Muddatli depozitlar
Banklar tomonidan jalb qilingan muddatli depozitlar - yuridik va jismoniy shaxslarning shartnomada qat’iy kelishilgan muddat va unda ko‘rsatilgan foizlarni to‘lashga doir mablag‘laridir. Muddatli depozit hisobvarag‘i ochilganda jismoniy shaxsga omonat daftarchasi beriladi.
Depozitor bank bilan muddatli depozitlar bo‘yicha shartnoma tuzganidan so‘ng, shartnomada ko‘rsatilgan depozit summasini qo‘yishi kerak. Biroq tratta, cheklar, pul topshiriqnomalari, davlat xazina kafolatlari va boshqa shakllardagi depozitlar undirib olish shartlari asosida qabul qilinadi hamda summa bankka kelib tushmaguncha ushbu depozitga qo‘yilgan hisoblanmaydi. Depozitor shartnomada ko‘rsatilgan depozit summasining o‘z vaqtida kelib tushishi uchun to‘liq javob beradi va uning naqdligi hamda qonuniyligini kafolatlaydi.
Qo‘shimcha badallarni qabul qilish asosiy depozit shartnomasiga qo‘shimcha bitimlar kiritish bilan rasmiylashtiriladi.Banklar depozitorlarga belgilangan muddat etib kelgunga qadar muddatli depozit hisobvaraqlaridan mablag‘larni olishga ruxsat etadilar, bunday hollarda depozitor muddatli depozit hisobvarag‘idan muddatidan oldin mablag‘ olinishi mumkinligi haqida bankni ogohlantirishi lozim. Mablag‘lar muddatidan oldin olinganda omonat bo‘yicha foizlarni, shartnomada boshqa hollar ko‘zda tutilmagan bo‘lsa, bank talab qilib olinguncha depozitlar bo‘yicha to‘laydigan foizlar miqdorida to‘laydi.
Muddatli depozitlar qo‘yidagi muddatlar bo‘yicha tasniflanadi:
muddati 30 kungacha bo‘lgan depozitlar;
muddati 90 kungacha bo‘lgan depozitlar;
muddati 180 kungacha bo‘lgan depozitlar;
muddati 365 kungacha bo‘lgan depozitlar;
muddati 365 kundan ortiq bo‘lgan depozitlar.
Agar muddatli depozit muddati o‘tganidan so‘ng mijoz tomonidan talab qilib olinmasa, shartnomada boshqa hollar ko‘zda tutilmagan taqdirda, uning asosiy talab qilib olinguncha depozit hisobvarag‘iga o‘tkaziladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |