3-mavzu: to’rtoyoqlilar katta sinfi. Amfibiyalar va reptiliyalar sinflarining umumiy tavsifi va sistematik sharhi
Reptiliyalar ekologiyasi va ularning iqtisodiy ahamiyati
Download 64.6 Kb.
|
3maruza
5. Reptiliyalar ekologiyasi va ularning iqtisodiy ahamiyati. Yashash sharoiti va umumiy tarqalishi. Reptiliyalar amfibiyalarga qaraganda ancha xilma-xil sharoitda yashaydi. Bu xolat reptiliyalarning muayyan sharoyatga birinchi galda kuruqlikka moslanishiga bog’liq. Muxim moslanishlardan biri bu reptiliyalarning yer muxitining quruqligiga voyaga yetganlari ham (ayniqsa muhim bo’lgan), embrional rivojlanayotganlari ham bardosh berishidir. Katta yoshdagi hayvonlarda bu epidermisning shox modda bilan qoplanishiga bog’liq. Embrional moslanishlar to’g’risida urchish xaqidagi qismda bayon etiladi. Quruqlikda yashash va urchish reptiliyalar faqat issiq va nam iqlimda emas, balki quruq va issiq iqlimda ham yashashiga imkon berdi. Natijada, reptiliyalarning umumiy geografik tarqalish doirasi amfibiyalarnikiga qaraganda juda keng. Ular Arktika va Antarktikadan tashqari, yer sharining barcha iqlim zonalarida tarqalgan. Reptiliyalar tana temperaturasining turg’un bo’lmasligi tufayli ular faqat nisbatan yuqori harorat muxitida yashaydi Masalan, ilonlar +10°С da kam xarakatchan, +6 ... + 8°С da esa xarakatchan, -2, -3°С da karaxt bo’ladi. Tanasi -4 ...-6°С gacha sovisa nobud bo’ladi. Yuqorida aytilgan sabablarga ko’ra, reptiliyalar tropik zonalarda keng tarqalgan bo’lib, qutbga tomon son jixatdan kamayib boradi. Masalan, Indoneziya orollarida 150-200, O’rta Xitoyda atiga 30 turi yashaydi. O’rta Osiyoda 50, Kavkazda 68, G’arbiy Yevropada 12 turi yashaydi; to Shimoliy qutb doirasigacha faqat ikki turi uchraydi.
Tog’li mamlakatlarda dengiz sathidan ko’tarila borgan sari reptiliyalar soni xuddi shunday sezilarli kamaya boradi. Reptiliyalarning eng yuqori tarqalish chegarasi Markaziy Osiyoda, dengiz satxidan 5000 m balanddadir. Janubiy Amerika Kordileralarida kaltakesaklarning bir turi dengiz sathidan 4900 m balandlikda ham uchraydi. Shu bilan bir qatorda juda yuqori temperatura reptiliyalar uchun xavflidir. Yashirinish iloji bo’lmaganda, +55° С da qum kaltakesaklar 1,5-4 minutda nobud bo’ladi. Kaltakesaklar isib ketishdan qochib, uyalarga yashirinadi (agamalar) yoki daraxt shoxlariga chiqib oladi. D.N.Qashqarov O’rta Osiyoning qumli cho’llarida yozda tush vaqtida xarorat yerdan 2 m balandlikda (daraxtlar shoxida) yerda soya joydagiga qaraganda 10°S, serquyosh joydagiga qaraganda 28°С past bo’lishini aniqlagan. Reptiliyalarda ma’lum darajada fizik termoregulyatsiya qilish qobiliyati bor, deb faraz qilish mumkin. Masalan, tirik tug’uvchi kaltakesakda tashqi muhit harorati + 16 dan +42°С gacha ko’tarilishida nafas olish tezligi bir minutda 31 dan 114 martagacha oshadi. Bu holatni tanadan ortiqcha issiqlikni chiqaruvchi xansirash deb atasa bo’ladi. Bundan tashqari, Amerika stsinklari va iguanlarda teri orqali suv bug’latish katta termoregulyatsiya axamiyatga ega ekanligini ko’rsatish mumkin. Bir soatda bunday yo’l bilan terining 1 sm2 yuzasidan millilitr bilan hisoblaganda u 0,1 dan 0,3 gacha teng. Butun teri orqali organizmning suv bug’latishi 66-76% ni tashkil etadi. Yuqori harorat reptiliyalarga bilvosita salbiy ta’sir ham qiladi. O’simliklarni qurishi cho’l toshbaqalarining uyquga kirishiga sabab bo’ladi. Tropikda haroratni baland bo’lishi, suv havzalarining qurish natijasida timsohlar, ba’zi bir toshbaqalar va ilonlar uyquga kiradi. Suvda yoki tuproqda tuzlar bo’lishi reptiliyalar yashashiga xalaqit bermaydi. Kaltakesaklar bilan ilonlarning aksariyat turlari amfibiyalar yashay olmaydigan sho’r tuproqlarda yashaydi. Ilonlar, toshbaqalar uzoq muddat ichida dengiz va ko’llarning sho’r suvida yashaydi. Sudralib yuruvchilarning umumiy ekologik tarqalish areali nihoyatda keng. Ular orasida yer ustida, yarim suv va suv sharoitida, yer ostida daraxtlarda yashovchi turlari bor. Hozirgi reptiliyalar faqat havoda yo’q. Hozirgi zamonda yashovchi reptiliyalar hayot formalarining bunchalik ko’p bo’lishi qadimiy reptiliyalarni turli-tuman sharoitda yashaganligiga bog’liq. Turlarning aksariyati yer ustida yashaydi. Ular yer ustidagi turli-tuman sharoitda yashaganligi uchun xatti-harakati ham har xil. Ular qum, tuproq, toshli cho’llarda, qalin o’tzorlarda, o’rmon va botkoqlarda uchraydi. Shu bilan bir qatorda, ular ochiq serquyosh, harakatlanishga halal bermaydigan joylarni yoqtiradi. Reptiliyalarning harakat shakllari juda xilma-xil. Faqat ulardan ayrimlarini «Sudralib yuruvchilar», ya’ni tanasini yerda sudrab yuruvchilar, deb atash mumkin. Timsohlar, echkemarlar va ko’pgina kaltakesaklar tanasini baland ko’tarib chopib yuradi. Ba’zi bir kuruqlikda yashovchi toshbaqalar ham tanasini yerda sudramaydi. Katta masofani faqat orqa oyoqlarida chopib o’tuvchi turlar ham bor. Masalan, ba’zi agamalar, iguanalar va, ayniqsa, avstraliya qalqonli kaltakesagi shulardandir. Mezozoyda yashagan guruhlar orasida bunday reptiliyalar ayniqsa ko’p bo’lgan. Cho’l reptiliyalarining tanasini ko’tarib chopishi moslanish xususiyatiga ega. Chunki bunday holatda tanasi issiq tuproq ta’siriga kamroq duch keladi. Bu holat 12-jadvalda Turkmaniston misolida ko’rsatilgan. Qumli cho’llarda yashaydigan reptiliyalarda sochiluvchi qumda yashashga imkon beradigan bir qancha moslanishlar bor. Aksariyat holatlarda ular barmoqlar atrofida joylashgan shoxsimon moddali tishchalardan iborat. Bu moslanishlar reptiliyalarning turli sistematik guruhlariga: agamalar, gekkonlar, kaltakesaklar, iguanlarga xosdir. Gekkonlarning Janubiy Afrikaning qumli cho’llarida yashovchi bir turining barmoqlari orasida teri parda bor. Oziqlanishi. Reptiliyalar juda turli-tuman oziq bilan oziqlanadi. Ularning ozig’i yer yuzida va suvda yashaydigan mayda hayvonlar bilan bir qatorda yirik sut emizuvchilardan iborat. Ayrim turlari o’simliklar bilan oziqlansa ham, lekin ko’pchiligi asosan xayvonlar bilan oziqlanadi. Masalan, kaltakesaklar ko’pincha yer yuzidagi hasharotlar, chuvalchanglar, mollyuskalarni ovlaydi. Bularning ba’zilari (agamalar, iguanlar) ishtaha bilan o’simliklarni ham yeydi. Dengiz toshbaqalari va dengiz ilonlari odatda baliqlar bilan oziqlanadi. Suvilonlarning asosiy ozig’i baqa. Ba’zi bir dengiz ilonlari, masalan, pelamidalar asosan boshoyoqli mollyuskalar bilan oziqlanadi. Yirik kaltakesaklar, masalan, echkemarlar, ilonlar mayda kemiruvchilarni, qushlarni va sudralib yuruvchilarni ovlaydi. Timsoxlar va yirik ilonlar faqat mayda hayvonlarni emas, balki yirik hayvonlarni, bug’ularni ham ovlaydi. Timsoxlar odamga hujum qilganligi xam ma’lum. Yerda (quruqda) yashaydigan toshbaqalar (masalan, cho’l toshbaqasi) haqiqiy o’simlikxo’r reptiliyalardir. Ular ayrim vaqtlardagina mayda hayvonlarni yeydi. Aksariyat reptiliyalar suv ichadi. Faqat cho’l va dashtda yashovchi turlari suv ichmaydi, ular uchun oziq tarkibidagi suv kifoya. Oziqlanish va o’ljasini tutish usullari har xil. Ilonlar va kaltakesaklar oziq axtarib, juda ko’p daydib yuradi. Oziqni ham yer ostidan va yer ustidan ovlaydi. N.V.Shibanovning kuzatishiga qo’ra, O’rta Osiyo cho’llarida yashovchi matrap kaltakesakcha hasharotlarni 10 sm chuqurlikdan kovlab oladi. Bir necha santimetr chuqurlikka ko’milib yotgan tsink yer ustidagi xasharotni yaxshi sezadi va ovlaydi. Ilonlar (masalan, bo’g’ma ilon), timsoxlar, suv toshbaqalari ozig’ini poylab tutadi. Hameleonlar ham shox-shabbada o’tirib o’ljasini poylaydi. Deyarli barcha reptiliyalar oziqni chaynamay butun yutadi. Faqat timsoxlar va toshbaqalar oziqni burdalab yeydi. Bularda haqiqiy ikkilamchi tanglay bo’lganligi tufayli, ular nafas olishga xalal bermay, oziqni, og’zida saqlay oladi. Ko’pchilik reptiliyalar o’ljasini jonsizlantirmay yeyaberadi. Faqat zaxarli va bo’g’ma ilonlar oldin nobud qilib, keyin yutadi. Urchishi. Reptiliyalarning urchishi amfibiyalarnikidan tubdan farq qiladi va yer ustida yashashga imkon beruvchi moslanishlarga ega. Urug’lanish hamma vaqt ichki va erkaklarida qo’shilish organlari bor. Tuxumi suvda emas, balki quruqlikdagi turli sharoitda rivojlanadi. Rivojlanishi o’zgarishsiz boradi. Amfibiyalardan farq qilib, bularda lichinka davri bo’lmaydi va tuxumdan chiqqan yoshlari ota-onasi yashayotgan sharoitda yashaydi. Timsohlar va toshbaqalarda, bundan tashqari, embrional rivojlanishni ta’minlovchi suv zapasi bo’lgan oqsil qobiq bor. Boshqa reptiliyalarda suv ikki xil mohiyatga ega. Uning bir qismi — metabolik suv — sarikdonda juda ko’p bo’lgan moyning oksidlanishi yo’li bilan hosil bo’lsa, ikkinchi qismi tashqaridan, tuxum qobig’i orqali o’tadi. Shuni uqtirib o’tish lozimki, amfibiyalar tuxumida moy 8-11% bo’lsa, reptiliyalarnikida 40% dan ko’proq. Tuxum yo’lining ayrim qismlaridan hosil bo’ladigan tolali va oqsil qobiqdan tashqari, nihoyatda katta ahamiyatga ega bo’lgan amnion, seroz, allantois qobiqlari ham hosil bo’ladi. Boshlang’ich rivojlanish davrida murtak sariqdonga botgan bo’ladi. Murtak bosh qismining oldingi tomonida amniotik qavat deb ataluvchi qavat paydo bo’ladi. Bu qavat orqga qarab o’sib embrionga tutashadi. Amnion (amniotik) bo’shlig’i suyuqlik bilan to’ladi. Shunday qilib, murtak sharoiti nisbatan doimiy bo’lgan kichkinagina suv ombori ichida yashaganday bo’ladi. Amnionning yana bir xizmati shundaki, u murtakni tuxumning qattiq devoriga tegishdan muhofaza qiladi. Reptiliyalar tuxumining barcha tuzilish va rivojlanish xususiyatlari yaqqol ifodalangan moslanish xarakteriga ega. 1) u tuxumni yoyilib ketishdan, mexanik ta’sirdan va qurib kolishdan himoya qiladi; 2) sarig’donda oziq moddalar ko’p bo’lishi bevosita rivojlanishni ta’minlaidi; 3) tashqi muxitdan suv o’tishini ta’minlaidi (tuxumning gigroskopikligi va po’chog’ining mikroskopik teshikligi); 4) tuxumning o’zida suv zapasini yig’adi (sariqdon moyi, ba’zilari oqsilida suv ko’p bo’lishi); 5) embrionga nisbatan doimiy muhit yaratadi (amniotik bo’shliq suyuqligi); 6) qator qobiqlar bilan qoplangan tuxumning nafas olishi, gazsimon maxsulotlar chiqarilishini ta’minlaydi. Reptiliyalar quruqlikka chiqishida rivojlanishning bu printsipial xususiyatlari katta ahamiyatga ega bo’lgan. Reptiliyalarning aksariyati nam va yaxshi isiydigan maxsus uyalarga urug’langan tuxum quyish yo’li bilan ko’payadi. Tuxumni o’simliklar qoldig’iga, chirigan to’nkalar ostiga qo’yuvchi turlari ham bor. Amerika timsohlari tuxumini botqoqlik bo’yida qazilgan uyalarga quyib, ustiga chiriyotgan barg to’shaydi. Odatda, reptiliyalar qo’ygan tuxumini tashlab ketadi. Ammo ba’zi bir timsoxlar «uya» yonida qolib, uni qo’riqlaydi. Urg’ochi pitonlar tuxumini o’z tanasi bilan o’rab olib, ularni faqat himoya qilmay, balki nisbatan doimiy temperaturani ham hosil qiladi. Pitonlar uyasida issiqlik tashqi muxit temperaturasiga nisbatan 2-4°С ga balandroq Urg’ochi echkemarlar ham uyasini muhofaza qiladi. Tuxum qo’yish bilan bir qatorda ba’zi reptiliyalarda tirik tuxum quyib ko’payish kuzatiladi. Oddiy holatlarda urug’langan tuxum tuxum yo’lida qolib, barcha rivojlanish bosqichlarini o’tadi. Tuxum quyilishi bilanoq undan bolalari chiqadi. Masalan, qora ilonlar, tirik tug’uvchi kaltakesaklar va urchuqcha kaltakesaklarda ana shunday. Suv ilonlarning tuxumi tashqi muhitda 30-60 kun rivojlanadi. Bu davr tuxum ona organizmida qancha vaqt bo’lganligiga bog’liq. Qo’yilgan tuxumlarning embrioni ancha shakllangan bo’ladi. Ayrim turlar uchun haqiqiy tirik tug’ish xosdir. Bu xolatda sariqdon xaltasining qon tomirlari bachadon qismi qon tomirlari bilan jipslashadi va oziqlanish ona organizmi hisobiga bo’ladi. Masalan, ba’zi stsinklarda ana shunday. Nixoyat, ayrim ilonlar va kaltakesaklarda xaqikiy allantoid platsenta xosil bo’lib, unda xorioallantois kiprikchalari jinsiy yo’lning shilliq pardasiga qo’shilib ketadi. Reptiliyalar tirik tug’ishining asosiy sababi — bu sovuq iqlimdir. Tuxumning ona tanasida bo’lishi muntazam issiq temperatura bo’lishini ta’minlaydi. Doimiy temperaturaga ega bo’lgan sut emizuvchilarga qaraganda, reptiliyalarda bu holat urg’ochilarining issiq joy axtarib doimiy xarakatda bo’lishi bilan ta’minlanadi. Tirik tug’ish suvda, qisman daraxtda va yer ostida yashaydigan turlarida ham uchraydi. Masalan, tirik tug’uvchi dengiz ilonlari va ba’zi bir hameleonlar ana shunday. Shuni xulosa qilib aytish kerakki, tirik tug’ish faqat sodda tuzilgan tangachalilarga xos. Tuxumi murakkab oqsil va ba’zi birlarida oxak qobiqli, timsohlar va toshbaqalar tirik tug’maydi. Aytilganlarning hammasi reptiliyalar orasida ikki tur murakkablashgan ko’payish bor ekanligini ko’rsatadi. Birinchi usul tuxum qo’yishning murakkablashuvi (uya qo’yishning murakkablashish, sodda bo’lsa ham uya qurish, uyani muhofaza qilish elementlarining bo’lishi); bu holat timsohlar va toshbaqalar uchun xosdir. Ikkinchi usul turli-tuman modifikatsiyadagi tirik tug’ish. Sut emizuvchilar platsentasidan deyarli farq qilmaydigan allantoid platsentasi xosil bo’lishi. Bu yo’l tangachalilarda ko’rinadi. Reptiliyalar qo’yadigan tuxumlar soni uncha ko’p emas. U 50-100 tadan oshmaydi. Buni timsoxlarda, yirik toshbaqalar va ilonlarda ko’rish mumkin. Odatda, tuxumlar soni 20-30 tadan oshmaydi. Mayda kaltakesaklar 1-2 ta tuxum qo’yadi. Shunisi qiziqki, bu xolatda yilda bir necha marta tuxum qo’yiladi. Bir necha marta tuxum qo’yish toshbaqalarga ham xos. Umuman reptiliyalarning serpushtligi amfibiyalarnikiga, ayniqsa baliqlarnikiga qaraganda ancha kam. Bu umuman ko’payish jarayonining takomillashuviga bog’liq Reptiliyalar xar xil muddatda voyaga yetadi: timsoxlar va aksariyat toshbaqalar 8-10 yilda, ilonlar 2-3 yilda, ba’zi mayda kaltakesaklar bir yilda (9-10 oyda) voyaga yetadi. Shunisi qiziqki, ayrim Sharqiy Zakavkazeda yashaydigan tog’ kaltakesagining erkaklari umuman yo’q yoki juda ham kam uchraydi. Urg’ochilari partenogenetik ko’payib faqat urg’ochi tug’adi. Faqat ayrim turlari uzoq muddatda juft bo’lib qo’shiladi. Masalan, agamalar, kaltakesaklar va ba’zi bir toshbaqalar. Ko’plari qo’shilgandan keyin ajralib ketadi. Ayrim ko’zatishlarga qaraganda, Missisipi allegatorlarining urg’ochilari faqat uya qurib, uni qo’riqlamasdan, balki yosh allegatorlarga uyadan chiqishiga ham yordam beradi. Yoshlari bir yilgacha onalari bilan birga bo’ladi. Sudralib yuruvchilarning deyarli hammasi foydali hayvonlar. Kaltakesak va ilonlar qishloq va o’rmon xo’jaligi zararkunandalari hisoblangan hasharotlar hamda kemiruvchilarni qiradi. Ko’pgina kaltakesaklar tulki, sassiqqo’zan kabi ovlanadigan darrandalarga ovqat bo’ladi. O’rta Osiyoda yashaydigan cho’l toshbaqasi maysazorlarga zarar keltiradi. Suv ilonlari ovlanadigan baliqlarni ikralarini, chavoqlarini yeb, jiddiy zarar yetkazadi. Ba’zi mamlakatlarda zaharli ilonlar odamga jiddiy zarar yetkazadi. Shu bilan birga, ilon zaharini tibbiyot sanoatida ishlatilayotgan nihoyat qimmatbaho xom-ashyo ekanligini unutmasligimiz kerak. Zaharli ilonlardan (ko’z oynakli ilon, gyurza, charx ilon) zahar olish uchun O’rta Osiyo respublikalarida ilon boqish fermalari tashkil qilingan. Timsohlar, ilonlar, echkiemarlarning terisidan chemodan va portfellar qilinadi. Bularning tuxumi, timsoh va ilonlarning go’shti ba’zi mamlakatlarda oziq-ovqatga ishlatiladi. Shu aytilganlarga ko’ra sudralib yuruvchilarni har tomonlama himoya qilish kerak.
Download 64.6 Kb. Do'stlaringiz bilan baham: |
ma'muriyatiga murojaat qiling