4- mavzu: Borliq (ontologiya) va rivojlanish falsafasi Ma'ruza rejasi


Download 248.18 Kb.
bet16/21
Sana10.11.2023
Hajmi248.18 Kb.
#1762592
1   ...   13   14   15   16   17   18   19   20   21
Er tarixi. Ilmiy tasavvurlarga ko‘ra biz yashayotgan sayyora taxminan 4,5 milliard yil muqaddam ilk quyosh sistemasida sochilib yotgan gazsimon-changsimon moddadan paydo bo‘lgan, muayyan moddiy jism sifatida o‘z borlig‘ini kasb etgan, oradan yana bir milliard yilcha vaqt o‘tgach, Erning geologik tarixi boshlangan. Hozirgi zamon fani aniqlagan eng qadimgi tog‘ jinslarining yoshi shundan dalolat beradi. Shunday qilib, Er jonsiz tabiatining moddiy dunyosi o‘zining aniq geologik yil hisobiga ega va uning borlig‘i sayyoramizning umumiy evolyusion jarayonlari bilan bog‘liq. Erning tabiiy kosmik jism sifatidagi evolyusiyasini esa nafaqat tog‘ jinslari yoki qit'alar tarixi, balki minerallar, foydali qazilmalar, keyinroq esa – oliy shakllar darajasigacha rivojlangan jonli mavjudodlarning paydo bo‘lishi ham tasdiqlaydi.
Tabiat notirik (noorganik) va tirik (organik) tabiatga bo‘linadi. Taraqqiyot ularning har ikkalasida ham biroz boshqacharoq shaklda amalga oshadi. Notirik tabiatdagi to‘xtovsiz o‘zgarishlar va taraqqiyot qonuniyatlari tarzida tirik tabiatning, ya'ni sodda va murakkab organizmlarning, o‘simlik va hayvon turlarining vujudga kelishi uchun, organik tabiat esa insonning paydo bo‘lishi uchun barcha zarur shart- sharoitlarni hozirladi. SHunga ko‘ra , hayot - tabiat taraqqiyotining ma'lum bosqichdagi ko‘rinishidir. Jonli tabiat moddiy olamning kichik bir qismini tashkil etgani uchun unga xos bo‘lgan xususiyatlarni jonsiz olamga mexanik ravishda yoyib bo‘lmaydi.
Jonsiz va jonli tabiat sohalari bir-biridan sifat jihatidan farq qilsada bir-biri bilan bog‘liq hamdir. Jonli tabiat azaliy mavjud bo‘lgan emas, balki jonsiz tabiat taraqqiyotining ma'lum bir bosqichida, ma'lum ob'ektiv sharoitlar asosida vujudga kelgan. Jonli tabiat bilan jonsiz tabiat asosida ham yagona moddiy substansiya - materiya yotadi. Demak, jonli va jonsiz tabiat o‘rtasidagi asosiy bog‘lanish ularning moddiy birligida yaqqol namoyon bo‘ladi.
Jonli va jonsiz tabiat o‘rtasidagi moddiy birlik ularning kimyoviy tarkibida ham aniq ko‘rinadi. Odam organizmidagi kislorod, uglerod, oltingugurt, azot, kalsiy, fosfor, magnit, natriy, kaliy, xlor, temir singari elementlar notirik tabiatda ham mavjud. Organizmlarni tashkil etuvchi oqsil tarkibida ham shunday elementlar bor.
Jonli tabiat bilan jonsiz tabiat o‘rtasida umumiy tomonlar bilan birga ularning har biriga xos bo‘lgan farqli tomonlari ham mavjud.
Jonli organizmlarning ya'ni Hayotning eng muhim xususiyati - muhit bilan moddalar almashinuvidan, jonli tuzilishlarning buzilishi va yangilarining paydo bo‘lishidan, assimilyasiya va dissimilyasiya jarayonlaridan iborat. Ana shular organik jismlar yashashining asosiy shartidir. Hayot – oqsil jismlarining yashash usulidir, bu yashash usuli esa o‘z mohiyati bilan mazkur jismlarning kimyoviy tarkibining doimo o‘z – o‘zini yangilab turishidan iborat. « Hayot, - degan edi V.I. Vernadskiy, - sayyoramiz sirtidagi kimyoviy turg‘unlikning doimo va uzluksiz ravishda o‘zgarib turishining buyuk sababchisidir. U Er kobig‘ining tuzilishi bilan chambarchas bog‘liq, usiz Er kobig‘ining o‘zi ham paydo bo‘lmagan bo‘lur edi.»
Demak, hayot, avvalo, Er qobig‘ining faoliyati bilan bog‘liq ekan. Er qobig‘i esa uning qa'rida kechayotgan fizik-kimyoviy jarayonlarning mahsulidir. Bundan, hayot – Er farzandi, degan ma'no chiqadi. Ammo bu etarli emas. Hayot paydo bo‘lmog‘i uchun Quyosh nuri ham zarur edi. Bu nur tufayli jonli mavjudot o‘ziga zarur energiya bilan ta'minlanadi. Mazkur energiyani o‘simliklar fotosintez jarayonida o‘ziga g‘amlab oladi, hayvonot dunyosi esa ana shu tayyor energiyadan foydalanadi. Demak, hayot - Quyosh farzandi ham ekan.
Xulosa shuki, hayot paydo bo‘lmog‘i uchun Er va Quyosh bamisoli Ona va Otadek bab-baravar zarur ekan.
Er taraqqiyotining geologik bosqichida uning satxidagi notekisliklarni geologik jarayonlar bunyod etgan bo‘lsa, undan so‘ng litosfera, gidrosfera va atmosferalarning shakllanishi bilan bog‘liq bo‘lgan tabiiy-geografik jarayonlar o‘z faoliyatini boshlaydi. Erimizda bundan 3,8 -3 milliard yillar muqaddam geosferalar: atmosfera (havo qobig‘i), litosfera ( tosh-tuproq qobig‘i) va gidrosferalar( suv qobig‘i) birin-ketin tarkib topgan. Atmosferadagi meteorolik va iqlimiy hodisalar, ya'ni Er yuzasi bo‘ylab havo bosimining o‘zgarib turishi, shamollar, yog‘in-sochinlar va hokazolar ta'sirida ona Sayyoramizning qon tomirlari bo‘lgan daryolar, er osti suvlari, ko‘l, dengiz va okeanlar vujudga keladi.
Ko‘rinib turibdiki, materiya harakati geologik shaklining hosilasi bo‘lgan gidrosfera bilan atmosfera tufayligina materiya harakatining yangi – geografik shakli yuzaga keldi. Ba'zi olimlarning fikricha, materiya harakatining geologik shaklidan geografik shakliga o‘tishda suv, ya'ni gidrosfera muhim rol o‘ynagan. Demak, deyarli kislorodsiz atmosfera sharoitida hayotning paydo bo‘lishi uchun, albatta, suv muhiti bo‘lishi muqarrar edi. SHu davrdan boshlab geosferalarning dialektik birligi va ziddiyatli o‘zaro ta'siri materiya harakatining geografik shaklini keltirib chiqardi.
Endilikda mavjud bo‘lgan Er pusti – litosfera ( tosh qobig‘i), gidrosfera (suv qobig‘i) va atmosferalar ( havo qobig‘i) bir- birlari bilan uzviy aloqada rivojlanib boradi. Ularni haqli ravishda ona tabiatga «jon» ato etishga zarur bo‘lgan hayot zaminlari, hayotning paydo bo‘lishiga olib kelgan imkoniyatlar, deb atasak bo‘ladi.
Boshqacha aytganda, geosferalarning o‘zaro kirishib uyg‘unlashuvi tabiiy-geografik qobiqning bir butunligini ta'minlay boshlagan edi. Shunday kilib, bundan 3,5 - 3 milliard yil muqaddam suv muhitida dastlabki tirik organizm paydo bo‘ladi va Sayyoramizga yangi hayot sferasi – biosfera qo‘shiladi. Tirik tabiatning «dunyoga kelish» davri barcha sferalarning ma'lum nisbatdagi mutanosibligi mavjud bo‘lgan ayni ana shu paytga to‘g‘ri keladi. Shu daqiqadan boshlab notirik geografik qobiq tirik olam bilan to‘ldirila bordi va materiya harakatining biologik shakli tarkib topdi.
Tabiat taraqqiyotining yuksak cho‘qqisi jonli organizmlarning kelib chiqishidan iborat. Bir xujayrali organizmlar o‘zining tuzilishi va xususiyati jihatidan hozirgi o‘simlik va hayvonlarning eng soddalari bo‘lgan. Organik birikmalarning bir necha million yil davom etgan taraqqiyoti natijasida hayvonlarning hozirgi turlari vujudga kelgan.
Ma'lumki, materiya harakatining har bir shakli o‘ziga xos xarakterga ega bo‘lib, ular taraqqiyot jarayonida biridan ikkinchisiga o‘tib boradi. Biologik harakatning ya'ni jonli organizmlardagi evolyusion rivojlanishning o‘ziga xos xususiyati – tug‘ilishi, avlod qoldirish va o‘lishidir. Ammo hayot mohiyati faqat shulardangina iborat emas. Tirik tabiatdagi tabiiy tanlanish, yashash uchun kurash, irsiyat qonunlariga ko‘ra avlod qoldirish jarayonida har bir tur aynan o‘zining aksini paydo qilish bilan chegaralanmaydi. Balki har bir yangi avlod, ma'lum miqdorda bo‘lsa ham, bir muncha o‘zgarishga uchraydi. Ana shu yangi xususiyat organizm yashayotgan muhit sinovidan o‘tadi. Agar u yashash uchun kurashda foydali bo‘lsa, tobora saqlanib va rivojlanib boradi. Natijada yangi turlar kelib chiqishi mumkin. Agar muayyan tur doimo o‘zgarib turuvchi muhit sharoitiga moslasha olmasa, tobora inqirozga yuz tutib talofatga uchraydi. Shunday qilib, Er tarixida turlar doimo paydo bo‘lib, rivojlanib, o‘zgarishga uchrab va nihoyat halokatga yuz tutib turgan. Ushbu xulosani hozirda mavjud o‘simlik va hayvon turlariga nisbatan ilgari yashab, bizgacha etib kelmaganlar soni bir necha marta ko‘p ekanligi isbotlashi mumkin. Hatto shu kunlarda ham har yili o‘simlik va hayvonot dunyosining ko‘plab turlari kamayib ketayotganligi qayd qilinmoqda.
Jonli tabiat insonning paydo bo‘lishi uchun hamma zarur shart- sharoitni hozirlaydi. Tabiat insonni yaratgunga qadar erdagi hayotni qariyb 3,5 milliard yil asrab-avaylab parvarish qildi. Tabiatning tarkibiy qismi bo‘lgan odam jonli organizmlarning uzoq vaqt davomida ro‘y bergan taraqqiyotining qonuniy mahsulidir. Unda 10 mln. yillar burun odamsimon jonzot paydo bo‘ldi va nixoyat, taxminan 2-1 mln. yil muqaddam dastlab qadimgi ajdodlarimizning kelib chiqishiga imkoniyat paydo bo‘ldi.
Odamning paydo bo‘lishini jonli tabiatning taraqqiyotidan ajratib bo‘lmaydi. Shuni aytib o‘tish joizdirki, erdagi hayotning markazida xujayralarning kimyoviy reaksiyasini boshqarib turuvchi oqsillar va irsiy naslchilik informatsiyasini o‘zida eltuvchi nukleinli kislotalar (DNK, RNK) yotadi. Bu molekulalar barcha o‘simlik va hayvonot olamida bir xildir. Demak, odam bilan daraxt bir xil «material»dan tuzilgan. Darhaqiqat, uzoq o‘tmishga nazar solsak, hayotning avlodi bitta, ya'ni yagona bo‘lib chiqadi. Shu boisdan ham inson suv-tuproqdan «unib» chiqqan deyish to‘g‘riroqdir. Shunday qilib insonning paydo bo‘lishi sayyoramizda materiya harakatining oliy shakli bo‘lgan ijtimoiy shaklini keltirib chiqardi.
Birok insonning paydo bo‘lish jarayonida hal qiluvchi omil - mehnatdir. Mehnat – bu, avvalo, inson bilan tabiat o‘rtasida sodir bo‘ladigan jarayon bo‘lib, bu jarayonda inson o‘z faoliyati orqali o‘zi bilan tabiat o‘rtasidagi moddalar almashinuvini amalga oshiradi, tartibga soladi va nazorat qiladi. Inson tashqi tabiatga ta'sir ko‘rsatish jarayonida uni ham, o‘zini ham o‘zgartirarkan, o‘zining ongli maqsadini amalga oshiradi, tabiat buyumlarini o‘z ehtiyojlariga moslashtiradi. Mehnat jarayoni uch momentni: birinchidan, insonning maqsadga muvofiq faoliyatini, yoki mehnatning o‘zini; ikkinchidan, mehnat predmetini; uchinchidan, inson mazkur predmetga ta'sir ko‘rsatadigan ishlab chiqarish qurollarini o‘z ichiga oladi.
Mehnat – inson hayotining birinchi va asosiy shartidir. U insonga zarur tirikchilik vositalarini beribgina qolmaydi. Insonning o‘zini ham mehnat yaratgan. Mehnat tufayli inson hayvonot olamidan ajralib chiqqan. Insonning hayvondan muhim farqlaridan biri shuki, hayvon tabiatning tayyor mahsulotlaridan foydalanadi xolos. Inson esa mehnat tufayli tabiatni o‘z maqsadlariga xizmat qildiradi, uni o‘zgartiradi, o‘z ehtiyojlariga bo‘ysundiradi. Ijtimoiy taraqqiyotning turli bosqichlarida mehnat turlicha shakllarda yuz beradi. Bu shakllar davrning ijtimoiy munosabatlari qay darajada rivojlanganligini ko‘rsatadi.
Inson taraqqiyotining ilk bosqichlarida, odam tabiatdan endigina ajralib chiqqan kezlarda juda nochor hayot kechirgan, u tabiat kuchlariga qaram bo‘lgan, tabiatning tayyor mahsulotlarini iste'mol qilib kun kechirgan. Keyinchalik mehnat tufayli, mehnat qurollari yasash, moddiy va ma'naviy boyliklarni yaratish asosida kishilik jamiyati paydo bo‘ladi va rivojlanadi.
Farobiyning fikricha, «Har bir inson o‘z tabiati bilan shunday tuzilganki, u yashash va oliy darajadagi etuklikka erishmoq uchun ko‘p narsalarga muhtoj bo‘ladi, u bir o‘zi bunday narsalarni qo‘lga kirita olmaydi, ularga ega bo‘lish uchun insonlar jamoasiga ehtiyoj tug‘iladi... Bunday jamoa a'zolarining faoliyati bir butun holda ularning har biriga yashash va etuklikka erishuv uchun zarur bo‘lgan narsalarni etkazib beradi. Shuning uchun inson shaxslari ko‘paydilar va erning aholi yashaydigan qismiga o‘rnashadilar va natijada inson jamoasi vujudga keldi». ( Abu Nasr Forobiy, Fozil odamlar shaxri . – T., 1993,186-bet).

Download 248.18 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   ...   13   14   15   16   17   18   19   20   21




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling