4- ma’ruza. O‘rta osiyoning ibtidoiy jamoa va antik davrdagi tarixiy geografiyasi reja


Miloddan avvalgi IV asr oxiri-milodiy IV asrning boshlarida O‘rta Osiyoning siyosiy va iqtisodiy geografiyasi


Download 56.85 Kb.
bet5/6
Sana21.04.2023
Hajmi56.85 Kb.
#1370962
1   2   3   4   5   6
Bog'liq
4-maruzaTG

5. Miloddan avvalgi IV asr oxiri-milodiy IV asrning boshlarida O‘rta Osiyoning siyosiy va iqtisodiy geografiyasi
Miloddan avvalgi 323 yilda Aleksandr Makedonskiy o‘lgandan keyin makedoniyalik mahallliy zodagonlar O‘rta Osiyo xalqlarining siyosiy birligini yo‘qotish maqsadida mamlakatni mayda bo‘laklarga bo‘lib tashlaydilar.
Miloddan avvalgi 312 yilda Iskandarning sarkardalaridan biri bo‘lgan Salavkaga Bobil (Mesopotamiya) va uning sharqidagi mamlakatlar topshiriladi. Oradan ko‘p vaqt o‘tmay, u o‘zi hukmronlik qilayotgan mamlakatlarning chegaralarini kengaytirib, Sirdaryo va Hind daryosi naryog‘idagi yerlarni ham egallaydi, shu tariqa salavkiylar sulolasini boshlab beradi.
Yunon-makedoniyaliklar harbiylarning Baqtriyada va Sug‘dda bir yarim asr davom qilgan hukmronligi mahalliy aholi madaniyatini boyitishga yordam bermadi. O‘sha zamondan bizga yetib kelgan juda kam miqdordagi yodgorliklar O‘rta Osiyoda yunonlar ta’siri tarqalganligidan dalolat beradi.
Salavkiylarga qarshi xalq ommasining kurashi asta-sekin kuchayib borganligi natijasida miloddan avvalgi III asr o‘rtalarida Yunon-Baqtriya davlati ajralib chiqadi. Bu davlat quldorlikka asoslangan bo‘lib, salavkiylarning Baqtriyadagi vorisi Diodot tarafidan asos solingan. Markazlashgan monarxiya shaklidagi Yunon-Baqtriya davlati tepasida podsho turgan. Bu davlatning asosi Baqtriya bo‘lib, ba’zi hokimlar davrida (Yevtidem, Demetriy, Yevkratid) Hindistonning shimoli-g‘arbiy qismi, Amudaryo va Sirdaryo o‘rtasidagi katta yerlar qo‘shib olinadi. Davlatning poytaxti Shimoliy Afg‘onistondagi Baqtro shahri edi. Davlat bir necha satrapliklarga bo‘lingan bo‘lib, ma’lum darajada mustaqil bo‘lgan. Yuksak darajadagi iqtisodi, hunarmandchiligi, shaharlari bilan mashhur bo‘lgan. Ellin madaniyati va mahalliy madaniyatning qo‘shilishidan o‘ziga xos madaniyat yaralgan. Tovar-pul munosabatlari yuksak bo‘lgan. Pul tizimi kumush va bronza tangalari bo‘lib, attik (tetra-draxma) tangalaridan iborat bo‘lgan.
Miloddan avvalgi II asrning so‘nggi choragi (ba’zi manbalarda aytishlaricha, miloddan avvalgi 166 yil)da Yunon-Baqtriya podsholigi sak va yuechjilar qabilalari tomonidan istilo qilingan. Yunon manbalarining yozishicha, bu davlatga turli qabilalar tomonidan barham berilgan. Xitoy manbalarida esa Yunon-Baqtriya podsholigini faqatgina yuechji qabilalari istilo qilgan deb yozilgan.
Miloddan avvalgi II asr boshlarida ko‘chmanchi qabilalar Qang‘ davlatini barpo qiladilar. Ushbu davlatlar haqida ilk ma’lumot Chjan szyan (miloddan avvalgi 128 yil) yozma manbalarida uchraydi. Qang‘ davlati tarkibiga O‘rta Osiyoning Amudaryo va Sirdaryo o‘rtasidagi yerlari (Baqtriyadan tashqari) kirgan.
Poytaxti Bityan shahri bo‘lgan. Xitoy manbalarining ma’lumot berishicha, Qang‘ davlati aholisi 600000 kishini tashkil etgan. Qo‘shindagi askarlar soni esa 120000 harbiydan iborat bo‘lgan. Aholisini qang‘lar deb yuritishgan. Qang‘ davlati konfederatsiya shaklida bo‘lib, unga miloddan avvalgi I asr- milodiy I asrda 5 ta mustaqil mulklar kirgan. Bu mulklar quyidagilar:
1. Suse (Kesh, hozirgi Qashqadaryoning sharqiy qismi).
2. Fumu (Zarafshon vodiysi).
3. Yuni (Choch-Toshkent vohasi).
4. Gi (Ehtimol, Buxoro).
5. Yuegan (Urganch, Xorazm ).
Bu mulklar umum Qang‘ davlati podshosiga bo‘ysungan. Ular o‘zlarining tangalarini zarb qilganlar.
Miloddan avvalgi I asr va milodiy I asrlarda Qang‘ davlati iqtisodiy jihatdan ancha rivojlangan davlat edi. Davlatning asosiy aholisi o‘troq va yarim o‘troq bo‘lib, uning hududida ko‘chmanchi chorvadorlar ham yashar edi. O‘troq aholi asosan vodiyda yashab, dehqonchilik, bog‘dorchilik va hunarmandchilik bilan shug‘ullanib kelgan.
Vohada yashovchi o‘troq aholi dehqonchilik bilan bir qatorda chorvachilik bilan ham shug‘ullangan. Yozma manbalarda qang‘arlarning sut-qatiqlari mo‘lligi va ko‘plab zotli otlari borligi alohida ta’kidlab o‘tiladi. Qang‘arlarning eng ashaddiy dushmanlari usun qabilalari edi. Miloddan avvalgi II-I asrlarda usunlar Xitoy imperatorlari bilan yaqinlashib, xunnlar va qang‘arlar bilan kurash boshlaydilar. Lekin qang‘arlar ularni o‘z hududlariga yaqin yo‘latmaganlar. Milodning III asriga kelib Qang‘ davlati bir necha mustaqil mulklarga bo‘linib, davlat sifatida barham topdi.
Miloddan avvalgi II-I asrlarda Xitoy manbalarida keng, boy va ko‘p aholili deb eslatilgan Dovon davlatini tarixchilar Farg‘ona deb hisoblaydilar. Bu davlat haqidagi ilk ma’lumotlar Chjan szyan (miloddan avvalgi 128 yil) yozma manbalarida uchraydi. Dovon, shubhasiz, Farg‘onaning xitoycha talaffuzidir. Davlatning poytaxti Ershi shahri bo‘lgan. Davlatning hududlari Toshkentgacha borib, davlat boshida hukmdor turgan. Davlat boshqaruvida yoshi ulug‘ kishilarning yig‘ini katta ahamiyatga ega bo‘lib, ular hatto hukmdorlarni ham o‘zgartirishlari ham mumkin bo‘lgan.
Chjan szyan ma’lumotlariga qaraganda, Dovon aholisi bir necha yuz ming kishi bo‘lib, 70 dan ortiq katta va kichik shaharlar bo‘lgan.
Iqtisodda asosiy o‘rinni qishloq xo‘jaligi egallagan. Dehqonchilik bilan shug‘ullanuvchi aholi arpa, sholi, beda kabi turli ekinlar ekkanlar. Shuningdek, ular uzumchilik bilan ham shug‘ullangan. Vinoni katta sopol xumlarda uzoq vaqt saqlashni ham bilganlar.
O‘z davrida Dovon davlati ”afsonaviy” va “samoviy” otlari bilan shuhrat qozongan. Dovon arg‘umoqlari mamlakatdan tashqarida ham, ayniqsa, Xitoyda juda ham qadrlangan. Xitoyliklar Farg‘ona otlarini ilohiylashtirish darajasiga borib yetganlar.
Miloddan avvalgi 104-102 yillarda Dovon bilan Xitoy o‘rtasida urushlar bo‘lib o‘tgan. Xitoyliklar bu yerda o‘z hokimiyatlarini o‘rnatgach, qaytib ketganlar. Lekin farg‘onaliklar ular qoldirib ketgan hukmdorni ag‘darib tashlab, o‘z hokimiyatlarini o‘rnatadilar. Farg‘onaliklar Xitoyga har yili samoviy otlar berish majburiyati evaziga o‘z mustaqilliklarini saqlab qolganlar.
Miloddan avvalgi II-milodiy IV asrlarda asrlarda O‘rta Osiyoning katta qismi, Afg‘oniston, Shimoliy Hindiston va boshqa bir qator yerlarni o‘z ichiga olgan Kushon imperiyasi O‘rta Osiyo xalqlari tarixida muhim ahamiyatga ega bo‘ldi. Miloddan avvalgi I asrga kelib katta yuechji uyushmasidagi Guyshuan (Kushon) hokimligi ancha kuchayib va hududi kengayib bordi.
Podsho Vima Kadfiz davrida kushonlarga Hindistonning kattagina qismi bo‘ysunadigan bo‘ldi. Kanishka I davrida esa Kushon podsholigi o‘zining rivojlangan pallasini boshdan kechirgan. O‘rta Osiyoda kushonlarning shimoliy chegaralari O‘zbekiston janubidagi Hisor tog‘ tizmalaridan o‘tgan hamda tog‘li dovonda (Darband) chegara devorlari qurilgan.
Kushon davri iqtisodi haqida gap ketar ekan, uning tangalariga to‘xtalib o‘tish joizdir. Bu tangalar davlatda rivojlangan pul tartibi bo‘lganligidan darak beribgina qolmasdan, tovar-pul munosabatlari rivojlanganini ham ko‘rsatadi.
Kushon davlatida qishloq xo‘jaligi ham yuksak darajada bo‘lgan. Tekisliklarda sug‘orma dehqonchilik bilan birgalikda chorvachilik ham rivojlanadi.
Kushon podsholigi teokratik davlat bo‘lib, podsho mamlakatning bosh kohini ham hisoblangan. Podsholik satrapliklarga bo‘linib, satraplar bir muncha mustaqil siyosat olib borganlar.

Download 56.85 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   2   3   4   5   6




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling