Foydali xizmat muddati - deganda asosiy vositaning korxona tomonidan belgilangan foydalanish muddati tushuniladi. Bu muddat yillarda yoki oylarda ifodalanib, uning foydaliligi ishlab chiqilgan mahsulot (bajarilgan ish, xizmat) hajmi bilan o‘lchanadi. Foydali xizmat muddati davomida asosiy vositalar o‘zlarining qiymatini to‘liq qoplashlari va korxonaga qo‘shimcha daromad keltirishlari lozim. Foydali xizmat muddati, odatda, asosiy vositaning texnik hujjatlarida ko‘rsatilgan bo‘ladi. Bunday hujjatlar mavjud bo‘lmaganda asosiy vositalarning foydali xizmat muddati qabul qilish komissiyasi tomonidan yoki korxona rahbari buyrug‘i bilan tasdiqlangan hisob siyosatida aniq belgilanishi kerak.
Asosiy vositalar korxonalarning moddiy texnika bazasini tashkil etuvchi mehnat qurollari va vositalarini o‘z ichiga oladi. Ularga quyidagilar kiradi:
1.Binolar – sex, ombor, laboratoriya, idora, garaj, o‘t o‘chirish deposi va shu kabi mehnat sharoitini yaratib beruvchi, tovar-moddiy boyliklar butligini ta’minlovchi ob’ektlar. Binolar tarkibiga ularni normal ekspluatatsiya qilish uchun zarur bo‘lgan barcha kommunikatsiyalar, ya’ni isitish, ventilyatsiya, suv va gaz ta’minoti, lift, yong‘inga qarshi va signalizatsiya qurilmalari, telefon aloqasi simlari tizimlari ham kiritiladi.
2.Inshoatlar – ochiq ayvonlar, devorlar, suv minoralari, temir yo‘l shahobchalari, nasos stansiyalar, kanallar, suv havzalari, asfaltlangan yo‘llar va yo‘lkalar.
Do'stlaringiz bilan baham: |