaromad mollarni Urga eltib sotganlar. Dilmun savdogarlari Urda ushr (o'ndan bir) soliq to'laganlari ma'lum. Miloddan avvalgi III - II ming yilliklarda Dilmun xalqaro bozor va yirik tranzit savdo markazi rolini o'ynaganligi haqida dalillar ko'p. Ur shahridagi Ningal ibodatxonasidan 8 lavha topilgan. Ularning ko'pchiligida yozilgan sana ko'rsatilgan: miloddan avvalgi 1907-1871 yillarga tegishlidir. Ana shu lavhalarda Dilmundan Urga keltirib Ningal ibodatxonasiga hadya qilingan quyidagi qimmatbaho mollarning nomlari bor: mis, baliq ko'zi (marvarid, dur), oq marjon, fil suyagi, toshbaqa kosasi, surma va hokazo42. Miloddan avvalgi 2027, 2026, 2024 - yillarga tegishli boshqa bir lavhalarda Dilmundan keltirilgan bir necha marotaba, jami deyarli 20 tonna vaznli bo'lgan mis qiymatiga yarasha Urdan jun olib ketilgani qayd qilingan. Lavhalarda keltirilgan ismlarga qaraganda Dilmunlik savdogarlar Urda uzoq vaqt istiqomat qilib, shu davr mobaynida katta savdo ishlarini amalga oshirganlar. Daniyalik arxeologlar tomonidan kashf etilgan Bahrayndagi birgina Barbar ibodatxonasining maydoni butun Ur shahri maydonining yarmicha keladi. Agar Ur shahri Mesopotamiyaning eng yirik shaharlaridan biri bo'lgani inobatga olinsa, Dilmunning ko'lamini tasavvur qilish qiyin emas. Albatta, Dilmunning boyligi, uning ravnaqini kichkinagina orol ta'minlay olmasdi. Nippurdan topilgan 278 qatordan iborat "Enki va Ninxursag" nomini olgan poemada suv xudosi Enkining Dilmunga atalgan duosi quyidagicha bitilgan: "... Tukrish mamlakati senga (ya'ni Dilmunga) oltin keltirsin; - Meluxxa mamlakati (Hindistonda) senga serdolik toshi va kemachilik uchun yog'och keltirsin; - Marxashi mamlakati senga qimmatbaho toshlar, billur keltirsin; - Magan (Umon) mamlakati senta ko'p mis, diorit va boshqa toshlar keltirsin; - Dengiz ortidagi o'lka (sharqiy Afrika bo'lsa kerak) senga fil suyagi keltirsin; - Elam mamlakati senga jun va solikdar keltirsin; - Muqaddas Ur ... senga don, kunjut moyi, muhtasham va nozik matolar keltirsin; - Dengiz poyonlari senga farovonlik keltirsin; Shahar - manzillari ajoyib! Dilmun - manzillari ajoyib!"43. Mesopotamiyada Aqqod davlatining yuksalishi va Ur nufuzining pasayishi Dilmunga salbiy ta'sir qildi. Xammurapi (miloddan avvalgi XVIII asr) paytida umuman Dilmun tilga olinmaydi. Ossuriya hokimlari Mesopotamiyani birlashtirgach, ular yana Fors ko'rfaziga o'z nigohlarini qaratdilar. Ossuriya podshosi Tukulti-Ninurta (miloddan avvalgi 1224-1208 yy) o'z davlati tarkibiga "kunchiqardagi Quyi dengizni" qo'shganini faxr bilan yozib qoldirgan. Miloddan avvalgi VIII-VII asrlarda Dilmun yana tiklangan, ravnaq, topgan ko'rinadi. Sargonidlar davriga tegishli yozuvlarda, Dilmun nomi ko'p marta tilga olingan. Sinnaxorebning ta'kidlashicha, u Bobilni tobe qilgach, Dilmunni qo'shib olishga azm qilib, u yerga o'z elchisini yuborgan. Orol podshosi Sinnaxoreb hukmronligini tan olishga rozi bo'lgan va juz'ya yuborgan. Ashshurbanipal paytida ham Dilmun unga tobe yerlar jumlasiga kirgan44. Shu zaylda Dilmun Ahamoniylar va Selevkiylar hukmi ostida ham bo'lib keldi. Selevkiylar hukmi tugagach, Dilmunda qandaydir fojia yuz bergan va aholi uni tashlab ketgan ko'rinadi. Antik mualliflarning asarlarida Dilmun Tilos nomi bilan berilgan. Pliniy Tilosni la'l o'lkasi deb atagan va uni qirg'okdagi mashhur Gerra shahri qarshisidagi orol deb vasf qilgan45. Hozirgi paytda ko'pchilik mutaxassislar Dilmunni Bahrayn oroli va unga yaqin bo'lgan Arabistonning sharqiy sohili bilan aynan bir deb qaramoqdalar. Dilmun tarixini batafsil yoritish uchun, albatta, ma'lumotlar yetarli emas. Lekin Shumer, Aqqod va Ossuriya manbalaridan shu narsa aniq ko'rinib turibdiki, miloddan avvalgi III ming yillikda Arabiston yarim orolining sharqiy qismida o'ziga xos sivilizatsiya o'chog'i vujudga kelgan46. Ijtimoiy-siyosiy tuzumiga ko'ra, bu jamiyatlar shahar-davlatlardan iborat bo'lgan (qadimgi Shumerdagi Ur, Nippur, Uruk, Lagash va boshqa shahar-davlatlari singari). Bu davlatlar aholisining asosiy mashg'uloti savdo, kemachilik, baliqchilik, dengiz tubidan la'l qidirish, buloq suvlaridan foydalanib, tomorqa dehqonchiligini olib borish bo'lgan. Bunday idora usuli va hayot tarzini tabiatning o'zi taqozo qilgan. Bu yerda deyarli yog'ingarchilik bo'lmaydi, birorta oqar daryo yo'q. Aholi, asosan xo'jalik yuritish mumkin bo'lgan ba'zi joylardagina kichik-kichik jamoa bo'lib yashagan. Mesopotamiya yoki Misrdagi singari markazlashgan davlat tuzish uchun bu yerda imkoniyat bo'lmagan. Hokim odatda kichik bir shahar yoki bir jamoani boshqargan. Shuning uchun ham bu jamiyatlar ketma-ket shumerlar, aqkodlar va ossuriylarga osongina "tobe" bo'lgan. Ko'pchilik yozuvlarda Dilmun qandaydir muqaddas joy sifatida ham tasvirlangan. Shumer va Aqkod jamiyatlarida Dilmun haqida diniy rivoyatlar keng tarqalgandi. Mashhur "Enki va Ninxursag", "Gilgamesh" afsonalaridagi voqealar Dilmun bilan bog'liq. Shu asosda ba'zi olimlar Tavrotda zikr qilingan "Jannat Adan"ni Dilmun bilan taqqoslaydilar". Ayniqsa shumer epik poemalari va afsonalari Dilmunga ta'rif berishda ajralib turadi: ularda Dilmun "gullab-yashnagan", "yorug'", "xudolar uchun jannat", "har qanday kasal va hatto o'limdan forig'", ''muqaddas o'lka" sifatida tasvirlangan. Bu dalilni faqat Dilmunning Shumer uchun katta iqtisodiy ahamiyatga ega bo'lganligi bilan tushuntirish kamlik qiladi. Arxeologlar tomonidan tasdiqdangan Dilmun-Shumer iqtisodiy aloqalari yozuv paydo bo'lgan payt (Jemdet Nasr madaniyati), ya'ni miloddan avvalgi III ming yillikning boshlariga to'g'ri keladi. Yuqorida zikr qilingan mifologiyaning kelib chiqishi esa undan ancha ilgari. Bu jarayon holatlarini yechishga Bahrayn orolining o'zi qisman ko'maklashdi. Chunki, hozirgi davrda ham bu orolda nodir, kamdan-kam uchraydigan manzarani ko'rish mumkin: atrof-muhit asosan sahrodan iborat bo'lganiga qaramay ora-sira chaman bog'lar, hurmo daraxtlari bilan to'la o'rmon, jo'shqin chuchuk suvli buloqlar uchraydi. Odamlar mahalliy vohalarni sug'orib turgan suv qayerdan kelayotganini bilmasdilar va tabiiyki, xudoning marhamati, deb tushunardilar. Geologlarning aniqlashicha, yer osti suvlarining sarchashmalari Bahrayndan 500-700 km g'arbda joylashgan ekan. Bu - Arabiston yarim orolining tog'li rayonlari Hijoz, Asir, Najd, Shimoliy Yamanga to'g'ri keladi. Ma'lumki, bu rayonlar musson mavsumlarida yomg'irga to'yadi. U yerdan yomg'ir suvlari tog' jinslarining qiyaligiga muvofik ravishda yerning nam saqlaydigan qatlamlari uzra janubi-sharqiy va sharqiy yo'nalishlarda Fors va O'mon ko'rfazlarining qirg'oqlariga qarab intiladi. Yer osti suvlarining sathi yuqori bosimli bo'lganligi uchun Quvayt va O'mondagi uncha chuqur bo'lmagan quduqlar bu sathga yetish imkoniyatini beradi. Shuningdek, bosim kuchliligi natijasida yer osti suvlari o'z-o'zidan Arabistonning sharqiy qirg'oqlaridan, Bahrayn oroli qirg'oqlaridan va hatto dengiz tubidan buloq bo'lib chiqadi. Bundan salkam besh ming yil avval yozilgan "Gilgamesh haqidagi afsona"da "xudolar yorlaqagan Utnapishtim" degan kishi Gilgameshga "abadiylik", ya'ni o'lmaslik ato qiluvchi bir giyoh - o't faqat Dilmun degan joyda, dengiz tubida o'sajagini aytganida "jon" bor. Arxeologik tadqiqotlarga qaraganda, miloddan-avvalgi V ming yillikniig oxiri - IV ming yillikning boshida Arabistonning sharqiy sohilida (Bahrayn-Dilmunni o'z ichiga olgan holda) va Mesopotamiyaning janubida Ubayd madaniyatiga mansub ilk dehqonchilik bilan shug'ullangan qabilalar yashagan47. Har qalay, ular foydalangan kulollik idishlarining qoldiklari aynan bir xil. Arxeologlar Ubayd madaniyatini Shumer madaniyatidan bevosita oldin o'tgan, ya'ni uning o'tmishdoshi deb hisoblaydilar. Agar Ubayd madaniyatining asli vatani janubroqda, ya'ni sharqiy Arabistonda ekanligi e'tiborga olinsa, Shumer mifologiyasida Dilmun (Bahrayn) jannat makon joy sifatida e'zozlanganini insonda ilk vatanga nisbatan abadiy saqlanadigan ezgu hissiyot deb tushunish oson bo'lardi. Qadimgi Mesopotamiya yozuvlarida ko'pincha Dilmun so'zidan so'ng Makan yoki Magan degan joy nomi tilga olinadi. Bunday yozuvlarning eng qadimgisi Aqqod podshosi Sargonga (miloddan avvalgi 2371-2316) tegishli. Unda "Aqqod yurtlariga Meluxxadan kemalar, Makandan kemalar, Dilmundan kemalar keladi", deyilgan. Keyingi Aqqod podshosi Manishtusu (miloddan avvalgi 2306-2292) Eron sohilidan Arabiston sohiliga harbiy dengiz ekspeditsiyasini yuborganligi haqida hikoya qiladi. Go'yo uning kemalari qirg'oqqa yetib kelganda, unga qarshi 32 shaharning podshosi kuch to'plaganmish, ammo Aqqod ularni yengib, o'ziga bo'ysundirganmish48. Shu tufayli Aqqod kumush konlariga ega bo'lganmish. Quyi dengizning janubidagi tog'lardan olingan toshlar Enlil xudosi sharafiga qurilgan haykallarga ishlatilganmish. Agar bu "xabar" rost bo'lsa, Quyi dengiz janubidagi tog'lar O'mon tog'larita to'g'ri keladi, bosib olingan o'lka esa - O'mondir. Manishtusuning o'g'li Naram-suen (miloddan avvalgi 2291-2255) haykalidagi yozuvda u Makanni bo'ysundirgani, uning podshosi Manudannu ustidan g'alaba qozonib, uni asir qilgani hikoya qilinadi. Urning III dinastiyasi hokimlaridan Shulgiga (miloddan avvalgi 2095-2048) tegishli matnda Makanda kemasozlik hunari mavjud ekanligi aytilgan. Darhaqiqat, bu hunar Arabistonning sharqiy sohilida juda qadimdan ma'lum bo'lgan; shuning uchun ham bu yerdan chiqqan savdogarlar dengiz orqali Hindistondan Mesopotamiyagacha suzib yurganlar49. Shunisi qiziqki, O'mon sohilida hech qanday daromad keltirmasada, hozirgi kunda ham yelkanli kema qurish hunari davom etib kelmoqda. Lagash II dinastiyasining patesisi Gudea (miloddan avvalgi 2144) bergan xabarda Magandan haykallar qurish uchun tosh keltirilgani aytilgan. Makanning geografik o'rni haqida ko'plab tortishuvlar yuz berdi. Oxirgi paytda ko'pchilik mutaxassislar uni hozirgi Ummon sultonligi va qisman Birlashgan Arab amirliklarinint janubiy qismi bilan belgilamoqdalar. Mesopotamiyadan topilgan savdo muomalalariga oid ko'plab yozuvlarda qayerdan qanday mol kelganligi aniq ko'rsatilgan. Toshlar ro'yxatida "diorit Makandan", metallar ro'yxatida "mis Makandan", yog'ochlar ro'yxatida xurmo yog'ochi "Dilmun, Makan va Meluxxadan" deyilgan. Makanning Ummon ekanligiga kimyogarlar keskin dalil berdilar. Mesopotamiyada miloddan avvalgi III-II ming yilliklarda ishlatilgan mis buyumlari kimyoviy tahlil qilinganda ularning tarkibida 0,2-0,3 foiz nikel borligi aniqlandi. Odatda kamdan-kam holatlarda mis rudasiga nikel aralashgan bo'ladi. Ammo xuddi shunday nisbatdagi mis rudasi Ummon territoriyasidagi, aniqrori, hozirgi Abu Dabi va Ummon chegarasidagi Buraymi vohasidan boshlanib, to Mosqat qirg'og'idagi Es-Soxar portigacha cho'zilgan qadimgi mis konlaridan topildi. Nihoyat, III ming yillikning oxirlarida Shumer va Aqqod davlatlarida diorit toshidan keng foydalanganligi ma'lum. Mesopotamiyaning o'zida bu tosh hech qachon bo'lmagan. Uni qayerlardandir uzoq yurtlardan keltirishgandi. Endigi paytda aniq tasdiqlandiki, diorit va tarkiban unga yaqin turdagi toshlarning juda katta zahiralari Ummon-Makanda mavjud bo'lgan. Makan-Shumer savdo aloqalari III ming yillikda gullab-yashnagani haqida ma'lumotlar ko'p. Ammo II ming yillikda Shumer shahar davlatlari qulab, Bobil davlati barpo bo'lgach, Makan e'tibordan chetda qoldi. Download 226 Kb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling