3-mavzu. Iqtisodiy islohotlar, xususiy mulkchilikning shakllanishi. O’zbekistonda bozor munosabatlarining rivojlanishi
Mamlakat iqtisodiyotining modernizasiya va diversifikasiya qilinishi
Download 47.96 Kb.
|
3-mavzu. Iqtisodiy islohotlar, xususiy mulkchilikning shakllanis
2. Mamlakat iqtisodiyotining modernizasiya va diversifikasiya qilinishi.Mamlakat iqtisodiyotining modernizasiya va diversifikasiya qilinishi, bank-moliya tizimini mustahkamlash borasidagi chora-tadbirlar. Mamlakatimiz iqtisodiyotini mutanosib rivojlantirish, uning samarali tarkibiy tuzilmasiga ega bo’lish va shu orqali barqaror iqtisodiy o’sish sur’atlariga erishish milliy iqtisodiyotimiz raqobatbardoshligini oshirish va xalq farovonligini ta’minlashning muhim shartlaridan hisoblanadi. Ushbu maqsadlarga erishish uchun esa eng avvalo, iqtisodiyotning real sektorini jadal rivojlantirish zarur. Iqtisodiyotning real sektorini rivojlantirish zarurati avvalo, ishlab chiqarishni modernizasiyalash va diversifikasiyalash jarayonlarining keng miqyosda amalga oshirilishini ifodalaydi. Bizga ma’lumki iqtisodiyotning real sektori deganda, iqtisodiyotning bevosita moddiy ne’matlar ishlab chiqarish va xizmatlar ko’rsatish bilan bog’liq bo’lgan sohasi bo’lib, u o’z ichiga sanoat, qishloq xo’jaligi, qurilish, transport, aloqa, xizmat ko’rsatish va boshqa tarmoqlarni qamrab oladi. Iqtisodiyot yetakchi tarmoqlarini modernizasiya va diversifikasiya qilish jarayoni xususida so’z yuritishdan oldin, modernizasiya va diversifikasiya tushunchalariga izoh berib o’tish joizdir. Jumladan, “Modernizasiya – bu ishlab chiqarishning tayyorlanayotgan mahsulotlar (ish va xizmatlar) raqobatdoshligini oshirishga yo’naltirilgan texnologik yangilanish jarayonidir. Modernizasiya, texnik va texnologik yangilash natijalari yuqori texnologik, raqobatdosh ishlab chiqarishning jadal rivojlanish shartini belgilab beradi. Modernizasiya – obyektni takomillashtirish, yaxshilash, yangilash, uni yangi talab va me’yorlarga, texnik shart- sharoitlarga, sifat ko’rsatkichlariga moslashtirish mezonlari bilan ifodalanadi.” Sanoat tarmoqlarini mojdernizasiya qilish ko’pqirrali murakkab jarayon hisoblanadi. Sanoat tarmoqlarini izchil rivojlantirishda modernizsiya jarayoni uchta asosiy tarkibiy qismni, ya’ni, texnologik, infratuzilma, institusional qismdan iborat bo’lishi lozim. Texnologik modernizasiya jarayoni ko’plab investision mablag’larni sarf qilishni o’z ichiga olib, murakkab texnologik jarayonlar ketma-ketligidir. Infratuzilma va institusional tarkibiy qismi esa ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishni ta’minlashda davlatning modernizasiya jarayonlarini amalga oshirishdagi o’rnini belgilab beradi. Shu bilan bir qatorda, modernizasiya tushunchasi va unga yondashuvlar turlichadir. Modernizasiya jarayonini talqin qilishda amerikalik sosiolog olim T.Parsonsning 1960 yillarda modernizasiya jarayoniga bo’lgan qarashlarida asosiy e’tibor G’arbiy Yevropa madaniyatiga qaratilgan. Uning fikriga ko’ra, G’arbiy Yevropa mamlakatlarida tarixiylik nuqtai nazaridan modernizasiya jarayoni boshqa davlatlarga nisbatan raqobatbardosh. Diversifikasiya jarayoni esa ishlab chiqarishning samaradorligini oshirish, mahsulot va xizmatlarni sotish bozorlarini kengaytirish maqsadida tarmoq va korxonalar faoliyat sohalari, mahsulot va xizmatlar assortimentlarini ko’paytirish bilan ifodalanadi. Diversifikasiya – bu tavakkalchilikni pasaytirish usuli bo’lib, u yuqori qo’shilgan qiymat o’sish dinamikasini ta’minlaydigan mahsulot va xizmatlar assortimentining oshish va kengayish jarayonini ifodalaydi. Diversifikasiya jarayoni iqtisodiyot tarmoqlarida olib borilayotgan modernizasiya va tarkibiy o’zgarishlar bilan bevosita uyg’unlashgan hodisa hisoblanadi. Ishlab chiqarishni modernizasiyalash va diversifikasiyalash asosida esa ishlab chiqarishni zamonaviy texnologiyalar bilan jihozlash, uni ma’naviy jihatdan yangilash, tarkibiy jihatdan texnik va texnologik qayta tuzish kabi chora-tadbirlar tushuniladi. Ishlab chiqarishni modernizasiyalashning asosiy yo’nalish va vositalari bo’lib quyidagilar hisoblanadi: korxonalardan eskirgan asbob-uskunalarni chiqarish; ishlab chiqarishni zamonaviy texnika va texnologiyalar bilan jihozlash; mahalliy resurslar asosida ishlab chiqarishga innovasion texnologiyalarni joriy etish; ishlab chiqarilayotgan mahsulot assortimentini kengaytirish; ishlab chiqarish xarajatlarini pasaytirish va resurslarni tejash; sifatni boshqarish va sertifikatlash tizimini joriy etish; chiqitsiz va ekologik toza texnologiyalarni qo’llash va boshqa omillar ishlab chiqarishni modernizasiya va diversifikasiyalashning asosini tashkil qiladi. Bugungi kunda respublikamiz iqtisodiyotining deyarli barcha tarmoq va sohalarida ishlab chiqarishni modernizasiyalash, diversifikasiyalash, texnik va texnologik jihatdan qayta jihozlash tadbirlarining keng ko’lamda amalga oshirilmoqda, natijada esa raqobatdosh mahsulotlar ishlab chiqarish imkoniyatlari yaratilmoqda. Shuningdek, modernizasiya bugungi kunda jamiyat hayotining turli jabhalarini tubdan o’zgartirish, yangilash, bu borada taraqqiyotni jahondagi mavjud ilg’or andozalar tomon yo’naltirish va takomillashtirish jarayonlarining majmui sifatida ifodalanadi. Ishlab chiqarishni modernizasiyalash natijasida mehnat unumdorligi o’sadi, asosiy vositalar foydalanish muddatlari uzayishi va boshqalar ishlab chiqarishga ijobiy ta’sir o’tkazadi. Sanoat tarmog’ida, ishlab chiqarishni modernizasiya va diversifikasiya qilish jarayonida erishilgan natijalarga ko’ra, mehnat unumdorligi 2005-2014 yillar oralig’ida 102,2 foizdan, 105,2 foizga oshgan. Bunga asosan ishlab chiqarishga yangi, zamonaviy texnika va texnologiyalar jalb qilinishi bilan birga, ishlab chiqarishga yuqori malakali, tajribali kadrlar jalb qilinishi natijasida erishilgan. Ushbu omillar ishlab chiqarishni ekstensiv tarzda emas, balki intensiv shaklda rivojlantirmoqda. Shuningdek, ishlab chiqarishga yangi texnikalar olib kelinishi va ishlab chiqarishni qayta qurollantirish natijasida mashina va uskunalarning eskirishi darajasi 2005-2014 yillarda 60,3 foizdan 50,1 foizga pasaygan. Ishlab chiqarishga yangi asosiy vositalar jalb qilinishi, ularning foydalanish muddatlarini ham uzaytirmoqda. Mashina va uskunalarning asosiy faoliyatdan chiqib ketish darajasi 5,7 foizdan 7,1 foizga o’sdi va boshqalar ishlab chiqarishni modernizasiya va diversifikasiya qilish milliy iqtisodiyotning raqobatbardoshligini oshirishda muhim ahamiyat kasb etadi. O’zbekiston Respublikasi Prezidentining 2015 yilning 4 martdagi PF-4707 Farmoniga muvofiq “2015-2019 yillarda ishlab chiqarishni tarkibiy o’zgartirish, modernizasiya va diversifikasiya qilishni ta’minlash bo’yicha chora-tadbirlar” dasturining qabul qilinishi sanoat ishlab chiqarishining yuqori o’sish sur’atlarini ta’minlash imkonini beradi. Dastur tarkibiy o’zgarishlarni izchil ta’minlash, ishlab chiqarishni modernizasiya va diversifikasiya qilish, barqaror iqtisodiy o’sish lokomotivlari bo’lishga qodir yuqori texnologiyali sanoat tarmoqlarini yanada rivojlantirish, ishlab chiqarilayotgan mahsulotlarning energiya sarfi, moddiy va mehnat xarajatlarini kamaytirish bo’yicha mavjud zaxiralardan yanada to’liq foydalanish, shuningdek, jahon bozorida talab barqaror bo’lgan raqobatbardosh tayyor tovarlar va yarim fabrikatlar ishlab chiqarishni kengaytirish, buning uchun xorijiy investisiyalarni, jumladan, yetakchi xorijiy kompaniyalar bilan birgalikda qo’shma korxonalar tashkil etish orqali faol jalb qilish maqsadida qabul qilindi. 2017-2021 yillarda O’zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo’nalishi bo’yicha Harakatlar strategiyasida milliy iqtisodiyotning yetakchi tarmoqlarini modernizasiya va diversifikasiya qilish hisobiga uning raqobatbardoshligini oshirish maqsadida quyidagi vazifalar belgilab berilgan: milliy iqtisodiyotning mutanosibligi va barqarorligini ta’minlash, uning tarkibida sanoat, xizmat ko’rsatish sohasi, kichik biznes va xususiy tadbirkorlik ulushini ko’paytirish; ishlab chiqarishni modernizasiya qilish, texnik va texnologik jihatdan yangilash, ishlab chiqarish, transport-kommunikasiya va ijtimoiy infratuzilma loyihalarini amalga oshirishga qaratilgan faol investisiya siyosatini olib borish; yuqori texnologiyali qayta ishlash tarmoqlarini, eng avvalo, mahalliy xomashyo resurslarini chuqur qayta ishlash asosida yuqori qo’shimcha qiymatli tayyor mahsulot ishlab chiqarishni jadal rivojlantirishga qaratilgan sifat jihatidan yangi bosqichga o’tkazish orqali sanoatni yanada modernizasiya va diversifikasiya qilish; iqtisodiyot tarmoqlari uchun samarali raqobatbardosh muhitni shakllantirish hamda mahsulot va xizmatlar bozorida monopoliyani bosqichma-bosqich kamaytirish; prinsipial jihatdan yangi mahsulot va texnologiya turlarini o’zlashtirish, shu asosda ichki va tashqi bozorlarda milliy tovarlarning raqobatbardoshligini ta’minlash; ishlab chiqarishni mahalliylashtirishni rag’batlantirish siyosatini davom ettirish hamda, eng avvalo, iste’mol tovarlar va butlovchi buyumlar importining o’rnini bosish, tarmoqlararo sanoat kooperasiyasini kengaytirish; iqtisodiyotda energiya va resurslar sarfini kamaytirish, ishlab chiqarishga energiya tejaydigan texnologiyalarni keng joriy etish, qayta tiklanadigan energiya manbalaridan foydalanishni kengaytirish, iqtisodiyot tarmoqlarida mehnat unumdorligini oshirish; faoliyat ko’rsatayotgan erkin iqtisodiy zonalar, texnoparklar va kichik sanoat zonalari samaradorligini oshirish, yangilarini tashkil etish; xizmat ko’rsatish sohasini jadal rivojlantirish, yalpi ichki mahsulotni shakllantirishda xizmatlarning o’rni va ulushini oshirish, ko’rsatilayotgan xizmatlar tarkibini, eng avvalo, ularning zamonaviy yuqori texnologik turlari hisobiga tubdan o’zgartirish; turizm industriyasini jadal rivojlantirish, iqtisodiyotda uning roli va ulushini oshirish, turistik xizmatlarni diversifikasiya qilish va sifatini yaxshilash, turizm infratuzilmasini kengaytirish; eksport faoliyatini liberallashtirish va soddalashtirish, eksport tarkibini va geografiyasini diversifikasiya qilish, iqtisodiyot tarmoqlari va hududlarning eksport salohiyatini kengaytirish va safarbar etish; yo’l-transport infratuzilmasini yanada rivojlantirish, iqtisodiyot, ijtimoiy soha, boshqaruv tizimiga axborot-kommunikasiya texnologiyalarini joriy etish. O’tgan yillar mobaynida Prezidentimiz va hukumatimiz tomonidan qabul qilingan Farmon va qarorlar aynan milliy valyutamiz, kredit va bank tizimlarini takomillashtirishga qaratilgan bo’lib, bu xujjatlar bozor iqtisodiyotiga o’tishda «Davlat – bosh islohotchi» degan tamoyilning yorqin ifodasidir. Mamlakat bank tizimini iqtisodiyotning ustuvor sohalaridan biri sifatida qo’llab-quvvatlash hozirgi kunda ham davom etmoqda. Bank tizimini rivojlantirish va mustahkamlash masalasi doimo e’tibor markazida bo’lib kelgan va bu o’zining ijobiy natijalarini bermoqda. Mamlakat bank tizimi turg’unlik va barqarorlikni namoyish etmoqda. Bu holat banklarning ishonchlilik darajasining yuqoriligi va moliyalashtirishning xorijiy manbalariga bog’lanib qolishning yo’qligi, tashqi inqirozli hodisalarning salbiy ta’siri tasdiqlanmaganligi bilan tavsiflanadi. 1991 yil 15 fevralda qabul qilingan «Banklar va bank faoliyati to’g’risida»gi O’zbekiston Respublikasi qonuni, shuningdek, keyin unga kiritilgan qo’ shimcha va o’zgarishlar bank sohasini isloh qilish, bozor shart-sharoitlariga mos keladigan bank muassasalarini tashkil etish yo’llarini belgilab berdi. 1995 yil 21 dekabrda Oliy Majlisning IV-sessiyasida «O’zbekiston Respublikasi Markaziy banki to’g’risida», «Banklar va banklar faoliyati to’g’risida» alohida Qonunlar qabul qilindi. Bu huquqiy hujjatlar Xalqaro Valyuta fondi va Jahon banki tomonidan yuqori baholandi. Aholining o’tish davridagi talablarini qondira oladigan tijorat va xususiy bank tarmoqlari vujudga keldi. “Paxtabank”, “G’allabank», “Savdobank”, “Mevasabzavotbank”, “Tadbirkorbank” tashkil etildi. O’zbekistonda 20 ta tijorat banki ro’yxatga olindi. 1995 yilda faoliyat yuritgan banklarning 19 tasi aksiyadorlik tijorat shaklida, 5 tasi mas’uliyati cheklangan jamiyat, 1 tasi kooperativ, 2 tasi xorijiy sarmoya ishtirokidagi, 2 tasi davlat banki sifatida aholining tadbirkorlik ishlariga xizmat qildi. O’zbekistonning barcha mintaqalarida 790 ga yakin filiallarga ega bo’lgan 30 aksiyadorlik-tijorat, shuningdek xususiy kapital asosida tashkil etilgan banklar faoliyat ko’rsatmoqda (2012 yil). Respublikada xususiy banklar xam paydo bo’ldi. Ularning faoliyati uchun huquqiy bazani rivojlantirishda Respublika Prezidentining 1997 yil 24 apreldagi «Xususiy tijorat binklarini tashkil qilishni rag’batlantirish chora-tadbirlari to’g’risida» Farmoni muhim ahamiyatga ega bo’ldi. 1998 yilda «Umarbank», «Olimbank», «Alp Jamol», «Turkiston», «Istiqlol», «O’ktambank» xususiy banklari ishladi. Chet el banklari, ularning shu’ba banklari va filiallarini ochish O’zbekiston moliya tizimini rivojlantirishda juda muhim yo’nalish hisoblanadi. Hozir Respublikada O’zbekiston– Gollandiya «Uzprivatbank», O’zbekiston–Turkiya «UTbank», O’zbekiston-Koreya «UzDEUbank» va boshqa qo’shma banklar faoliyat ko’rsatadi. 11 ta chet el banki Toshkentda o’z vakolatxonalarini ochgan. Bular qatorida Hindiston Davlat banki, Doyche Bank, Berliner Bank, Meybank, Kredit Suiss (Shveysariya), «Rossiyskiy kredit» va «Sakurabank LTD» (Yaponiya) banklari bor. Tijorat banklari kredit qo’yilmalari hajmi 2017 yil davomida 58 trln. so’mga yoki 110 foizga (2016 yilda – 32 foiz) o’sib, 2018 yilning 1 yanvar holatiga 110,6 trln. so’mga yetdi hamda kredit qo’yilmalarining YaIMdagi ulushi 44,4 foizgacha (2016 yilda – 26,4 foiz) oshdi. Kredit qo’yilmalarining (netto) jami aktivlar tarkibidagi ulushi esa 61,9 foizdan 65,1 foizgacha oshdi. O’zbekiston Respublikasi bank tizimi mamlakat iqtisodiyotining muhim va jadal sur’atlar bilan rivojlanayotgan sohasi hisoblanadi. Ushbu sohaga alohida ahamiyatbaxsh etar ekan, u milliy iqtisodiyotni rivojlantirishning ustuvor yo’nalishlaridan biri sifatida tanlab olingan. Muhtaram Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev Oliy Majlisga Murojaatnomasida: «Bugungi kunda bank tizimidagi eng asosiy muammo – ular kapitalining asosiy qismi, ya’ni, 83 foizi davlatga tegishli ekanidir. Bu, o’z navbatida, bank sektorida sog’lom raqobatga to’siq bo’lib, xizmat ko’rsatish sifatiga salbiy ta’sir qilmoqda» deya ta’kidladilar. Banklar kapitallashuv darajasini oshirish borasida amalga oshirilgan chora-tadbirlar natijasida tijorat banklarining umumiy kapitali 2017 yil davomida 2,3 barobarga ko’payib, 2018 yilning 1 yanvar holatiga 20,7 trln. so’mni, ustav kapitali umumiy miqdori esa 2,8 barobarga oshib, 16,3 trln. so’mni tashkil etdi. Bunda davlat ulushiga ega banklar kapitali 11,7 trln. so’mga oshdi. Valyuta siyosatining liberallashtirilishi sharoitida tijorat banklarining moliyaviy barqarorligi va likvidliligini ta’minlash hamda iqtisodiyotning kreditga bo’lgan o’sib borayotgan ehtiyojini qondirish maqsadida O’zbekiston Respublikasi Prezidentining tegishli qarorlariga muvofiq davlat ulushiga ega banklar kapitaliga Hukumat tomonidan 670 mln. AQSh dollari miqdorida mablag’lar yo’naltirildi. Bugungi kunda pul-kredit siyosati va banklarni tartibga solishdagi imkoniyatlardan amalda to’laqonli foydalanish, pul-kredit instrumentlarining lozim darajada ishlashi va samaradorligini ta’minlovchi transmission mexanizmlarni rivojlantirish orqali qo’yilgan maqsadlarga erishishni osonlashtirish maqsadida O’zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 9 yanvarda «O’zbekiston Respublikasi Markaziy bankining faoliyatini tubdan takomillashtirish chora- tadbirlari to’g’risida»gi PF5296-sonli Farmoni qabul qilindi. Unga ko’ra Markaziy bank faoliyatining strategik maqsadli yo’nalishlari deb quyidagilar belgilab berildi: narxlar barqarorligi; bank tizimi barqarorligi va rivojlanishi; to’lov tizimi barqarorligi va rivojlanishi. Ammo shu bilan birga bugungi kunda bank-moliya xizmatlari, mijozlarni jalb qilish bo’yicha banklararo raqobat muhiti yetarli darajada davr talablariga to’liq javob bera olmayapti. Ayni paytda qishloq joylarda xizmatlar sohasi hali-beri yetarlicha rivojlanmaganini ham aytish joiz. 2018 yil 23 martda O’zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.M.Mirziyoyev «Bank xizmatlari ommabopligini oshirish bo’yicha qo’shimcha chora-tadbirlar to’g’risida»gi qarorni imzoladi. Mazkur qarorda amalga oshirilayotgan islohotlar natijasida bank tizimida xizmatlar ko’rsatishning bozor mexanizmlari joriy etilganligi, ularning turlari kengayib borayotganligi, tadbirkorlar va aholi uchun moliyaviy ochiqlik oshib borayotganligi qayd etildi. Aholi uchun valyuta ayirboshlash amaliyotlarini amalga oshirishni yengillashtiruvchi yangi bank xizmatlari joriy etilganligi, yakka tartibdagi tadbirkorlar tomonidan chet el valyutasini sotib olish uchun imkoniyatlar yaratilganligi ta’kidlandi. 2018 yil 1 iyuldan tijorat banklariga: – dastlabki ruxsatlarsiz va shaxsni tasdiqlovchi hujjatlarsiz mijozlarga bevosita xizmat ko’rsatish hududiga to’sqinliksiz kirish; – mijozlarni dastlabki qabul qilish ma’muriyat xodimlaridan ko’rsatilayotgan bank xizmatlari to’g’risida dastlabki maslahatlarni olish; – kredit (mikroqarz) berish to’g’risidagi qarorni qabul qilishning bosqichma-bosqich jarayonini va kredit (mikroqarz) berish to’g’risida xabardor qilish yoki uni berishni asosli rad etish tartibini ko’rsatgan holda kredit buyurtmalarini shaffoflik asosida ro’yxatdan o’tkazish va ko’rib chiqish uchun sharoitlarni yaratish topshirig’i berildi. Respublikamizda faoliyat ko’rsatayotgan tijorat banklari soni 2020 yilning 1 yanvar holatiga 30 tani tashkil etdi. Shundan 13 tasi kapitalida davlatning salmoqli ulushiga ega banklar, 13 tasi kapitalida xususiy kapitalning salmoqli ulushiga ega banklar hamda 4 tasi kapitalida xorijiy bank kapitalining salmoqli ulushiga ega banklar hisoblanadi. Xususan, bank tizimida xorijiy investorlar ishtirokini kengaytirish borasidagi chora-tadbirlar doirasida Qozog’iston Respublikasining yirik banki Xaliq bankining Toshkent shahrida tashkil etilgan “Tenge” aksiyadorlik tijorat banki o’z faoliyatini boshladi. 2019 yili yakuni bo’yicha tijorat banklari filiallari soni 850 tani, mini-banklar soni 593 tani hamda tunu kun (24G’7) ishlaydigan shoxobchalar soni 902 tani tashkil etgan bo’lib, ular orqali mijozlarga tegishli bank xizmatlari ko’rsatib kelinmoqda. Bundan tashqari, aholiga ko’rsatilayotgan xizmatlar sifatini tubdan yaxshilash, chakana bank xizmatlari bozorini rivojlantirish va mijozlar bilan hamkorlik munosabatlarini yo’lga qo’yishning zamonaviy yondashuvini joriy qilish hamda banklarning operasion xarajatlarini kamaytirish maqsadida 2019 yil davomida respublikamizning barcha hududlarida 450 tadan ortiq yangi bank xizmatlari ofislari tashkil etildi. Shuningdek, mikromoliyaviy xizmatlar faoliyatini rivojlantirish maqsadida 2019 yilda 20 ta mikrokredit tashkilotiga va 6 ta lombardga lisenziya berildi. Natijada 2020 yilning 1 yanvar holatiga respublikamizda faoliyat yuritayotgan nobank kredit tashkilotlari soni 117 taga (56 ta mikrokredit tashkiloti va 61 ta lombard) yetdi. Download 47.96 Kb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling