Nutqning mantiqiyligi
Fikr, tafakkur qilish sogʽlom boʻlsa, nutq ham talab darajasida boʻladi. Fikr noto‘gʻri boʻlsa, nutq mantiqiy jihatdan tugal boʻlmasligi aniq. Grammatik jihatdan shakllanmagan nutq ham, nutqda nooʻrin qoʻllanilgan lugʻaviy birliklar, grammatik shakllar ham mantiqqa putur yetkazadi. Nutqning mantiqiyligi yuqoridagi kommunikativ sifatlar, ya’ni to‘gʻrilik va aniqlik bilan chambarchas bogʻliqdir. Chunki to‘gʻri va aniq boʻlmagan nutq hech qachon mantiqiy ham boʻlolmaydi. Nutqning mantiqiyligi buzilsa, ifodalanayotgan fikr oʻquvchi yoki tinglovchiga toʻliq yetib bormaydi, natijada mantiqsizlik yuz beradi. Bunday e’tiborsizlik esa fikrning buzilishiga yoki umuman anglashilmasligiga olib keladi.
Tushunchalar uchun muqobil boʻla oladigan soʽzlar, terminlarni oʽz o‘rnida qoʻllay olish; ohang, soʽzlarning bogʻlanishi, soʽzlar tartibi, gaplarning turlarini mazmunga muvofiqligini ta’minlay olish mantiqiylikning asosini tashkil etadi. Muayyan bir soʽzning tushirib qoldirilishi ham nutqdagi mantiqning buzilishiga olib kelishi mumkin. Nutqning mantiqiyligini buzuvchi vositalar:
Nutqda ayrim soʻzlarning tushib qolishi.
«u» va «oʻ» harflarining farqiga bormaslik.
«’» (tutuq) belgisini bilmaslik.
«x» va «h» harflarini yozuvda to‘gʻri qoʻllay olmaslik.
Nutqda ayrim soʽzlarning tushirib qoldirilishi: Oʻqituvchi talabani dekanat oldida kutib oldi. Uning qoʻlida sumka bor edi. (Kimning qoʻlida sumka boʻlgan? Oʻqituvchining qoʻlidami yoki talabaning?)
Rus guruhini tamomlagan ba’zi talabalarning u va o‘ harflarining farqiga bormasligi: Imtihondagi savollar talabani uylantirib qoʻydi.
tutuq belgisining qoʻllanilish doirasini bilmaslik: Ariza bergan oʻqituvchining davolari (da’vo) isbotlanmadi.
x va h tovushlarini yozuvda to‘gʻri qoʻllay olmaslik: Daraxt shohlari shamoldan egilib ketgan edi.
Mantiqiylikdan mahrum boʻlgan matn nutqiy muloqot uchun yarashiqsiz va mutlaqo yaroqsizdir.
Do'stlaringiz bilan baham: |