Soliq to‘lash tartibi (164-modda). Hisobot davri mobaynida soliq to‘lovchilar yuridik shaxslardan olinadigan foyda solig‘ini joriy to‘lovlarni kiritish orqali to‘laydilar, ushbu moddaning to‘rtinchi qismida ko‘rsatilgan soliq to‘lovchilar bundan mustasno.
Yuridik shaxslardan olinadigan foyda solig‘i bo‘yicha joriy to‘lovlarning summasini aniqlash uchun soliq to‘lovchilar joriy hisobot davri birinchi oyining 10-kunigacha davlat soliq xizmati organiga joriy hisobot davri uchun taxmin qilinayotgan soliq solinadigan foydadan va yuridik shaxslardan olinadigan foyda solig‘ining belgilangan stavkasidan kelib chiqib hisoblangan yuridik shaxslardan olinadigan foyda solig‘ining summasi haqida ma’lumotnoma taqdim etadilar.
Yuridik shaxslardan olinadigan foyda solig‘i bo‘yicha joriy to‘lovlar har oyning 10-kunidan kechiktirmay ushbu moddaning ikkinchi qismiga muvofiq hisoblab chiqarilgan yil choragi bo‘yicha yuridik shaxslardan olinadigan foyda solig‘i summasining uchdan bir qismi miqdorida to‘lanadi. Hisobot davrida taxmin qilinayotgan soliq solinadigan foyda eng kam ish haqining ikki yuz baravaridan kam miqdorni tashkil etadigan soliq to‘lovchilar joriy to‘lovlarni to‘lamaydi.
Taxmin qilinayotgan soliq solinadigan foydadan kelib chiqqan holda hisoblab chiqarilgan yuridik shaxslardan olinadigan foyda solig‘i summasi hisobot davri uchun byudjetga to‘lanishi lozim bo‘lgan yuridik shaxslardan olinadigan foyda solig‘i summasiga nisbatan 10 foizdan ko‘proq kamaytirilgan taqdirda, davlat soliq xizmati organi joriy to‘lovlarni yuridik shaxslardan olinadigan foyda solig‘ining haqiqiy summasidan kelib chiqib penya hisoblagan holda qayta hisoblashga haqli.
Yuridik shaxslardan olinadigan foyda solig‘ini to‘lash hisob-kitoblarni topshirish muddatlaridan kechiktirmay amalga oshiriladi.
O‘zbekiston Respublikasi norezidentining doimiy muassasasi yuridik shaxslardan olinadigan foyda solig‘ini, shuningdek sof foydadan olinadigan soliqni joriy to‘lovlarni to‘lamasdan yiliga bir marta, hisob-kitobni taqdim etish muddatidan keyin bir oy ichida to‘laydi.
Do'stlaringiz bilan baham: |