Nutqning boyligi unda tilning bir-biridan farq qiladigan unsurlar: soʻz, ibora, sintaktik tuzilma, intonatsiya kabilardan qay darajada foydalanish bilan belgilanadi. Boy nutq tuzish uchun ifodalarning bir xilligidan qochish, ayni bir tushuncha yoki fikrga farqli liboslar tanlash kerak. Badiiy adabiyot yoki nutqda biror tushunchani, mazmunni alohida ta’kidlash, diqqatni tortish, hissiyotni bo‘rttirish, ohangdorlikka erishish uchun soʽz, soʽz birikmalari va gaplar takroridan foydalaniladi. Umumiy ma’nolari bir xil boʻlib, qoʻshimcha ma’no nozikliklari, hissiy bo‘yoqdorligi, uslub xususiyatlari bilan farqlanuvchi soʽzlar sinonimlar deyiladi. Sinonimlarning mavjudligi tilning bebaho boyligi hisoblanadi. Sinonimlar soʽz ma’nosidagi belgi daraja ko‘lami, hissiyligi, nutqning ma’lum biror turi uchun xoslanganligi bilan ajralib turadi. Sinonimlardagi bu xususiyat fikrni butun nozikligi bilan ifodalay olish imkoniyatini yaratadi. Fikrni aniq ifodalash imkoniyati esa tildagi boshqa soʽzlarga nisbatan sinonimlarda kuchli. Sinonimlarning uslubiy xususiyatlarini oʽzaro farqlagan holda nutqda ulardan oʻrinli foydalanish ham nutqning estetik ta’sirchanligini ta’minlovchi omillardan biri hisoblanadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |